Posted on Leave a comment

San’atsevar yoshlar uchun imkoniyatlar kengaytiriladi



Davlatimiz rahbariga tasviriy va amaliy san’at sohasini yanada rivojlantirishga oid qaror loyihasi haqida axborot berildi.

Bu sohalar xalqimiz madaniyatining, yoshlar tarbiyasining ajralmas qismi. Lekin ilgari, o‘nlab yillar davomida rassomlar e’tibordan chetda qolgandi. Shu bois Prezidentimiz Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida  bu masalaga to‘xtalib, mutasaddilarga ko‘rsatma bergan edi.

Loyihaga ko‘ra, 2026-2027-yillarda investitsiya dasturi doirasida Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zali va fondi binosini rekonstruksiya qilish, Toshkent fotosuratlar uyida Multimedia markazi tashkil etish rejalashtirilgan.

Eng muhimi, san’atsevar yoshlar uchun imkoniyatlar kengaytiriladi. Jumladan, Badiiy fond hududida zamonaviy galereya hamda 40 ta ijodiy ustaxonadan iborat Yosh rassomlar markazi barpo etiladi, Sharq miniatyura san’ati muzeyida o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonasi tashkil qilinadi. Benkov nomidagi rassomlik maktabi ta’mirlanib, 400 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi, 200 o‘rinli yotoqxona quriladi.

“Ustoz-shogird” tamoyili asosida yosh qalamkashlarni tarbiyalab kelayotgan tajribali rassomlar qo‘shimcha rag‘batlantirib boriladi. Har yili tanlov asosida eng iste’dodli ijodkorlar xorijiy mamlakatlarga tajriba almashishga yuboriladi.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida ta’lim sifatini oshirish choralari ko‘riladi. Bu yerda ilg‘or xorijiy o‘quv reja va dasturlar bosqichma-bosqich joriy etiladi. Professor-o‘qituvchilarning munosib badiiy asarlari ilmiy monografiyaga tenglashtiriladi.

Shuningdek, bu institutni bitirgan mutaxassislarga maktablarda tasviriy san’at fanidan dars o‘tishga ruxsat beriladi.

“Yangi O‘zbekiston manzaralari”, “Tarixiy allomalar” va “Zamon qahramonlari” turkumidan ijodiy asarlarni davlat buyurtmasi asosida yaratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentimiz hududlarda ham rassomlar uchun sharoitlarni yaxshilash, yoshlarni tasviriy va amaliy san’atga jalb etish zarurligini ta’kidladi.

Posted on Leave a comment

Italiya Bosh vazirini tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi



Samarqand shahrida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Melonini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Kongress markazi oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif etdi.

Harbiy orkestr ikki davlat madhiyalarini ijro etdi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.

Shundan so‘ng oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Turkiya bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini qayd etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-may kuni Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Javdat Yilmaz boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuksak martabali mehmon davlatimiz rahbariga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Turli darajalarda faol muloqot va almashinuvlar davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi, qo‘shma korxonalar soni, aviaqatnovlar ko‘paymoqda.

Bugun Toshkent shahrida o‘tgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, biznes muloqoti va ko‘rgazmaning samarali natijalari yuksak baholandi.

Tovar ayirboshlashni, shu jumladan Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar nomenklaturasini kengaytirish orqali yanada ko‘paytirish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralar ko‘rish muhim ekani ta’kidlandi.

Innovatsiyalar, energetika, sanoat, farmatsevtika, to‘qimachilik, turizm, ta’lim va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish, kooperatsiya loyihalarining yangi portfeli va madaniy-gumanitar almashinuv dasturini shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.

Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi kun tartibini tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama qildilar



9-may kuni Moskva shahridagi tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari G‘alabaning 80-yilligi munosabati bilan bir-birini samimiy qutladilar.

O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu jumladan Rossiya Prezidentining o‘tgan yil may oyidagi O‘zbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik sur’atini saqlab qolishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhim ekani ta’kidlandi.

Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlaridagi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish, shuningdek, hududlar o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Gumanitar almashinuvlar, eng avvalo, madaniyat, san’at, fan va ta’lim sohalarida samarali bo‘layotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Posted on Leave a comment

Temir yo‘l infratuzilmasi ko‘zdan kechirildi



Davlatimiz rahbari yurtimizda ishlab chiqarilayotgan vagonlar va Urganch-Xiva elektrlashtirilgan temir yo‘lini ko‘zdan kechirdi.

Bugungi kunda 465 kilometrlik “Buxoro-Urganch-Xiva” temir yo‘li elektrlashtirilib, himoya to‘siqlari o‘rnatildi va zarur inshootlar qurilgan.Bu yo‘nalish uchun Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan yuqori tezlikdagi 6 ta elektropoyezd xarid qilinib, kelgusi yildan “Jaloliddin Manguberdi” nomi ostida Toshkent-Xiva yo‘nalishiga qo‘yiladi.

Natijada yiliga 3 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi. Hozirda Toshkentdan Xivaga 14 soatda yetib boradigan poyezd mazkur yo‘nalishda harakatga qo‘yiladigan elektropoyezd imkoniyatlari tufayli 7 soat 40 daqiqada yetib boradi.

Shuningdek, yuk poyezdlari o‘tkazuvchanligi qariyb 6 million tonnaga yetadi. Hozir bu ko‘rsatkich 1 million tonna.

Prezidentimizning 2023-yil 10-oktyabrdagi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish to‘g‘risidagi qarori asosida vagonsozlik tarmog‘i ham mustahkamlanmoqda. Jumladan, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 50 million dollari yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarish uchun yo‘naltirilgan. Joriy yil birinchi chorakda dastlabki 10 ta yo‘lovchi vagoni qurib bitkazildi.

Davlatimiz rahbari ulardagi qulayliklarni ko‘zdan kechirdi.

Kelgusi ikki yilda yo‘lovchi vagonlari soni 70 taga ko‘paytirilib, eski turdagilaridan bosqichma-bosqich voz kechiladi. Natijada yiliga bir million nafardan ortiq qo‘shimcha yo‘lovchini tashish imkoniyati yaratiladi.

Prezident ushbu yangi poyezdda jamoatchilik bilan birga Urganchdan Xivaga bordi. Yo‘l bo‘ylab joylardagi obodonchilik, dala chetlarida ekilgan ko‘chatlarni kuzatib bordi.

Viloyatda o‘tgan yili “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida qariyb 10 million tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan. Yirik sanoat korxonalari tomonidan “yashil belbog‘”lar barpo etilgan.

Bu yil erta bahorda ham ziroatchilik ko‘lami kengaydi. Viloyatdagi 1 ming 100 gektardan ziyod dala chetlari va kanallar atrofidagi maydonlarga daromadli mahsulotlar ekildi. Ularni kafolatli xarid qilishga tadbirkorlar biriktirilgan. “Agroko‘makchi” mobil ilovasi orqali dala chetlari haqidagi ma’lumotlar jamoatchilikka yetkazilmoqda.

Posted on Leave a comment

Mahalliy mahsulotlar sifati ko‘zdan kechirildi



Davlatimiz rahbari Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi “Fayz-M” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakatimizda xomashyoni qayta ishlab, qo‘shilgan qiymat yaratishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Mazkur korxona ham mato to‘qish, bo‘yash va tayyor trikotaj ishlab chiqarish yo‘nalishidagi yirik loyihalardan biri.

Bu yerda yiliga 4 million 200 dona, 50 turdagi mahsulotlar tayyorlanadi.  Mingga yaqin fuqaro ish bilan ta’minlangan.  Xodimlar malakasini oshirish ham e’tiborda. Buning uchun dizaynerlik markazi tashkil etilgan.

Turkiya, Germaniya va Xitoydan keltirilgan ilg‘or uskunalar ish unumdorligi va mahsulotlar sifatini ta’minlamoqda. Tayyor kiyim-kechaklarning katta qismi eksportga yo‘naltiriladi. Yillik eksport salohiyati 6 million dollarga yetgan.

Prezidentimiz ishlab chiqarish jarayonini va tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi. Sifat ko‘rsatkichlari ustida ishlab, qo‘shilgan qiymatni oshirish va eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Posted on Leave a comment

Prezident Andijonga tashrif buyurdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 15-aprel kuni Andijon viloyatiga keldi.

Hududdagi o‘zgarishlar “havo darvozasi”danoq ko‘zga tashlanadi. Mamlakatimizda transport tizimini rivojlantirish borasidagi ishlar doirasida Andijon xalqaro aeroporti ham modernizatsiya qilinmoqda.

Tashrif chog‘ida davlatimiz rahbariga shu haqda axborot berildi.

Bu aeroport 1978-yilda qurilgan bo‘lib, hozirgi talablarga mos kelmay qolgan edi. Uchish-qo‘nish yo‘lagining yuk ko‘tarish qobiliyati pastligi, zamonaviy yoritish tizimining yo‘qligi sababli qatnovlarni qabul qilish imkoniyatlari cheklangandi.

Bugungi kunda rekonstruksiya ishlarining birinchi bosqichi bitkazildi. Uzunligi 3 ming 300 metr, kengligi 60 metr bo‘lgan yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘lagi va samolyotlar to‘xtash joyi qurildi. Drenaj tizimi yangilanib, yer osti suvi qochirildi. Shuningdek, bu yerda ikkinchi yurish yo‘lagi qurilishi davom ettirilib, IKAO CAT-II toifasidagi radar, meteorologiya va yoritish uskunalarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Natijada Boeing, Airbus rusumidagi yirik samolyotlarni ham, noqulay ob-havo sharoiti va tungi vaqtlarda ham qabul qilish mumkin bo‘ladi. Bu kunlik parvozlar sonini 10 barobargacha oshirish imkonini beradi.

Endi, ikkinchi bosqichda yo‘lovchi terminalini yangidan qurish ko‘zda tutilgan. Bu orqali yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga avvalgi 300 tadan 1000 taga, parvozlar soni yiliga 584 tadan 3 ming 700 taga ortadi. Bu Andijon shahri va Farg‘ona vodiysiga qatnovlar sonini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Faoliyatini qayta boshlagan mazkur aeroportda hozirda Toshkent – Andijon – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari bu yerda samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, xizmatlarni arzon qilib, mahalliy va xalqaro parvozlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Umuman, mamlakatimizda aeroportlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yillarda Samarqand, Termiz, Urganch, Shahrisabz, Mo‘ynoq, Qo‘qon va Zomin aeroportlari yangilandi. Yana bir qator viloyatlarda modernizatsiya jarayonlari davom etmoqda.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Gruziya bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini qayd etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon davlatimiz rahbariga Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvilining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-logistika, turizm va madaniyat sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Parlamentlar va hukumatlar darajasidagi aloqalar faollashgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. 2024-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash 50 foizga oshdi, qo‘shma korxonalar soni va yuk aylanmasi hajmi ko‘paydi. Poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda gruziyalik investorlar ishtirokida tashkil etilgan raqamli bank faoliyat yuritmoqda. Gumanitar yo‘nalishda o‘tgan yili Tbilisi shahrida O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Suhbatda shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishining yakunlari yuksak baholandi.

Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish, eksport va import mutanosibligini ta’minlash, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish, transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, ikki mamlakat hududlarini iqtisodiy hamkorlikka faol jalb qilish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralar ko‘rish muhimligi qayd etildi.

Raqamlashtirish va turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi sheriklik va almashinuvlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida kelgusida O‘zbekiston va Gruziya hukumatlari darajasida yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Posted on Leave a comment

Tibbiyot muassasalarini jihozlash masalalari ko‘rib chiqildi



Davlatimiz rahbari tibbiyot muassasalarini jihozlash va xizmatlar sifatini oshirishga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Aholi salomatligini mustahkamlash va davolash sifatini oshirish maqsadida shifoxonalar zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanmoqda. Buning uchun byudjetdan har yili kamida 100 milliard so‘m ajratilayapti. Shuningdek, o‘tgan yilning o‘zida tibbiyotni yuqori texnologik uskunalar bilan ta’minlash uchun 200 million dollar xorijiy investitsiya, 94 million dollar grant jalb qilindi.

Natijada oldin faqat respublika muassasalarida bo‘lgan kompyuter tomografi, magnit rezonansli tomograf, angiograflar hozir viloyatlarda, o‘nlab tumanlarda ham bor. Bu ixtisoslashgan xizmat aholiga yanada yaqinlashdi, degani.

Joriy yil ushbu maqsadlarga davlat hisobidan 200 milliard so‘m ajratilgan. Shuningdek, tibbiyotga 370 million dollar xorijiy investitsiya kiritilishi mo‘ljallangan.

Taqdimotda tibbiyot muassasalarini jihozlash bo‘yicha rejalar bayon etildi.

Xususan, Osiyo taraqqiyot bankining 100 million dollar mablag‘i evaziga respublikadagi 230 ta tug‘ruq muassasasi uchun 45 turdagi 21 mingta tibbiy uskuna va 6 ta reanimobil xarid qilinadi.

Germaniyaning KfW bankining 30 million yevro mablag‘i hisobiga Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi 19 tadan tibbiyot muassasasi yurak-qon tomir kasalliklarini davolovchi 862 ta uskuna bilan jihozlanadi. Yana shu bankning 13,5 million yevro granti orqali Termiz shahrida o‘quv markazi, talabalar turar joyi quriladi. Bu markaz zamonaviy o‘quv-simulyatsiya va axborot texnologiyalari bilan jihozlanadi.

Davlatimiz rahbari jihozlash bu masalaning faqat bir qismi ekani, ularda ishlay oladigan malakali mutaxassislarni hozirdan tayyorlash kerakligini ta’kidladi. Tegishli muassasalardagi shifokor va hamshiralarni qo‘shimcha o‘qitish vazifasi qo‘yildi.

Uskunalardan samarali foydalanish ham muhim. Masalan, viloyatlarda angiograflar yuklamasi o‘rtacha 34 foiz. Tomograf bo‘yicha holat ham har xil.

Shu bois, hokimliklar bilan birga, davlat shifoxonalaridagi yuqori texnologik uskunalardan samarali foydalanish bo‘yicha autsorsing va xususiy sheriklik loyihalari yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Posted on Leave a comment

Transformatsiya dasturlarining ijrosi va rejalar ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-dekabr kuni metallurgiya korxonalarining transformatsiya dasturlari hamda 2025-yilgi rejalari bilan tanishdi.

So‘nggi yetti yilda bu sohada ishlab chiqarish 1,5 barobar o‘sgan. Xususan, yillik oltin qazib olish hajmi 2016-yilga nisbatan 26 tonnaga, kumush 77 tonnaga, mis 32 ming tonnaga oshgan.

Oxirgi besh yilda tog‘-kon va metallurgiyaga qariyb 9,5 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, 15 ta yirik loyiha ishga tushirildi. Natijada bu soha iqtisodiyotni transformatsiya qilishda eng muhim drayverga aylanmoqda. Mamlakatimiz sanoati hajmining uchdan biri uning hissasiga to‘g‘ri kelayapti.

Tog‘-kon sanoati elektrotexnika, qurilish materiallari, kimyo, zargarlik kabi tarmoqlar uchun xomashyoni ko‘paytirib, ularning o‘sishiga katta turtki berayapti. Shuningdek, kombinatlar 60 dan ortiq kichik va o‘rta korxonalar bilan kooperatsiya asosida yaqindan ishlayapti.

Bularni davom ettirib, iqtisodiy samaradorlikni oshirib borish – zamon talabi. Tarmoq korxonalarini jahon moliya bozorida jozibador kompaniyalarga aylantirish kerak.

Yig‘ilishda tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri hamda kombinatlar rahbarlari shu boradagi rejalar bo‘yicha axborot berdi.

Jumladan, 2025-yilda tog‘-kon va geologiya sohasidagi loyihalarga 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish ko‘zda tutilmoqda. Kaolin ishlab chiqarishni 50 foiz oshirish, ko‘mir qazib olishni 10 million tonnaga yetkazish mo‘ljallanmoqda.

Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati bu yil ilk bor xalqaro bozorda yevrobond joylashtirib, 1 milliard dollar arzon resurs jalb qildi. Kelgusi yil yana 500 million dollar yevrobond chiqarish rejalashtirilgan.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasini hamda O‘zbekiston metallurgiya kombinatida yangi quyuv prokatlash majmuasi ishga tushiriladi. O‘zbekiston texnologik metallar kombinatida “yashil iqtisodiyot” uchun muhim bo‘lgan noyob metallar xomashyosi kengaytiriladi.

Davlatimiz rahbari kelgusi yilda kombinatlar transformatsiya orqali dunyo bozorida raqobatdoshligini oshirish bo‘yicha katta o‘zgarish qilishi zarurligini ta’kidladi.

Bunda tannarxni tushirish, faoliyatni to‘liq raqamlashtirish, xalqaro bozorlardan mablag‘ olib kelish, yangi texnologiyalarni joriy qilib, ish jarayonini avtomatlashtirish eng muhim vazifalar ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Korxonalar jahondagi o‘zgarishlarga tez moslashib, yangi tashabbuslar ko‘rsatishi zarurligi aytildi. Tejamkorlik va samaradorlik tamoyili asosida xarajatlarni kamaytirish, sanoat tarmoqlarini xomashyo bilan uzluksiz ta’minlash choralari belgilandi.