Posted on Leave a comment

Zomin texnoparkida ilk korxona ishga tushdi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, Zomin texnoparki maxsus sanoat zonasini borib ko‘rdi.

Bu majmua qurilishini o‘tgan yili 27-iyunda davlatimiz rahbari boshlab bergan edi. 400 gektarda barpo etilayotgan texnoparkda xitoylik investorlar bilan birgalikda 1 milliard 200 million dollarlik 31 ta loyiha amalga oshiriladi.

O‘tgan davrda zarur infratuzilma va inshootlar barpo etildi. Yaqinda ilk korxona – “Xinjiang Honglin Tiandi” kompaniyasi tomonidan qiymati 10 million dollarlik beton mahsulotlari tayyorlash loyihasi ishga tushirildi. 60 kishining bandligi ta’minlandi.

Ayni kunlarda 42 million dollarlik ikkinchi loyiha bo‘yicha ishlar yakuniy bosqichda. Unda “Midea” brendi ostida yiliga 300 ming dona maishiy elektr texnikalari ishlab chiqariladi. 150 ta ish o‘rni ochiladi.

Davlatimiz rahbariga shu va navbatdagi loyihalar haqida axborot berildi.

Birinchi bosqichda maxsus sanoat zonasiga 9 ta loyiha joylashtirilgan. Bugungi kunda qariyb 300 million dollarlik yana 7 ta loyiha bo‘yicha qurilish ishlari davom etmoqda. Ularda qurilish materiallari, konstruksiyalar, elektr texnikasi va kimyo mahsulotlari ishlab chiqariladi, logistika va trening markazi tashkil etiladi.

Umuman, sanoat zonasidagi barcha loyihalar natijasida qariyb 5 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi, 15 turdagi yangi mahsulot o‘zlashtirilib, 70 million dollarlik eksport salohiyati yaratiladi. Eng muhimi, 5 mingdan ortiq fuqaro ishli bo‘ladi.

Prezident investorlarga ko‘maklashib, loyihalarni tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Sanoat sohalariga mos mutaxassislar tayyorlash, yoshlar bandligini ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Posted on Leave a comment

Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi majlisi doirasida erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

2025-yil 11-iyun kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisi doirasida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida qaror qilaman:

I. Ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni tizimli amalga oshirish

1. Quyidagilar:

(a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;

(b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi O‘zbekiston tomonining yangilangan tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

(i) Bunda Xorijiy investorlar kengashi (keyingi o‘rinlarda – Kengash)ga uning huzurida yo‘nalishlar bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil qilish hamda ularning tarkibiga vazirlik va idoralar rahbarlari (xodimlari)ni jalb qilish huquqi berilsin.

II. Kengash kotibiyati va ishchi guruhlar faoliyatini takomillashtirish

2. Kengash a’zolari va xalqaro moliya institutlarining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

(a) Kengash kotibiyatini nodavlat notijorat tashkilot sifatida tashkil etish hamda uning a’zoligiga xalqaro moliya institutlarini ham jalb qilish;

(b) Kengash kotibiyati tomonidan xorijiy investorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlash orqali mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiya mablag‘larini jalb qilishga ko‘maklashish;

(v) Kengashning davlat organlari va tashkilotlari bilan bog‘liq faoliyatini Kengash kotibiyati tomonidan muvofiqlashtirish, shuningdek, Kengash majlislarida muhokama qilinadigan masalalar bo‘yicha mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari bilan maslahatlashuvlarni tashkil etish;

(g) Kengash kotibiyati hamda ishchi guruhlarning faoliyati natijalari haqida har chorak yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borish.

3. Quyidagilar Ishchi guruhlarning vazifalari etib belgilansin:

(a) har oyda Kengash kotibiyati bilan hamkorlikda mazkur qarorga 1-ilovada keltirilgan harakatlar rejasi doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan muhokamalar o‘tkazib borish;

(b) investitsiya muhitini yaxshilash yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish.

III. “Yagona investitsiya platformasi” axborot tizimini joriy qilish

4. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ustav fondi (ustav kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlar rahbarlari:

(a) “Yagona investitsiya platformasi” axborot tizimi bilan integratsiya qilinadigan axborot tizimlari ro‘yxatiga asosan integratsiya qilish ishlarini grafikka muvofiq yakunlashga;

(b) “Yagona investitsiya platformasi” axborot tizimiga manzilli va istiqbolli loyihalarni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tasdiqlangan shaklga muvofiq kiritishga shaxsan mas’ul va javobgar etib belgilansin.

5. Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Xodjayev bir hafta muddatda aniq muddat va mas’ullarni belgilagan holda davlat xizmatlari ko‘rsatiladigan axborot tizimlarini “Yagona investitsiya platformasi” axborot tizimi bilan integratsiya qilish mexanizmlari va grafigini tasdiqlasin.

IV. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat

6. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari mazkur qarorga 1-ilovadagi harakatlar rejasida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning belgilangan muddatlarda samarali, so‘zsiz, sifatli va to‘liq hajmda amalga oshirilishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vakili A.Yu. Magrupov, Bosh vazir o‘rinbosarlari J.A. Xodjayev, J.A. Qo‘chqorov hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi:

(a) Kengashning uchinchi yalpi majlisi davomida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan muntazam va tizimli monitoring hamda qat’iy nazorat olib borsin;

(b) ushbu qarorga 1-ilovada keltirilgan harakatlar rejacining so‘zsiz ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirsin, har chorak yakunida hisobotlarini tanqidiy muhokama qilib borsin, shuningdek, chora-tadbirlarning ijrosiga to‘sqinlik qiluvchi salbiy omillarni bartaraf etish choralarini ko‘rsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

Mo‘g‘ulistonga oliy darajadagi tashrif davomida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 24–25-iyun kunlari Mo‘g‘ulistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar doirasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida 2025–2026-yillarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning asosiy ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilansin:

(a) Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga 100 ming bosh mayda shoxli mollarni olib kelish va ularni mahalliy sharoitda naslchilik-seleksiya ishlari yordamida ko‘paytirish orqali ularning sonini 2029-yil yakuniga qadar 1 mln boshga yetkazish;

(b) bosqichma-bosqich jun va kashemirni qayta ishlash hamda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;

(v) meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarining Mo‘g‘ulistonga eksport hajmini har yili oshirib borib, 10 barobarga ko‘paytirish choralarini ko‘rish;

(g) O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida tajriba almashish va mutaxassislar malakasini oshirishni yo‘lga qo‘yish.

II. Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni import qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash

2. Belgilansinki, 2025-yil 1 avgustdan 2027-yil 31-dekabrga qadar Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga import qilishda tadbirkorlik subyektlariga:

(a) havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizi Davlat budjeti hisobidan kompensatsiya qilinadi. Bunda ushbu kichik bandda nazarda tutilgan xarajatlar uchun talab etiladigan mablag‘lar Davlat budjeti parametrlarida Qishloq xo‘jaligi vazirligiga chorvachilik xo‘jaliklari tomonidan xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echki, ona baliq va jo‘jalarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplab berish uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi;

(b) qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash muddatini foizlar hisoblanmagan holda to‘lov ta’minotisiz kechiktirib to‘lash imkoniyati beriladi.

3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqa xarajatlarni qayta ko‘rib chiqish hisobidan 2027-yil uchun Davlat budjeti parametrlarida ushbu qarorning 2-bandi “b” kichik bandida ko‘rsatilgan to‘lovlarni qoplab berish bo‘yicha xarajatlarni nazarda tutsin.

4. Markaziy bank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga import qilishda quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

(a) chorvachilik yo‘nalishida jalb qilingan xalqaro moliya institutlarining kredit mablag‘larini tadbirkorlik subyektlariga yillik 10 foiz stavkada (shundan 3 foiz bank marjasi) 5 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan ajratish. Bunda tijorat banklarining mazkur kichik bandda nazarda tutilgan kreditlarni imtiyozli shartlarda ajratish bilan bog‘liq xarajatlari Davlat budjetiga to‘lanadigan dividendlarini mos ravishda kamaytirish hisobiga qoplanadi;

(b) tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan kredit mablag‘lari uchun sug‘urta mexanizmidan foydalangan holda mol-mulk garov ta’minotini 50 foizgacha etib belgilash.

5. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga (keyingi o‘rinlarda – Veterinariya qo‘mitasi) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimlarining kafilligi asosida bir oy muddatda qaytarish sharti bilan Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tadbirkorlik subyektlariga Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni yetkazib berishda moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish huquqi berilsin.

6. Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga import qilinadigan mayda shoxli mollarning hududlar kesimidagi taqsimoti 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. Buxoro, Jizzax, Namangan, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari hokimlari bir hafta muddatda mayda shoxli mollarni parvarishlash uchun ozuqa yeri, chorvachilik majmuasi va mutaxassisi (veterinar) mavjud bo‘lgan tadbirkorlar ro‘yxatini shakllantirib, Veterinariya qo‘mitasiga taqdim etsin.

8. Belgilab qo‘yilsinki, Yaylov yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish va ularni muhofaza qilish, qorako‘lchilik, teri va jun sanoati sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasi qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo yaylov xo‘jaliklari balansidagi yerlar Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga kamida 1 000 bosh import qilgan tadbirkorlik subyektlariga quyidagi shartlar asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga beriladi:

(a) naslchilik va seleksiya ishlarini rivojlantirish orqali import qilingan mayda shoxli mollarning bosh sonini ko‘paytirib borish;

(b) yaylovlarda ozuqabop o‘simlik turlaridan bo‘lgan izen, teresken, quyrovuq, kamforosma, cho‘g‘on, erkak o‘t, oq (qora) saksovul ekilishini tashkil qilish.

III. Mo‘g‘ulistonga meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish ishlarini tashkillashtirish

9. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda 2025–2026-yillarda:

(a) Mo‘g‘ulistonning yirik savdo markazlarida “O‘zbekiston mahsulotlari” yarmarkasini tashkil etsin hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini O‘zbekistondan eksport qilib, kelgusida boshqa davlatlarga reeksportni amalga oshirsin;

(b) Ulan-Bator shahridagi yirik savdo maydonlarida O‘zbekiston mahsulotlari stendini tashkil etib borsin;

(v) O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston savdo uyini tashkil etsin;

(g) Mo‘g‘ulistonning importchi korxonalari vakillaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etgan holda biznes uchrashuvlar o‘tkazsin.

IV. Mayin jundan aralash ip va mato ishlab chiqarishni tashkil etish

10. Savdo-sanoat palatasi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va Qishloq xo‘jaligi vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

(a) 2025-yil yakuniga qadar O‘zbekiston to‘qimachilik fabrikalarida dastlabki bosqichda sinov tariqasida aralash ip va mato ishlab chiqarish uchun Mo‘g‘ulistondan “O‘zsanoateksport” AJ orqali markazlashgan holda mayin jun va kashemir olib kelish. Bunda “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ ushbu maqsadlar uchun “O‘zsanoateksport” AJga uning buyurtmanomasiga asosan belgilangan tartibda mablag‘ ajratadi;

(b) 2026-yil yakuniga qadar Mo‘g‘ulistondan import qilingan mayda shoxli mollardan olinadigan junni qayta ishlash bo‘yicha mahalliy mutaxassislarning Mo‘g‘ulistonning kashemir ishlab chiqarish va to‘qimachilik korxonalarida malakasini oshirgan holda junni qayta ishlash korxonasini tashkil etish.

V. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida tajriba almashish va mutaxassislar malakasini oshirishni yo‘lga qo‘yish

11. Agrosanoatni rivojlantirish agentligi 2026-yil yakuniga qadar Mo‘g‘ulistonga sovuqqa chidamli va serhosil 10 ming dona meva ko‘chatlarini tomchilatib sug‘orish texnologiyalari bilan birga yetkazsin hamda 15 gektar yer maydonida zamonaviy sanoatlashgan intensiv bog‘ tashkil etishga ko‘maklashsin. Bunda meva ko‘chatlari va tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini sotib olib, uni Mo‘g‘ulistonga yetkazish xarajatlarini qoplash Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Agrosanoatni rivojlantirish agentligi huzuridagi “Agrosanoat innovatorlari” MCHJ tomonidan amalga oshiriladi.

12. Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universiteti va Mo‘g‘uliston tabiiy fanlar universiteti o‘rtasida magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etilishini ta’minlasin.

VI. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat

13. Bosh vazir o‘rinbosarlari J. Qo‘chqorov va J. Xodjayev ikki oy muddatda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida erishilgan kelishuvlar va loyihalarni moliyalashtirish hamda tadbirkorlik subyektlarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash maqsadida Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasiga 50 mln AQSH dollari hamda Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasiga 50 mln AQSH dollari ekvivalentida 2030-yil 31-dekabrga qadar qaytarish sharti bilan past foizli mablag‘ jalb qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin.

14. Vazirlar Mahkamasi (Xodjayev) ikki hafta muddatda mazkur qarorning 2 va 4-bandlariga muvofiq quyidagilarni tasdiqlasin:

(a) havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizini Davlat budjeti hisobidan kompensatsiya qilish bo‘yicha vaqtinchalik tartibni;

(b) Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tadbirkorlik subyektlariga Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni olib kelish uchun moliyaviy ko‘mak berish bo‘yicha vaqtinchalik tartibni.

15. Transport vazirligi o‘n kun muddatda:

(a) Veterinariya qo‘mitasi bilan birgalikda mayda shoxli mollarni Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga havo transporti orqali olib kelish;

(b) O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini O‘zbekistondan Mo‘g‘ulistonga havo transporti orqali eksport qilishni tashkil etish choralarini ko‘rsin.

16. Veterinariya qo‘mitasi bir hafta muddatda Mo‘g‘ulistondan import qilinadigan mayda shoxli mollar nasli, vazni va yoshi bo‘yicha talablarni ishlab chiqib, hududlar va tadbirkorlarga yetkazsin.

17. 2025–2026-yillarda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

18. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib quyidagilar belgilansin:

(a) qishloq xo‘jaligi vaziri I. Abdurahmonov – Mo‘g‘ulistonda sabzavot va poliz ekinlarini yetishtirish hamda agrar sohada ilmiy hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yishga;

(b) qishloq xo‘jaligi vaziri I. Abdurahmonov va Veterinariya qo‘mitasi raisi B. Norqobilov – Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga import qilinadigan mayda shoxli mollarni olib kelish havo transporti xarajatining bir qismini qoplab berishga;

(v) Veterinariya qo‘mitasi raisi B. Norqobilov:

(i) Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga import qilish hamda naslchilik va seleksiya ishlarini rivojlantirish orqali ularning sonini mahalliy sharoitga moslashtirgan holda 2029-yil yakuniga qadar 1 mln boshga yetkazish;

(ii) Mo‘g‘ulistondan olib kelinadigan mayda shoxli mollarni mahalliy sharoitga moslashtirish, ularni ko‘paytirish bo‘yicha choralarning natijadorligi, taqdim etilgan imtiyozlarning samaradorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har oy yakuni bilan hisobot kiritib borishga;

(g) O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori I. Ergashev – Mo‘g‘ulistonga meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini keskin oshirishga;

(d) Savdo-sanoat palatasi raisi D. Vaxobov – Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga import qilinadigan mayda shoxli mollarning junini qayta ishlashga.

19. Qaror ijrosi uchun mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 

Sh. Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

Chilonzorda sanoat salohiyati oshmoqda



Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi sanoat hududida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.

Mazkur hudud Beshqo‘rg‘on va Tirsakobod mahallalari hududida joylashgan bo‘lib, 320 gektar maydonni egallagan. Kichik sanoat zonasi maqomidagi ushbu majmua Prezidentning 2023-yil 3-iyuldagi qarori asosida tashkil etilgan. Unga muvofiq, transport, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasining yaxshilangani sanoat va tadbirkorlik rivojiga zamin yaratdi.

Bu yerda xalqaro standartlarga muvofiq energiya tejamkor, ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlari barpo etildi. Hozirgi kunda bunday korxonalar soni 531 taga yetdi. Ularda yaratilgan ish o‘rinlari soni esa 20 mingtaga yaqinlashdi. Yillik ishlab chiqarish salohiyati ham kam emas – 6 trillion 800 million so‘m. Joriy yilda hududdagi 50 ta korxonada 180 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. Ilgari Chilonzorda hech qachon bunday ko‘rsatkichlar bo‘lmagan.

Davlatimiz rahbari ushbu hududdagi “Tarleplast” korxonasida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Ushbu loyihaning umumiy qiymati 25 million dollar. Korxonaga Yevropaning yetakchi kompaniyalaridan 12 turdagi zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Natijada bu yerda yiliga 90 ming tonna temir quvur va po‘lat profillar ishlab chiqarish imkoni yaratildi. Bu mahsulotlarni pulga chaqqanda 900 milliard so‘m degani. Korxonada 120 ga yaqin kishi doimiy ish bilan ta’minlandi.

Ahamiyatlisi, yuqori bosimga va tashqi ta’sirlarga chidamli quvurlar turi, hajmi va narxi bo‘yicha raqobatbardosh. Buning tasdig‘ini o‘tgan yili 4 million dollarlik mahsulot Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi mamlakatlarga eksport qilinganida ham ko‘rish mumkin. Endi sotuv geografiyasi yanada kengaytirish mo‘ljallangan.

Davlatimiz rahbari mazkur industrial hududda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi. Yaqin istiqboldagi sanaot loyihalari taqdimot qilindi.

Jumladan, ko‘p qavatli ishlab chiqarish binosi va monomarkaz tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Buning natijasida hududda yana 100 ta yangi loyiha amalga oshiriladi, qo‘shimcha 3 mingta ish o‘rni yaratiladi. Loyihalar qurilish, farmatsevtika, elektrotexnika, poligrafiya avtomobilsozlik, tikuv-trikotaj va qandolatchilik kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.

Prezidentimiz tadbirkorlar bilan suhbatlashdi. Qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlash, ish o‘rinlarini ko‘paytirish hamda xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Posted on Leave a comment

Shayxontohurda xizmat sohalari drayver bo‘ladi



Davlatimiz rahbari Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi Yangi Kamolon mahallasida bo‘ldi.

Mamlakatimizdagi islohotlar “nafasi” har bir hududga kirib boryapti. Aholi bandligi va turmush madaniyatiga qaratilayotgan e’tibor ushbu mahallada ham namoyon. Ko‘p qavatli uylar, do‘konlar, fuqarolar yig‘ini binosi zamonaviy qiyofaga ega. Ichki yo‘llar tekislanib, atrofi ko‘kalamzorlashtirilgan. So‘lim sayilgoh va piyodalar yo‘lagi, nuroniylar oromgohi, sport va bolalar maydonchalari barpo etilgan.

Yangi Kamolon mahallasida 4 ming 600 nafardan ziyod aholi yashaydi. 60 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida mahalla yoshlari ish bilan band. Bu yil hunarmandlar maskani, dala mahsulotlari va qandolatchilik do‘konlari, novvoyxona tashkil etildi, xususiy tibbiyot punkti ochildi. Natijada mahalla ishsizlikdan xoli hududga aylandi.

Shu yerda Shayxontohur tumani “Islohotlar shtabi” faoliyati to‘g‘risida axborot berildi.

– Shayxontohurda hunarmandchilik azaldan bo‘lgan. Bugun ham tumanda odamlarni ish bilan, daromad bilan ta’minlashda bu katta manba. Shuning uchun Shayxontohur misolida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar rejasini qabul qilamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Aholi xavfsizligini ta’minlash, jinoyatlarning oldini olish maqsadida mahalla inspektori xonasida situatsion markaz tashkil etilgan. Unga ko‘p qavatli uylarning yo‘laklaridagi kuzatuv kameralari va ichki ishlar tizimining xavfsizlik dasturlari bog‘langan. Bu yil mahallada bironta ham jinoyat bo‘lmagan.

“Yangi Kamolon” boshqaruv servis kompaniyasi mahalladagi 21 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi. Ustalar va maxsus texnikalar doim shay holatda. Hisob-kitoblarda billing tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu yil markaziy issiqlik quvurlari izolyatsiya qilindi, elektr tarmoqlari va uylarning yo‘laklari ta’mirlandi. Ayrim uylarga yangi liftlar o‘rnatildi.

Davlatimiz rahbari kelgusida boshqaruv servis kompaniyasi binolarini ko‘p qavatli qilib qurib, yoshlar uchun kasb-hunar o‘quvlari, maishiy xizmat shoxobchalarini joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu yerdagidek kichik kutubxonalarni boshqa mahallalarda ham tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

Mahalla ayvonida aholi bilan samimiy suhbat bo‘ldi.

– So‘nggi yillarda ko‘p korxonalar ochildi, iqtisodiyot o‘syapti. Shu bilan birga, yoshlarimiz ham yetishib kelyapti. Ularning ta’lim-tarbiyasi, sog‘ligi, ish o‘rinlarini hozirdan o‘ylashimiz kerak. Shuning uchun bu yil Toshkent shahriga 8 milliard dollar investitsiya olib kelyapmiz. Buning hisobidan Shayxontohurda ham yangi-yangi ish joylari, ta’lim maskanlari, infratuzilma inshootlari bo‘ladi, – dedi Prezident.

Nuroniy otaxon va onaxonlar yurtimizdagi o‘zgarishlardan xursandligini ta’kidlab, xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qildi.

Posted on Leave a comment

Toshkent qiyofasini yaxshilash rejalari taqdimot qilindi



Davlatimiz rahbari Toshkent va Yangi Toshkent shahri uchun “yechimlar atlasi” taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizning iqtisodiy rivoji poytaxtimiz qiyofasida yaqqol namoyon. Barcha tumanlar va shahar atrofida bunyodkorlik sur’ati jadal. So‘nggi yillarda Yangi Toshkent qurilishi ham boshlanib, bir butun megapolisga aylanmoqda.

Hududni muvozanatli rivojlantirish maqsadida Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasi qabul qilindi. Unda shaharning qurilish rejalari, muhandislik va yo‘l-transport infratuzilmasi, muhofaza hududlari bo‘yicha asosiy ko‘rsatkichlar belgilangan.

“Yechimlar atlasi” ushbu Bosh rejaning mantiqiy davomi bo‘lib, unda shaharning tashqi qiyofasi, ko‘chalar muhiti bo‘yicha umumiy talablar qayd etilgan. Bu katalog-ma’lumotnoma qurilmalarni loyihalashtirish, o‘rnatish va ulardan foydalanish qoidalarini qamrab olgan beshta kitobdan iborat. Har bir qismda jamoat joylarini tashkillashtirish va obodonlashtirish, binolarning tashqi qismini yagona me’moriy qiyofaga keltirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

Masalan, hozirgi standart bo‘yicha yo‘llarni qurish va ta’mirlash qatnov qismining “qizil chizig‘i”gacha bajariladi. Rivojlangan shaharlar tajribasida bu ko‘chaning ikki tarafidagi binodan binogacha tamoyilida amalga oshiriladi. Shunda oraliqda qarovsiz joy qolmay, yo‘l bo‘yi yaxlit va mutanosib obodonlashtiriladi.

Atlas shahar muhitini loyihalashda barqaror rivojlanish maqsadlarini hamda milliy koloritni tatbiq etishga xizmat qiladi. Uyg‘un va ekologik toza maskanlarni yaratishga ko‘maklashib, aholining hayot sifatini yaxshilaydi. Ochiq jamoat joylarini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalarda xatolarga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi.

Taqdimotda ushbu talablarning mazmun-mohiyati va undan kelib chiqadigan vazifalar ko‘rib chiqildi. Shaharning o‘ziga xosligini saqlagan holda qiyofasini yanada yaxshilash, yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirish, turmush madaniyatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar  berildi.

Posted on Leave a comment

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 9-iyul kuni yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, infratuzilmasini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Hududlarda bu borada muayyan ishlar qilinmoqda. So‘nggi yillarda yo‘l qurilishi va ta’mirlashga 61 trillion so‘m ajratilgan. Bu – 2017-yilgacha berilgan mablag‘lardan 3,5 barobar ko‘p.

Onlayn murojaat tizimi ishga tushib, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalariga keladiganlar 50 foizga kamaydi. Sohadagi 3 ming 365 nafar xodim elektron planshet va bodikamera bilan ta’minlandi. Qoidabuzarliklarni sun’iy intellekt asosida saralash va qaror chiqarish amaliyoti joriy qilindi. Shaharlarda jamoat transporti uchun maxsus yo‘laklar ajratildi.

O‘tgan oyda ham haydovchilarga qator yengilliklar joriy etildi. Jumladan, birinchi marta huquqbuzarlik qilganlarni jazolash emas, ogohlantirish yo‘lga qo‘yildi. Yo‘l chiziqlarini bosish holatlarini kamera orqali fiksatsiya qilish bekor qilindi. Jamoat transporti uchun mo‘ljallangan qatorlarda kechqurun boshqa haydovchilar ham yurishiga ruxsat berildi. Shaharlarda yo‘llarni kunduzi ta’mirlash taqiqlandi. Radar bor joyda yo‘l belgisini o‘rnatish majburiy bo‘ldi.

Lekin sohada hali dolzarb masalalar ko‘p. Birinchi navbatda yo‘l-transport hodisalari. O‘tgan yili 9 ming 364 ta shunday hodisa sodir bo‘lgan. Ularda qariyb 9 ming fuqaro jarohat olgan. Eng achinarlisi, 2 ming 203 nafar odam halok bo‘lgan.

– Har to‘rtinchi avariyada bir kishi yoki kuniga o‘rtacha olti kishi vafot etayotgani barchani qattiq tashvishga solishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Harakat xavfsizligi, eng avvalo, yo‘llarning holati va qulayligiga bog‘liq. Ko‘plab tumanlarda yo‘l infratuzilmasi yaxshilanib, avtohalokatlar ehtimoli kamaytirilgan. Lekin 20 ta hududda yo‘l-transport hodisalari soni yuqoriligicha qolmoqda. Umuman, yurtimizda bunday hodisalar oqibatidagi zarar yalpi ichki mahsulotga nisbatan o‘rtacha 0,4 foizni tashkil qilayapti.

Shu bois yig‘ilishda “Xavfsiz yo‘l” milliy dasturi boshlanishi ma’lum qilindi. Buning uchun “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi faoliyati qayta tashkil qilinib, hukumat bo‘ysunuviga o‘tkaziladi. Bu yil unga barcha manbalar hisobidan 400 milliard so‘m tushishi hisob-kitob qilingan.

Shuningdek, har bir viloyatda jamg‘armaning alohida hisob raqami bo‘ladi. Ichki ishlar tizimidagi yo‘l belgilari va svetofor o‘rnatish, yo‘l chiziqlari chizishga mas’ul korxonalar ham viloyat tasarrufiga o‘tkaziladi.

Jamg‘armaning faoliyati shaffof bo‘ladi, unga viloyat YHXB va yo‘l boshqarmasi boshliqlari, jamoatchilik vakillari kiradi. Jamg‘arma mablag‘lari, birinchi navbatda, avariya o‘choqlari bo‘lgan xavfli joylarni tartibga olishga yo‘naltiriladi. Bu ishlar hozirda xavfli bo‘lib qolayotgan 175 kilometr uzunlikdagi 23 ta magistral yo‘l uchastkasidan boshlanadi.

Barcha tumanlarda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha alohida jamg‘armalar ham tashkil qilingan. Endi yo‘llar bo‘yicha aholi fikrini o‘rganadigan elektron portal ishga tushiriladi. Odamlar u orqali qayerga belgi, piyoda yo‘lagi va svetofor kerakligi haqida ovoz berishi mumkin bo‘ladi. Yakunda portalga qilingan ishlarning video va fotolari ham qo‘yiladi, buni aholi baholaydi.

Bu imkoniyatlardan foydalanib, yo‘llarda harakatni yaxshilab, og‘ir halokatlarni keskin kamaytirish vazifasi belgilandi.

Yana bir muammo – hozirda avtomobil yo‘llarida 1 ming 200 dan ortiq qayrilib olish joyi bo‘lsa, shundan faqatgina 146 tasida yer osti va yer ustidan qayrilish mumkin. 10 mingdan ziyod piyoda o‘tish joylarining atigi 154 tasida shunday qulaylik bor.

Shu bois Transport vazirligiga Jahon banki ishtirokida Toshkent – Samarqand – Termiz, Toshkent – vodiy hamda Samarqand – Buxoro yo‘nalishidagi xalqaro yo‘llarni xavfsizlik talablariga mosligini diagnostika qilish topshirildi. Ushbu tahlillar asosida, yo‘llarda qayrilib olish hamda piyodalar o‘tishini xavfsiz qilish, belgilar va chiziqlarni qulaylashtirish loyihalari ishlab chiqiladi.

Yurtimizda shaharlararo jamoat transporti tizimli yo‘lga qo‘yilmagan. Avtobuslar jadval vaqti bo‘yicha emas, balki 40-50 ta yo‘lovchi to‘lganda yurishga o‘rgangan.

Shu bois yig‘ilishda o‘rta va uzoq masofaga qatnaydigan jamoat transportini rivojlantirish choralari belgilandi. Bunda Toshkent shahri va viloyatlararo qatnov bo‘yicha alohida yondashuv bo‘ladi.

Birinchidan, poytaxt jamoat transporti yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tib, Toshkent viloyatining barcha tutash hududlarini qamrab oladi. Buning uchun hozirda poytaxt chekkasigacha kelayotgan 20 ta avtobus yo‘nalishi 15-20 kilometrga uzaytiriladi, yana yangi 6 ta marshrut qo‘shiladi. Sentyabrgacha poytaxtga 200 ta, keyingi yili yana mingta avtobus olib kelinadi. Buning natijasida Toshkent shahriga 25 mingta yengil mashina qatnovi kamayishi kutilmoqda.

Ikkinchidan, shaharlar va viloyatlararo jamoat transporti qatnovlari yaxshilanadi. Bu yo‘nalishdagi avtobus va mikroavtobuslar uchun yo‘lovchi boshiga subsidiya beriladi. Avtobuslar uchun utilizatsiya yig‘imidan imtiyoz yana uch yilga uzaytiriladi va bu mikroavtobuslarga ham tatbiq etiladi. Turistik avtobus va mikroavtobuslar uchun bojxona bojidan imtiyoz uch yil davomida jamoat transporti uchun ham qo‘llanadi.

Ma’lumki, tirbandlikning sabablaridan biri – avtomobil to‘xtash joylarining yetishmasligi. Oqibatda Toshkentda ham, boshqa yirik shaharlarda ham haydovchilar mashinasini yo‘l bo‘yiga qo‘yishga majbur. Ayrim vazirlik va idoralar, hokimliklar binosi joylashgan ko‘chalar yopib qo‘yilgan.

Mutasaddilarga bunday holatlarga chek qo‘yib, barcha tashkilot va mahalla ko‘chalaridagi asossiz qo‘yilgan taqiqlovchi belgilarni olib tashlashga ko‘rsatma berildi.

Transport vazirligiga haydovchilar bilan muloqot qilish, ularning muammolarini o‘rganish bo‘yicha elektron platforma tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Yo‘llarda haydovchilik madaniyatini oshirish ham jud dolzarb masala. O‘tgan yili qariyb 20 millionta qo‘pol qoidabuzarlik sodir etilgan. Ayrim haydovchilarda bu surunkali tus olgan.

Endi bunday ashaddiy huquqbuzarlarga qonun kuchini ko‘rsatish maqsadida “Surunkali qoidabuzarlar” dasturi ishga tushiriladi. Qarama-qarshi tomonga harakatlanish, qizil chiroqda o‘tish yoki tezlikni oshirish kabi qoidabuzarliklarni takroran qilganlar uchun bir yilgacha jarimadan chegirma berilmaydi. Bunday huquqbuzarliklar bir oy ichida 10 tadan ko‘p bo‘lsa, olti oygacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi. Me’yordan 2-3 karra tez yurganlar haydovchilik huquqidan mahrum qilishgacha jazolanishi mumkin.

Ayrim hollarda qoidabuzarlik uchun oradan bir necha oy o‘tgach jarima qo‘llash qarori chiqarilayotgani tushunmovchilik va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Endilikda qoidabuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir oyda qaror chiqmasa, haydovchi hech qanday jarima to‘lamasligi belgilandi.

Haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha yangi tizim samara bera boshladi. Lekin piyodalar, ayniqsa, yoshlarning bu boradagi bilim va intizomini oshirish zarur. Shu maqsadda maktab va bog‘chalarda harakat xavfsizligi bo‘yicha dasturlar yangilanadi. “Yashil chiroq” musobaqalari qayta tiklanib, respublika g‘oliblariga Prezident sovg‘asi beriladi. Yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha video va animatsion kontentlar yaratiladi.

Yig‘ilishda belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarning axboroti eshitildi.

Posted on Leave a comment

Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish chora-tadbirlari haqida axborot berildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-iyul kuni mahallada jinoyatchilikni jilovlash va qonun ustuvorligini ta’minlash chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining yil boshidagi birinchi qarori shu masalaga qaratilgan edi. 3-yanvarda imzolangan mazkur qarorda soha idoralari uchun 2025-yilda har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ustuvor vazifa etib belgilangandi hamda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarga mas’ul rahbarlar nomma-nom biriktirildi.

O‘tgan olti oyda har bir viloyat, tuman va mahalla bo‘yicha manzilli “yo‘l xaritalari” asosida ijtimoiy profilaktikaning samarali tizimi yo‘lga qo‘yildi, jamoat joylarini raqamlashtirish qamrovi oshirildi, huquq-tartibot oliygohlari tomonidan ilmiy-amaliy o‘rganishlar o‘tkazildi. Alohida e’tibor voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayollar va oila-turmush munosabatlari doirasidagi jinoyatchilikni jilovlashga qaratildi. Buning natijasida 5 ming 200 ta mahallada birorta ham jinoyat bo‘lmadi.

Lekin bu borada kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar hali ham bor. Profilaktika inspektorlari, tezkor-qidiruv, patrul-post va qo‘riqlash xizmati faoliyatini kuchaytirib, aholi xavfsizligini joylarda ta’minlash shartligi qayd etildi. Butun tizimni pastga tushirib, har bir mahallani “jinoyatchilikdan xoli hudud”ga aylantirish zarurligi ta’kidlandi.

Aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida giyohvandlik holatlari ko‘p uchrab turibdi. Bunga qarshi kurashilayotgan, zararli vositalar va laboratoriyalar yo‘q qilinayotgan bo‘lsa-da, muammo to‘la bartaraf bo‘lmagan. Shu bois videokuzatuv kameralari va sun’iy intellektni qo‘llab, giyohvandlik moddalari tarqalishini aniqlash, manbasini tag-tomiri bilan yo‘q qilish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bugungi kundagi yana bir dolzarb muammo – kiberjinoyatchilik. Yurtimizda yil boshidan buyon sodir etilgan jinoyatlarning 42 foizini shu “illat” tashkil qilgan.

Shu jihatdan, O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 30-aprelda imzolangan “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori dolzarb ahamiyatga ega bo‘ldi. Undagi vazifalarni to‘la amalga oshirib, kiberjinoyatlarning oldini olish, aholining bu boradagi bilimi va ogohligini kuchaytirish, to‘lov tizimlarida mijozlarining manfaati va moliyaviy xavfsizligini ta’minlash zarurligi aytildi.

Soha xodimlarining bilim va malakasini oshirish – zamon talabi. Shu bois Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi faoliyatini takomillashtirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, unga qabul kvotasini bosqichma-bosqich oshirish, yangi yo‘nalishlar ochish va dual ta’limni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

Davlatimiz rahbari ta’lim va malaka dasturlarini zamonaviy xavf-xatarlarga moslashtirish, xodimlarning jangovar va ruhiy shayligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Ichki ishlar tizimi prokuratura va boshqa huquq-tartibot idoralari bilan uzviy ish olib bormoqda. Xususan, respublikadagi kriminogen vaziyat kundalik tahlil qilinib, manzilli nazorat tadbirlari o‘tkazilyapti. Har bir jinoyatning sabablari o‘rganilib, qayta takrorlanmasligi choralari ko‘rilmoqda. Muqaddam sudlangan yoki ma’muriy nazoratdagi insonlarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashilmoqda.

Huquq-tartibot idoralari ishining o‘zaro muvofiqligi va tezkorligi kuchaytirib, qonunbuzilishlarning asl omillarini o‘z vaqtida aniqlash, jinoyatchilikni keskin kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi. Mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik va qonun ustuvorligi iqtisodiyot rivoji, aholi farovonligining muhim sharti ekani ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar



8-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Oliy darajada, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarini oshirish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish, hududlar darajasidagi samarali aloqalarni, faol madaniy-gumanitar va ta’lim almashinuvini kengaytirish maqsadida o‘zaro muvofiqlashgan ishlar va amaliy idoralararo hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Shu ma’noda, joriy yilning kuzida o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining ikkinchi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uning natijadorligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Davlat rahbarlari xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Qatar yetakchilari ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-iyul kuni Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan telefon orqali muloqot qildi.

O‘zbekiston-Qatar strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali amayliy hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Suhbat avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qatar Amirining Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi faol sa’y-harakatlarini yuksak baholadi.

Keyingi paytlarda jadal tus olgan ikki tomonlama muloqot va almashinuvlar samarali bo‘layotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiya ko‘rsatkichlari faol o‘smoqda, sanoat kooperatsiya va infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalar texnik jihatdan tayyorlanmoqda va amalga oshirilmoqda.

Shu ma’noda, bo‘lajak yuqori darajadagi tadbirlar, shu jumladan tashqi ishlar vazirlari raisligidagi Muvofiqlashtiruvchi kengashning birinchi uchrashuvi, Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari va biznes forumi natijador bo‘lishiga muhim e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston va Qatar yetakchilari oliy darajadagi tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.