Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo yetakchilari sammitining madaniy dasturida ishtirok etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahriga tashrifi doirasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon san’at ustalarining «Do‘stlik kechasi» tantanali konsertida ishtirok etdi.

Tadbirda Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, sammitning faxriy mehmoni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham qatnashdi.

Folklor-etnografik ansambllar va estrada san’atkorlarining rang-barang chiqishlari, milliy qo‘shiq va raqslar xalqlarimizning mushtarakligi va madaniy yaqinligini yaqqol tasdiqladi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari Alisher Navoiy haykalining ochilish marosimida ishtirok etdilar



O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Ostona shahrida o‘zbek xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalini tantanali ravishda ochdilar.

Davlatimiz rahbari Qasim-Jomart Toqayevning Alisher Navoiyga haykal o‘rnatish tashabbusi uchun samimiy minnatdorlik bildirib, Qozog‘iston poytaxti markazida muhtasham yodgorlik bunyod etilgani qozoq xalqining qardosh O‘zbekistonga bo‘lgan chuqur hurmatining yorqin ifodasi ekanini ta’kidladi.

– Buyuk faylasuf va insoparvar shoir Alisher Navoiyning ijodiy merosi nafaqat o‘zbek xalqiga, balki butun dunyoga tegishli noyob boylikdir. Navoiy asarlari XVI asrdayoq italyan va nemis tillariga tarjima qilingan bo‘lsa, bugungi kunda dunyoning deyarli barcha tillarida yangramoqda. Asrlar davomida hayotning o‘ziga xos ensiklopediyasi bo‘lgan uning ijodi millionlab insonlarni hayratga solib, ruhlantirib kelmoqda, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Hazrat Alisher Navoiyning ulkan xizmati shundaki, u o‘zbek adabiyotining va o‘zbek adabiy tilining asoschisidir.

Haykali Toshkentning markaziy maydonlaridan birini bezab turgan qozoq xalqining buyuk farzandi, qozoq adabiyotining mumtoz namoyandasi Abay Qo‘nonboyev Sharqning boshqa buyuk shoirlari qatori Alisher Navoiyni ham o‘zining ustozi deb bilgan.

Navoiy va Abay ijodi abadiyat, do‘stlik, muhabbat va sadoqat she’riyatidir. Ularning falsafiy qarashlari millatning ma’naviy yuksalishida bebaho manba hisoblanadi.

2020-yilda marhum qozoq shoiri Nesipbek Aytuli Alisher Navoiyning eng muhim asari – «Xamsa»ni qozoq tiliga tarjima qilib, nashr etdi va ushbu kitobga so‘zboshi shaxsan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev tomonidan yozildi.

– Ishonchim komilki, Alisher Navoiy haykali ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik rishtalarining yana bir yorqin ramziga aylanadi, uning merosi esa yana ko‘plab avlodlarni buyuk yutuqlarga ilhomlantiradi, – dedi so‘zining yakunida O‘zbekiston Prezidenti.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari samarali muzokaralar yakunlarini sarhisob qildilar



Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlariga izoh berdilar.

O‘zbekiston rahbari birgalikdagi tizimli va amaliy sa’y-harakatlar tufayli O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligini ittifoqchilik munosabatlaridek eng yuqori bosqichga olib chiqishga erishilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

– Biz ko‘p qirrali munosabatlarimizda yangi sahifa ochdik – Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisini o‘tkazdik. Ushbu format davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasining ifodasi bo‘lib, mamlakatlarimiz va xalqlarimizning yaqin aloqalari, ularning barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlashga qat’iy intilishini yaqqol namoyon etadi.

Muzokaralar chog‘ida parlamentlarning ikki palatasi ishtirokida Parlamentlararo forum tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi. Hamkorlikning yana bir yangi shakli – Tashqi ishlar vazirlari kengashini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.

Qo‘shma bayonot imzolandi hamda har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan 2024-2034 yillarga mo‘ljallangan Strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturi qabul qilindi.

Muzokaralarda hududlararo aloqalarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Yetakchilar ikki mamlakatning barcha viloyatlarini jalb qilgan holda Hududlararo hamkorlik forumini Hududlar rahbarlari kengashiga aylantirish tashabbusini ilgari surdilar.

Kuni kecha o‘tgan biznes forumi va ishbilarmonlik uchrashuvlarida umumiy qiymati 7 milliard dollarlik shartnoma va bitimlar imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oy yakuniga qadar tovar ayirboshlash hajmini keskin oshirishga qaratilgan kompleks dastur qabul qilinadi. Tomonlar, shuningdek, yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi qurilishini tezlashtirishga kelishib oldilar.

Bundan tashqari, ustuvor yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish maqsadida O‘zbekiston-Qozog‘iston investitsiya fondini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Muzokaralar kun tartibidan transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhim o‘rin egalladi. Yuk tashish hajmini oshirish uchun maksimal darajada qulay shart-sharoitlarni yaratish, avtomobil va temir yo‘llarni qurish va modernizatsiya qilishni jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Yana bir strategik yo‘nalish – oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash. Ikki mamlakat hududida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va yetkazib berish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.

Suvdan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

Transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish masalalarida yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Madaniyat, yoshlar, turizm, fan, ta’lim va sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Tashrif arafasida va doirasida Qozog‘iston poytaxtida O‘zbek kinosi kunlari, konsertlar, ko‘rgazmalar, festivallar, intellektual o‘yinlar va boshqa tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Tomonlar kelgusi yilda o‘zaro madaniyat kunlari, qo‘shma kinofestivallar, ikki mamlakat san’at ustalarining konsertlarini tashkil etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Tashrif davomida O‘zbekiston va Qozog‘istondagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarining filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari Prezident Qasim-Jomart Toqayevga va u orqali butun qardosh Qozog‘iston xalqiga Ostona markazida o‘zbek xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Tomonlar mintaqaviy va xalqaro platformalar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, SHHT, MDH, Turkiy davlatlar tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, «Markaziy Osiyo plyus» formatlari doirasidagi tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradilar.

Ertaga Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi iqtisodiy integratsiya va butun mintaqaning jadal rivojlanishiga kuchli sur’at bag‘ishlashi alohida ta’kidlandi.

Yakunda Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi yakunlari va erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qozog‘iston Respublikasining oliy davlat mukofoti bilan taqdirlandi



Tashrif dasturi doirasida Ostona shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Qozog‘iston Respublikasining «Oltin Qiron» (“Oltin burgut”) ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qardosh mamlakatning oliy davlat mukofotini O‘zbekiston yetakchisiga Prezident Qasim-Jomart Toqayev tantanali ravishda topshirdi.

Davlatimiz rahbari ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi nomidan samimiy minnatdorlik bildirib, bunday yuksak mukofot ikki xalqning ko‘p asrlik chinakam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlariga berilgan baho, shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlarini yangi tarixiy bosqich – strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga olib chiqish borasidagi mushtarak intilishlarning e’tirofi ekanini ta’kidladi.

«Oltin Qiron» oliy ordeni bilan davlat arboblari Qozog‘iston bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun taqdirlanadi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Ostonaga keldi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Qozog‘istonga keldi.

Ostona xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev kutib oldi.

Ertaga ikki mamlakat yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tadi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish, siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-kommunikatsiya, energetika, qishloq xo‘jaligi va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilinadi.

Dasturga muvofiq, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi va «Markaziy Osiyo + Yaponiya» formatidagi muloqotda ishtirok etish ham rejalashtirilgan.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘istonga jo‘nab ketdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 7-avgust kuni davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi.

Ostona shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini o‘tkazadilar.

Prezidentimiz Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi va «Markaziy Osiyo + Yaponiya» formatidagi birinchi muloqotda ishtirok etishi ham ko‘zda tutilgan.


Posted on Leave a comment

Prezident 10 milliondan ziyod aholi hayotiga daxldor qonunni imzoladi



Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Bu ko‘pchilik aholi kutayotgan, millionlab oilalar hayotiga daxldor masala edi. Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, hozirda huquqiy hujjatlari yo‘q yoki to‘liq bo‘lmagan 3 million 600 mingdan ortiq yer uchastkalari mavjud.

Shu bois davlatimiz rahbari 2023-yil 21-noyabrda yer hisobi va kadastr xizmatlari bo‘yicha o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bu masalani qonuniy hal etish zarurligini aytgan edi. Shunga muvofiq, soha mutaxassislari va deputatlar ishtirokida qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bunda Italiya, Bolgariya, Xorvatiya, Chexiya va boshqa davlatlarning ijobiy tajribasi inobatga olindi. Oliy Majlis palatalari muhokamalarida pishitildi.

Qonun 6 ta bob va 35 ta moddadan iborat bo‘lib, unda quyidagi yer va mulklarga nisbatan huquqlar e’tirof etilmoqda:

1) 2018-yil 1-may kuniga qadar fuqarolar yakka tartibdagi uy-joy qurgan holda o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;

2) 2018-yil 1-may kuniga qadar fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;

3) “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;

4) 2021-yil 8-iyunga qadar tuman (shahar) hokimi qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer uchastkalariga;

5) bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer uchastkasiga;

6) kichik sanoat zonalariga 2020-yil 9-martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yer uchastkasiga;

7) davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasiga;

8) hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasiga.

Qonunda huquqlarni e’tirof etishning asosiy shartlari ham aniq belgilangan. Masalan, yer boshqa shaxsga ajratilmagan yoki auksionga chiqarilmagan bo‘lishi, yer bo‘yicha nizo bo‘lmasligi, bosh reja talablariga zid emasligi va boshqa omillar hisobga olinadi.

Huquqlarni e’tirof etish hududlar bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli ma’lumotlarni va hujjatlarni kelishish Kadastr agentligining avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu tizimga 15 ta vakolatli tashkilot ham tegishli ma’lumotlarini kiritadi.

To‘plangan hujjatlarning to‘liqligi va qonuniyligi viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tekshirib chiqiladi. Ularning natijalari mahalla burchaklari, Kadastr agentligining sayti orqali jamoatchilikka e’lon qilinadi. Ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga SMS-xabarnoma yuboriladi. U asosida bir martalik to‘lovni amalga oshirganlarga har chorakda Xalq deputatlari viloyat kengashi qarori bilan huquqlar e’tirof etiladi.

Prokuratura, ichki ishlar, agroinspeksiya, ekologiya, kadastr organlari qonunni amalga oshirishda davlat nazoratini o‘rnatadi. Shuningdek, qonunda jamoatchilik nazoratiga alohida e’tibor qaratilgan.  Ya’ni, xalq deputatlari tuman kengashlari qarori bilan har bir mahallada jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi. Bu guruhlarga mahalla joylashgan okrugdan saylangan tuman kengashi deputati, mahalla raisi va faol fuqarolar kiritiladi.

Turar joylar, xususiylashtirilgan yoki mulk huquqi e’tirof etilgan bino va inshootlar ostidagi yer uchastkalariga huquqlarni e’tirof etish uchun bir martalik to‘lov olinadi. Bu to‘lov Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, Nukus shahri va viloyat markazlarida 3 baravari, shaharlarda 2 baravari va boshqa aholi punktlarida bir baravarini tashkil etadi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga chegirma beriladi.

Bir martalik to‘lovdan kadastr va adliya idoralari, “O‘zbekkosmos” agentligining xarajatlari qoplanadi. Qolgan mablag‘lar tashabbusli budjet tadbirlariga yo‘naltiriladi, ya’ni o‘sha mahallalarning o‘ziga sarflanadi.

Qonun 3 oydan keyin kuchga kiradi, unga qadar joylarda targ‘ibot, tushuntirish va tayyorgarlik ishlari amalga oshiriladi. Qonun 2028-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, Qoraqalpog‘iston Respublikasida bu boradagi ishlar allaqachon boshlangan. O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 28-iyuldagi farmoni bilan, faqat ushbu hududdagi hujjatsiz uy-joylar va ular joylashgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qarori bilan e’tirof etishga ruxsat berilgan edi.

Shundan so‘ng, barcha tuman va shaharlarda ishchi guruhlar tuzilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasida huquq belgilovchi hujjatlarsiz qurilgan 43 ming 432 ta uy-joy birma-bir o‘rganib chiqildi. Uylarning joylashgan o‘rni, holati va qurilgan vaqti yer hisobi hamda kosmik suratlarni tahlil qilish asosida tekshirildi.

Barchasining yakunida ijobiy xulosaga kelingan 27 ming 590 ta uy-joyga mulk huquqi, ular joylashgan yer uchastkalariga ijara huquqi e’tirof etildi.

Ushbu xalqparvar siyosat natijasi 27 ming 590 ta xonadonda yashovchi 100 mingdan ortiq fuqarolarning hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Ularda o‘z uy-joyini qonuniy rasmiylashtirib olish, boshqa shaxsga sotish, oila a’zolarini doimiy ro‘yxatga qo‘yish huquqi paydo bo‘ldi. Shuningdek, mulkdorlar endi bu uyini ta’mirlash yoki qo‘shimcha qurilish qilish uchun imtiyozli kreditlar olishi, uy-joy jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yiladigan hollarda, qonunga muvofiq kompensatsiya talab qilishi mumkin bo‘ldi.

“O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun ushbu xayrli ishlarning ko‘lamini butun mamlakatimiz bo‘ylab yoyadi. Agar 3 million 600 mingdan ortiq yer uchastkasi o‘rtacha 3-4 nafardan fuqaro va tadbirkorlarga daxldor bo‘lsa, bu qonun 10 milliondan ziyod aholining muammosini hal qilib, kelgusi hayotiga qonuniy zamin yaratadi.


Posted on Leave a comment

Temir yo‘l sohasidagi natijalar va rejalar ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-avgust kuni temir yo‘l sohasida olib borilayotgan ishlar va kelgusi rejalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

O‘tgan yili 10-oktyabrda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilishga oid Prezident qarori qabul qilingan edi. Bu jarayonga ko‘maklashish maqsadida xalqaro konsalting kompaniyasi ham jalb etildi.

Jamiyat tarkibida infratuzilma, vagon xizmati, yo‘lovchilarni tashish kabilar bilan shug‘ullanuvchi 6 ta mustaqil korxona ish boshladi. Samarasiz va bir-birini takrorlovchi vazifalar birlashtirilib, ortiqchalari qisqartirildi.

Poyezdlar tarkibiga 1 ming 40 ta yangi yuk va 45 ta yo‘lovchi vagoni qo‘shildi. Ichki yo‘nalishda yuk tashish muddati 2 karra qisqardi. “Keles” stansiyasida qo‘shimcha 2 ta elektrlashgan yo‘lni qurish orqali Toshkent atrofida poyezdlarni o‘tkazish imkoniyati 30 foizga oshdi.

Ilgari yillar davomida zararga ishlab kelgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” bu islohotlar natijasida foyda ko‘rishga o‘tdi.

Taqdimotda galdagi vazifalar, hal qilinishi lozim bo‘lgan dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Keyingi vaqtlarda yo‘lovchi vagonlarining ahvoli, sovutish tizimidagi muammolar bo‘yicha ko‘p e’tirozlar bo‘lmoqda. 143 ta vagon ta’mirtalab. 59 ta lokomotiv xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan.

Shuning uchun yangi yo‘lovchi vagonlar ishlab chiqarishga Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasidan 50 million dollar ajratilmoqda. 38 ta lokomotiv olib kelish va 12 ta elektrovozni modernizatsiya qilish bo‘yicha xitoylik hamkorlar bilan 181 million dollarlik kelishuvga erishilgan.

Mutasaddilar ushbu mablag‘lar hisobidan poyezdlar parkini yangilash rejalari bo‘yicha axborot berdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashuvda Toshkentdan Nukusga tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishini aytgan edi.

Buning uchun Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasidan 6 ta zamonaviy elektropoyezd olib kelinishi belgilangan. Hozirgi kunda uzunligi 465 kilometr bo‘lgan “Buxoro-Urganch-Xiva” temir yo‘li elektrlashtirilmoqda va buni yil oxirigacha yakunlash mo‘ljallangan. Kelgusi yillarda 196 kilometrlik “Miskin-Nukus” tarmog‘i elektrlashtiriladi. Natijada yo‘lovchilarning manzilga yetib borish vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi.

Taqdimotda, shuningdek, aksiyadorlik jamiyatiga qarashli nosohaviy aktivlarni xususiylashtirish, sohada xizmatlar sifati va eksportini oshirish masalalari bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti davlat tashrifi bilan Qozog‘istonda bo‘ladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 7-9-avgust kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, davlat rahbarlarining muzokaralari va Prezidentlar raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari, xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb jihatlari ko‘rib chiqiladi.

Asosiy e’tibor savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi hamda boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalariga qaratiladi.

Ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar to‘plamini qabul qilish kutilmoqda.

Ta’kidlash joizki, davlat tashrifi doirasida Qozog‘iston poytaxtida ishbilarmonlik va madaniyat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykalini ochish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Prezidenti 9-avgust kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi va «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqotining birinchi sammitida ishtirok etadi.


Posted on Leave a comment

Ichki yo‘llarni saqlash va ta’mirlashga oid takliflar taqdimot qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni ichki yo‘llarni saqlash va ta’mirlashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda jami 184 ming 582 kilometr avtomobil yo‘li bor. Shundan qariyb 142 ming kilometri ichki xo‘jalik yo‘llaridir.

So‘nggi to‘rt yilda ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlashga 15 trillion so‘m ajratilgan. Mahallalarda, chekka qishloqlarda ham ko‘chalar ravon bo‘lib, aholi farovonligiga xizmat qilmoqda. Lekin ularni saqlashga mas’ul tizim yo‘q.

Chunki Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi davlat va xalqaro ahamiyatdagi yo‘l va ko‘priklar bilan shug‘ullanadi. Ichki yo‘l va ko‘priklar esa mahalliy hokimliklar balansida. Hozirgi kunda 43 ming kilometr ichki yo‘llar ta’mirtalab holatda, 2 ming 354 ta ko‘prikning “egasi” aniq emas.

Shu bois tuman darajasida bu masalalarga mas’ul tizim yaratish rejalashtirilmoqda. Taklifga ko‘ra, 208 ta tuman va shahar Obodonlashtirish boshqarmalarida ichki yo‘llarni saqlash xizmatlari tashkil qilinadi. Ular eng zarur 4 turdagi maxsus texnika bilan ta’minlanadi. Buning uchun budjetdan tegishli mablag‘ ajratish ko‘zda tutilayapti.

Tahlillarga ko‘ra, yo‘llarni saqlashga yo‘naltirilgan mablag‘ ta’mirlash xarajatini bir necha barobar qisqartiradi. Agar o‘z vaqtida pul ajratilib, ichki yo‘llar to‘g‘ri ekspluatatsiya qilinsa, ularni ta’mirlash muddatlari ham kamida 2 barobar uzayadi.

Shu bois mutasaddilarga ichki yo‘llarni saqlash va ta’mirlashni moliyalashtirish bo‘yicha yangi mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Aholi talabidan kelib chiqib, ichki yo‘llarni ta’mirlash va yangilarini qurish ishlarini davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.