Posted on — Leave a comment

Tibbiyotda yangi standartlar joriy etiladi, shifokorlarni qoʻllab-quvvatlash kuchaytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Koʻksaroy qarorgohida tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbari yigʻilganlarni yaqinlashib kelayotgan kasb bayrami bilan tabriklab, inson salomatligini asrash yoʻlidagi mehnati uchun minnatdorlik bildirdi.

– Oilasining baxtini koʻrish, halol mehnat qilib, orzulariga yetish, umrini mazmunli oʻtkazish uchun odamga, avvalo, sogʻliq kerak. Shu bois, inson salomatligini asrashni islohotlarimizning eng muhim yoʻnalishlaridan biri etib belgilaganmiz, – dedi Prezidentimiz.

Soʻnggi oʻn yilda 10 million aholiga xizmat koʻrsatadigan yangi poliklinika va shifoxonalar ishga tushirildi, 58 ming shifo oʻrni yaratildi. Zamonaviy muassasalar koʻpayishi va xususiy sektor rivojlanishi natijasida tibbiy xizmatlar hajmi uch karra oshdi. Ilgari faqat chet elda bajarilgan tugʻma yurak nuqsonlarini davolash, aʼzolar transplantatsiyasi, robot jarrohligi va bosh miyadagi murakkab amaliyotlar kabi yuzdan ziyod xizmat bugun mamlakatimizda koʻrsatilmoqda.

Farmatsevtika mahsulotlariga ehtiyojning 70 foizini ichki imkoniyatlar hisobidan qoplash maqsad qilingan. Soʻnggi yillarda sohada 1 milliard dollarlik 330 ta yangi farmatsevtika quvvati ishga tushirildi. Hududlarda farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalari tashkil etilib, ularda 1 milliard 200 million dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz bu oʻzgarishlarda 800 mingdan ziyod tibbiyot va farmatsevtika xodimining munosib hissasi borligini taʼkidladi. Yaqinda soha fidoyilarining bir guruhini davlat mukofotlari bilan taqdirlash toʻgʻrisida farmon imzolandi. Uchrashuvda orden va medallar oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi.

Davlatimiz rahbari inson salomatligini asrash, ilgʻor ilmiy ishlanmalar va davolash usullarini joriy etishda boshqalarga oʻrnak boʻlayotgan tibbiyot xodimlari uchun “Ibn Sino” ordenini taʼsis etishni taklif qildi.

Uchrashuvda birlamchi tibbiy yordam sifatini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bu borada 28 ta tumanda sinovdan oʻtkazilgan yangi tizim doirasida 7 million aholi oilaviy shifokorlarga nomma-nom biriktirildi. Laboratoriyalar ishga tushirildi, shifokor va hamshiralar oʻqitildi, bemorlarning tibbiy yordam olish tartibi belgilandi. Kafolatlangan tibbiy xizmatlar toʻplami doirasida ambulator bemorlarga 69 turdagi dori vositasi bepul berilmoqda. Ushbu model kelasi yildan yana 100 ta tumanda joriy etiladi.

Kasalliklarning oldini olish va ularni erta aniqlash ishlari ham kengaytiriladi. Oshqozon, yoʻgʻon ichak, prostata bezi va oʻpka saratonini erta aniqlash ishlari Samarqanddan boshlanib, 2028-yildan barcha hududlarda yoʻlga qoʻyiladi. Qandli diabet, sil, yurak-qon tomir kasalliklari, ayollardagi oʻsmalar va bolalardagi onkogematologik xastaliklarni erta aniqlash dasturlari davom ettiriladi.

Besh hududda infarkt va insultni erta aniqlash hamda davolash dasturi natijasida ushbu kasalliklardan erta oʻlim besh oyda 15 foizga kamaydi. Kasallik boshlanishidagi “oltin soat”da 855 nafar inson erta oʻlim va nogironlik asoratlaridan saqlab qolindi.

Kelasi yil dastur bilan barcha tuman va shaharlar qamrab olinadi. Aholi uchun bepul beriladigan dori vositalari turi 73 taga, tibbiy tekshiruvlar turi 36 taga yetkaziladi.

Sohada taʼlim, qurilish, sanitariya-gigiyena, bemorlar xavfsizligi va xodimlar madaniyatini qamrab oladigan “Yangi Oʻzbekiston tibbiyot standartlari” joriy etiladi. Birlamchi boʻgʻin xodimlari bosqichma-bosqich maxsus kiyim-bosh bilan bepul taʼminlanadi. Eng yaxshi shifokor va hamshiralarni ragʻbatlantirish kengaytirilib, viloyat bosqichida gʻolib boʻlgan 14 nafar shifokor elektromobil bilan taqdirlanadi. Sogʻlom turmush tarzini targʻib qiladigan eng yaxshi oʻnta loyiha muallifiga 200 million soʻmdan grant beriladi.

Tibbiy xizmat sifati, avvalo, kadrlar tayyorgarligiga bogʻliqligi qayd etildi.

– Qancha zamonaviy klinikalar qurmaylik, eng soʻnggi uskunalarni olib bermaylik, malakali xodimlarsiz natija boʻlmaydi, – dedi Prezidentimiz.

Hozir 11 ta davlat oliygohida yiliga 15 ming shifokor tayyorlanmoqda. Kelasi yildan talabalar haftada uch kun bemor bilan ishlashni oʻrganadi, bitiruvchilar esa oxirgi oʻquv yilini toʻliq tibbiyot muassasasida amaliyotda oʻtkazadi. Bakalavriatni bitirgan hamshira va tibbiyot ogʻasiga 1,5 million soʻm, magistraturani tugatganlarga 2,5 million soʻm qoʻshimcha ustama toʻlanadi. 2027-yildan tor soha mutaxassisliklari boʻyicha rezidenturada oʻqish bepul boʻladi.

Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga xususiy sektor ham jalb qilinadi. Birlamchi boʻgʻin va tumanlardagi xodimlarning oʻqish xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimi kelasi yil 1-iyuldan dastlab ixtiyoriy asosda yoʻlga qoʻyilib, 2030-yildan majburiy boʻladi. Roʻyxatdan oʻtgan shifokor, farmatsevt va hamshiralarga ustama toʻlanadi.

Yangi tibbiyot muassasalari aholi soni va hududlarning joylashuvidan kelib chiqib, master-reja asosida tashkil etiladi. Davlat shifoxonalarida tadbirkorlarga zamonaviy uskunalar oʻrnatish uchun joy ajratilib, koʻrsatilgan xizmatlarga sugʻurta tizimi orqali haq toʻlanadi. Gemodializ, laboratoriya, sterilizatsiya, reabilitatsiya va fizioterapiya xizmatlarini xususiy sektordan xarid qilish kengaytiriladi. 

Kelasi yil har bir hududga kamida 150 million dollar investitsiya va grant jalb qilish boʻyicha vazifalar belgilandi.

Genomika, hujayra va biotexnologiyalar rivojlanishi bilan birga tibbiy tadqiqotlarda inson huquqlarini himoya qilish zarurligi taʼkidlandi.

– Inson hayoti va salomatligi bilan bogʻliq tadqiqotlarda uning huquqi, roziligi va qadr-qimmati birinchi oʻrinda turishi shart, – dedi Prezidentimiz.

Buning uchun bioetika va biotexnologiya sohalarining huquqiy asoslari mustahkamlanadi. Garvard tibbiyot maktabi bilan hamkorlikda irsiy kasalliklar boʻyicha mutaxassislar tayyorlanib, genetik tekshiruv joriy etiladi.

Ixtisoslashgan markazlar tajribasini hududlarga yetkazish maqsadida jarroh, anesteziolog, reanimatolog, assistent va hamshiralardan iborat yaxlit jamoalar joylarga yuboriladi. Hududlardagi tibbiyot guruhlari esa markazlarda uch-toʻrt oylik stajirovkadan oʻtadi.

Kelasi yildan 26 ta ixtisoslashgan markaz direktori bilan bir yillik kontrakt tuziladi. Ularning faoliyati sohadagi yangiliklar, quyi boʻgʻin xodimlari malakasini oshirish va ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etishga qarab baholanadi. Shifoxona va poliklinikalar ishiga aholining oʻzi baho beradigan mexanizm yoʻlga qoʻyiladi. Shifokor va hamshiralar ish haqini belgilashda aholining tibbiy xizmatdan qoniqish darajasi asosiy mezon boʻladi.

Kelgusi yildan kardiologiya, gepatologiya, oftalmologiya va gematologiya kabi yoʻnalishlarda oʻnta sunʼiy intellekt tizimi ishga tushiriladi. 

Shifokorlar assotsiatsiyalarining faoliyatini jonlantirish, ularning rahbarlarini aʼzolar tomonidan ikki-uch yilga saylash tizimiga oʻtish zarurligi ham qayd etildi.

Uchrashuvda tibbiyot xodimlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari eʼlon qilindi. Sohada kamida 15 yil ishlagan xodimlarning ipoteka kreditining bir qismini qoplash uchun 50 milliard soʻm ajratildi. Kelasi yil shu imkoniyat orqali ming nafar tibbiyot xodimi yangi uyga koʻchib oʻtadi. Har yili 500 nafar yosh xodimning ipoteka krediti boshlangʻich badalining 25 foizi qoplanadi. Olis hududlarda ishlaydigan shifokorlarning oylik qoʻshimcha ustamasi 4,5 million soʻmga oshirilib, u yerda ish boshlaganlarga 50 million soʻm bir martalik ragʻbat puli beriladi.

Xorijiy klinikalarda tajriba orttirgan vatandosh shifokorlarni mamlakatimizga jalb etish uchun ham yangi tizim yoʻlga qoʻyiladi. Ularga 50 million soʻmgacha oylik ustama toʻlanadi, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan ish joyi va oʻz jamoasini shakllantirish imkoniyati yaratiladi. 

Uchrashuvda soha vakillarining taklif va tashabbuslari tinglandi. Mutasaddilarga belgilangan vazifalarni amalga oshirish va bildirilgan takliflar ustida birgalikda ishlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

– Men bir narsani soʻrayman: har bir tibbiyot xodimi oʻziga savol bersin – bugun inson salomatligi uchun kechagidan koʻra koʻproq nima qila oldim? Agar har birimiz shu savolga javob qidirib ishlasak, tibbiyotimizda ham, xalqimizning salomatligida ham katta oʻzgarishlar boʻladi, – dedi Prezidentimiz yakunda.

Posted on — Leave a comment

Tibbiyotda infratuzilmani rivojlantirish va sohada xususiy sektor ishtirokini kengaytirish choralari ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiy infratuzilmani yagona master-reja asosida rivojlantirish hamda sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Tibbiyot muassasalarini joylashtirish, qurish va jihozlash aholining ehtiyojiga tayangan holda rejalashtirilishi zarur. Hozir ayrim hududlarda xizmatlar tarqoq tashkil etilgan, shifo o‘rinlari noto‘g‘ri taqsimlangan, eski binolar va uskunalardan foydalanish esa tibbiy yordam sifatiga ta’sir qilmoqda.

Ishni mavjud obyektlar haqidagi aniq ma’lumotlarni shakllantirishdan boshlash ko‘zda tutilgan. O‘nta viloyatda o‘tkazilgan xatlovda sohaga tegishli 3 ming 499 ta obyekt aniqlangan. Bu Kadastr agentligi ma’lumotlaridagidan 494 taga ko‘p. Barcha hududlarda xatlovni yakunlash, obyektlarning elektron pasportlarini shakllantirish va soha ko‘chmas mulkining yagona raqamli reyestrini yaratish taklif etildi.

Shu ma’lumotlar asosida 2026–2036-yillarga mo‘ljallangan tibbiy infratuzilma master-rejalarini amalga oshirish masalasi ko‘rib chiqildi. Har bir hudud bo‘yicha aholi soni va o‘sishi, tibbiy xizmatlarga ehtiyoj, muassasalarning quvvati hamda bemorlarning ularga yetib borish vaqti hisobga olinadi. Master-reja qaysi obyektni saqlab qolish, birlashtirish yoki rekonstruksiya qilish, yangisini qayerda qurish, uni qanday jihozlash va qancha mutaxassis zarurligini belgilaydi. Investitsiya dasturlarini ham shu rejalar asosida shakllantirish nazarda tutilmoqda.

Tizimda muassasalar ko‘rsatadigan yordam darajasiga qarab o‘zaro bog‘lanadi. Murakkab va yuqori texnologik xizmatlar tayanch markazlarda jamlanadi, tumanlarda esa bazaviy va shoshilinch tibbiy yordam saqlanadi. Birlamchi bo‘g‘inni rejalashtirishda qishloq va olis aholi punktlari hamda shaharlar uchun alohida xizmat ko‘rsatish me’yorlari qo‘llanadi.

Bunday yondashuv zarurati Samarqand viloyati misolida ko‘rsatib berildi. Viloyat aholisining 80 foizi tumanlarda yashaydi, biroq tumanlar hissasiga shifo o‘rinlarining 41,7 foizi to‘g‘ri keladi. Master-rejada tibbiy hududlarni qayta tashkil etish orqali tumanlar ulushini 67 foizga yetkazish, xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish ko‘zda tutilgan.

Samarqand shahri, Urgut, Pastdarg‘om, Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon va Payariqda yangi shifoxonalar qurish hamda mavjudlarini rekonstruksiya qilish rejalari haqida axborot berildi. Viloyat markazidagi ixtisoslashgan muassasalarni ko‘p tarmoqli shifoxonalar negizida qayta tashkil etish, markaziy laboratoriyalar, sterilizatsiya va tashxislash xizmatlarini rivojlantirish taklif qilindi. Urgut, Kattaqo‘rg‘on va Pastdarg‘omda 2030-yilgacha jami 1 ming 500 ta yangi shifo o‘rni yaratish nazarda tutilmoqda.

Yangi obyektlar faqat bino qurish bilan cheklanmasligi ta’kidlandi. Poliklinika va shifoxonalarni loyihalashda bemorlar harakatini qulay tashkil etish, infeksion nazorat, inklyuziv muhit va xonalarni jihozlash bo‘yicha yagona talablarni joriy etish taklif qilindi. Davolashda esa xalqaro tavsiyalarga asoslangan klinik protokollarni milliy sharoitga moslashtirish, amaliyotga tatbiq etish va natijalarini muntazam baholash ko‘zda tutilmoqda.

Sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga doir qaror loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Unda tibbiy va yordamchi xizmatlarni, jumladan, gemodializ, laboratoriya diagnostikasi, tashxislash hamda uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatishni autsorsing asosida xarid qilish taklif etilgan. Bir yillik shartnomalar o‘rniga besh yilgacha bo‘lgan hamkorlik mexanizmlarini qo‘llash xususiy sheriklarga uskuna va xizmatlarga uzoq muddatli sarmoya kiritish imkonini beradi.

Bunda davlat tibbiyot muassasasi xizmatni xarid qiladi, xususiy tashkilot esa zarur uskunani o‘z hisobidan olib kelib, uning ishlashi va yangilanishini ta’minlaydi. Xaridlarni tashkil etish uchun yagona tender hujjatlari va elektron tizim joriy etish, ayrim muassasalarni professional kompaniyalarga boshqaruvga berish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari taqdimot qilingan takliflarni puxta ishlab chiqib, bosqichma-bosqich amaliyotga joriy qilish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Posted on — Leave a comment

Prezidentimiz Ibn Sinoning bolaligi haqidagi film suratga olinayotgan maydonni koʻzdan kechirdi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Abu Ali ibn Sinoning bolaligiga bagʻishlangan “Husayn” tarixiy-badiiy filmining suratga olish maydoni bilan tanishdi.

Bolalar kontentini rivojlantirish markazi buyurtmasi asosida suratga olinayotgan film uchun “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida alloma yashagan davr muhitini aks ettiruvchi dekoratsiyalar barpo etilgan. Davlatimiz rahbari tarixiy shahar devorlari, koʻcha va bozor manzaralari, davr liboslari hamda suratga olishda foydalaniladigan buyumlarni koʻzdan kechirdi.

Kinoijodkorlar bilan muloqotda Prezidentimiz davlat milliy ruhdagi, buyuk ajdodlarimiz hayotiga bag‘ishlangan filmlar yaratilishiga e’tiborni yanada kuchaytirishini ta’kidladi. Bu yerda barpo etilgan dekoratsiyalarni yuqori baholab, ular tarixiy muhitni ekranda ishonarli gavdalantirishga intilishdan dalolat ekanini qayd etdi. Boy tariximiz va allomalarimiz merosini kino tili orqali yosh avlodga yetkazish, ularda o‘z o‘tmishiga qiziqish va iftixor tuyg‘usini uyg‘otish muhimligini ta’kidladi.

Filmda yosh Husayn ibn Abdullohning tabobatga muhabbati, ustozlariga sadoqati va insonparvarligi tasvirlanadi. Asar orqali bolalarga allomaning ilmga intilishi va shaxsiy fazilatlarini yaqindan tanitish koʻzda tutilgan.

“Husayn” filmini yaratish Abu Ali ibn Sino ilmiy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish boʻyicha 2030-yilgacha moʻljallangan “yoʻl xaritasi”da belgilangan. Hujjatda alloma tavalludining 1050 yilligiga tayyorgarlik koʻrish ham nazarda tutilgan.

Prezidentimiz film ijodkorlariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Posted on — Leave a comment

Davlatimiz rahbari kinoijodkorlar bilan uchrashib, milliy kinematografiya sohasini rivojlantirishning yangi vazifalarini belgilab berdi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida kino sohasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Muloqotda milliy kinoda erishilgan natijalar, sohada yechimini kutayotgan masalalar va uni rivojlantirishning yangi yoʻnalishlari haqida soʻz bordi.

Davlatimiz rahbari “Oʻzbekfilm” bir necha avlod ijodkorlarining mehnati bilan bogʻliq qadrdon maskan ekanini taʼkidladi. “Mahallada duv-duv gap”, “Oʻtgan kunlar”, “Shum bola”, “Chinor ostidagi duel”, “Suyunchi” kabi filmlar va ularning qahramonlari xalqimiz xotirasida saqlanib qolgan. Bu anʼana mustaqillik yillarida “Abdullajon”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Dilxiroj”, “Vatan”, “Oʻtov” singari asarlar bilan davom ettirildi.

– Mazkur dargohda milliy kino tariximiz, bir necha avlod ijodkorlarining mehnati, xalqimizning ekranga koʻchgan orzulari, intilishlari va armonlari mujassam, – dedi Prezidentimiz.

Soʻnggi yillarda kinostudiya toʻliq rekonstruksiya qilindi. Sohani qoʻllab-quvvatlashga doir ikkita farmon va sakkizta qaror qabul qilindi. Filmlar olish uchun davlat budjetidan 2016-yilda 10 milliard soʻm ajratilgan boʻlsa, bu yil 218 milliard soʻm berildi. Oʻn yilda ajratilgan mablagʻ jami 1 trillion 200 milliard soʻmni tashkil etdi.

Sohaga oʻnlab xususiy kinostudiyalar kirib keldi, milliy kadrlarning yangi avlodi yetishib chiqdi. “Islomxoʻja”, “Ibrat”, “Avloniy”, “Abdulla Qodiriy”, “Qoʻqon shamoli”, “Muqimiy”, “Ilhaq”, “Oʻzbek qizi”, “Bahodir Yalangtoʻsh” kabi tarixiy filmlar yaratildi. Yaqinda “Oltin globus” xalqaro kino mukofoti doirasida Markaziy Osiyo va Kavkaz kinoijodkorlarini taqdirlash marosimi ilk bor Toshkentda oʻtkazildi. Unda sanʼatkor Gulchehra Jamilova “Meridian” mukofotiga sazovor boʻldi.

Prezidentimiz erishilgan natijalar bilan birga mavjud muammolarni ham ochiq koʻrsatib oʻtdi. Ijtimoiy tarmoqlar rivojlangani uchun odamlar kinoteatrga bormay qoʻygani haqidagi fikrlarga qaramay, xorijiy filmlar namoyishida kinozallar toʻlmoqda.

– Demak, tomoshabin kinodan, kinoteatrlarga borishdan voz kechgani yoʻq, faqat uning didi va talabi oʻzgardi, – dedi davlatimiz rahbari.

Milliy filmlarning ayni talabga javob berishiga film ishlab chiqarishdan uni tomoshabinga yetkazishgacha boʻlgan yaxlit zanjir – distributsiya shakllanmagani toʻsqinlik qilmoqda. Shuningdek, professional kinotanqidchilar fikri bilan yetarlicha hisoblashilmayapti. Mamlakatimiz yetakchisi xolis tahlil ijodkorga oʻz kamchiliklarini koʻrish va oʻsish imkonini berishini taʼkidladi.

Amaldagi davlat buyurtmasi va xaridi tizimi ham zamonaviy kinoindustriya talablariga javob bermayapti. Bir vaqtning oʻzida bitta rejissorga oltitagacha, bir muallifga yettitagacha loyiha biriktirilgan. Buyurtmalarning deyarli yarmi davlat studiyalariga berilgani xususiy ijodkorlarning teng raqobat qilish imkonini cheklagan. Ssenariy suratga olish jarayonida boyishi, ijodiy yechimlar oʻzgarishi mumkinligi bois, filmni oddiy tovar yoki qurilish obyekti kabi texnik topshiriq asosida xarid qilish toʻgʻri emasligi qayd etildi.

– Aslida, ijodkor mehnatining natijasi tomoshabinni chuqur oʻyga solib, qalbida iz qoldirgan film bilan oʻlchanishi kerak, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari kino xalqlar bir-birini tanishiga xizmat qilishini, oʻz tarixi, madaniyati va milliy qahramonlarini jahon ekranlarida munosib koʻrsata olgan mamlakatning ovozi va taʼsiri kengayishini taʼkidladi. Kino bugun mamlakatning xalqaro nufuzini oshiradigan “yumshoq kuch”ga aylangan. U farzandlarimiz ongi va dunyoqarashini shakllantirishda ham katta ahamiyatga ega.

Mamlakatimiz yetakchisi “Oʻz” gʻoyasining kino sanʼatidagi ifodasini “Oʻzligimizni anglab, oʻz hikoyamizni oʻz ovozimiz bilan dunyoga aytish” deb taʼrifladi. Ekranda ulugʻ ajdodlarimiz bilan birga bugun yonimizda yashayotgan insonlarning ham haqqoniy qiyofasi aks etishi kerakligini aytdi. Oʻqituvchilar, shifokorlar, sportchilar, Vatan himoyachilari, tadbirkorlar, quruvchilar va yoshlarning hayoti taʼsirli filmlar uchun katta mavzu ekani qayd etildi.

– Farzandlarimiz shunday qahramonlarda oʻzini koʻrsin, oʻz kuchiga ishonsin, oʻz yurtining kelajagiga daxldorligini his etsin! – dedi davlatimiz rahbari.

Milliy kinoni rivojlantirish uchun sohani boshqarish, moliyalashtirish va film yaratish vazifalari aniq ajratiladi. Kinematografiya agentligi tugatilib, davlat siyosatini yuritish vakolati Madaniyat vazirligiga oʻtkaziladi. Vazirlikda Kino sanʼati departamenti tashkil etilib, uning rahbari maqomi vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi. Masʼullarga bir oyda yangi departament ishini yoʻlga qoʻyish va agentlik tizimini tugatish ishlarini yakunlash topshirildi.

Davlat muassasasi boʻlgan “Oʻzbekfilm” oʻrnida zamonaviy biznes modeli asosida ishlaydigan “Oʻzbekfilm” milliy kinokompaniyasi tashkil etiladi. Kompaniyaning oʻzi film ishlab chiqarmaydi – ularni yaratish toʻliq xususiy sektorga oʻtadi. Milliy kinokompaniya loyihalarni tanlash va moliyalashtirish, filmlarni targʻib qilish, tarqatish hamda xalqaro bozorlar va festivallarga olib chiqish bilan shugʻullanadi. Uning faoliyatini bir haftada yoʻlga qoʻyish vazifasi belgilandi.

Kinolarni moliyalashtirishda davlat buyurtmasi oʻrniga subsidiya asosida qoʻllab-quvvatlash tizimi joriy etiladi.

– Bundan buyon davlat filmning buyurtmachisi emas, ijodkorlar va xususiy sektorning ishonchli hamkori boʻladi, – dedi Prezidentimiz.

Yangi tizimda texnik topshiriqlarga emas, ijodiy jarayon va uning talablariga ustuvorlik beriladi. Moliyalashtirish mexanizmini bir oyda joriy etish, kelgusi yildan boshlab milliy kinokompaniya soʻroviga koʻra har yili budjetdan tegishli mablagʻ ajratib borish topshirildi.

“Oʻzbekfilm”ning 10 gektarlik hududida kino xizmatlari jamlangan yagona industrial klaster – “Oʻzbekfilm kino shaharchasi” tashkil etiladi. Bu maqsadga 400 milliard soʻm yoʻnaltiriladi. “Kino shaharchasi”da quriladigan zamonaviy Dublyaj va ovozlashtirish markazi uchun 80 milliard soʻm ajratiladi. Ikki oyda shaharchaning master-rejasi va loyiha-smetasini ishlab chiqish, qurilishni keyingi yil mart oyidan boshlash vazifasi qoʻyildi.

Kinoijodkorlar uchun yana bir tashabbus maʼlum qilindi. Quyi Chirchiq tumanida zamonaviy talablar asosida taʼmirlangan “Koʻhinur” sihatgohi toʻligʻicha ular ixtiyoriga beriladi. Shuningdek, har yili sohaning kamida 300 nafar xodimiga respublika sihatgohlarida dam olish va davolanish uchun bepul yoʻllanma beriladi.

Sohada ilm, tahlil va professional tanqidchilikni rivojlantirish uchun “Kinoshunoslar klubi” tashkil etiladi. Milliy kinokompaniya uning faoliyatini qoʻllab-quvvatlab, Xalqaro kinotanqidchilar federatsiyasi – FIPRESCIga aʼzo boʻlishiga koʻmaklashadi.

Oʻzbekiston Kino arboblari va Oʻzbekiston kino sanoati vakillari uyushmalari birlashtirilib, Oʻzbekiston kino sohasi vakillari palatasi tuziladi. Palata ijodkorlarning mualliflik huquqlari va kasbiy manfaatlarini himoya qilish, yoshlarning professional oʻsishiga koʻmaklashish bilan shugʻullanadi. Yosh kinoijodkorlarning xorijda malaka oshirishi qoʻllab-quvvatlanadi.

Prezidentimiz “Oʻzbekfilm” nomini milliy kinomizning yagona brendi sifatida mustahkamlashni taklif qildi. Hozirgi Chilonzor koʻchasining ushbu qismiga “Oʻzbekfilm” nomini berish, Kino sanʼati muzeyi, Kino sanʼati saroyi va Milliy kinofondni ham shu nom ostida birlashtirish tashabbusi bildirildi.

Shundan soʻng davlatimiz rahbari tajribali kinoijodkorlar va yoshlarning fikrlarini tingladi. Ijodkorlarga zarur sharoit yaratilishi va ularning tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanishi taʼkidlandi. Yaxshi kino yaratish uchun halol mehnat, vatanparvarlik va xalqimizni sevib ijod qilish ham zarurligi aytildi.

– Sizlarga ishonaman. Oʻzligimizdan kuch olib, bugungi hayotimizni teran anglab, milliy kinomizning yangi sahifasini birgalikda yarata olamiz, – dedi Prezidentimiz.

Posted on — Leave a comment

Kino sohasida boshqaruvni tubdan isloh qilish rejalashtirilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev kino sohasiga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish va “Oʻzbekfilm” milliy kino brendini yaratish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Kino sanʼati jamiyatning ijtimoiy-maʼnaviy hayotida muhim oʻrin tutadi. U mamlakatning tarixi, milliy qadriyatlari va zamonaviy taraqqiyotini keng jamoatchilikka yetkazishda samarali vosita hisoblanadi.

Oxirgi yillarda ushbu sohaga eʼtibor tubdan kuchaydi. Prezidentning 10 ta farmon va qarorlari qabul qilindi, o‘tgan o‘n yilda kino ishlab chiqarishni byudjetdan qo‘llab-quvvatlash hajmi karrasiga oshdi.

Sohada davlat monopoliyasi tugatilib, xususiy kinostudiyalarning faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Tarixiy shaxslar va milliy oʻzlikni anglashga qaratilgan asarlar suratga olinib, zamonaviy kinopavilyonlar tashkil qilindi. Xorijiy davlatlar bilan yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, sohada kamchiliklar saqlanib qolayotganini taʼkidladi. Xususan, buyuk oʻzbek rejissorlari asos solgan chuqur psixologik va falsafiy oʻzbek kino maktabi susayib, yuzaki syujetli filmlar koʻpaygani, sifatli ssenariylar yetishmayotgani hamda operatorlik, ovoz rejissorligi va montaj sohasidagi avlodlar uzilishi yuzaga kelgani koʻrsatib oʻtildi.

Oʻrganishlar hozirda ishlab chiqarilishi belgilangan 181 ta loyihada mavzu va davrlarning qaytarilishi, ijodkorlarning bir vaqtning oʻzida bir nechta loyihalardagi ishtiroki, ayrim studiya va ijodiy guruhlar yetarli tajribaga ega emasligini koʻrsatdi.

Kinematografiya agentligi faoliyati samaradorligining asosiy koʻrsatkichlari suratga olinayotgan filmlarning ommabopligi, tomoshabinlarning eʼtirofi emas, balki tasdiqlangan rejani bajarishdan iborat boʻlib qolgani qayd etildi. Qolaversa, filmlarning marketingi, distributsiya va xalqaro sotuvi boʻyicha tizim yoʻlga qoʻyilmagan.

Taqdimotda kino sohasiga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish va “Oʻzbekfilm” milliy kino brendini yaratish maqsadida qator tashabbuslar bildirildi. Xususan, Kinematografiya agentligi, uning tizimidagi 19 ta tashkilot va Kinematografiya jamgʻarmasini tugatish, ularning vakolatlarini Madaniyat vazirligiga oʻtkazish, boʻshagan binolarni auksionda sotuvga chiqarish taklif qilindi.

Madaniyat vazirligi muassisligida “Oʻzbekfilm” milliy kinokompaniyasi tashkil etilib, sohadagi bosh operator etib belgilanadi. Kino mahsulotlarini ishlab chiqarishda davlat buyurtmasi tizimi bekor qilinib, loyihalar kompaniya tomonidan unga ajratiladigan budjet subsidiyalari orqali moliyalashtiriladi.

Shuningdek, Dolby Atmos texnologiyasi asosida ovoz studiyasi bilan jihozlangan zamonaviy Dublyaj va ovozlashtirish markazi tashkil etish, milliy onlayn kinoplatforma ishlab chiqib, mahsulotlarni monetizatsiya qilish imkoniyatini yaratish koʻzlanmoqda.

Davlatimiz rahbari bildirilgan takliflarni maʼqullab, kino sohasida zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilishni jadallashtirish, sohada ijodiy erkinlikni taʼminlash, sifatli ssenariylar va hayotiy syujetlarga boy filmlarni suratni olish ishlarini kengaytirish, xalqaro darajada oʻzbek kino maktabining dovrugʻini tiklash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Posted on — Leave a comment

Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash va farmatsevtika tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish, sohani tubdan isloh etishga qaratilgan dasturlar ijrosini ta’minlash borasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, boy bilim va tajribasi, professional mahorati bilan diagnostika va davolash amaliyotida ilg‘or texnologik va innovatsion usullarni keng qo‘llash, raqamli transformatsiyani jadallashtirish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, aholi salomatligini mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasi, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lidagi katta xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun quyidagilar mukofotlansin:

“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi” faxriy unvoni bilan

Daminov Botir Turgunpulatovich – Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori

Djurayev Mirjalol – Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining abdominal jarrohlik bo‘limi ilmiy rahbari

Karimov Shavkat Ibragimovich – Respublika xirurgik angionevrologiya ixtisoslashtirilgan markazi direktori

Yusupov Azamat Farxadovich – Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori

“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan

Vaisov Adxamdjon – Toshkent davlat tibbiyot universitetining 1-dermatovenerologiya va kosmetologiya kafedrasi professori

“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan

Aliyev Aziz Abdullayevich – Qo‘qon shahri tibbiyot birlashmasining nevrologiya bo‘limi shifokor-nevrologi, Farg‘ona viloyati

Alimuxamedova Nazira Agzamovna – Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining klinik-diagnostik laboratoriyasi laboranti

“Mehnat shuhrati” ordeni bilan

Mamasadikov Nurillo Shukrullayevich – Farg‘ona shahridagi “Central Asian medical university” nodavlat ta’lim muassasasi ta’sischisi, Farg‘ona viloyati

I darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan

Aliyeva Dilfuza Abdullayevna – Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining “Oila va nikoh” maslahatxonasi mudiri

Alyavi Baxromxon Anisxonovich – Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori

Ashurov Zarifjon Sharifovich – Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori

Kuldjanov Joldas – Amerika Qo‘shma Shtatlari Sent-Luis universiteti shifoxonasining ortopediya bo‘limi mudiri

Sabirov Ulug‘bek Yusupxonovich – Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori

Tashmuxamedova Barno Erkinovna – Toshkent shahridagi 1-bolalar klinik shifoxonasining chaqaloqlar patologiyasi bo‘limi mudiri

Tulyaganov Davron Baxtiyarovich – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori

Fozilov Xurshid G‘ayratovich – Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori

II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan

Axmedova Oliya Mamatqulovna – Qashqadaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining allergologiya bo‘limi mudiri

Babajanova Shaxida Dadajanovna – Respublika perinatal markazining akusherlik bo‘limi mudiri

Boboyeva Nodira Isroilovna – Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand viloyati filiali tug‘uruq bo‘limi doyasi

Bolkunova Faina Vladimirovna – O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining davlat ilmiy tibbiyot kutubxonasi rahbari

Kilichev Ibadulla Abdullayevich – Urganch davlat tibbiyot institutining asab kasalliklari, tibbiyot psixologiyasi va psixoterapiya kafedrasi professori, Xorazm viloyati

Saidazizova Shaxlo Xibziddinovna – Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Uzluksiz Tibbiy ta’lim milliy institutining bolalik davri asab kasalliklari kafedrasi dotsеnti

Yusupova Nargiza Sotvoldiyevna – Asaka tumani maslahat-diagnostika bo‘limining bolalar shifokor-nevropatologi, Andijon viloyati

“Do‘stlik” ordeni bilan

Akiko Fuji – Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili

Ayubiy Eisaxan Ayub – Amerika Qo‘shma Shtatlari “Project C.U.R.E.” tashkilotining hukumat va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik bo‘yicha bosh direktori

Baiyev Xasan Junidovich – Rossiya Federatsiyasining Ye.P.Glinka nomidagi Respublika bolalar klinik shifoxonasi yuz-jag‘ va plastik jarrohi

Gizatulina Nazira Rasulovna – Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining reanimatsiya bo‘limi anesteziolog-reanimatologi

Musayev Axmet Yusupovich – Ellikqal’a tumani tibbiyot birlashmasining bolalar reanimatsiyasi bo‘limi shifokor-reanimatologi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Pak Antonina Alikovna – Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining skrining-tibbiy maslahat bo‘limi shifokor-genetigi

Toyimbetova Galiya Kalabayevna – Zarafshon shahar ko‘p tarmoqli markaziy shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘limi shifokori, Navoiy viloyati

Sareva Viktoriya Eduardovna – Akademik Yo.To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent shahar filiali bosh shifokori

Usmanova Parizod Abdikayumovna – Respublika bolalar ftiziatriya va tayanch-harakat tizimi kasalliklari reabilitatsiyasi markazi direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari

I darajali “Salomatlik” ordeni bilan

Karimov Abdufarrux Abdusatarovich – Akademik Yo.To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining neyroxirurgiya bo‘limi ilmiy rahbari

Razikova Ilmira Sadullayevna – Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori

Raxmatov Nabijon Saliyevich – To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Yangiobod” oilaviy poliklinikasi oilaviy shifokori, Namangan viloyati

II darajali “Salomatlik” ordeni bilan

Begmanov Baxit Qudaybergenovich – Shumanay tumanidagi “Qarabayli” oilaviy shifokorlik punktining oilaviy shifokori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Boboqulova Oysanam Raxmatovna – Yakkabog‘ tumanidagi “Salomatlik” xususiy klinikasi rahbari, Qashqadaryo viloyati

Ganiyev Tulkunjan Gapirovich – Tibbiyot bosh boshqarmasining markaziy klinik shifoxonasi kardiologiya bo‘limi mudiri

Yoqubov Axror Tuyichiyevich – Uchtepa tumanidagi “Jacksoft medical diagnostics services” xususiy klinikasi neyrojarrohi, Toshkent shahri

Komilova Xuri – Piskent tumani tibbiyot birlashmasining ichki dorixonasi provizori, Toshkent viloyati

Kamilova Altinoy Tursunbayevna – Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining gastroenterologiya ilmiy bo‘limi mudiri

Kayumov Taxir Pottaxovich – Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazining bosh shifokori

Qodirova Ra’no Ganiyevna – Zangiota tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasining bosh shifokori, Toshkent viloyati

Mustafakulova Saxiba Yevgashevna – Sharof Rashidov tumani tibbiyot birlashmasining Ravot bo‘limi mudiri, Jizzax viloyati

Nasretdinova Shoxida Davranbekovna – Andijon shahridagi 6-oilaviy poliklinikasi bosh shifokori, Andijon viloyati

Omonov Olim Murodullayevich – O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari

Usmanova Gulnara Maxamadjanovna – Toshkent tibbiyot universitetining ko‘p tarmoqli klinikasi bosh hamshirasi

Xolbekova Xakimaxon Ismailovna – Mirzaobod tumanidagi 17-oilaviy poliklinikasi oilaviy shifokori, Sirdaryo viloyati

Chariyeva Salima Ibragimovna – Qumqo‘rg‘on tumanidagi 34-oilaviy poliklinikasi mudiri, Surxondaryo viloyati

Elov Boymurod Dilmurodovich – Buxoro nogironligi bo‘lgan ayollar uchun “G‘amxo‘rlik” markazi shifokor-terapevti, Buxoro viloyati

Ergashova Mukaramoy Jurabayevna – Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining farmako-toksikologik tahlil laboratoriyasi mudiri

“Jasorat” medali bilan

Buribayeva Arailim Kidirovna – Respublika tez tibbiy yordam markazining Peshku tumani bo‘limi hamshirasi, Buxoro viloyati

Mirzayeva Shohzoda Berdiyorovna – Ko‘kdala tumani tibbiyot birlashmasining reanimatsiya bo‘limi mudiri, Qashqadaryo viloyati

Urazbayeva Svetlana Turdimuratovna – Mo‘ynoq tumanidagi “Qozoqdaryo” oilaviy shifokorlik punkti katta hamshirasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

“Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan

Botirov Meyli Turayevich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Koson tumani bo‘limi haydovchisi, Qashqadaryo viloyati

Gimranov Emil Ildarovich – “UZINFOCOM” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori

Maxmudova Aziza Djumanovna – Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari

Narzullayev Abdigafur Urakovich – Ijtimoiy himoya milliy agentligining Nogironligi bo‘lgan shaxslarning funksionalligini baholash boshqarmasi bosh mutaxassisi

“Sog‘lom turmush” medali bilan

Axmedova Shahlo Abdumuminovna – Arnasoy tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasining patronaj hamshirasi, Jizzax viloyati

Ibragimov Dilshodjon Soatillayevich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Davlatobod tumani bo‘limi feldsheri, Namangan viloyati

Kadirova Flora Zakirovna – Tibbiyot bosh boshqarmasining 1-markaziy konsultativ-diagnostik poliklinikasi jarrohlik bo‘limi shifokor-otorinolaringologi

Kasimov Abdunabi Kadirovich – Chilonzor tumanidagi “Radiks” farmatsevtika korxonasi ta’sischisi, Toshkent shahri

To‘rayev Zafar Aktamovich – Xatirchi tumanidagi 28-oilaviy poliklinikasi oilaviy shifokori, Navoiy viloyati

Xudayberdiyeva Maxsuda Buriyevna – Angor tumani sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi sanitariya shifokori, Surxondaryo viloyati

Shoimqulova Malika – Bekobod tumanidagi “Yangihayot” oilaviy shifokorlik punkti oilaviy shifokori, Toshkent viloyati

Shukurov Shuxrat Utkurovich – Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazining davlat sog‘liqni saqlash siyosati samaradorligini baholash boshqarmasi bosh mutaxassisi

“Kelajak bunyodkori” medali bilan

Inomov Firdavs Ulug‘bek o‘g‘li – Bolalar milliy tibbiyot markazining maslahat va diagnostika bo‘limi shifokor-nevrologi

“Shuhrat” medali bilan

Abdunazarov Erkin G‘ulomovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Buvayda tumani bo‘limi haydovchisi, Farg‘ona viloyati

Abduraxmonova Sanoat Abdurafikovna – Samarqand tumani sog‘liqni saqlash bo‘limi katta hamshirasi, Samarqand viloyati

Axmedova Nargiza Maxmudovna – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filiali shoshilinch kardiologiya va terapiya bo‘limi shifokor-kardiologi, Buxoro viloyati

Zakirova Zebo Anvar qizi – Sirdaryo tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi IT-operatori, Sirdaryo viloyati

Kutlimuratova Enaxan Egambergenovna – Orolbo‘yi mintaqasi ixtisoslashtirilgan kardiologiya va kardioxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining poliklinika bo‘limi diagnostika shifokori, Xorazm viloyati

Murtalibova Nodira Mirmaksudovna – Bolalar milliy tibbiyot markazining nefrologiya va gemodializ bo‘limi shifokor-nefrologi

Murtazayev Nozimjon Ne’matovich – Milliy tibbiyot markazining neyroreanimatsiya bo‘limi shifokor-nevrologi

Nizamov Ulugbek Irgashevich – Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari

Nasirov Mansur Muxtorovich – Bolalar milliy tibbiyot markazining kam invaziv xirurgiya, transplantologiya va ortopediya bo‘limi mudiri

Omonov Faxriddin Saparovich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Oqqo‘rg‘on tumani bo‘limi feldsheri, Toshkent viloyati

Soatova Rano Axmatovna – Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining xirurgiya reanimatsiyasi bo‘limi kichik tibbiy xodimi

Toshbo‘lova Muxayyo Egamqulovna – Jizzax nogironligi bo‘lgan ayollar uchun “G‘amxo‘rlik” markazining kichik tibbiy xodimi, Jizzax viloyati

Umirzokov Nizomiddin Apayevich – Respublika tez tibbiy yordam markazining Paxtachi tumani bo‘limi haydovchisi, Samarqand viloyati

Usmonov Saida’lo Komiljon o‘g‘li – O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining standartlar va klinik qo‘llanmalarni ishlab chiqish va joriy qilish boshqarmasi boshlig‘i

Usmonov Shuxrat Urazali o‘g‘li – Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining reabilitatsiya bo‘limi mudiri

Shoabsarov Abdushohid Aslonovich – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining kuyganlar toksikologiya reanimatsiyasi bo‘limi mudiri

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev