MCHJ

Temir yo‘l mahsulotini sertifikatlashtirish markazi

Yagona telefon

78 150 13 69

Bizga yozing

info@ccrp.uz

MCHJ

Temir yo‘l mahsulotini sertifikatlashtirish markazi

Qishloq xo‘jaligi eksportini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi

February 2, 2024


Prezident Shavkat Mirziyoyev meva-sabzavotchilik va oziq-ovqat tarmog‘ini rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

2023-yilda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi 4,1 foiz o‘sgan. Bu sohadagi eksport qariyb 2 milliard dollarni tashkil etgan. Lekin mavjud salohiyat bundan ancha yuqori.

Shu bois davlatimiz rahbari 18 yanvar kuni eksport va sanoat masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida meva-sabzavotchilikka doir vazifalarni ham ko‘rsatib o‘tgan edi. Xususan, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga yangi salohiyatli bozorlar topish, eksportbop mahsulotlar ekilishini tashkillashtirish bo‘yicha ham mas’uliyat belgilandi.

Agentlik tomonidan o‘simliklarni zararli unsurlardan himoya qilish, fitosanitar toza mahsulotlar yetishtirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar qilinmoqda. Jumladan, hududlardagi statsionar va mobil laboratoriyalar orqali  1 million 40 ming gektar yerning tuproq tahlili o‘tkazilib, mineral o‘g‘itlarni qo‘llash me’yori ilmiy asosda belgilab berildi. Sohada 7 ta yangi axborot tizimi joriy qilinib, 40 ta yo‘nalish raqamlashtirildi.

Xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining 20 million dollarga yaqin grant mablag‘lari jalb etilib, laboratoriya va uskunalar yangilandi. Dala va bog‘larga kimyoviy ishlov berish, import va eksport mahsulotlarini ekspertizadan o‘tkazish izchil davom ettirilmoqda.

Bunday chora-tadbirlar meva-sabzavotlarimiz sifati va xavfsizligida muhim omil bo‘lmoqda. So‘nggi yillarda 80 ta davlatga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti uchun 620 ta fitosanitar ruxsatlar olindi, ular bilan elektron ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. “GSP+” tizimi doirasida 200 ming gektar maydon xalqaro talablarga moslashtirildi.

Yig‘ilishda joriy yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi.

Mutasaddilar sohadagi ishlar ko‘lamini kengaytirib, bu yil qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini 3,5 milliard dollarga yetkazish mumkinligini aytdi.

Buning uchun, avvalo, meva-sabzavotlar, poliz ekinlari, uzum va dukkakli mahsulotlar yetishtirish ko‘paytiriladi. Hududlarda yana 20 ta mobil laboratoriya tashkil etilib, “uzagrolab.uz” elektron platformasiga integratsiya qilinadi. Pestitsidlar muomalasidagi barcha jarayonlar raqamlashtirilib, sifatsiz pestitsidlarning yurtimizga olib kelinishi va noqonuniy savdosiga barham beriladi.

6 mingta bog‘, 3 mingdan ziyod tokzor va dala maydonlari, 344 ta qadoqlash korxonasi xorijiy fitosanitariya talablariga muvofiqlashtiriladi. Yuqori samarali entomofaglar olib kelinib, zararkunanda hasharotlarga qarshi yangi turdagi biologik kurash yo‘lga qo‘yiladi.

Xalqaro hamkorlikni kuchaytirish orqali eksport hajmlari nisbatan qimmat bozorlarga yo‘naltiriladi. Shuningdek, yana 8 ta davlatga fitosanitar ruxsat olinadi. Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan xalqaro ko‘rgazmalarda eksportchi korxonalarimiz ishtiroki kengaytirilib, aniq buyurtmalar shakllantiriladi. Farg‘ona, Samarqand va Toshkent xalqaro aeroportlari hududida meva-sabzavot mahsulotlarni eksport qilishga qaratilgan zamonaviy infratuzilmalar tashkil etiladi.

Xorij tajribasi asosida o‘simliklar himoyasi xodimlarining malakasi oshiriladi. Xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda har bir mahsulotni yetishtirish, saqlash, qadoqlash va yetkazib berish bo‘yicha qo‘llanma ishlab chiqiladi.

Davlatimiz rahbari oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash,  eksportbop mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berdi.


MCHJ

Temir yo‘l mahsulotini sertifikatlashtirish markazi

  • Aloqa uchun

    Qabulxona

    +998 78 150 13 69

    E-mail

    E-mail:info@ccrp.uz
    O‘zbekiston Respublikasi, 100105, Toshkent shahri, Mirobod tumani, Mehrjon ko‘chasi, 61-uy
    Skip to content