Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqdilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Ozarbayjon yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lidagi davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston Prezidentining shu oy boshida Ozarbayjonga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifining samarali natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yetakchilarning bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari va Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi yakunida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi O‘zbekiston-Ozarbayjon ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 30 foizga oshdi. Sanoat zonasi va logistika kompaniyasini tashkil etishni o‘z ichiga olgan istiqbolli kooperatsiya loyihalari portfelini shakllantirish ustida ish olib borilmoqda. Neft-gaz sohasidagi strategik loyiha bo‘yicha Mahsulot taqsimotiga oid bitim imzolandi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30-yilligini nishonlash doirasida yirik qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari ikki tomonlama kun tartibidagi masalalarni muhokama qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Qozog‘iston Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqi farovonligi yo‘lidagi mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik sur’ati ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi oshmoqda. Metallurgiya, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, logistika, qurilish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda muhim kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Joriy yilda qator madaniy-gumanitar tadbirlar, jumladan, yoshlar, turizm va ta’lim forumlari o‘tkaziladi.

Davlat rahbarlari bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.

Posted on Leave a comment

Rossiya Prezidenti O‘zbekiston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabrikladi



24-iyul kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va davlat rahbari sifatidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’atini saqlab qolish, yetakchi korxona va kompaniyalarning sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, ikki mamlakat hududlarining samarali hamkorligini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari bo‘lajak tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston Prezidentlari hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Mo‘g‘uliston Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, farovonlik va katta muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga esa ravnaq tiladi.

Suhbatda joriy yil iyun oyida Mo‘g‘ulistonga amalga oshirilgan tashrif doirasida o‘tgan oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Qabul qilingan «yo‘l xaritasi»ni amalga oshirish, chorvachilik, savdo, transport, sanoat kooperatsiyasi, konchilik sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish, madaniy-gumanitar almashinuv dasturi doirasida rejalashtirilgan tadbirlarni o‘tkazish muhimligi qayd etildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida Tojikiston yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog‘lik, farovonlik va katta muvaffaqiyatlar, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish, eng avvalo, oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro savdo hajmi ortib borayotgani, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, shu jumladan qo‘shma investitsiya kompaniyasi orqali kooperatsiya loyihalari ilgari surilayotgani ta’kidlandi. Chegara oldi savdo markazlarini ochish ustida ish olib borilmoqda. Samarqand va Dushanbe shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar tiklandi. Muhim madaniy dasturlar amalga oshirilmoqda.

Yetakchilar mintaqaviy kun tartibidagi masalalarni, shu jumladan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rishni ham muhokama qildilar.

Posted on Leave a comment

Turkman xalqining milliy yetakchisi davlatimiz rahbarini samimiy tabrikladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Turkmaniston milliy yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash jadal ortib, korxonalar va ishbilarmonlar darajasida kooperatsiya aloqalari chuqurlashib borayotgani, faol madaniy-gumanitar almashinuv davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan fikr almashildi.

Posted on Leave a comment

Byudjet va ijro intizomini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-iyul kuni Hisob palatasining faoliyati hamda ijro tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi “Byudjet mablag‘laridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Hisob palatasining ish uslubi o‘zgardi, uning vakolatlari kengaytirildi. Eskicha tekshiruvlardan voz kechilib, moliyaviy, muvofiqlik, samaradorlik va strategik audit tizimi joriy qilindi.

Endilikda bu palata faqat nazorat qiluvchi emas, balki byudjet intizomiga ko‘maklashuvchi hamkor idoradir. Shu bois asosiy e’tibor moliyaviy intizom buzilishining oldini olish, buning omillarini tahlil qilishga qaratilmoqda.

Masalan, bu yil 6 oyda o‘tkazilgan audit tadbirlari natijasida 5 trillion 600 milliard so‘m samarasiz byudjet xarajatlari qisqartirilgan, byudjetga 5 trillion so‘m qo‘shimcha tushum imkoniyati aniqlangan.

Mamlakatimiz iqtisodiyoti izchil o‘sib bormoqda. Bu, o‘z navbatida, moliyaviy nazorat ko‘lami va ish hajmini ham oshiradi. Buni qamrab olishning samarali yo‘li – raqamlashtirish. Shu maqsadda “Masofaviy audit” axborot tizimi ishga tushirilgan. Hozirgacha u orqali 4 trillion so‘mlik kamchiliklar bartaraf etilgan.

Taqdimotda endi tizimga sun’iy intellektni joriy qilib, kamchiliklarni keltirib chiqarayotgan omillarni bartaraf etish vazifasi qo‘yildi.

O‘tgan yili 12 ta vazirlikda moliyaviy nazorat bo‘yicha tashkil qilingan situatsion markazlarning ko‘rsatkichlari qayd etilib, bu tizim joriy yilda yana 10 ta vazirlik va idoraga kengaytirilishi belgilandi. Shu bilan birga, byudjet tashkilotlarida ichki audit va ichki nazorat tizimlarini takomillashtirib, Hisob palatasi bilan axborot almashuvini kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Prezident farmoniga asosan, davlat auditi xalqaro standartlar darajasiga chiqarilmoqda. Hisob palatasi xodimlari bir yil davomida xalqaro auditorlar bilan birgalikda ishlab, tajriba to‘pladi. Natijada tashqi qarz hisobidan bo‘layotgan loyihalar xalqaro mezonlar asosida auditdan o‘tkazilmoqda. Bunday tartibni loyihalarning ilk bosqichlaridan boshlash muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu yil 16-iyun kuni islohotlar natijadorligi tahlili bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Hisob palatasiga “Xalq nazorati” platformasini barcha hududlarda yo‘lga qo‘yish topshirilgan edi. Taqdimotda mutasaddilar bu borada boshlangan ishlar va zarur chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berdi.

Bu tizim orqali qurilish, infratuzilma, kommunal xizmatlar, energiya ta’minoti, transport, yo‘l, ekologiya kabi sohalardagi muammolar bo‘yicha xabar beriladi. Ularni hal qilish uchun portalga barcha vazirlik, idora va hokimliklar ulanadi.

Hozirgi kunda bu dasturni sun’iy intellekt asosida takomillashtirish, vertikal nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish, koll-markazlar tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga ijro intizomini mustahkamlash, byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish va tejamkorlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Posted on Leave a comment

Jizzax viloyatidagi qo‘shimcha imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi



Mamlakatimizning barcha hududlarida imkoniyatlarni to‘la ishga solish choralari ko‘rilmoqda. O‘tgan yil 31-dekabrda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilinib, zarur masalalar hal etib berilgan edi. Xususan, unda 2025-yilda 2 milliard dollar investitsiya jalb etish, eksportni 285 million dollarga yetkazish, 168 ming odamni ishli qilish chora-tadbirlari belgilangandi.

Bu vazifalar birin-ketin bajarilmoqda. O‘tgan olti oyda Jizzaxda sanoat, servis va qishloq xo‘jaligida 200 ta loyiha ishga tushdi. Viloyatga 662 million dollar investitsiya kirib keldi.

Natijadorlikni yanada oshirish maqsadida Jizzax viloyati Zomin tumanida ham “Islohotlar shtabi” tuzilgan.

Davlatimiz rahbari tashrifi davomida viloyatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Xususan, “yagona darcha” tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi xizmatlarini bitta joyga jamlagan  “Agromarkaz” tashkil etildi. Hosildorlikni oshirishga qaratilgan yangicha yondashuvlar viloyatda oziq-ovqat mahsulotlari sifatiga ijobiy ta’sir etib, aholini ko‘proq daromad topishiga imkon yaratmoqda.

Jizzax viloyati kartoshkachilikni rivojlantirishga zamin qilib olinmoqda. Bugungi kunda Zomin ilmiy tajriba stansiyasida xorijiy va mahalliy seleksiyaga mansub 12 ta nav birlamchi urug‘chiligi yo‘lga qo‘yildi.

Odatda urug‘lik kartoshka yetishtirish 6-7-yilni va 8 ta bosqichni talab qilsa, yangi taklifga ko‘ra, jarayon 4 bosqichga kamaytirilib,  2-yilda tayyorlanadi. Bunda kartoshkaning yangi seleksiya navlaridan 12 tonna yuqori avlod super elita urug‘lik aholi xonadonlariga bepul tarqatiladi.  Natijada 120 tonna elita kartoshka urug‘ligi yetishtiriladi.

Shuningdek, dukkakli ekinlar ekish, Zarbdor tumanidagi kanalda nasos stansiyalari va magistral quvurlar qurish rejalari belgilangan.

Jizzaxning turfa tabiati, tog‘li va cho‘l hududlari yilning to‘rt faslida ham sayohat qilish imkonini beradi. “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi, Zomin aeroporti va yangi yo‘llar bu imkoniyatlarni kengaytirdi. Yirik 6 ta kanal bo‘yida sayilgohlar tashkil qilindi. Endi “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimi qirg‘oq bo‘yida ham zamonaviy turizm markazi barpo etiladi.

– Tumanlarga sanoatni olib kirib, odamlarni ishli qilishga harakat qilyapmiz. Ilgari dasht bo‘lgan joylarda zamonaviy korxonalar paydo bo‘lyapti. Odamlarimiz hunaridan, tomorqasidan ham daromad topayapti. Lekin bu bugungi natija. Yangi avlod yetishib kelyapti, yoshlarimizning bilimi, talabi oshib boryapti. Ularning ishlashi, yaxshi yashashi uchun hozirdan zamin yaratishimiz kerak. Agar imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanilsa, Zomin tumani ishsizlikdan xoli hudud bo‘la oladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumki, Ko‘kdala tumanining yangi markazida san’at saroyi, san’at maktabi, umumta’lim maktabi va sport majmuasi yonma-yon barpo etilmoqda. Davlatimiz rahbari bu bolalarga qulay bo‘lishini ta’kidlab, kelgusi loyihalarda shuni qo‘llash zarurligini aytgan edi. Endi shu tajriba asosida Zomin tumanida ham madaniyat saroyi va san’at maktabi qurilishi rejalashtirilgan. Madaniyat saroyi 300 o‘rinli bo‘lib, tuman markazidagi 45 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatadi. Bu yerda “Zomin sayqali” folklor-etnografik jamoasi, 13 ta to‘garak faoliyat yuritadi.

Mutasaddilarga ushbu rejalar ijrosi, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivoji bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Posted on Leave a comment

Zominning sanoat salohiyati oshmoqda



Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati Zomin tumanida qurilayotgan maishiy texnika zavodini ko‘zdan kechirdi.

Bu yo‘nalish bo‘yicha yurtimizda katta salohiyat bor. Davlatimiz rahbari bu sur’atni davom ettirib, milliy brendlar ostida yangi mahsulotlar ishlab chiqarish, O‘zbekistonni mintaqaviy “elektrotexnika xabi”ga aylantirish vazifasini qo‘ygan.

Zomindagi zavod buning  bir qismi bo‘ladi.

“Navoiy” maxsus sanoat parkining filiali sifatida tashkil etilgan majmua 80 gektarda joylashgan. Loyihaning umumiy qiymati 150 million dollar. Bu yerda kir yuvish  mashinasi, sovutkich, televizor, elektr suv isitkich kabi yiliga 1 million dona maishiy texnika hamda butlovchi qismlar ishlab  chiqariladi. 100 turdagi mahsulotlar natijasida mahalliylashtirish darajasi 70 foizga  yetadi.

Muhimi, yillik ishlab chiqarish hajmi 320 million dollar bo‘ladi. Shundan 140 million dollarlik mahsulot eksportga yo‘naltiriladi. 7 mingdan ziyod aholi ish bilan ta’minlanadi.

Sanoat parkida tayyorlangan mahsulotlar Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston singari 15 dan ortiq mamlakatga eksport qilinadi.

Hozirgi o‘zgaruvchan bozor talablariga tez moslashish uchun zavodning o‘zida qolipxona ham tashkil etiladi. Zamonaviy logistika markazi orqali mahsulotlar xaridorga izchil yetkazib beriladi.

Bundan tashqari, sanoat parkida “Avtosanoat” AJ tarkibidagi korxonalar uchun plastmassa mahsulotlari tayyorlash rejalashtirilgan.

Posted on Leave a comment

Zominda yuqori qiymatli mahsulotlar ko‘payadi



Davlatimiz rahbari Zomin texnoparkida rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Ushbu texnopark 400 gektar maydonda barpo etilmoqda. Birinchi bosqichda 9 loyiha bo‘yicha ishlar boshlangan. Endi ikkinchi bosqich doirasida yana 5 ta loyiha shakllantirilgan.

Jumladan, “Longze Investment Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda xavfsizlik va tibbiyot texnikalari, “Foxit” kompaniyasi bilan noutbuk, planshet, server, router kabi zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, charm va sport poyabzallari, qurilish materiallari, chinni idishlar, kimyo mahsulotlari bo‘yicha loyihalar ko‘zda tutilgan.

Ularning umumiy qiymati 250 million dollar atrofida bo‘lib, yuqori qiymatli tovarlar ishlab chiqariladi. Tayyor mahsulotlarning qariyb 70 foizi tashqi bozorga  yo‘naltiriladi.

Jizzax viloyatida xorijiy investitsiyalar miqdori yil sayin o‘sib bormoqda. 2018-yilda viloyatda bor-yo‘g‘i 18 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu raqam 1 milliard dollardan oshgan. Oxirgi sakkiz yilda viloyatga 3,7 milliard dollar investitsiya kiritilgan,

4 mingdan ziyod sanoat korxonalari ishga tushgan. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 260 tadan oshgan.