Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.

Suhbat avvalida Rashid Meredov davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va chuqurlashgan strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash o‘sayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. “Shovot-Toshovuz” savdo zonasi tashkil etilmoqda. Sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlik davom etmoqda.

Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda. Joriy yilda O‘zbekistonda shoir Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligi munosabati bilan qator tadbirlar o‘tkaziladi.

Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik doirasida ko‘p qirrali sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.


Posted on Leave a comment

Xorijiy hamkorlardan samimiy qutlovlar


Butun islom ummati uchun muqaddas Ramazon oyi va muborak Ramazon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari, taniqli jamoat va din arboblaridan tabriknomalar kelmoqda.

Mamlakatimiz yetakchisiga yo‘llangan qutlovlarda xorijiy hamkorlar O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor etib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni bundan buyon ham har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga intilishini bildirmoqda.

Jumladan, quyidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:

Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud;

Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi Muhammad ibn Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud;

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev;

Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev;

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov;

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon;

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov;

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov;

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev;

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an;

Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi;

Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy;

Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon;

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum;

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vaziri Shayx Mansur bin Zoid ol Nahayon;

Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy;

Qatar Davlati Amiri o‘rinbosari Shayx Abdulloh bin Hamad Ol Soniy;

Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh;

Marokash Podshohi Muhammad VI;

Bahrayn Podshohi Shayx Hamad bin Iso Al Xalifa;

Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II;

O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Al Said;

Suriya Arab Respublikasi Prezidenti Bashar Asad;

Iroq Respublikasi Prezidenti Abdullatif Jamol Rashid;

Bruney Dorussalom Davlati Sultoni Hassanal Bolkiyax;

Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos;

Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha;

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev;

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husrav Noziriy;

Kavkaz musulmonlari idorasi raisi shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda.
 
Qutlovlar kelishda davom etmoqda.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari bir-birini Ramazon hayiti bilan samimiy qutladilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an 9-aprel kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda butun musulmon ummati uchun muqaddas Ramazon hayiti bilan bir-birini samimiy tabrikladilar.

Davlat rahbarlari qardosh O‘zbekiston va Turkiya xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlik jadal tus olgani, faol siyosiy muloqot olib borilayotgani, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalaridagi aloqalar sur’ati oshib borayotgani, samarali madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ikki mamlakat yetakchi korxona va kompaniyalarining kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, hududlar darajasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Bo‘lajak tadbirlar rejasi, shu jumladan oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston xalqiga Ramazon hayiti tabrigi



Qadrli vatandoshlar!

Avvalo, muqaddas dinimiz buyurgan ibodat va amallarni muborak Ramazon oyida chin dildan, ixlos bilan ado etib, bugun hayit ayyomini katta shodu xurramlik bilan kutib olayotgan siz, azizlarni, yurtimizdagi jamiki mo‘min-musulmonlar, butun xalqimizni samimiy tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak ehtiromim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Shunday saodatli damlarga yetkazgani uchun Alloh taologa behisob shukronalar bo‘lsin!

Sidqidildan qilgan duo va niyatlarimiz, ehson va amallarimizni Parvardigori olam o‘z dargohida qabul aylasin!

Inson qadrini ulug‘laydigan savobli ishlarimiz bardavom bo‘lsin!

Aziz yurtdoshlar!

Hammamizga ayonki, islom dini – tinchlik, ezgulik va insonparvarlik dinidir. Muqaddas kitoblarimizda
“Tinchlik-omonlik, o‘zaro do‘stlik va ahillikka intilib yashash – chin mo‘minga xos fazilatdir”, deb ta’kidlangani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Bu yilgi Ramazoni sharif kunlarida ana shu qadriyatlar hayotimizda yanada yorqin namoyon bo‘ldi.

Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar dinimizning asl mohiyati bilan, uning olijanob g‘oya va tushunchalari bilan uyg‘un va mushtarak ekanini barchamiz yana bir bor chuqur his etdik.

Pok niyatlar ijobat bo‘ladigan ushbu oyda diyorimiz musulmonlari diniy amallarni emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi. Bemorlar, nogiron va keksa insonlar, kam ta’minlangan oilalar, ehtiyojmand qatlamlarga mehr va e’tibor yanada kuchaydi. Buni birgina misol, ya’ni ko‘makka muhtoj insonlar uchun 20 milliard so‘mdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatilib, mahalla va xayriya tashkilotlari tomonidan barcha hududlarimizda iftorlik va ehson marosimlari o‘tkazilgani ham tasdiqlaydi.

Ayniqsa, 25-mart oqshomida Namanganda Farg‘ona vodiysidagi uchta viloyat jamoatchiligi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan, butun mamlakatimiz mahallalarini qamrab olgan iftorlik marosimlari ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqini bamisoli bir dasturxon atrofida birlashtirib, ushbu oyga xos ezgu fazilatlarning yana bir mujassam ifodasi bo‘ldi.

Qutlug‘ Ramazon kunlarida bir guruh ulamolarimiz xorijiy mamlakatlarga borib, vatandoshlarimizga xalqimizning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazib, ularni islom ma’rifatidan bahramand etganlari ayniqsa e’tiborga sazovordir.

Hurmatli do‘stlar!

Yangi O‘zbekistonda yurtimizdagi barcha millat va konfessiya vakillari uchun vijdon erkinligini ta’minlash, ularning tili, madaniyati va urf-odatlarini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, yangi masjidlar barpo etilmoqda, ulug‘ allomalar, aziz-avliyolarimizning qadamjolari obod qilinmoqda, milliy va diniy qadriyatlarimiz tiklanmoqda. Muborak Haj va Umra ziyoratlari uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda.

Mana, bu yil ham Ramazon hayiti munosabati bilan yurtimizda uch kunlik dam olish e’lon qilindi. Bu esa bayramni yanada fayzli va mazmunli o‘tkazishga, o‘zaro mehr-muruvvat rishtalarini bog‘lashga xizmat qiladi, albatta.

Hech shubhasiz, bu boradagi ishlar kelgusida ham davom ettiriladi. Buning uchun hozir dunyoda yuzaga kelgan g‘oyat murakkab va tahlikali vaziyatda diyorimizdagi tinch va osoyishta hayotni ko‘z qorachig‘idek asrab, yanada hamjihat bo‘lib, xalq manfaatini ta’minlashga qaratilgan islohotlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi anglaymiz.

Nuroniylar, diniy-ma’rifiy soha vakillari, ko‘pmillatli do‘stlik jamiyatlarining namunali hamkorligi va ularning “Yashil makon” umummilliy loyihasidagi faol ishtiroklarini alohida mamnuniyat bilan qadrlaymiz.

Ayni vaqtda yoshlarimizni azaliy qadriyatlarimiz bilan birga zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, Vatan tuprog‘ini ko‘ziga to‘tiyo qilib yashaydigan insonlar etib tarbiyalash asosiy burchimiz ekanini doimo yodda tutishimiz lozim. Jumladan, “Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz” degan shior asosida ta’lim maskanlari va mahallalarda olib borilayotgan tarbiyaviy ishlarni kuchaytirishimiz kerak.

Bu borada Haj va Umra safarlariga borib kelgan yurtdoshlarimizning “mahalla yettiligi” va faollarimiz bilan birga alohida o‘rnak ko‘rsatish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Yaratganning rahmati va mag‘firati ziyoda bo‘lib turgan ushbu munavvar lahzalarda xorijdagi yurtdoshlarimizni, uzoq va yaqin davlatlardagi barcha musulmon ummatini Ramazon hayiti bilan sidqidildan muborakbod etamiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlar!

Qalblarimiz quvonchga to‘lgan mana shu mo‘tabar ayyomda sizlarni muborak Ramazon hayiti bilan yana bir bor chin yurakdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Ilohim, barcha ezgu niyatlarimiz amalga oshsin!

Yaratganimizning o‘zi el-yurtimizni panohida asrasin!

Ramazon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!

Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


Posted on Leave a comment

Prezident chorvachilik klasterini ko‘zdan kechirdi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Prezident Shavkat Mirziyoyev Zomin tumanidagi “Jizzax Organis” chorvachilik klasteri faoliyati bilan tanishdi.

Umumiy qiymati 200 million dollar bo‘lgan bu loyiha besh yil oldin ishga tushirilgan. Yirik majmuada ochiq va yopiq inshootlar barpo etilgan.

Birinchi bosqichda Yevropa davlatlari va AQSHdan “Angus”, “Gereford” naslli 4 ming bosh qoramol, Avstraliyadan “Dorper” zotli 2 ming bosh naslli qo‘y keltirilgan.

Mamlakatimizda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari – go‘sht va sut mo‘l hamda arzon bo‘lishida mana shunday majmualarning ahamiyati katta. “Jizzax Organis” klasteri o‘n ming bosh qoramol, to‘rt ming bosh qo‘y yetishtirish quvvatiga ega. Yiliga besh ming tonnagacha go‘sht yetishtiriladi. Bu yerda 750 kishi doimiy ishlaydi.

Korxonada barcha ish jarayonlari raqamlashtirilgan. Ekin yerlarining 1 ming 300 gektariga suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan. Bu ishlar uchun Avstraliya, Germaniya va AQSHdan zamonaviy uskunalar keltirilgan. Umuman, klasterda qiymati o‘n million dollarlik 200 ga yaqin texnika bor. Yana bir muhim jihati, bu yerda seleksiya va genetik ishlar uchun ham imkoniyatlar bor.
Ozuqa yetishtirish uchun 12 ming gektar yer ajratilgan.

Oxirgi o‘n yillar mobaynida foydalanilmagan yerlarning unumdorligini tiklash bo‘yicha ham ish olib borilmoqda. Buning uchun organik o‘g‘itlar berish, almashlab ekish tadbirlariga ahamiyat qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbariga klasterning yangi loyiha va rejalari haqida axborot berildi.

Qayd etilganidek, 28 million dollar sarmoya evaziga yiliga 20 ming tonna sut va 5 ming tonna go‘shtni qayta ishlash ko‘zda tutilgan. Yana 2 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish orqali ozuqa yetishtiriladi.

Chorvachilikda nasl masalasi dolzarb ahamiyatga ega. Lekin aholi boqayotgan chorvaning zotdorligi 10 foiz atrofida. Shuning uchun sun’iy urug‘lantirishni kengaytirish, mahalliy nasllarni yaxshilash zarur. Shuni hisobga olib, klaster tomonidan Zomin, Zarbdor va Yangioboddagi 15 ta mahallada “Angus” zotli qoramolni ko‘paytirib, sotib olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Banklar orqali mahallalarga beriladigan moliyaviy xizmatlar to‘plamida chorvachilikni ham nazarda tutish, ozuqa yemni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuning bilan davlatimiz rahbarining Jizzax viloyatiga tashrifi yakunlandi.


Posted on Leave a comment

Lalmikor mahallasida bozorbop rezavorlar yetishtiriladi

No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi Lalmikor mahallasida bo‘ldi.

Bu yerda 3 ming 700 nafardan ortiq aholi yashaydi. Mahalla obod qilingan, yo‘l chetlari va bo‘sh maydonlarga “Yashil makon” dasturi doirasida ko‘chatlar ekilgan.

Mahalla dehqonchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan. 668 ta xonadonning barchasida tomorqa bor. Shuningdek, aholiga dehqonchilik qilish uchun 126 gektar yer ajratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 5-martdagi qaroriga asosan, tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solish, bozorbop mahsulotlar yetishtirish choralari ko‘rilmoqda.

Davlatimiz rahbariga shu boradagi ishlarni ko‘zdan kechirdi.

Jumladan, mahallada rezavor mevalar yetishtirish bo‘yicha o‘quv maydoni tashkil etilgan. Bu yerda maymunjon, xo‘jag‘at, golubika ko‘chatlari o‘stirilib, tomorqalarda ekiladi. Hosilga kirgach, eksportchilar tomonidan sotib olinadi.

Prezidentimiz tomorqa egalariga bu mevalarni sifatli yetishtirish ilmini o‘rgatish muhimligini ta’kidladi. Bu loyihani kengaytirish, aholining xarid qobiliyatini oshirish uchun tomorqa egalari bilan banklar o‘rtasida hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.


Posted on Leave a comment

Jizzax iqtisodiyotini rivojlantirish imkoniyatlari tahlil qilindi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


9-aprel kuni Zarbdor tumanida Jizzax viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu muloqot Ramazon hayiti arafasida o‘tayotganiga urg‘u berib, xalqimizni ushbu ulug‘ ayyom bilan tabrikladi.

Barcha hududlardagi kabi Jizzax viloyatida ham katta o‘zgarishlar bo‘layotgani qayd etildi. So‘nggi yetti yilda viloyatga 5 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, 2 ming 500 ta yangi korxona ishga tushgan. Ularda 45 mingta doimiy ish o‘rinlari yaratilgan. Tadbirkorlar soni 2 karra ko‘paygan. Qishloq xo‘jaligidan sanoatga katta sakrash bo‘lgan.

Lekin hali foydalanilmayotgan imkoniyatlar, dolzarb masalalar ham bor. Ayrim tumanlarda aholini barqaror ish va oylik bilan ta’minlaydigan o‘rta korxonalar kam. Viloyat sanoatining 80 foizi 3 ta tarmoq hissasiga to‘g‘ri keladi. Yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi yer maydonlariga yarasha emas.

Shu bois, tashrifdan oldin, iqtisodiy kompleks vakillari tumanlarni chuqur o‘rganib, viloyatda 57 ming ish o‘rni yaratish imkoniyatlarini chamaladi. Umuman, Jizzaxning 13 ta tumanida iqtisodiyotga turtki beradigan 100 ta imkoniyat va zaxiralar aniqlangan.

Yig‘ilishda bu Zarbdor tumani misolida ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, tumandagi tijorat banklari mahalliy tadbirkorlar muammolarini hal qilib, faoliyatini kengaytirishga ko‘maklashadi. “Zarbdor tekstil” korxonasi quvvatlari oshiriladi. “Rivoj davr” fermer xo‘jaligi aholiga bo‘lib berilgan yerlarda qovun yetishtirish va uni qayta ishlash orqali 28 million dollar eksport qilishni rejalashtirgan.

Davlatimiz rahbari Jizzax viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ma’lum qildi.

Viloyatda qishloq xo‘jaligi imkoniyatlari katta. Lekin eksport uchun yetarli mahsulot yo‘q. Shu bois ekinlarni ko‘paytirish bo‘yicha yangicha tizim joriy qilinadi.

Xususan, banklar o‘ziga biriktirilgan 309 ta mahallaga lider tadbirkorlarni topadi. U orqali aholiga tomorqada daromad topish uchun moliyaviy xizmat to‘plami qilib beriladi. Buning uchun banklar lider tadbirkorlarga aylanma uchun 3 yil muddatga 1,5 milliard so‘mgacha kreditlar ajratadi, budjet hisobidan agronom jalb qilish, o‘qitish, mahallada yig‘ish, saqlash va quritish punktlarini tashkil qilish uchun 1 milliard so‘mgacha grantlar beradi, “Oilaviy tadbirkorlik” dasturidan 33 million so‘mdan, “Biznesga birinchi qadam” dasturidan 17 million so‘mdan kredit ajratadi.

Tumanlarda bittadan yaxlit kontur tanlab olinib, jami 500 gektar maydonda bir xil mahsulot yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Arnasoyda 16 sentnerdan kam hosil olinayotgan yerlar lotlarga bo‘linib, meva-sabzavot ekadiganlarga taklif qilinadi.

Bularning natijasida viloyatda meva-sabzavot yetishtirish hajmini ikki yilda 2 karra oshirib, 3 million tonnaga, keyinchalik 5 million tonnaga olib chiqish imkoniyati bor. Bu qayta ishlash va eksportni ham 2-3 barobar oshirishga zamin bo‘ladi.

Viloyatda kasanachilik asosida asalarichilikni rivojlantirish uchun imkoniyat ham, tadbirkorlar ham bor. Masalan, o‘rmon xo‘jaligi yerlariga asalari qutilarini joylash orqali mingta oilaning bandligini ta’minlash, 50 milliard so‘m qo‘shimcha daromad olish, 2 million dollar eksportga chiqarish mumkin. Shu bois Zomin tumanida asalarichilik markazi tashkil qilish, quti va jihozlar ishlab chiqarish, asalni qadoqlab, eksportga yuborish vazifalari belgilandi.

Yangiobod tumanidagi lalmi yerda oq piyoz yetishtirish, quritish, qadoqlash va muzlatgichli omborxonani qamrab olgan klaster tashkil qilish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Chorvachilik, baliqchilik va issiqxona xo‘jaligi uchun qulayliklar ham aytib o‘tildi. 

“Janubiy Mirzacho‘l” va “Tuyatortar” kanallarini betonlash, nasoslar o‘rnatish qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlarni yanada kengaytiradi. Mutasaddilarga bu borada uch yillik dasturni amalga oshirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Sanoat rivoji uchun ham zaxirlar ko‘p. Masalan, xitoylik investorlar Jizzaxda qurilish materiallari, kimyo, energetika, elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida 4 milliard dollarlik 22 ta loyiha taklifini bildirgan. Ularning natijasida sanoat 12 trillion so‘mga o‘sadi, 250 million dollar eksport imkoniyati yaratiladi.

Buning uchun Zomin tumanida sanoat texnoparki tashkil etilib, 1 milliard dollar xorijiy investitsiya hisobiga 50 ta yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Zarbdor tumanining Shodlik mahallasida “Jizzax” sanoat zonasi filiali ochilib, 140 million dollarlik 15 ta yirik loyiha joylashtiriladi. Sharof Rashidov tumanidagi bo‘sh turgan inshootda sanoat zonasi tashkil qilinib, elektrotexnika va charm sanoati bo‘yicha korxonalar ishga tushiriladi.

So‘nggi yillarda Jizzaxda avtomobilsozlik vujudga keldi. Kelgusi uch yilda 1 milliard dollar investitsiya hisobidan uning quvvatini yana 100 mingtaga oshirib, 10 mingta ish o‘rni ochish, mahalliylashtirish darajasini 50 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Paxta-to‘qimachilik tarmog‘ida 220 million dollarlik 29 ta loyiha amalga oshirilishi aytildi.

Elektr jihozlari ishlab chiqaruvchi “Mono elektrik” korxonasi kasanachilik asosida ko‘zi ojiz insonlarni ish bilan ta’minlash tashabbusi bilan chiqqan. Davlatimiz rahbari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, bu borada Jizzax tajribasini yo‘lga qo‘yish, shunday kasanachilik loyihalarini ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.

Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimida sayyohlar uchun sharoit yaratish, 10 ta madaniy meros maskanida “turizm halqasi” tashkil etib, ularga eltuvchi yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda uy-joy va mahalla infratuzilmasini yaxshilash masalalariga ham e’tibor qaratildi. Bu yil viloyatda 4 ming 500 xonadonli 118 ta uy-joy qurish reja qilingan.

Talab yuqori tumanlarda qo‘shimcha uylar qurish, Jizzax shahridagi perenatal markaz va ko‘priklarni ta’mirlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Umuman, Jizzaxda mahalla infratuzilmasini yaxshilash, biznesni qo‘llab-quvvatlash, grantlar ajratish uchun qo‘shimcha 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan viloyat va tuman hokimlari, vazirlar axborot berdi. Videoaloqa orqali xorijdagi elchilar va tumanlar jamoatchiligi bilan muloqot bo‘ldi.


Posted on Leave a comment

Prezident jizzaxlik yoshlar bilan uchrashdi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax shahrida barpo etilgan Kibersport arenasida yoshlar bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 16-noyabrdagi qaroriga muvofiq, kibersport turlari ommalashtirilmoqda. Jumladan, Jizzax shahrida sobiq tennis korti binosi o‘rnida kibersport arenasi tashkil etildi. 1 ming 200 tomoshabinga mo‘ljallangan asosiy zal zamonaviy holatga keltirildi. Shuningdek, bu yerda 12 ta o‘quv va mashg‘ulot xonalari, majlislar zali, 35 o‘rinli yotoqxona hamda kafeteriy mavjud.

Arena universal bo‘lib, boks, kurash, basketbol, stol tennisi, shaxmat, shashka bo‘yicha xalqaro musobaqalarni, “Besh tashabbus” tadbirlarini o‘tkazish ham mumkin. Majmua tarkibidagi IT akademiyasida yoshlarga kompyuter savodxonligi, xorijiy tillar, grafik dizayn, dasturlash, robototexnika va boshqa yo‘nalishlar o‘qitiladi. Bu sohada mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” tizimini amalga oshirish rejalashtirilgan.  

Davlatimiz rahbari bu yerda kiber sport, shaxmat, “Zakovat” intellektual o‘yinlari, basketbol musobaqalarini kuzatdi, yoshlar bilan muloqot qildi.

– Bugun Jizzaxning ko‘p joylarida bo‘ldik, yangi loyihalarni boshladik. Albatta, viloyatning iqtisodiyoti, bunyodkorlik ko‘lami avvalgidan ancha yuqori. Lekin eng muhim yutuq – yoshlarimizning harakati, niyati, o‘ziga ishonchi. Biz belgilab olgan Strategiyani, katta marralarni shunday yoshlar bilan amalga oshiramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tashrif davomida mutasaddilar arena faoliyatiga doir rejalar xususida so‘zlab berdi. Xususan, jahon chempionatlarida ishtirok etish uchun turli darajadagi turnirlar g‘oliblari bilan do‘stlik musobaqalari o‘tkaziladi.

Har bir yo‘nalish bo‘yicha iqtidorli yoshlarni aniqlab, ularni professional sportga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.


Posted on Leave a comment

Yangi agrologistika markazining eksport rejalari ulkan


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Prezident Shavkat Mirziyoyev “BMB Holding” kompaniyasining Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi agrologistika majmuasini borib ko‘rdi.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi eksportining salohiyati yuqori. Bunda mahsulotlarni yig‘ish, saqlash, qayta ishlash va sotishning barcha bosqichlarini qamrab olgan agrologistika markazlari juda muhim.

“BMB Holding” kompaniyasining o‘tgan yil dekabrda ishga tushgan majmuasi ham shulardan biri. Bu loyihaning umumiy qiymati 57 million dollardan ziyod. Majmuada yiliga 10 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash hamda 8 ming tonnani birlamchi qayta ishlash imkoni mavjud. 180 kishi doimiy ish bilan ta’minlagan.

Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini va eksportga tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.

Logistika markaziga meva-sabzavot mahsulotlari Jizzax viloyati va qo‘shni hududlardan olib kelinadi. O‘tgan yili “BMB Holding” tizimidagi agroklaster tomonidan 1 ming 200 dan ortiq fermerdan shartnoma asosida 16 turdagi 52 ming tonnadan ortiq hosil olindi. 

Joriy yilda Sayxunobod tajribasi asosida 2 ming 485 nafar aholi tomorqalari bilan kooperatsiya asosida shartnoma qilinadi. Shuningdek, 4 mingga yaqin fermer xo‘jaligining 14 ming 500 gektar maydonida qishloq xo‘jaligi mahsulot yetishtiriladi. Buning natijasida klaster negizida qo‘shimcha 32 mingtadan ortiq mavsumiy ish o‘rinlari yaratiladi.

Majmuada fitosanitar va sanitar-epidemiologik sertifikatlash laboratoriyasi, bojxona hamda bank filiallari, hostel tashkil etilgan. Laboratoriya Rossiya, Xitoy, AQSH va Germaniya davlatlaridan keltirilgan 34 ta eng zamonaviy uskuna bilan jihozlangan. 

Karantin xodimlari shu yerning o‘zida mahsulotlarni ko‘rikdan o‘tkazadi. Muhimi, ular tomonidan rasmiylashtirilgan fitosanitar sertifikat 119 ta davlat tomonidan tan olinadi.

Bu kabi imkoniyatlarning mavjudligi korxonaning eksport salohiyati va geografiyasini oshirmoqda. Bugungacha Qozog‘iston, Pokiston, Rossiya Federatsiyasi va Xitoyga qariyb 43 million dollarlik mahsulot yuborildi. Joriy yil yakuni bo‘yicha eksport hajmini 58 million dollarga chiqarish reja qilingan.

Prezidentimiz bunday agrologistika markazlarini boshqa hududlarda ham ko‘proq tashkil etib, ularga muayyan dalalarni va mahallalarni biriktirish zarurligini ta’kidladi. Bu tadbirkor uchun yetarli mahsulot, aholi uchun kafolatli xarid imkoniyatini beradi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozim, 2017-yilda tashkil topgan kompaniya tarkibida bugun 4 ta qo‘shma va 26 ta sho‘ba korxona mavjud. Iqtisodiyotning turli jabhalarida qariyb 1 milliard 500 million dollarlik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi BMB Opera Zafferano qo‘shma korxonasi tomonidan 400 gektarlik za’faron plantatsiyasi yaratildi. Yetishtirilgan mahsulotlar USDA ORGANIC sertifikatiga ega bo‘lib, Italiya, Avstriya, Gollandiya, Fransiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. AQSH bozoriga kirish uchun ham FDA ruxsatnomasi berilgan.

Kelgusi uch yilda bu loyihaning qiymati 80 million yevroga yetkazilib, za’faron yetishtirish hajmi 1,8 tonnadan 20 tonnaga oshiriladi. Davlatimiz rahbari bu rejalarni ma’qullab, za’faron maydonlari va eksportini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.