Posted on Leave a comment

Sirdaryo rivojiga xizmat qiladigan yangi imkoniyatlar va ularni roʻyobga chiqarish boʻyicha vazifalar belgilab olindi

Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Yigʻilish avvalida davlatimiz rahbari “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasi sifatida Sirdaryo viloyatidagi ulkan oʻzgarishlarni alohida taʼkidladi.

– Ilgari asosan qishloq xoʻjaligiga bogʻlanib qolgan bu zaminda soʻnggi yillarda sanoat, servis, turizm yoʻqdan bor boʻldi. Biznes muhiti butunlay oʻzgardi, ilgʻor tadbirkorlar qatlami shakllandi, – dedi davlatimiz rahbari.

Sakkiz yilda Sirdaryo viloyatiga 4 milliard dollar investitsiya kiritildi. Shu davr mobaynida 187 ta yirik quvvat ishga tushirilib, 120 ming yangi ish oʻrni yaratildi. 50 ga yaqin yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Natijada sanoat hajmi 4 trillion soʻmdan 25 trillion soʻmga yetdi.

Ilgari dotatsiya olgan Guliston, Yangiyer shaharlari, Boyovut, Mirzaobod, Sayxunobod, Sirdaryo va Xovos tumanlari bugun oʻz xarajatini oʻzi qoplash darajasiga yetgani qayd etildi.

Sirdaryo tumanida kelgusi yili xitoylik sheriklar bilan 122 million dollarlik avtomobilsozlik loyihasi ishga tushiriladi. Yaqinda Qozogʻiston bilan hamkorlikda Sirdaryo tumanida Markaziy Osiyo xalqaro sanoat kooperatsiyasi markaziga start berildi. Ushbu markaz hududida qiymati 300 million dollarlik 14 ta sanoat korxonasi kelasi yilning birinchi choragi yakuniga qadar ish boshlashi, 2026-yilda yana 720 million dollarlik 40 ta yangi loyiha joylashtirilishi belgilandi.

Davlatimiz rahbari Sirdaryoda bogʻcha, maktab, shifoxona oʻrinlarini koʻpaytirish, elektr, suv, kanalizatsiya va yoʻllarni yaxshilash borasida ham amalga oshirilgan ishlarga toʻxtalib oʻtdi. Birgina joriy yilning oʻzida aholi turmush sharoitini yaxshilash uchun 100 million dollar resurs yoʻnaltirildi. Natijada 47 ta maktab, 45 ta bolalar bogʻchasi, 31 ta tibbiyot muassasasi, 5 ta sport va madaniyat maskani tubdan taʼmirlanib, zamonaviy jihozlar bilan taʼminlandi. Bu ishlar izchil davom ettirilib, kelasi yili yana 100 million dollar ajratilishi eʼlon qilindi.

Sessiyada tashkiliy masala ham koʻrildi. Prezidentimiz hokim vazifasini bajarayotgan Erkin Turdimov nomzodini Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga ilgari surdi.

Viloyat faollarining fikr-mulohazalari tinglanib, nomzod ovozga qoʻyildi. Ovoz berish natijasiga koʻra, Erkin Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Davlatimiz rahbari yangi hokim oldiga Sirdaryoni rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalar qoʻydi. Jumladan, kelasi yillar davomida viloyatga jami 3 milliard dollar investitsiya kiritish, eksport hajmini 500 million dollarga yetkazish, 185 ming aholini ish bilan taʼminlash boʻyicha qatʼiy ishlash zarurligi qayd etildi.

Yigʻilishda viloyatda sanoat, servis, qishloq xoʻjaligini yanada rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash masalalari koʻrib chiqildi.

Soʻnggi yillarda xitoylik investorlar bilan hamkorlikda umumiy qiymati 500 million dollar boʻlgan 31 ta korxona ishga tushirilib, 5 ming nafar fuqaro yuqori daromadli ish oʻrinlari bilan taʼminlandi. Xitoylik hamkorlar bilan yana 700 million dollarlik 40 ta loyiha boʻyicha ishlar jadal davom etmoqda.

Yangiyer, Guliston va Shirin shaharlari, Sirdaryo, Boyovut, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Xovos tumanlari hisobiga Sirdaryo erkin sanoat zonasi hududi 1080 gektargacha kengaytirildi. Viloyat va tuman hokimlariga sanoat zonasiga qoʻshib berilgan maydonlarda kamida 4 milliard dollarlik loyihalarni boshlash muhimligi koʻrsatib oʻtildi.

Buning uchun loyihalarning samaradorligini puxta hisoblab, investorlarga taqdimot qilish maqsadida Sirdaryo, Boyovut, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Xovos tumanlari, shuningdek, Yangiyer, Guliston va Shirin shaharlari hokimlaridan iborat delegatsiyani Xitoyga yuborish topshirildi.

Qurilish materiallari boʻyicha Szyansu, Shandun va Guandun, kimyo sanoati boʻyicha Tyanszin, elektrotexnikada Fuszyan va Gonkong, yengil sanoatda Shandun va Sinszyan, farmatsevtika sohasida Shanxay va Szyansi hududlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik oʻrnatish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, Guliston shahrida kamida 5 ming ish oʻrniga ega “Oʻzbekiston – Shanxay hamkorlik tashkiloti” savdo va sanoat zonasi tashkil etilishi belgilandi. Bu yerdagi obyektlar tayyor loyiha sifatida tadbirkorlarga sanoat ipotekasi yoki lizing asosida taklif etiladi.

Toshkent shahridagi sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich poytaxtdan tashqariga koʻchirish jarayonida Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasidagi boʻsh yerlar mavjud quvvatlarni joylashtirish uchun katta imkoniyat ekani taʼkidlandi.

Shu bois, poytaxtdan oʻz korxonasini Sirdaryoga koʻchirish istagida boʻlgan tadbirkorlarga sanoat zonasidagi yerlar soddalashtirilgan tartibda, chegirma bilan taqdim etiladi, ularga 10 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit ajratiladi, xomashyoni temir yoʻl orqali tashishda arzonlashtirilgan tariflar qoʻllanadi.

Yigʻilishda tadbirkorlik va servis infratuzilmasini rivojlantirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

2026-yilda viloyat infratuzilmasini yaxshilashga 1,5 trillion soʻm, tadbirkorlik loyihalari uchun 10 trillion soʻm resurs ajratish rejalashtirilgan. Shuning 753 milliard soʻmi ilk bor Sirdaryo viloyati va tuman budjetlariga mahallalar sharoitini yaxshilash uchun yoʻnaltiriladi.

Prezidentimiz aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha yangicha yondashuvlar, samarali yechimlarni joriy etish uchun doim izlanish, oʻrganish va tajriba orttirish juda muhimligini taʼkidladi.

Shu maqsadda 11 ta tuman hokimining birinchi oʻrinbosarini Pekindagi Kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha xalqaro markazda amaliyot oʻtashini tashkil qilish, sirdaryolik 50 yoshni Pekin shahrida avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha kurslarda oʻqitish topshirildi.

Shuningdek, Guliston universiteti qoshida Xitoyning “Lu Ban ustaxonasi” dasturi doirasida kasb-hunarga oʻqitish markazini, Sirdaryo tumanidagi tibbiyot texnikumi negizida esa Xitoy bilan hamkorlikda farmatsevtika texnologiyalari yoʻnalishida oliygoh tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish masalalari ham atroflicha koʻrib chiqildi.

Ekin yerlarida suv taʼminotini yaxshilash maqsadida kelasi yili Boyovut tumanida sigʻimi 100 million kub metr boʻlgan “Sultonhovuz” suv ombori qurilishi boshlanadi. Bu orqali Boyovut, Guliston, Sayxunobod, Sirdaryo va Mirzaobod tumanlaridagi 110 ming gektarda yiliga ikki marta hosil olish imkoniyati yaratiladi.

Yigʻilishda aholi va tadbirkorlarning hayotini yengillashtirishga qaratilgan tashabbuslarga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.

A-373 yoʻlining Sayxunobod va Guliston tumanlaridan oʻtuvchi 37 kilometr qismini oltita tasmali qilib rekonstruksiya qilish ishlarini boshlash topshirildi. Boyovut, Guliston, Xovos, Mirzaobod, Sirdaryo va Sayxunobodning 18 ta mahallasidagi 67 kilometr yoʻlni sement-beton qoplamaga oʻtkazish rejalashtirilgan.

Ikki kun oldin Guliston shahri Taraqqiyot mahallasidagi buyum bozori hududida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida gaz balloni portlashi natijasida 29 nafar fuqaro jarohat oldi.

Afsuski, mazkur baxtsiz hodisada qurbonlar ham bor. Prezidentimiz halok boʻlganlarning oila aʼzolariga chuqur hamdardlik bildirdi. Uch kun muddatda qurbonlarning oilasiga 100 million soʻmdan moddiy yordam ajratish topshirildi.

– Bugun sizlar bilan viloyatni yanada rivojlantirish, aholi va tadbirkorlarning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilish boʻyicha katta-katta reja va maqsadlarni belgilab oldik. Hech shubhasiz, sirdaryoliklarning bunyodkorlik, tashabbuskorlik va fidoyilik fazilatlariga tayanib, bu marralarga albatta erishamiz, – dedi Prezidentimiz yigʻilish yakunida.

Sessiya davomida mutasaddilarning hisobotlari, ishtirokchilarning fikr va takliflari tinglandi.

Shu bilan davlatimiz rahbarining hududga tashrifi yakunlandi, Prezidentimiz Toshkentga qaytib keldi.

Posted on Leave a comment

Guliston shahriga yangi avtobuslar keltirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Guliston shahri jamoat transporti infratuzilmasini takomillashtirish maqsadida olib kelingan zamonaviy avtobuslar taqdimoti bilan tanishdi.

Guliston shahridagi ichki yoʻllar boʻylab qatnovlarni amalga oshirish maqsadida 52 ta avtobus olib kelindi. Ular “Yevro-5” standarti talablariga toʻliq javob beradi hamda tabiiy siqilgan gazda harakatlanadi.

Har biri 65 nafar yoʻlovchini qulay sharoitlarda manziliga yetkazishga moʻljallangan ushbu avtobuslar past polli boʻlib, nogironligi boʻlgan shaxslarning harakatlanishi uchun maxsus pandus uskunalari va alohida oʻrindiqlar bilan jihozlangan. Yoʻl haqi toʻlovlarini elektron tarzda ham amalga oshirish uchun “ATTO” tizimi oʻrnatilgan.

Aholining jamoat transportiga boʻlgan ehtiyoji hisobga olinib, avtobuslar harakati Guliston shahrining 23 ta mahallasini toʻliq qamrab oluvchi jami 7 ta shahar ichki yoʻnalishida brutto-shartnoma asosida harakatlanadi.

Natijada avtobuslarning harakat intervali avvalgiga nisbatan 2 barobarga qisqarib, kuniga 29 ming nafar aholiga qulay, xavfsiz va arzon transport xizmatlari koʻrsatilishi taʼminlanadi.

Yana bir jihat: mazkur qatnovlar orqali yiliga 38 milliard soʻmdan ziyod transport xizmatlari koʻrsatiladi, 120 nafar ish oʻrni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga yurtimiz shaharlarining jamoat transporti parklarini shunday zamonaviy avtobuslar bilan toʻldirish ishlarini izchil davom ettirish, fuqarolarga sifatli xizmat koʻrsatish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Shu yerda kelgusida 11 metrli, uzoq masofaga moʻljallangan yana 30 ta avtobusni olib kelish rejasi haqida maʼlumot berildi. Ushbu loyiha amalga oshirilsa, qoʻshimcha yana 150 dan ortiq ish oʻrni yaratiladi.

Posted on Leave a comment

Prezidentimiz Guliston shahridagi fojiada jabrlanganlardan xabar oldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Sirdaryo viloyat filialiga bordi.

Bu yerda ikki kun oldin Guliston shahridagi umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida gaz balloni portlashi oqibatida jarohat olganlar davolanmoqda.

Markaz rahbariyati va shifokorlar Prezidentimizga bemorlarning ahvoli va davolash jarayonlarining borishi haqida axborot berdi. Davlatimiz rahbari baxtsiz voqeada turli darajada tan jarohati olgan fuqarolar davolanayotgan palatalarga kirib, ulardan xabar oldi, oila aʼzolari bilan suhbatlashdi.

Prezidentimiz mutasaddilarga jabrlanganlarga zarur barcha tibbiy yordam koʻrsatilishini qatʼiy nazoratga olish boʻyicha topshiriq berdi. Baxtsiz hodisa oqibatida qurbon boʻlganlarning oila aʼzolariga hamdardlik bildirib, ularga moddiy yordam koʻrsatish zarurligini qayd etdi.

Masʼullar oldiga sodir boʻlgan voqeaning sabablarini puxta oʻrganish, qonun ustuvorligini taʼminlash, kelgusida bunday holatlarning oldini olish va yongʻin xavfsizligi ustidan nazorat ishlarini kuchaytirish vazifasi qoʻyildi.

Posted on Leave a comment

Prezidentimiz mahalladagi bunyodkorlik bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida Guliston shahri Boʻston mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini borib koʻrdi.

Bo‘ston mahallasi joriy yil obod mahallaga aylandi. Hududdagi barcha ko‘p qavatli uylar ta’mirlandi, hudud obodonlashtirildi. Mahalla markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Prezident dastlab shu yerda mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar bilan  samimiy muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda mamlakatning barcha hududlarida quyi bo‘g‘indagi muammolarni hal etish, mahallalarni obod qilish va aholining turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan islohotlar samarasi Sirdaryoda ham o‘z aksini topayotgani ta’kidlandi.

– Mahalla – jamiyatning yuzi. Mamlakatdagi barcha o‘zgarishlar, avvalo, shu yerda o‘z ifodasini topadi. Biz shunday tizim yaratdikki, ilgari jiddiy deb hisoblagan ko‘plab masalalarimizga yechimni aynan mahallaning o‘zida topyapmiz. Bu institutga e’tiborni yanada kuchaytirishda davom etamiz, – dedi Prezidentimiz.

Issiqlik taʼminotini yaxshilash maqsadida 18 milliard soʻm hisobiga zamonaviy qozonxona va 3,3 kilometr issiqlik tarmoqlari qurildi.

Koʻp qavatli uylarda 23 ta individual issiqlik punktlari oʻrnatilib, “yopiq” tizim tashkil etildi. Mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan hududdagi 800 ta xonadonli 20 ta koʻp qavatli uyning ichki issiqlik tizimlari qayta tiklandi. 1 ta bogʻcha markazlashgan issiqlik energiyasi va issiq suv bilan taʼminlandi.

Yangi qozonxona qurilishi natijasida 144 ming kilovatt-soat elektr va 627 ming kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

Prezidentimiz koʻp qavatli uylarda yashovchi aholi uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan bu ishlarni davom ettirish, qozonxonalarni qurish va ulardan foydalanishda zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash, malakali mutaxassislarni jalb etish boʻyicha zarur koʻrsatmalar berdi.

Shu yerning oʻzida “yettilik” vakillari va nuroniylar bilan mahalla hamda viloyat hayotida boʻlayotgan oʻzgarishlar xususida suhbat boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Sirdaryo viloyatida infratuzilmani rivojlantirishga doir qarori asosida hududda 215 ta koʻp qavatli uyni qamrab olgan maxsus manzilli roʻyxat shakllantirilgan. Ushbu dastur doirasida uylarning tom va fasad qismlarini taʼmirlash, issiqlik taʼminotini yaxshilash, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash hamda atrof-muhitni obodonlashtirish ishlari rejalashtirilgan.

Posted on Leave a comment

Sirdaryoda yuqori texnologik sanoat korxonalari koʻpaymoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan “Invest Asia” korxonasida boʻldi.

Korxona qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha Markaziy Osiyoda yetakchilardan biri hisoblanadi. Hozirda ichki bozordagi polipropilen qop va yumshoq konteynerlarning 60 foizi, stretch plyonkalarning 40 foizi aynan shu korxona hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Majmua 60 gektar maydonda barpo etilgan boʻlib, hozirgi paytda 2,5 mingga yaqin ish oʻrni yaratilgan.

Qadoqlash mahsulotlari oziq-ovqatdan tortib, farmatsevtika, sanoat, qurilish va maishiy kimyogacha boʻlgan koʻplab sohalar uchun zarur. Ularning sifati mahsulotning xavfsiz saqlanishi, transportirovkasi va bozorga oʻz vaqtida yetkazilishiga bevosita taʼsir qiladi. Shuning uchun ham bunday mahsulotlarni oʻzimizda ishlab chiqarish import xarajatlarini kamaytiradi, ichki bozor barqarorligini taʼminlaydi va ishlab chiqaruvchilar uchun xarajatlarni sezilarli qisqartiradi.

“Invest Asia” korxonasining yana bir muhim jihati uning mamlakatda bioaksal yoʻnaltirilgan polipropilen plyonka ishlab chiqaradigan yagona korxona ekanidir. Bu plyonka turi eng ommabop qadoqlash materiallaridan biri boʻlib, qattiq va yengilligi bilan ajralib turadi.

Joriy yilning oʻn oyida korxonada 1,9 trillion soʻmlik mahsulot tayyorlangan, 23 million dollarlik eksport amalga oshirilgan. Avstriya, Germaniya, Italiya, Xitoy va AQSH kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyali uskunalardan foydalanilmoqda.

Prezidentimiz korxonada amalga oshirilayotgan texnologik jarayonlarni koʻzdan kechirdi, ishchilar bilan muloqot qildi. Kelgusi rejalar bilan tanishdi.

Shuningdek, yil yakuniga qadar bu yerda Markaziy Osiyodagi eng yirik spanbond va meltblaun – notoʻqima mato ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilishi kutilmoqda. Bunday matolar tibbiyot, qurilish, maishiy kimyo va qishloq xoʻjaligida keng qoʻllaniladi.

Barcha loyihalar toʻliq quvvatga chiqqach, ish oʻrinlarining soni 10 mingtaga yetishi, polimerni qayta ishlash quvvati 280 ming tonnagacha oshishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari shu yerda viloyatda yirik loyihalarni amalga oshirayotgan va yangi tashabbuslar bilan chiqayotgan xorijiy investorlar bilan ham muloqot oʻtkazdi. Hudud iqtisodiyoti, aholi bandligi va turmush darajasini oshirishga xizmat qiladigan har bir loyiha davlat tomonidan, albatta, qoʻllab-quvvatlanishi taʼkidlandi.

Investorlar mamlakatimizdagi tadbirkorlik va investitsiya muhitini yuqori baholab, biznes uchun yaratilgan keng imkoniyatlar hamda amaliy koʻmak uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdilar.

Posted on Leave a comment

Prezidentimizning Sirdaryoga tashrifi boshlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-dekabr kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Safarning birinchi manzili Sirdaryo tumanidagi “River Med Pharm” korxonasi boʻldi.

Mazkur korxona mamlakatimizda infuzion dori vositalarini ishlab chiqarish boʻyicha yetakchilardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan infuzion eritmalarning 20 foizi aynan ushbu korxonaga toʻgʻri keladi.

Bunday dori vositalari bemor hayoti uchun eng muhim tibbiy mahsulotlardan biri sanaladi. Ularni tayyorlash oddiy tabletkalar ishlab chiqarishdan ancha murakkab. Chunki bu turdagi eritmalar toʻgʻridan-toʻgʻri qon tomirlariga yuboriladi. Demak, ular mutlaq steril sharoitda, yuqori aniqlik va xalqaro standartlarga toʻliq javob bergan holda ishlab chiqarilishi shart.

Loyihaning umumiy qiymati 30 million dollardan ortiq boʻlib, hozirgi kunda korxonada 750 nafar odam doimiy ish bilan taʼminlangan. Korxona yiliga 135 milliard soʻmlik qiymatda 70 turdagi, umumiy hisobda 114 million dona dori vositalarini ishlab chiqarmoqda. Mahsulotlarning 20 foizi eksport qilinayotgani korxonaning xalqaro raqobatbardoshligini koʻrsatadi.

Noyabr oyida loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilib, ishlab chiqarish quvvatlari yanada kengaytirildi. Korxona 30 million dona infuzion eritmalar, 70 million donadan ortiq quruq antibiotiklar va qariyb 20 million dona koʻz-burun tomchilarini ishlab chiqaradi.

Davlatimiz rahbariga korxona mahsulotlari va navbatdagi rejalari haqida ma’lumot berildi.

 Kelgusida korxonada ishlab chiqariladigan mahsulot turlari 200 xilga yetkaziladi. Bu bosqichda shisha va plastik idishlardagi inyeksiya uchun eritmalar, shuningdek, tabletka hamda kapsulalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ish o‘rinlarining soni mingtagacha oshiriladi.

Prezidentimiz shu yerda viloyat faollari va nuroniylar bilan muloqot qildi.

Iqtisodiyot, sanoat, qishloq xoʻjaligi, yoshlar tarbiyasi va hududning kelajagiga oid muhim masalalar yuzasidan ochiq suhbat boʻldi. Davlatimiz rahbari odamlardagi tashabbuskorlik islohotlar samarasini oshirishda hal qiluvchi omil ekanini taʼkidladi.

– O‘zgarishlar, avvalo, mahallalarda sezilishi kerak. Sizlar odamlar bilan doimiy muloqotda boʻlib, yoshlarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatishingiz zarur. Hammamiz uyg‘oq va faol bo‘lsak, harakatlarimiz, olib borayotgan islohotlarimiz albatta natija beradi. Sirdaryoga katta rejalar bilan kelganmiz. Sizlarni eshitib, bamaslahat bu rejalarni amalga oshiramiz, – dedi Prezident.

Posted on Leave a comment

Intellektual mulk sohasi, arxiv ishi va yuridik ta’limni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-noyabr kuni intellektual mulk, arxiv ishi va yuridik ta’lim sohalarini isloh qilishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Keyingi yillarda intellektual mulk sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Sohada 51 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, O‘zbekiston 8 ta xalqaro shartnomaga qo‘shildi. Intellektual mulk himoyasi kuchaytirilib, unga oid huquqbuzarliklar uchun ma’muriy jazo qat’iylashtirildi, jinoiy javobgarlik belgilandi. Bojxonada “ex officio” tartib-taomili kiritilib, kontrafakt tovarlarni yo‘q qilish tartibi joriy etildi, har yili “Kontrafaktsiz oy” oyligi o‘tkazilmoqda.

Intellektual mulk obyektlarining soni 102 mingtadan oshdi, xorijda mahalliy va O‘zbekistonga kirgan xorijiy brendlar muhofazasi kengaytirildi, Samarqand noni, Chust pichoqlari, Marg‘ilon adrasi kabi 23 ta geografik ko‘rsatkich ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Bu ishlar natijasida mamlakatimiz Global innovatsiyalar indeksida 14 pog‘ona yuqorilab, 79-o‘ringa ko‘tarildi.

Taqdimotda sohani yanada rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti bilan hamkorlikda Intellektual mulk sohasini rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Rejaga ko‘ra, patent va guvohnomalarga o‘zgartirish kiritish jarayonlari soddalashtiriladi, 5 ta kompozit va 4 ta proaktiv xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, intellektual mulkdan foydalanish holati Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingida inobatga olinadigan tartib joriy qilinadi.

Barcha oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida patentlash, ishlab chiqarishga kiritish hamda tijoratlashtirishga ko‘maklashish markazlarini ochish, dastlab Milliy universitetda, keyinchalik yana 4 ta oliygohda “Intellektual mulk obyektlari menejmenti” yo‘nalishini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Ijodkorlar va mutaxassislarni rag‘batlantirish maqsadida har yili 5 ta nominatsiya bo‘yicha “Eng yaxshi intellektual mulk obyektlari” tanlovini o‘tkazish taklif qilindi. “Intellektual mulk sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” maxsus ko‘krak nishoni ta’sis etilib, 26-aprel – Butunjahon intellektual mulk kunida topshirib borilishi belgilandi.

Milliy geografik ko‘rsatkichlar tizimini mustahkamlash muhimligi qayd etildi. Yetmishga yaqin geografik ko‘rsatkichni ro‘yxatdan o‘tkazish, Lissabon tizimiga a’zo bo‘lish orqali milliy mahsulotlar qiymatini va eksport salohiyatini oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Arxiv ishini modernizatsiya qilish masalalari muhokama qilinar ekan, bugungi kunda yurtimiz arxivlarida 16 millionta hujjat to‘plami, shu jumladan, 1,3 millionta alohida qimmatli va noyob hujjatlar saqlanayotgani qayd etildi. Buxoro amiri qushbegisi mahkamasi va Xiva xonligi devonxonasi hujjatlari UNESСOning “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritilgan.

Shu bilan birga, hujjatlarni raqamlashtirish sur’ati yiliga atigi 2 foizni tashkil qilmoqda. 2030-yilga qadar arxiv fondining raqamlashuv darajasini 60 foizga yetkazish, alohida qimmatli va noyob hujjatlarni to‘liq raqamlashtirish zarurligi qayd etildi.

Buning uchun sohadagi axborot tizimlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimiga birlashtirish, hujjatlarni radiochastotali identifikatsiya (RFID) texnologiyasi orqali hisobga olish va onlayn kuzatish tizimini joriy etish, hujjatlarni tasniflash va tanish jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish rejalashtirilgan. Tuman (shahar) arxivlarining vazifalari hududiy arxiv boshqarmalariga o‘tkaziladi.

“Shajara” axborot tizimini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi. Yangi xizmat foydalanuvchilarga o‘z shajarasini yaratish, tug‘ilish, nikoh va o‘lim haqidagi ma’lumotlarni, genetik ma’lumotlar asosida uzoq qarindoshlarini izlash imkonini yaratadi.

Yuridik ta’lim va fanni yanada isloh qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Toshkent davlat yuridik universitetida klinik va dual ta’limni joriy qilish rejalashtirilgan. Talabalarning amaliyot darslari ulushi 50 foizga yetkaziladi, fuqarolik, jinoyat va biznes huquqi yo‘nalishlarida yuridik klinikalar tashkil etiladi. Zamonaviy huquq talablaridan kelib chiqib, “Raqamli huquq” va “Korporativ huquq va boshqaruv” kabi yangi ta’lim yo‘nalishlari ochiladi.

Shu bilan birga, “ta’lim – tadqiqot – amaliyot” zanjiri asosida fakultetlarning tashkiliy tuzilmasini yangilash va kafedralarni bosqichma-bosqich shu’balarga aylantirish, universitetning professorlar kengashini tashkil etish taklif etildi.

Taqdimotda qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Bu ishlar doirasida ahamiyati va dolzarbligini yo‘qotgan 800 ga yaqin me’yoriy hujjatni bekor qilish, 77 ta hujjatni qayta ko‘rib chiqish, tadbirkorlar uchun 15 dan ziyod ortiqcha talablarni qisqartirish orqali biznes yuritish sharoitlarini yengillashtirish rejalashtirilgan. Qonunlar samaradorligini baholash orqali kollizion norma va huquqiy bo‘shliqlar bartaraf etib boriladi.

Prezidentimiz taqdim etilgan yangilanishlarni tizimli joriy etib, muhokama qilingan sohalarda samaradorlikni, aholi va tadbirkorlar uchun qulayliklarni yanada oshirish zarurligini ta’kidladi.

Posted on Leave a comment

Qurilish materiallari sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi asosiy rejalar ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni qurilish materiallari tarmog‘ini rivojlantirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

So‘nggi sakkiz yilda mamlakatimiz aholisi 6 million nafarga ko‘paydi. Shunga mos ravishda yangi uylar, yo‘llar va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini barpo etish ko‘lami kengayib bormoqda. O‘tgan davrda 210 million kvadrat metr turar va noturar joylar foydalanishga topshirildi. Aholi uchun 565 mingta, avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p xonadon qurildi.

Qurilish materiallarining sanoati uchun ham katta imkoniyatlar yaratildi. Uning hajmi so‘nggi sakkiz yilda 4 barobar o‘sib, joriy yilda 53 trillion so‘mga, eksporti esa 1,1 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Eng muhimi, bu tarmoq Surxondaryo, Sirdaryo, Xorazm va Jizzax viloyatlarining ilgari sanoati bo‘lmagan tumanlarida ish o‘rni va daromad manbai yaratadigan katta “drayver” sohaga aylandi.

Shu bilan birga, sohada mahsulotlar sifati va standartlarga rioya etish, logistika masalalari, yangi bozorlarga chiqish bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi.

Jumladan, PVX-quvur, fitinglar, pardozbop tosh va qurilish oynasi ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar mavjud bo‘lsa-da, 2024-yilda ushbu mahsulotlar katta hajmda import qilingani ko‘rsatib o‘tildi.

Taqdimotda kelgusidagi asosiy rejalar bayon qilindi.

Xususan, tarmoqda 2,4 milliard dollarlik 112 ta loyihani amalga oshirish, ular orqali 13,5 mingta ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan. Strategik ahamiyatga ega 110 million dollarlik yana 5 ta yirik loyiha amalga oshiriladi. Kelgusi yillarda loyihalar portfelini 3,5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Prezidentimiz bu loyihalar har bir viloyat va tumanning mavjud zaxiralari, xomashyo bazasi va logistika imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilishi zarurligini ta’kidladi.

Qo‘shni mamlakatlarda 4 milliard dollardan ziyod qurilish materiallari bozori bor. Bundan tashqari, 26 mamlakatga 9 ta mahsulot eksportini keskin ko‘paytirish imkoni mavjud.

Mutasaddilarga hududlar va tarmoqlarning eksport imkoniyatlarini to‘liq ishga solib, tashqi bozorlarga chiqishni faollashtirish, eksportbop materiallar ishlab chiqarishni ko‘paytirish topshirildi.

Taqdimotda kaolin zaxiralaridan samarali foydalanish masalalari ham o‘rganildi. Yurtimizda 1 milliard tonnadan ortiq kaolin bo‘lishiga qaramay, har yili millionlab dollarlik chinni import qilinayotgani qayd etildi. Shu bois, kelgusi yilda kaolinni chuqur qayta ishlash bo‘yicha 515 million dollarlik 40 ta loyihani amalga oshirish va 460 nafar mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan.

Tarmoqda energiya samaradorligini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Bugungi kungacha 34 ta korxonada energiya auditining o‘tkazilishi natijasida mahsulot ishlab chiqarish uchun sarflanadigan yoqilg‘i miqdorining kamayishiga erishildi.

Bu ishlarni tizimli davom ettirib, ishlab chiqarilayotgan energiya tejovchi mahsulotlarning turini kengaytirish, qurilishda foydalaniladigan energiya tejamkor va ekologik mahsulotlarning ulushini kelgusi yili 25 foizga, 2030-yilga qadar esa 35 foizgacha yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Mahsulot sifati va xavfsizligini oshirishda ilm-fanning o‘rni muhimligi, olimlarimizning salohiyatidan kengroq foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Bu borada Toshkent kimyo-texnologiya instituti bilan hamkorlikda 4 ta ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda, Germaniya, Koreya va Turkiyadan olimlar jalb etilgan. Amaliyot va fan integratsiyasini kuchaytirish doirasida kelgusi yildan qurilish materiallari yo‘nalishidagi ilmiy loyihalarni moliyalashtirish uchun 30 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Korxonalarda raqamli boshqaruv va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali tannarxni 5-10 foizga qisqartirish mumkinligi ta’kidlandi. Bunday tizimlar joriy etiladigan korxonalarni ko‘paytirish maqsadida ikki yil davomida 100 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

Mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayonida qurilish materiallari sohasi ham xalqaro talablarga moslashtirilmoqda. O‘tgan davrda bu borada 125 ta xalqaro standart qabul qilindi. 2026-yilda buni 166 taga yetkazish muhimligi qayd etildi.

Prezidentimiz belgilangan rejalarni amalga oshirish, yuqori sifatli va xalqaro standartlarga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasida uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Uy-joy sohasining barqaror rivojlanishini ta’minlash, uy-joy qurilishi va uni sotib olishning muvozanatlashgan tizimini shakllantirish, mavjud talab va ehtiyojlarni inobatga olgan holda uy-joy qurilishi hajmini belgilash va sohada davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, shuningdek, barqaror iqtisodiy o‘sish, aholi sonining ortib borishi va urbanizatsiya jarayonlaridan kelib chiqib, har bir fuqaro uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Ushbu Farmonning asosiy maqsadi etib Uy-joy sohasini barqaror va muvozanatli rivojlantirishni ta’minlash, 2040 yilga qadar har yili qurilayotgan uy-joylar sonini ikki baravarga oshirib, 421 mingtaga olib chiqish, ipoteka krediti portfelini 10 baravardan ortiq ko‘paytirgan holda 56,7 mlrd AQSH dollariga yetkazish belgilansin.

2. Quyidagilar uy-joy sohasini barqaror va muvozanatli rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:

(a) yirik aglomeratsiyalarda uy-joy fondining o‘sishi va shahar muhitini rivojlantirishni ta’minlagan holda urbanizatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash;

(b) aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash va “Yangi O‘zbekiston” massivlarini barpo etish ishlarini izchil davom ettirgan holda uy-joy fondida zamonaviy uy-joylar ulushini 2040 yilga qadar 50 foizga yetkazish;

(v) uy-joy bozoriga bank moliyasi va institutsional investorlar mablag‘larini, shu jumladan, ipoteka kreditidan foydalangan holda jalb etish;

(g) ulushli qurilishga sarmoya kiritayotgan jismoniy shaxslarning huquqlarini himoya qilish;

(d) uy-joy qurilishi sohasini “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyili asosida kompleks isloh qilish va uni amalga oshirishdagi to‘siqlarni bartaraf etish.

II. Dasturiy hujjatlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari

3. Quyidagilar:

(a) O‘zbekiston Respublikasida 2040-yilgacha bo‘lgan davrda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari (keyingi o‘rinlarda – asosiy yo‘nalishlar) 1-ilovaga muvofiq;

(b) O‘zbekiston Respublikasida 2040-yilgacha bo‘lgan davrda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar 2-ilovaga muvofiq;

(v) O‘zbekiston Respublikasida 2040-yilgacha bo‘lgan davrda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilansinki, Asosiy yo‘nalishlar urbanizatsiya, uy-joy va ipoteka bozorini 2040-yilgacha rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishning asosi bo‘lib, ushbu sohada ishlab chiqiladigan barcha yangi normativ-huquqiy hujjatlar unga muvofiq bo‘lishi lozim.

5. Qurib bitkazilmagan uy-joylar hamda sanoat hududlarini birinchi navbatda qurilishga jalb etishni, shuningdek, ekologik toza mahsulotlar hamda energiya tejovchi texnologiyalardan foydalangan holda uy-joy massivlarining muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmasini oldindan barpo etishni nazarda tutadigan kompleks qurilish tamoyili asosida uy-joylar qurilishini tashkil etish tartibi joriy etilsin.

6. Belgilansinki, kompleks qurilish tamoyili doirasida quyidagilar ta’minlanadi:

(a) kompleks qurilish dasturlarini faqat ochiq va batafsil ishlab chiqilgan rejalar asosida tayyorlash;

(b) kompleks qurilish uchun ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish dasturlariga kiritish yoki boshqa loyihalarga jalb etish hamda ularning maqsadli yo‘nalishini o‘zgartirishga yo‘l qo‘ymaslik;

(v) kompleks qurilish loyihalariga kiritiladigan yer uchastkalari, ko‘chmas mulk obyektlari va ularning huquq egalari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlarni taqdim etish;

(g) loyihalarni amalga oshirishda hududlarning kelgusidagi ijtimoiy ehtiyojlarini inobatga oluvchi kompleks yondashuvdan foydalanish;

(d) ko‘chmas mulk obyekti egasining u joylashgan yer uchastkasiga ijara yoki mulk huquqida egalik qilish bo‘yicha mutlaq huquqini kafolatlash.

III. Amaliy va institutsional chora-tadbirlar

7. O‘zbekiston Respublikasida urbanizatsiya, uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash 4-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

8. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasida urbanizatsiya, uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy vazifalari etib belgilansin:

(a) aholi uchun uy-joyga ega bo‘lish imkoniyatini oshirish;

(b) uy-joy qurilishida renovatsiya asosida quriladigan uylar ulushini bosqichma-bosqich oshirib borish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni turar joy bilan ta’minlash;

(v) ortiqcha uy-joy qurilishi yoki uning yetishmasligining oldini olish.

9. O‘zbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Milliy qo‘mita) tashkil etilsin.

10. Belgilansinki, Milliy qo‘mita:

(a) urbanizatsiya jarayonlari, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi dasturlarni muvofiqlashtirish va rivojlantirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi;

(b) o‘z faoliyatini Vazirlar Mahkamasi bilan uzviy hamkorlikda tashkil etadi va amalga oshiradi. Bunda Vazirlar Mahkamasi urbanizatsiya jarayonlarini davlat tomonidan tartibga solish, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka dasturlarini hamda samarali davlat uy-joy siyosatini amalga oshirishda Milliy qo‘mitaga har tomonlama ko‘maklashadi.

11. Quyidagilar Milliy qo‘mita faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:

(a) urbanizatsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish va rivojlantirish;

(b) samarali va barqaror uy-joy siyosatini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

(v) renovatsiya dasturlarini samarali amalga oshirishni ta’minlash;

(g) “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish ishlarini muvofiqlashtirish, shu jumladan, hududlarni tanlashda qonunchilik bilan belgilangan mezonlar va urbanizatsiya tamoyillariga rioya etilishini ta’minlash.

IV. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat

12. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) Milliy qo‘mita tizimiga o‘tkazilsin.

13. Adliya vazirligi Milliy qo‘mita, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda:

(a) bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasini;

(b) bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasini;

(v) ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha takliflarni belgilangan tartibda kiritsin.

14. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:

(a) bir oy muddatda Milliy qo‘mitaning faoliyatini tashkil etish uchun talab qilinadigan mablag‘larni 2025-yilda ajratsin. Bunda Milliy qo‘mitani mebel, kompyuter va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlash uchun mablag‘ ajratilishini nazarda tutsin;

(b) 2026-yildan boshlab har yili Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda Milliy qo‘mita faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–14-son Farmoniga 5-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

16. Ushbu Farmonning samarali ijrosini tashkil etish uchun mas’ul va shaxsiy javobgar etib Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi belgilansin.

17. Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 

Sh. Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–219-son Farmoni ijrosini ta’minlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Quyidagilar mazkur qarorni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib belgilansin:

(a) urbanizatsiya va uy-joy sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish;

(b) O‘zbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda – Milliy qo‘mita) faoliyatini tashkil etish;

(v) urbanizatsiya va uy-joy sohasida davlat organlari o‘rtasida o‘zaro integratsiyani tashkil etgan holda hamkorlikni yanada rivojlantirish;

(g) urbanizatsiya va uy-joy sohasida yetakchi xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

II. Davlat organi mas’uliyatini oshirish

2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra quyidagi masalalarni o‘z ichiga olgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Milliy qo‘mita bilan majburiy kelishilishi shart:

(a) uy-joylar qurilishida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari;

(b) Nukus va Toshkent shaharlarida, viloyatlar markazlari va boshqa aglomeratsiyalarda uy-joy hamda noturar joy majmualarini qurish loyihalarini amalga oshirish;

(v) “Yangi O‘zbekiston” massivlarida va boshqa massivlarda ko‘p kvartirali uylar qurilishi bo‘yicha yillik maqsadli ko‘rsatkichlarni tasdiqlash;

(g) kompleks qurilish loyihalari amalga oshiriladigan va “Yangi O‘zbekiston” massivlari quriladigan hududlarni belgilash.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

(a) Milliy qo‘mita boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 50 ta shtat birligidan iborat bo‘ladi;

(b) Milliy qo‘mita loyihaviy boshqaruv tamoyili asosida rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish uchun mahalliy va xorijiy mutaxassis va ekspertlarni, shu jumladan, olimlar, ilmiy izlanuvchilar va tadqiqotchilarni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida jalb qilishi (ishga olishi) mumkin;

(v) Milliy qo‘mita faoliyati Davlat budjeti mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Milliy qo‘mita Toshkent shahri, Zulfiyaxonim ko‘chasi, 1a-uyda joylashgan ma’muriy binoga operativ boshqarish huquqi asosida joylashtirilsin.

III. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat

6. Ushbu qarorning samarali ijrosini tashkil etish uchun mas’ul va shaxsiy javobgar etib Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi belgilansin.

7. Qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 

Sh.Mirziyoyev