Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Pokiston delegatsiyasini qabul qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-avgust kuni Pokiston Islom Respublikasi Shtablar boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi, general Sahir Shamshod Mirzo boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Pokiston Bosh vazirining joriy yil fevral oyidagi O‘zbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi nazaridan O‘zbekiston-Pokiston ko‘p qirrali hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Turli darajalarda o‘zaro muloqot va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 23 foizga, yuk tashish 50 foizga oshdi. Karachi va Lahor shaharlarida savdo uylari ochildi. To‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar ko‘paydi.

Harbiy va harbiy-texnik sohalarda, xavfsizlikka zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish borasidagi amaliy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha imzolangan uch tomonlama bitimni tez fursatda amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Posted on Leave a comment

Xushmanzara boqqa monand shinam mehmonxonalar qad ko‘tardi



Mamlakatimizning turizm salohiyati yildan yilga oshib boryapti. Barcha hududlarda sayyohlar ko‘payib, zamonaviy mehmonxonalar va turizm maskanlari barpo etilmoqda.

Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga yondosh qurilgan zamonaviy mehmonxonalar majmuasi shu ishlarning mantiqiy davomidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev joylardagi bunyodkorlik bilan tanishuvi chog‘ida mazkur inshootlarni ham ko‘zdan kechirdi.

Bir paytlar qarovsiz yotgan manzillar bugun obod maskanga aylangan. 8 gektardan ziyod maydonda 12 ta zamonaviy mehmonxona, 375 o‘rinli “Yangi Toshkent” konferensiya zali, 310 o‘rinli restoran, sog‘lomlashtirish markazi hamda ochiq sport maydoni barpo etilgan.

Mehmonxonalarga Qoraqalpog‘iston va viloyatlar nomi berilgan. Ular 3 yulduzli bo‘lib, 5 qavatdan iborat, 62 ta xona va 124 o‘ringa ega. Majmua yagona konsepsiya asosida faoliyat yuritadi va uning boshqaruvi xalqaro tajribaga ega “Leo Hospitality Solutions”, “Radisson Individuals”, “Trademark Collection by Wyndham” kabi nufuzli kompaniyalarga topshiriladi.

Xususiy banklar shu kabi majmualar boshqaruviga sherik bo‘lib kirish taklifini bildirdi. Davlatimiz rahbari xizmat sohalari kengayishi, joylarda zamonaviy maskanlar ko‘payishi aholi farovonligiga hissa qo‘shishini ta’kidladi. 

Mehmonxonalar restoran, anjumanlar zali va dam olish maskanlari bilan uyg‘un qurilgani xizmat qamrovini oshiradi. Bu yerda yuqori darajadagi tadbirlar hamda yirik xalqaro anjumanlar o‘tkazilishi ham mumkin.

Majmuada 540 ta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga o‘rtacha 55 ming turistga xizmat ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan. Bu yer mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun yana bir lokatsiya, Toshkent vohasida turizm rivoji uchun qo‘shimcha stimul bo‘ladi. Majmua qurilishi ortidan yon-atrofdagi mahallalarning infratuzilmasi ham yaxshilanib, aholi farovonligi ta’minlandi.

Davlatimiz rahbari majmuada xizmat turlarini ko‘paytirish va sifatini oshirish, mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etish masalalariga e’tibor qaratdi. Bunday ko‘p tarmoqli xizmatlarni boshqa hududlarda ham keng yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

Olimpiya shaharchasi – mamlakatimiz sportining ilmiy, amaliy, o‘quv-mashg‘ulot markazi



Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 18-noyabrda Olimpiya shaharchasi qurilishi bilan tanishuv chog‘ida aytgan edi.

– Bu yerda mashg‘ulotlar bilan birga sport ta’limi, ilmi, tibbiyoti mujassam bo‘lishi zarur. Ya’ni, bu joy mamlakatimiz sportining ilmiy, amaliy, o‘quv-mashg‘ulot markazi bo‘ladi, – degan edi davlatimiz rahbari.

Shunga muvofiq, shaharchada Sport vazirligi, Antidoping agentligi, Davlat sport akademiyasi, Jismoniy tarbiya ilmiy-tadqiqotlar instituti, Sport turlarini rivojlantirish markazi ham joylashtirilgan.

Bu galgi tashrif chog‘ida Olimpiya shaharchasi infratuzilmasidan samarali foydalanish rejalari, sport tashkilotlarining joylashuvi va faoliyati bo‘yicha axborot berildi.

Avvalo, shaharchada xalqaro darajadagi musobaqalar o‘tkaziladi. Inshootlar undan keyin ham bo‘shab qolmaydi. Mamlakatimiz terma jamoalarining o‘quv-mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Federatsiyalar sport maktablari bilan bog‘lanadi.

Hududda va majmualarda yurtdoshlarimiz ham sport bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi.

Prezidentimiz shu yerda soha mutasaddilari va sport federatsiyalari rahbarlari bilan muloqotda bo‘ldi.

– Avvalo, sportchilarimiz va federatsiyalarni mana shunday maskan bilan tabriklayman. Bu bilan yosh avlod salomatligiga, bo‘lajak yutuqlarga katta poydevor qurdik. Lekin bu ishning eng osoni. Qiyini – sport turlarini ommalashtirish, professional sportchilarni tayyorlash. Biz sportni ham salomatlik, ham natijadorlik nuqtayi nazaridan rivojlantirib boramiz. Xudo xohlasa, bunday Olimpiya shaharchalari viloyatlarda ham quriladi. Asosiy maqsad – yoshlarimizning sog‘lom va barkamolligi, – dedi davlat rahbari.

Ma’lumki, 2024-yilda Parijda o‘tgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida yurtimiz sportchilari muvaffaqiyatli ishtirok etib, umumjamoa hisobida har ikki yo‘nalishda 13-o‘rinni egallagan edi. Endi olimpiya harakatini yanada rivojlantirish, kelgusidagi musobaqalarda natijalarni oshirish maqsad qilingan.

Mamlakatimiz Prezidentining shu yil 8-iyuldagi qarori bilan, O‘zbekiston sportchilarini 2028-yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash dasturi qabul qilindi.

Bu yo‘nalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida Milliy olimpiya qo‘mitasining 14 ta hududiy bo‘limi tashkil etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Olimpiya harakatini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus vakili etib belgilandi. Har bir hududga Sport vazirligi va Olimpiya qo‘mitasidan mas’ullar biriktirildi.

Asosiy maqsad yuqori sport natijalariga faqat bitta Olimpiada emas, doimiy va mustahkam zamin yaratishdir.

Iqtidorli sportchilarni eng quyi bo‘g‘indan boshlab saralash va professional etib tayyorlash uchun uch bosqichli “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqasi yo‘lga qo‘yildi. Uning final bosqichi har yili Olimpiya shaharchasida “Prezident Olimpiadasi” sifatida o‘tkaziladi. G‘olib va sovrindor sportchilar Olimpiya markazlariga jalb etilib, professional tayyorlanadi.

Respublika olimpiya va paralimpiya markazining faoliyati milliy terma jamoalar zaxirasini yaratishga qaratiladi. O‘quv-mashg‘ulotlar o‘tkazib borish uchun Olimpiya shaharchasi inshootlari markazga beg‘araz asosda biriktiriladi.

Shuningdek, atletlar zaxirasini kengaytirish maqsadida xususiy sport klublari faoliyati takomillashtirilib, rasmiy musobaqalardagi ishtiroki ta’minlanadi. Yuqori natija ko‘rsatgan sportchilar milliy terma jamoalarga qabul qilinishi mumkin bo‘ladi.

Prezidentimiz sport turlarini ommalashtirish masalasiga alohida urg‘u berdi.

– Mardlik, kurashchanlik xalqimizning qonida bor. Odamlarimiz sportni yaxshi ko‘radi. Buni qo‘llab-quvvatlab, mahallalarda sportni yanada ommalashtirish kerak. Buning uchun joylarda sharoit bor. Yana qurayapmiz. Natija ham ommaviylikdan kelib chiqadi,  dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga sohani raqamlashtirish, sport federatsiyalari faoliyatini kuchaytirish, natijador sport turlarini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Posted on Leave a comment

Milliy futbol markazi – yangi g‘alabalarga zamin



Prezident Shavkat Mirziyoyev Yuqori Chirchiq tumanida barpo etilgan Milliy futbol markazini borib ko‘rdi.

Davlatimiz rahbari ikki yil oldin bu yerga tashrif buyurib, mavjud stadionga tutash hududda zamonaviy majmua bunyod etish zarurligini aytgan edi. Ko‘p o‘tmay, 2023 yil 3 noyabrda “Futbol-ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish hamda xalqaro standartlarga mos keladigan futbol infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori imzolandi.

Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan mazkur markaz bunda juda muhim bo‘g‘in. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 6 ta terma jamoamizning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish imkoniyati bor. Buning uchun stadionlar, o‘quv binolari, sport zallari, mehmonxona barpo etilgan. Plyaj futboli maydoni, futzal maneji, basseyn va reabilitatsiya bo‘limi qo‘shimcha qulayliklar yaratgan.

Majmuada professional futbolchi va mutaxassislarni tayyorlash uchun to‘rtta tuzilma tashkil etildi. Bular – Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi, Futbol terma jamoalari tayyorgarlik markazi, Respublika futbol akademiyasi, Sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazidir.

Prezidentimiz ularda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Futbol tibbiyoti va reabilitatsiyasi bo‘limiga xorijiy uskunalar olib kelingan, eng ilg‘or uslublar o‘zlashtirilgan. Bu futbolchilarga qisqa vaqt ichida jismonan tiklanish imkoniyatini beradi.

Futbol akademiyasida yosh iste’dodlar saralanib, tarbiyalanadi. Buni xalqaro darajada tashkil etish uchun markazga Argentina, Vengriya va Xorvatiya kabi davlatlardan mutaxassislar jalb qilingan. Ular malakali murabbiy, hakam, tahlilchi, seleksioner va futbol menejerlarini tayyorlashda ishtirok etmoqda. Majmuada “VAR markazi” ham tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari shu yerda sport faxriylari va yosh futbolchilar bilan suhbatlashdi. O‘zbekistonda futbol eng ommaviy sport ekani, uni rivojlantirish izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.

Keyingi yillarda futbol tizimi tubdan yaxshilandi. Bolalar futboli, to‘garaklardan tortib akademiyalar, jamoalar, chempionatgacha e’tibor kuchaydi. Natijalar birin-ketin bo‘y ko‘rsatmoqda. Ularning eng muhimi – Vatanimiz tarixida birinchi marta milliy terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqqani bo‘ldi.

Yana bir shonli yutuq aprelda Caudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogida qo‘lga kiritildi. 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar terma jamoamiz unda birinchi o‘rinni egallab, jahon chempionatiga yo‘llanma olgan edi.

Prezidentimiz ushbu qahramon futbolchilarimiz bilan uchrashib, ularga mehr-e’tiborini izhor qildi.

– Biz hamma sohada dunyoda munosib o‘rin egallashga intilayapmiz. Sportchilarimiz buni tezroq yetkaza oladi. Sizlar irodali g‘alabangiz bilan, xalqimiz mehnat qilsa, harakat qilsa, hamma narsaga qodir ekanini yana bir bor isbotladingiz. Butun dunyo sizning timsolingizda azmu shijoatli, g‘ururi baland, hech qachon intilishdan qaytmaydigan yangi O‘zbekiston avlodini ko‘rdi. Endi futbolni hozirgidan ham 2-3 karra ko‘proq qo‘llab-quvvatlaymiz. Sizdek yoshlar xalqimizning ishonchi, Prezidentning quvonchisizlar, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sportchilar bu sharoitlar uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, xalqimiz ishonchini oqlashga va’da berishdi.

Posted on Leave a comment

“O‘zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa: umumiy taraqqiyot yo‘lida hamkorlik” mavzusida o‘tayotgan yuqori darajadagi uchrashuv ishtirokchilariga



Nizomiy Ganjaviy nomidagi xalqaro markazning hurmatli hamraislari!

Xonimlar va janoblar!

Siz, azizlarni qadimiy va go‘zal O‘zbekiston zaminida samimiy qutlashdan g‘oyat mamnunman.

Biz o‘z mamlakatlarining ravnaqiga, xalqaro hamkorlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan atoqli siyosatchilar va davlat arboblari, xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan iborat nufuzli tarkibni Toshkentda, bir davrada to‘plash borasidagi tashabbusi uchun Nizomiy Ganjaviy nomidagi xalqaro markazga chuqur minnatdorlik bildiramiz.

Ushbu markaz, ulug‘ o‘zbek shoiri Alisher Navoiy “shoirlarning sultoni”, deb ta’riflagan buyuk ozarbayjon mutafakkiri Nizomiy Ganjaviyning betakror ijodiy merosini asrab-avaylash va keng targ‘ib etishda muhim o‘rin tutib kelayotganini alohida qayd etmoqchiman.

Ta’kidlash kerakki, Nizomiy Ganjaviyning teran falsafasi, odam va olam o‘rtasidagi uyg‘unlik hamda adolat haqidagi o‘lmas g‘oyalari doimo dolzarb bo‘lib, bugungi murakkab sharoitda yanada katta ahamiyat kasb etmoqda.

Nizomiy Ganjaviy nomidagi markazning xalqaro kun tartibidagi masalalarni o‘rganishdagi faol ishtiroki alohida e’tiborga loyiqdir. Uning shafeligida har yili o‘tkazib kelinayotgan Global Boku forumi xalqaro va mintaqaviy taraqqiyotning eng dolzarb muammolarini hal etish uchun yangi g‘oyalar ilgari suriladigan, dunyo miqyosida tan olingan nufuzli muloqot maydonlaridan biriga aylandi.

Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik masalalari, ushbu ikki yirik mintaqaning Yevropa bilan hamkorlik istiqbollari bugungi anjumanning bosh mavzusi etib belgilangani g‘oyat muhim, deb hisoblaymiz.

Biz buni o‘zaro hamjihatlik va hamkorlik jarayonlari jadallashib borayotgan Markaziy Osiyoni jahonga yanada kengroq tanishtirish, mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjonning salohiyat hamda imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish yuzasidan fikr almashish uchun noyob imkoniyat sifatida qabul qilamiz.

Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda Ozarbayjon bilan o‘zaro ishonch va bir-birini qo‘llab-quvvatlash ruhidagi munosabatlarimiz faol rivojlanmoqda, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi, Davlatlararo oliy kengash faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, Ozarbayjon Markaziy Osiyo va Yevropani bog‘lashda strategik ko‘prik vazifasini bajarib kelayotganini ham alohida qayd etishni istar edim.

Bugungi forumda ko‘plab vakillari ishtirok etayotgan Yevropa bilan munosabatlarimiz o‘zining mutlaqo yangi rivojlanish davrini boshidan kechirayotganini qayd etmoqchiman.

Yaqinda biz yurtimizda ilk bor “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammitini o‘tkazdik. Unda mintaqamiz va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risida tarixiy qaror qabul qilindi. Yaqin oylarda Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolaymiz.

Biz Yevropa Ittifoqi va boshqa sheriklarimiz bilan birgalikda samarali transport-logistika va energetika yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni davom ettiramiz. Ishonamizki, ushbu chora-tadbirlar mintaqamizning G‘arb va Sharq o‘rtasidagi xab sifatidagi rolini qayta tiklash imkonini beradi.

Biz Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyevning yangi umummintaqaviy jarayonlarni rivojlantirishda ishtirok etishga tayyor ekanini yuqori baholaymiz hamda uning Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo hamkorligini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuksak qadrlaymiz.

Fursatdan foydalanib, do‘st Ozarbayjon xalqini ulkan tarixiy yutuq – yaqinda Vashingtonda AQSH vositachiligida Armaniston bilan uch tomonlama Qo‘shma deklaratsiya imzolangani bilan yana bir bor chin dildan qutlaymiz.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Bugungi kunda O‘zbekiston jadal islohotlarni qat’iy davom ettirmoqda va biz bu yo‘lda ulkan natijalarga erishdik. “O‘zbekiston – jahonga ochiq va o‘zi uchun dunyoni kashf etayotgan mamlakat” degan tamoyil hayotimizdan mustahkam o‘rin egallamoqda.

Biz xorijiy hamkorlar va xalqaro tashkilotlar bilan uzoq muddatli aloqalarni izchil mustahkamlamoqdamiz, hamkorlik ufqlarini kengaytirmoqdamiz, yangi ilg‘or g‘oyalar uchun har doim ochiqmiz. Biz huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini izchil davom ettiramiz.

O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi hozirgi murakkab davrda xalqaro hamjamiyatga bebaho boylik – barqarorlik, ishonch va taraqqiyotni taklif etmoqda.

Bugungi yangi sharoitda oldimizda hamkorlik bo‘yicha keng ufqlar ochilmoqda, o‘zaro manfaatli va ikki tomonga ham foyda keltiradigan masalalar yuzasidan birgalikda ishlash uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda, deb hisoblayman. Bu borada sizlarning qo‘llab-quvvatlashingiz va kelgusidagi hamkorligingizga umid qilamiz.

Bugungi nufuzli uchrashuvning barcha ishtirokchilariga samarali muhokamalar va anjuman ishiga muvaffaqiyat tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

Olimpiya shaharchasi qurib bitkazildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni Toshkent shahrida qurib bitkazilgan Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurdi. 

Uning qurilishiga 2022-yil 9-noyabrda tamal toshi qo‘yilgan edi. O‘shanda davlatimiz rahbari Olimpiya shaharchasi xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati va o‘zbek sportining olamshumul yutuqlari ramziga aylanishi, me’moriy jihatdan mukammal, energiya tejamkor va eng ilg‘or innovatsion yechimlarni mujassam qilgan zamonaviy majmua bo‘lishini ta’kidlagandi.

Shunday ham bo‘ldi – qisqa vaqt ichida 100 gektardan ziyod maydonda muhtasham majmua qad rostladi. Qariyb 290 million dollarlik ushbu noyob loyiha “CAMC Engineering” kompaniyasi tomonidan xalqaro talablarga muvofiq amalga oshirildi. 

Shaharchada 5 ta asosiy sport majmuasi joylashgan.

Xususan, Velodrom murakkab muhandislik yechimlari asosida, o‘ziga xos dizaynda qurilgan. Uning yog‘och qoplamasi sifati, trayektoriyasi va burilish burchaklari Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi talablariga javob beradi. Jumladan, yo‘lak eng mustahkam daraxtlardan yasalgan, qavatma-qavat yotqizilgan. Bu sifat muntazam saqlanishi uchun velodromda yil davomida bir xil harorat ta’minlanadi. Hatto velosportchilarga havo qarshiligigacha inobatga olingan.

Trekka yorug‘lik bir xil va teng darajada tushadi. Bu sportchilarga qulaylik bo‘lishi bilan birga, tomosha va televizion translyatsiya me’yorlariga ham mos. O‘rindiqlar 2 ming 200 kishiga mo‘ljallangan. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining yangi talabi bo‘yicha tomosha joylariga himoya to‘sig‘i o‘rnatilgan.

Shuningdek, majmua ko‘p funksiyali bo‘lib, bu yerda stol tennisi, qilichbozlik bo‘yicha musobaqa va mashg‘ulotlar o‘tkazish ham mumkin. Bunday darajadagi velodrom O‘zbekistonda birinchisi.

Mutasaddilarga hududlarda sharoit yaratib, velosportni rivojlantirish bo‘yicha dastur tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

Prezidentimiz stol tennisi hammabop, arzon va qulay sport ekanini ta’kidlab, har bir maktab va mahallada uni ommalashtirish, anjomlarini ishlab chiqarish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Shaharcha markazida 12 ming o‘rinli stadion joylashgan. Xalqaro turnirlar paytida bu yerda tantanali marosimlar tashkil etiladi. Asosiysi, yashil maydon va 9 qatorli yugurish yo‘lagida yengil atletikaning 48 ta yo‘nalishi bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi. Jumladan, jahon chempionati, Brilliant ligasi, paraatletika bahslari, ko‘zi ojizlar o‘rtasida IBSA o‘yinlarini tashkil etish mumkin. Boshqa paytlarda stadiondan mahalliy o‘quv-yig‘inlar, amaliy mashg‘ulotlar orqali dual ta’limda foydalaniladi.

Stadiondagi to‘rt qavatli binoda terma jamoalar mutaxassislari va sport federatsiyalari faoliyat yuritadi.

Yengil atletika va para sport turlari aholi salomatligini mustahkamlashda juda samarali. Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida ular bo‘yicha dastur ham keng. Lekin yurtimizda bu imkoniyatlar to‘la ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois yengil atletikaning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha topshiriq berildi. Unga ko‘ra, viloyatlardagi stadionlar rekonstruksiya qilinib, yengil atletika uchun sharoitlar yaxshilanadi, xorijdan murabbiylar olib kelinadi, sportchilar mahoratini oshirish maqsad qilib qo‘yiladi.

Ulkan suv sporti saroyi ham zamonaviy va qulay. Unda 25×50 metrli suzish va 25×20 metrli suvga sakrash havzalari, mashg‘ulotlar uchun basseyn va trenajyor zallari bor. Barcha sharoitlar va o‘lchamlar xalqaro olimpiya standarti talablariga javob beradi.

Yaqinda «World Aquatics» federatsiyasi delegatsiyasi majmuani ko‘rikdan o‘tkazdi va buni tasdiqladi. Ya’ni, bu yerda suzish, suvga sakrash, sinxron suzish, suv polosi bo‘yicha qit’a va jahon chempionatlari, Olimpiya dasturidagi nufuzli musobaqalarni tashkil etish imkoniyati bor. Ularni 2 mingdan ziyod muxlislar tomosha qilishi mumkin.

Davlatimiz rahbari suv sport turlarini rivojlantirish, xalqaro turnirlarda natijalarni yaxshilash bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Jamoaviy va yakkakurash sport turlari majmualari ham xalqaro talablar darajasida bunyod etilgan. Ularning har biri uch qavatli, 2 ming o‘rinli. Jumladan, birinchisida voleybol, basketbol va gandbol bo‘yicha mashg‘ulot va xalqaro musobaqalarni o‘tkazish mumkin. Yakkakurashlar majmuasi dzyudo, boks, taekvondo kabi sport turlarini rivojlantirishga asos bo‘ladi.

Prezidentimiz shu yerda sportchilar bilan suhbatlashdi.

– Xalqaro musobaqalarda bayrog‘imizni baland ko‘tarib, mamlakatimiz rivojini namoyon etyapsizlar. Sizning har bir yutug‘ingiz xalqimiz uchun katta g‘urur, yoshlarimizga kuch, dalda. Bu harakatlarni davom ettirib, bolalarni ortingizdan ergashtirib, sportimizni yanada yuksaltirishingizni tilaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Olimpiya shaharchasida futbol, voleybol, tennis, chim ustida xokkey, yengil atletika kabilar bo‘yicha 15 ta ochiq maydon ham barpo etildi.

Bundan tashqari, 400 o‘rinli paralimpiya yotoqxonasi, sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi qurilishi yakuniy bosqichda.

Shaharchadagi barcha inshootlar energiya tejamkor bo‘ladi. Avtoturargohlar ustida quyosh panellari o‘rnatiladi.

Posted on Leave a comment

«Faol tadbirkor» ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoyishi

Milliy iqtisodiyotimizda barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash, yurtimizda tadbirkorlik rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, mamlakatimizning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yuksaltirish borasidagi xizmatlari, sohaga ilg‘or innovatsion, «yashil» va raqamli texnologiyalarni joriy etish, investitsiyalarni jalb qilish, ish o‘rinlari yaratish, aholi farovonligini oshirishga qo‘shgan katta hissasi, shuningdek, biznesda erishayotgan salmoqli natijalari hamda ijtimoiy hayotdagi munosib ishtiroki uchun quyidagilar «Faol tadbirkor» ko‘krak nishoni bilan taqdirlansin:

Atadjanov Ne’matjan Taxirovich – To‘rtko‘l tumanidagi «Real montaj» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Yeshanov Zulfat Kadirbergenovich – Qonliko‘l tumanidagi  «Zamira Kazayakli» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Jarilkasinov Ruslan Xojabayevich – Shumanay tumanidagi «Promservis Shumanay» xususiy korxonasi rahbari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Ismaylov Nurman Djanabayevich – Chimboy tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor, hunarmand-o‘tov yasovchi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Kaljanov Sarsenbay Kalbayevich – Nukus shahridagi «Jayhun Turon Super Servis» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Xabibullayev Xojiakbar Malik o‘g‘li – Nukus shahridagi «Nukus lak-bo‘yoqlari» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Atabekov Shaxzod G‘ayratovich – Paxtabod tumanidagi «The Besttex» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Andijon viloyati

Axmedov Ravshanbek Alijonovich – Qo‘rg‘ontepa tumanidagi «Oqsuv» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Andijon viloyati

Ibaydullayev Ulug‘bek Qurbonaliyevich – Andijon tumanidagi «Sity-Stroy» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Andijon viloyati

Mirzayev Farxodjon Alijanovich – Andijon tumanidagi «Texno-innovator» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Andijon viloyati

Moitov Xikmatillo Xabibullayevich – Jalaquduq tumanidagi «Ulug‘ qudrat sohibi» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Andijon viloyati

Siparova Svetlana Gennadevna – Oltinko‘l tumanidagi «Mark Formelli IT» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Andijon viloyati

Eshonxujayeva Noira Jo‘rayevna – Xo‘jaobod tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor, Andijon viloyati

G‘aybullayev Doniyor Ixtiyor o‘g‘li – Shofirkon tumanidagi xususiy o‘quv markazi rahbari, Buxoro viloyati

Quvatov Elamon Choriyevich – Olot tumanidagi «Buxoro Gold Star Moto» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Buxoro viloyati

Ravshanov Abdulaziz Xamitovich – Kogon tumanidagi «Parravshantrans» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Buxoro viloyati

Sayidova Dilnavoz Shavkatovna – G‘ijduvon tumanidagi «Ortiq Dilnavoz» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Buxoro viloyati

To‘xtayev Erdon Isoyevich – Buxoro shahridagi «Rushan Teks» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Buxoro viloyati

Fayziyev Yaxyo Sharafovich – Romitan tumanidagi «Fayz-2000» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Buxoro viloyati

Choriyev Malikbek Muhamadovich – Buxoro tumanidagi «Sledopyt» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Buxoro viloyati

Bayxurazov Sunnatulla Raxmatkulovich – Jizzax shahridagi «Maqsuda Nazokat» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Jizzax viloyati

Djurayeva Komila Mavlanovna – Zarbdor tumanidagi «Zarbdor zirapchasi gul ko‘chatlarini yetishtirish tomorqa xizmati» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Jizzax viloyati

Mannonov Umidjon Ulug‘bek o‘g‘li – Jizzax shahridagi «Euroasia gilamlari» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori, Jizzax viloyati

Mo‘minov Sardor Shuxrat o‘g‘li – Zafarobod tumanidagi «Tasty Broyler Industry» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Jizzax viloyati

Suvanova Yulduz Usmonovna – Jizzax shahridagi «Atlant Architects Group» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Jizzax viloyati

Tojiboyev Maqsud Mahmudovich – Zomin tumanidagi «MJN Hous» xususiy korxonasi rahbari, Jizzax viloyati

Xodjayev Rustam Maxamadaliyevich – Baxmal tumanidagi «Baxmal Natural Juice» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Jizzax viloyati

Astonova Marxabo Xurramovna – Shahrisabz tumanidagi «Hisor mebel» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Qashqadaryo viloyati

A’lamov Azimiddin Aslonovich – Kasbi tumanidagi «Saidazimxon» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Qashqadaryo viloyati

Ganiyev Sanjar Xudoyberdiyevich – Kitob tumanidagi «Voha mash’ali» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Qashqadaryo viloyati

Inogamdjanov Davrug Davronovich – Ko‘kdala tumanidagi «Cotonella» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Qashqadaryo viloyati

Xurramov Nodirbek Normo‘minovich – Mirishkor tumanidagi «Normo‘min o‘g‘li Nodirbek» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Qashqadaryo viloyati

Eshtemirov Sobir Abdullayevich – Ko‘kdala tumanidagi «Comfort Industrial Area» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Qashqadaryo viloyati

Gapparov Husniddin Shaxridinovich – Navoiy shahridagi «Xovandamir Holding» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Navoiy viloyati

Jumaboyev Qudratjon Jumaboy o‘g‘li – Qiziltepa tumanidagi «SVS Navoiy» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Navoiy viloyati

Karimov Zohid Zoirovich – Navbahor tumanidagi «Navbahor Agrolimon» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Navoiy viloyati

Kendjayev Elmurad Saidovich – Karmana tumanidagi shaxsiy tomorqa yer egasi, Navoiy viloyati

Tashbenbetov Yerjan Yermaxanovich – Konimex tumanidagi «Kanimex Max Drive» xususiy korxonasi rahbari, Navoiy viloyati

Umarov Shomurot Islomovich – Navbahor tumanidagi shaxsiy tomorqa yer egasi, Navoiy viloyati

Azizov Abdulxodi Rustamjonovich – To‘raqo‘rg‘on tumanidagi «Gold Fresh Fruits» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Namangan viloyati

Axadov Adxam Akramovich – Yangi Namangan tumanidagi «Mexmash» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Namangan viloyati

Dadaxonov Murtaza Tursunxonovich – Kosonsoy tumanidagi «Osmon sayyorasi» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Namangan viloyati

Djurayev Toxir Turashxanovich – Namangan shahridagi «Fazman Tekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori, Namangan viloyati

Mayunusov Ildorjon Xakimjonovich – Davlatobod tumanidagi «Anturage-tex» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Namangan viloyati

Muratov Bori Irgashevich – Chust tumanidagi «Megaton» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Namangan viloyati

Xodjimatov Baxrom Vaxidovich – Chust tumanidagi «Siberian Wellness-Namangan» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori, Namangan viloyati

Ergashev Xurshidbek Yuldashevich – Pop tumanidagi «Active Chorkesar Light» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Namangan viloyati

Ganiyev Feruz Normamatovich – Samarqand tumanidagi «Asia Carpet Textile» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Samarqand viloyati

Zayniyev Muxriddin Mexrojiddin o‘g‘li – Urgut tumanidagi «Yec gilam» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori, Samarqand viloyati

Ilmurotov Kudrat Urolovich – Pastdarg‘om tumanidagi «Qudrat zamin durdonasi» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Samarqand viloyati

Kazakova Mariya Rafailovna – Samarqand shahridagi «Prime Ceramics» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori, Samarqand viloyati

Karimov Abdunabi Abduxakimovich – Kattaqo‘rg‘on tumanidagi «Nurli Miyonkol» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Samarqand viloyati

Norov Sunnatulla Alimdjanovich – Urgut tumanidagi «Gardencells» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Samarqand viloyati

O‘rolov Alisher Shuxrat o‘g‘li – Samarqand shahridagi «Enjoy Fly» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Samarqand viloyati

Xushiyev Shohzodjon Inatilla o‘g‘li – Narpay tumanidagi «Agro Gold Spring» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Samarqand viloyati

Yusubayev Azizbek Maxamadjon o‘g‘li – Bulung‘ur tumanidagi «Samarkand Garden Plast» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Samarqand viloyati

Yalgashev Baxtiyor Tashtemirovich – Oqdaryo tumanidagi «Meganut food dried fruits import-export trading LTD» xorijiy korxonasi direktori, Samarqand viloyati

Ganiyev Aziz Salimovich – Guliston shahridagi «Don Miks» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Sirdaryo viloyati

Dushabayev Akmal Nurmatovich – Mirzaobod tumanidagi «Navro‘z total textile» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Sirdaryo viloyati

Ibragimova Robiya Shavkatovna – Xovos tumanidagi «RS Success Agro» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Sirdaryo viloyati

Kuduzov Maxmud Salamovich – Sirdaryo tumanidagi «River Med Pharm» mas’uliyati cheklangan jamiyatining ishlab chiqarish bo‘yicha direktori, Sirdaryo viloyati

Mamatkulov Jaxongir Arifdjanovich – Mirzaobod tumanidagi «Fs Logistics» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Sirdaryo viloyati

Abdukerimov Zafarjon Baxtiyer o‘g‘li – Termiz tumanidagi «Termiz International Trade Centre» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktorining o‘rinbosari, Surxondaryo viloyati

Anorov Sherzod Xolmurzayevich – Termiz shahridagi «Me’mor Inter Stroy» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Surxondaryo viloyati

Djurayev Baxodir Ismailovich – Qumqo‘rg‘on tumanidagi «Joziba mebel» xususiy korxonasi rahbari, Surxondaryo viloyati

Ochilov Murodjon Maxamadiyevich – Termiz tumanidagi «Gold Dried Fruits Export» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Surxondaryo viloyati

Xolmuminov Axrorjon Ilxomovich – Denov tumanidagi «Inter Prof City Stroy» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Surxondaryo viloyati

Abdullayev Jamshid Zafarovich – Zangiota tumanidagi «Zangiota tomorqa xizmati export» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Toshkent viloyati

Ataxanov Abduraxim Latifovich – Chirchiq shahridagi «Alkim Tekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Toshkent viloyati

Zakirov Sanjar Taxirovich – Yangiyo‘l tumanidagi «International Paper» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Toshkent viloyati

Kushbakov Ilxom Zakirjanovich – Bekobod tumanidagi «Qo‘shboq ota» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Toshkent viloyati

Muxsinov Fayoz Munisovich – Chirchiq shahridagi «Indigo Garments» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Toshkent viloyati

Nazarov Baxram Absatarovich – Oqqo‘rg‘on tumanidagi «Qo‘chqor chavandoz» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Toshkent viloyati

Normatov Ravshan Ishmatovich – Bo‘stonliq tumanidagi «Osborn Textile» xorijiy korxonasi direktori, Toshkent viloyati

Jorayev Rustam Polatxanovich – Farg‘ona shahridagi «Zhongming Metal Products» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Farg‘ona viloyati

Zakirov Kamoliddin Yunusaliyevich – Farg‘ona shahridagi «Xayrixon Kamol orzu» oilaviy korxonasi rahbari, Farg‘ona viloyati

Kim Aleksandr Vyacheslavovich – Quvasoy shahridagi «Quvasoyshifer Hrizotil» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori, Farg‘ona viloyati

Nasimov Elmurod Voxidovich – Buvayda tumanidagi «Wire cable system group» xususiy korxonasi rahbari, Farg‘ona viloyati

Temirov Qurbonbek Abdumalikovich – Furqat tumanidagi «Oybek Temirov» fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Farg‘ona viloyati

To‘xtaboyev Orifjon Odiljonovich – O‘zbekiston tumanidagi «Star Genius» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Farg‘ona viloyati

Xamzayev Shavkat Xamidovich – Uchko‘prik tumanidagi «Great Kokand» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Farg‘ona viloyati

Djumaniyazov Raxim Ilxamovich – Urganch shahridagi «Matbaa Paper» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Xorazm viloyati

Mirzayeva Lola Shavkatovna – Xiva shahridagi «Khiva Plaza» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Xorazm viloyati

Raximov Muzaffar Baxramovich – Xiva tumanidagi «Khiva Silk Fabris» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Xorazm viloyati

Ro‘zmetov Bahodir Boyjonovich – Yangiariq tumanidagi «Bahodir and sons» bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Xorazm viloyati

Ro‘zmetov Xursandbek Yo‘ldoshevich – Yangiariq tumanidagi «Ostona mebel servis» xususiy korxonasi rahbari, Xorazm viloyati

Rustamov Ollashukur Shuxratovich – Xiva shahridagi «Sofra» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Xorazm viloyati

Abdullayev Farrux Xabibulla o‘g‘li – Yakkasaroy tumanidagi «Bellissimo Pizza International» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Toshkent shahri

Abdullayev Elmurod Toxirmirzaevich – Yunusobod tumanidagi «Sun-Hightech» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori, Toshkent shahri

Abdullayeva Frangiza Abdullayevna – O‘zbekiston mehmonxonalar uyushmasi raisi

Abidov Rustam Abdukaxarovich – Toshkent shahridagi «Black Pilaf» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori

Akramov Alisher Djamshedovich – Toshkent shahridagi «Sirovarnya Super Food» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi

Alimuxamedov Alisher Baxtiyarovich – Bektemir tumanidagi «Rio International» xususiy korxonasi direktori, Toshkent shahri

Djalilov Otabek Zafarbekovich – Mirobod tumanidagi «Avrud» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Toshkent shahri

Isayev Alisher Maxmudxodjayevich – Mirobod tumanidagi «Sales Doctor» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Toshkent shahri

Ismailov Kaxraman Kambulovich – Toshkent shahridagi «Sazanchik Premium» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi

Israilova Gulchexra Baxodirovna – O‘zbekiston xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi raisi

Kadirov Rovshan Baxramovich – Chilonzor tumanidagi «Metal Processing Technology» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Toshkent shahri

Karimov Abdugafur Abduvaxobovich – Chilonzor tumanidagi «Radiks» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Toshkent shahri

Karimova Diora Orifovna – Mirobod tumanidagi «Artisan bread» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh texnologi, Toshkent shahri

Kasimova Dildora Mirgiyosovna – Toshkent shahridagi yakka tartibdagi tadbirkor, hunarmand-tikuvchi

Kayumov Shoxrux Shavkatovich – Toshkent shahridagi «Trusted Textile Marketplace» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi

Latipov Maxmudjan Nadjimidinovich – Shayxontohur tumanidagi «Mediapark Group» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Toshkent shahri

Malikov Yorqinjon Erkindjanovich – O‘zbekiston eksportchilari uyushmasi raisi

Mirzaaxmedov Diyor Akramovich – O‘zbekiston marketing uyushmasi raisi

Nasretdinov Saidvali Saidnabiyevich – Shayxontohur tumanidagi «Agro Prodex Group» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Toshkent shahri

Nuritdinov Sardorbek Maxammatjonovich – Toshkent shahridagi «Marco Polo Central Asia Travel» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari

Rasulev Farxod Kaxramanovich – Yakkasaroy tumanidagi «Dolores Travel Services» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Toshkent shahri

Sabirov Nigmatullo Zakirovich – Chilonzor tumanidagi «Finland Butter» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Toshkent shahri

Saliyev Umidillo Xabibullayevich – Yangihayot tumanidagi «Original Textile and Print» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori, Toshkent shahri

Usmanov Sardarbek Yigitaliyevich – Toshkent shahridagi «Saas Teks Invest» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari

Xolboyev Shavkatbek Xumaydullayevich – Toshkent shahridagi «Metsol» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti   

Sh.Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Xalqaro va ikki tomonlama kun tartibining dolzarb jihatlari muhokama qilindi.

Rossiya Prezidenti davlatimiz rahbariga 15-avgust kuni Ankorij shahrida o‘tgan Rossiya-AQSH sammitining asosiy natijalari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Davlatimiz rahbari erishilgan kelishuvlarni qo‘llab-quvvatlab, Ukraina atrofidagi vaziyat tez fursatda tartibga solinishiga umid bildirdi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning hozirgi sur’atini saqlab qolish hamda O‘zbekiston va Rossiya korxonalarining ustuvor kooperatsiya loyihalarini jadallashtirishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Barcha darajalarda faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Posted on Leave a comment

Chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha loyihalar taqdimot qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Yurt obodligi va aholi salomatligida katta o‘rin tutadigan bu sohaga zamonaviy yondashuvlar olib kirilmoqda. Oxirgi uch yilda barcha manbalardan 2 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. O‘tgan yili Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etildi.

Chiqindi korxonalari uchun 1 ming 200 ta yangi texnika olib berildi. Mahallalarda chiqindi maydonchalari qurildi. To‘plash va tashib ketish yaxshilangani natijasida bu tarmoq ikkilamchi xomashyo manbaiga aylandi.

Avvallari davlat monopoliyasida bo‘lgan sohada tadbirkorlikka yo‘l ochilib, qulay biznes muhiti yaratildi. Jumladan, sanitar-tozalash hamda chiqindini qayta ishlash korxonalari uchun foyda solig‘i va ijtimoiy soliq stavkalari 1 foiz etib belgilandi. Chetdan olib kelinadigan texnika va uskunalar import bojidan ozod qilindi. Natijada 200 ga yaqin sanitar-tozalash va 290 ta chiqindini qayta ishlash korxonalari ochildi.

Taqdimotda mutasaddilar sohadagi loyihalarning borishi va galdagi rejalar haqida axborot berdi.

Yurtimizda yiliga 14 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. Lekin ularni qayta ishlash darajasi past. So‘nggi yillardagi loyihalar natijasida bu endi 5 foizga yetdi.

Chiqindini yoqish orqali energiya ishlab chiqarish loyihalari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xitoylik investorlar 6 ta viloyatda shunday zavodlar qurayapti. Davlat chiqindi utilizatsiyasi uchun ularga to‘lov qilish bilan birga, hosil bo‘lgan energiyani sotib olish bo‘yicha ham majburiyat olayapti.

Yaqinda Toshkent shahrida tibbiyot chiqindisini yoqib, issiqlik oladigan ikkita korxona ishga tushirildi. Yana Samarqandda 2 ta, qolgan hududlarda bittadan shunday zavodlar qurilishi mo‘ljallangan.

Maishiy chiqindilarning to‘rtdan biri qog‘oz, plastik, rezina, shisha, to‘qimachilik qoldiqlariga to‘g‘ri keladi. Ularni qayta ishlab, 1 trillion so‘mlik mahsulot olish mumkinligi aytildi. Bundan tashqari, yurtimizda qayta ishlanmaydigan qurilish, kimyo, elektron, texnik va sanoat moylari bo‘yicha katta zaxira borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Chiqindini tashib ketish xizmatlari aholini rozi qiladigan darajada bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Shu bois mahallaga chiqindi texnikasining kelish vaqti va harakatini onlayn ko‘rish imkoniyatini yaratish vazifasi qo‘yildi.

Ijtimoiy muassasalar va mahallalarni chiqindi konteynerlari bilan to‘liq ta’minlash bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqilishi belgilandi. Aholida ekologik madaniyatni bog‘cha va maktabdan boshlab shakllantirish muhimligi ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Fransiya elchisini qabul qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Fransiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Oreliya Bushezni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari Fransiya elchisining samarali faoliyati hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida qayd etdi.

Bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi o‘zaro tashriflar O‘zbekiston-Fransiya hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, uning kun tartibini aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilgani ta’kidlandi.

Turli darajalarda tizimli muloqot va faol aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Savdo-iqtisodiy sohada sezilarli muvaffaqiyatlarga erishildi: keyingi yillarda tovar ayirboshlash 4 barobar ko‘paydi, Fransiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniy-gumanitar almashinuv sohalarida muhim dasturlar amalga oshirilmoqda. Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida ko‘rgazmalar katta muvaffaqiyat bilan o‘tdi.

Parij shahri yaqinida Beruniy haykali ochildi. Fransiya poytaxtidagi ko‘chaga Samarqand nomi berildi. Joriy yilda Toshkent shahrida O‘zbekiston-Fransiya universiteti o‘z ishini boshlaydi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti Fransiya Favqulodda va Muxtor Elchisi Oreliya Bushezga mamlakatlarimiz o‘rtasida do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun «Do‘stlik» ordenini topshirdi.

Elchi xonim uning diplomatik missiyasi yuksak baholangani hamda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik bildirdi.