Posted on Leave a comment

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvdagi nutqi

Assalomu alaykum, qadrli do‘stlar, muhtaram mehmonlar!

Hurmatli kasaba uyushmalari faxriylari va faollari!

Sizlar bilan mana shunday samimiy, ko‘tarinki kayfiyatda ko‘rishib turganimdan xursandman.

Barchangizga, kasaba uyushmalarining ko‘p millionli a’zolariga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Biz bugungi kunda o‘z oldimizga ulkan marralar qo‘yib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidan oldinga qarab dadil qadam tashlayapmiz.

Dunyoda geosiyosiy va iqtisodiy keskinlik avj olib borayotgan hozirgi murakkab davrda yurtimizda tinchlik va xotirjamlikni mustahkamlab, ko‘p millatli xalqimiz hayotini yanada yaxshilashga mahkam bel bog‘laganmiz.

Bular, albatta, o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q.

Qanchalik qiyin bo‘lmasin, birgalikda qattiq mehnat qilib, turli sinov va mashaqqatlardan munosib tarzda o‘tib bormoqdamiz. Bu borada mehnatkash va bag‘rikeng xalqimiz, har bir yurtdoshimizning o‘rni, qo‘shayotgan hissasi beqiyos, albatta.

Bugungi davramizda o‘z hayotini inson mehnatini, uning qonuniy manfaatlarini himoya qilishdek ezgu ishga bag‘ishlagan, sohada uzoq yillar samarali xizmat qilib, hurmat va e’tibor topgan ko‘plab odamlarni ko‘rib turibman.

Inson mehnati, uning qadr-qimmati qanday bebaho boylik ekanini sizlar hammadan ko‘ra yaxshi bilasiz.

Yurtimizda xalqparvar, ijtimoiy davlat qurish, inson qadrini ulug‘lash barcha islohotlarimizning bosh maqsadiga aylangan  hozirgi kunda siz, azizlarning boy bilim va tajribangiz biz uchun juda muhim.

Fursatdan foydalanib, har bir korxona va tashkilotga – ishchanlik muhitini, mehnat jamoalariga – rag‘bat va adolat ruhini olib kirayotgan kasaba uyushmalari faollariga chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Aziz do‘stlar!

Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy: “Biz o‘z hayotimizni o‘zgartirmoqchi bo‘lsak, avvalo, odamlarning haq-huquqini tan olishni o‘rganishimiz kerak”, – degan edi.

Bu – haq gap. Chindan ham, huquq va erkinliklar ta’minlangan, odamlari emin-erkin yashab, mehnat qilib, daromad topadigan mamlakatda davlat ham, jamiyat ham albatta rivojlanadi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan ilk kunlardan “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyani amalga oshirish uchun, avvalo, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida belgilab oldik.

Bu yo‘ldagi sa’y-harakatlarimiz tufayli sakkiz yilda iqtisodiyotimizga 130 milliard dollar investitsiya kirib keldi, minglab yangi quvvatlar ishga tushirildi, millionlab doimiy ish o‘rinlari yaratildi.

Xususiy sektorga keng yo‘l ochib, chin yurakdan ishlayman degan odamlarga munosib mehnat sharoitini yaratib berganimiz uchun jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetdi.

Har bir insonning huquq va erkinligini ta’minlash, mehnatini muhofaza qilish, kafolatlangan ijtimoiy himoyadan foydalanishi uchun mustahkam qonuniy asoslar yaratdik. Ayniqsa, yangilangan Konstitutsiyamiz, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilingani bu yo‘nalishdagi muhim qadamlar bo‘ldi.

Parlamentimiz huzuridagi Jamoatchilik ekspert kengashlari tarkibiga kasaba uyushmalari vakillari ham kiritildi. Bu esa qonunlarni qabul qilishda xodimlar manfaati yanada ishonchli himoya qilinishiga xizmat qilmoqda.

Yangi O‘zbekistonda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish ham biz uchun yetakchi yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Ijtimoiy institutlarni qo‘llab-quvvatlash hajmi 2017-yilga nisbatan 100 karra oshib, bu yil 1 trillion 200 milliard so‘mga yetdi.

Ayni vaqtda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga aralashgani, jamoatchilik nazorati natijalarini ko‘rib chiqmagani uchun javobgarlik belgilandi.

Bir so‘z bilan aytganda, milliy huquq tizimimiz xalqaro standartlarga moslashib, inson huquqlari, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining barqaror kafolatiga aylandi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti standartlarini qabul qilayotgan eng faol davlatlar safidan joy olayotgani dunyo hamjamiyati tomonidan ham e’tirof etilmoqda. E’tibor bering, sakkiz yil oldin ushbu tashkilotning O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan hujjatlari soni 12 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda 25 taga yetdi.

Har bir ratifikatsiya orqali O‘zbekiston o‘z zimmasiga katta majburiyat olmoqda.

Nima uchun hech ikkilanmasdan o‘zimizga bunday ulkan mas’uliyatni olyapmiz?

Chunki, barcha islohotlarimiz zamirida inson qadrini ulug‘lash mujassamdir. Va bu – mamlakatimiz qo‘shilayotgan xalqaro hujjatlar mazmuni bilan to‘la hamohangdir.

Aynan inson qadriga e’tibor – barcha yutuqlarimiz asosi, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz!

Qadrli do‘stlar!

Bir eslab ko‘ring, bolalar mehnati va majburiy mehnatga to‘liq barham berish uzoq yillar biz uchun eng og‘riqli masala bo‘lib kelgan edi. Faqat kuchli iroda, qat’iy pozitsiyamiz orqali biz bu murakkab muammoni ijobiy hal qildik.

Yangi O‘zbekistonning insonparvarlik tamoyillariga sodiq ekanini ko‘rsatadigan bu o‘zgarish ijtimoiy hayotimizda mutlaqo yangi sahifa ochmoqda. Mamlakatimizning bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha ilg‘or tajribasi Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan namuna sifatida boshqa davlatlarga tavsiya etilgani ham shundan dalolat beradi.

O‘zbek paxtasi dunyodagi ko‘plab nufuzli brend kompaniyalarning “qora ro‘yxati”dan chiqarildi. Cotton campaign tashkiloti O‘zbekistonga qo‘yilgan taqiqni butunlay bekor qildi. Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga ushbu siyosiy tuzilma davlatlari bozoriga imtiyozli kirib borish imkonini beradigan GSP+ tizimini taqdim etdi. Milliy mahsulotlarimiz uchun 26 ta yangi bozor ochildi, Yevropaga eksportimiz 5 karra oshib, 1,5 milliard dollarga yetdi.

Ilgari bunday raqamlarni orzu ham qilolmas edik. Bugun bu ishlar davom etmoqda. Masalan, keyingi haftada Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitimga imzo chekamiz. Bu – tashqi siyosat, xavfsizlik, korrupsiya, terrorizmga qarshi kurashish va boshqa sohalarda hamkorlikni mustahkamlash bilan birga, Yevropa davlatlari hamda mamlakatimiz o‘rtasida investitsiya va savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Biz erishayotgan yutuqlar xalqaro miqyosda munosib e’tirof etilayotgani barchamizga mamnuniyat bag‘ishlaydi. 

O‘zbekiston sanoqli davlatlar qatorida Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Adolatli o‘tish jarayonlari uchun ish o‘rinlari yaratish va ijtimoiy himoya bo‘yicha global akselerator” tashabbusida ishtirok etmoqda; Xalqaro mehnat tashkilotining “Ijtimoiy adolat bo‘yicha global koalitsiyasi”da qatnashmoqda; mamlakatimiz o‘tgan yili ushbu tashkilotning Ma’muriy kengashi a’zoligiga saylandi.

Xalqaro maydonda Vatanimizga bo‘lgan hurmat va ishonch tobora ortib, dunyoning barcha mintaqalarida do‘stlarimiz, hamkorlarimiz ko‘paymoqda.

Bularning barchasi islohotlarimizga katta ishonch va e’tirof ifodasi emasmi?

Fursatdan foydalanib, ana shu masalalar bo‘yicha biz bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa nufuzli tuzilmalarga minnatdorlik bildiraman.

Hech shubhasiz, biz erishayotgan natijalarda 8 millionga yaqin a’zoga ega, eng xalqchil va katta nodavlat tashkiloti bo‘lgan kasaba uyushmalarining munosib hissasi bor.

Biz O‘zbekistonda kasaba uyushmalarining erkin va mustaqil faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berdik va mana shu prinsiplarga hamisha sodiqmiz. Kasaba uyushmalariga birlashish huquqini ta’minlash, ularning faoliyatiga aralashmaslik bo‘yicha siyosatni bundan buyon ham qat’iy davom ettiramiz.

Shu o‘rinda kasaba uyushmalarining korxona va tashkilotlarda mehnatga oid huquqlarni himoya qilishdagi jonbozligi alohida e’tirofga sazovor. Buni keyingi yillarda 500 mingga yaqin xodimning qonuniy huquqlari himoya qilinib, ularning foydasiga 267 milliard so‘m undirib berilgani ham tasdiqlaydi. Shuningdek, ishdagi baxtsiz hodisalar tufayli jabrlangan 1 ming nafar xodimga 35 milliard so‘m tovon puli to‘lab berilgan. Bundan tashqari, nohaq bo‘shatilgan 13 ming xodim ishga tiklangan.

To‘rt yil oldin sizlarning tashabbusingiz bilan ilk bor Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasini tashkil etdik. Bu kasaba uyushmalari faoliyatida yangi yo‘nalish bo‘ldi.

Ishonchim komil, oliygoh bitiruvchilari korxona va tashkilotlarda mehnat huquqlari himoyachisiga aylanib, bu sohada qonuniylikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi.

Umuman, kasaba uyushmalari faoliyatining yangi qirralari nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham ularning o‘rni va nufuzi ortib borishiga xizmat qilmoqda. Federatsiya tashabbusi bilan 2021-yilda Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari kasaba uyushmalari kengashi tuzildi. 2023-yilda Samarqand shahrida Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkilotiga asos solindi. 

Federatsiyamiz o‘tgan yili Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga a’zo bo‘lgani uning dunyodagi mavqeini yangi bosqichga olib chiqadigan tarixiy voqea bo‘ldi. Federatsiyaning ijtimoiy himoya, gender tenglikni ta’minlash, xodimlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish, madaniyat va sportni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini ham to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.

Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

Yangi O‘zbekistonda har bir insonga munosib mehnat, kasb sohasida o‘sish, dam olish va salomatligini tiklashi uchun zarur sharoit yaratish – g‘oyat muhim masala.

Biz shu maqsadda ijtimoiy davlatning yangi modelini yaratyapmiz. “Kuchli kasaba uyushmalari – kuchli jamiyat asosi” degan tashabbus asosida sizlar bu jarayonda oldingi safda bo‘lishingiz kerak.

Endi, sizlar bilan kasaba uyushmalari faoliyatini yanada rivojlantirish va mehnat munosabatlarini yaxshilash bo‘yicha kelgusi vazifalarni belgilab olsak, nima deysizlar?

Birinchidan, odamlarning o‘z mehnatidan manfaatdorligi qancha oshsa, islohotlar samaradorligi ham shuncha yuqori bo‘ladi.

Yaxshi bilasiz, 2023-yildan birinchi marta minimal iste’mol xarajatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etdik. Yangilangan Konstitutsiyamizda pensiya, nafaqa va ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lmasligi qat’iy belgilab qo‘yildi.

Iqtisodiyotimiz barqaror o‘sib bormoqda. Aholimizning turmush farovonligini shunga mos ravishda oshirish uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini ham har yili ko‘paytirib boryapmiz.

Lekin, ochiq aytish kerak, bu masalalar ko‘pincha bir tomonlama, ya’ni, davlat idoralarining hisob-kitobi va taklifi bilan hal qilinmoqda. Shu bois, kelgusi yildan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga oid qonunchilik hujjatlari loyihasini ishlab chiqishga Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama respublika komissiyasini ham (Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Bandlik vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi) jalb qilsak, o‘ylaymanki, bu juda to‘g‘ri bo‘ladi.

Bu – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilashda xodimlar manfaatini kafolatli himoya qilish bo‘yicha yangicha yondashuv bo‘ladi.

Shu o‘rinda bir haqiqatni yaxshi tushunib olishimiz kerak: inson qadri, uning hayot sifati faqat ish haqi bilan emas, balki ijtimoiy muhit bilan ham belgilanadi. Buning uchun xodimlarni uy-joy, sifatli ta’lim, tibbiyot va transport xizmatlari bilan kafolatli ta’minlab, eng muhim hayotiy ehtiyojlariga yetadigan daromad topishiga sharoit yaratib berishimiz zarur.

Bir so‘z bilan aytganda, har bir ishchi, har bir oila o‘z hayotida sifat darajasini his etishi, davlat va jamiyat esa buni kafolatlashi lozim.

Kasaba uyushmalari bu ishlarda faol ishtirok etadi, deb ishonaman.

Ikkinchidan, globallashuv va raqamli taraqqiyot sharoitida mehnat munosabatlari sohasida yangi shakllar ham keng ommalashmoqda.

Imkoniyat va sharoit yaratib berganimiz tufayli bugungi kunda 6 millionga yaqin aholi o‘zini o‘zi band qilib, ro‘zg‘or tebratmoqda. Masalan, hozirgi vaqtda odamlarimiz IT dasturchisi, veb-dizayner, hunarmand, taksi haydovchisi, kuryer kabi o‘nlab kasblarda platformali bandlik asosida ishlamoqda. Ko‘plab fuqarolarimiz, ayniqsa, xotin-qizlar masofadan turib mehnat qilishni o‘rgandi.

Bundan tashqari, biz mahalla institutini tubdan isloh qilib, barcha darajadagi rahbarlar eng quyi bo‘g‘inga tushib ishlaydigan xalqchil tizim yaratdik.

Mahallalarni drayver sohalarga ixtisoslashtirish hisobidan 1,5 million oila o‘z xonadonida ishlab, daromad olmoqda.

Bugun ushbu yo‘nalishlar iqtisodiy taraqqiyotimizning bir qismiga, ularda faoliyat yuritayotgan odamlar esa mehnat munosabatlarining teng huquqli subyektiga aylanmoqda.

Endi, Kasaba uyushmalari ham mahallalar bilan yaqindan ishlaydigan samarali tizimni yo‘lga qo‘ysa, o‘ylaymanki, to‘g‘ri bo‘ladi.

Bandlik vazirligi (B. Zohidov) ham kasaba uyushmalari bilan birga platformalarda faoliyat yuritayotgan odamlarimizning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat muhofazasini ta’minlash; ularning hayoti, xavfsizligini sug‘urtalash bo‘yicha asoslangan takliflarni Hukumatga kiritsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Uchinchidan, kasaba uyushmalari o‘tgan davrda xotin-qizlar mehnatini muhofaza qilish bo‘yicha katta tajriba to‘pladi.

Xususan, ular “Ayollar daftari” orqali 4,5 million nafar ehtiyojmand, kam ta’minlangan opa-singillarimizga yordam ko‘rsatishda bosh-qosh bo‘ldi.

Xotin-qizlarning faol ijtimoiy qatlam bo‘lib shakllanishida kasaba uyushmalarini yetakchi kuchga aylantirish uchun bugun barcha imkoniyatlar mavjud. Bu borada “Kasaba uyushmalari – ayollar manfaati yo‘lida” degan shior asosida yangi tizimni yo‘lga qo‘yishni taklif etaman.

Ushbu tizim doirasida Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha komissiya va Federatsiya mehnat bozorida xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga va ijtimoiy faolligini oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha yangi yondashuvlarni joriy etsa; uy-joy va yashash sharoitini yaxshilashga, tibbiy, psixologik, huquqiy yordamga muhtoj, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarni ham “Ayollar daftari” orqali qo‘llab-quvvatlashni yo‘lga qo‘ysa; qishloq joylarda ayollar bandligi va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturlarini yanada kengaytirsa; har yili mehnat jamoalaridagi gender audit natijalarini muhokama qilib, ish beruvchilar bilan birgalikda xotin-qizlarga yanada qulay mehnat sharoitlarini yaratsa; 14 ta tarmoq kasaba uyushmalari bo‘yicha gender tenglikni ta’minlash uchun manzilli strategiyalar ishlab chiqish choralarini ko‘rib borsa, o‘ylaymanki, hurmatli ayollarimiz mamnun bo‘ladi.

To‘rtinchidan, kasaba uyushmalari – mehnat muhofazasi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini olib boradigan eng katta tashkilot.

So‘nggi besh yilda ular tomonidan korxona va tashkilotlarda 152 mingta qonun buzilishi aniqlangan. Aslida bunday holatlar ancha ko‘p.

Misol uchun, sudlar tomonidan uch yilda 48 mingdan ziyod mehnat nizolari ko‘rib chiqilgan. Kasaba uyushmalari yarashtiruvchi, murosaga keltiruvchi bo‘g‘in sifatida ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilishda faollik ko‘rsatsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Shu bilan birga, ish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi ma’lumotlarning yaxlit tizimi yo‘q. Masalan, baxtsiz hodisalar hisobi va ularning sababini o‘rganish o‘ttiz yil oldin qabul qilingan hukumat qaroridagi eskirgan normalar asosida qog‘ozda yuritilmoqda.

Bugun, barcha sohalar raqamlashayotgan bir paytda sun’iy intellektni joriy etib, bunday holatlarni tezkorlik bilan aniqlash kerakligini sizlar, albatta, yaxshi tushunasiz.

Bandlik vaziri B. Zohidov, sog‘liqni saqlash vaziri A. Xudayarov, raqamli texnologiyalar vaziri Sh. Shermatov Kasaba uyushmalari bilan birga ikki oy muddatda baxtsiz hodisa va kasbga oid kasalliklarga chalinish holatlari haqidagi ma’lumotlarni olishning yagona tizimini ishga tushirsin; bunday hodisalar hisobotini yuritish, sabablarini tahlil qilish va ularga yechim topish bo‘yicha qaror loyihasini kiritsin.

Beshinchidan, hozirgi vaqtda Federatsiya tarkibida 14 ta tarmoq kasaba uyushmasi faoliyat yuritmoqda.

Afsuski, tegishli tarmoqlarda mehnat qilayotgan xodimlar huquqlarini ishonchli ta’minlaydigan tashabbuslarni ilgari surishda ularning ovozi eshitilmayapti.

Ko‘ryapsizlar, iqtisodiyotimizga yangi-yangi soha va yo‘nalishlar, shunga mos tarzda yangi kasblar, zamonaviy texnologiyalar jadal kirib kelmoqda. Ana shunday sharoitda tarmoq kasaba uyushmalari vazirlik va idoralar bilan hamkorlik qilib, ularning oldiga aniq vazifalar qo‘yib borishi kerak emasmi?

Shuning uchun, vazirlik va idoralar hamda tarmoq kasaba uyushmalari kollegial organlarining qo‘shma yig‘ilishini doimiy ravishda o‘tkazib boradigan tizimni yo‘lga qo‘yishni taklif etaman.

Ishonchim komil, bunday muloqot shakli “davlat – ish beruvchilar – mehnat jamoalari” o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlab, samarali mexanizmga aylanadi.

Oltinchidan, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilmoqda.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – mehnat sohasida inson qadrini oshirish, barcha fuqarolar uchun adolatli va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishdan iborat.

Shu bois, Kasaba uyushmalari, Bandlik vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi dasturda munosib bandlik, mehnat muhofazasi, ijtimoiy sug‘urta, gender tenglik, yoshlar va inklyuzivlik masalalariga alohida e’tibor qaratishi zarur, deb hisoblayman.

Bundan tashqari, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va “yashil” iqtisodiyot jadal rivojlanayotgan sharoitda mehnat munosabatlari ham shunga mos ravishda yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Ishlab chiqilayotgan “Munosib mehnat” dasturi jadal o‘sib borayotgan iqtisodiyotimizni ijtimoiy adolat bilan uyg‘unlashtiradigan strategik “yo‘l xaritasi” bo‘ladi.

Yettinchidan, turli sabablar bilan ishsiz qolgan, mehnat jarayonida kasallik yoki nogironlikka chalingan odamlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kafolatlarini kuchaytirish ham dolzarb vazifadir.

Shu bois, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishini tezlashtirib, unda ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasini shakllantirishda ish beruvchi va xodimlar ishtirokini aniq belgilab bersak, o‘ylaymanki, adolatdan bo‘ladi.

Yana bir masala – axborot kommunikatsiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda odamlarga ishonchli ma’lumotlarni o‘z vaqtida, to‘g‘ri yetkazish juda muhim.

Kasaba uyushmalarida buning uchun imkoniyat ham, sharoit ham, salohiyat ham yetarli.

Eng katta auditoriyaga ega bo‘lgan kasaba uyushmalari halol va fidoyi mehnatni targ‘ib qilish hamda mehnat munosabatlarida qonuniylikni ta’minlashga oid axborotlarni jamoatchilikka birinchilardan bo‘lib yetkazib borishi kerak.

Qadrli mehmonlar!

Kasaba uyushmalari tizimidagi 30 dan ortiq sanatoriy va 100 dan ziyod bolalar oromgohlari xodimlar va ularning farzandlari salomatligini tiklab, hordiq chiqarishlari uchun xizmat qilmoqda.

So‘nggi besh yilda sanatoriylarda 900 mingga yaqin aholi o‘z salomatligini tikladi, oromgohlarda esa 800 ming bola dam oldi.

Yaqinda Issiqko‘lda “Bo‘ston-Rezort” pansionati ishga tushirilgani yurtdoshlarimiz uchun yana bir qulaylik bo‘ldi. Shu bilan birga, bu O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari mustahkamlanib borayotgani ramziga aylandi.

Ayni vaqtda kasaba uyushmalari infratuzilmasi aholimiz ehtiyojlarini to‘liq qamrab olmayapti, desak, buyam haqiqat bo‘ladi.

Bu masalada hokimlar ham chetda turmasligi kerak. Ular har yili o‘z hududida kasaba uyushmalari bilan birgalikda yoki davlat-xususiy sheriklik yordamida zamonaviy loyihalar asosida bittadan sanatoriy va oromgoh qurish bo‘yicha alohida dastur tasdiqlasa, o‘ylaymanki, to‘g‘ri bo‘ladi.

Aziz do‘stlar!

Hayot bir haqiqatni doimo ta’kidlab keladi: tarixni puxta bilmasdan turib, kelajakni barpo etib bo‘lmaydi. Shu bois, har bir tashkilot va muassasa tarixini o‘rganish, ularda mehnat qilgan insonlarni yodga olish, ezgu ishlarini kelajak avlodlarga yetkazish barchamizning burchimiz.

Shu maqsadda olimlarimiz, soha faxriylari va faollari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar yurtimizda kasaba uyushmalari harakatiga 1905-yilda asos solinganini isbotladi.

Bundan to‘rt yil oldin Toshkent shahrida tashkil etilgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tarixi muzeyi sohaga oid ma’lumot va eksponatlar bilan xalqimizni tanishtirishda muhim rol o‘ynamoqda.

Shu bois, bu yil butun mamlakatimiz bo‘ylab kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda. Mana shu qutlug‘ sana munosabati bilan mehnatkash xalqimizga chuqur hurmat va ehtirom ifodasi sifatida har bir hududda “Kasaba uyushmalari bog‘lari”ni tashkil etishni taklif qilaman.

Hozir topshiriq beraman, viloyat hokimlari sizlar bilan maslahatlashib, ikki hafta ichida joyini ajratib beradi. Kasaba uyushmalari federatsiyasi – Toshkent shahrida, 14 ta tarmoq kasaba uyushmalari – viloyat markazlarida ushbu bog‘larni tashkil qilishga o‘zlari bosh-qosh bo‘lib, ularni so‘lim go‘shaga aylantirsa, bu ham mehnatsevarlikning ramziy ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.

Korxona va tashkilotlardagi kasaba uyushmalari ham ishxonasida, xodimlari yashaydigan mahallalarda daraxt ektirib, yashil hududlarni kengaytirsa, tozalik va obodonchilik ishlarini tashkil qilsa, o‘ylaymanki, mehnat jamoalaridagi muhit mutlaqo boshqacha bo‘ladi.

Hurmatli vatandoshlar, qadrli do‘stlar!

Bugungi muloqotimizda aytilgan taklif va tashabbuslar soha rivoji uchun foydali bo‘ldi, deb o‘ylayman.

Birgalikda boshlagan ishlarimiz har bir mehnat jamoasi, har bir xodim va uning oilasi uchun manfaatli bo‘layotganiga yana bir bor amin bo‘ldim.

“Inson qadri uchun”, degan ezgu g‘oya bundan buyon ham Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

Fursatdan foydalanib, siz, azizlarni O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yillik yubileyi va yaqinlashib kelayotgan Kasaba uyushmalari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Barchangizga sihat-salomatlik, mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda yutuq va omadlar, oilalaringizga baxt-saodat, fayzu baraka tilayman.

El-yurtimiz doimo tinch va obod bo‘lsin!

Posted on Leave a comment

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-oktyabr kuni kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida kasaba uyushmalari harakati a’zolariga o‘zining yuksak hurmati va ezgu tilaklarini bildirdi, har bir korxona va tashkilotga ishchanlik muhitini, mehnat jamoalariga rag‘bat va adolat ruhini olib kirayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

– Biz bugun Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida ulkan marralarga intilib, dadil qadam tashlayapmiz. Dunyoda geosiyosiy va iqtisodiy keskinlik avj olib borayotgan hozirgi murakkab davrda yurtimizda tinchlik va xotirjamlikni mustahkamlab, ko‘p millatli xalqimiz hayotini yanada yaxshilashga mahkam bel bog‘laganmiz. Bu borada mehnatkash va bag‘rikeng xalqimiz, har bir yurtdoshimizning o‘rni, qo‘shayotgan hissasi beqiyos, – dedi Prezident.

Sakkiz yilda iqtisodiyotimizga 130 milliard dollar investitsiya kirib kelgani, minglab yangi quvvatlar ishga tushirilib, millionlab doimiy ish o‘rni yaratilgani ta’kidlandi. Xususiy sektorga keng yo‘l ochilib, odamlarga munosib mehnat sharoiti yaratib berilgani uchun jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetdi.

Shu bilan birga, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, mehnatni muhofaza qilish, kafolatlangan ijtimoiy himoyani ta’minlash bo‘yicha mustahkam qonuniy asoslar yaratilgani ta’kidlandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya, Mehnat kodeksi, “Aholi bandligi to‘g‘risida” va “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilinishi bu sohada muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti standartlarini qabul qilayotgan eng faol davlatlar safidan joy oldi. Sakkiz yil oldin ushbu tashkilotning O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan hujjatlari soni 12 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda 25 taga yetdi.

– Bolalar mehnati va majburiy mehnatga to‘liq barham berish uzoq yillar biz uchun eng og‘riqli masala bo‘lib kelgan edi. Faqat kuchli iroda, qat’iy pozitsiyamiz orqali biz bu murakkab muammoni ijobiy hal qildik, – dedi Prezident. 

O‘zbekistonning bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha ilg‘or tajribasi Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan namuna sifatida boshqa davlatlarga tavsiya etilgani ham shundan dalolat beradi.

Mamlakatimiz sanoqli davlatlar qatorida Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Adolatli o‘tish jarayonlari uchun ish o‘rinlari yaratish va ijtimoiy himoya bo‘yicha global akselerator” tashabbusida ishtirok etmoqda, Xalqaro mehnat tashkilotining “Ijtimoiy adolat bo‘yicha global koalitsiyasi”da qatnashmoqda, mamlakatimiz o‘tgan yili ushbu tashkilotning Ma’muriy Kengashi a’zoligiga saylandi.

Bu natijalarda 8 millionga yaqin a’zoga ega, eng xalqchil va katta nodavlat tashkiloti bo‘lgan kasaba uyushmalarining munosib hissasi borligi ta’kidlandi.

– Biz O‘zbekistonda kasaba uyushmalarining erkin va mustaqil faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berdik va mana shu prinsiplarga hamisha sodiqmiz. Bundan buyon ham kasaba uyushmalariga birlashish huquqini ta’minlash, ularning faoliyatiga aralashmaslik bo‘yicha siyosatni qat’iy davom ettiramiz, – dedi Prezident.

Kasaba uyushmalarining korxona va tashkilotlarda mehnatga oid huquqlarni himoya qilishdagi jonbozligi alohida qayd etildi. 

Keyingi yillarda 500 mingga yaqin xodimning qonuniy huquqlari himoya qilindi, ularning foydasiga 267 milliard so‘m undirib berildi. Ishdagi baxtsiz hodisalar tufayli jabrlangan 1 ming nafar xodimga 35 milliard so‘m tovon puli to‘lab berilgan. Nohaq bo‘shatilgan 13 ming xodim ishga tiklangan.

Kasaba uyushmalarining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzi ortib bormoqda. Federatsiya tashabbusi bilan 2021-yilda Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari kasaba uyushmalari kengashi tuzildi. 2023-yilda Samarqand shahrida Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkilotiga asos solindi. Federatsiya o‘tgan yili Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga a’zo bo‘lgani uning dunyodagi mavqeini yangi bosqichga olib chiqadigan tarixiy voqea bo‘ldi.

Uchrashuvda kasaba uyushmalari faoliyatini yanada rivojlantirish va mehnat munosabatlarini yaxshilash bo‘yicha kelgusi vazifalar ham muhokama qilindi.

Kelgusi yildan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga oid qonunchilik hujjatlari loyihasini ishlab chiqishga Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama respublika komissiyasini (Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Bandlik vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi) ham jalb qilish taklif etildi. Bu mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilashda xodimlar manfaatini kafolatli himoya qilish bo‘yicha yangicha yondashuv bo‘ladi.

Globallashuv va raqamli taraqqiyot sharoitida mehnat munosabatlari sohasida yangi shakllar, jumladan, masofaviy va platformali bandlik keng ommalashmoqda. Bugun ushbu yo‘nalishlar iqtisodiy taraqqiyotimizning bir qismiga, ularda faoliyat yuritayotgan odamlar esa mehnat munosabatlarining teng huquqli subyektiga aylanmoqda. 

Shu bois, kasaba uyushmalari bilan birgalikda platformalarda faoliyat yuritayotgan fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat muhofazasini ta’minlash, ularning hayoti, xavfsizligini sug‘urtalash bo‘yicha asoslangan takliflarni ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Xotin-qizlarning faol ijtimoiy qatlam bo‘lib shakllanishida kasaba uyushmalarini yetakchi kuchga aylantirish uchun bugun barcha imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi. Prezidentimiz mehnat bozorida xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishi va ijtimoiy faolligini oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha yangi yondashuvlarni joriy etishga chaqirdi.

Har yili mehnat jamoalaridagi gender audit natijalarini muhokama qilib, ish beruvchilar bilan birgalikda xotin-qizlarga yanada qulay mehnat sharoitlarini yaratish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.

Kasaba uyushmalari yarashtiruvchi, murosaga keltiruvchi bo‘g‘in sifatida ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilishda faollik ko‘rsatishi muhim ekani qayd etildi.

Shu bilan birga, ish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi ma’lumotlarning yaxlit tizimi yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mas’ul vazirliklarga kasaba uyushmalari bilan birga baxtsiz hodisa va kasbga oid kasalliklarga chalinish holatlari haqidagi ma’lumotlarni olishning yagona tizimini ishga tushirish hamda bunday hodisalar hisobotini yuritish, sabablarini tahlil qilish va unga yechim topish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Tegishli tarmoqlarda mehnat qilayotgan xodimlar huquqlarini ishonchli ta’minlaydigan tashabbuslarni ilgari surish maqsadida vazirlik va idoralar hamda tarmoq kasaba uyushmalari kollegial organlarining qo‘shma yig‘ilishini doimiy ravishda o‘tkazib boradigan tizimni yo‘lga qo‘yish taklif etildi

Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda ishlab chiqilayotgan O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan dasturda munosib bandlik, mehnat muhofazasi, ijtimoiy sug‘urta, gender tenglik, yoshlar va inklyuzivlik masalalariga alohida e’tibor qaratishi zarurligi ta’kidlandi.

Turli sabablar bilan ishsiz qolgan, mehnat jarayonida kasallik yoki nogironlikka chalingan odamlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kafolatlarini kuchaytirish ham dolzarb vazifadir.

Shu bois, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishini tezlashtirib, unda ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasini shakllantirishda ish beruvchi va xodimlar ishtiroki aniq belgilash zarurligi qayd etildi.

Olimlar, soha faxriylari va faollari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar yurtimizda kasaba uyushmalari harakatiga 1905-yilda asos solinganini isbotladi. Shu bois, bu yil butun mamlakatimiz bo‘ylab, kasaba uyushmalari harakatining 120-yillik yubileyi keng nishonlanmoqda.

Ushbu sana munosabati bilan Prezidentimiz mehnatkash xalqimizga chuqur hurmat va ehtirom ifodasi sifatida har bir hududda “Kasaba uyushmalari bog‘lari”ni tashkil etishni taklif etildi.

– Birgalikda boshlagan ishlarimiz har bir mehnat jamoasi, har bir xodim va uning oilasi uchun manfaatli bo‘layotganiga yana bir bor amin bo‘ldim. Bundan buyon ham “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi, – dedi davlatimiz rahbari.

So‘zini yakunlar ekan, Prezidentimiz soha vakillarini O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120-yillik yubileyi va yaqinlashib kelayotgan kasaba uyushmalari kuni bilan tabrikladi.

Uchrashuvda kasaba uyushmalari faollari bilan muloqot o‘tkazilib, ularning taklif va tashabbuslari tinglandi.

Posted on Leave a comment

Toshkent shahrida infratuzilmani rivojlantirish rejalari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga poytaxtni kompleks rivojlantirish, sanoat va transport infratuzilmasini yaxshilash masalalari yuzasidan axborot berildi.

Taqdimotda “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasini rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi.

774 gektar maydonda tashkil etilgan mazkur hududda hozirgacha 268 gektarda 28 ta loyiha amalga oshirilmoqda, ularning umumiy qiymati esa 800 million dollarga teng. Yana 300 gektarda joylashadigan 30 ta loyiha bo‘yicha investorlar aniqlangan bo‘lib, umumiy investitsiyalarning hajmi 400 million dollarni tashkil etadi.

Sanoat zonasini yanada kengaytirish va yangi quvvatlarni joylashtirish hisobiga ish o‘rinlarini yaratish, yuqori qo‘shilgan qiymatli hamda texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

Masalan, sanoat zonasi hududida 288 million dollar investitsiya hisobiga multimodal logistika terminali barpo etish loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

Loyiha Dubayning “DP World” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Terminal ishga tushgach, poytaxt va Toshkent viloyatining logistika imkoniyatlari kengayadi, eksport va import operatsiyalari tezlashadi.

Poytaxtda yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, Shota Rustaveli ko‘chasidagi tajribadan kelib chiqib, “BRT” tizimi (Bus rapid transit) asosida yana 10 ta ko‘chada shunday qurilish ishlari boshlanadi.

Yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, transport oqimini tartibga solish va shahar qiyofasini yagona dizayn-kod asosida takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.

Kelgusi yilda mahallalarni obodonlashtirish, gastronomik ko‘chalar qurish va sug‘orish tizimlarini yangilash ishlariga mahalliy byudjetdan 1 trillion so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.

Prezidentimiz poytaxtdagi yangilanishlar insonlar uchun qulay va zamonaviy yashash muhitini yaratishga, iqtisodiy faollik va tadbirkorlik salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.

Taqdimot davomida boshqa hududlardagi yirik loyihalar yuzasidan ham ma’lumot berildi. Jumladan, Buxoro shahrining sayyohlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini yanada kengaytirish rejalari ko‘rib chiqildi.

Posted on Leave a comment

Kosmik sohada amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-oktyabr kuni kosmik monitoring orqali yangi iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlash yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik ma’lumotlardan foydalanish kengayib bormoqda. Xususan, Prezidentning 30-sentyabrdagi farmoni bilan bu boradagi ishlar yangi bosqichga olib chiqildi. Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi geologiya, yer munosabatlari hamda ekologiya sohasida yiliga kamida uch marta davlat kosmik monitoringini o‘tkazishi belgilandi, agentlikning hududiy vakillari lavozimi joriy etildi.

Taqdimotda ta’kidlanganidek, endilikda kosmik tahlillar yordamida iqtisodiyotga katta turtki beradigan yangi imkoniyatlarni aniqlash lozim.

Respublikada har yili yuzlab foydali qazilma konlari va karerlar auksionga chiqarilyapti. Tadbirkorlarga imkoniyat yaratilib, konlarga sanoat olib kirilmoqda. Misol uchun, o‘tgan yili 170 ta, yil boshidan esa 172 ta kon auksionda sotilgan.

Lekin konlardan ruxsatsiz foydalanish muammosi hanuzgacha dolzarb ekani, yil boshidan kosmik monitoring yordamida 2 mingdan ziyod shunday holat aniqlangani qayd etildi.

Bosh prokuratura zimmasiga iqtisodiy jinoyatlarning oldini olish va ularni o‘z vaqtida fosh etishda yer, ishlab chiqarish obyektlari va konlarni sun’iy yo‘ldosh orqali tahlil qilish ma’lumotlaridan samarali foydalanish vazifasi qo‘yildi.

So‘nggi yillarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan 1 million 365 mingta uy-joyga kadastr rasmiylashtirib berilgan. Lekin haligacha bunday noqonuniy qurilishlarga to‘liq barham berilgani yo‘q. Yil boshidan 33 mingdan ziyod o‘zboshimcha qurilish aniqlangan bo‘lsa, ularning ko‘pi qishloq xo‘jaligi yerlarida joylashgan.

Shu munosabat bilan qisqa muddatda tegishli axborot platformalarini integratsiya qilib, noqonuniy qurilish holatlarini tezkor o‘rganish va bartaraf etish imkonini beradigan tizim yaratish topshirildi.

Taqdimotda kosmik monitoring asosida joylarda bo‘sh turgan yerlarni aniqlash va iqtisodiy aktivga aylantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Mamlakatimizning oltita hududida olib borilgan o‘rganishlar natijasida 300 gektarga yaqin bo‘sh yerlar aniqlandi. Birgina Toshkent shahrida 95 gektar bo‘sh yer uchastkasi topilib, auksionga chiqarilgan.

Prezidentimiz bu yil yana 8 ta hududda, kelgusi yilda barcha tuman markazlarida o‘rganishlarni oxiriga yetkazish vazifasini qo‘ydi.

Sohada xalqaro tajriba va ilg‘or yechimlarni faol joriy qilish zarurligi qayd etildi. Mutasaddilar bu borada ishlab chiqilgan loyihalar yuzasidan axborot berdi.

Jumladan, kosmik ma’lumotlarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilib, daraxtlar kesilishi, metan gaz sizib chiqishi, quyosh panellarining samaradorligi, yo‘l qoplamasining holati, temir yo‘l va elektr tarmoqlaridagi nosozliklar va ortiqcha yuklamalarni aniqlash ishlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, taqdimotda kosmik sohada ta’lim ekotizimini yaratish, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish, yo‘ldoshli aloqa texnologiyalarini joriy etish orqali mamlakatimizning olis hududlarida aloqa qamrovini oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. 2028-yilda Samarqandda o‘tkaziladigan Xalqaro astronavtika kongressiga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan topshiriq berildi.

Posted on Leave a comment

Yangi mahsulotlarni saqlash va taqsimlash markazida mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Anglesey Food” mas’uliyati cheklangan jamiyatining mahsulotlarni saqlash va taqsimlash markazi faoliyatini ham borib ko‘rdi.

“Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi hududida tashkil etilgan mazkur korxona “Korzinka” do‘konlar tarmog‘i uchun mahsulotlarni saqlash, saralash va qadoqlash xizmatlarini ko‘rsatadi.

Korxona 10 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, 49 ming kvadrat metr hududiga ombor joylashtirilgan. Qurilish materiallari va muzlatkich kameralar uchun jihozlar Xitoy, Turkiya, Belarus va Rossiya davlatlaridan olib kelingan, barchasi “EDGE Advanced” xalqaro sertifikatiga ega.

Ushbu loyiha Markaziy Osiyodagi “A” sinfiga kiruvchi eng yirik taqsimot markazi hisoblanadi. Bir vaqtning o‘zida 145 ta darvozada tekislovchi moslamalar yuklash hamda yukni tushirish imkoniga ega.

Markazda 4 xil haroratli hudud mavjud. Shu bois, mahsulotlar turiga qarab muzlatkichda, past haroratli sovitish kameralarida hamda quruq joyda saqlanadi.

Shuningdek, markazda tun-u kun ishlovchi 96 ta sinov usuliga ega maxsus laboratoriya barpo etiladi. 1 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Tanishuv yakunida bo‘lib o‘tgan jamoatchilik vakillari bilan muloqotda oqilona iqtisodiy siyosat va investorlarning bunga ishonchi haqida so‘z yuritildi.

– So‘nggi sakkiz yilda 130 milliard dollarlik xorijiy investitsiya kirib keldi, bu qanchadan qancha zavod va korxonalarga aylandi. Bugun ham yana bir katta loyiha – yangi xalqaro aeroport qurilishini boshladik. Unga Saudiya Arabistoni, Yaponiya, Koreya investitsiya kirityapti. Bu o‘z o‘zidan bo‘lmaydi. Bu – mamlakatimiz kelajagiga bo‘lgan katta ishonch belgisi, – deya ta’kidladi Prezidentimiz.

Posted on Leave a comment

“Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Yangihayot tumanidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida bo‘lib, alyumin qadoq ishlab chiqarish, salqin ichimliklar quyish korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda sanoatlashtirish siyosati yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘ziga xos ishlab chiqarish quvvati va xalqaro texnologik standartlar asosidagi iqtisodiy o‘sish modeli shakllandi.

“Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi davlatimiz rahbarining 2024-yil 20-martdagi tegishli qaroriga asosan tashkil etilgan. U zamonaviy ishlab chiqarish infratuzilmasi, qulay logistika imkoniyatlari va investorlar uchun yaratilgan keng imtiyozlari bilan ajralib turadi.

Hududdagi istiqbolli loyihalardan biri “East Can Solutions” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu yerda alyumin qadoq ishlab chiqarish va salqin ichimliklar quyish majmuasi tashkil etildi.

Prezidentimiz loyihaning istiqboli, u yerda tayyorlanayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Shu yerda loyihaga rasman start berildi.

Korxona 21 gektar hududda joylashgan. Qiymati 90 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha asosan xorijiy investitsiyalar hisobiga moliyalashtirilmoqda.

Markaziy Osiyodagi sanoqli korxonalar sirasiga kiruvchi bu majmua AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya va Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Ishlab chiqarish jarayoni esa to‘liq raqamlashtirilgan.

Korxonada ishlab chiqarish quvvati bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Ilk bosqichda yiliga 600 million dona, keyingi bosqichlarda esa 1,1 milliard va 2,2 milliard dona alyumin qadoq mahsulotlari ishlab chiqariladi. Bu ko‘rsatkichlar nafaqat ichki bozor ehtiyojini qondirish, balki mintaqaviy miqyosda raqobatbardosh mahsulot eksport qilish imkonini ham yaratadi.

Loyihaning ishga tushishi natijasida 60 million dollarlik import o‘rni qoplanib, 20 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.

Mahalliylashtirish darajasi 90 foizga yetkaziladi. E’tiborlisi, korxonadagi barcha loyihalar to‘liq ishga tushishi bilan 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Byudjet uchun esa  salmoqli soliq tushumlari ta’minlanadi.

Prezidentga shu yerda “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida amalga oshirilayotgan ishlarning borishi haqida axborot berildi.

Mas’ullar sanoat zonasining umumiy rivojlanish strategiyasi, mahalliylashtirish, raqamlashtirish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qilingan ishlar xaqida ma’lumot berdi.

Bu yerda oziq-ovqat, elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo va qurilish materiallari yo‘nalishlarida jami 1 milliard 200 million dollarlik 58 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbariga ularning 28 tasi taqdimot qilindi. Yaqin istiqbolda amalga oshadigan ushbu tashabbuslar  amalga oshishi natijasida 7 ming 600 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ular nafaqat iqtisodiy samara, balki yangi ish o‘rinlari, eksport salohiyati va mahalliy ishlab chiqarish tarmoqlarini rivojlantirish orqali ijtimoiy barqarorlikka ham xizmat qilishi qayd etildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni bog‘lovchi yirik aviatsiya xabiga aylanishni maqsad qilgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport loyihasi taqdimoti bilan tanishdi hamda mazkur ulkan majmua qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi.

Izchil taraqqiy etib, ulkan megapolisga aylanayotgan Toshkent shahriga dunyoning turli mintaqalaridan sayyohlar-u tadbirkorlar, investor-u davlat arboblarining tashrifi ko‘payib bormoqda. Aniq raqamlarda aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston dunyoga keng ochilganidan so‘ng xorijiy sayyohlar soni 3 milliondan 10 millionga oshdi. 2030-yilga borib, 15 millionga yetadi.

Yaxshi qo‘shnichilik aloqalarining tiklangani, chegaralarning ochilgani natijasida odamlar uchun mintaqamiz bo‘ylab bemalol harakat qilish imkoniyati yaratildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Yangi Toshkent shahri ham qulay joylashuvi, investitsion jozibadorligi, yashash uchun barcha shart-sharoitlarga egaligi bois, g‘oyat gavjum maskanlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Shunga muvofiq, transport infratuzilmasining barcha yo‘nalishlari mutanosib rivojlantirilmoqda. Ayniqsa, aviatsiya sohasida yangi ekotizimni shakllantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, hududlardagi 7 ta xalqaro aeroport zamon talablari asosida rekonstruksiya qilinyapti.

Mo‘ynoq, Qo‘qon, Zomin, Shahrisabz, Sariosiyo, So‘x tumanlarida yangi aeroportlar barpo etilib, ularning soni 18 taga yetkazildi.

Eng muhimi, sohada raqobat muhiti yaratilgani sababli 15 ta yangi aviakompaniya paydo bo‘ldi. Ularning aviaparkidagi havo kemalari soni 26 tadan 105 taga yetdi.

Hozirda Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Koreya, Xitoy, Hindiston, Malayziya, Turkiya, Rossiya, Polsha kabi davlatlarning 51 ta aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida kelgusida ham transport infratuzilmasi jadal rivojlantirilishini ta’kidladi.

Jumladan, kelgusi besh yilda aviaparkdagi havo kemalari 180 taga, yo‘nalishlar 230 taga, mahalliy va xalqaro aviaqatnovlar soni esa yiliga 200 mingga yetkaziladi. Aeroport infratuzilmasini xususiy sheriklik asosida rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar izchil davom ettiriladi.

– Ushbu islohotlarimizning pirovard natijasida O‘zbekistonni Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni bog‘lovchi yirik aviatsiya xabiga aylantirishni maqsad qilganmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi xalqaro aeroport qurilishi bunga katta zamin bo‘lishi qayd etildi.

Tahlillarga ko‘ra so‘nggi sakkiz yilda poytaxtga avia yo‘lovchilar oqimi 3 karra oshib, yiliga 9 millionga yetdi. 2040-yilga borib, 24 milliondan oshadi. Lekin yiliga 11 million odamga xizmat ko‘rsatadigan hozirgi aeroport shahar hududida joylashgani uchun uni kengaytirishning imkoniyati yo‘q. Shu bois, sohadagi yetakchi xorijiy ekspertlar va jamoatchilik vakillari bilan muhokama qilinib, O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridagi 1 ming 300 gektar maydonda yangi xalqaro aeroport barpo etilmoqda.

Saudiya Arabistonining “Vision Invest”, Yaponiyaning “Sojitz” va Koreyaning “Incheon” kompaniyalari ishtirokidagi xalqaro konsorsium bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyiha 4 bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda 2,5 milliard dollar evaziga aerovokzal hamda aerodrom quriladi. Bu bilan terminallar orqali yiliga 20 million nafar yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk o‘tkazish, soatiga 30 ta uchish-qo‘nish operatsiyalarini bajarish, 14 ta teleskopik traplardan foydalanish hamda bir vaqtning o‘zida 62 ta havo kemasini saqlash imkoniyati yaratiladi.

Ushbu aeroport aviatsiya xizmatlari sifatini oshirish, parvozlar xavfsizligini ta’minlash, texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining talablariga to‘liq javob beradi.

Eng ilg‘or aeronavigatsiya va parvozlar xavfsizligini ta’minlash tizimlari o‘rnatilib, har qanday ob-havo sharoitida samolyotlarni qabul qilish mumkin bo‘ladi.

Yana bir muhim jihati, bu loyiha “yashil” standart tamoyillariga javob beradigan mintaqadagi birinchi aeroport bo‘ladi. Terminallarda 46 ming kvadrat metrlik “Duty free” zonasi tashkil etiladi.

Yangi aeroportni qurish orqali multimodal transport bog‘lamasi tashkil etiladi. Ushbu hudud Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon, Toshkent – Bo‘stonliq pullik avtomobil yo‘llariga ulanadi. Bu yerda zamonaviy temir yo‘l stansiyasi qurilib, tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Poytaxt va Yangi Toshkent markazlari shattl transport xizmatlari orqali bog‘lanadi.

Eng asosiysi, yangi aeroport iqtisodiy jihatdan ham davlat uchun jozibador bo‘lib, bu loyiha mamlakatimizga 27 milliard dollardan ortiq daromad keltiradi. Yurtimizda xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish, turizm sohalarining yanada rivojlanishiga, yangi ish o‘rinlarining ochilishiga hissa qo‘shadi.

Davlatimiz rahbari tadbirda ishtirok etayotgan xorijiy hamkorlar, moliya tashkilotlari, turistik kompaniyalar vakillariga minnatdorlik izhor etdi. Yangi aeroportning barpo qilinishida qatnashadigan barcha mutaxassislar, muhandislar va qurilish jamoasiga yuksak ishonch bildirdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yangi Toshkent xalqaro aeroporti poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishini boshlab berdi.

Posted on Leave a comment

Toshkent viloyatida sholidan mo‘l hosil yetishtirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi “TСT Rice” sholichilik klasteri faoliyati bilan tanishdi.

Ushbu mas’uliyati cheklangan jamiyatda sholi yetishtirish va uni chuqur qayta ishlash bo‘yicha to‘liq sanoat zanjiri yaratilgan.

Aytish joizki, ilgari sholikorlar faoliyati tarqoq bo‘lgani uchun tuzuk daromad ololmasdi. Ayniqsa, sholini qayta ishlashda ko‘plab muammolarga duch kelinardi. Keyingi yillarda alohida e’tibor tufayli sohada sifat o‘zgarishlari boshlandi, samaradorlik oshdi.

Bugungi kunda Toshkent viloyatida ham sholichilik tarmog‘ida muayyan yutuqlarga erishilmoqda.

Viloyatda joriy yil hosili uchun 8,7 ming gektar sholi ekildi. Suv tejovchi texnologiyalar uchun 3 ming gektar yer lazerli tekislandi. Natijada viloyat bo‘yicha 60 million metr kub suv tejaldi, 522 tonna urug‘lik sarfi kamaydi.

Jumladan, “TCT Rice” klasteri tomonidan 2 ming gektardan ziyod maydonda “Iskandar”, “Guliston”, “Nukus” navlari ekilib, parvarishlandi.

Bugungi kunda 985 gektar maydonda sholi yig‘ib olinib, gektariga o‘rtacha 65-70 sentnerdan, ayrim dalalarda 80-85 sentnerdan hosil olindi.

Davlatimiz rahbari shu yerda fermerlar, qishloq xo‘jaligi faxriylari bilan muloqot qildi. Ular hosildor navlar va yangicha agrotexnologiyalar tufayli mehnatdan manfaatdorlik oshib borayotganini aytdi.

– Bugun hamma sohada ilmga, innovatsiyaga, ilg‘or texnologiyalarga tayanyapmiz. Qishloq xo‘jaligida ham bozor tamoyillarini joriy etib, daromadni oshirmaganimizda bugungidek hosildorlik bo‘lmasdi. So‘nggi vaqtlarda tabiat o‘zgarib, suv taqchilligi ortmoqda. Endi mirishkorlar bunga moslashib ishlashi, tomchilatib sug‘orish, suvdan tejab foydalanishni o‘rganishi kerak, – dedi Prezident.

Sohadagi xorijiy tajribalarni o‘rganish, ilm bilan mehnat unumdorligini oshirish muhim ekani ta’kidlandi. Mutasaddilarga hosildor navlarni ko‘paytirish, qayta ishlashni kuchaytirish, suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Posted on Leave a comment

Prezident zamonaviy yechimlar asosida yangilangan ko‘chani ko‘zdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-oktyabr kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida bo‘lib, Shota Rustaveli ko‘chasida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va transportlar harakatiga qulaylik yaratish aholi soni muntazam oshib, hududi kengayib borayotgan Toshkent uchun dolzarb masala. Shu bois, ravon yo‘llar, muazzam ko‘priklar qurilib, mavjudlari zamon talablariga mos ta’mirlanmoqda.

Shota Rustaveli ko‘chasi poytaxtimizning bir necha tumanlarini bog‘lovchi markaziy yo‘ldir. Transportlar harakatiga qulaylik yaratish maqsadida uning Mirobod ko‘chasidan Choshtepa ko‘chasigacha bo‘lgan qariyb 7 kilometr qismi rekonstruksiya qilindi.

Endilikda 10 ta qatnov qismiga bo‘lingan yo‘lning 6 ta tasmasida avtomobillar, maxsus ajratilgan 2 ta yo‘nalishda avtobuslar harakatlanadi.  Qolgan 2 ta yo‘lak esa avtomobillar to‘xtab turishi uchun mo‘ljallangan

Prezidentimiz davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda avtobusda yurib, qulayliklarni ko‘rdi, yo‘lovchilar bilan samimiy suhbatlashdi.

Ko‘cha o‘rtasida rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or tajribasidan kelib chiqib, BRT (Bus Rapid Transit) tizimi asosida ajratilgan avtobus yo‘lagi Toshkent shahrida birinchi bor amaliyotga tatbiq qilindi. Bu jamoat transporti qatnovini tezlashtirib, yo‘lovchilarga qulayliklarni yaxshiladi.

Umumiy qiymati 19,2 million dollarlik ushbu loyiha natijasida yo‘lovchi oqimi soatiga 2 ming 500 dan 6 ming kishiga ortdi. Shuningdek, sutkasiga 40 mingta avtomobil o‘tkazish imkoniyati yaratilib, o‘rtacha tezlik soatiga 23 kilometrdan 30 kilometrga yetkazildi.

Eng muhimi, bu o‘zgarishlar natijasida xavfsizlik darajasi oshib, yo‘l-transport hodisalari kamayadi.

Loyiha doirasida avtobuslar to‘xtashi uchun 21 ta yangi bekat, 463 ta “aqlli” svetofor  o‘rnatildi. Intellektual transport tizimi joriy etildi. Yo‘l bo‘yida avtomobillar to‘xtab turishi uchun ham sharoit inobatga olingan.

Shuningdek, velosiped yo‘laklari, yashil hududlar, sug‘orish va drenaj tizimlari barpo etildi.

Shu yerda Toshkent shahrida alohida ajratilgan avtobus yo‘laklarini uzaytirish, shahar atrofida transport bog‘lamalari tashkil etish loyihalari taqdimot qilindi.

– Agar metro yo‘llari qurmaganimizda, yangi avtobuslar olib kelmaganimizda bugun Toshkentda transport qatnovi qiyin bo‘lardi. Shuning uchun odamlarni rozi qilish nuqtayi nazaridan yo‘llarni to‘g‘rilayapmiz, jamoat transportini rivojlantiryapmiz. Bunday ishlarni barcha shaharlarimizda davom ettiramiz, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga jamoat transporti uchun qulayliklarni oshirib, tirbandlikni kamaytirish, shaharni Yangi Toshkent bilan samarali bog‘lash borasida topshiriqlar berdi.

Shota Rustaveli ko‘chasining yangi qiyofasi nafaqat poytaxt ko‘rkini oshirdi, balki Toshkentning zamonaviy va intellektual transport tizimiga qadam qo‘yganini namoyon etadi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistoni ishbilarmonlari bilan sheriklikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-oktyabr kuni Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda Podshohlikning investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih, “ACWA Power”, “Al Muhaidib Group”, “Vision Invest”, “Data Volt”, “Riyadh Cables”, “AlMajdiah”, “InterHealth”, “Saudi Tabreed”, “AlBawani Holding”, “Miahona”, “Pemco” va boshqa yetakchi kompaniya va korporatsiyalari ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida Prezidentimiz ikki davlat rahbarlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston-Saudiya ko‘p qirrali sheriklik munosabatlari yuksak darajaga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.

Qo‘shma loyihalarning umumiy portfeli 27 milliard dollardan oshdi. Shu bilan birga, joriy yil boshidan buyon yurtimizda Saudiyaning 2 milliard dollarlik investitsiyalari o‘zlashtirildi. O‘zaro savdo hajmi barqaror oshib bormoqda. Aviaqatnovlar soni haftasiga 60 martadan ortdi.

Bugun ikki mamlakat o‘rtasidagi samarali va uzoq muddatli sheriklikning yana bir yorqin dalili bo‘lgan tarixiy loyiha – yangi Toshkent xalqaro aeroportining qurilishiga tamal toshi qo‘yilishi alohida ta’kidlandi.

– O‘zbekistonning iqtisodiy transformatsiyasiga, uning rivojlanishiga katta hissa qo‘shayotgan saudiyalik hamkorlarimizni biz doim yuksak qadrlaymiz, – dedi Prezident.

So‘ng O‘zbekiston yetakchisi hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib, energetika sohasidagi loyihalar alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Bugungi kunda «ACWA Power» kompaniyasi tomonidan mamlakatimizda 15 milliard dollarlik loyihalar, jumladan, hududlarda shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, «yashil» vodorodni rivojlantirish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Bunday loyihalarda o‘zimizning ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlaridan keng foydalanish sanoatimiz salohiyati rivojlanishiga xizmat qiladi.

Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. «Data Volt» kompaniyasi Toshkent shahrida zamonaviy ma’lumotlar markazini tashkil etish loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Yangi Toshkent va Buxoroda shunday markazlar qurilishini, shuningdek, Saudiya Arabistoni kompaniyalarining raqamli tashabbuslardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, titan va boshqa strategik muhim foydali qazilmalarning katta zaxiralariga ega.

Toshkent va Samarqand viloyatlarida «Kelajak metallari texnoparki» tashkil etilib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Shu munosabat bilan mamlakatimiz yetakchisi saudiyalik investorlarni geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va xomashyoni qazib olishdan tortib, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonlardagi loyihalarda faol ishtirok etishga taklif etdi.

Infratuzilma sohasida «Miahona» kompaniyasi bilan Farg‘ona va Jizzax shaharlarida oqova suvlarni tozalash, Qoraqalpog‘istonda suv ta’minoti tizimlarini rivojlantirish va nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish loyihalari bo‘yicha muvaffaqiyatli hamkorlik qilinayotgani qayd etildi.

Shuningdek, «Saudi Tabreed» kompaniyasi bilan kommunal sohani rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Prezidentimiz Podshohlik kompaniyalarini infratuzilmani modernizatsiya qilish va aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan yangi o‘zaro manfaatli loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi.

O‘z navbatida, Saudiya Arabistoni yetakchi ishbilarmon doiralari vakillari Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy siyosati, barqaror o‘sishi va qulay investitsiyaviy muhitini yuqori baholab, mamlakatimizda o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada chuqurlashtirish, aniq loyiha va dasturlarni ilgari surish rejalarini bayon qildilar.