info@ccrp.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-iyun kuni madaniyat va sanʼat sohasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Unda adabiyot, madaniyat va sanʼat namoyandalari, shoir va yozuvchilar, aktyor, dramaturg va rejissyorlar, qoʻshiqchi, sozanda va kompozitorlar, rassom, haykaltarosh, hunarmandlar, sanʼatshunos olimlar ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida madaniyat va sanʼat xalq maʼnaviyati, jamiyat tafakkuri va yoshlar tarbiyasida beqiyos oʻrin tutishini taʼkidladi.
Bugun dunyoda inson ongi va qalbini egallash uchun kurash kuchayib borayotgani, bunday sharoitda kitob, teatr, kino, musiqa va adabiyot jamiyatning maʼnaviy immunitetini mustahkamlaydigan eng taʼsirchan vositalar ekani qayd etildi.
Uchrashuvga tayyorgarlik jarayonida ijodkorlar bilan muloqot qilingani, madaniyat va sanʼat obyektlaridagi holat oʻrganilgani taʼkidlandi. Davlatimiz rahbari bugungi muloqot sohadagi muammolarga yechim topish, adabiyot, madaniyat, sanʼat va kreativ iqtisodiyotda yangi muhit yaratishga qaratilganini bildirdi.
Avvalo, ijodkorlarni ragʻbatlantirish va yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Teatr, kino, raqs, opera, folklor, estrada, akademik va milliy cholgʻu, tasviriy va amaliy sanʼat kabi 21 ta yoʻnalish boʻyicha ijodiy birlashmalar tashkil etiladi. Ularga ustoz ijodkorlar, vazirlar va yirik kompaniyalar rahbarlari hamrais boʻladi.
Bu birlashmalar tumanlardagi musiqa maktablari va badiiy jamoalar bilan ishlab, yosh isteʼdodlarni aniqlash, mahalla – tuman – viloyat – respublika bosqichlarida tanlovlar oʻtkazish, gʻoliblarni gastrol safarlari, festivallar va xalqaro tanlovlarda qoʻllab-quvvatlash bilan shugʻullanadi.
Har yili “Milliy ijodkorlar qurultoyi” oʻtkaziladi. Qurultoyda yil davomida eng yaxshi natija koʻrsatgan ijodkorlarning badiiy kechalari tashkil etilib, ular munosib taqdirlanadi.
Xususan, musiqa sohasida yangi asarlar yaratgan, xalqaro tanlovlarda gʻolib boʻlgan yoki asarlari mamlakat va xalqaro sahnalarda ijro etilayotgan qoʻshiqchi, sozanda va kompozitorlar, adabiyot sohasida esa asarlari keng eʼtirof etilgan, katta adadda chop etilgan, teatr va kinoda sahnalashtirilgan shoir, yozuvchi va dramaturglar ragʻbatlantiriladi.
Bunday ijodkorlarga yil davomida har oyda 5 million soʻmdan gonorar beriladi, ular Oʻzbekiston boʻylab samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanadi. Ixtisoslashgan tibbiyot markazlarida davolanish xarajatlari budjetdan qoplanadi, ularning mahorat maktablari va ijod uylari tashkil etiladi.
Yosh isteʼdodlar va ularning ustozlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham muhim choralar belgilandi. 1-sentabrdan boshlab respublika tanlovi gʻoliblariga 100 million soʻm, nufuzli xalqaro tanlov sovrindorlariga 300 million soʻmgacha mukofot beriladi, ularning ishtirok xarajatlari toʻliq qoplanadi. Ustoz va murabbiylar oylik maoshiga 100 foizgacha ustama toʻlanadi.
Har yili 100 nafar yosh davlat hisobidan xorijiy madaniyat va sanʼat muassasalarida taʼlim olishga yuboriladi. Yosh isteʼdodlarni aniqlash, prodyuserlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Ijodga investitsiya” jamgʻarmasi tashkil etilib, unga yiliga 200 milliard soʻm ajratiladi.
Ijodkorlarning mualliflik huquqini himoya qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Adabiyot, madaniyat va sanʼat sohasida yaratilgan har bir mahsulot ijodkorning intellektual mulki ekani, har bir badiiy asar, musiqa va qoʻshiq muallifga daromad keltirishi zarurligi taʼkidlandi. Masʼullarga mualliflik huquqini kafolatli himoya qiladigan tizim ishlab chiqish topshirildi.
Adabiyot sohasi vakillari uchun ham yangi imkoniyatlar yaratiladi. Shoir va yozuvchilarga yiliga kamida 50 ta eng sara asar uchun ijodiy buyurtma beriladi. Har yili oʻzbek adabiyotining 10 ta eng yaxshi asari xorijiy tillarga tarjima qilinib, mualliflar ishtirokida chet ellarda taqdimotlar oʻtkaziladi. Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi asosida chop etiladigan kitoblarning qogʻoz bilan bogʻliq xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi.
Ijodkorlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham bir qator imtiyozlar belgilandi. Har yili 1 ming nafar shoir va yozuvchi, madaniyat va sanʼat vakili, muzey xodimi va rassomlarga uy-joy olish uchun ipoteka krediti dastlabki toʻlovining 50 foizi qoplab beriladi.
Boshqa hududdan kelib ishlayotgan soha vakillariga uy-joy ijarasi xarajatlari uchun Toshkent shahrida oyiga 2,5 million soʻmgacha, viloyatlarda 1 million 600 ming soʻmgacha kompensatsiya toʻlanadi.
Har yili faoliyatida yaxshi natijaga erishgan 1 ming nafar soha xodimi davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi hisobidan bepul davolanadi, yana 2 ming nafar ijodkorga davlat tomonidan tibbiy sugʻurta paketi taqdim etiladi. Kamida 10 yil ishlagan xodimlarga kasaba uyushmalari sanatoriylariga bepul yoʻllanma beriladi.
Ashula va raqs ansambllarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 1-sentabrdan boshlab ulardagi barcha xodimlarning ish haqi 2 karra oshiriladi. Raqs ustalari uchun pensiyaga chiqishda talab etiladigan raqs staji 20 yildan 15 yilga qisqartiriladi. Yangi Toshkentda qurilishi boshlangan Maqom markazi yonida zamonaviy Raqs saroyini barpo etish taklifi ilgari surildi.
Kompozitor va bastakorlar faoliyatini moliyalashtirish, ularni moddiy ragʻbatlantirish tizimi ham qayta koʻrib chiqiladi. Har yili ularga opera, simfoniya kabi mumtoz va zamonaviy janrlar boʻyicha kamida 20 ta yangi asar yaratish uchun davlat buyurtmasi beriladi.
Davlatimiz rahbari jamiyatimizda milliy ruhni mustahkamlashning ahamiyatiga alohida toʻxtaldi. Bugun xalqni ilhomlantiradigan adabiyot, yoshlarga faxr va iftixor beradigan kino, qalblarni junbishga keltiradigan musiqa, odamni oʻzini anglashga undaydigan teatr kerakligi taʼkidlandi.
Internet va ijtimoiy tarmoqlar hayotimizda muhim oʻrin egallayotgan hozirgi davrda ijodkor-ziyolilarning raqamli maydondagi ovozi balandroq yangrashi zarurligi qayd etildi.
Madaniy tadbirlarga talabni oshirish maqsadida ham yangi mexanizmlar joriy qilinadi. Har yili 500 ming oʻqituvchi, shifokor, davlat xizmatchisi, faol oʻquvchi va talabalarga, shuningdek, 100 ming ehtiyojmand oila va nogironligi bor bolalarga teatr, kino va konsertlarga bepul vaucherlar beriladi.
1-iyuldan har bir tuman va mahallada konsert-tomosha tadbirlari oʻtkazish xarajatining 20 foizgacha qismi budjetdan qoplanadi. Konsert-tomosha, xususiy teatr, kinematografiya, bolalar kontenti, madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi xususiy taʼlim tashkilotlari qator soliqlardan ozod qilinadi. Adabiyot, madaniyat va sanʼatni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan homiylik mablagʻlari ham soliqqa tortilmaydi.
Viloyat hokimliklari huzurida alohida direksiyalar tashkil etilib, ular konsert, teatr va madaniyat saroylari zallaridan samarali foydalanish, har kuni madaniy tadbirlar oʻtkazish uchun masʼul boʻladi.
Teatr sohasida ham keng imkoniyatlar yaratiladi. Oʻtgan yili Alisher Navoiy nomidagi teatrga moliyaviy, ijodiy va tashkiliy masalalarni mustaqil hal qilish vakolati berilgani yaxshi natija bergani ta’kidlandi. Bir yilda spektakllar soni 1,5 barobar, tomoshabinlar esa 2 karra koʻpaygan. Endi mazkur tajriba Muqimiy, Berdaq va Milliy qoʻgʻirchoq teatrlariga ham tatbiq etiladi.
Xususiy teatrlar va teatr-studiyalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 1-sentabrdan boshlab har yili 50 ta sahna asari yaratish xarajati davlat tomonidan qoplab beriladi. Ularga davlat madaniyat obyektlari bepul foydalanish uchun ajratiladi, xususiy bino ijaraga olinganda oyiga 20 million soʻmgacha xarajat budjetdan qoplanadi. Spektakllar uchun sotilgan har bir chiptaga budjetdan qoʻshimcha gonorar toʻlash tizimi joriy etiladi.
Kino sohasini rivojlantirish boʻyicha ham muhim vazifalar belgilandi. “Oʻzbekfilm”ga milliy maqom berilib, u mahalliy va xalqaro kinoindustriyaga xizmat koʻrsatadigan markaziy kinokonsernga aylantiriladi. Milliy filmlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish maqsadida global kinoplatformalar bilan hamkorlik kuchaytiriladi.
Davlat buyurtmasi asosida film yaratishda targʻibot va reklama xarajatlari uchun film budjetining 30 foizigacha mablagʻ ajratiladi. Davlat buyurtmasi asosida yaratilgan filmlar namoyishidan tushgan mablagʻning 50 foizi prodyuser va ijodiy guruhga qoʻshimcha ragʻbat sifatida beriladi. “Oltin humo” milliy kino taqdimotining nufuzini yangi bosqichga koʻtarish uchun har yili 5 milliard soʻm ajratiladi.
Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish alohida yoʻnalish sifatida belgilandi. Yaqin yillarda madaniyat va sanʼatda qoʻshilgan qiymatni koʻpaytirish orqali kreativ iqtisodiyot hajmini 145 trillion soʻmga yetkazish maqsad qilingan. Shu maqsadda sohaning huquqiy asosi yaratilgan, Kreativ industriya parki rezidentlari uchun alohida soliq rejimi joriy etilgan. Shayxontohur tumani va Nukus shahrida yirik kreativ parklar qurilishi boshlangan.
Hunarmandchilik mahsulotlariga zamonaviy dizayn olib kirish orqali ularning qoʻshilgan qiymatini 5-10 karra oshirish boʻyicha loyihalar amalga oshiriladi. Xalqaro dizaynerlar bilan hamkorlik kengaytirilib, Yevropa, AQSh, Janubiy va Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlarida koʻrgazmalar koʻpaytiriladi. Har bir hududda yil davomida mega-tadbirlar tashkil qilish boʻyicha dastur ishlab chiqiladi.
Uchrashuvda madaniyat va sanʼat sohasida taʼlim tizimini takomillashtirish masalasi ham atroflicha muhokama qilindi. Umumtaʼlim maktablarida musiqa, tasviriy sanʼat va texnologiya darslari “Art” oʻquv dasturi asosida yangilanadi. Yangi oʻquv yilidan har bir viloyatdagi 10 tadan umumtaʼlim maktabida tajriba tarzida art yoʻnalishi joriy etiladi.
Bunda boshlangʻich sinflarda bolalarni rasm, musiqa va oʻyinlar orqali ijodga qiziqtirish, yuqori sinflarda esa dizayn, grafika, sunʼiy intellekt va kreativ loyihalar bilan ishlash koʻnikmalarini shakllantirish nazarda tutiladi.
Yurtimizdagi 326 ta musiqa va sanʼat, 29 ta ixtisoslashgan maktabda 95 ming oʻgʻil-qiz taʼlim olayotgani qayd etildi. Ushbu muassasalar uchun aniq samaradorlik koʻrsatkichlari ishlab chiqiladi. Musiqa maktablari bitiruvchilari oʻz yoʻnalishidan tashqari qoʻshimcha bitta milliy cholgʻuni bilishi talab etiladi.
Yangi oʻquv yilidan 326 ta musiqa va sanʼat maktabi oʻqituvchilarining oyligi umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilari bilan tenglashtiriladi. Umumtaʼlim va musiqa maktabi oʻqituvchilari ish haqiga oʻquvchilarining cholgʻularni qay darajada ijro etishiga qarab, 20 foizgacha ustama toʻlanadi. Kamida 1,5 million oʻquvchini musiqa va sanʼatga jalb qilish vazifasi qoʻyildi.
Har bir umumtaʼlim maktabida musiqa va sanʼat yoʻnalishida kamida 4 tadan toʻgarak tashkil etiladi. Milliy cholgʻu sotib olganlarga xarajatning 30 foizi qoplab beriladi. Imkoniyati cheklangan yoshlar uchun hududlarda “Inklyuziv ijodiy ustaxonalar” tashkil etiladi va ushbu yoʻnalishga har yili 30 milliard soʻm ajratiladi.
Kadrlar tayyorlash tizimi ham qayta koʻrib chiqiladi. Yangi oʻquv yilidan ixtisoslashgan maktablarga oʻquvchilar musiqa yoʻnalishida 5-sinfdan, raqs, teatr va sanʼat boʻyicha 9-sinfdan qabul qilinadi. Musiqa va sanʼat, Estrada va sirk texnikumlari Madaniyat vazirligi tizimiga oʻtkazilib, ularga oliy maktab maqomi beriladi. Ularda oʻquv jarayoni uch yillik dastur asosida tashkil etiladi.
Madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi oliygohlarda “dual taʼlim” yoʻlga qoʻyiladi. Har bir talabaga taniqli ijodkorlar biriktirilib, ular yoshlarni konsert, teatr va tomoshalarda ishtirok ettirish orqali katta sahnaga tayyorlaydi. Taʼlim dasturlariga “Art-menejment”, “Kreativ industriya”, “Loyihalarni tijoratlashtirish” kabi zamonaviy mavzular kiritiladi. Talabalarning startap loyihalari uchun 10 ta oliygohga 50 milliard soʻm ajratiladi.
Soha xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash boʻyicha yaxlit tizim yaratiladi. Mavjud markazlar negizida Madaniyat vazirligi tizimida malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti tashkil etiladi. Mazkur institut umumtaʼlim maktablaridagi musiqa oʻqituvchilarining malakasini oshirish uchun ham masʼul boʻladi.
– Bugun dunyoda qanday tahlikali holat, qarama-qarshilik va nizolar roʻy berayotganini koʻrib turibmiz. Bunday vaziyatda biz uchun milliy birlik va hamjihatlik har qachongidan ham muhim. Ishonchim komil, bu borada sizlar eng oldingi safda turib, chinakam vatanparvarlik, millatga sadoqat va fidoyilik fazilatlaringiz bilan yoshlarimizga, butun xalqimizga namuna boʻlasizlar, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari soha vakillari bilan samimiy muloqot qildi, ularning fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslarini tingladi.