Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston Prezidentlari ko‘p qirrali hamkorlikning yangi dasturini tayyorlash to‘g‘risida kelishib oldilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.

Suhbat avvalida Mo‘g‘uliston Prezidenti davlatimiz rahbariga O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelish taklifi va ko‘rsatilayotgan samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik bildirdi.

Mamlakatimiz rahbari oliy martabali mehmon va rasmiy delegatsiyaning barcha a’zolarini dildan qutlab, Mo‘g‘uliston Prezidentining ilk davlat tashrifi O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirishda yangi sahifa ochishini alohida ta’kidladi.

Muzokaralar davomida mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Hukumatlar, vazirlik va idoralar darajasidagi aloqalar va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ortib bormoqda. Bugungi sammitga tayyorgarlik doirasida o‘tkazilgan siyosiy maslahatlashuvlar samarali bo‘ldi. Shu kunlarda Toshkentda Mo‘g‘uliston elchixonasining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tadi.

Siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, xavfsizlik sohasida aloqalarni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Mo‘g‘uliston O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini to‘liq qo‘llab-quvvatlagan birinchi davlatlardan biri bo‘lgani va tegishli bayonnomani imzolagani qayd etildi.

Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini, eng avvalo, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish hisobiga 5-10 barobarga oshirish uchun salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.

Shu maqsadda hukumatlarga tovar ayirboshlash hajmini oshirish masalalari bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzish, Ulan-Bator va Toshkentda rasmiy savdo uylarini ochish, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni imzolashga tayyorlash hamda bozorlarga kirish sharoitlarini o‘zaro yengillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.

Bundan tashqari, ikki davlat poytaxtlarida o‘zaro sanoat ko‘rgazmalari o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Davlatimiz rahbari o‘rta muddatli Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi. Hamkorlikning bir qator yo‘nalishlari aniqlab olindi.

Bu, avvalo, geologik qidiruv, xomashyo resurslarini o‘zlashtirish va qayta ishlash sohasida hamkorlik qilish, shu jumladan, bu sohada kadrlar tayyorlashni tashkil etish.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va turdosh tarmoqlarda kompleks hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Bu borada Qoraqalpog‘iston, Namangan va boshqa viloyatlarda yirik chorvachilik komplekslarini tashkil etish bo‘yicha aniq rejalar bor.

Mo‘g‘ulistondan go‘sht va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlarni import qilish, shuningdek, O‘zbekistondan tovuq go‘shti, meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha takliflar tayyorlandi.

«Halol» standartlariga muvofiq go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha klaster tashkil etish va mintaqadagi mamlakatlarga eksport qilish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, teri va junni chuqur qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha loyihalar taklif etildi.

Bu yo‘nalishlarda, shu jumladan, chorvachilik sohasida ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish lozimligi ta’kidlandi.

Tomonlar xususiy sektor loyihalarini amalga oshirishga va biznes tashabbuslarini ilgari surishga ko‘maklashishga kelishib oldilar.

Bugun O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston yetakchilari ikki mamlakat biznes doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazadilar. Ular tomonidan yangi loyiha takliflari tayyorlangan.

Toshkentda ilg‘or texnologik yechimlar asosida zamonaviy diagnostika markazini ochish, yengil sanoat, raqamlashtirish, farmatsevtika sohasidagi loyihalar shular jumlasidan.

Yangidan tuzilayotgan Ishbilarmonlar kengashining faoliyati va qo‘shma biznes forumlari muntazam o‘tkazilishi bu boradagi rejalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish va soliqqa tortish prinsiplari to‘g‘risidagi asosiy bitimlar qabul qilinadi.

Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash maqsadida tashrif davomida havo va avtomobil transportida tashishlar to‘g‘risida muhim bitimlar qabul qilinadi. Ikki poytaxt o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish masalasi o‘rganiladi.

Shuningdek, eng samarali va qisqa, shu jumladan Qirg‘iziston va Xitoy orqali o‘tadigan transport yo‘laklarini birgalikda tahlil qilish taklif qilindi.

Iqtisodiy kun tartibidagi barcha masalalarni samarali ilgari surish uchun Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasidagi Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Madaniy-gumanitar aloqalar va almashinuvlarni mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratildi.

Turli yillarda O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida tahsil olgan mo‘g‘ulistonliklar do‘stlik va hamkorlikning haqiqiy ko‘prigi bo‘layotgani ta’kidlandi.

Eng nufuzli universitetlar o‘rtasida akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, grantlar asosida iqtidorli mo‘g‘ulistonlik talabalarni O‘zbekistonda o‘qitishni qayta tiklash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ertaga Toshkentda mashhur «Morin Xuur» mo‘g‘ul orkestri ishtirokida san’at ustalarining qo‘shma konserti bo‘lib o‘tadi.

Ikki mamlakat xalqlarini yaqinlashtirish maqsadida Gumanitar hamkorlik dasturini tayyorlash va kelgusi yilda Toshkent va Ulan-Batorda madaniyat kunlarini o‘tkazish taklif qilindi.

Ikki mamlakat o‘rtasida mavjud vizasiz tartibni inobatga olgan holda, qo‘shma dasturlar va mahsulotlar asosida turizm almashinuvlarini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, sport va yoshlar sohalarida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash topshirildi.

Davlatimiz rahbari Prezident Uxnaagiyn Xurelsuxning samarali muloqotni davom ettirish uchun Mo‘g‘ulistonga javob tashrifi bilan kelish taklifini qabul qildi.


Posted on Leave a comment

Mo‘g‘uliston Prezidenti tantanali kutib olindi



24-iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizga davlat tashrifini amalga oshirayotgan Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Qarorgoh oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy kutib oldi va shohsupaga taklif qildi. Harbiy orkestr ikki mamlakat davlat madhiyalarini ijro etdi.

Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.

Birgalikda suratga tushish marosimidan so‘ng oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.


Posted on Leave a comment

Mo‘g‘uliston Prezidenti davlat tashrifi bilan O‘zbekiston Respublikasiga keladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux 23-26-iyun kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

Oliy martabali mehmon tashrifining dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqiladi.

Xususan, kun tartibidan konstruktiv siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini oshirish, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, yengil sanoat, sog‘liqni saqlash, transport, logistika va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari o‘rin olgan. Shuningdek, madaniy-gumanitar va turizm aloqalarini faollashtirishga qaratilgan qo‘shma chora-tadbirlar muhokama qilinadi. Xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

Sammit yakunlari bo‘yicha hukumatlararo va idoralararo hujjatlar to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilgan.

Davlat tashrifi doirasida Prezidentlarning ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari va ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuvi hamda qator boshqa ikki tomonlama tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Xiva shahriga ham tashrif buyurib, xalqimizning boy madaniy-tarixiy merosi bilan tanishadi.


Posted on Leave a comment

Muhandislik sohalarida ilm va ta’limni rivojlantirish bo‘yicha muloqot bo‘ldi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 20-iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Dunyoda raqobat kuchaygan bugungi zamonda mamlakatimiz ichki resurslarga tayanib, industrial rivojlanish yo‘lidan bormoqda. Yiliga 3 mingta sanoat korxonasi ishga tushirilib, 150 ming atrofida ish o‘rni yaratilayapti.

Joriy yilda davlat investitsiya dasturlari asosida 21 trillion so‘mlik loyihalar amalga oshiriladi. Shuningdek, bu yil 37,5 milliard dollarlik xorijiy va hududiy investitsiya loyihalari nazarda tutilgan.

Shunga mutanosib ravishda davlat tomonidan ilm, ta’lim va innovatsiyaga e’tibor qaratilmoqda. Masalan, o‘tgan to‘rt yilda 1 ming 727 ta amaliy, innovatsion, fundamental va startap loyihalarga 2,2 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Tadqiqot, tajriba-konstruktorlik uchun xarajatlar 2 barobar o‘sgan.

Lekin bu boradagi natijalar, yuqori malakali muhandislar hali yetarli emas. Oliy o‘quv yurtlari bilan sanoat o‘rtasida uzilish bor.

Shu bois yig‘ilishga texnika yo‘nalishidagi muassasalar rektorlari ham taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari avvalo sohadagi muammolarga to‘xtalib o‘tdi.

Yurtimizda texnika yo‘nalishidagi 36 ta davlat oliygohida yiliga 67 ming bitiruvchi chiqadi. Ammo ulardagi dastur va mutaxassisliklar ishlab chiqaruvchilar talabiga mos emas. Oqibatda muhandislarning 60 foizi o‘zi o‘qigan yo‘nalishda ishlamayapti.

Oliy ta’lim muassasalari fundamental tadqiqotlar o‘tkazish bilan cheklangan, iqtisodiyot uchun amaliy ishlanmalar juda kam. Muhandislik yo‘nalishida yuzlab startap va innovatsion loyihalar “qog‘oz”da qolib ketayapti.

Xorijiy universitetlarda “tannarx muhandisligi” “qiyoslash muhandisligi”, “qayta muhandislik” kabi ixtisosliklar bor. Bizdagi texnika oliygohlarida bu yo‘lga qo‘yilmagan. Oqibatda mahalliy sanoat tarmoqlari katta mablag‘ sarflab, ishchilarini xorijda o‘qitishga yoki chetdan mutaxassis olib kelishga majbur.

Oxirgi yetti yilda oliy ta’lim qamrovi 5 barobar oshgan bo‘lsa-da yoshlarning muhandislik-texnikaga qiziqishi juda past. Universitet va ilmiy laboratoriyalarning ayrim uskunalari eskirgan. Ko‘p professor-o‘qituvchilar amaliyotdan uzilib qolgan. Rektorlar korxonalarga borib, yangi texnologiyalar bilan tanishmaydi, uskuna va dastgohlarni o‘rganmaydi.

So‘nggi to‘rt yilda oliy ta’lim muassasalarining ilmiy tadqiqot uchun tuzgan shartnomalari 3 karra ko‘paygan. Ulardan daromad 6 karra oshgan. Lekin ilmiy ishlanmalar natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish juda past. Ixtirolarni patentlashda ham hamma birdek emas.

Prezidentimiz sohani rivojlantirish uchun yangi tashabbuslarni ma’lum qildi.

Endi texnika yo‘nalishida o‘qitish va ilmiy-tadqiqot jarayonlari ilg‘or tajriba asosida to‘liq o‘zgaradi. 36 ta oliy o‘quv yurti va ularning filiallari bosqichma-bosqich yiriklashib, jami 20 ta oliygoh qoladi. Ular dual ta’lim tizimiga to‘liq o‘tadi.

Mehnat bozorida talab yo‘q mutaxassisliklar qisqaradi. Ayrim kafedralar birlashtiriladi. Dekanatlarning talabalarga xizmat ko‘rsatish funksiyalari to‘liq raqamlashadi. Xorijdagi kabi “Registrator ofisi” tashkil qilinadi.

Har bir oliygoh Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi rivojlangan hamkor davlatlarimizni nufuzli texnika universitetlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.

“Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida, har bir oliygohga sanoat hamkori belgilab beriladi.

Barcha muhandislik oliygohlari hamkor korxonalarida kafedralar ochadi va dual ta’limni yo‘lga qo‘yadi. Bunda, korxonalar kafedralarni jihozlash, o‘qituvchi va talabalarni rag‘batlantirishga mablag‘ ajratadi. Talabalarning amaliyoti va bitiruv kursdagi ta’limi to‘liq hamkor korxonalarda tashkil qilinadi.

Vazirlik va korxonalar tizimida 32 ta tarmoq kengashlari tashkil qilinadi. Ular institutlar bilan texnika sohalaridagi ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi va buyurtmachi bo‘ladi.

Shuningdek, birinchi bosqichda 10 ta oliygohda “Oliy muhandislik maktablari” ochiladi. Ularda ikki yillik amaliy magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yilib, ishlab chiqaruvchilar buyurtmasi asosida nomzodlar saralab olinadi. Korxonalar “Oliy muhandislik maktabi”da laboratoriya ochish va jihozlashni moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi. Davlat ham budjetdan mablag‘ ajratadi.

Endi oliy ta’lim muassasalarining tajriba ishlab chiqarish korxonalari maqomi qonun bilan mustahkamlanadi. Ularga IT-park rezidentlariga qo‘llanilayotgan imtiyozlar beriladi. Sho‘ba korxonasi ishchisining kamida 60 foizi doktorant va talabalardan iborat bo‘ladi.

Kelasi yildan texnika yo‘nalishidagi loyihalarga davlat grantlari 4 karra oshiriladi. Korxonaga oliygoh bilan hamkor tashkilot ham ta’sischi bo‘lishiga ruxsat beriladi.

Viloyat hokimlari va tarmoq rahbari ilmiy va ishlab chiqarish loyihalari uchun oliygohlarga 10 milliard so‘mgacha buyurtmani to‘g‘ridan to‘g‘ri berishi mumkin bo‘ladi.

Investitsiya loyihalari qiymatining kamida yarim foizini ilmiy ishlarga ajratish tizimi joriy qilinadi.

Muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha “eng yaxshi g‘oya”, “eng yaxshi loyiha” va “eng yaxshi ixtiro” respublika tanlovi o‘tkaziladi. Unda o‘qituvchilar, talabalar va amaliyotchi muhandislar ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Birinchi o‘ringa elektromobil beriladi.

Shuningdek, g‘oya, loyiha va ixtiro muallifi bo‘lgan eng zo‘r 10 nafar ishtirokchi Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi davlatlarga stajirovkaga yuboriladi.

Yig‘ilish ochiq muloqot tarzida davom etdi. Tarmoq rahbarlari, olimlar, rektorlar va muhandislar sohada ilm-fan va ta’limni rivojlantirish bo‘yicha fikrlarini aytdi.

Ularning takliflari asosida alohida farmon loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

– Iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish uchun bizga yuqori malakali muhandis-texnologlar  suv bilan havodek zarur. Har bir vazir, tarmoq rahbari, rektor va professor-o‘qituvchi mas’uliyatni chuqur his qilib, qattiq ishlasa, izlansa, bunga albatta erishamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.


Posted on Leave a comment

Muhandislik kasblari ta’limi bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Olmazor tumanidagi “Inno” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkida bo‘ldi.

Ushbu texnopark uch yil oldin bunyod etilgan. Bu yerda sanoat sohalarini rivojlantirish uchun innovatsion g‘oya va ixtirolar ishlab chiqiladi. Yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘rgatish maqsadida oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Har yili 15 ming nafarga yaqin talaba va o‘quvchilar ishtirokida seminar, amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi.

Yurtimizda bunday innovatsion markazlar ko‘payib bormoqda. Sanoat, energetika va axborot texnologiyalari rivojlanib, yangi-yangi majmualar ishga tushirilmoqda. Ular uchun zamonaviy bilim va malakaga ega muhandis va texniklar kerak.

Shu yerda Toshkent davlat texnika universiteti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti, Toshkent davlat Transport universiteti, Farg‘ona politexnika instituti, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzurida tashkil etilayotgan oliy muhandislik maktablari taqdimoti o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi qarorida bu borada qator vazifalar belgilangan. Xususan, qarorga muvofiq, muhandislik-texnika yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari tashkiliy-boshqaruv faoliyati takomillashtirilmoqda. Amaldagi o‘quv dasturlarining zamonaviy texnologiyalar va ish beruvchilar talabiga muvofiqligi o‘rganilib, tubdan o‘zgartirilmoqda.

Davlatimiz rahbariga shular haqda ma’lumot berildi.

Dastlabki bosqichda 10 ta oliy ta’lim muassasasi huzurida oliy muhandislik maktablari ochiladi. Maktabning kuzatuv kengashiga olimlar bilan birga hamkor korxonalar vakillari a’zo bo‘ladi.

Ushbu maktablarda ikki yillik amaliy magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yilib, ishlab chiqaruvchilar buyurtmasi asosida nomzodlar saralab olinadi. Birinchi yil talabalar korxonalar buyurtmasi asosida yangi mahsulotlarni loyihalashtiradi, ilmiy izlanishlar o‘tkazadi, bu borada chuqurlashgan modul dasturlar asosida o‘qitiladi. Ikkinchi yil yangi mahsulotlar bo‘yicha tajriba-konstruktorlik namunalarini yaratish bilan bog‘liq texnologik jarayonlarni korxonalarda sinovdan o‘tkazadi.

Prezident oliy ta’lim muassasalaridagi ilmiy izlanishlarning hayotiyligi va samaradorligiga ahamiyat berdi. Ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor ilm-fan yutuqlarida o‘z ifodasini topishi kerakligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari olimlarning ixtirolari, ilg‘or ishlanmalar bilan ham tanishdi. Jumladan, energiya tejamkor uskunalar, yuklama ortishi sabab transformatorlar portlashidan himoyalovchi sovutish tizimi, neft-gaz sohasida muhim bo‘lgan kimyoviy reagentlar, bunyodkorlik, yo‘lsozlikdagi zamonaviy yondashuvlar, suv inshootlari uchun muhandislik loyihalari, axborot texnolgiyalariga oid zamonaviy ixtirolar haqida ma’lumot berildi.


Posted on Leave a comment

Diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi masalalar ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyevga diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi.

Barcha fuqarolarning huquq va erkinliklarini har tomonlama himoya qilish ko‘p millatli O‘zbekistondagi yangilanishlarning asosiy ustuvor yo‘nalishidir. Shunday ajralmas huquqlardan biri – din erkinligidir. Mamlakatimizda e’tiqod qiluvchilar ibodat amallarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Ta’kidlash joizki, Yangi O‘zbekiston siyosati nafaqat xalqimiz orasida, balki xalqaro jamoatchilikda ham munosib e’tirofga sazovor bo‘lmoqda.

Mustaqillikning dastlabki yillarida Makkayu Madinada muqaddas Haj amalini ado etishga muyassar bo‘lgan vatandoshlarimiz soni barmoq bilan sanoqli bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 15 mingdan ziyod o‘zbekistonlik muqaddas ziyoratga bordi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqimizga Qurbon hayiti tabrigi, Musulmonlar idorasi raisi muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali suhbat qilib, hojilar holidan xabar olgani bu yilgi Haj mavsumining yorqin voqealaridan bo‘ldi.

Qisqa muddat ichida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha kompleks tizim yaratildi. Olimlarimizning boy merosini o‘rganish va ommalashtirish maqsadida ilmiy tadqiqot markazlari faoliyat boshladi. Bunga misol sifatida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlarini keltirish mumkin. Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida keng ko‘lamli yangilash va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Bugungi yig‘ilishda buyuk mutafakkirlarning asarlarini aholi, ayniqsa yoshlarimiz orasida keng o‘rganish va targ‘ib qilish zarurligi alohida ta’kidlandi. Zero, bu asarlarda islomning asl mohiyati, muqaddas dinimizning insonparvar g‘oyalari mujassam. Bu, ayniqsa, hozirgi tahlikali davrda, dunyoda turli kuchlar din mohiyatini buzishga va yoshlarni haqiqiy yo‘ldan adashtirishga urinayotgan bir paytda juda dolzarb.

Bu jarayonda ayni kunlarda muqaddas Makkada Haj ibodatini ado etayotgan yurtdoshlarimizning ham katta o‘rni borligi ta’kidlandi. Yaqinda hojilar o‘z mahallalarida yosh avlod tarbiyasi va ma’naviy kamolotiga munosib hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini bildirib murojaat qabul qildilar.

Shuningdek, davlatimiz rahbari bu ishlarda xalqimiz va chet ellik mehmonlarni ajdodlarimizning bebaho merosi bilan keng tanishtirishga, ma’rifatli islom g‘oyalarini ilgari surishga xizmat qiladigan Islom sivilizatsiyasi markazi faol ishtirok etishi muhimligini ta’kidladi. Bugungi kunda tarixchi olim va ulamolar bilan birgalikda markaz faoliyatini yangi mazmun bilan boyitish ishlari olib borilmoqda.

Markazning kelgusidagi rejalari to‘g‘risida axborot berildi.


Posted on Leave a comment

Tuman va shaharlarning master rejalari yuzasidan axborot berildi



Davlatimiz rahbari tuman va shaharlarning master rejalarini ishlab chiqishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Bu haqda joriy yil 16-yanvarda bo‘lib o‘tgan iqtisodiyotdagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida topshiriq berilgan edi. Mutasaddilar shu borada qilingan dastlabki ishlar, master rejalardan kutilayotgan natijalar to‘g‘risida axborot berdi.

O‘tgan vaqtda 14 ta tuman va shahar bo‘yicha master reja ishlab chiqilgan. Ularda 759 ta ko‘p qavatli uy-joy, 22 ta savdo majmuasi, 800 dan ziyod xizmat ko‘rsatish obyekti barpo qilish imkoniyati aniqlangan.

Shu tarzda 112 ta tuman va shahardagi drayver yo‘nalishlar asosida yana 136 ta master reja tayyorlanishi ko‘zda tutilgan.

Masalan, aholisi tez o‘sayotgan 38 ta tuman markazlari va shaharlarda yetarli uy-joylar qurish, aholi sayr qilishi va dam olishi uchun qulay maskanlar va istirohat bog‘lari barpo etish zarur.

Turistik salohiyati yuqori 20 ta tumanda mehmonxonalarni ko‘paytirish, plyaj, ekologik, tibbiyot, sport va ekstremal turizmni rivojlantirish orqali sayyohlar oqimini 2,5 karra oshirish imkoniyati bor.

Hududidan magistral yo‘llar o‘tgan 68 ta tumanda 400 dan ziyod motel, kemping, oshxona, do‘kon va avtoservislar tashkil etish mumkin.

Umuman, master-rejalar asosida bo‘ladigan loyihalar hisobiga  40 mingta ish o‘rni yaratilishi, budjetga yiliga qo‘shimcha 350 milliard so‘m daromad tushishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari aholi uchun qulay infratuzilma, savdo va ko‘ngilochar joylar, yuqori daromadli ish o‘rinlari tashkil qilishni hozirdan boshlash lozimligini ta’kidladi.

Master rejalar ishlab chiqilishi va monitoringi bo‘yicha vertikal tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.


Posted on Leave a comment

Zargarlik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va raqobatbardoshligini ta’minlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyevga zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va sotish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tayyor mahsulotlar eksportini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimot qilindi.

Yurtimizda zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish uchun juda katta salohiyat bor.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizda qazib olinayotgan oltinning atigi 6 foizi qayta ishlanib, bor-yo‘g‘i 78 million dollarlik eksport bo‘layotgani qayd etib, tadbirkorlar uchun alohida sharoitlarga ega zargarlik zonalari tashkil qilinishi, sohaga xomashyo yetkazish, mutaxassis tayyorlash, ishlab chiqarish zanjiri va sotish tizimini butunlay qayta ko‘rib chiqish muhimligini ta’kidlagan edi.

Shu bois Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi tomonidan tegishli takliflar ishlab chiqildi.

Jumladan, “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi faoliyatini takomillashtirish, vakolatlarini kengaytirish hamda boshqaruv tizimini qayta tashkil etish rejalashtirilgan.

Sohadagi ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Hunarmand” uyushmasi a’zolari uchun berilgan imtiyozlar “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga a’zo bo‘lgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham tatbiq etish taklif etildi.

Shuningdek, 2026-yil 1-oktabrga qadar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan hamda zargarlik sohasida foydalaniladigan asbob-uskunalar, qadoqlash va etiketkalash mahsulotlariga nisbatan bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasini qo‘llash imkoniyati o‘rganilmoqda.

Ishlab chiqarish, ko‘rgazma va savdo maydonlarini o‘z ichiga olgan maxsus zargarlik markazlarini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu boradagi pilot loyihalarni Toshkent shahri va Namangan viloyatlarida joylashtirish yuzasidan axborot berildi.

Zargarlik mahsulotlari eksportini ko‘paytirish masalasiga to‘xtalib o‘tildi. Ikki tomonlama kelishish yo‘li bilan mamlakatimiz hududida ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlarini Amerika Qo‘shma Shtatlariga “GSP” tizimi bo‘yicha eksport qilish uchun bojxona to‘lovlarining nol stavkasini belgilash taklif etildi.

Davlatimiz rahbari muhokama qilingan chora-tadbirlarni takomillashtirib, 2027-yilgacha bo‘lgan davrda mahalliy zargarlik buyumlari ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqishga topshiriq berdi.


Posted on Leave a comment

Ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev maktabgacha va maktab ta’limi sifatini oshirish, pedagoglar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

O‘quvchilarning fanlarga qiziqishi va o‘rganishi ko‘p jihatdan murabbiylarning bilim va mahoratiga bog‘liq. Shu bois pedagoglarning malakasini oshirishga zarur sharoit yaratilib, baholash tizimi takomillashtirib borilmoqda.

Mutasaddilar avvalo shu haqda axborot berdi.

Qayd etilganidek, attestatsiyada ilg‘or texnologiyalarga asoslangan yangi tartib joriy etilgan. Unda 190 mingdan ziyod o‘qituvchilar qatnashib, shundan 51 ming nafarining toifasi oshirilgan.

Maktablarda bilimli va izlanuvchan pedagoglar ko‘payishini doimiy rag‘batlantirish zarurligi ta’kidlandi.

2025-yil sentabrdan oliy va birinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilarning oylik maoshini oshirish taklifi bildirildi.

Attestatsiyadan o‘tolmagan, tajribasi yetarli bo‘lmagan o‘qituvchilar uchun alohida dastur ishlab chiqib, malakasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bu borada malaka oshirish markazlari hamda pedagogika kollejlari imkoniyatlaridan to‘la foydalanish zarur. Shu maqsadda, Prezident maktabi tajribasi asosida, Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutida bog‘cha va maktablarning rahbar hamda pedagoglarini har 5 yilda malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Hududlardagi 11 ta pedagogika kollejini Malaka oshirish markazlari tasarrufiga o‘tkazib, xorijdan trenerlarni jalb etish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, kam quvvatda ishlayotgan pedagogika kollejlari negizida bog‘cha va maktablar, texnikumlar, “Barkamol avlod” maktabi tashkil qilinishi aytildi.

Ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida o‘tgan yili 500 ta maktabda Prezident maktabi baholash tizimi joriy etilgan edi. Buning samarasida ulardagi o‘quvchilarning o‘zlashtirishi 53 foizdan 59 foizga oshgan. Yuqori natijaga erishgan maktablar rahbariyati va o‘qituvchilariga 40 foizgacha ustama belgilangan.

Shu bois ushbu baholash tizimi yangi o‘quv yilidan yana 1 mingta maktabda qo‘llana boshlaydi. Ularga 182 ta ixtisoslashgan hamda 500 ta tajribadan o‘tgan maktab biriktiriladi.

Shuningdek, 270 ta maktab interaktiv doska, 365 tasi kompyuter sinflari bilan jihozlanadi.

Taqdimotda Qori-Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti negizida Tarbiya pedagogikasi milliy institutini tashkil etish taklifi ham muhokama qilindi. Yangilangan institutga “mahalla – ota-ona – maktab” hamkorligini kuchaytirish, ota-onalar va bolalar uchun tarbiyaga oid adabiyotlar yaratish, jadidlarning tarbiyaviy qarashlarini ilmiy tadqiq etish kabi vazifalar qo‘yiladi. 5 ta ixtisoslik bo‘yicha Ilmiy kengash faoliyati hamda magistratura va doktorantura bo‘yicha kadrlar tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, Bahodir Jalolov va Oksana Chusovitina sport mahorati maktablarida xalqaro uslublarni joriy etish, o‘quv va mashg‘ulotlar sifatini oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari pedagoglar tayyorlash sifatini oshirish, adolatli baholash va rag‘bat tizimini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.


Posted on Leave a comment

Xorijiy hamkorlardan samimiy qutlovlar


Butun musulmon ummati uchun muqaddas bo‘lgan, ezgulik, saxovat, insonparvarlik va hamjihatlik kabi olijanob qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan, jamiyatda o‘zaro hurmat va bag‘rikenglikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi  Qurbon hayiti – Iyd al-Adho bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar yetakchi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlaridan, taniqli jamoat va din arboblaridan samimiy tabriklar kelmoqda.

Qutlovlarda davlatimiz rahbari va O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga hurmat-e’tibor so‘zlari, tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilaklari izhor etilgan hamda do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlikni bundan buyon ham har tomonlama mustahkamlashga qat’iy intilish bildirilgan.

Jumladan, quyidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:

Ikki Muqaddas Masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud;

Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Kengashi Raisi Muhammad ibn Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud;

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an;

Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi;

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev;

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov;

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon;

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov;

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov;

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev;

Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon;

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum;

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vaziri Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon;

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Safr bin Zoid Ol Nahayon;

Saudiya Arabistoni davlat vaziri, Vazirlar Kengashi a’zosi Turki bin Muhammad bin Fahd bin Abdulaziz Ol Saud;

Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh;

Kuvayt Davlati Valiahdi Saboh Holid al-Hamad al-Muborak as-Saboh;

Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II;

Marokash Podshohi Muhammad VI;

Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Abdulmajid Tebbun;

Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos;

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev;

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husrav Noziriy;

Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha;

Kavkaz musulmonlari idorasi raisi shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda.

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.