info@ccrp.uz
Davlat va jamoat arbobi, Navoiy viloyatining sobiq hokimi, mehnat faxriysi Bahriddin Murtazayevich Ro‘ziyev shu yil 11-noyabr kuni 76 yoshda vafot etdi.
B.Ro‘ziyev 1950-yil 23-avgustda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng mehnat faoliyatini Karmana tumani yo‘l qurilishi birlashmasida avtochilangar sifatida boshladi. Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda, Toshkent politexnika institutida muhandis-mexanik mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oldi. Keyinchalik Moskva ijtimoiy fanlar akademiyasida o‘qidi.
B.Ro‘ziyev Navoiy viloyatida ko‘p yillar davomida yoshlar tashkilotlari va turli boshqaruv idoralarida mas’ul vazifalarda ishlab, o‘zini tirishqoq va jonkuyar rahbar sifatida namoyon etdi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda u Navoiy viloyati gazlashtirish boshqarmasi boshlig‘i, hududiy kommunal foydalanish boshqarmasi boshlig‘i, Konimex tumani hokimi kabi lavozimlarda samarali mehnat qilib, hudud aholisining turmush sharoitini yaxshilash, shahar va qishloqlarni obodonlashtirishga munosib hissa qo‘shdi.
Boshqaruv va tashkiliy ishlar borasida katta salohiyatga ega bo‘lgan B.Ro‘ziyev 2002-yilda Navoiy viloyati hokimi etib tayinlandi. Murakkab o‘tish davrida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sanoat va ishlab chiqarish sohalarini kengaytirish, iqtisodiyotga investitsiyalar jalb etish, fermerlik harakatini shakllantirish, vohaning eksport imkoniyatlarini oshirish, aholini ijtimoiy himoya qilish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatdi.
Ayniqsa, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasini tashkil qilish, Navoiy xalqaro aeroporti negizida xalqaro logistika markazini barpo etish ishlarida sidqidildan fidokorona mehnat qildi.
Yangi O‘zbekiston sharoitida faxriylar tashkilotining a’zosi sifatida o‘zining boy bilim va tajribasi, qimmatli maslahatlari bilan turli soha va tarmoqlarni rivojlantirish, yosh iqtidorli kadrlarni tarbiyalash, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida kamol toptirishga qaratilgan tadbirlarda, jamoat ishlarida faol ishtirok etdi.
Taniqli davlat va jamoat arbobi, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon ustozi Bahriddin Ro‘ziyevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva,
N.Ismoilov, A.Aripov, S.Turdiyev