Posted on Leave a comment

Chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Aholining kundalik iste’molida go‘sht, tuxum, sut va ulardan tayyorlangan mahsulotlar katta o‘rin egallaydi. Shu bois parrandachilik, qorako‘lchilik va echkichilikni rivojlantirish, oziq-ovqat inflyatsiyasini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Qolaversa, bu sohalarda aholini band qilish va daromadini oshirish imkoniyati ham ko‘p.

Masalan, 2023-yilda parrandachilik tarmog‘ida 253 ta loyiha amalga oshirilib, bunday xo‘jaliklar soni 1 ming 300 taga yetgan, 4 mingta yangi ish o‘rni ochilgan. Kelgusidagi istiqbolli loyihalar uchun xalqaro tashkilot va banklardan 420 million dollar jalb qilinmoqda.

Taqdimotda mutasaddilar parrandachilik tarmog‘ini rivojlantirish strategiyasi hamda bu yilgi rejalari yuzasidan axborot berdi.

Jumladan, bu yil parranda go‘shti hajmi 700 ming tonnadan 800 ming tonnaga, tuxum yetishtirish 8,5 milliard donadan 10 milliard donaga yetkazilishi aytildi.

Bu tarmoqdagi eng muhim masala – nasl. Yurtimizda go‘sht yo‘nalishidagi parrandaning 1-tartibli genetikasi yo‘q, 2-tartibli genetika esa Vengriyadan olib kelinayapti.

Jahon bozorida parranda genetikasining 80 foizi AQSH kompaniyasiga to‘g‘ri keladi. Shu bois ular bilan hamkorlikda parrandachilikda genetik texnologiyalarni joriy qilish va naslchilik xo‘jaliklari tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, parrandachilikda klaster tizimini joriy etish, tayyor biznes loyihalar qilib, tadbirkorlarga berish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Soha rivojini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar belgilandi. Unga ko‘ra, parrandachilik korxonalari 5 yilga yer solig‘idan ozod qilinadi. Parranda go‘shti eksportiga ruxsat beriladi. Tadbirkorlarga berilgan 35 million dollar arzon resursni qaytarish muddati 3 yilga uzaytiriladi.

Davlatimiz rahbari ozuqa-yem zaxirasini kengaytirish va parrandachilik xo‘jaliklariga markazlashtirilgan tartibda yetkazish bo‘yicha ham topshiriqlar berdi.

Hozirgi kunda yurtimizda 39 ta qorako‘lchilik xo‘jaligi bor. Buxoro viloyatidagi 2 million gektardan ziyod yaylovda 2 million bosh qo‘y boqilayapti. Bular, albatta, yetarli emas.

Shu bois qorako‘l qo‘yini kooperatsiya asosida xonadonlarda boqish taklifi bildirildi. Xususan, Qorako‘l, Qorovulbozor, G‘ijduvon, Peshku, Jondor, Olot tumanlarida aholiga qo‘ylar yetkazib berilib, yaylov va quduqlar ajratiladi. Ozuqabop o‘simliklar maydonlari kengaytiriladi.

Bu kabi choralar orqali qorako‘l qo‘ylarini 6 million boshdan 7 million boshga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Davlatimiz rahbarining Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida echkichilikni rivojlantirish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Shunga muvofiq, Turkiya va Rossiyadan zotdor echkilar olib kelinib, naslli echkichilik klasteri tashkil etildi.

Xuddi shu taxlit, Mo‘g‘uliston tajribasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Namangan va Toshkent viloyatiga 5 ming boshdan naslli echki olib kelib, ko‘paytirish zarurligi aytildi. Bu ikki yilda echkilar sonini 100 ming boshdan oshirish imkonini beradi.

Shuningdek, echkichilikda ham naslni yaxshilash, junni qayta ishlash orqali kashemir va tivit mahsulotlari yetishtirib, eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Rossiya IIV delegatsiyasini qabul qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 iyun kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsevni qabul qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari yaqinda Dog‘istonda sodir etilgan terrorchilik xuruji oqibatida halok bo‘lgan huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining oila a’zolariga hamdardlik va dalda so‘zlarini bildirdi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi ko‘rib chiqildi.

Terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, kiberxavfsizlik va raqamli ekspertiza sohalaridagi hamkorlikning dolzarb jihatlari muhokama qilindi.

Migratsiya sohasida hamkorlik mexanizmlarining samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


Posted on Leave a comment

Mahallalar obodligini ta’minlash tizimi taqdimot qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni mahallalar obodligini ta’minlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda barcha dasturlar mahallalarda amalga oshirilmoqda. Bu tizimga katta vakolat va imkoniyatlar berilmoqda. Ulardagi obodlik, muhit ham shunga yarasha bo‘lishi kerak.

Bugungi kunda yurtimizda 10 mingga yaqin mahalla bor. Shundan qariyb 3 mingtasi ko‘p qavatli uylardan iborat bo‘lib, ularga 821 ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatmoqda. Hovli uylar joylashgan 6 ming 400 dan ziyod mahallada esa obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari, asosan, hashar bilan qilinadi.

Shu bois bunday joylarda “Mahalla servis kompaniyasi” tashkil qilish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, bu tashkilotlar mahallalarni obodonlashtirish bilan shug‘ullanadi, ko‘chalar va ariqlar tozaligini ta’minlaydi, ko‘chatlar ekib, parvarishlaydi. Shartnoma asosida kommunal tarmoqlarni ta’mirlash, chiqindilarni saralash va tashish xizmatlarini ham ko‘rsatadi.

Servis kompaniyasi mahalla fuqarolar yig‘ini kengashining qarori asosida salohiyatli tadbirkorlar orasidan tanlab olinadi. Obodonchilik ishlari mahallaning buyurtmasi va nazorati asosida amalga oshiriladi. Servis kompaniyalari xizmatlariga to‘lovlar qilish uchun mahalla fuqarolar yig‘inlariga har oyda 20 million so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, ular aholiga 20 dan ortiq ijtimoiy pulli xizmatlar ko‘rsatishi ham mumkin bo‘ladi.

Umuman, bu tizim natijasida mahallalarga fayz kiradi, odamlarda ozodalik va daxldorlik madaniyati kuchayadi. Mahallada yashovchi ustalar va vaqtincha ishsiz kishilarning bandligi ta’minlanadi.

Taqdimotda servis kompaniyalari avval tajriba tariqasida 208 ta mahallada tashkil etilishi belgilandi. Ushbu tajriba natijasi bo‘yicha keyinchalik barcha mahallalarda joriy qilish taklifi bildirildi.


Posted on Leave a comment

Chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Aholining kundalik iste’molida go‘sht, tuxum, sut va ulardan tayyorlangan mahsulotlar katta o‘rin egallaydi. Shu bois parrandachilik, qorako‘lchilik va echkichilikni rivojlantirish, oziq-ovqat inflyatsiyasini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Qolaversa, bu sohalarda aholini band qilish va daromadini oshirish imkoniyati ham ko‘p.

Masalan, 2023-yilda parrandachilik tarmog‘ida 253 ta loyiha amalga oshirilib, bunday xo‘jaliklar soni 1 ming 300 taga yetgan, 4 mingta yangi ish o‘rni ochilgan. Kelgusidagi istiqbolli loyihalar uchun xalqaro tashkilot va banklardan 420 million dollar jalb qilinmoqda.

Taqdimotda mutasaddilar parrandachilik tarmog‘ini rivojlantirish strategiyasi hamda bu yilgi rejalari yuzasidan axborot berdi.

Jumladan, bu yil parranda go‘shti hajmi 700 ming tonnadan 800 ming tonnaga, tuxum yetishtirish 8,5 milliard donadan 10 milliard donaga yetkazilishi aytildi.

Bu tarmoqdagi eng muhim masala – nasl. Yurtimizda go‘sht yo‘nalishidagi parrandaning 1-tartibli genetikasi yo‘q, 2-tartibli genetika esa Vengriyadan olib kelinayapti.

Jahon bozorida parranda genetikasining 80 foizi AQSH kompaniyasiga to‘g‘ri keladi. Shu bois ular bilan hamkorlikda parrandachilikda genetik texnologiyalarni joriy qilish va naslchilik xo‘jaliklari tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, parrandachilikda klaster tizimini joriy etish, tayyor biznes loyihalar qilib, tadbirkorlarga berish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Soha rivojini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar belgilandi. Unga ko‘ra, parrandachilik korxonalari 5 yilga yer solig‘idan ozod qilinadi. Parranda go‘shti eksportiga ruxsat beriladi. Tadbirkorlarga berilgan 35 million dollar arzon resursni qaytarish muddati 3 yilga uzaytiriladi.

Davlatimiz rahbari ozuqa-yem zaxirasini kengaytirish va parrandachilik xo‘jaliklariga markazlashtirilgan tartibda yetkazish bo‘yicha ham topshiriqlar berdi.

Hozirgi kunda yurtimizda 39 ta qorako‘lchilik xo‘jaligi bor. Buxoro viloyatidagi 2 million gektardan ziyod yaylovda 2 million bosh qo‘y boqilayapti. Bular, albatta, yetarli emas.

Shu bois qorako‘l qo‘yini kooperatsiya asosida xonadonlarda boqish taklifi bildirildi. Xususan, Qorako‘l, Qorovulbozor, G‘ijduvon, Peshku, Jondor, Olot tumanlarida aholiga qo‘ylar yetkazib berilib, yaylov va quduqlar ajratiladi. Ozuqabop o‘simliklar maydonlari kengaytiriladi.

Bu kabi choralar orqali qorako‘l qo‘ylarini 6 million boshdan 7 million boshga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Davlatimiz rahbarining Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida echkichilikni rivojlantirish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Shunga muvofiq, Turkiya va Rossiyadan zotdor echkilar olib kelinib, naslli echkichilik klasteri tashkil etildi.

Xuddi shu taxlit, Mo‘g‘uliston tajribasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Namangan va Toshkent viloyatiga 5 ming boshdan naslli echki olib kelib, ko‘paytirish zarurligi aytildi. Bu ikki yilda echkilar sonini 100 ming boshdan oshirish imkonini beradi.

Shuningdek, echkichilikda ham naslni yaxshilash, junni qayta ishlash orqali kashemir va tivit mahsulotlari yetishtirib, eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.


Posted on Leave a comment

Mo‘g‘uliston Prezidenti O‘zbekistonning innovatsion salohiyatini yuqori baholadi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux birgalikda Toshkent shahridagi Texnoparkka tashrif buyurdilar.

Ushbu zamonaviy innovatsion majmua davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida barpo etilgan.

Bugungi kunda bu yerda 365 million dollardan ortiq to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar evaziga 16 ta ishlab chiqarish maydoni joylashgan.

Mo‘g‘uliston Prezidentiga Texnopark korxonalarida ishlab chiqarilayotgan keng turdagi yuqori texnologik mahsulotlar, shu jumladan maishiy texnika, elektron hisoblagichlar, liftlar, suv nasoslari, sanoat konditsionerlari, sovutish uskunalari va boshqalar namoyish etildi.

Ta’kidlash joizki, yetakchi xorijiy brendlar ostida va ular nazoratida ishlab chiqarilayotgan bu tovarlar ichki va tashqi bozorlarda katta talabga ega.

Prezidentlar ikki mamlakat yetakchi korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani kengaytirish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish tajribasi bilan o‘zaro almashish muhimligini ta’kidladilar.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar



24-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari Dog‘istonda sodir etilgan terrorchilik harakatlari munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi, halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik va dalda so‘zlarini bildirdi.

O‘zbekiston Prezidenti bu g‘ayriinsoniy zo‘ravonlikni qat’iy qoraladi hamda xavfsizlik sohasidagi umumiy tahdidlarga qarshi kurashda tegishli tuzilmalar o‘rtasidagi faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, 26-28-may kunlari Rossiya Federatsiyasi Prezidentining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi.

Kelgusidagi, shu jumladan ko‘p tomonlama tashkilotlar doirasidagi tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.


Posted on Leave a comment

Oʼzbekiston va Moʼgʼuliston Prezidentlari Faxriy mehmonlar xiyobonida daraxt ekdilar



Oliy darajadagi Oʼzbekiston-Moʼgʼuliston muzokaralari yakunlangach, Koʼksaroy qarorgohida daraxt ekish marosimi boʼlib oʼtdi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoev va Uxnaagiyn Xurelsux xalqlarimiz oʼrtasidagi doʼstlik va hamkorlik, ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochishga boʼlgan oʼzaro intilish ramzi sifatida Faxriy mehmonlar xiyobonida daraxt ekdilar.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston Prezidentlari muzokaralarning amaliy natijalaridan mamnunligini bildirdilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.

Yetakchilar ochiq va ishchan muhitda bo‘lib o‘tgan muloqotning samarali natijalaridan mamnun ekanliklarini, amaliy hamkorlikning barcha asosiy yo‘nalishlari atroflicha ko‘rib chiqilganini ta’kidladilar.

Davlatimiz rahbari Mo‘g‘uliston Prezidentining ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi birinchi tashrifi O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston do‘stligini mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan o‘zaro intilishning tasdig‘i bo‘lganini qayd etdi.

– Mo‘g‘uliston biz uchun Osiyo mintaqasidagi an’anaviy va ishonchli hamkordir. O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston munosabatlari do‘stlik, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan bo‘lib, kon’yunkturaga bog‘liq emas, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Davlat rahbarlarining Samarqand va Dubayda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlaridan so‘ng barcha darajalardagi aloqalar faollashdi. Tizimli siyosiy muloqot o‘rnatildi. Bugun Toshkentda Mo‘g‘uliston elchixonasi rasman ochiladi.

Bundan tashqari, tovar ayirboshlash hajmi izchil o‘sib bormoqda hamda yetakchi kompaniya va korxonalar o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda. Bugungi muzokaralar chog‘ida ishlar holati atroflicha tahlil qilindi, ustuvor yo‘nalishlar belgilandi va keng ko‘lamli hamkorlikning yangi kun tartibi kelishib olindi.

Tomonlar mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqalar doirasida yaqin muloqotlarni va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib oldilar.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Yaqin yillarda, birinchi navbatda, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish orqali tovar ayirboshlash hajmini oshirish vazifasi qo‘yildi. Ikki mamlakat poytaxtlarida savdo uylarini ochish va joriy yilda sanoat ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, tuzilayotgan ekspertlar guruhi doirasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasi va yetkazib beriladigan tovarlar ro‘yxatlari, shuningdek, bozorlarga kirishni soddalashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.

Mamlakatlarimiz bir-birini samarali to‘ldirishi mumkin bo‘lgan tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasining aniq yo‘nalishlari ham belgilandi.

Mineral resurslarni qazib olish va qayta ishlash, Qoraqalpog‘iston, Namangan viloyati va boshqa hududlarda chorvachilik majmualarini, go‘shtni qayta ishlash klasterini tashkil qilish, yengil sanoatda jun va terini chuqur qayta ishlash, shuningdek, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash va boshqa ko‘plab sohalardagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish shular jumlasidan.

Sanoat kooperatsiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘zaro investitsiyalarni himoya qilish va soliqqa tortish prinsiplari bo‘yicha asosiy kelishuvlar tayyorlanadi va qabul qilinadi.

Biznesning rejalari va g‘oyalari bugun o‘tkazilishi rejalashtirilgan davlat rahbarlarining ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuvida batafsil muhokama qilinadi.

Muzokaralarda samarali transport yo‘laklarini rivojlantirish va yuk tashuvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari ham muhokama qilindi.

Bunga havo va avtomobil aloqasi bo‘yicha imzolangan bitimlar xizmat qiladi. Poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi o‘rganiladi.

Barcha iqtisodiy masalalarni samarali hal qilish va loyihalarni tezlashtirish uchun yaqin fursatda Toshkentda Bosh vazirlar o‘rinbosarlari raisligidagi Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va Ishbilarmonlar kengashining ta’sis sessiyasi bo‘lib o‘tadi.

Madaniyat, san’at, ta’lim, turizm, yoshlar va sport sohalarida faol almashinuvlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Bu borada alohida hamkorlik dasturi tayyorlanib, kelgusi yilda Toshkent va Ulan-Batorda o‘zaro Madaniyat kunlari o‘tkaziladi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida mo‘g‘ulistonlik talabalarni o‘qitishni qayta yo‘lga qo‘yishni taklif qilganini ma’lum qildi.

Shuningdek, mamlakatlar yakkakurash sportining an’anaviy turlarini ommalashtirish, amaldagi vizasiz tartib sharoitida sayyohlar oqimini oshirish, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha hamkorlik qiladilar.

Kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida ikki davlat hukumatlariga kompleks “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash va uning o‘z vaqtida bajarilishini nazorat qilish topshirildi.

– Mo‘g‘uliston Prezidentining O‘zbekistonga birinchi davlat tashrifi haqli ravishda tarixiy bo‘ldi va ko‘p qirrali hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Birgalikdagi katta ishlarimizning birinchi amaliy natijalarini tez fursatda ko‘ramiz, deb ishonaman, – dedi O‘zbekiston Prezidenti so‘zining yakunida.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston ko‘p qirrali hamkorligini kengaytirishga qaratilgan kelishuvlarning salmoqli to‘plami imzolandi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning samarali muzokaralari yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Yetakchilar Davlatlararo munosabatlar va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Davlat tashrifi davomida jami 14 ta hujjat imzolandi, jumladan:

– Savdo, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik to‘g‘risidagi 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan hukumatlararo dastur;

– Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;

– Havo aloqasi to‘g‘risida hukumatlararo bitim;

– Xalqaro avtomobil aloqasi to‘g‘risida hukumatlararo bitim;

– Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;

– Xavfsizlik kengashlari kotibiyatlari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;

– Qishloq xo‘jaligi vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Veterinariya va chorvachilik sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Fanlar akademiyalari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Milliy axborot agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;

– Savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;

– Qo‘shma Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to‘g‘risida bayonnoma;

– Toshkent va Ulan-Bator shaharlari ma’muriyatlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston Prezidentlari ko‘p qirrali hamkorlikning yangi dasturini tayyorlash to‘g‘risida kelishib oldilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.

Suhbat avvalida Mo‘g‘uliston Prezidenti davlatimiz rahbariga O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelish taklifi va ko‘rsatilayotgan samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik bildirdi.

Mamlakatimiz rahbari oliy martabali mehmon va rasmiy delegatsiyaning barcha a’zolarini dildan qutlab, Mo‘g‘uliston Prezidentining ilk davlat tashrifi O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirishda yangi sahifa ochishini alohida ta’kidladi.

Muzokaralar davomida mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Hukumatlar, vazirlik va idoralar darajasidagi aloqalar va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ortib bormoqda. Bugungi sammitga tayyorgarlik doirasida o‘tkazilgan siyosiy maslahatlashuvlar samarali bo‘ldi. Shu kunlarda Toshkentda Mo‘g‘uliston elchixonasining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tadi.

Siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, xavfsizlik sohasida aloqalarni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Mo‘g‘uliston O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini to‘liq qo‘llab-quvvatlagan birinchi davlatlardan biri bo‘lgani va tegishli bayonnomani imzolagani qayd etildi.

Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini, eng avvalo, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish hisobiga 5-10 barobarga oshirish uchun salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.

Shu maqsadda hukumatlarga tovar ayirboshlash hajmini oshirish masalalari bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzish, Ulan-Bator va Toshkentda rasmiy savdo uylarini ochish, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni imzolashga tayyorlash hamda bozorlarga kirish sharoitlarini o‘zaro yengillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.

Bundan tashqari, ikki davlat poytaxtlarida o‘zaro sanoat ko‘rgazmalari o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Davlatimiz rahbari o‘rta muddatli Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi. Hamkorlikning bir qator yo‘nalishlari aniqlab olindi.

Bu, avvalo, geologik qidiruv, xomashyo resurslarini o‘zlashtirish va qayta ishlash sohasida hamkorlik qilish, shu jumladan, bu sohada kadrlar tayyorlashni tashkil etish.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va turdosh tarmoqlarda kompleks hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Bu borada Qoraqalpog‘iston, Namangan va boshqa viloyatlarda yirik chorvachilik komplekslarini tashkil etish bo‘yicha aniq rejalar bor.

Mo‘g‘ulistondan go‘sht va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlarni import qilish, shuningdek, O‘zbekistondan tovuq go‘shti, meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha takliflar tayyorlandi.

«Halol» standartlariga muvofiq go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha klaster tashkil etish va mintaqadagi mamlakatlarga eksport qilish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, teri va junni chuqur qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha loyihalar taklif etildi.

Bu yo‘nalishlarda, shu jumladan, chorvachilik sohasida ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish lozimligi ta’kidlandi.

Tomonlar xususiy sektor loyihalarini amalga oshirishga va biznes tashabbuslarini ilgari surishga ko‘maklashishga kelishib oldilar.

Bugun O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston yetakchilari ikki mamlakat biznes doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazadilar. Ular tomonidan yangi loyiha takliflari tayyorlangan.

Toshkentda ilg‘or texnologik yechimlar asosida zamonaviy diagnostika markazini ochish, yengil sanoat, raqamlashtirish, farmatsevtika sohasidagi loyihalar shular jumlasidan.

Yangidan tuzilayotgan Ishbilarmonlar kengashining faoliyati va qo‘shma biznes forumlari muntazam o‘tkazilishi bu boradagi rejalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish va soliqqa tortish prinsiplari to‘g‘risidagi asosiy bitimlar qabul qilinadi.

Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash maqsadida tashrif davomida havo va avtomobil transportida tashishlar to‘g‘risida muhim bitimlar qabul qilinadi. Ikki poytaxt o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish masalasi o‘rganiladi.

Shuningdek, eng samarali va qisqa, shu jumladan Qirg‘iziston va Xitoy orqali o‘tadigan transport yo‘laklarini birgalikda tahlil qilish taklif qilindi.

Iqtisodiy kun tartibidagi barcha masalalarni samarali ilgari surish uchun Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasidagi Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Madaniy-gumanitar aloqalar va almashinuvlarni mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratildi.

Turli yillarda O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida tahsil olgan mo‘g‘ulistonliklar do‘stlik va hamkorlikning haqiqiy ko‘prigi bo‘layotgani ta’kidlandi.

Eng nufuzli universitetlar o‘rtasida akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, grantlar asosida iqtidorli mo‘g‘ulistonlik talabalarni O‘zbekistonda o‘qitishni qayta tiklash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ertaga Toshkentda mashhur «Morin Xuur» mo‘g‘ul orkestri ishtirokida san’at ustalarining qo‘shma konserti bo‘lib o‘tadi.

Ikki mamlakat xalqlarini yaqinlashtirish maqsadida Gumanitar hamkorlik dasturini tayyorlash va kelgusi yilda Toshkent va Ulan-Batorda madaniyat kunlarini o‘tkazish taklif qilindi.

Ikki mamlakat o‘rtasida mavjud vizasiz tartibni inobatga olgan holda, qo‘shma dasturlar va mahsulotlar asosida turizm almashinuvlarini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, sport va yoshlar sohalarida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash topshirildi.

Davlatimiz rahbari Prezident Uxnaagiyn Xurelsuxning samarali muloqotni davom ettirish uchun Mo‘g‘ulistonga javob tashrifi bilan kelish taklifini qabul qildi.