Posted on Leave a comment

Xorijiy yetakchilardan Navro‘z bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar


Ko‘p millatli xalqimizning ona yurt va tabiatga mehr-muhabbat va g‘amxo‘rlik, ezgulik va bag‘rikenglik, bunyodkorlikka intilib, do‘stlik va totuvlikda yashash, tinchlik va farovonlikning qadriga yetish kabi oliyjanob qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan qadimiy bayram – Navro‘zi olam munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli jamoat arboblaridan samimiy tabriklar kelmoqda.

Xorijiy yetakchilar va hamkorlar mamlakatimizdagi aholi hayot darajasi va sifatini oshirishga qaratilgan ortga qaytmas siyosiy yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuksak baholab, ularni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini, davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzi sezilarli darajada mustahkamlanganini qayd etmoqda hamda O‘zbekiston xalqiga bardavom ravnaq tilaklarini izhor etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Prezident janoblari!

Sizga Xitoy taqvimi bo‘yicha Yangi yil munosabati bilan yo‘llagan tabrik maktubingiz uchun samimiy minnatdorlik bildirishga hamda Xitoy hukumati va xalqi nomidan, shaxsan o‘z nomimdan Sizni va O‘zbekiston xalqini an’anaviy bayramingiz – Navro‘z bilan chin dildan qutlashga ijozat bergaysiz.

Yaqinda Xitoyga amalga oshirgan davlat tashrifingiz davomida biz sermazmun va samarali muzokaralar o‘tkazib, Xitoy bilan O‘zbekiston o‘rtasida barcha sharoitda har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirishimiz va Xitoy-O‘zbekiston umumiy taqdir hamjamiyatini yuksak ishonch bilan barpo etishimizni e’lon qildik, bu esa ikki davlatning turli sohalardagi hamkorligi uchun yangi tarixiy imkoniyatlarni ochadi.

Men Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qarataman va xalqlarimiz an’anaviy do‘stligini mustahkamlash, Xitoy-O‘zbekiston umumiy taqdir hamjamiyatini barpo etishni katta amaliy mazmun bilan boyitish sari davlatlarimiz modernizatsiyasiga ko‘maklashish maqsadida ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish borasida Siz bilan birgalikda ishlashga tayyorman.

Sizga mustahkam sog‘lik va faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, do‘st O‘zbekiston xalqiga baxt-saodat va farovonlik tilayman.

Si Szinpin,

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Prezident janoblari!

Qo‘shma Shtatlar xalqi nomidan Sizga va O‘zbekiston xalqiga uyg‘onish va yangilanish elchisi – Navro‘z ayyomi munosabati bilan eng ezgu tilaklarimizni yo‘llamoqdaman.

O‘tgan yil davomida biz Markaziy Osiyo va undan tashqarida tinchlik va farovonlikni ta’minlash uchun xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash borasida hamkorlik qildik. Qo‘shma Shtatlar ushbu yangi imkoniyatlar davrida O‘zbekistonning islohotlar va taraqqiyot yo‘lini qo‘llab-quvvatlaydi. Men xalqlarimiz va dunyodagi barcha insonlar uchun yanada yaxshi kelajak qurish yo‘lida mamlakatlarimiz birgalikda ishlashi uchun yangi imkoniyatlarni intizorlik bilan kutaman.

Navro‘z muborak!

Hurmat bilan,

Jozef Bayden,

Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu,

Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy tabrik va ezgu tilaklarimizni yo‘llashdan behad mamnunmiz.

Fursatdan foydalanib, Alloh taolodan Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik va baxt-saodat, qardosh O‘zbekiston xalqiga taraqqiyot va farovonlik tilab qolamiz.

Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.

Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,

Saudiya Arabistoni Podshohi

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu,

Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga samimiy tabriklar va ezgu tilaklarni yo‘llashdan mamnunman.

Siz Janobi Oliylariga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, O‘zbekiston Respublikasi hukumati va xalqiga esa yuksak taraqqiyot va farovonlik tilab qolaman.

Siz Janobi Oliylariga bo‘lgan samimiy tilaklarim va yuksak ehtiromlarimni qabul qilgaysiz.

Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,

Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari, aziz qardoshim,

Har yili tabiatning jonlanishi va tuproqning uyg‘onishi timsoli bo‘lmish Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylari hamda do‘st va qardosh O‘zbekiston xalqiga eng samimiy tabriklarimni yo‘llashdan bag‘oyat baxtiyorman.

Asrlar avvaliga tayanuvchi qadim an’ana bo‘lmish Navro‘z bizlarga umid va barakaga to‘la kunlar haqida suyunchi keltirmoqda. Umumiy madaniyatimizning muhim parchasi bo‘lgan ushbu shukuhli kunlarda do‘stlik va qardoshlik rishtalarimizning yanada kuchayishiga aminman.

2024-yil biz uchun yangi imkoniyatlar va muvaffaqiyatlar olib keladigan yil bo‘lishiga umid qilaman.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib, taraqqiy etishi hamda umumiy maqsadlarimizga birgalikda erishish yo‘lida yanada ko‘proq hamkorlik qila olishimizni niyat qilib, Siz, Janobi Oliylariga hamda do‘st va qardosh O‘zbekiston xalqiga sihat-salomatlik, baxt-saodat va omonlik tilab qolaman.

Kamoli ehtirom ila,

Rejep Tayyip Erdog‘an,

Turkiya Respublikasi Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Barchamiz uchun mushtarak bo‘lgan bahor ayyomi Navro‘z munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.

Navro‘z bayrami tinchlik-xotirjamlik va ahillikning boshlanishi, ezgulik va bunyodkorlik darakchisi sifatida qardosh xalqlarimiz tomonidan alohida e’zozlanadi, xayrli niyatlar va katta umidlar bilan kutib olinadi. Ushbu fayzli ayyom umumiy taqdir bilan bog‘langan xalqlarimiz hayotini nurga to‘ldirsin, qut-baraka va shodlik olib kelsin.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari yaqin xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida jadal rivojlanishda davom etishiga ishonchim qat’iy.

Ushbu qutlug‘ kunda Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mas’uliyatli davlatchilik faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, O‘zbekistonning har bir xonadoniga baxt-saodat va farovonlik tilayman.

Hurmat bilan,

Qasim-Jomart Toqayev,

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich,

Sizning bahorning qutlug‘ bayrami – Navro‘z bilan tabriklayman.

Asrlar osha davom etayotgan umumiy an’anamiz, bahor va yangi hayot elchisi, qardoshlik va birodarlik ramzi bo‘lmish ushbu ayyom mamlakatlarimizni nurafshon etib, shodlik va ravnaq olib kelsin.

Ushbu fayzli bayram munosabati bilan Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik va ulkan baxt, birodar O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va barcha yaxshiliklarni tilab qolaman.

Eng ezgu tilaklar ila,

Nursulton Nazarboyev,

Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Navro‘z bayrami bilan Sizni va butun O‘zbekiston xalqini chin dildan qutlayman.

Qadimiy Navro‘z yangilanish va yaratuvchilik, tinchlik va ahillikka intilib yashashni ifoda etib, qardosh xalqlarimizning umumiy kelib chiqishini va eng namunali qadriyatlarini aks ettiradi, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat mustahkamlanishiga poydevor yasaydi.

Ishonchim komil, bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar natijalari davlatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy muloqotning yuksak darajasini yana bir bor tasdiqlaydi hamda ko‘p qirrali Qirg‘iziston-O‘zbekiston hamkorligining muvaffaqiyatli rivojlanishi va mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog‘lik, davlatchilik faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va taraqqiyot tilayman.

Hurmat bilan,

Sadir Japarov,

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Sizni va Siz orqali do‘st O‘zbekiston xalqini xalqaro Navro‘z – bahorgi tengkunlik bayrami bilan tabriklash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi. Ajdodlarimizning ushbu qadimiy ayyomi munosabati bilan eng ezgu va samimiy tilaklarimni qabul qiling.

Ming yillar davomida insoniyat yo‘lini yoritib kelayotgan eng ulug‘ bayramlardan biri bo‘lmish Navro‘zning azaliy urf-odatlari va boy falsafasi bugun odamzod hayotiga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlamoqda.

Ushbu bahor bayrami zamirida yotgan umuminsoniy qadriyatlar va boqiy g‘oyalar yangi hayot boshlanishi, tabiat uyg‘onishi ramzi, ezgulik, bag‘rikenglik va o‘zaro anglashuv tantanasi sifatida bundan buyon ham bizga tiklanish va bunyodkorlik, tinchlik va xotirjamlik, o‘zaro hurmat va ishonch sari yo‘l ko‘rsatib turadi.

Fayzli Navro‘zning ezgu an’analariga muvofiq, bizning sa’y-harakatlarimiz bilan strategik sherikligimiz va ittifoqchiligimiz doirasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va o‘zaro manfaatli ko‘p qirrali hamkorlik rivojlanishda va kengayishda davom etishiga ishonaman.

Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va barqarorlik, farovonlik, taraqqiyot va ravnaq tilayman.

Navro‘z muborak!

Hurmat bilan,

Emomali Rahmon,

Tojikiston Respublikasi Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Sizni va O‘zbekiston Respublikasining qardosh xalqini Xalqaro Navro‘z bayrami bilan samimiy qutlayman!

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida nishonlanadigan ushbu ayyom bahor boshlanishi va tabiat uyg‘onishi ramzidir. Navro‘zning ezgu an’analari va urf-odatlari bugun juda dolzarb ahamiyatga ega birdamlik va o‘zaro anglashuvni ilgari surishga, xalqlar o‘rtasida tinchlik va do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Ushbu ayyom kunlarida Sizga va mamlakatingiz xalqiga baxt-saodat, farovonlik va ravnaq tilayman.

Chuqur hurmat ila,

Serdar Berdimuhamedov,

Turkmaniston Prezidenti

***


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Xalqaro Navro‘z ayyomi kirib kelishi munosabati bilan samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni qabul qiling!

Navro‘z bayrami insoniyatning tinchlik, totuvlik va do‘stlik kabi boqiy qadriyatlarini ifoda etadi. Ming yillar davomida shakllangan oliyjanob an’analarni o‘zida mujassam etgan Navro‘z yuksak insonparvarlik va mehnatsevarlik tamoyillari tantanasini namoyish etib, ahillik, mehr-oqibat va tinchlik-totuvlikka intilib yashashga da’vat etadi.

Ushbu fayzli bayram Sizga va mamlakatingiz xalqiga tinchlik-osoyishtalik, shodlik va yangi muvaffaqiyatlar olib kelsin!

Chuqur hurmat bilan,

Gurbanguli Berdimuhamedov,

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Aziz qardoshim!

Sizga va qardosh O‘zbekiston xalqiga boy tarixiy va madaniy merosimizni asrab-avaylab kelayotgan Navro‘z bayrami munosabati samimiy tabriklarimni yo‘llash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Ona-tabiatga cheksiz mehr-muhabbatning yorqin ifodasi bo‘lgan Navro‘z yuksak qadriyatlarni o‘zida mujassam etadi va odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Bahorgi kayfiyat ulashuvchi Navro‘zning qadim an’analariga sadoqat boy madaniy merosimizga hurmatimiz ifodasi hamdir.

Boy ma’naviy meros vorislari bo‘lgan qardosh xalqlarimiz farovonligi yo‘lida hamda sherikligimiz va ahilligimizni asrash va muttasil mustahkamlash maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatlarimizni muvaffaqiyatli davom ettirishimizga ishonaman.

Fursatdan foydalanib, mening Ozarbayjon Respublikasi prezidentligiga qayta saylanganim bilan yo‘llagan samimiy tabriklaringiz va ezgu tilaklaringiz uchun Sizga minnatdorlik bildiraman. Qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va barcha sohalarda hamkorligimizni chuqurlashtirish bo‘yicha doimiy va qat’iy sa’y-harakatlaringizni yuksak qadrlayman, o‘rtamizdagi shaxsiy munosabatlarni va do‘stligimizni doimo ardoqlayman.

Ushbu fayzli kunlarda Sizga va oilangiz a’zolariga mustahkam sog‘lik va baxt-saodat, qardosh O‘zbekiston Respublikasi ravnaqi yo‘lidagi oliy davlatchilik faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.

Hurmat bilan,

Ilhom Aliyev,

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti

***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu,

Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga samimiy tabrik va tilaklarimni izhor etib, Sizga yil davomida farovonlik va xayru-baraka tilashdan mamnunman.

Do‘st mamlakatingiz va xalqingizning osoyishtaligi va ravnaqi yo‘lidagi barcha orzu-umidlaringiz va intilishlaringiz ro‘yobga chiqishini so‘rayman.

Fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylariga va oilangizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va Alloh Taolo Sizni o‘z panohida asrashini tilab qolaman.

Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum,

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi

Shuningdek, 

Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy,

Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Asif Ali Zardoriy,

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev,

Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Chjan Min,

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husrav Noziriy.

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.

Posted on Leave a comment

Yangi kun, yangi mavsum, yangi hayot nafasi



Shu kunlarda mamlakatimiz go‘yoki ulkan sayilgohga aylangan. Shaharu qishloqlarda odamlar Navro‘zni shodu xurramlik bilan kutib olmoqda.

Bu yil bahor seryog‘in keldi. Bugun ham yurtimizda obi rahmat yomg‘irlari yog‘moqda. Bunday chog‘larda ota-bobolarimiz yil yaxshi kelishini aytib, dehqonchilikka qut-baraka, elga mo‘l rizq tilashgan.

Shu bois asosiy bayram tantanasi “Humo Arena” majmuasida bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalqimizni bayram bilan tabrikladi.

– Siz, qadrdonlarimni, ko‘pmillatli butun O‘zbekiston xalqini barchamiz sog‘inib kutgan Navro‘zi olam bilan samimiy muborakbod etishdan baxtiyorman, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari Navro‘z falsafasi orzu-intilishlarimiz, amaliy ishlarimiz bilan uyg‘un ekanini ta’kidladi.

Xalqimizning olijanob mehnati bilan mamlakatimizda yangi-yangi zamonaviy korxonalar, shinam uy-joylar, ijtimoiy va madaniy obyektlar, yo‘l va ko‘priklar, bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda. Inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlari va ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir yurtdoshimizga mehr va e’tibor ko‘rsatish asosiy mezonga aylanmoqda.

Mamlakatimizdagi do‘stlik va hamjihatlik muhiti, yaxshi qo‘shnichilik, tinchliksevar tashqi siyosat tufayli xalqaro maydonda O‘zbekistonimizning obro‘-e’tibori yuksalmoqda.

Tabiatning yasharish ayyomi bo‘lgan Navro‘z yoshlik bilan ham uyg‘un. Mamlakatimiz yoshlarining kuch-g‘ayrati, ezgu harakatlariga qanot berish maqsadida bu yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilindi. Bunga oid Davlat dasturidagi maqsadlarga 36,5 trillion so‘m va 460 million dollar mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan. Umuman, joriy yilda barcha turdagi tadbirkorlik dasturlari doirasida 2 millionga yaqin aholiga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatiladi.

Prezident yoshlarimizning xalqaro fan olimpiadalari, madaniyat va san’at festivallari, axborot texnologiyalari va sport yo‘nalishlaridagi yutuqlarini qayd etib, keyingi ishlari va musobaqalarda muvaffaqiyat tiladi.

Navro‘zning o‘lmas ruhi ayniqsa mahallalar hayotida yaqqol namoyon.

Mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari tashkil etildi. Joylarda “mahalla yettiligi” tizimi samarali faoliyat olib bormoqda.

Manzilli ishlar natijasida so‘nggi ikki yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 11 foizga tushdi. Bunda 900 mingga yaqin aholiga imtiyozli kredit, 200 mingdan ziyod fuqarolarga subsidiya, qariyb 700 ming oilaga esa dehqonchilik uchun 200 ming gektar yer ajratib berilgani muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Bu yildan boshlab Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida yangi tajriba joriy etilmoqda. Uning asosiy mazmuni – tomorqa yerlaridan unumli foydalanish, tomorqa egalarini zarur vosita va resurslar bilan ta’minlash, ular yetishtirgan mahsulotga bozor topib berish uchun ko‘maklashish, har qaysi oila va mahallada kichik-kichik ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish, servis va xizmat turlarini ko‘paytirishdir.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz bo‘yicha 510 ming gektar tomorqa yerlari borligi, bu hali to‘la ishga solinmagan ulkan imkoniyat ekanini ta’kidladi. Bu borada faol insonlar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, jumladan, tomorqada yetishtiriladigan maxsulotlarni sotib oluvchi, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi tadbirkorlarga 

300 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha grant berilishi aytib o‘tildi.

– Mahallani qo‘llab-quvvatlash, uni yanada rivojlantirish doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Chunki, mahalla – bu mehr va ahillik qo‘rg‘onidir. Mahalla – oqko‘ngil, bunyodkor xalqimiz qalbining ko‘zgusidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari 22-mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan barchani tabrikladi.

Bayram tadbirida xorijiy davlatlarning elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdi. Prezidentimiz ularni 21 mart – Xalqaro Navro‘z kuni bilan muborakbod etib, xalqlariga qizg‘in salom va tabriklarini yo‘lladi.

Bu yilgi Navro‘z bayrami fazilatli Ramazon oyida bo‘lib o‘tayotgani uning fayzu tarovatini yanada ziyoda qilmoqda.

– Mana shu bahoriy lahzalarda barchamiz ulug‘ ajdodlarimizning tilaklariga qo‘shilib, ilohim, har kunimiz Navro‘zdek go‘zal, Navro‘zdek fayzli va mazmunli bo‘lsin, deb niyat qilamiz, – deya so‘zini yakunladi Prezident.

Bayram shodiyonasi katta konsert dasturi bilan davom etdi.

Tantanadan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoyev Navro‘z saylida bo‘lib, milliy madaniyat markazlari, folklor-etnografik jamoalar chiqishlarini kuzatdi.

– Bu san’at, bu urf-odatlarimiz tarixiy. Ularning zamirida katta madaniyat, ma’rifat bor. Bu yo‘nalishni mahkam tutib, davom ettirayotganingiz uchun rahmat. Bayram milliy qadriyatlarimiz bilan fayzli, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ko‘pmillatli xalqimizning to‘yi, bayramlari bir bo‘lib ketgan. Navro‘z ham barcha millat va elat vakillarining sevimli bayramiga aylangan. Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv yashab, uning ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda. Hududlarda 38 ta do‘stlik jamiyati va 153 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda.

Davlatimiz rahbari shunday markazlarning ko‘rgazmalari va kuy-qo‘shiqlarini ham tomosha qildi. Turli millat vakillari bilan samimiy suhbatlashib, ezgu tilaklarini bildirdi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi



Assalomu alaykum, aziz va muhtaram vatandoshlar!

Uzoq-yaqindan tashrif buyurgan hurmatli mehmonlar!

Siz, qadrdonlarimni, ko‘pmillatli butun O‘zbekiston xalqini barchamiz sog‘inib kutgan Navro‘zi olam bilan samimiy muborakbod etishdan baxtiyorman.

Bugun fasllar almashib, yeru ko‘kda ilohiy mo‘jizalar yuz bermoqda. Yangi kun, yangi mavsum, yangi hayot nafasi boshlanmoqda. Tabiat uyg‘onishi bilan zimiston kechalardan zerikkan ko‘ngillar yasharib-yayramoqda.

Albatta, bugungi shodiyona bayramni el-yurtimiz bilan muazzam “Yangi O‘zbekiston bog‘i”da o‘tkazishni niyat qilgan edik. Lekin hammamiz ko‘rib turibmiz – so‘nggi kunlarda havo sovib, harorat biroz pasayib qoldi. Bugun obi rahmat yomg‘irlari bilan osmondan rizqu ro‘z, qut-baraka yog‘moqda. Hammamiz bu holatni shukronalik bilan qabul qilamiz.

Mana shu muhtasham saroyda turib, barcha-barchangizga eng ezgu va samimiy tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.

Xush kelibsan yurtimizga, go‘zal Navro‘z!

Olam sen bilan nurga to‘lsin!

Sharqona Yangi yil hammamizga muborak bo‘lsin!

Qadrli do‘stlar!

Mana shu quvonchli kunlarda ona zaminimiz, jonajon O‘zbekistonimiz bamisoli ulkan va muhtasham bir sayilgohga aylanmoqda. Farg‘ona vodiysiyu Surxon va Qashqadaryo tog‘larida, Xorazm va Qoraqalpoq diyorida, Samarqandu Buxoro, Navoiyning go‘zal bog‘larida, Jizzaxu Sirdaryo kengliklarida, Toshkent vohasining yam-yashil adirlarida, azim poytaxtimiz maydonlarida el-yurtimiz sayil-tomoshalar o‘tkazib, Navro‘zni shodu xurramlik bilan kutib olmoqda.

Navro‘zi olam falsafasi bizning orzu-intilishlarimiz, amaliy ishlarimiz bilan uzviy bog‘lanib ketganini bugun har qadamda yaqqol ko‘rish mumkin. “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan ezgu g‘oya atrofida birlashgan xalqimizning oliyjanob mehnati bilan mamlakatimizda yangi-yangi zamonaviy korxonalar, shinam uy-joylar, ijtimoiy va madaniy obyektlar, yo‘l va ko‘priklar, bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda. Yurtimiz qiyofasi kundan-kunga obod va go‘zal bo‘lib bormoqda.

Inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlari va ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir yurtdoshimizga mehr va e’tibor ko‘rsatish faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda.

Mamlakatimizdagi do‘stlik va hamjihatlik muhiti, yaxshi qo‘shnichilik, tinchliksevar tashqi siyosat tufayli xalqaro maydonda O‘zbekistonimizning obro‘-e’tibori yuksalmoqda.

Navro‘zi olamning insonparvarlik, tinchlik va bag‘rikenglik kabi qadriyatlariga uyg‘un va hamohang bunday ishlarimizni biz kelgusida yanada kengaytiramiz.

Muhtaram yurtdoshlar!

Navro‘zi olam bizni butun borliqni, avvalambor, yer va suv, hayvonot va o‘simlik dunyosini, sof havoni asrab-avaylab, ona tabiatga mehribon farzand bo‘lib yashashga da’vat etadi.

Ana shunday ezgu chorlovga javoban bugungi kunda yurtimizda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda, Navro‘z hasharlari o‘tkazilmoqda. Jumladan, “Yashil makon” loyihasi doirasida millionlab mevali va manzarali ko‘chatlar ekilmoqda, yangi bog‘u rog‘lar barpo etilmoqda.

Qadimiy qo‘shiqlarimizda Navro‘z xazinalar ochiladigan baraka ayyomi, deb tarannum etiladi.

Mana, bugun mirishkor dehqon va fermerlarimiz, bog‘bon va chorvadorlarimiz yangi mehnat mavsumini boshlamoqda.

Ilohim, bobodehqonlarimizning omadini, baxtini bersin!

Daryolarimiz suvga to‘lib, hosilimiz mo‘l bo‘lsin!

Aziz do‘stlar!

Yoshlik – inson umrining bahori, uning Navro‘z bayramidir. Yoshlik – odamzod kamolot osmonida yulduzdek charaqlaydigan bebaho davrdir.

Yangi O‘zbekiston farzandlari – yuzlab, minglab o‘g‘il-qizlarimiz turli sohalardagi yutuqlari bilan bu fikrni amalda isbotlamoqdalar. Ularning kuch-g‘ayrati, ezgu harakatlariga qanot berish maqsadida biz joriy yilni mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qildik.

Chunki doimo izlanish, tashabbus va yangilikka, o‘zligini namoyon etishga intilish yoshlik va tadbirkorlikka xos fazilatlar hisoblanadi.

Bu haqda gapirganda, bir fikrga alohida urg‘u berishni istardim. Tadbirkorlik, ishbilarmonlik azal-azaldan xalqimizning qonida, ongu tafakkurida yashab kelmoqda. El-yurtimiz qadim zamonlardayoq qo‘li gul usta va hunarmandlari, mirishkor dehqonlari, yetti iqlimni kezgan savdogarlari, noyob mahsulotlari va noz-ne’matlari bilan butun dunyoga dong taratgan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda yangi tadbirkorlar avlodi ana shu an’anani munosib davom ettirib, dadil maydonga chiqmoqda. Eng muhimi, biznes sohasi nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotimizda ham hal qiluvchi kuchga aylanmoqda.

Biz ishbilarmonlik muhiti rivoji uchun yanada keng imkoniyatlar yaratib beramiz. Joriy yilda qabul qilingan davlat dasturidagi maqsadlarga 36,5 trillion so‘m va 460 million dollar mablag‘ yo‘naltirish belgilangani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Oilaviy tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish dasturlari doirasida 50 mingdan ziyod yurtdoshlarimizga Biznesni rivojlantirish banki orqali zarur moliyaviy va moddiy yordam ko‘rsatiladi. Jumladan, ularga garov talabisiz 100 million so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratiladi. Bundan tashqari, o‘rta biznes vakillariga 1,5 milliard so‘mgacha bo‘lgan imtiyozli kreditlar 7 yil muddatga beriladi. Umuman, joriy yilda barcha turdagi tadbirkorlik dasturlari doirasida 2 millionga yaqin aholiga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatiladi.

Muxtasar aytganda, Yangi O‘zbekistonni tadbirkorlik va biznes uchun eng qulay va jozibador mamlakatlardan biriga aylantirish yo‘lida yangi amaliy qadam qo‘yamiz.

Bugungi kunda yurtimiz yoshlari xalqaro fan olimpiadalarida, madaniyat va san’at, IT va sport yo‘nalishlaridagi nufuzli tanlov va festivallarda faol ishtirok etib, g‘olib va sovrindor bo‘lib kelayotganlari barchamizni quvontiradi.

Birgina misol. Navqiron sportchilarimiz o‘tgan yili Osiyo o‘yinlarida 22 ta oltin, 18 ta kumush, 31 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, O‘zbekistonning ushbu musobaqalardagi rekordini yangiladilar.

Xabaringiz bor, yaqinda mashhur shaxmat grossmeysteri – Nodirbek Abdusattorov Praga xalqaro turnirida muddatidan oldin g‘alaba qozonib, jahondagi eng kuchli to‘rtta shaxmatchining biriga aylandi.

Kelinglar, shu ulug‘ ayyom kunda barchamiz astoydil niyat qilaylik: Nodirbekka tez kunlarda Vatanimizga jahon shaxmat tojini olib kelish nasib etsin! Sen bunga albatta qodirsan, Nodirbek o‘g‘lim! Butun el-yurtimiz sendan shu buyuk g‘alabani kutmoqda.

Eng quvonarlisi, bunday yuksak marralarni zabt etishda qizlarimiz ham o‘g‘lonlarimizdan qolishmayapti. Xususan, iste’dodli qizimiz Zaynab Dayibekova qilichbozlik bo‘yicha Peruda bo‘lib o‘tgan jahon kubogi o‘yinlarida O‘zbekiston sporti tarixida birinchi marta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Yana bir mahoratli qizimiz Shahina Yigitaliyeva esa Paraosiyo o‘yinlarida nayza otish bo‘yicha oltin medalga sazovor bo‘lib, mazkur musobaqalar rekordini yangiladi.

Aziz sportchi farzandlarim, sizlarni oldinda g‘oyat muhim va ulkan sinov – Parij Olimpiadasi va Paralimpiya o‘yinlari kutmoqda. Jahonning eng zo‘r sportchilari bellashadigan ana shu musobaqalarda O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib, yurtimizga qo‘sha-qo‘sha medallar, yutuq va sovrinlar olib kelasiz, deb ishonaman.

Barchangizga g‘alaba yor bo‘lsin!

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Navro‘zning o‘lmas ruhi ayniqsa mahallalarimiz hayotida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Barchangiz guvohsiz, keyingi ikki-uch oyda bu sohada qanday katta o‘zgarishlar yuz berdi! Mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari tashkil etildi. Hamma soha va yo‘nalishlar bo‘yicha “mahalla yettiligi” tizimi samarali faoliyat olib bormoqda.

Albatta, bu tizimni tashkil etganimiz, shu boradagi tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligi va daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlarimiz zamirida katta hayotiy ma’no bor.

Ana shu ishlarimizni kuchaytirish maqsadida Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida yangi tajriba joriy etilmoqda.

Bu borada ayniqsa tomorqa yerlaridan unumli foydalanish, tomorqa egalarini zarur vosita va resurslar bilan ta’minlash, ular yetishtirgan mahsulotga bozor topib berish uchun ko‘maklashish, har qaysi oila va mahallada kichik-kichik ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish, servis va xizmat turlarini ko‘paytirish asosiy maqsadimizga aylanmoqda.

O‘zingiz tasavvur qiling, hozirgi vaqtda mamlakatimiz bo‘yicha besh yarim millionta xonadonda 510 ming gektar – e’tibor bering – 510 ming gektar tomorqa yerlari bor. Bu – hali to‘la ishga solinmagan ulkan imkoniyat, katta boylikdir.

Barchamizga ayonki, O‘zbekiston sharoitida ana shunday imkoniyatlardan foydalanib, astoydil mehnat qilgan odam hech qachon kam bo‘lmaydi.

Mana, so‘nggi ikki yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini 17 foizdan 11 foizga tushirishga erishdik. Albatta, bu natijalar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Shu davrda 900 mingga yaqin aholiga qariyb 20 trillion so‘m imtiyozli kredit, 200 mingdan ziyod fuqarolarga 1,5 trillion so‘m subsidiya, qariyb 700 ming oilaga esa dehqonchilik uchun 200 ming gektar yer ajratib berilgani bu borada muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Eng asosiysi, tadbirkorlik, jumladan, tomorqadagi mehnat, odamni, ayniqsa, yoshlarni jismoniy va ma’naviy tarbiyalaydi, ularni o‘z kuchi va imkoniyatiga ishonib yashashga o‘rgatadi.

Ta’kidlab aytmoqchiman: davlatimiz bunday faol insonlarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi.

Masalan, xonadonlardagi tomorqada yetishtiriladigan mahsulotlarni sotib oluvchi, qayta ishlovchi, shu mahsulotlarni eksport qiluvchi tadbirkorlarga 300 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha grant beriladi. Bundan tashqari, bo‘sh yerlarda sanoatbop daraxtlar o‘stirish, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, asalarichilik uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Bu chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun mamlakatimiz iqtisodiyot kompleksining barcha rahbar va xodimlari mahalla darajasiga tushib, ishni tashkil etishga mas’ul va javobgar bo‘ladi.

Ro‘zai ramazon kunlarida yaxshi niyat bilan Sayxunobodda boshlangan tajriba butun yurtimiz bo‘ylab keng tarqaladi, deb ishonaman.

Albatta, bu oson ish emas. Lekin, qanchalik qiyin bo‘lmasin, o‘z kasbining ustasi va fidoyisi bo‘lgan xalqimiz, tog‘ni ursa talqon qiladigan azamat yoshlarimiz bilan barchamiz birgalikda bu vazifani amalga oshirishga qodirmiz.

Tabiiyki, bu borada fuqarolik jamiyatining noyob namunasi bo‘lgan mahalla yetakchi o‘rin tutadi.

Shu bois mahallani qo‘llab-quvvatlash, uni yanada rivojlantirish doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Chunki, mahalla – bu mehr va ahillik qo‘rg‘onidir. Mahalla – oqko‘ngil, bunyodkor xalqimiz qalbining ko‘zgusidir.

Fursatdan foydalanib, 22-mart kuni mamlakatimizda nishonlanadigan Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan barcha yurtdoshlarimizni, jonkuyar va fidoyi mahalla faollarini chin yurakdan tabriklab, ularning ishlariga muvaffaqiyat tilaymiz.

Qadrli do‘stlar!

Dunyodagi vaziyat tobora murakkab va tahlikali tus olayotgan hozirgi kunda Navro‘z Yer yuzida turli xalqlar va millatlar o‘rtasida tinchlik va hamkorlikni mustahkamlashdek ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.

Bugungi davramizda O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus namoyandalarini ko‘rib turganimdan g‘oyat mamnunman. Fursatdan foydalanib, xorijiy davlatlarning muhtaram elchilarini, xalqaro tashkilotlar vakillarini samimiy qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlarini 21-mart – Xalqaro Navro‘z kuni bilan muborakbod etib, barchalariga qizg‘in salom va tabriklarimizni yo‘llaymiz.

Bu yilgi Navro‘z bayrami fazilatli Ramazon oyida bo‘lib o‘tayotgani uning fayzu tarovatini yanada ziyoda qilmoqda.

Ushbu muborak ayyomda mamlakatimiz mo‘min-musulmonlarini, butun islom ummatini yana bir bor qutlab, ularning chin dildan qilayotgan duolari ijobat bo‘lishini Parvardigori olamdan so‘raymiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Mana shu bahoriy lahzalarda barchamiz ulug‘ ajdodlarimizning tilaklariga qo‘shilib, ilohim, har kunimiz Navro‘zdek go‘zal, Navro‘zdek fayzli va mazmunli bo‘lsin, deb niyat qilamiz.

Barchangizga sihat-salomatlik, yangi yutuq va zafarlar, oilaviy baxt va farovonlik tilayman.

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!


Posted on

ПРЕЗИДЕНТ ШАВКАТ МИРЗИЁЕВ НОМИДАН ТУРКИЯГА ГУМАНИТАР ЁРДАМ ЮБОРИЛАДИ

Президент Шавкат Мирзиёевнинг топшириғига мувофиқ, Туркияда рўй берган кучли зилзиладан жабр кўрганларга гуманитар ёрдам ҳамда табиий офат оқибатларини бартараф этишда иштирок этиш учун Фавқулодда вазиятлар вазирлигининг бир гуруҳ қутқарувчилари жўнатилади.

Posted on

ЎЗБЕКИСТОН ПРЕЗИДЕНТИ ШАВКАТ МИРЗИЁЕВ ТУРКИЯ ПРЕЗИДЕНТИ РЕЖЕП ТАЙЙИП ЭРДОҒАНГА ҲАМДАРДЛИК ЙЎЛЛАДИ.

Туркиянинг жануби-шарқий қисмидаги вилоятларда юз берган кучли зилзила оқибатида кўплаб одам қурбон бўлгани ва жиддий жароҳат олгани, катта талафотлар кўрилгани муносабати билан Ўзбекистон Президенти Шавкат Мирзиёев Туркия Президенти Режеп Таййип Эрдоғанга ҳамдардлик йўллади.

Қардош Туркия етакчиси ва халқига чуқур таъзия изҳор этиб, давлатимиз раҳбари вафот этганларнинг оила аъзолари ва яқинларига ҳамдардлик билдирди, жабрланганлар тез фурсатда соғайиб кетишини тилади.  

Posted on

ПРЕЗИДЕНТ ШАВКАТ МИРЗИЁЕВ НОМИДАН ТУРКИЯГА ГУМАНИТАР ЁРДАМ ЮБОРИЛАДИ

Президент Шавкат Мирзиёевнинг топшириғига мувофиқ, Туркияда рўй берган кучли зилзиладан жабр кўрганларга гуманитар ёрдам ҳамда табиий офат оқибатларини бартараф этишда иштирок этиш учун Фавқулодда вазиятлар вазирлигининг бир гуруҳ қутқарувчилари жўнатилади.

Posted on

МАҲСУЛОТЛАР БОЗОРИ ОЛДИНДАН ТАЙИН

Президент Шавкат Мирзиёевнинг Наманган вилоятига ташрифи Давлатобод туманидаги «Fazman tekstil» корхонасидан бошланди.

Давлатимиз раҳбари ҳар доим маҳсулот чиқаришдан олдин бозорини топиш, жаҳон брендларини олиб келиш зарурлигини таъкидлайди. Хорижий инвесторлар учун яратилаётган қулай ишбилармонлик муҳити натижасида Наманган вилоятида “Waikiki”, “Baldessarini”, “ZARA” каби брендлар остида кийимлар ишлаб чиқарилмоқда.

Яқинда очилган “Fazman tekstil”да ҳам иш шундан бошланди – Германиянинг дунёга машҳур “Digel” ва «Carl Gross» брендлари билан ҳамкорлик ўрнатилди.

Лойиҳа қиймати 20 миллион доллар бўлиб, бунинг ҳисобидан улкан иншоот барпо этилди, Германия ва Туркиядан замонавий ускуналар олиб келинди. Мингга яқин иш ўрни яратилди.

Корхона йилига 1 миллион дона костюм-шим ишлаб чиқариш қувватига эга. Улар бренд талабларига мослиги боис хушбичим ва юқори сифатли. Жорий йилнинг ўзида 15 миллион долларлик экспорт қилиш режалаштирилган.

Давлатимиз раҳбари иш жараёнини кўздан кечирди. Маҳсулотлар сифати ва экспорт салоҳиятини юқори баҳолади.

Корхонада ёшларга иш ўргатиш учун ўқув маркази ҳам ташкил этилган. Президентимиз ана шу ёшлар билан биргаликда суратга тушди.

Posted on

ПРЕЗИДЕНТ НАМАНГАНЛИК ТАДБИРКОРЛАР БИЛАН МУЛОҚОТ ҚИЛДИ

Наманган шаҳрида вилоятни ижтимоий-иқтисодий ривожлантириш режалари муҳокамаси юзасидан очиқ мулоқот ўтказилди. 

Сўнгги беш йилда Наманган вилоятида корхоналар сони 15 мингтага кўпайиб, 32 мингтадан ошди. Шу даврда хусусий бизнес ишлаб чиқарган маҳсулотлар ҳажми 1,6 баравар ўсиб, 8,3 триллион сўмга етди. Бу – республика бўйича энг юқори суръатлар. 

– Тасаввур қилинг, олти йил аввал дотацияда бўлган вилоят бугунги кунда мустаҳкам даромадга эга бўлди, замонавий саноат ва кучли тадбиркорлар шаклланди, – деди Шавкат Мирзиёев. – Оддий қилиб айтганда, Наманган ҳеч муболағасиз тадбиркорлар юрти, кичик ва ўрта бизнес марказига айланди.

Йиғилишда, аввало, тадбиркорликни қўллаб-қувватлаш масаласига эътибор қаратилди. 

Таҳлилларга кўра, бу йил қишдаги совуқ оқибатида юртимиздаги 3 мингта ҳудудий саноат корхонасида ишлаб чиқариш пасайган. Яна кўплаб тадбиркорларнинг солиқ қарздорлиги ошган.

Шу боис, Президентимиз иқтисодиётда йўқотишлар ўрнини қоплаш ва бизнесни қўллаб-қувватлаш учун алоҳида қарор имзолаганини айтди. Унга кўра, совуқдан қийинчилик кўрган тадбиркорларга кредит, солиқ, божхона ва бошқа тўловлар бўйича енгилликлар берилади.

Жумладан, 2 минг нафар кичик ва ўрта тадбиркорларнинг январь-мартда муддати келадиган 4,7 триллион сўм кредит тўловлари 1 июнга қадар узайтирилади. 29 мингта тадбиркорга 2 триллион сўм солиқ қарзини 1 июлга қадар фоизсиз, қўшимча гаровсиз ва пенясиз бўлиб-бўлиб тўлаш имконияти берилади. Қуввати пасайган 545 та саноат корхонасига ишлаб чиқаришни тиклаш ва айланма маблағ учун 8 триллион сўм кредит ажратилади. Давлат мулки хариди ва ижараси бўйича тўловлар бўйича ҳам енгилликлар берилади. Ишлаб чиқариш биноларининг ҳар бир юқори қавати учун тадбиркорларга мол-мулк солиғидан 10 фоиздан чегирма жорий этилади.

Бу имкониятлар тадбиркорлар томонидан хурсандчилик билан қабул қилинди.

– Наманган иқтисодиётини ривожлантириш ҳисобига, бу йил 500 мингга яқин аҳоли бандлигини таъминлаш бўйича катта марраларни олганмиз. Бу режаларни фақат ва фақат тадбиркорларга таяниб, уларни қўллаб-қувватлаб эришиш мумкин, – деди давлатимиз раҳбари.

Бунинг учун вилоятда оилавий тадбиркорлик учун бу йил 950 миллиард сўм ёки 2 баравар кўп имтиёзли кредитлар ажратилади. Махсус тўқимачилик зонаси ташкил этилади ҳамда 15 та саноат зонаси инфратузилмасига 75 миллиард сўм ажратилади. Шунингдек, ҳар бир туманда камида 2 тадан микромарказ ўз фаолиятини бошлайди.

Энергетика вазирлигига тадбиркорларнинг энергия таъминотини кунлик назоратга олиб, изчил етказиб бериш вазифаси қўйилди. 

Аҳолига деҳқончилик учун тарқатиладиган 9,5 минг гектар ерда бозорбоп озиқ-овқат маҳсулотлари етиштириш зарурлиги айтилди. 

 Хотин-қизларни ижтимоий қўллаб-қувватлаш, ёшлар бандлигини таъминлаш чора-тадбирлари бўйича кўрсатмалар берилди. 

Мулоқотда Президент тадбиркорларнинг янги таклиф ва ташаббусларини эшитди.

Posted on

ПРЕЗИДЕНТ НАМАНГАНДАГИ ЯНГИ САНОАТ ЗОНАСИНИ КЎЗДАН КЕЧИРДИ

Президент Шавкат Мирзиёев Наманган шаҳридаги “Баркамол авлод” кичик саноат ва тадбиркорлик зонасида бўлди.

Мамлакатимизда тадбиркорларга муносиб шароит яратиш учун жойларда технопарк ва кичик саноат зоналари ташкил этилмоқда. Наманган вилоятида бундай мажмуалар сони 73 тага етди.

Баркамол авлод маҳалласида ҳам ишбилармонлар, ҳунармандлар кўп. Лекин улар уй шароитида ишлар, имкониятлари чекланган эди.

Шу боис маҳалла ёнидаги 10 гектарда зарур инфратузилмага эга яхлит мажмуа барпо этилди. Бу ерга 46 та лойиҳа жойлаштирилган. Уларнинг 18 тасида ишлар якунланиб, корхоналар фаолиятини бошлаб юборди, 2 мингдан ортиқ иш ўрни очилди.

Давлатимиз раҳбари шу ердаги “Мастер класс дизайн”, “Сифат ёғоч саноат”, “Баланс текс” корхоналаридаги иш жараёнини кўздан кечирди.

Биринчи корхонада йилига 150 минг дона чарм-пойабзал маҳсулотлари ишлаб чиқарилмоқда. “Сифат ёғоч саноат” йилига 1 минг 200 тўплам мебеллар, “Баланс текс” 400 минг дона тўқимачилик товарлари тайёрлаш қувватига эга. Уларда қўшни маҳаллалардаги аввал ишсиз бўлган ёшлар, хотин-қизлар меҳнат қилиб, даромад топмоқда. Маҳсулотлар сифатлилиги ва ҳамёнбоплиги билан импорт ўрнини эгалламоқда.

– Ўзи одамларимиз ишбилармон, шижоатли. Мана, замин яратувдик, тадбиркорлик «юриб кетди». Энди ишлаб чиқарувчиларга таннархни тушириш бўйича ёрдам бериш керак. Таннарх – тадбиркорнинг «ҳаёт-мамоти». Таннарх пасайса, экспортга чиқиш енгиллашади, бизнес кенгаяди, яна ишчи олади, – деди Шавкат Мирзиёев.

Саноат зонасидаги бошқа лойиҳаларда ускуналар ўрнатилмоқда. Умуман, бу ерда тайёр кийим-кечак, чарм-пойабзал, қурилиш материаллари, мебель, қоғоз, озиқ-овқат ва кимё маҳсулотлари ишлаб чиқарилади. Шу атрофдаги Баркамол авлод, Яккатут, Янгиҳаёт, Обжувоз, Лола, Чаман маҳаллаларида яшовчи 6 мингдан зиёд аҳоли иш билан таъминланади. Президентимиз шу ерда Наманганда ишлаб чиқарилаётган саноат маҳсулотлари кўргазмаси билан ҳам танишди. Мавжуд тармоқларга қўшимча асаларичилик, заргарлик, мева-сабзавотчиликни ривожлантириш бўйича кўрсатмалар берилди.