Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Pekindagi tantanali harbiy paradda ishtirok etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekin shahriga rasmiy tashrif doirasida 3-sentabr kuni Tyananmen maydonida Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali harbiy paradda ishtirok etdi.

Tadbirda yigirmadan ortiq davlat rahbarlari va vakillari, jumladan, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Turkmaniston, Eron, Vetnam, Misr va boshqa davlatlar yetakchilari ishtirok etdi.

XXR Raisi Si Szinpin o‘z nutqida bugungi sharoitda tarixiy xotirani asrab-avaylash, tinchlikni saqlash va adolatni ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Paradda Xitoy xalq ozodlik armiyasining 45 ta bo‘linmasi ishtirok etdi. Xitoy mudofaa sanoati tomonidan ishlab chiqarilgan raketa tizimlari, tanklar, aviatsiya texnikasi va uchuvchisiz uchish apparatlarining eng so‘nggi namunalari namoyish etildi.

Bunday paradlar 1949-yildan buyon Pekinda o‘tkazib kelinadi, qurolli kuchlarning so‘nggi katta ko‘rigi esa 2019-yil 1-oktabrda bo‘lib o‘tgan va unda 15 mingga yaqin ishtirokchi qatnashgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Pekin shahridagi tantanali tadbirlarda ishtiroki mamlakatimizning xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, tinchlik, barqaror taraqqiyot va farovonlik yo‘lida mintaqaviy va global darajada konstruktiv muloqotni rivojlantirishga qaratilgan izchil tashqi siyosatining navbatdagi tasdig‘i bo‘ldi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar



Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida Rossiya yetakchisi davlatimiz rahbari va O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabriklab, farovonlik, barqaror taraqqiyot va ravnaq tiladi.

Ilgariroq bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muloqotlar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi nazaridan O‘zbekiston – Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish hamda mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik sur’atini saqlab qolishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhim ekani ta’kidlandi.

Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida loyihalarni tayyorlash hamda amalga oshirishni jadallashtirish, hududlar o‘rtasida va tashkil etilgan qo‘shma sanoat parklari doirasida kooperatsiya aloqalarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Gumanitar sohada, eng avvalo, madaniyat, san’at, fan va ta’lim yo‘nalishlarida samarali hamkorlik qilinayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Posted on Leave a comment

“Henan Investment Group” kompaniyasi bilan loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi



Xitoyga rasmiy tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Henan Investment Group” kompaniyasi bosh direktori Chju Xunbin bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Xitoyning energetika va infratuzilmani rivojlantirish sohasidagi yetakchi kompaniyalaridan biri bo‘lgan “Henan Investment” qurilish, sanoat, energetika, ekologiya va sog‘liqni saqlash sohalarida loyihalarni amalga oshirmoqda. Kompaniya aktivlari 50 milliard dollardan ziyod.

O‘zbekistonda ko‘mir konlarini o‘zlashtirishda ilg‘or texnologik yechimlarni joriy qilish, zamonaviy elektr stansiyalari, energiya saqlash tizimlarini loyihalashtirish va qurish, biomahsulotlar ishlab chiqarish, chiqindilarni qayta ishlab, toza energiya ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiya loyihalarining amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Xitoy kompaniyasi ishtirokidagi loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun alohida “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Xitoyning “China National Building Materials” kompaniyasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik loyihalarini muhokama qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Pekin shahrida “China National Building Materials” (CNBM) kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Chjou Yuysyanni qabul qildi.

Xitoyning CNBM kompaniyasi qurilish materiallari ishlab chiqarish, qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish, muhandislik-texnik yechimlarni taqdim etish bo‘yicha eng yirik konglomeratlardan biri sifatida dunyo kompaniyalarining TOP-500 taligiga kiradi.

Uchrashuvda kompaniya tomonidan nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, shamol va quyosh elektr stansiyalari, energiyani saqlash tizimlarini qurish, muqobil energetika obyektlari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish kabi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi. Xitoy kompaniyasining yurtimiz sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha dasturda ishtirok etishiga alohida e’tibor qaratildi.

Erishilgan kelishuvlarni jadallashtirish va amalga oshirish uchun alohida “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish topshirildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Xitoyning “China National Building Materials” kompaniyasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik loyihalarini muhokama qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Pekin shahrida “China National Building Materials” (CNBM) kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Chjou Yuysyanni qabul qildi.

Xitoyning CNBM kompaniyasi qurilish materiallari ishlab chiqarish, qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish, muhandislik-texnik yechimlarni taqdim etish bo‘yicha eng yirik konglomeratlardan biri sifatida dunyo kompaniyalarining TOP-500 taligiga kiradi.

Uchrashuvda kompaniya tomonidan nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, shamol va quyosh elektr stansiyalari, energiyani saqlash tizimlarini qurish, muqobil energetika obyektlari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish kabi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi. Xitoy kompaniyasining yurtimiz sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha dasturda ishtirok etishiga alohida e’tibor qaratildi.

Erishilgan kelishuvlarni jadallashtirish va amalga oshirish uchun alohida “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish topshirildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Xitoyning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-sentabr kuni Xitoyga rasmiy tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda “China Gold”, “China Coal Resources”, “China Datang Corporation”, “Tianjin Rail Transit Group”, “Poly Changda”, “Tianjin Urban Construction”, “Jinchuan Group”, “China Synfuels”, “Jinchuan”, “ST Wonderful”, “Mizuda”, “World Agriculture”, “Dongzhu Ecology” va boshqa kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari Xitoy biznesining O‘zbekistonga qiziqishi har doimgidek yuqori ekanini mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘tgan yilning o‘zida investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshdi.

Uchrashuvda energetika, geologiya, qishloq va suv xo‘jaligi, kimyo, zargarlik sanoati, jamoat transportini modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish va turizm sohalarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Xitoy yetakchilari barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar



2-sentabr kuni Xitoyga rasmiy tashrif doirasida Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Xitoy yetakchisi va do‘st Xitoy xalqini G‘alabaning 80 yilligi hamda Shanxay hamkorlik tashkilotining Tyanszin shahridagi sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.

O‘zbekiston Prezidenti XXR Raisi Si Szinpinning global boshqaruv bo‘yicha tashabbusi o‘z vaqtida ilgari surilgani va dolzarb ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ta’kidladi.

Davlat rahbarlari o‘tgan yillar davomida ikki tomonlama munosabatlar rivojida katta yutuqlarga erishilganini ta’kidladilar. Barcha darajalardagi aloqalar sur’ati oshib borayotgani, siyosiy muloqot mustahkamlanib, muhim masalalar yuzasidan tomonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

«Yagona Xitoy» siyosatini qo‘llab-quvvatlash hamda «uch yovuz kuch» – terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish masalalarida O‘zbekistonning pozitsiyasi o‘zgarmas ekani tasdiqlandi.

Savdo-iqtisodiy, texnologik va moliyaviy-investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. O‘tgan yili tovar ayirboshlash 14 milliard dollardan oshdi, yil boshidan esa yana 23 foizga o‘sdi. Sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish orqali bu ko‘rsatkichni 20 milliardga yetkazish vazifasi turibdi.

Investitsiya loyihalari portfeli 60 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda. 2024-yilda umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq 64 ta loyiha ishga tushirilgan. Mamlakatimiz hududlarida qo‘shma texnoparklar va maxsus industrial zonalar faoliyat yuritmoqda, «BYD» elektromobillarini ishlab chiqarish kengaytirilmoqda va mahalliylashtirish darajasi oshirilmoqda.

Tashrif arafasida biznes forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. «Yashil» energetika va energiya samaradorligini oshirish, jamoat transportini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, pullik avtomobil yo‘llarini barpo etish, muhim minerallarni chuqur qayta ishlash, shuningdek, kimyo, suv va qishloq xo‘jaligi, turizm va shaharsozlik sohalarida istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan.

Eksimbank, Xitoy davlat taraqqiyot banki, «Ipak yo‘li» jamg‘armasi va boshqa institutlar bilan keng ko‘lamli sheriklik kengaymoqda. Eksimbank ko‘magida yaqinda Toshkentda Olimpiya shaharchasi qurib bitkazildi.

Hududlararo almashinuvlar faollashgani yuqori baholandi. Xitoy tajribasi asosida mamlakatimizda kambag‘allikka barham berishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni amalga oshirishda ekspertlik ko‘magi davom ettiriladi.

Innovatsion loyihalarni ilgari surish va mutaxassislar tayyorlash uchun O‘zbekiston-Xitoy sun’iy intellektni rivojlantirish markazini tashkil etish taklif qilindi.

«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» strategik temir yo‘li qurilishining amaliy bosqichi boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ilm-fan, tibbiyot, ta’lim va turizm sohalaridagi sheriklikni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Mamlakatimizda Shimoli-g‘arbiy qishloq va o‘rmon universitetining filiali hamda Xalqaro matematika markazi ochildi. Sian neft universiteti filialini ochish to‘g‘risida Bitim imzolandi. Pekin texnologiya instituti filialini ochish rejalashtirilgan.

Joriy yilda O‘zbekistonda ikkinchi Ta’lim forumi o‘tkaziladi. Xitoy tilini o‘rganishni kengaytirish va o‘zbekistonlik yoshlarini o‘qitish uchun kvotalarni ko‘paytirish, Konfutsiy institutlari faoliyatini rivojlantirish qo‘llab-quvvatlandi.

Mamlakatimiz hududlarida energetika, mashinasozlik, sun’iy intellekt, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi sohalari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan O‘zbekiston-Xitoy «Lu Ban ustaxonalari»ni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Sayyohlar almashinuvi o‘sishi uchun sharoit yaratish maqsadida aviaqatnovlar soni oshirilmoqda, ikki mamlakat o‘rtasida vizasiz tartib joriy etildi.

Shu kunlarda Xitoy Milliy muzeyidagi katta ko‘rgazmada O‘zbekiston ham qatnashmoqda. 2027-yilda Shanxay va Pekinda san’at ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Tashrif doirasida o‘zaro madaniyat markazlarini ochish to‘g‘risida tarixiy bitim qabul qilinadi.

Uchrashuvda xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, SHHT, «Markaziy Osiyo – Xitoy» formati va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi muvofiqlashuv va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston yetakchisi Xitoy rahbarini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi. Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va do‘stlik ruhida o‘tdi.