Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha rejalarni muhokama qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevni tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etdi.

Davlatimiz rahbari Ozarbayjon yetakchisining mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, hududiy yaxlitligini tiklash, barqaror taraqqiyotini ta’minlash va xalqaro nufuzini yuksaltirishdagi tarixiy rolini alohida ta’kidladi.

Prezidentlar oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Joriy Ikki tomonlama hamkorlikni jadal rivojlantirish yilida birgalikda qilingan ishlar samarali bo‘lgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yuqori sur’atda o‘sib bormoqda, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari faol bosqichda. Madaniy-gumanitar almashinuvning tadbirlarga boy dasturi amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlari xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti amaliy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘ladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 25-26-dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan MDH va YEOII sammitlarida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Sankt-Peterburg shahrida bo‘ladi.

Mamlakatimiz yetakchisi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvi va Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi maqomida ishtirok etadi.

Sammitlar kun tartibidan mazkur ko‘p tomonlama birlashmalar doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan. Birgalikda qilingan ishlarning asosiy yakunlari sarhisob qilinadi va kelgusi yilgi amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashiladi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Sankt-Peterburgga keldi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasiga keldi.

«Pulkovo» xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

So‘ng davlatimiz rahbari gubernator hamrohligida Isaakiy maydonida piyoda sayr qildi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston yetakchisi 25-26-dekabr kunlari Sankt-Peterburg shahrida MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvi hamda Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi maqomida ishtirok etadi.

Posted on Leave a comment

Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi


Robo Gallery: You didn’t select any Robo Gallery item in editor. Please select one from the list or create new gallery

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish, investitsiyani ko‘paytirish va aholi bandligini oshirish bo‘yicha 2025-yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Bu yil Qoraqalpog‘iston uchun barakali keldi, deyish mumkin. Yangi sanoat korxonalari, turizm maskanlari, energetika quvvatlari, IT-park ishga tushirildi. Qoraqalpog‘istonni Xorazm bilan bog‘laydigan 423 metrli yangi avtomobil va temir yo‘l ko‘prigi ochildi. Bu orqali yuk va yo‘lovchi tashish masofasi 180 kilometrga qisqardi.

323 million dollar hisobiga yangitdan qurilgan “Qo‘ng‘irot-Beynov” avtomobil yo‘lining 240 kilometr qismi foydalanishga topshirildi. Shuning o‘zi tranzit va boshqa xizmatlar hajmi yiliga 200 million dollarga oshishiga zamin yaratadi. Yaqinda 196 kilometrli “Miskin – Nukus” temir yo‘lini elektrlashtirish ishlari ham boshlanadi.

Hududda sanoat, tadbirkorlik va infratuzilma sohalarida 50 dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berilgan. Xususan, investitsiya loyihalari uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri yer ajratish huquqi faqat Qoraqalpog‘istonda joriy qilingan.

O‘zbekiston Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bu yil Nukusda o‘tkazilib, hududning salohiyati ko‘rsatib berildi. Chet ellik investor va mutaxassislar ham u yerda daromad topish uchun katta imkoniyatlar paydo bo‘lganini aytayapti.

Masalan, mavjud iqtisodiy salohiyat kompleks tahlil qilinib, qishloq xo‘jaligi, turizm va xizmatlar sohasida 2,5 milliard dollarlik imkoniyatlar aniqlangan.

Hozir 87 ming gektar paxtadan o‘rtacha 28 sentner hosil olinayapti, 10 ta tumanda rentabellik past. Ekspertlar bunday kam hosilli paxta maydonlarini qisqartirib, o‘rniga chorva ozuqasi va kunjut ekishni tavsiya qilmoqda. Ozuqabop ekinlar hisobiga 6,5 trillion so‘mlik go‘sht va sut yetishtirish, kunjutdan eksportni 500 million dollarga ko‘paytirish mumkinligi hisob-kitob qilingan. Bu orqali ancha suv ham iqtisod bo‘ladi.

Shuningdek, Mo‘ynoqning o‘zida kamida 1 milliard dollarlik turizm loyihalari uchun salohiyat bor. Yaxlit majmualarni ishga tushirib, 1 million sayyohga xizmat ko‘rsatish va 5 ming aholini daromadli qilish mumkin.

Etno va ekoturizm bo‘yicha ham imkoniyatlar to‘la ishga solinmay turibdi. Savitskiy muzeyi, “Chilpiq” yodgorligi, Ayoz qal’a, Tuproq qal’a kabi 200 dan ziyod diqqatga sazovor joylar, 10 dan ortiq xalq o‘yinlari bor. Bu ham 3 million turistni jalb etib, bir necha kun aylantirish uchun dastur.

Shunday imkoniyatlari bo‘lgan respublikaning mutasaddilari, tuman hokimlari vazifasiga shaxsiy mas’uliyatini oshirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Tadbirkorlarga hudud salohiyatini ko‘rsatib, loyiha taklif qilish, biznesga ko‘makchi bo‘lish kerak. Ana shunda, yangi-yangi ish o‘rinlari, qo‘shilgan qiymat va eksport bo‘ladi, odamlarning daromadi ko‘payadi.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish, investitsiya va ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi.

Davlatimiz rahbari ularning tarkibiga e’tibor qaratdi. Xususan, kelasi yil uchun reja qilingan 3,1 milliard dollar investitsiyaning bor-yo‘g‘i 500 million dollari hududiy loyihalarga to‘g‘ri keladi.

Shu bois tumanlardagi hamma imkoniyatlarni safarbar qilib, bu nisbatni ko‘paytirish kerakligi ta’kidlandi. Buning uchun qo‘shimcha 1 milliard dollarlik hududiy loyihalar shakllantirilib, 120 ta korxona ishga tushiriladi. Eksport miqdori 500 million dollarga yetkaziladi.

85 ta yirik korxona to‘liq quvvatga olib chiqiladi. Shuningdek, yangi korxonalar, savdo va servis maydonlari tashkil etilib, 150 ming odamning bandligi ta’minlanadi. Natijada ishsizlik darajasi 5,4 foizga tushadi. 20 ming ehtiyojmand oilaga daromad manbai yaratilib, kambag‘allikni 7,6 foizga kamaytirish choralari ko‘riladi.

Hozirgi kunda Qoraqalpog‘istonda 1 gigavattli shamol elektr stansiyasi qurilayapti. Jami 9,3 gigavattli shunday stansiyalar qurish bo‘yicha loyihalar boshlanayapti. Bu – yiliga 33 milliard kilovatt soat elektr energiyasi, degani. Tabiiy gaz bo‘yicha ham qulaylik ko‘p.

Shuning uchun metallurgiya, kimyo, qurilish materiallari kabi tarmoqlardagi ko‘p energiya talab qiladigan yirik loyihalarni Qoraqalpog‘istonda joylashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Qishloq xo‘jaligida ham samaradorlikni oshirish zarur. Sug‘oriladigan yerlarda jami 3 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzor barpo qilinadi. 31 ming gektarda kunjut, 22 ming gektarda mosh ekib, eksportga yo‘naltiriladi. 30 ming gektarda qizilmiya ekish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi.

Bular Qoraqalpog‘istondagi imkoniyatlarning ayrimlari, xolos. Ularni samarali ishga solish hududning jadal taraqqiyotini ta’minlaydi.

Shu bois Qoraqalpog‘istonda 3 ta asosiy yo‘nalishni –  qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi. Mazkur tuzilma har bir tumanning o‘sish nuqtalarini tahlil qilib, qanday ekinlarni yetishtirish, yerdan daromadni ko‘paytirishga yordam beradi. Xomashyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha loyihalar tayyorlab, hokimlarga yetkazadi. Yangi turizm yo‘nalishlarini ochish va ularga infratuzilma olib borish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

Mutasaddilarga investitsiya loyihalarining borishi, bandlik va eksport rejalari ta’minlanishini alohida nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Nufuzli xorijiy ekspertlarni jalb qilib, har bir tumanning rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.

Posted on Leave a comment

Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkorning yutug‘i – butun xalqimizning yutug‘i


Robo Gallery: You didn’t select any Robo Gallery item in editor. Please select one from the list or create new gallery

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-dekabr kuni mamlakatimizdagi faol tadbirkorlar bilan uchrashdi. Videoselektor shaklida o‘tgan muloqotda sohani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yil yakunlari va 2025 yilga mo‘ljallangan rejalar muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari nutq so‘zlab, bu boradagi asosiy maqsad va natijalarni ko‘rsatib o‘tdi.

– Tadbirkorlikni rivojlantirish – biz uchun strategik vazifa. Bizning tayanchimiz ham, suyanchimiz ham, eng katta kuchimiz ham shu sohada mujassam. Shu bois tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash markazdan tortib eng quyi bo‘g‘ingacha – barcha rahbarlarning kundalik ishi bo‘lishi shart. Ayniqsa, joylarda hokimlar har bir tadbirkor bilan ko‘proq muloqot qilib, korxonalarga borib, ularning dardi bilan yashashi kerak. Biz katta iqtidor egalari bo‘lgan biznes vakillarini asrashimiz, avaylashimiz zarur. Ular biz uchun juda qadrli insonlar, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Ushbu ahamiyatdan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi tuzilgan. Bu kengash davlat va tadbirkorlar o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, aniq takliflarni bildirib kelmoqda. Joriy yilning o‘zida tadbirkorlar faoliyati uchun g‘oyat muhim bo‘lgan 5 ta qonun, 101 ta farmon va qarorlar qabul qilindi.

So‘nggi yillarda iqtisodiyotimizda pul ko‘paydi. Bu investitsiya loyihalarini barqaror moliyalashtirishga asos bo‘lmoqda. Jumladan, korxonalarning banklardagi mablag‘lari 20 trillion so‘mga oshib, 107 trillion so‘mga, aholi omonatlari 25 trillion so‘mga ko‘payib, 105 trillion so‘mga yetgan.

Yil yakuni bilan ajratilgan jami kreditlar 275 trillion so‘mni tashkil qiladi. 2025-yilda bu 300 trillion so‘mdan oshishi hisob-kitob qilingan. Ayniqsa, kichik biznesga beriladigan kreditlar ulushi hozirgi 28 foizdan 40 foizga oshirilib, 120 trillion so‘mga yetkaziladi.

Tadbirkorlar ehtiyojidan kelib chiqib, banklar 2025-yilda chetdan davlat kafolatisiz 6 milliard dollar olib kelishni rejalashtirgan.

Faktoringga keng yo‘l ochilgani natijasida shu yilning o‘zida 100 million dollarlik bunday xizmatlar ko‘rsatilgan.

Biznes uchun yo‘l, suv, elektr, gaz, temir yo‘l kabi infratuzilmalar uchun bu yil 35 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Kelgusi yil yana 43 trillion so‘m rejalashtirilgan.

Korxonalarni barqaror energiya bilan ta’minlash uchun elektr ishlab chiqarish 82 milliard kilovatt soatga yetdi. Bu yil ishga tushgan 6,3 milliard dollarlik 17 ta energiya quvvatlari hisobiga, kelgusi yilda qariyb 90 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqariladi. Bu ishlarni davom ettirib, 2025-yilda yana 6,4 milliard dollarlik 25 ta loyiha doirasida 4,8 gigavatt yangi quvvatlar barpo etiladi.

Hozirgi kunda yurtimizda mustaqil energiya ishlab chiqaruvchilar soni 24 taga yetdi. 2025 yilda ilk bor elektr energiyasining onlayn ulgurji bozori ishga tushadi. Tajriba sifatida Samarqand, Jizzax va Sirdaryodagi elektr tarmoqlari xususiy sektorga beriladi. 

Turizm sohasi ham rivojlanmoqda. Tadbirkorlarning 6,5 trillion so‘m sarmoyasi bilan 24 ming o‘rinli mehmonxonalar ishga tushdi. Kelgusi yilda mehmon o‘rinlari yana 30 mingga oshadi. Bu yil ishga tushgan 17 ta yirik savdo va turistik maskan yoniga kelasi yili yana 25 ta shunday majmualar qo‘shiladi.

Savdoni rivojlantirish bo‘yicha alohida kompaniya tashkil etilib, eksportni moliyalashtirish uchun 350 million dollar berildi. Natijada bu puldan berilgan har 1 dollar orqali tadbirkorlar 6 dollarlik eksport qildi. Kelasi yil yana 300 million dollar yo‘naltiriladi.

Tadbirkorlar bu yili 11,5 trillion so‘mlik 3 mingta davlat mulki va 4 ming gektar yerni sotib olib, biznesini boshladi. Kelgusi yil yana 4,5 ming bino va 6 ming gektar yerlar tadbirkorlarga taklif qilinadi.

Uzoq yillardan beri davlat monopoliyasida bo‘lgan yo‘llarni ta’mirlash va saqlashga xususiy sektorni jalb qilish kengaytiriladi. Bu yil 260 kilometr yo‘llarni saqlash ishlari tadbirkorlarga berildi. Kelasi yili bu 3 ming kilometrga yetkaziladi. Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida 86 ta tumanda quriladigan 841 kilometr yo‘llar to‘liq mahalliy pudratchilar tomonidan amalga oshiriladi.

Temir yo‘l sohasida raqamlashtirish va operatsion samaradorlikni oshirish hisobiga, yuk tashish muddatlari 40 foizga qisqardi. Muhimi, stansiyalarda yuklarni to‘lovsiz tushirish vaqti 2 soatdan 3 kunga uzaygani uchun tadbirkorlar yiliga 57 milliard so‘m tejayapti.

Aviatsiya sohasida xususiy kompaniyalar soni 14 taga yetdi. Qo‘shimcha 6 ta yuk va 16 ta yo‘lovchi havo kemasi olib kelindi. Buxoro, Namangan aeroportlari xususiy sheriklikka berildi, Andijon va Urganch aeroportlari bo‘yicha tender davom etayapti.

Davlatimiz rahbari qulay va jozibador biznes muhitini saqlab qolish uchun barqaror soliq siyosati yuritilishini ta’kidladi. 

Jumladan, hozirgi kunda budjet tushumlari qanchalik zarur bo‘lmasin, asosiy soliqlar bo‘yicha stavkalar o‘zgarmaydi. Shuningdek, 1 yanvardan boshlab, yer yoki davlat mulki qo‘shilgan qiymat solig‘isiz sotiladi, mobil aloqa uchun aksiz solig‘i bekor qilinadi. Shahar chegarasidagi qishloq yerlariga 2 karra yer solig‘ini hisoblash to‘xtatiladi. Nashriyot korxonalari foyda solig‘ini to‘lashdan 5 yilga ozod etiladi.

Bundan tashqari, IT-park rezidentlariga barcha turdagi soliqlarni to‘lashdan ozod etish bo‘yicha imtiyozlar 2040 yilgacha uzaytiriladi. Xususiy maktab va bog‘chalar, xorijiy o‘qituvchi va mutaxassislar uchun berilgan barcha soliq imtiyozlari 2030 yilgacha amal qiladi.

Ma’lumki, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni yakuniy bosqichga kirayapti. Iqtisodiyotda bu tashkilot qoidalariga zid bo‘lgan imtiyozlar bekor qilinayapti. Shu bois tadbirkorlarning adolatli raqobat muhitida ishlashi uchun barcha sharoitlar yaratilishi aytildi. 

Biznes uchun transport va logistika masalasi juda muhim. Shu bois qo‘shni davlatlar bilan kelishilib, “Xonobod”, “Mingtepa”, “Qorasuv” va “Uchqo‘rg‘on” chegara postlari tiklandi. Kelgusi yilda “G‘ishtko‘prik”, “Navoiy”, “Dovut-ota”, “Shovot” va “Gulbahor” chegara postlarida qo‘shimcha koridorlar qurilib, o‘tkazish quvvati 5 karra oshiriladi. 

Umuman, murakkab geosiyosiy sharoitga qaramay, bu yil mamlakatimiz iqtisodiyoti 6,3 foizga oshib, 111 milliard dollardan ko‘paydi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasiga 38 milliard dollar investitsiya kirdi, eksport 26 milliard dollardan oshdi.

Davlatimiz rahbari bu natijalarda, aholini ish bilan ta’minlash va kambag‘alchilikni qisqartirishda tadbirkorlarning o‘rni katta ekanini ta’kidlab, ularga minnatdorlik bildirdi.

Bu sur’atni davom ettirib, kelgusi yilda yalpi ichki mahsulotni 120 milliard dollarga va eksportni 30 milliardga yetkazish, 42 milliarddan ziyod investitsiya jalb etish mo‘ljallanmoqda.

Bu marralarga erishish uchun tadbirkorlikka yanada keng imkoniyatlar berish zarur. Uchrashuvda shular haqda fikr almashildi. Tadbirkorlar biznes qoidalarini soddalashtirish, xomashyoni chuqur qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymat va eksportni keskin oshirish bo‘yicha takliflarini aytdi. Barcha fikr-mulohazalar ochiq muhokama qilinib, kerakli chora-tadbirlar belgilandi. 

Avvalo, xususiy sektorda ishlovchi odamlarning daromadini ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi. Shu maqsadda, kamida 2,5 million so‘m oylik maosh to‘laydigan, 15 foiz ishchisi ehtiyojmand oiladan bo‘lgan, tayyor mahsulot chiqaruvchi to‘qimachilik va charm korxonalariga yengilliklar beriladi. Ularning foyda solig‘i ham, ishchisining daromad solig‘i ham 1 foiz bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari shunday ijtimoiy mezon asosida boshqa tarmoqlarga ham qulaylik yaratishga tayyorligini bildirdi.

Endi tadbirkorlar bank krediti bilan cheklanib qolmasdan, xalqaro standartlarga moslashib, chetdan mustaqil mablag‘ olib kelishi kerak. Buning uchun xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilib, tadbirkorlarning tashqi moliya bozorlariga chiqishiga ko‘maklashuvchi markaz ochilishi aytildi.

Yurtimizda ishchilari 5 mingdan ziyod, yillik daromadi 1 trillion so‘mdan oshgan 142 nafar “chempion” tadbirkor bor. Ular “bir tarmoqdan – ko‘p tarmoqli” korporatsiyaga aylanib, yondosh sohalar rivojiga ham katta hissa qo‘shayapti.

Bunday salohiyatli tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlab, boshqalarni ham ergashtirish maqsadida ularga yer va binoni to‘g‘ridan to‘g‘ri berish, davlat korxonalarini ham uzoq muddatga boshqaruvga topshirish mumkin bo‘ladi.

Ma’lumki, dunyodagi 10 ta eng boy kompaniyaning 7 tasi axborot texnologiyalari va moliyaviy xizmat sohalaridan chiqqan. Yurtimizda ham bunday kompaniyalar ko‘payishi uchun qulayliklar oshiriladi. Xususan, ularga tadqiqot va rivojlanish markazlari (R&D) uchun laboratoriya jihozlarini, texnologik uskunalarni bojsiz olib kelishga ruxsat beriladi.

Mamlakatimizdagi mingga yaqin konlarda 100 dan ortiq turdagi mineral xomashyo zaxirasi mavjud. Ularning negizida yuqori qiymatli mahsulotlar tayyorlanishi uchun yanvarda 400 ta yangi kon auksionga chiqarilishi ma’lum qilindi.

Paxta va g‘alladan qisqaradigan yerlar 50 gektargacha yirik lotlarda auksionga qo‘yilib, sanoatlashgan plantatsiya qilish uchun professional investorlarga sotiladi. Bu yerlardagi 20 sotixgacha maydonda shok usulida muzlatish, saralash va qadoqlash sexlari qurishga ruxsat beriladi.

Tadbirkorlikka oid qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti va zamon talablariga moslashtirish maqsadida yangilangan Bojxona kodeksi loyihasi ishlab chiqilishi belgilandi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari tadbirkorlarning loyiha va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga doim tayyorligini ta’kidladi. 

– O‘zbekistonda tadbirkorlik harakati orqaga qaytarib bo‘lmaydigan katta kuchga aylandi. Biz davlat miqyosida qanday katta maqsad va vazifalarni o‘z oldimizga qo‘ymaylik, ularni amalga oshirishda butun xalqimiz bilan birga, avvalo, sizlarga tayanamiz. Tadbirkorlarimiz qancha boy bo‘lsa, xalqimiz shuncha farovon yashaydi, davlatimiz shuncha qudratli bo‘ladi. Tadbirkorning yutug‘i – bu butun xalqimizning yutug‘i, – dedi Prezident.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Ikki tomonlama kun tartibidagi hamda mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida ikki mamlakat maxsus xizmatlari o‘rtasidagi yaqin va samarali hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Posted on Leave a comment

Gaz qazib olishni ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni gaz qazib olishning joriy holati va uni yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati raisi joriy yilda bajarilgan ishlar hamda 2025 yilgi ustuvor vazifalar to‘g‘risida axborot berdi.

Qayd etilganidek, sohada xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Ular ishtirokida kelasi yil gaz qazib chiqarish hajmini barqarorlashtirish loyihalari shakllantirildi. Xususan, zamonaviy texnologiyalar jalb qilinib, yangi ekspluatatsiya quduqlari burg‘ilanadi hamda eskilari ta’mirlanadi.

Tarmoqdagi asosiy muammo geologiya-qidiruv ishlariga uzoq yillar yetarlicha e’tibor qaratilmaganidir. Oqibatda ayrim konlar foydalanish muddatini deyarli o‘tab bo‘lgan, yana ba’zilarining samaradorligi past. Shuning uchun zamonaviy texnologiya olib kelinib, 15 ta yangi istiqbolli maydonda geologiya-qidiruv ishlari boshlanadi. Seysmik qidiruv hududi 6,5 ming kvadrat kilometrga kengaytiriladi.

Mutasaddilarga yirik xorijiy kompaniyalar va ekspertlarni jalb etgan holda, geologiyani rivojlantirish va yangi konlarni o‘zlashtirish bo‘yicha 2025-yil uchun dastur ishlab chiqish topshirildi.

“O‘zbekneftgaz”da transformatsiyani davom ettirib, tannarxni kamaytirish, xalqaro kredit reytingini yaxshilash vazifa qilib olingan. Jumladan, kelgusi yilda ishlab chiqarish va geologiya-qidiruv loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro manbalardan mablag‘ jalb qilinishi mo‘ljallangan.

Davlatimiz rahbari sohada investitsiyalar, yangi texnologiyalar bilan birga kadrlar masalasi muhim ekanini ta’kidladi. O‘qitish sifatini oshirib, zamonaviy mutaxassislar tayyorlash, chet elda ishlayotgan malakali vatandoshlarimizni taklif etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Posted on Leave a comment

Investitsiya sohasidagi rejalar bo‘yicha axborot berildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni investitsiya bo‘yicha 2024-yildagi natijalar sarhisobi va kelgusi yilgi vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

2017-yildan buyon mamlakatimiz iqtisodiyotiga barcha manbalar hisobidan 188 milliard dollar investitsiya kiritilgan. Shundan 87 milliard dollari chetdan jalb qilingan. Natijada investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 30 foizdan oshib, barqaror iqtisodiy o‘sishga zamin bo‘layapti.

Bu yil iqtisodiyotga kiritilgan investitsiyalar hajmi 1,3 baravar ko‘payib, 36 milliard dollardan oshdi. Bularning hisobiga yil boshidan buyon qo‘shimcha 70 trillion so‘mlik qiymat beradigan 560 ta yirik va o‘rta loyihalar ishga tushirildi. Kelasi yildan eksportni yana 1 milliard dollarga oshirish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Soha va hududlarda ochilayotgan imkoniyatlar bilan bu natijalarni yanada oshirsa bo‘ladi.

Yig‘ilishda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri 2025-yilgi rejalar to‘g‘risida axborot berdi.

Kelgusi yil 43 milliard dollarlik investitsiyalarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Bu orqali 300 dan ortiq yirik loyiha bajarilishi, import o‘rnini bosuvchi 662 ta yangi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari buning uchun xorijiy investorlar bilan manzilli ishlab, yanada qulayliklar yaratish, erishilgan barcha kelishuvlarni yuqori darajada amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, bugungi kunda 1 ming 890 ta loyiha bo‘yicha ish ketmoqda. Ularning ijrosini jadallashtirish uchun mas’ullar belgilandi.

Yig‘ilishda tashqi savdo masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Jahonda kuzatilayotgan murakkab vaziyatda bu o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Eksport-logistika zanjirlari qiyinlashayapti, asosiy eksport bozorlarimizda tayyor mahsulot olish kamayyapti.

Bunday sharoitda ichki imkoniyatlarni to‘liq safarbar qilib, iqtisodiy taraqqiyot sur’atlarini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

2030-yilgacha mamlakatimizning yillik eksport hajmini 2 barobar oshirib,  45 milliard dollarga olib chiqish maqsadi belgilangan. Bu rejadagi investitsiyaviy loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirib, yuqori qiymatli mahsulot va xizmatlarni ko‘paytirishni, eksport geografiyasini kengaytirishni talab etadi.

Mutasaddilarga rejalar ijrosini doimiy tahlil qilib, ishni joylarda sifatli tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Posted on Leave a comment

Bo‘stonliqda keng miqyosli turizm markazi quriladi


Robo Gallery: You didn’t select any Robo Gallery item in editor. Please select one from the list or create new gallery

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida qurilishi mo‘ljallangan xalqaro turizm markazi taqdimoti bilan tanishdi.

Dunyo bilan aloqalar kengayib, infratuzilma rivojlangani sari mamlakatimizning turizm salohiyati ham oshmoqda. Shunday jozibador maskanlardan biri, shubhasiz, Bo‘stonliq tumani. Chorvoq suv ombori va daryolari, qorli tog‘lari, xushmanzara daraxtzorlari bois u yerda yilning barcha faslida maroqli hordiq chiqarish mumkin.

Davlatimiz e’tibori bilan so‘nggi yillarda Bo‘stonliqda ko‘plab yangi majmualar barpo etildi, Amirsoy, “Beldirsoy-Chimyon-Nanay” kurorti kabi loyihalar amalga oshirildi. Xususan, so‘nggi besh yilda 2 trillion so‘mdan ziyod investitsiya kiritilib, 13 mingdan ziyod o‘ringa ega 59 ta yangi turizm inshooti ishga tushirildi.

Bunday natijalar chet ellik investorlarni o‘ziga tortmoqda, yanada katta miqyosdagi loyihalarga yo‘l ochmoqda. Jumladan, ozarbayjonlik ishbilarmon Emin Agalarov bir qator yirik xorijiy kompaniyalar bilan sheriklikda Chorvoq suv ombori bo‘yida “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazi barpo etish istagini bildirmoqda.

Loyihaga ko‘ra, unda dam olish, cho‘milish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turar joylar bo‘ladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Turli festivallar, konsertlar va boshqa madaniy tadbirlar o‘tkaziladi. Ikki qirg‘oq o‘rtasida ko‘prik qurilib, keluvchilarga qulaylik oshiriladi. Kelajakda o‘ziga xos turizm xabiga aylanib, unda yil davomida dam olish va yashash mumkin bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari bu taklifni ma’qullab, uni xalqaro tajriba asosida loyihalashtirish va bosqichma-bosqich qurish zarurligini ta’kidladi. Bosh vazir boshchiligida komissiya tuzib, loyihaning huquqiy asosini yaratish, infratuzilma masalalarini hal etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Posted on Leave a comment

Banklar aholi bandligini ta’minlash va daromadli qilishda faol bo‘ladi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-dekabr kuni banklar ishtirokida mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadli qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

So‘nggi yillarda banklar faoliyati mahallagacha tushirilgani o‘z natijasini berayapti. Xususan, Namangan viloyati Uychi tumanida banklar 3 ming 200 ta faol mijoz bilan ishlab, ularga yordam bergani uchun 9 ming odam doimiy ishli bo‘ldi. Kambag‘allar soni 6 mingga kamaydi.

Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanidagi 3 ming 200 ta xonadonda loyihalar ishga tushirildi, 12 ming odam o‘z tomorqasida daromad topishni o‘rgandi.

Jizzax viloyati Zarbdor tumanida 13 ming 500, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida 28 ming ish joyi yaratildi. Bularning hisobiga qo‘shimcha 10 mingdan ziyod aholi kambag‘allikdan chiqarildi.

Umuman, mazkur 4 ta – Uychi, Sayxunobod, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalari doirasida yil boshidan buyon 3 million 300 ming aholi doimiy daromadga ega bo‘lgan. Jami rasman band bo‘lganlar ilk bor 10 million 500 ming nafarga yetgan.

Bundan tashqari, Xo‘jayli, Asaka, Vobkent, Bulung‘ur, Yangiyer, Qo‘shtepa, Shovot kabi 57 ta tumanda ishsizlik 5 foizdan pasaygan.

Markaziy bank va joylardagi banklar bu ijobiy tajribalarni kengaytirib, xalqqa madad bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.

– 2025-yil bandlikni ta’minlash va kambag‘allikni kamaytirishda eng muhim va hal qiluvchi yil bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda shu boradagi yangi imkoniyatlar va rejalar ko‘rib chiqildi.

Oxirgi 6 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 750 ming aholi kreditini vaqtida qaytarib, daromadli biznesga ega bo‘lgan. Ulardan 58 mingi yangi korxona ham ochgan. Endi banklar mana shunday sinovdan o‘tgan mijozlarini qo‘llab-quvvatlab, kichik va o‘rta biznes darajasiga olib chiqishi kerak.

Shu bois ularga “Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida shartsiz 300 million so‘m kredit beriladi. Bu orqali kelgusi yillarda 1,5 million aholi ishli bo‘ladi.

Ilgari banklar oilaviy tadbirkorlik dasturlariga mablag‘ni faqat davlatdan olgan. Xalq banki tashabbus qilib, Osiyo taraqqiyot banki bilan “moliyaviy ommaboplik” dasturi doirasida 50 million so‘mgacha ortiqcha hujjat va garovsiz kredit berayapti.

Ushbu namuna asosida, kelgusi yil 9 ta davlat banki 1 milliard dollar kredit berib, 250 ming odamni daromadli qilishi mumkinligi aytildi. 

Faol tadbirkorlar ishtirokida 27 ta tumanda ochilgan kooperatsiyalar yaxshi samara berayapti. Kelasi yil 30 ta tumanda baliqchilik, quyonchilik, chorvachilik va asalarichilik bo‘yicha shunday kooperatsiyalar tashkil qilinadi. Bunga 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Ham investitsiya olib keladigan, ham ko‘p ish o‘rni yaratadigan startap loyihalar qo‘llab-quvvatlanadi. Buning uchun davlat banklari venchur kompaniya tuzib, mahalla startaplariga o‘z mablag‘idan jami 50 million dollar ajratadi. Har bir bank xususiy sherik topib, startaplarni biznesga aylantiradigan akseleratorlar ochadi.

Yig‘ilishda og‘ir tumanlarda ishsizlikni kamaytirish masalasiga alohida yondashildi. Ularga boshqa hududlardan tajribali tadbirkorlar jalb qilinib, loyihalari uchun yengil kreditlar hamda infratuzilmasiga qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi. Bu 1 million 300 ming aholini daromadli qilish imkonini beradi.

Davlat infratuzilma qilib bersa, tadbirkorlar qo‘shimcha 31 trillion so‘mlik 3,5 mingta loyiha va 200 mingta yangi ish o‘rni tashkil etish tashabbusini bildirgan. Kelgusi yilda ushbu loyihalar infratuzilmasiga 1 trillion so‘m ajratilishi belgilandi.

Yana bir tahlil: 85 ming gektar yerda kam daromadli ekin ekilgani sababli samarasi pastligicha qolmoqda. Shu bois bunday yerlar yirik konturga birlashtirilib, yetakchi tadbirkorlarga ikkilamchi ijaraga beriladi. Yer egasiga ijara haqi va mahsulotni sotishdan ulush to‘lanadi. Ekin ekmagan aholiga yerini boshqasiga ikkilamchi ijaraga berish haqida majburiy talabnoma kiritiladi. Kelasi yil taqsimlanadigan 100 ming gektar yer ham shu tartibda ajratiladi.

60 ta ilg‘or shahar-tuman ishsizlik va kambag‘allikdan xoli bo‘lish imkoniyatiga ega. Buning uchun kelgusi yilda ulardagi 2 million aholini band qilib, 417 mingta oilani kambag‘allikdan olib chiqish zarurligi qayd etildi.

Bu maqsadlarga erishish uchun banklar moliyaviy mustahkam bo‘lishi kerak. Shu bois faqat davlat beradigan pulga bog‘lanib qolmasdan, tashqi manbalardan 6 milliard dollar jalb qilish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, kelasi yili aholi omonatlarini 11 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Huquqiy asos yaratilgani uchun bu yil 5,5 trillion so‘mlik mikromoliya va faktoring xizmatlari ko‘rsatilgan. Bu asosdan foydalanib, endi davlat banklari ham o‘zining mikromoliya va faktoring kompaniyasini ochishi, unga xorijiy investorlarni jalb qilishi mumkin.

Yig‘ilishda banklar oldidagi muammolar ham tahlil qilinib, hal qilish choralari ko‘rildi.

Masalan, banklar balansida 3 mingta harakatsiz mulk bor. Ular sotilsa, qo‘shimcha resurs va 150 mingta ish o‘rni uchun zaxira paydo bo‘ladi. Shu bois banklarga harakatsiz mulklarni bozor qiymatida to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishga ruxsat berilishi belgilandi.

Kredit qarzi hisobidan garovni sud orqali undirishga ham ko‘p vaqt ketayapti. Shuning uchun bu boradagi qonunchilikni o‘zgartirish, unda garovga nisbatan bank huquqlari ustuvorligini hamda undiruvga qaratilgan mulklar tezroq sotilishini nazarda tutish zarurligi aytildi.

Hokimliklar bilan banklarning mahallalarda muvofiq ishlash tizimi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda tuman hokimlari loyihani joy va infratuzilma bilan ta’minlash majburiyatini oladi, banklar esa tadbirkorlar loyihalariga ko‘maklashadi, muammosi bo‘lsa, hal etadi, ishsizlarni biznesga jalb qiladi.

Shu maqsadda mahalla bankirlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi. Ular mahallaning biznes imkoniyatlarini o‘rganadi, odamlarning g‘oyalari va qobiliyatini loyihalarga aylantiradi. Aholiga moliyaviy tartiblarni, mahsulot va xizmatlarini sotishni o‘rgatadi, loyihalarga hamrohlik qiladi.

Umuman, jahon iqtisodiyotidagi bugungi murakkab sharoitda moliya-bank tizimining barcha darajalarida moliyaviy intizom va shaxsiy mas’uliyatni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda hokimlar va bank rahbarlari 2025 yilda 5 milliondan ziyod aholini daromadli qilish, 1,5 million odamni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha hisob-kitoblarini aytdi. Muloqotda hududlardagi ijobiy tajribalar, mutasaddilarning hisobotlari eshitildi.