Posted on Leave a comment

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Mirabbos Mirzaahmedov vafoti munosabati bilan hamdardlik

Milliy madaniyatimiz va san’atimizning atoqli namoyandasi, mashhur rejissyor va teleboshlovchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Mirabbos Abdulhaqovich Mirzaahmedov shu yil 19-noyabr kuni 84 yoshida vafot etdi. 

M.Mirzaahmedov 1941-yil 30-sentabrda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng, Toshkent teatr va rassomlik instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)da kino va teatr san’ati aktyori mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oldi.

Mehnat faoliyatini O‘zbekiston teleradiokompaniyasida rejissyor yordamchisi sifatida boshlagan iste’dodli san’atkor 60 yildan ziyod vaqt mobaynida “Yoshlar” tahririyati rejissyori, bosh rejissyori, “O‘zbekiston” telekanalining oliy toifali rejissyori, “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvining rejissyori va boshlovchisi kabi lavozimlarda samarali xizmat qildi. Uning bevosita rahbarligida dolzarb mavzu va janrlarda tayyorlangan eshittirish va ko‘rsatuvlar, badiiy videofilmlar milliy ruhi, teran mazmuni, xalqchilligi bilan millionlab muxlislar qalbidan o‘rin oldi. Ayniqsa, ustoz rejissyor tomonidan tasvirga olingan “Bahor qaytmaydi”, “Izlayman”, “Qalbingga quloq sol”, “Bahs”, “Uch ildiz”, “Dunyoning ishlari” kabi asarlar o‘z davrining yorqin telefilmlari sifatida madaniyatimiz xazinasidan munosib joy egalladi.

M.Mirzaahmedov o‘zining nuroniy va donishmand qiyofasi, ko‘p yillik bilim va tajribasi bilan markaziy telekanallarimiz orqali 40 yildan buyon namoyish etib kelinayotgan “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” ko‘rsatuviga yangicha ruh va mazmun olib kirdi hamda ushbu dastur orqali jamiyatimiz hayotidagi ijtimoiy-ma’naviy muammolarga jamoatchilik e’tiborini qaratish, el-yurtimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida oila va Vatanga muhabbat, odob-axloq, mehr-oqibat g‘oyalarini targ‘ib etishga katta hissa qo‘shdi. 

Butun umr doimo izlanib, xalqimizga sidqidildan xizmat qilib kelgan zahmatkash ijodkor o‘ziga xos mahorat va tajriba maktabini yaratib, ko‘plab yoshlarga ustozlik qildi. 

M.Mirzaahmedovning mamlakatimiz madaniyati va san’atini rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” va “Do‘stlik” ordenlari bilan mukofotlandi. 

Taniqli san’atkor, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon ustozi Mirabbos Mirzaahmedovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi. 

 Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov, 

 A.Aripov, S.Turdiyev

Posted on Leave a comment

Oʼzbekiston Respublikasi Turizm qoʼmitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF–217-son Farmoniga muvofiq, iqtisodiyotning strategik jihatdan muhim sektori sifatida turizm sohasining tizimli va barqaror rivojlanishini taʼminlash, sohada davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, koʼrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish hamda milliy turistik mahsulotlarning jahon bozorida raqobatbardoshligini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Quyidagilar 2030-yilgacha turizm sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:

(a) turizm sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini amaldagi 3,5 foizdan 7 foizgacha yetkazish;

(b) chet ellik turistlarning yillik sonini amaldagi 10 mln nafardan 20 mln nafargacha yetkazish, shu jumladan, toʼlov qobiliyati yuqori boʼlgan turistlar oqimini koʼpaytirish;

(v) turizm xizmatlari yillik eksporti hajmini 6 mlrd АQSh dollaridan oshirish;

(g) Oʼzbekistonning turistik shaharlari oʼrtasidagi transport bogʼlanishini yaxshilash, ichki aviaqatnovlar sonini koʼpaytirish hamda yoʼlga sarflanadigan vaqtni kamida 3 baravarga qisqartirish;

(d) 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar sonini 2 baravarga oshirish;

(j) turistik xizmatlar va mahsulotlarni diversifikatsiya qilish orqali respublikaning turistik salohiyatini toʼliq ishga solish;

(z) jahonda keng taniladigan Oʼzbekistonning turistik brendini yaratish va milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish uchun yangi instrumentlarni joriy etish.

II. Sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish

2. Quyidagilar:

(a) Oʼzbekiston Respublikasi Turizm qoʼmitasi faoliyatining asosiy yoʼnalishlari 1-ilovaga muvofiq;

(b) Oʼzbekiston Respublikasi Turizm qoʼmitasining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilansinki:

(a) Oʼzbekiston Respublikasi Turizm qoʼmitasi (keyingi oʼrinlarda – Qoʼmita) turizm sohasini tartibga solish va rivojlantirish boʼyicha davlat siyosatini amalga oshiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi;

(b) Qoʼmita oʼz vakolatlari doirasida umummajburiy boʼlgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqli;

(v) Qoʼmita raisi:

(i) belgilangan tartibda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;

(ii) Qoʼmita va uning tizimidagi tashkilotlar ishini toʼgʼri va samarali tashkil etish, bu orqali ularning faoliyatini natijadorlikka yoʼnaltirish, shuningdek, ushbu yoʼnalishda belgilangan maqsadli koʼrsatkichlarga soʼzsiz va toʼlaqonli erishishni taʼminlash uchun masʼul hamda shaxsan javobgar hisoblanadi;

(g) Qoʼmita Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʼzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʼmitasining huquq va majburiyatlari boʼyicha vorisi hisoblanadi.

III. Turistik oqimni oshirish

4. Milliy turistik mahsulotlarni jahonda ommalashtirish maqsadida:

(a) Qoʼmita raisining milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish boʼyicha oʼrinbosari lavozimi kiritilsin;

(b) Qoʼmitaning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari (keyingi oʼrinlarda – vakolatxonalar) 3-ilovaga muvofiq tashkil etilsin;

(v) vakolatxonalar oʼzi faoliyat yuritadigan davlatlarda 4-ilovada nazarda tutilgan vazifalarni bajarishi belgilansin;

(g) Qoʼmita raisining milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish boʼyicha oʼrinbosari “Milliy PR-markazi” davlat muassasasi va vakolatxonalar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda milliy turistik mahsulotlarning samarali marketingi uchun shaxsan masʼul va javobgar etib belgilansin.

5. Qoʼmita:

(a) Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

(i) Oʼzbekiston Respublikasi hududiga kirish uchun vizasiz rejim joriy etiladigan davlatlar roʼyxatini kengaytirish, Oʼzbekiston Respublikasi hududiga kirish va uning hududida boʼlish bilan bogʼliq tartib-taomillarni soddalashtirish;

(ii) respublikaning turizm-transport logistikasini rivojlantirish boʼyicha puxta ishlab chiqilgan takliflarni;

(b) Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi bilan birgalikda 2026-yil 1-martga qadar Oʼzbekiston Respublikasi turizm sohasini 2040-yilgacha rivojlantirish strategiyasi loyihasini;

(v) Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-aprelga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi 2030-yilgacha moʼljallangan turistik xizmatlar bozorlarida marketing strategiyasi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

(i) milliy turistik mahsulotlarni faol sayohat qiluvchi aholiga ega xorijiy davlatlarda ommalashtirish;

(ii) turizm sohasida targetlangan reklama tizimini keng joriy etish.

6. Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʼarmasi Madaniy meros agentligi, Qoʼmita bilan birgalikda turistlarni jalb qilish boʼyicha qoʼshimcha imkoniyatlarni ishga solish maqsadida 2026–2028-yillarda quyidagi loyiha va chora-tadbirlarni amalga oshirsin:

(a) Samarqand shahridagi eng muhim tarixiy obyektlarni bogʼlovchi 6,6 km uzunlikdagi turistik marshrutni tashkil etish boʼyicha “Samarqandning meros yoʼli” loyihasini;

(b) aholining turmush tarzi, savdo va xizmat koʼrsatish shoxobchalari va kommunikatsiya tizimini tarixiy muhit bilan uygʼunlashtirgan holda Xiva shahridagi Ichan-qalʼa majmuasini jahonda yagona boʼlgan immersiv va “aqlli” muzey-shaharga aylantirish;

(v) Toshkent shahri boʼyicha:

(i) modernizm yodgorliklarini YUNESKOning Umumjahon merosi roʼyxatiga kiritish boʼyicha materiallar taqdim etish;

(ii) eng koʼp mozaikalar bor shahar sifatida jahon miqyosida eʼtirof etilishiga erishish.

7. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Qoʼmita hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda quyidagi tartibda jahonga mashhur kiyim-kechak brendlarini savdo-koʼngilochar majmualarga jalb qilish hamda shaharlar chetlarida (atroflarida) milliy arxitektura uslubiga asoslangan zamonaviy autlet markazlarni tashkil etish choralarini koʼrsin:

(a) birinchi bosqichda (2030-yilgacha) – Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida;

(b) ikkinchi bosqichda (2030-yildan boshlab) – turistik salohiyati yuqori boʼlgan boshqa aholi punktlarida.

IV. Turizm sohasini davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlash

8. Shunday tartib oʼrnatilsinki, unga muvofiq:

(a) 2026-yil 1-fevraldan boshlab chet el fuqarolari tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishda avval xarid qilingan tovarlar uchun toʼlangan qoʼshilgan qiymat soligʼi summasini qaytarish ularning xohishiga koʼra naqd pul shaklida amalga oshirilishi mumkin;

(b) 2026-yil 1-martdan boshlab Turizmni qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasi (keyingi oʼrinlarda – Jamgʼarma) mablagʼlari hisobidan:

(i) turistik startaplarni – yangi turdagi turizm xizmatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bogʼliq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 mlrd soʼmdan koʼp boʼlmagan miqdorda har yili eng yaxshi 10 tagacha loyihalarga subsidiyalar ajratiladi;

(ii) mehmonxonalarning Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʼyxatda nazarda tutilgan xalqaro eʼtirof etilgan “yashil” sertifikatlarni olish bilan bogʼliq xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi;

(v) 2026-yil 1-apreldan boshlab xalqaro konferentsiyalar va tadbirlarni (MICE turizm) tashkil qilib, unga kamida 100 nafar chet ellik turistni jalb qilgan tadbirkorlik subyektlariga ushbu tadbirlarni tashkil qilishda ular tomonidan toʼlangan qoʼshilgan qiymat soligʼi summalarining 50 foizini qaytarish tartibi joriy etiladi;

(g) 2027-yil 1-yanvarga qadar ushbu qarorga 5-ilovada nazarda tutilgan tartibga rioya qilgan holda:

(i) turizm sohasi subyektlari tomonidan import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar bojxona bojidan ozod etiladi;

(ii) Qoraqalpogʼiston Respublikasida roʼyxatga olinib, litsenziyaga ega boʼlgan turoperatorlarga, istisno tariqasida, ekstremal turlarni tashkil qilish uchun dvigatel hajmi 2,4 litrdan kam boʼlmagan yuqori oʼtish qobiliyatiga ega transport vositalari import qilinayotganda bojxona boji va utilizatsiya yigʼimini amaldagi stavkaning 25 foizi miqdorida 3 yil muddatga boʼlib-boʼlib toʼlashga ruxsat etiladi;

(iii) turizm sohasi subyektlari tomonidan import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslarning sonidan qatʼi nazar, ularga bitta sertifikat berishga ruxsat etiladi;

(d) 2030-yil 1-yanvarga qadar “Brand Finance” kompaniyasining top-50 talik reytingiga kiruvchi brendni jalb qilgan holda brend bilan dastlabki kelishuvlarga ega mehmonxona qurilishini boshlagan tadbirkorlik subyektlari mehmonxonani qurish va jihozlashda mazkur brendning talabiga muvofiq olib keladigan asbob-uskunalar, texnika, transport vositalari, mebel va inventarlar uchun bojxona bojini toʼlashdan ozod etiladi.

9. Belgilansinki:

(a) Qoʼmita respublika hududida oʼz filmlarini yaratishda xorijiy kinokompaniyalarga xarajatlarning bir qismini qaytarishni (Rebate) muvofiqlashtiruvchi masʼul davlat organi hisoblanadi;

(b) ushbu bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan xarajatlar summasi:

(i) 3 milliard soʼmgacha boʼlsa – 10 foiz;

(ii) 3 milliard soʼmdan 5 milliard soʼmgacha boʼlsa – 15 foiz;

(iii) 5 milliard soʼmdan 10 milliard soʼmgacha boʼlsa – 20 foiz;

(iv) 10 milliard soʼmdan ortiq boʼlsa – 25 foiz, biroq bitta film uchun 4 milliard soʼmdan oshmagan miqdorda Davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan qoplab beriladi;

(v) 2026-yil 1-martdan boshlab nufuzli xorijiy kinokompaniyalar bilan muzokaralar oʼtkazgan holda Jamgʼarma mablagʼlari hisobidan filmlarning bevosita yoki bilvosita Oʼzbekiston Respublikasi turistik jozibadorligi, tarixiy-madaniy merosi va boshqa muhim ijobiy jihatlarini namoyish qiluvchi qismini (epizodini) yaratganlik (shu jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi hududida, oʼz pavilonlarida yoki kompyuter grafikasi yordamida) uchun haq toʼlash tartibi joriy etiladi.

V. Turizm sohasini raqamlashtirish

10. Shunday tartib oʼrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-iyuldan boshlab:

(a) ishga tushiriladigan milliy turizm yagona platformasi va uning mobil ilovasi orqali:

(i) xorijiy turistlarning roziligi asosida Davlat chegarasini kesib oʼtishda yigʼiladigan maʼlumotlarni integratsiya qilgan holda turistik elektron SIM-karta bilan ulash va vaqtincha boʼlish joyi boʼyicha roʼyxatga olish proaktiv shaklda amalga oshiriladi;

(ii) mulkchilik shaklidan qatʼi nazar transportning barcha turlari integratsiya qilingan holda sayohat yoʼnalishini tuzish, eng maqbul yoʼnalish va transport turini tanlash, chiptalarni onlayn band qilish va sotib olish imkoniyati yaratiladi;

(iii) chipta xoʼjaligi joriy qilingan barcha turizm obyektlari, shu jumladan, muzeylar, madaniy meros obyektlari, madaniyat, koʼngilochar va dam olish obyektlariga biletlarni onlayn sotib olish imkoniyatiga ega boʼlgan yagona chipta tizimi joriy qilinadi;

(iv) ekskursiyalar oʼtkazish uchun interaktiv xaritalar, planshetlar, audioyordamchi, videoyordamchi hamda onlayn translyatsiyalar vositasida turistik obyektlar haqida axborot berish imkonini beruvchi raqamli gid tizimi ishga tushiriladi;

(v) joylashtirish vositalari tomonidan xorijiy va mahalliy turistlardan undiriladigan turistik (mehmonxona) yigʼim billing tizimi orqali avtomatik tarzda toʼgʼridan-toʼgʼri Jamgʼarmaga oʼtkaziladi;

(b) aholi tomonidan dala hovlilarini ijaraga berish “Soliq” mobil ilovasi orqali “men bilan birga” shaklida bir nafar shaxs nomiga birga dam oluvchilar sonini koʼrsatgan holda soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi.

11. 2026-yil yakuniga qadar milliy turizm yagona platformasi doirasida “Xavfsiz shahar” apparat-dasturiy kompleksi bilan integratsiya qilgan holda respublika hududlariga turistlar oqimlari (toifalarga qarab) va ularning xohishlarini tahlil qilish, personallashtirilgan marshrutlar va takliflarni yaratish, shuningdek, narx shakllanishi va resurslar taqsimlanishi kabi imkoniyatlarni nazarda tutuvchi sunʼiy intellekt va katta hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilish tizimi joriy etilsin.

VI. Sohada kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish

12. Turizm xizmatlari sifatini oshirish maqsadida Butunjahon turizm tashkiloti shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusida turizm sohasi subyektlari xodimlarining malakasini oshirish (1 oygacha) hamda ularni qayta tayyorlash (8 oygacha) oʼquv kurslari tashkil etilsin.

VII. Jamgʼarma xarajatlarini maqbullashtirish

13. Belgilansinki, 2026-yil 1-yanvardan boshlab:

(a) Jamgʼarma kengashi tuzilib, uning ijobiy qarori boʼlmagan loyihalarni moliyalashtirish byudjet hamda smeta-shtat intizomini buzish hisoblanadi, bundan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlarida Jamgʼarma mablagʼlari hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan loyihalar hamda Qoʼmita, shu jumladan, uning tizim tashkilotlari va hududiy boʼlinmalarini saqlash bilan bogʼliq xarajatlar mustasno;

(b) Jamgʼarma mablagʼlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarning natijadorligi Jamgʼarma kengashi tomonidan doimiy ravishda baholab boriladi;

(v) Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Xavfsiz turizmni taʼminlash jamgʼarmasiga turistik (mehmonxona) yigʼimdan kelib tushadigan tushumlardan oʼtkaziladigan mablagʼ miqdori amaldagi 10 foizdan 5 foizga kamaytiriladi.

14. Qoʼmita Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Jamgʼarma manbalari hisobidan vazirlik va idoralarga ajratmalarni bekor qilish yuzasidan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasiga taklif kiritsin.

VIII. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

15. Turizmni jadal rivojlantirish va ushbu sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish boʼyicha “yoʼl xaritasi” 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

16. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm boʼyicha departamenti huzurida Turizm sohasidagi islohotlar shtabi faoliyati yoʼlga qoʼyilsin.

17. Belgilansinki:

(a) Turizm sohasidagi islohotlar shtabi hududlar, tarmoqlar hamda yirik turistik obyektlar kesimida turizm sohasidagi masalalarni monitoring qilish va hal qilish, yangi imkoniyatlarni aniqlash hamda ishga solish choralarini koʼrib boradi;

(b) Turizm sohasidagi islohotlar shtabiga jalb qilingan (xizmat safariga yuborilgan) davlat organlari va tashkilotlari xodimlari mehnatiga haq toʼlash va ularni moddiy ragʼbatlantirish miqdorlari va shartlari toʼliq saqlab qolinadi hamda xizmat safari davomida ularning asosiy ish joyi boʼyicha byudjet tashkilotlarining mavjud tasdiqlangan byudjet parametrlari va byudjetdan tashqari mablagʼlari doirasida oylik ish haqiga 20 foiz miqdorida ustama toʼlanadi.

18. Qoʼmita:

(a) bir oy muddatda Turizm qoʼmitasi toʼgʼrisidagi nizomni;

(b) ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʼzgartirish va qoʼshimchalar toʼgʼrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Qoʼmita Toshkent shahri Аmir Temur shoh koʼchasi 107b-uy manzili boʼyicha joylashtirilsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Turizm qoʼmitasi raisi belgilansin.

21. Ushbu qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vaziri А.N. Аripov hamda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm boʼyicha departamenti boshligʼi G.O. Umerova zimmasiga yuklansin.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoev

Posted on Leave a comment

Kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 19-noyabr kuni kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan davrda bu yo‘nalishdagi ishlarni quyida to‘g‘ri tashkil qilish, mahallama-mahalla yurib, yangi tashabbuslarni topib, odamlar hayotini yaxshilashga mas’ul bo‘lgan viloyat, tuman hokimlari va ular xodimlarining moddiy va texnik imkoniyatlari tubdan yaxshilandi.

Joriy yil boshidan ishsizlik 4,9 foizga tushdi (o‘tgan yili 5,5 foiz bo‘lgan). Ayniqsa, Buxoro, Kogon, Navoiy, Zarafshon, G‘ozg‘on, Samarqand, Shirin shaharlarida ishsizlik 4 foizdan pasayib, ilk bor “tabiiy ishsizlik” darajasiga yaqinlashdi.

Ehtiyojmand 302 ming oila kambag‘allikdan chiqdi. Yil yakunigacha kambag‘allik darajasi 6 foizgacha kamayishi kutilmoqda (o‘tgan yili 8,9 foiz bo‘lgan).

Sharoiti og‘ir bo‘lgan Xovos, Mirzaobod, Oqoltin, Do‘stlik, Paxtakor, Forish, Bo‘ston, Vobkent, Mirishkor, Mingbuloq, Uzun va Piskentda kambag‘al oilalarning soni 4,5 barobargacha kamaydi. Ilgari qiyin ahvolda bo‘lgan 105 ming oila daromad ko‘rishni boshladi.

Joriy yilda ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylandi.

Shu bilan birga, ayrim tumanlarning hokimlari katta resursi va mablag‘i bo‘la turib, ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ygani, odamlarga imkoniyatiga yarasha tayyor loyiha bermagani tanqid qilindi.

Shu bois, Denov tumani hokimi va uning birinchi o‘rinbosari, Chiroqchi tumani hokimi va uning birinchi o‘rinbosari ishdan olinishi, yana 20 ta tuman hokimiga o‘rnatilgan tartibda tegishli chora ko‘rilishi belgilandi.

Umuman, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik rejalarini bajarishdagi mas’uliyatsizlik uchun yil boshidan 261 nafar mas’ul ishdan olingani, yana 492 nafariga intizomiy jazo berilgani ma’lum qilindi.

Kelgusi yilda kambag‘allik va ishsizlik darajasini 4,5 foizdan kamaytirish mutasaddilarning asosiy vazifasi bo‘lishi qayd etildi. Buning uchun kelgusi yilda iqtisodiyotga 450 trillion so‘m kredit ajratilishi, 140 trillion so‘mi mahalladagi kichik va o‘rta loyihalar uchun berilishi belgilandi.

Davlatimiz rahbari bu boradagi ishlarni tashkil qilishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Birinchisi – qurilish orqali aholini ishli va daromadli qilish.

Kelgusi yilda mamlakatimizda 675 trillion so‘mlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shundan 380 trillion so‘mi qurilish ishlariga to‘g‘ri keladi. 140 ming xonadonli ko‘p qavatli uy-joy qurish maqsad qilingan.

Har bir hokim bundan samarali foydalanib, qurilish sohasining o‘zidan kamida 20-25 ming, yaratilgan infratuzilma orqali 10 ming kishini bandligini ta’minlashi mumkinligi qayd etildi.

Eng katta yangilik – 2026-yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion so‘m viloyatlarning o‘ziga beriladi.

Ikkinchi yo‘nalish – servis loyihalarini ko‘paytirib, aholi bandligini ta’minlash.

Mamlakatimizda eng yuqori o‘sish sur’atini ta’minlayotgan soha xizmatlar sohasi ekani ta’kidlandi. Lekin viloyat, tuman hokimlari xizmatlar sohasiga katta sur’at berayotgan turizmni rivojlantirish orqali ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadini ko‘paytirish imkoniyatlarini to‘liq ishga solmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Turizm salohiyati yuqori 150 ta mahallaning infratuzilmasi yaxshilansa, bu yerlarda xizmatlar hajmini 10 trillion so‘mga yetkazish, 45 ming nafar odamni savdo va servisda band qilish mumkin.

Shu bois, kelasi yilda 150 ta mahallaning har biriga infratuzilma uchun 3-5 milliard so‘mdan beriladi. Tuman banklari bu joylarda mehmon uylarini barpo etish uchun 150 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratishni yo‘lga qo‘yadi.

Chegara va anklav hududlardagi mahallalarga olib boruvchi yo‘llarni ta’mirlab, u yerda mehmon uylari, dam olish maskani, savdo-servis obyektlari tashkil qilish orqali oilalarning daromadini ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi. Ushbu mahallalarda dam olish va servis obyektlarini qurish loyihalari uchun 1 trillion so‘m resurs ajratish topshirildi.

Bundan tashqari, sohil va yo‘l bo‘yida servisni rivojlantirish bo‘yicha 500 ta mahalla tanlab olingan. Tuman banklari bu joylarda kamida 5 ta doimiy ish o‘rni yaratadigan loyihalarga 1 milliard so‘mgacha kredit berishni yo‘lga qo‘yadi.

Shu yilning o‘zida 255 ta tun-u kun ishlaydigan ko‘cha ishga tushdi. Ularda 11 ming xizmat ko‘rsatish obyektlari ish boshladi, 27 mingga yaqin aholining bandligi ta’minlandi. Kelgusi yilda bunga qo‘shimcha yana 200 ta shunday ko‘chani tashkil qilish rejalashtirilgan.

Bir oyda aniq “yo‘l xaritasi”ni tuzib, ishni boshlab yuborgan hokimlarga har bir ko‘cha infratuzilmasi uchun 4 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Ovqatlanish, savdo va servis sohasida o‘zining brendini yaratgan korxonalar butun respublika bo‘ylab 100-150 tadan filialini ochish niyatida.

Bu borada viloyat hokimliklariga milliy brendlarga ko‘maklashish topshirildi. Agar brendlar yangi ochiladigan filial uchun xodimlarni o‘zim o‘qitaman, desa, buning xarajati Bandlik jamg‘armasidan qoplab beriladi. Filialini ko‘paytirish istagidagi brendlar uchun yangi moliyaviy instrumentlar joriy qilinib, 2026-yilda bunga 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Uchinchi yo‘nalish – sanoat loyihalari orqali doimiy ish o‘rinlarini ko‘paytirish.

Kelgusi yilda hududlardagi korxonalarda 52 milliard dollarlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish reja qilingan. Mutasaddilar mahalliy sanoat tarmoqlarida 22 milliard dollarlik 3,5 mingta loyihani ishga tushirib, 130 ming doimiy ish o‘rni tashkil qilishi zarurligi qayd etildi.

Hozirda 400 ta mahalla mebelchilik, hunarmandchilik va tikuvchilikka ixtisoslashgan. Tadbirkorlarning joyi kengaytirib berilsa, har biri yana 5-10 kishini ishga olishga tayyor.

Shu munosabat bilan tuman hokimlariga kelasi yilda sanoatga ixtisoslashgan bunday mahallalarda 50 ta “mikro sanoat markazi”ni ishga tushirib, 10 ming nafar odamni ishli qilish topshirildi. Bu markazlarning infratuzilmasi uchun 200 milliard so‘m ajratiladi.

To‘rtinchi yo‘nalish – qishloq xo‘jaligi hisobidan aholi daromadlarini oshirish.

Kambag‘allikni qisqartirishda aholiga 232 ming gektar yer bo‘lib berilgani natijasida 770 ming odam daromad manbaiga ega bo‘ldi. Lekin tajribasi yetishmagani, sifatli urug‘, mahsulotiga bozor topishga qiynalgani uchun ularning uchdan birida daromad kamligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan Termiz tumanidagi Tomorqa maktabi tajribasini barcha hududlarda joriy qilish, har bir viloyatda kamida 5 tadan bunday maktablarni tashkil qilib, ijaraga yer olgan odamlarni serdaromad ekin ekishga o‘rgatish topshirildi. Dehqonlar ijaraga olgan yerida yetishtirgan mahsulotni kafolatli sotishi uchun “Eksportchi kooperativlari” tashkil qilinadi.

Beshinchi yo‘nalish – ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish.

Yangi yildan “Teng imkon – inklyuziv bandlik” loyihasini joriy etib, nogironligi bo‘lgan 40 ming odamni ishli qilish muhim ekani ta’kidlandi. Bandlik jamg‘armasidan ularga 30 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratish yo‘lga qo‘yiladi.

Kambag‘allikka qayta tushish xavfi mavjud oilalarga ijtimoiy yordam va imtiyozlar saqlab qolinadi. Ularga 6 oy mobaynida moddiy yordam va bolalar nafaqasi to‘lanishi davom ettiriladi, bog‘cha va to‘garak xarajatini qoplash, davolanish orderi kabi 110 ta ijtimoiy xizmat va yordamdan 12 oy davomida qo‘shimcha foydalanish imkoni beriladi.

Bundan tashqari, og‘ir hayotiy vaziyat sababli kambag‘allikka tushib qolishi xavfi yuqori bo‘lgan oilalarni oldindan aniqlab, ularga manzilli yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Ish o‘rinlarini “soyadan chiqarish” masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

– Ulkan maqsadlarni mablag‘i bilan boshlayapmiz. Vazirlar, ularning hududiy boshqarma va bo‘limlari, viloyat va tuman hokimlari, eng asosiysi, “mahalla yettiligi” ishga qattiq kirishmasa, o‘zgarish bo‘lmaydi, – dedi davlatimiz rahbari.

Bosh vazirga aytilgan topshiriqlarni vazir va hokimlarga 2026-yil uchun samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) sifatida belgilab berish topshirildi.

Yig‘ilishda hudud va tarmoqlar rahbarlarining hisobotlari, tadbirkorlarning fikr-mulohazalari tinglandi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–217-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida qaror qilaman:

I. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish

1. Quyidagilar:

(a) O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda – Ekologiya qo‘mitasi) tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

(b) O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;

(v) O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;

(g) O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tizimidagi davlat inspektori maqomiga ega xodimlarga maxsus unvonlar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom 4-ilovaga muvofiq;

(d) Ekopolitsiya xodimlarini 2025–2027-yillarda maxsus texnika va transport vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha dastur 5-ilovaga muvofiq;

(j) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi islohotlarni yanada kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Ekologiya qo‘mitasining “Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan tahliliy nazorat markazi” davlat muassasasi negizida “Ekologik monitoring milliy markazi” davlat muassasasi tashkil etilsin.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

(a) Ekologiya qo‘mitasi o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdor hisoblanadi;

(b) Ekologiya qo‘mitasi o‘z faoliyatini har qanday davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi hamda uning faoliyatiga ushbu mansabdor shaxslarning aralashuvi taqiqlanadi;

(v) qonunosti hujjatlarida belgilangan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari, ularga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar, bevosita Ekologiya qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi;

(g) Ekologiya qo‘mitasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

(d) Ekologiya qo‘mitasining joriy faoliyatiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi rahbarlik qiladi;

(j) Ekologiya qo‘mitasi raisining 4 nafar o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi, maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy xizmat va transport ta’minoti sharoitlari bo‘yicha tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi;

(z) Ekologiya qo‘mitasining mansabdor shaxslari uchun avvalgi ish joyida berilgan uzoq muddatli xizmatlari, harbiy va maxsus unvonlar (martaba darajalari, malaka darajalari, diplomatik darajalar va boshqalar) uchun ustama va qo‘shimcha to‘lovlar saqlanib qoladi;

(i) Ekologiya qo‘mitasida ishlangan davr harbiy va maxsus unvonlarni berish uchun zarur bo‘lgan ish stajiga qo‘shiladi;

(k) davlat ekologik nazoratini amalga oshiradigan xodimlarning formali kiyim-bosh va farqlash belgilarini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar Ekologiya qo‘mitasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

(l) Ekopolitsiya xodimlarini maxsus texnika va transport vositalari bilan ta’minlash Ekologiya qo‘mitasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

(m) O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi:

(i) direktorlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

(ii) direktor o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

(n) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda – hududiy bo‘linmalar) rahbarlari Ekologiya qo‘mitasi raisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;

(o) hududiy bo‘linmalar va tuman (shahar) bo‘limlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tuzilmasiga kirmaydi hamda o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshiradi va Ekologiya qo‘mitasi oldida hisobdor bo‘ladi;

(p) davlat organlari va tashkilotlari ekologik diplomatiya bo‘limlari xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish masalalarini majburiy tartibda Ekologiya qo‘mitasi bilan oldindan kelishadi;

(r) Ekologiya qo‘mitasiga muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va davlat o‘rmon xo‘jaliklari tuzilmalarini (namunaviy tuzilmalarini) tasdiqlash vakolati beriladi.

II. Sohani raqamlashtirish va ekologik ishlab chiqarishga o‘tish

4. Ekologiya qo‘mitasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-sentabrga qadar Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Yagona ekologik onlayn platforma faoliyatini yo‘lga qo‘ysin.

5. Yagona ekologik onlayn platformaga qo‘yiladigan asosiy talablar 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha I va II toifaga mansub sanoat korxonalari (keyingi o‘rinlarda – I va II toifadagi korxonalar) 2026 yil 1 martga qadar o‘z hududlarida fon monitoring stansiyalarini o‘rnatish va ularni Ekologiya qo‘mitasining Ekologik monitoring milliy markaziga integratsiya qilish choralarini ko‘rsin.

7. 2026-yil 1-martdan boshlab belgilangan muddatda fon monitoring stansiyalarini o‘rnatmagan va ularni Ekologiya qo‘mitasining Ekologik monitoring milliy markaziga integratsiya qilmagan I va II toifadagi korxonalarga nisbatan kompensatsiya to‘lovlarini besh baravarga oshirilgan holda qo‘llash tartibi joriy etilsin.

8. Belgilab qo‘yilsinki:

(a) 2026-yil 1-martdan boshlab tabiatga zarar yetkazish bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan ozod qilish tarzida imtiyoz berish bilan bog‘liq barcha qonunchilik hujjatlari va huquqiy kuchga ega ko‘rsatmalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi hamda ushbu masalada imtiyoz berish faqat qonun orqali amalga oshiriladi;

(b) ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilishni istisno qilish yoki rioya etmasdan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish, shu jumladan, davlat ekologik ekspertizasi xulosasini berish, daraxt va butalarni kesish va ko‘chirishni nazarda tutuvchi Hukumatning qaror, farmoyish, bayonnoma va yozma topshiriqlarini hamda idoraviy hujjatlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining hujjatlarini qabul qilish qat’iy taqiqlanadi;

(v) Ekopolitsiya xodimlariga jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni (elektroshok qurilmalarini) va xizmat qurolini (rezina o‘qli, to‘r otuvchi) qo‘llash huquqi beriladi hamda ularning maxsus kiyimiga bodi kameralar o‘rnatiladi;

(g) qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar Ekopolitsiya xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va xizmat qurolini qo‘llash tartibiga O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan asoslar va shartlar tatbiq etiladi.

9. Belgilansinki, 2026-yil 1-apreldan boshlab, o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt bilan qoplangan aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlari) yer maydonlarini olib qo‘yish va boshqa maqsadlar uchun ajratishga jamoatchilik tomonidan taqiq qo‘yish bo‘yicha tashabbus kiritish imkoni yaratiladi. Bunda:

(a) fuqaro davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladi;

(b) daraxt bilan qoplangan yer maydoni joylashgan mahalla aholisining 10 foizidan kam bo‘lmagan qismi taqiq qo‘yishga rozilik bildirgan taqdirda, Ekologiya qo‘mitasi tomonidan ushbu maydonni olib qo‘yish va boshqa maqsadlar uchun ajratishga taqiq qo‘yiladi;

(v) Kadastr agentligi tegishli yer maydoni xususiy mulk hisoblanmasligi yoki boshqa yer toifasiga kirmasligini o‘rganib, ijobiy hollarda Ekologiya qo‘mitasi tomonidan ushbu maydonga qo‘yilgan taqiqni ro‘yxatdan o‘tkazadi.

III. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar boshqaruvini takomillashtirish

10. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:

(a) Ekologiya qo‘mitasi tizimidagi mavjud muhofaza etiladigan tabiiy hududlar umumdavlat ahamiyatiga ega muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (keyingi o‘rinlarda – tabiiy hududlar) hisoblanadi va ularga nisbatan quyidagi tartib joriy etiladi:

(i) tabiiy hududlar boshqaruvi va bo‘ysunuvi bevosita Ekologiya qo‘mitasida bo‘ladi;

(ii) yangi tabiiy hududlarni tashkil etish va mavjud tabiiy hududlar maydonini kengaytirish qonunosti hujjatlari bilan amalga oshirilishi mumkin;

(iii) tabiiy hududlarning faoliyatini tugatish yoki ular hududini qisqartirish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari bilan amalga oshiriladi;

(b) mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan mahalliy ahamiyatga ega tabiat bog‘lari, buyurtma qo‘riqxonalari, kurort tabiiy hududlar va botanika bog‘lari tashkil etilishi mumkin va ularga nisbatan quyidagi tartib joriy etiladi:

(i) boshqaruvi va bo‘ysunuvi tuman (shahar) hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi;

(ii) ularning faoliyatini tugatish yoki ular hududini qisqartirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari qarorlari bilan amalga oshiriladi.

11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 2026 yil 1 noyabrga qadar 2 tadan mahalliy ahamiyatga ega tabiat bog‘larini tashkil etsin.

IV. Ekologiya sohasida moliyaviy barqarorlik

12. Ekologiya sohasidagi umummilliy loyihalar, ekologik muammolarni bartaraf etish maqsadida o‘tkaziladigan tadqiqotlar va amalga oshiriladigan loyihalar dasturlarini moliyalashtirish uchun Ekologiya qo‘mitasi huzurida Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Maxsus jamg‘arma) tashkil etilsin va uning daromadlarini shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

(a) 2025-yilda respublika budjetidan ajratiladigan 900 milliard so‘m;

(b) 2026-yilda respublika budjetidan 8-ilovaga muvofiq tadbirlar uchun maqsadli ajratiladigan 548 milliard so‘m;

(v) 2026-yil 1 yanvardan boshlab:

(i) O‘zbekiston Respublikasi tomonidan tasarruf etiladigan uglerod birliklari savdosi natijasida hosil bo‘ladigan mablag‘larning 20 foizi;

(ii) atrof tabiiy muhitning ifloslantirilganligi va chiqindilarning joylashtirilganligi uchun kompensatsiya to‘lovlari, tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishida aybdor bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslardan ma’muriy va sud tartibida undiriladigan jarimalar, moliyaviy sanksiyalar va pul mablag‘laridan 9-ilovada belgilangan miqdorlardagi ajratmalar;

(iii) transport vositalarini “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimida rasmiylashtiradigan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan to‘lanadigan utilizatsiya yig‘imining 10 foizi;

(g) 2027-yil 1-yanvardan boshlab:

(i) pnevmatik rezina shinalar va pokrishkalar uchun hamda kelgusida yangi joriy etiladigan utilizatsiya yig‘imlarining 100 foizi;

(ii) transport vositalarini “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimida rasmiylashtiradigan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan to‘lanadigan utilizatsiya yig‘imining 90 foizi.

13. Belgilansinki, mazkur qarorning 12-bandida nazarda tutilgan utilizatsiya yig‘imlari bo‘yicha daromadlar Davlat budjeti daromadlari tarkibida to‘liq aks ettirilgan holda Maxsus jamg‘armaga o‘tkazib beriladi.

14. Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasining boshqaruv kengashi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma kengashi) 10-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin. Bunda:

(a) keyingi yillar uchun Maxsus jamg‘arma hisobidan aniq moliyaviy mablag‘lar ko‘rsatilgan holda amalga oshiriladigan loyihalar dasturi oldindan har yilning noyabr oyida Jamg‘arma kengashida ko‘rib chiqiladi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib boriladi;

(b) Jamg‘arma kengashi Maxsus jamg‘armaga kelib tushgan mablag‘lardan ochiqlik va jamoatchilikka hisobdorlik tamoyillari asosida foydalanishni ta’minlaydi;

(v) Maxsus jamg‘armaning daromadlarini shakllantirish va mablag‘laridan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiya rahbari tomonidan belgilanadi.

15. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yil yakuniga qadar 2025-yil uchun respublika budjetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha foiz to‘lovlari uchun xarajatlarda ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan Maxsus jamg‘armaga 900 milliard so‘m mablag‘ ajratsin.

16. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda yuridik shaxslarning Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Yashil xayriya jamg‘armasiga ajratiladigan ixtiyoriy xayriya tarzidagi mablag‘lari hamda yashil bog‘larni barpo qilish va ularni parvarishlash tadbirlari uchun yo‘naltirilgan xarajatlarini foyda solig‘idan ozod qilish bo‘yicha qonun loyihasini kiritsin.

17. Soliq qo‘mitasi Ekologiya qo‘mitasi bilan birgalikda “Soliq” mobil ilovasi orqali jismoniy shaxslarga xarid summasining va respublika hududlari bo‘ylab ichki sayohatlarni amalga oshirganlik uchun xarajatlarning respublika budjetidan qaytariladigan qismini ixtiyoriy ravishda daraxt ko‘chatlarini ekishga yo‘naltirish imkoniyatini yaratsin.

V. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat

18. Ekologiya qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.

19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.Sh. Mirziyoyeva zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va turizm sohalarida belgilangan vazifalarni tezkor hamda yangi yondashuv asosida sifatli tashkil etish, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi davlat boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirish maqsadida qaror qilaman:

I. Boshqaruv tizimini takomillashtirish

1. Quyidagilar:

(a) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etilsin;

(b) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida amaldagi shtat birliklari saqlangan holda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda – Ekologiya qo‘mitasi) tashkil etilsin.

2. Belgilansinki:

(a) Ekologiya qo‘mitasi qulay ekologik holatni barqaror saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, o‘rmonlarni ko‘paytirish, global iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va cho‘llanishga qarshi kurashish sohalarida yagona davlat siyosati va nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi;

(b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tashkiliy tuzilmasida 2 ta shtat birligidan iborat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmasi tashkil etiladi;

(v) O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi o‘z faoliyatini Ekologiya qo‘mitasi huzurida davom ettiradi.

3. Belgilab qo‘yilsinki, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining asosiy vazifalaridan tashqari, Ekologiya qo‘mitasi 1-ilovaga muvofiq quyidagi umummilliy loyihalarni amalga oshirish uchun mas’ul hisoblanadi:

(a) chiqindilarni qayta ishlash va ular bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan “Chiqindidan holi hudud” umummilliy loyihasi;

(b) atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasi;

(v) 2028-yilga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qo‘shimcha ravishda jami maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil qilishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi;

(g) aholi orasida eko-odatlarni shakllantirish va ekologik hayot tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi;

(d) bioxilma-xillikni kelajak avlod uchun asrashga qaratilgan “Bio meros” umummilliy loyihasi.

4. Ekologiya qo‘mitasi huzurida 15 nafargacha xorijiy va mahalliy ekspertlarni fuqaroviy-huquqiy shartnomalar asosida jalb qilgan holda ekologiya sohasidagi “Ekoloyihalar fabrikasi” (keyingi o‘rinlarda – Loyiha ofisi) tashkil etilsin.

II. Ekologik nazoratni kuchaytirish

5. Belgilansinki, 2026-yil 1-apreldan boshlab 2-ilovaga muvofiq ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi joriy etiladi, bunda:

(a) moliyaviy sanksiyalar pul undirish (jarimalar) tarzida faqat yuridik shaxslarga qo‘llanadi;

(b) bir xil huquqbuzarlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llangan yuridik shaxslarning xodimlariga ma’muriy jazo chorasini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi;

(v) huquqbuzarlikning takroran sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirish olish hamda jarimani to‘lash ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikning buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxsni Ekologiya qo‘mitasining qarorini (taqdimnomasini, ko‘rsatmasini) bajarish yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish majburiyatidan ozod etmaydi.

6. Quyidagilar negizida alohida yuridik shaxs bo‘lmagan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) (keyingi o‘rinlarda – Ekopolitsiya) tashkil etilsin:

(a) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi;

(b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent va Jizzax viloyatlaridagi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha hududiy maxsus prokuraturalar;

(v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishidagi bo‘linmalarining optimallashtiriladigan shtat birliklari.

7. Belgilansinki:

(a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalariga ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishida ajratilgan 40 ta shtat birligi Ekopolitsiyaga o‘tkaziladi;

(b) Ekopolitsiya Ekologiya qo‘mitasining ekologik xavfsizlikni ta’minlash va bu boradagi huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega bo‘lgan maxsus bo‘linmasidir;

(v) Ekologiya qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida Ekopolitsiya boshlig‘i hisoblanadi;

(g) Ekopolitsiya boshlig‘ining o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari hisoblanadi va Ekopolitsiyaning tezkor shtabiga rahbarlik qiladi;

(d) Ekopolitsiyaga uning hududiy bo‘linmalarini ma’muriy-hududiy birliklar chegaralarini hisobga olmagan holda tabiiy ekologik hududlar chegaralari doirasida tashkil etishga ruxsat etiladi.

III. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat

8. Ekologiya qo‘mitasi quyidagilar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga muntazam ravishda axborot kiritib borsin:

(a) yirik korxona va tarmoqlar tomonidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida sodir etilgan huquqbuzarliklar, ular va ularning mansabdor shaxslariga nisbatan ko‘rilgan choralar;

(b) sohadagi mas’ul boshqaruv va nazorat organlarining o‘z vazifalarini sifatli va o‘z vaqtida bajarishi holati;

(v) davlat organlarining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga zid bo‘lgan qarorlarini bekor qilish.

9. Ekologiya qo‘mitasi Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalarni joriy etish va ularni qo‘llashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

10. Ekologiya qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmon talablaridan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

12. Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.Sh. Mirziyoyeva zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

Iqtisodiyot va aholini kuz-qish mavsumida ko‘mir bilan ta’minlash rejalari ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘mir qazib chiqarishda erishilgan natijalar va kelgusi vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Kuz-qish mavsumida aholi xonadonlari, ijtimoiy soha muassasalari hamda iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida energetikaning barcha tarmoqlari qatori ko‘mir sanoatida ham yangi loyihalar amalga oshirilmoqda, ishlab chiqarish quvvatlari va hajmlari ko‘paytirilmoqda.

2024/2025-yillar kuz-qish mavsumida qariyb 8,7 million tonna ko‘mir qazib olinib, issiqlik elektr stansiyalari, budjet tashkilotlari va aholiga yetkazib berildi.

Taqdimotda 2025/2026-yillar kuz-qish mavsumida 10 million tonna ko‘mir ishlab chiqarish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Buning uchun “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati korxonalarining moddiy-texnik bazasi kuchaytirildi, sohada qo‘shimcha ishlab chiqaruvchilarning faoliyati uchun sharoitlar yaratildi.

Prezidentimiz mavsum davomida aholini ko‘mir bilan kafolatli ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi. Korxonalarni modernizatsiya qilish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, sohada bozor tamoyillari hamda raqobatni rivojlantirib, mahsulot tannarxini tushirish muhimligi qayd etildi.

Taqdimotda uran yo‘nalishidagi yangi investitsiya loyihalarini jadallashtirish, geologiya-qidiruv ishlarining ko‘lamini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Posted on Leave a comment

Mehnat migratsiyasi sohasidagi vazifalar va rejalar taqdimot qilindi

18-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga tashqi mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish va migratsiya jarayonlarini xalqaro standartlar asosida yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan axborot berildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarni mehnat qilish uchun chet elga tartibli jo‘natish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar tufayli mehnat bozori diversifikatsiya qilinmoqda, fuqarolar asosan yuqori maoshli ish o‘rinlarida ishlash uchun xorijga ketmoqda. Natijada 2016-yilga nisbatan chet elda ishlayotgan fuqarolarning soni kamaygan bo‘lsa-da, ular tomonidan yuborilgan mablag‘ 3,8 milliard dollardan 2025-yilning o‘n oyi yakunida 15,8 milliard dollarga yetdi.

Taqdimotda xorijiy mehnat bozorida malakali mutaxassislarga katta talab borligi qayd etildi. Hozirda 140 ming nafar mutaxassisga buyurtma mavjud, ammo til va kasbiy malaka bo‘yicha talablarga javob bera oladigan mutaxassislarni tayyorlash borasida qilinadigan ishlar hali ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi. Bundan tashqari, mehnat migratsiyasi xizmatlari tarqoq bo‘lgani uchun odamlar ovoragarchilikka duch kelmoqda.

Shu maqsadda sohadagi xizmatlarni tartibga solish, barcha jarayonlarni “yagona darcha” tamoyili asosida birlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Toshkent shahri Uchtepa tumanida “Xorijga ishga tayyorlash markazi”, Termiz shahrida “Yagona migratsiya xizmatlari” markazi tashkil etiladi. Poytaxtning Yashnobod tumanida esa xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda nemis va yapon tillariga o‘qitish maktablari ochiladi.

So‘nggi yillarda Yevropa mamlakatlariga migratsiya oqimi 4 barobar ko‘paygani ta’kidlandi. U yerda ishlayotgan fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish muhimligi qayd etildi. Ayni paytda qator Yevropa davlatlari bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuvlar mavjud emas. Prezident tomonidan tegishli hukumatlararo hujjatlarning imzolash ishlarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Shuningdek, xorijiy davlatlarda migratsiya bo‘yicha attashe va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalarini ko‘paytirish, mamlakatimiz hududlarida esa viza markazlarining ko‘chma ofislarini ochish rejalashtirilgan.

Taqdimotda migratsiya xizmatlarini raqamlashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

“Xorijda ish” platformasida 25 turdagi xizmat taqdim etilmoqda, joriy yil boshidan buyon 524 ming fuqaro onlayn xizmatlardan foydalangan. Lekin xizmatlarning barchasi ham raqamlashmagan.

Prezidentimiz tizimga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali xizmat ko‘rsatish jarayonlarini yanada takomillashtirish zarurligini qayd etdi. Platformada biometrik identifikatsiya, xorijdagi ish o‘rinlarini real vaqt rejimida kuzatish, fuqarolarga masofaviy maslahat berishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalar haqida axborot berildi. Migratsiya agentligida fuqarolarga tun-u kun tezkor yordam beradigan situatsion markaz tashkil etish taklif qilindi.

Taqdimotda noqonuniy migratsiya va konsalting xizmatlari ko‘rsatishda firibgarlik holatlari ko‘payib borayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan mehnat migrantlarining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida xalqaro aeroportlarda interaktiv migratsiya infokiosklarini o‘rnatish, litsenziyasiz faoliyatni amalga oshirgan konsalting tashkilotlari uchun jarima miqdorini oshirish taklif qilindi. Jinoyat kodeksiga noqonuniy migratsiyani tashkil etish va ko‘maklashish uchun javobgarlik kiritish masalasini o‘rganish topshirildi.

Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, mehnat migratsiyasi jarayonlarini yanada qulay, xavfsiz va shaffof qilish bo‘yicha mutasaddilarga qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti OTB bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-noyabr kuni Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kando boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. 

Suhbat avvalida OTB rahbari mamlakatimiz yetakchisini strategik sheriklikning 30 yilligi hamda 2025-2026-yillarda bankning Boshqaruvchilar kengashiga raislik O‘zbekistonga o‘tgani bilan tabrikladi. 

Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirish doirasida keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. 

Hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zbekiston bankning mintaqadagi eng yirik hamkori bo‘lib qolmoqda – qo‘shma loyihalar portfeli 15 milliard dollardan oshdi. Shuningdek, “yashil” energetika, transport, raqamli transformatsiya, ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod loyihalar ishlab chiqilmoqda. Suveren bo‘lmagan moliyalashtirish mexanizmlari faol joriy etilmoqda. 

OTB Boshqaruvchilar kengashining 2026-yil may oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Prezidenti bo‘lajak tadbir doirasida OTB bilan Kengaytirilgan strategik sheriklik dasturini imzolash, unda infratuzilmani rivojlantirish, texnik va muhandislik kadrlarini tayyorlash, xotin-qizlar va yoshlarni yangi kasblarga o‘qitish, kambag‘allikni qisqartirish, ipoteka bozori va xususiy sektorni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratish tashabbusini ilgari surdi. 

Bankning yirik milliy va mintaqaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida transport, energetika va savdo loyihalarini ilgari surishda faol ishtirok etishi muhim ekani ta’kidlandi. 

OTB prezidenti Masato Kando mamlakatimizdagi keng ko‘lamli yangilanishlar natijalarini yuksak baholadi hamda Yangi O‘zbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlar dasturini amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Posted on Leave a comment

O’zbekiston davlat bayrog’i qabul qilingan kun bilan



Бугун ватанимиз байроғи қабул қилинган кун!!!

1991 йил 18 ноябрь — Ўзбекистон Республикасининг “Давлат байроғи тўғрисида”ги қонуни қабул қилинган кун.

Барча юртдошларимизни ушбу сана билан табриклаймиз! Ўзбекистондаги тинчлик ва осойишталик бардавом бўлсин, байроғимиз баланд-баландларда ҳилпирайверсин!

Posted on Leave a comment

Qishloq xo‘jaligidagi yangi tashabbuslar ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-noyabr kuni paxtachilikda samaradorlikni ilg‘or tajriba va texnologiyalar asosida oshirish, qishloq xo‘jaligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Qishloq xo‘jaligi mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin egallaydi. Sohaning iqtisodiyotdagi ulushi 20 foizni tashkil etmoqda, unda yiliga 467 trillion so‘mlik mahsulot yaratilmoqda, 3,5 million kishi mehnat qilmoqda. Shu bilan birga, meva-sabzavot, yangi va qayta ishlangan agrar mahsulotlar umumiy eksportning uchdan bir qismini ta’minlamoqda.

Taqdimotda paxtachilikda hosildorlikni oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Buning uchun past hosil olayotgan fermerlar bilan manzilli ishlash, ilg‘or agrotexnologiyalar va oziqlantirish amaliyotlarini to‘g‘ri joriy etish, agronom tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish choralari belgilab olindi.

Jumladan, paxtachilikda ustoz-shogird an’analarini yo‘lga qo‘yish orqali hosildorlikni 60 sentnerdan oshirgan ilg‘or fermerlarni 30 sentnerdan kam hosil olgan fermerlarga biriktirish taklif qilindi.

Ilg‘or fermerlar Qishloq xo‘jaligi malaka oshirish institutida qayta tayyorlanib, ularga sertifikat beriladi. Past hosil olgan fermerlarda hosildorlik kamida 50 sentnerdan oshsa, ularga biriktirilgan ilg‘or fermerlarga 5 million so‘mdan mukofot puli beriladi.

Agronomlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida Agrar universitet va sohada agronomlarni tayyorlaydigan boshqa oliygohlar bitiruvchilari uchun ikki yillik “dual ta’lim” mexanizmi joriy etiladi. Ilg‘or klaster va fermer xo‘jaliklarida amaliyot o‘tagan talabalarga stipendiya, ularni o‘qitgan mutaxassislarga esa rag‘bat puli to‘lanadi.

Taqdimotda mahalliy paxta navlarini yaratish ishlari ham alohida ko‘rib chiqildi.

Yurtimizda paxtachilik bo‘yicha ikkita noyob ilmiy institut – Genomika markazi va Paxtachilik instituti borligi, lekin ularning imkoniyati to‘liq ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Navlarni seleksiya qilish asosida paxta urug‘chiligini yanada rivojlantirish maqsadida ushbu institutlarda fitotron va reproduksion issiqxona qurib berish topshirildi. Natijada yangi mahalliy nav yaratishga kerak bo‘lgan vaqt 2,5 barobar qisqaradi, olimlarning ishi tezlashib, import urug‘ga ehtiyoj qolmaydi.

G‘o‘zani plyonka ostiga ekish tajribasini ommalashtirish rejalari ko‘rib chiqildi.

Prezidentimiz sohada agrodronlardan foydalanishni kengaytirish, bu borada mutaxassislarni tayyorlash muhimligini ko‘rsatib o‘tdi.

Qishloq xo‘jaligiga sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish masalasi ham kun tartibida bo‘ldi. Hozirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va xorijiy kompaniyalar hamkorligida bu borada kadrlar tayyorlash va ilmiy infratuzilma yaratish bo‘yicha qilinayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilindi.

2026-yildan paxta-g‘alla, mevalar va dukkakli ekinlar bo‘yicha hosilni ixtiyoriy sug‘urtalash tizimini yo‘lga qo‘yish, sug‘urta mukofotining 50 foizini budjetdan qoplab berish taklif qilindi.

Subsidiyalar tizimini soddalashtirish maqsadida hozirda turli idoralar tomonidan berilayotgan 75 turdagi subsidiyani yagona platforma orqali ajratib boradigan Agrar sohada to‘lov agentligini tashkil etish tashabbusi bildirildi. Bu fermerlar uchun ortiqcha ovoragarchilik va byurokratiyani keskin kamaytiradi.

Prezidentimiz takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.