Posted on Leave a comment

Qirg‘iziston rahbari Xivadagi yirik gilamchilik korxonasi bilan tanishdi



Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Sadir Japarov «Xiva gilamlari» kombinatida bo‘ldi.

2020-yilda tashkil etilgan mazkur korxonada yiliga 4,2 million kvadrat metr gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqarilib, Xitoy, Rossiya, AQSH, Qozog‘iston va MDHning boshqa mamlakatlariga eksport qilinmoqda.

Yevropaning yetakchi davlatlari texnologiyasi bilan jihozlangan zamonaviy kombinatda bugungi kunda 750 kishi mehnat qilmoqda.

Prezidentlar korxonaning ishlab chiqarish jarayoni va shourumini, shuningdek, kombinat hududida tashkil etilgan «Made in Uzbekistan» brendi ostidagi sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdilar.

Tegishli vazirlik va idoralarga o‘zaro tajriba almashish, kooperatsiya va savdoni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.


Posted on Leave a comment

Qirg‘izistonlik mehmonlar qadimiy Xivani tomosha qildi



Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ikki mamlakat birinchi xonimlari bilan birgalikda Xiva shahridagi Ichan qal’a majmuasi va Nurillaboy saroy majmuasiga tashrif buyurdi.

Xiva shahri 1990-yilda YUNЕSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan, 1997 yilda uning 2500 yilligi nishonlangan. Shahar 2020-yilda Turkiy dunyoning madaniy poytaxti, 2024-yilda esa Islom dunyosining turizm poytaxti bo‘ldi.

“Ochiq osmon ostidagi muzey” sifatida tanilgan Xiva yaxlit yodgorlik sifatida Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan yagona shahar hisoblanadi. Bu yerda 120 dan ortiq me’moriy obidalar joylashgan.

Oliy martabali mehmonlar tanishuvni «Ota darvoza»dan boshlab, noyob «Ko‘hna ark» majmuasi, Sherg‘ozixon madrasasi, Juma masjidi, «Toshhovli» majmuasi va boshqa obidalar bilan tanishdi.

Mehmonlar sharafiga o‘zbek xalq qo‘shiqlari yangrab, teatrlashtirilgan tomosha namoyish etildi.

Shundan so‘ng Nurillaboy saroyiga tashrif buyurildi.

Saroy-bog‘ majmuasi XX asr boshlarida bunyod etilgan. Majmua madrasa, 100 dan ortiq xonalar, galereyalardan iborat. Saroy xonalarini bezashda xivalik mohir ustalar bilan birga chet ellik rassom-dekoratorlar ham ishtirok etganlar, ular saroyning sharqona qiyofasiga Yevropaning modern uslubini singdirganlar.

Xiva tarixi va uning fan rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, hududning boy madaniyati va san’ati haqidagi hikoyalar qirg‘izistonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.


Posted on Leave a comment

Davlat rahbarlari do‘stlik konsertida ishtirok etdilar



O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov rafiqalari bilan birga O‘zbekistonda Qirg‘iziston madaniyati kunlari boshlanishiga bag‘ishlangan konsertda ishtirok etdilar.

Ikki mamlakat san’at ustalarining ushbu konserti chuqur tarixiy ildizlar bilan bog‘langan, dini bir, qadriyat va an’analari mushtarak o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining ko‘p asrlik do‘stligi ifodasi bo‘ldi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilarining irodasi va sa’y-harakatlari tufayli qardosh xalqlar yanada yaqinlashdi, davlatlararo munosabatlar esa keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Iste’dodli san’atkorlar ijro etgan kuy-qo‘shiqlarda xalqlarimiz madaniyatining boyligi, o‘ziga xosligi va shu bilan birga mushtarakligi o‘z ifodasini topdi

Posted on Leave a comment

Keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar imzolandi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar yakunida qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilindi.

Davlat rahbarlari keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Tashrif davomida 16 ta hujjat imzolandi, jumladan:

– Qirg‘iz Respublikasining Issiqko‘l viloyati hududida joylashgan kurort-hordiq xo‘jaligi obyektlari bo‘yicha hukumatlararo bitim;

– Fuqarolarning o‘zaro kelib-ketishlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;

– O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risida bayonnoma;

– Qurilish faoliyati sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;

– Mehnat, aholi bandligi va migratsiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;

– Madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;

– Davlat xizmati sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;

– 2024-2030-yillarda o‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;

– 2024-2026-yillarda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi;

– 2024-2026-yillarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»;

– 2024-2026-yillarda Toshkent va Bishkek shaharlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tashabbuslar milliy instituti o‘rtasidagi memorandum va boshqalar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Qirg‘iziston rahbarlari yangi kooperatsiya loyihalariga start berdilar



Ikki tomonlama muzokaralar yakunlangach, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdilar.

Jumladan, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida umumiy quvvati 400 megavatt bo‘lgan ikkita quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start berildi. Ushbu stansiyalarda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi Qirg‘izistonga yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.

Chuy viloyatida zamonaviy yengil avtomobillar va tijorat texnikalari ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi. Xususan, u yerda «Kobalt,» «Oniks» va «Treker» rusumli yengil hamda yuk avtomobillari yig‘iladi.

Shuningdek, Qora-Balta shahrida tikuv-trikotaj mahsulotlari va mato ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Korxonaga zamonaviy texnologik uskunalar yetkazib berilib, o‘rnatildi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari ushbu loyihalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.

Posted on Leave a comment

Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.

Mazkur sammitga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, biznes forumi, Rektorlar forumi, Avlodlar muloqoti va qator madaniy tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ta’kidlandi.

Savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, xavfsizlik, madaniyat va boshqa muhim yo‘nalishlardagi hamkorlik natijalari tanqidiy tahlil qilindi.

Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar va hududlar, ishbilarmonlar, ekspertlar va jamoatchilik darajasida faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar. Davlatlararo kengash tuzishga qaror qilindi.

Xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, BMT, SHHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi va boshqa ko‘p tomonlama maydonlar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

Tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish, eng avvalo, import o‘rnini bosish dasturlari va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Shu maqsadda tashrif davomida o‘zaro savdo hajmini oshirishga qaratilgan dastur qabul qilinmoqda.   Bundan tashqari, yaqin yillarda 2 milliard dollar ko‘rsatkichiga chiqish uchun poytaxtlarda savdo uylari tashkil etiladi, eksport-import shartnomalari to‘plami shakllantiriladi, eksportoldi moliyalashtirish vositalari joriy etiladi, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlarini tezkor tashish bo‘yicha «yashil yo‘lak» ishga tushiriladi.

Sanoat kooperatsiyasi doirasidagi joriy loyihalar portfeli 300 million dollarga yetgani ta’kidlandi. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan biznes forumi doirasida energetika, logistika, elektrotexnika, to‘qimachilik, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarining yangi to‘plami qabul qilindi.

Bunday loyihalarni ilgari surish uchun O‘zbekiston-Qirg‘iziston jamg‘armasining ustav kapitali 200 million dollargacha oshiriladi.

Energetika sohasidagi hamkorlik strategik yo‘nalish etib belgilandi.

Qambarota GES-1 qurilishi bo‘yicha bitimni tez fursatda imzolash va loyihaning amaliy bosqichini boshlash muhimligi qayd etildi. Shuningdek, ikki mamlakat salohiyatini hisobga olgan holda kichik gidroenergetikani rivojlantirish bo‘yicha kompleks hamkorlik dasturi tayyorlanadi.

Mintaqada transport bog‘liqligini mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.

“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha strategik loyiha to‘g‘risidagi uch tomonlama bitim imzolangani bu borada tarixiy voqea bo‘ldi.

Uchrashuvda istiqbolli transport loyihalari ham ko‘rib chiqildi.

Ikki mamlakat hududlari savdo-iqtisodiy hamkorlikning haqiqiy drayverlari ekani ta’kidlandi. Shu ma’noda, Bosh vazirlar raisligidagi Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi doirasida faol aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.

Hududlar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari jadvalini tayyorlash va qo‘shma «yo‘l xaritalari»ni yangilashga kelishib olindi.

Qishloq xo‘jaligi o‘zaro hamkorlikning muhim yo‘nalishidir. Qishloq xo‘jaligi ekinlarini birgalikda yetishtirish, intensiv bog‘lar va agroklasterlar tashkil etishni nazarda tutuvchi agrokooperatsiya dasturini amalga oshirishga kelishib olindi.

Madaniyat, yoshlar, turizm, ta’lim, fan va sport sohalarida faol almashinuvlar davom ettiriladi.

Shu ma’noda, tashrif arafasida Samarqandda O‘zbekiston va Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Kelgusi yillarga mo‘ljallangan madaniy tadbirlar taqvimini tayyorlashga kelishib olindi.

Yig‘ilishda Bosh vazirlar o‘rinbosarlarining hisobotlari va savdo-iqtisodiy hamkorlik yuzasidan aniq takliflari tinglandi.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdilar.

Posted on Leave a comment

Oʼzbekiston va Qirgʼiziston Prezidentlari keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi intilishlari qatʼiy ekanini tasdiqladilar



Koʼksaroy qarorgohida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Qirgʼiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning tor doiradagi uchrashuvi boʼlib oʼtdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat hamkorligining dolzarb masalalari koʼrib chiqildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, keyingi yillarda birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli uzoq muddatli istiqbolga moʼljallangan koʼp qirrali hamkorlikni tubdan kengaytirish uchun yaxshi zamin yaratilganini alohida taʼkidladi.

Ushbu tashrif doirasida keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish toʼgʼrisida Qoʼshma bayonot imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuqori darajaga olib chiqishga oʼzaro intilishdan dalolat boʼlishi qayd etildi.

Parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosat va tarmoq idoralari darajasidagi muloqotlar natijadorligini oshirish, xalqaro va mintaqaviy maydonlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon savdo tashkiloti, mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari, «Markaziy Osiyo plyus» formatlari doirasida oʼzaro qoʼllab-quvvatlashni davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.

Hamkorlikning yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish muhimligi qayd etildi.

Tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 2 milliard dollarga yetkazish boʼyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish dolzarb ekani koʼrsatib oʼtildi. Kuni kecha oʼtgan biznes forumi muvaffaqiyatli boʼldi, yakunida yangi kelishuvlar toʼplami qabul qilindi.

Bu galgi tashrif doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, avtomobilsozlik va toʼqimachilik sohalarida kooperatsiya loyihalari ishga tushiriladi.

Strategik ahamiyatga ega mintaqaviy loyihalarni, jumladan, «Xitoy – Qirgʼiziston – Oʼzbekiston» temir yoʼli va Qambarota GES-1 qurilishini tez fursatda amalga oshirish masalalariga ustuvor eʼtibor qaratildi.

Transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish boʼyicha yangi loyiha takliflari koʼrib chiqildi.

Prezidentlar hududlararo hamkorlikni, jumladan, Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi doirasida yanada kengaytirish muhimligini taʼkidladilar.

Shuningdek, qishloq va suv xoʼjaligi, ekologiya, xavfsizlik va boshqa sohalarda oʼzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Madaniy-gumanitar almashinuv faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bu hafta mamlakatimizda Qirgʼiziston madaniyati kunlari oʼtkazilmoqda. Kuni kecha Samarqandda ikkinchi Rektorlar forumi muvaffaqiyatli oʼtkazildi. Tomonlar kelgusi yillarga moʼljallangan madaniy tadbirlar taqvimini tayyorlashga kelishib oldilar.

Davlat rahbarlari mintaqaviy kun tartibidagi tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Posted on Leave a comment

Qirg‘iziston Prezidentini tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi


Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizga davlat tashrifi bilan kelgan Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovni tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi.

Qarorgoh oldidagi maydonda davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy kutib oldi va shohsupaga taklif etdi. Harbiy orkestr ikki davlat madhiyalarini ijro etdi.

Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.

Birgalikda suratga tushishdan so‘ng davlat rahbarlarining tor doiradagi muzokaralari boshlandi.

Posted on Leave a comment

Qirg‘iziston Prezidenti davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi



18-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov rafiqasi bilan birga davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

Toshkent shahri xalqaro aeroportida ularni davlatimiz rahbari va rafiqasi kutib oldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarilib, faxriy qorovul saf tortdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, oliy darajada muzokaralar o‘tkaziladi, ularda O‘zbekiston-Qirg‘iziston keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Sammit yakunida qator yirik qo‘shma loyihalarni ishga tushirish va salmoqli ikki tomonlama hujjatlarni imzolash rejalashtirilgan.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Eron yetakchilari ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash borasidagi intilishlari qat’iy ekanini tasdiqladilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-iyul kuni Eron Islom Respublikasining yangi saylangan Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Mas’ud Pezeshkiyonni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi g‘alabasi bilan samimiy qutlab, mas’uliyatli davlat lavozimida katta muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston-Eron munosabatlarini yanada rivojlantirish, savdo, investitsiya va transport sohalaridagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi, qo‘shma loyiha va korxonalar, aviaqatnovlar soni ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Avval erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqildi.