Posted on Leave a comment

Uy-joylar qurilishida aholi mablag‘lari kafolatlanadi



Prezident Shavkat Mirziyoyev uy-joy qurilishida aholi mablag‘larini kafolatlash tizimiga oid taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimiz aholisi 37 milliondan oshdi. Shu yilning o‘zida 215 mingta oila paydo bo‘ldi. Albatta, bularning barchasi uy-joyga talabni ko‘paytiradi.

Joriy yilda 100 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshiriladi. Kelgusi yilda 120 mingta qurilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, talab ko‘pligidan foydalanib, bu sohada insofsiz biznes qilayotganlar ham bor. To‘lov tizimi tartibga solinmagani, raqamlashtirish va ochiq-oshkoralik yo‘qligi bunga yo‘l ochib berayapti. Yangi uylarni olmoqchi bo‘lgan odamlar pulini bank orqali emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri quruvchiga berayotgani uchun bu mablag‘lar “soya”da qolayapti. Ko‘p hollarda uylarni topshirish muddati kechikib, aholi to‘lagan pullar “muzlab” turibdi. Ulushdorlik shartnomalari hech qayerda ro‘yxatga olinmay, faqat quruvchining manfaatiga xizmat qilayapti.

Shu bois davlatimiz rahbari 23 sentyabr kuni qurilish industriyasi bo‘yicha o‘tgan yig‘ilishda uy-joy sotib olishda aholi mablag‘larini kafolatlaydigan tizim yaratish topshirig‘ini bergan edi. Taqdimotda shu boradagi takliflar ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, xorijiy davlatlarda “yescrow” tizimi tajribadan o‘tgan. Unga ko‘ra, buyurtmachi va tijorat banki o‘rtasida tuziladigan shartnomaga asosan, har bir qurilish inshooti bo‘yicha “yescrow” hisobvarag‘i ochiladi. Ko‘chmas mulk uchun kelishilgan mablag‘lar ushbu hisobvaraq orqali amalga oshiriladi. Unda yig‘iladigan mablag‘lar asosida tijorat banklari buyurtmachiga pasaytirilgan foizda kredit taqdim etadi. Qurilish bitgach, xaridorning hisobvarag‘idagi pul developer tashkilotga o‘tkaziladi. Quruvchi o‘z majburiyatini bajarmagan taqdirda, bu pul egasiga qaytarib beriladi. “Yescrow” hisobvarag‘ida turgan mablag‘larga undiruv qaratilmaydi.

Prezidentimiz takliflarni ma’qullab, bu borada huquqiy asos yaratish, mazkur tizimni qurilishga aloqador vazirlik va idoralarda integratsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Posted on Leave a comment

Oziq-ovqat sanoatidagi rejalar bo‘yicha axborot berildi



Davlatimiz rahbariga oziq-ovqat sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar hamda 2025-yilgi rejalar bo‘yicha axborot berildi.

Aholi soni izchil o‘sayotgan bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash dolzarb bo‘lib bormoqda. Buning ustiga, global iqlim o‘zgarishlari, yer va suv taqchilligi qishloq xo‘jaligida qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Shunday sharoitga qaramasdan, bu yil yurtimizda 9 million tonna don, 3 million tonnadan ortiq paxta, 16 million tonnadan ziyod sabzavot va poliz, 5 million tonna meva va uzum, 4 million tonna kartoshka, 15 million tonnadan ko‘p go‘sht va sut yetishtirildi. Oziq-ovqat sanoati bo‘yicha 343 ta loyiha ishga tushirildi.

Shu bilan birga, mahalliylashtirish bo‘yicha hali imkoniyatlar ko‘p. Ayniqsa, non, sut, go‘sht, o‘simlik yog‘i, qandolat va salqin ichimliklar ishlab chiqarishni oshirish kerak.

Yig‘ilishda shu boradagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.

So‘nggi yillarda qandolat mahsulotlari eksporti 4 karra oshib, 13 million dollarga yetgan. Xomashyo, qadoqlash va etiketkalash mahsulotlari to‘g‘ridan to‘g‘ri olib kelinib, tannarx 20 foizga kamaygani tufayli raqobatdoshlik ancha oshgan. Bu imtiyozlar muddati 2025-yil 1-yanvarda tugaydi. Ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mazkur muddatni yana 2 yilga uzaytirish taklifi ko‘rib chiqilmoqda.

Yog‘-moy sanoatida 408 ta korxona ochilgan. Lekin yurtimizda xomashyo kamligi uchun ular har doim ham to‘la quvvatda ishlamayapti. Yog‘-moy eksportiga ruxsat berilsa, ishlab chiqarish 120 ming tonnaga oshib, 240 ming tonna ozuqa yem tayyorlanishi hisob-kitob qilingan.

Bosh vazir o‘rinbosariga bozor talablaridan kelib chiqib, bu borada taklif kiritish topshirildi.

Mamlakatimizda “halol” sertifikatiga ega milliy brend korxonalari ko‘payib, mintaqa va arab davlatlariga go‘sht mahsulotlari eksport qilayapti. Lekin bizda kolbasa mahsulotlarini saqlashning standart muddati 3 oy etib belgilangan. Xorijdagi iste’molchiga yetib borguncha 2 oy ketayapti. Go‘sht mahsulotini saqlash muddati Yevropa standarti kabi 4-12 oyga oshirilsa, ishlab chiqarish va eksport hajmini 2 karra ko‘paytirish imkoniyati ochiladi. Shuning uchun bu boradagi standartlarni xalqaro standartlarga moslashtirish vazifasi qo‘yildi.

Sut mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida ularni tahlil qiladigan laboratoriyalar tashkil etish zarurligi aytildi. Shundan kelib chiqib, ushbu mahsulotlarning tabiiy yoki quruq sutdan tayyorlangani to‘g‘risida belgi qo‘yiladi.

Yurtimizda salqin va alkogolsiz ichimliklar, meva-sabzavotdan tabiiy sharbat ishlab chiqarish ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. So‘nggi 5 yilda ularning eksporti 9 barobar oshib, 35 million dollarga yetdi. Lekin o‘zimizda yo‘q tropik mevalar konsentratiga boj qo‘yilgani uchun boshqa davlatlar mahsulotlari bilan raqobatda yutqazayapti. Shu bois tropik mevalar konsentratlarini bojxona bojidan ozod qilish taklifi bildirildi.

Yig‘ilishda mutasaddilar «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi asosida sohadagi tadbirkorlar bilan olib borilayotgan o‘zaro manfaatli hamkorlik haqida axborot berdi. Prezidentimiz kelgusi yilda bu ishlarning sifatini yanada oshirish va ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Toshkent viloyatidagi katta imkoniyatlar investitsiya va ish o‘rinlariga zamin



Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-dekabr kuni Toshkent viloyatida qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish, ish o‘rni va investitsiyani ko‘paytirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Toshkent viloyatida sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar, turizm, umuman, barcha sohalarda juda katta imkoniyatlar bor. So‘nggi yetti yilda hudud iqtisodiyoti 1,5 barobar o‘sgan. Sanoat korxonalari 2 barobar ko‘payib, 12 mingtaga yetgan.

Lekin imkoniyatlar bundan ancha ko‘p, ular to‘la ishga solinmayapti. Masalan, viloyatdagi jami yerlarning bor-yo‘g‘i 25 foizidan qishloq xo‘jaligida foydalaniladi. Har gektarga to‘g‘ri keladigan daromad ham boshqa joylarga nisbatan kam. Bekobod va Ohangaron shaharlari, Oqqo‘rg‘on, Chinoz, Piskent tumanlarida qayta ishlash darajasi juda past. Oziq-ovqat xavfsizligi, meva-sabzavotlar eksporti ham imkoniyatga yarasha emas.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda yerdan foydalanish samaradorligini oshirish choralari belgilandi. Unga ko‘ra, har bir klaster, fermer va dehqon xo‘jaligi maydonidagi ekinlar, mahsulot hajmi, ishchilari soni, soliq tushumi kabi ma’lumotlar «Agroplatforma» axborot tizimiga kiritiladi. Kelgusi yilda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 7 ta tumanda 52 ming gektarda 3 marta hosil olish yo‘lga qo‘yiladi. 5 ming gektarda sanoatlashgan bog‘ va tokzorlar tashkil qilinadi.

Umuman, 22 ta tuman-shahardagi yerlar qayta ishlovchi va eksportchi korxonaga bog‘lanadi. Bu orqali kelasi yil 3,5 million tonna meva-sabzavot yetishtirib, 500 million dollar eksport qilish mumkinligi aytildi.

Toshkent viloyatining infratuzilmasi, logistikasi tadbirkorlik uchun juda qulay. Lekin ishlab chiqarish, savdo va xizmatlar umumiy maydoni uch yilda bor-yo‘g‘i 1,6 million kvadrat metrga oshgan, bu poytaxtdan 3,5 barobar kam. Investitsiyaviy loyihalar uchun toifasi o‘zgartirilgan 9 ming gektar yerning 2 ming gektaridan foydalanilmayapti. Bo‘sh turgan davlat inshootlari ham bor.

Holbuki, investorlar bu hududda “aqlli shahar”, tibbiyot klasteri, yashil energetika stansiyasi qurish tashabbusini bildirgan. Vodiylik va poytaxtlik minglab tadbirkorlar ham biznesini kengaytirish, yangi korxona, mehmonxona, savdo va turizm majmualari qurish uchun joy izlab yuribdi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va viloyat mutasaddilariga bu boradagi sustkashliklar ko‘rsatib o‘tildi. Bino va yerlarni tadbirkorlarga qulay shartda auksionga chiqarish, ularning negizida investitsiya, ish o‘rni va eksportni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Toshkent viloyati hokimi kelgusi yil 5 milliard dollar investitsiya jalb etish hamda eksportni 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi. Davlatimiz rahbari uning tarkibiga e’tibor qaratib, kutilayotgan investitsiyaning yarmi shundog‘am rivojlangan Olmaliq, Angren, Chirchiq shaharlari, Ohangaron, Zangiota va Qibray tumanlariga to‘g‘ri kelishini qayd etdi. Shu bois sanoat va xizmatlar nisbatan orqada bo‘lgan Oqqo‘rg‘on, Bekobod, Bo‘ka, Parkent, Piskent, Quyi Chirchiq va Chinozda qo‘shimcha loyihalar qilib, ish o‘rinlari ochish zarurligi ta’kidlandi.

Toshkent viloyatidagi imkoniyatlar hisobiga barcha aholini daromadli qilish mumkinligi aytildi. Kelgusi yilda viloyatda 700 ming odamning bandligini ta’minlab, ishsizlikni tabiiy darajasigacha tushirish, 22 ming oilani daromadli qilib, kambag‘allikni hozirgi 7,2 foizdan 4 foizga kamaytirish, mehnat migrantlarini yurtimizga qaytarib, ishga joylashtirish vazifa qilib olindi.

Prezidentimiz yig‘ilishda qatnashgan viloyat tadbirkorlari bilan ham muloqot qildi. Ularning taklif va tashabbuslariga alohida e’tibor qaratib, bu borada mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlariga



Qadrli yurtdoshlar!

Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha jonkuyarlari!

Jonajon diyorimizda dala ishlari, joriy mavsum yakuniga yetib borayotgan ushbu qutlug‘ ayyomda sizlarni va ko‘pmillatli butun xalqimizni Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Fidokorona mehnati bilan tuproqdan noz-ne’mat undirib, xalqimiz dasturxonini to‘kin qilib kelayotgan sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir bog‘bon va chorvadorlarga, omilkor agronom va mexanizatorlar, klasterlarning tajribali rahbarlari va xodimlari, sohaning hurmatli faxriylariga o‘zimning chuqur hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Aziz do‘stlar!

So‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishlari, tabiiy ofatlar, yer va suv resurslari taqchilligi qishloq xo‘jaligi sohasida ham jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Ana shunday murakkab sharoitga qaramasdan, joriy yilda sizlarning mashaqqatli mehnatingiz bilan yurtimizda 9 million tonna don, 3 million tonnadan ortiq paxta, 16 million tonnadan ziyod sabzavot va poliz, 5 million tonna meva va uzum, 4 million tonna kartoshka, 15 million tonnadan ko‘p go‘sht va sut, 30 ming tonna pilla yetishtirilgani – chinakam qahramonlik namunasi, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.

Buning uchun sizlarning sha’ningizga har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi.

Albatta, bunday ulkan yutuqlarga erishishda keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi rivojiga berilayotgan yuksak e’tibor, tarmoqda tub tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirilib, ishlab chiqarish munosabatlari zamon talablari asosida yo‘lga qo‘yilayotgani hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lganini barchamiz yaxshi tushunamiz.

Ayniqsa, sohaga ilg‘or agrotexnologiyalar, ilm-fan va innovatsiya yutuqlari keng joriy etilayotgani ijobiy natija bermoqda. Bu yil 100 ming gektar maydonda kasallik va zararkunandalarga chidamli serhosil g‘o‘za navlari ekilib, ulardan mo‘l hosil yetishtirilgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

G‘allachilikda resurs tejaydigan zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash natijasida o‘rtacha hosildorlik birinchi marta 85 sentnerga yetkazildi. Olti mingdan ortiq tajribali fermerlarimiz bu borada 90-100 sentnerlik marrani zabt etganlarini alohida ta’kidlash lozim.

Resurslarni tejaydigan intensiv texnologiyalar asosida 50 ming gektar maydonda sabzavot yetishtirilib, hosildorlik an’anaviy usulga nisbatan 200-250 sentnerga oshgani, sof daromad gektaridan 6-8 ming dollarni tashkil etgani ham muhim yutuqlarimiz qatoriga kiradi.

Yil davomida qishloq xo‘jaligi subyektlariga 18 trillion so‘m imtiyozli kredit va 176 milliard so‘m subsidiya ajratilgani, umumiy qiymati 3,6 trillion so‘mlik 11 ming 600 dona yuqori unumli zamonaviy texnika va agregatlar yetkazib berilgani ham mavsumni samarali yakunlashda muhim omil bo‘ldi.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish, ularning salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida ilk bor Milliy dastur qabul qilindi. Uning ijrosini ta’minlash hamda mahsulot yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun xorijiy moliya tashkilotlaridan 160 million dollardan ortiq mablag‘lar jalb etilmoqda.

Bu yil qishloq joylarda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni saqlash va sotish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 343 ta yangi loyiha ishga tushirilgani diqqatga sazovordir.

Shuningdek, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun 75 ming gektar yer maydonlari 180 ming nafardan ortiq ijtimoiy muhtoj aholi hamda yoshlarga bo‘lib berilgani va 200 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilgani qishloqda bandlikni ta’minlash, real daromadlarni oshirish, kambag‘allikni qisqartirishda muhim rol o‘ynamoqda.

Tomorqachilikda daromadni oshirish maqsadida 5145 ta mahalla “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ixtisoslashtirildi.

Chorva naslini yaxshilash va mahsulot hajmini ko‘paytirish uchun aholiga 40 ming bosh qoramol, 82 mingta qo‘y va echki yetkazib berildi, chetdan 260 ming bosh zotdor mollar olib kelindi.

Qadrli do‘stlar!

2025-yilni mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb e’lon qilganimiz albatta bejiz emas.

Butun taqdiri va istiqboli yer-suv resurslari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan qishloq xo‘jaligi uchun bu qarorning ahamiyati qanchalik katta ekanini siz, azizlar ayniqsa yaxshi tushunasiz.

Hech shubhasiz, mazkur yil bo‘yicha qabul qilinadigan davlat dasturi sohani barqaror rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligida “yashil” texnologiyalarni qo‘llash, ekologik toza mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar ochadi.

Agrar sohani ilm-fan asosida rivojlantirishni tizimli yo‘lga qo‘yish, uning barcha tarmoqlaridagi innovatsion faoliyatni integratsiyalash maqsadida kelgusi yili O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasini tashkil etamiz.

O‘tgan yillardagi ijobiy tajriba davom ettirilib, yana 100 ming gektar yer dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun aholiga bo‘lib beriladi. Paxtachilikda 40 foiz maydonda Xitoyda o‘zini oqlagan ilg‘or tajriba joriy etiladi.

Xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi.

“Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasi takomillashtirilib, mahsulot yetishtiruvchilarga “bir darcha” tamoyili asosida kompleks xizmat ko‘rsatish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

Qishloq va mahallalarni obod qilish, ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, qishloq ahli uchun yangi ish o‘rinlari yaratish borasidagi ishlarimiz ham izchil davom ettiriladi.

Hurmatli dehqon va fermerlar, soha xodimlari!

Ko‘rib turganingizdek, oldimizda ulkan vazifalar turibdi. Ularni amalga oshirishda sizlar faol ishtirok etib, o‘z kuch-g‘ayratingiz, bilim va tajribangiz bilan qishloq xo‘jaligi rivojini yangi bosqichga olib chiqishga munosib hissa qo‘shasiz, deb ishonaman.

Siz, azizlarni bugungi fayzli bayram bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat, olijanob faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.

Halol mehnatingiz, azmu shijoatingiz uchun yana bir bor katta rahmat. Doimo sog‘-omon bo‘ling, umringizdan baraka toping, qadrdonlarim!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi



Qadrli vatandoshlar!

Avvalo, ushbu qutlug‘ ayyomda siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Hech shubhasiz, bu yilgi Konstitutsiya bayramining alohida ruhi va shukuhi borligini bugun barchamiz chuqur his etib, anglab turibmiz. Bu, birinchi navbatda, mazkur ayyomning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda katta o‘zgarishlar amalga oshirilayotgan tarixiy bir sharoitda o‘tayotgani bilan bog‘liq, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. 

Ayniqsa, shu yil 27-oktabrda Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga ochiqlik va raqobat ruhida o‘tgan saylovlar yangilangan Asosiy qonunimizni hayotga tatbiq etish yo‘lida g‘oyat muhim qadam bo‘lganini yana bir bor ta’kidlash lozim.
Mehnatkash, olijanob va bag‘rikeng xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi xohish-irodasi, birligi va hamjihatligi, siyosiy madaniyati yaqqol namoyon bo‘lgan ushbu saylovlar natijalariga ko‘ra, yurtimizda konstitutsiyaviy huquq va vakolatlari kuchaygan, mas’uliyati bir necha karra ortgan yangi vakillik tizimi shakllangani albatta barchamizni mamnun etadi.

Yana bir muhim jihati – hokimlar bir paytning o‘zida mahalliy kengashlarga ham rahbarlik qilib kelgan amaliyotdan ushbu organlarga ilk bor deputatlar orasidan saylangan kengash raisi boshchilik qiladigan yangi tizimga o‘tilmoqda. 
Bundan tashqari, hokimlarning 30 dan ziyod vakolatlari mahalliy kengashlarga o‘tkazilgani ijtimoiy hayotimizda demokratiya, xalqparvarlik tamoyillari tobora keng o‘rin olayotganidan dalolat beradi. 

Biz “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy prinsipga amal qilgan holda, parlament va mahalliy kengashlar vakolatlarini kengaytirish, ularning faolligini yanada oshirish, samarali faoliyat ko‘rsatishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish, bir so‘z bilan aytganda, ularni chinakam xalq ovoziga aylantirishga qaratilgan islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. 

Hurmatli do‘stlar!

Inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha Asosiy qonunimizda muhrlab qo‘yilgan ustuvor tamoyillarni hayotimizga izchil tatbiq etish borasida yurtimizda keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xalqimizning fidokorona mehnati bilan so‘nggi yillarda iqtisodiyotimiz 2 karra o‘sgani, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad 3 ming dollarga yetgani, kambag‘allik darajasi 23 foizdan 11 foizga tushgani, maktabgacha ta’limda qamrov 74 foizdan, oliy ta’limda esa 39 foizdan oshgani, hech shubhasiz, tarixiy natijadir.

Islohotlarni jadal davom ettirib, yangilangan Konstitutsiyamiz normalarini hayotga tatbiq etish maqsadida tadbirkorlikni rivojlantirish, shu asosda aholi daromadlarini oshirish, oila va mahallalarda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini mustahkamlash, keksa avlod vakillari, xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash vazifasi bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi. 

Shuningdek, Asosiy qonunimizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida belgilanganidan kelib chiqib, shahar va qishloqlarimizni obod qilish, yangi uy-joylar, tibbiyot, ta’lim, madaniyat, san’at va sport maskanlarini barpo etish, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, manzilli ijtimoiy himoyani kuchaytirish birinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Jumladan, sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi 2 barobar ko‘paytirilib, tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tish va aholini kafolatlangan tibbiy xizmatlar bilan to‘liq ta’minlash ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi. 

Ta’lim sohasidagi dasturlarimiz doirasida yaqin yillarda oliygohlarda qamrov 50 foizga yetkaziladi. Birgina 2025-yilda bog‘cha va maktablarni ta’mirlash va yangilarini qurish uchun davlat budjetidan 4 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.

Yana bir muhim yo‘nalish – aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash uchun jami 46,5 trillion so‘m mablag‘ sarflanib, 1 million fuqaroni kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilmoqda.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, ularning ijtimoiylashuvini oshirish va umuman jamiyatimizda inklyuzivlikni ta’minlash bo‘yicha ishlar ham yangi bosqichga ko‘tariladi. Pensiya tizimini isloh etish bo‘yicha ham zarur choralar ko‘riladi. 

Ma’lumki, yangilangan Bosh qomusimizda fuqarolarning ekologiya sohasidagi huquqlari konstitutsiyaviy darajada belgilanib, davlatning atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlashga qaratilgan majburiyatlari alohida mustahkamlab qo‘yildi. 

Kirib kelayotgan 2025-yilni mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb e’lon qilganimiz va bu borada katta vazifalarni aniq belgilab olganimiz ana shu konstitutsiyaviy qoida va prinsiplarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘ladi, deb ishonaman. 

Fursatdan foydalanib, siz, aziz yurtdoshlarimni, butun xalqimizni ushbu yil bo‘yicha Davlat dasturini ishlab chiqish va uni amalga oshirishda faol ishtirok etishga chaqiraman. 

Hech qachon unutmaylik: tabiatni asrash – bu insonni, kelajakni asrash demakdir. Bebaho boyligimiz bo‘lgan serhosil dalalarimiz, zilol buloqlarimiz, daryo va ko‘llarimiz, tog‘ va adirlarimizni asrab, bog‘u rog‘lar, yashil maskanlarni ko‘paytirsak, O‘zbekistonimiz yanada go‘zal diyorga aylanadi, avlodlarga bizdan ozod va obod Vatan qoladi. 

Aziz va muhtaram yurtdoshlar!

Konstitutsiyamiz mamlakatimizda milliy mustaqilligimizni mustahkamlash, tinchlik va barqarorlik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni saqlash, islohotlarimizning ortga qaytmas tus olishini ta’minlashda doimo ishonchli kafolat bo‘lib kelgan va bundan buyon ham shunday bo‘lib qoladi. 

Shu ma’noda, xalqimizning huquqiy tafakkuri, xohish-irodasining yorqin timsoli va amaliy ifodasi bo‘lgan Asosiy Qonunimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. 

Bu noyob qomusning har bir moddasi va qoidasini o‘rganish, ularga hurmat, mehr va e’tibor bilan munosabatda bo‘lib, to‘laqonli ijro etish barchamiz uchun muqaddas burch va mezonga aylanishini istardim. 

Aminmanki, ana shunday yuksak mas’uliyat bilan astoydil mehnat qilib, islohotlarimiz samarasini yanada oshiramiz va oldimizga qo‘ygan ulug‘vor maqsadlarga albatta yetamiz.

Siz, aziz yurtdoshlarimni Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Vatanimizning obro‘-e’tibori, shonu shuhrati ziyoda bo‘lsin!

Barcha yutuq va g‘alabalarimizning ijodkori bo‘lgan xalqimiz omon bo‘lsin!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

Yangi sayyohlik majmuasi 200 ming mehmonga xizmat ko‘rsatadi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida barpo etilayotgan “Ugam River” turistik majmuasini borib ko‘rdi.

Ugam daryosi bo‘yidagi bu maskan ilgari to‘la foydalanilmagan, toshloq joy edi. Bu yil 1 trillion so‘mlikdan ziyod loyiha doirasida qariyb 14 gektar maydonda qurilish boshlandi. Hozirda 17 ta ko‘p qavatli uy qad ko‘tarmoqda. Ular 5, 6 va 7 qavatli, 870 xonadondan iborat bo‘ladi. 

Shuningdek, 16 ta kottej, 3 ta restoran, yigirmadan ortiq savdo va xizmat shoxobchalari markazlari quriladi. Bolalar o‘yingohlari, yopiq suv havzasi, fitnes va sport maydonchalari, amfiteatr, avtoturargoh, avtomobil ko‘prigi, tog‘ va sohil bo‘yi yo‘laklari ham tashkil etiladi.

Bu qulayliklari bilan yangi majmua yiliga 200 ming nafar tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsata oladi. Bu tumanning turizm salohiyatini yanada oshiradi. Birinchi bosqich –  ko‘p qavatli uylarni kelayotgan yilning boshida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari shunday xonadonlardan birini kirib ko‘rdi.

Sayyohlar ko‘proq chiroyli tabiatga, toza havoga intiladi. Shuni inobatga olib, mavjud daraxtzorga qo‘shimcha 20 ming tup ko‘chat o‘tqaziladi. Zamonaviy texnologiyalar vositasida kuniga 1 ming metr kub daryo suvi qayta ishlanadi. 2 megavattlik termal isitish va sovitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentimiz soha mutasaddilariga hudud targ‘ibotini kengaytirib, bunday maskanlarga sayyohlarni jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Turizm loyihalari tufayli ish o‘rinlari ko‘paymoqda. Shu bilan birga, aholining an’anaviy shakllangan kasb-hunarlarini ham asrash kerakligi ta’kidlandi. Masalan, tuman asal, limon yetishtirish uchun mos. Ularni rivojlantirish tabiiy muhitni asrab-avaylash nuqtayi nazaridan ham

Posted on Leave a comment

Bo‘stonliqda turistlar tashrifi 12 barobar oshgan



Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurib, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Xushmanzara tog‘lar bag‘ridagi bu hududning drayveri, albatta, turizm. So‘nggi yillarda infratuzilma yaxshilanib, yilning barcha faslida maroqli hordiq chiqarish imkoniyati yaratildi. Dam olish, sog‘lomlashtirish, chang‘i, sayohat, umumiy ovqatlanish majmualari barpo etildi. Eski sanatoriy va bolalar oromgohlari yangilandi.

Xususan, besh yil avval tumanda 2 ming 240 o‘rinli 26 ta maskan bo‘lgan bo‘lsa, shu davrda sohaga 2 trillion so‘mdan ziyod investitsiya kiritilib, 13 mingdan ko‘p o‘ringa ega 59 ta yirik turizm inshooti ishga tushirildi. Asosiy avtomobil yo‘li ta’mirlanib, qo‘shimcha yo‘llar qurildi.

Bularning natijasida turizm jadal rivojlandi, tashrif buyuruvchilar 12 barobarga oshdi. Jumladan, besh yil oldin Bo‘stonliqqa yiliga 850 ming sayyoh kelgan bo‘lsa, bu yil 11 oyning o‘zida 12 million nafar tashrif buyurgan.

Bu sur’at izchil davom etmoqda. Davlatimiz rahbari shunday loyihalar bilan tanishdi.

Chirchiq daryosi bo‘yida “Chorvoq darvozasi” turistik majmuasi qurilmoqda. Qariyb 25 gektar maydondagi majmuada 16 ta ko‘p qavatli uy, 3 ta mehmonxona, 2 ta supermarket, 60 dan ziyod savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, kafe va restoranlar, bank ofisi, akvapark, musiqali favvora, avtoturargoh bo‘ladi. Binolar tepasiga quyosh panellari o‘rnatiladi. Daryo ustida sayr uchun shishali ko‘prik quriladi.

Majmua kuniga 5 mingdan ortiq kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Mavsumiylari bilan birga 2 ming 500 ta ish o‘rni yaratiladi.

Prezidentimiz xizmat turlarini ko‘paytirib, faol turizmni rivojlantirish, bunday majmualarni boshqa tumanlarda ham loyihalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Hududda ekologiyaga alohida e’tibor berish, yashillikni ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

Toshkentdan Xo‘jakentga yangi elektropoyezd yo‘lga qo‘yildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-dekabr kuni “Toshkent – Xo‘jakent” yo‘nalishida yangi elektropoyezdni ko‘zdan kechirdi.

Davlatimiz rahbarining o‘tgan yil 10-oktabrdagi qaroriga muvofiq, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilinmoqda. Jamiyat tarkibida infratuzilma, vagon xizmati, yo‘lovchi tashish kabilar bilan shug‘ullanuvchi 6 ta mustaqil korxona ish boshladi. 

Poyezdlar parki ham kengaytirilmoqda. Ayniqsa, yo‘lovchi tashishda aholi va turistlarga qulayliklar oshirilmoqda. Yangi poyezdlar olib kelindi. Toshkentdan Samarqand, Buxoro, Qarshi kabi tarixiy shaharlarimizga “Afrosiyob” elektropoyezdlarining qatnovlari ko‘paytirildi. 

O‘tgan davrda yurtimizda 3 ming kilometrdan ziyod temir yo‘llar elektrlashtirildi. Buxoro – Urganch –Xiva temir yo‘l tarmoqlarini elektrlashtirish yakuniy bosqichda. Miskin – Nukus yo‘nalishida jadal davom ettirilmoqda. Toshkent atrofida ham elektrlashgan yo‘l qurilib,  poyezdlarni o‘tkazish imkoniyati 30 foizga oshdi.

Endi “Toshkent – Xo‘jakent” yo‘nalishida yangi elektropoyezd qatnovga qo‘yilmoqda. Davlatimiz rahbari ushbu poyezdga chiqib, harakatlanishi va qulayliklarini ko‘rdi.

Vagonlar shinam va yorug‘, yo‘lovchilar uchun qulay. O‘rindiqlar soni 586 ta. Ma’lumot tablolari va yong‘in xavfsizligi tizimi o‘rnatilgan. Poyezd soatiga 120 kilometrgacha tezlikka chiqa oladi. Har bir tarafga kuniga uchtadan qatnov yo‘lga qo‘yiladi.

Safar chog‘ida davlatimiz rahbari temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, temir yo‘llarni elektlashtirish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarning hisobotlarini tingladi.

Toshkent va Xojikent oralig‘idagi temir yo‘lga tutash maydonlarni 2025-yilgi renovatsiya dasturiga kiritib, ularni tartibga keltirishga ko‘rsatma berildi. Yo‘nalishdagi egri qismlarni to‘g‘ri qilib qayta qurish orqali kunlik ekspress poyezdlar qatnovini ko‘paytirish va ko‘proq yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun sharoit yaratish topshirildi. 

«Yashil makon» loyihasi doirasidagi ishlar ham muhokama qilindi. Temir yo‘l chetlarini ko‘kalamzorlashtirish, suv resurslari cheklangan hududlarda xorijiy tajriba asosida qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklarni ekish, chet eldan faqat mahalliy iqlimimizga mos bo‘lgan ko‘chatlarni keltirish zarurligi qayd etildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘iziston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-dekabr kuni telefon orqali muloqotda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovni tavallud kuni bilan samimiy qutladi.

Davlatimiz rahbari Qirg‘iziston yetakchisiga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat hamda mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda katta muvaffaqiyatlar, qardosh qirg‘iz xalqiga esa farovonlik va ravnaq tiladi.

O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 700 million dollardan oshdi. Qo‘shma investitsiya fondi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Hududlararo va ishbilarmonlik aloqalari, madaniy almashinuvlar faollashdi.

Energetika va transport sohalarida yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalarini jadallashtirish muhimligi qayd etildi. Shu oyda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini qurish bo‘yicha loyihani boshlash mo‘ljallangan.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar va bo‘lajak qo‘shma tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov 5 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qildilar.

Turkman xalqining milliy yetakchisi davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Ilgari erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi va bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik masalalari tomonlarning e’tibor markazida bo‘ldi.

O‘zaro muloqot va almashinuvlar sezilarli faollashgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan oyda Turkmanistonda Hududlar forumi, sanoat ko‘rgazmasi va O‘zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bundan tashqari, Ashxobod shahrida atoqli mutafakkir va shoir Maxtumquli Firog‘iy asarlarining o‘zbek tilidagi to‘plami taqdimoti va hamda unga bag‘ishlab birgalikda suratga olingan badiiy film namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshdi. Yuk tashishlar, shu jumladan Turkmanboshi porti orqali ko‘paymoqda. «Shovot – Toshovuz» chegaraoldi zonasi qurilishi davom etmoqda. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya kengaymoqda.

Energetika va suvdan foydalanish sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Joriy xalqaro vaziyat va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.

Suhbat chog‘ida davlatimiz rahbari Turkmaniston yetakchisini yaqinlashib kelayotgan bayram – Betaraflik kuni bilan samimiy tabriklab, birodar turkman xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.