Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti davlat tashrifi bilan Ozarbayjonda bo‘ladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 2-4-iyul kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, 2-3-iyul kunlari Boku shahrida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi va boshqa oliy darajadagi tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida kooperatsiya va almashinuvlarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekiston Prezidenti 4-iyul kuni Xonkendi shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 17-sammitida ishtirok etadi va qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

Posted on Leave a comment

Raqamli texnologiyalar sohasidagi rejalar taqdimot qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-iyul kuni raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va telekommunikatsiya sohalaridagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda raqamli texnologiyalar rivoji uchun yaratilgan keng imkoniyatlar katta natijalar olib keldi. IT-park rezidentlari 2 ming 800 dan oshdi, xorijiy kompaniyalar 752 taga yetdi. Bu sohada 40 ming nafar yoshlar yuqori daromad topayapti.

Oxirgi 5-yilda soha eksporti 170 million dollardan 1 milliard dollarga yaqinlashdi. Internet tezligi 7 barobar, mobil internet esa 4,5 barobar oshdi. O‘tgan yili sohadagi startaplarga 70 million dollar venchur investitsiya kiritildi.

Bularning natijasida “Global startaplar indeksi” reytingida O‘zbekiston 12 pog‘ona yuqorilab, “TOP-100”likka kirdi. O‘tgan yili “Sun’iy intellektga tayyorlik” xalqaro indeksida yurtimiz 17 pog‘ona ko‘tarilib, Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi.

Bunday ishlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, kelgusi yilda davlat xizmatlarini raqamlashtirishni 70 foizga, IT xizmatlari miqdorini 100 trillion so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. “Elektron hukumat rivojlanish indeksi”da kamida 55-o‘ringa ko‘tarilish maqsad qilingan. Bu ko‘rsatkichlarga erishish uchun qator hujjat loyihalari ishlab chiqilgan.

Taqdimotda ushbu loyihalar va takliflar muhokama qilindi.

Bugungi kunda 760 ta davlat xizmati raqamlashtirilgan. O‘tgan yili 10 million fuqaro raqamli xizmatlardan foydalangan.

Davlatimiz rahbari endi keyingi “Raqamli hukumat” bosqichiga o‘tish vaqti kelganini ta’kidladi. Buni, eng avvalo, aholi eng ko‘p murojaat qiladigan ta’lim, tibbiyot, qurilish va kommunal sohalardan boshlash kerakligi aytildi.

O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 14-oktyabrdagi qaroriga muvofiq, Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi qabul qilingan edi. Bu sohada infratuzilmani yaxshilashga 50 million dollar ajratildi. Sun’iy intellekt milliy modelini yaratib, 1 million nafar mutaxassis tayyorlash vazifasi belgilangan.

Raqamli texnologiyalar vaziri buni amalga oshirish bosqichlari, infratuzilmani yaxshilash tadbirlari haqida axborot berdi.

Sohada xizmatlar hajmi va eksportini oshirish ham muhim vazifalardan. Hozirda bu boradagi ko‘rsatkichlarning asosiy qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelyapti. O‘zbekistondagi sharoit va imtiyozlar natijasida boshqa relokantlar ham yurtimizga kelishdan manfaat ko‘ryapti. Shu bois har bir hududda jozibador muhit yaratib, chet el kompaniyalarini jalb etish muhimligi ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

Davlat mukofotlari – yoshlarga e’tibor va ishonch belgisi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 28-iyundagi farmon va qaroriga muvofiq, yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish maqsadida bir guruh ilg‘or yigit-qizlar “Kelajak bunyodkori” medali hamda “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi.

30-iyun – Yoshlar kunida Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida ana shu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida yigit-qizlarni Yoshlar kuni bilan tabrikladi. Bolalarni yuqori darajada o‘qitish, xorijiy universitetlarga tayyorlash, yoshlarning startap va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Uchrashuvda yoshlar bilan ochiq muloqot bo‘ldi.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlarga davlat mukofotlarini topshirdi.

– Yoshlikdagi harakat bu – kelajakdagi yutuq degani. Yoshlikda orttirilgan do‘st – bir umrlik hamkor, tayanch va suyanch degani. Hech qachon unutmang, farzandlari bilimli, sog‘lom, mard va jasur, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va davlatning kelajagi albatta yorug‘ bo‘ladi. Men butun O‘zbekiston yoshlari ana shunday fazilatlar egasi bo‘lishini tilayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mukofotlanganlar davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi, kelgusida yanada katta natijalarga erishib, xalqimiz ishonchini oqlashini ta’kidlashdi.

Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ziyolilar, ota-onalar ishtirok etdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston yoshlari – yangi tarix yaratadigan oltin avlod



Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda nutq so‘zladi. O‘zbekiston yoshlarini ushbu qutlug‘ ayyom bilan tabriklab, ularga mehri va ishonchini bildirdi.

Mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar aniq natijalar berayotgani qayd etildi. O‘tgan yili yurtimiz yoshlari “TOP-500”talik oliygohlarga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi. Bugungi kunda 30 nafar yigit-qiz dunyodagi “TOP-10”, 500 nafari “TOP-100” va 1 ming 500 nafari “TOP-300”dan joy olgan nufuzli universitetlarda tahsil olmoqda.

Yurtdoshlarimiz san’at, sport sohalarida ham katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Yaqinda futbol bo‘yicha milliy terma jamoamiz tarixda ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

– Birinchi va ikkinchi Renessansni buyuk alloma va mutafakkirlarimiz yaratgan bo‘lsa, bugun tarix navbatni sizlarga bermoqda. Ishonchim komil, sizlar barcha sohalarda mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga qodirsiz. Sizlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz, – deya ta’kidladi Prezident.

Yoshlarga sifatli ta’lim-tarbiya berish, xorijiy tillarni o‘rgatish, kasb egallab, hayotda munosib o‘rin topishiga ko‘maklashish – davlatimizning asosiy vazifasiga aylangan. Bunda zamon talabidan kelib chiqib, zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Jumladan, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 325 ming yoshlar o‘qitilgan. O‘tgan yili 150 mingdan ziyod yigit-qiz xalqaro til sertifikatlari olgan, bu – 2023-yilga nisbatan 2 baravar ko‘p.

Bu yil 35 milliard dollarlik 8 ming 300 ta loyiha orqali 292 mingta ish o‘rni yaratilmoqda. Yana 500 mingta ish o‘rni yaratadigan 83 milliard dollarlik loyihalar rejalashtirilgan. Natijada “yashil” iqtisodiyot, sanoat, energetika, geologiya, muhandislik va boshqa sohalarda minglab mutaxassislarga talab paydo bo‘ladi.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari yoshlarga imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni bildirdi.

Xususan, Prezidentimiz farmoni bilan Beruniy nomidagi xalqaro maktab tashkil etildi. Unga 8-sinf bitiruvchilari orasidan 60 nafar o‘quvchi saralab olinib, 3 ta yo‘nalishda chuqurlashtirib o‘qitiladi.

Milliy dastur asosida har yili eng salohiyatli 3 ming o‘quvchi tanlanib, Garvard, Yel, Kolumbiya, Kornel kabi dunyoning nufuzli oliygohlariga tayyorlanadi. Shundan kamida 300 nafari ehtiyojmand oila farzandlari bo‘ladi.

Nufuzli xorijiy oliygohlarga kirayotgan barcha yoshlar ham 100 foizlik grant olish imkoniyatiga ega emas. Shu bois endi “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan “TOP-300”talik oliygohga kirganlarning o‘qish va yashash xarajatini qoplash tizimi yangi tartibda ishlay boshlaydi.

Eng avvalo, ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika, energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura, qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi kabi drayver sohalar uchun kvotalar oshirilmoqda. Endi banklar “TOP-300” talik oliygohga kirgan yoshlarga 20 ming dollargacha imtiyozli kredit beradi.

Sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha bank-moliya, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va energetikani ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanib, 100 ta loyiha amalga oshiriladi. Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturi ishga tushiriladi.

Massachusets texnologiya institutining sun’iy intellekt ta’lim dasturi asosida informatika o‘quv dasturlari yangilanadi. Viloyatlardagi informatika o‘qituvchilari Yangi O‘zbekiston universitetida ushbu dasturga o‘qitiladi.

“Raqamli avlod qizlari” tanlovida ta’lim, sun’iy intellekt, “yashil” iqtisodiyot, iqlim o‘zgarishi kabi sohalarda 7 ming o‘quvchi va talabaning 120 ta startap loyihasi tanlab olindi. Joriy yil bu loyihaga kamida 50 ming nafar qizlar qamrab olinadi.

Startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizim yaratilib, ularni moliyalashtirishga 145 million dollar venchur sarmoya kiritildi. Endi bu mablag‘ 1 milliard dollarga yetkaziladi. Maktablarda o‘quvchilar uchun “mohirlik va biznes soati” kiritilib, ularning g‘oyasini startapga aylantirishga 100 milliard so‘m grant yo‘naltiriladi.

Oliygohlar o‘rtasida ham startaplar bo‘yicha har yili “Eng yaxshi kreativ g‘oya” tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblarga oliygoh jamg‘armasidan 300 million so‘mgacha grant beriladi.

Startapni prototipga aylantirish va sinovdan o‘tkazish uchun Innovatsiya agentligi va IT-park tadqiqot va taraqqiyot markazini ochadi. Bunda, eng yaxshi loyihalar bo‘yicha prototip yaratish xarajatining 50 ming dollargacha qismi “Yoshlar venchur” jamg‘armasidan qoplanadi.

Endi sanoat, servis, tadbirkorlik va qishloq xo‘jaligida band yoshlarning kasbiy rivojlanishi bo‘yicha ham tizim yaratiladi. Har bir kasb yo‘nalishi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida respublika musobaqalari o‘tkaziladi. Bunda davlat korxonalari va xususiy sektor vakillari tengma-teng ishtirok etadi.

Tarmoq rahbarlari har yili o‘z tizimidagi 100 nafar yoshni seleksiya qilib, xorijiy stajirovkaga yuborishni yo‘lga qo‘yadi. Buning uchun, har bir tarmoq 10 milliard so‘mdan ajratadi.

Ma’lumki, maktab bitiruvchilari hamda talabalarning bandligini ta’minlash bo‘yicha ikkita dastur qabul qilingan. Shu maqsadda Aloqabank va Milliy bankka 300 million dollar ajratilgan. Ular “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 100 ming yoshlarni, “Kelajakka qadam” orqali 140 ming oliygoh bitiruvchisini daromadli ish bilan ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.

Bandlik vazirligi, Savdo-sanoat palatasi Milliy bank bilan birga yil yakunigacha oliygoh, texnikum, kasbiy ta’lim bitiruvchilarini ish beruvchilar bilan bog‘laydigan platformani ishga tushiradi. “Harakatda daromad” elektron tizimi yaratilib, ta’tildagi 3 million yoshlar malaka talab qilmaydigan ishlarga jalb qilinadi.

So‘nggi yetti yilda boshqaruv kadrlari tarkibi ancha yosharib, 40 yoshgacha bo‘lgan rahbarlar ulushi 37 foizdan 65 foizga oshdi. O‘tgan oyda istiqbolli kadrlar tayyorlash va ularni davlat boshqaruviga jalb etish bo‘yicha Prezident farmoni imzolandi.

Endi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Kelajak liderlari” dasturi bo‘yicha har yili 100 nafar salohiyatli yoshlar o‘qitiladi. Ular vazir va hokimlarga biriktirilib, tajriba orttiradi. Ikki haftaga xorijiy stajirovkaga yuboriladi. Dasturni tamomlagan yoshlar rahbarlik lavozimlariga asosiy nomzod bo‘ladi.

Yoshlar ta’lim-tarbiyasida kitobsevarlik, san’at va madaniyatning ahamiyati katta. Shu bois bu yo‘nalishdagi tanlovlarda g‘olib bo‘lganlar chekka hududlardagi maktablarga borib, chiqishlar qiladi. Buning uchun viloyat hokimlari bittadan avtobus olib beradi.

Respublika tanlovi g‘oliblariga madaniyat va san’at oliygohlariga kirishda imtiyoz beriladi. “Iqtidor” maktab ansambli tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari Bolalar va musiqa san’at maktablarida bepul o‘qitiladi.

Yosh avlodda vatanparvarlikni kuchaytirish, turli zararli ta’sirlardan asrash masalasi ham dolzarb. Poytaxtimizdagi “G‘alaba bog‘i”da ochilgan “Millat fidoyilari” monumentidan maqsad ham shu. U yerda el-yurtimiz tinchligi yo‘lida aziz jonini fido qilgan 196 nafar mard va jasur harbiylarimiz, huquq-tartibot idoralari xodimlarining nomlari muhrlangan. Bu qutlug‘ maskanni ziyorat qilgan yoshlarda Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi yanada yuksalishi ta’kidlandi.

Davlatimizning yoshlarga oid siyosati xalqaro hamjamiyat ham keng e’tirof etmoqda. O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoriga kirdi. Yoshlar taraqqiyot indeksida mamlakatimiz bu borada eng tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan davlat, deb topildi.

Buxoro shahri – Turkiy dunyo yoshlari poytaxti, Toshkent shahri – Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi yoshlari poytaxti maqomini oldi.

Shu kunlarda yurtimizda Global yoshlar festivali bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu forum nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo yoshlari uchun samarali hamkorlik va o‘zaro tajriba almashish maydoni bo‘lishi qayd etildi.

Prezidentimiz yoshlarning bilim va iqtidorini e’tirof etib, ular bilan g‘ururlanishini ta’kidladi.

– Sizlarning har bir yutug‘ingiz – butun xalqimizning yutug‘idir. Azmu shijoatingiz, sog‘lom dunyoqarashingiz, baxtu iqbolingiz – millionlab ota-onalar, ustoz-murabbiylar, yaqinlaringizning ham baxtu saodatidir, – dedi davlat rahbari.

Posted on Leave a comment

Shavkat Mirziyoyev: Yoshlarimizning har bir muvaffaqiyati biz uchun kuch-qudrat



Bugun mamlakatimizda Yoshlar kuni keng nishonlanmoqda. Asosiy bayram tadbirlari Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston yoshlarini tabriklash va qo‘llab-quvvatlash uchun bu yerga Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi.

Kongress markaziga kiraverishda yoshlarning turli sohalardagi loyihalari, kashfiyot va yutuqlari taqdimot qilindi. Masalan, “Yosh innovatorlar” ko‘rgazmasida muhandislik, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, uchuvchisiz qurilmalar namoyish etilgan. “Yashil” tashabbuslar” maydonchasida ekologiya, muqobil energetika, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarga oid ishlanmalar ko‘rsatilgan. “Kreativ loyihalar” bo‘limidan hunarmandlik, dizayn, tasviriy san’at, video va prodyuserlik faoliyatidagi yutuqlar o‘rin olgan. “Yoshlar tadbirkorligi va startaplar” maydonchasida ushbu yo‘nalishdagi muvaffaqiyatli loyihalar haqida ma’lumot berilgan.

Jumladan, toshkentlik Rustam Hamdamovning “Billz” dasturi kichik va o‘rta biznesni avtomatlashtirishga yordam beradi. Hozirgacha bu loyihaga Buyuk Britaniya, Singapur, Turkiya ishbilarmonlari 6 million 600 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritgan.

Qoraqalpog‘istonlik yosh fermer Sherzod Niyazimbetov organik pomidorlar yetishtirib, quyoshda quritib va qadoqlab, Italiya hamda Fransiya kabi davlatlarga eksport qilmoqda. Uning korxonasida 200 nafarga yaqin xodim ishlamoqda.

O‘zbekiston Prezidentining 2019-yildagi qarori bilan tashkil etilgan Yoshlar akademiyasi bugungi kunda 7 mingdan ziyod yosh olimlarni birlashtirgan. Ko‘rgazmada ular uchun keng o‘rin ajratilgan. Toshkentlik Sayfullo Qodirov ekin maydonlarini raqamli xaritalash va yuqoridan dori sepish imkonini beruvchi dronlar yasagan.

Olimlar orasida “Raqamli avlod qizlari” tanlovi g‘olibalari ko‘pligi ham diqqatga sazovor. Xorazmlik Lobar Abdullayeva onkologik kasalliklarga sun’iy intellekt orqali tashxis qo‘yishga mo‘ljallangan “AI Scan” dasturini ishlab chiqqan. Qoraqalpog‘istonlik Qumara Sagidullayeva quyosh energiyasida yuruvchi kichik traktor, toshkentlik Abdulloh Jamoliddinov bog‘ni avtomatik sug‘orish tizimini ixtiro qilgan.

Davlatimiz rahbari mazkur taqdimotlar bilan tanishib, ularning tashabbuskorlari bilan muloqot qildi.

– Yoshlarimizning har bir muvaffaqiyati biz uchun kuch-qudrat, mamlakatimiz kelajagiga tayanch. Bugun farzandlarimiz zamonaviy yo‘nalishlarni egallab, ancha ilgarilab ketyapti. Ularni qo‘llab-quvvatlasak, sifatli ta’lim berib, sharoit yaratsak, bundan ham katta natijalarga erishadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga ixtirochi yoshlarni tegishli vazirliklarga biriktirib, loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Yurtimizda bunday iqtidorli o‘g‘il-qizlar ko‘p. Bu ta’lim sohasiga, ayniqsa, STEAM yo‘nalishlariga qaratilayotgan e’tibor natijasi. So‘nggi yillarda matematika, fizika, kimyo va axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan ko‘plab maktablar tashkil etildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 325 ming yigit-qiz o‘qitildi.

Yosh tadbirkorlar tashkil qilgan 261 ta korxonaning yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan oshgan. Startaplarni  moliyalashtirishga 145 million dollar venchur sarmoya kiritilgan.

Bayram munosabati bilan o‘tgan uchrashuvda Prezidentimiz yoshlar uchun yanada keng imkoniyatlarni belgilab berdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Turkman xalqining milliy yetakchisini tavallud kuni bilan tabrikladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovni tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, qardosh Turkmanistonga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Davlatimiz rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovning zamonaviy Turkmanistonni barpo etish va izchil rivojlantirish, mamlakatning xalqaro nufuzini oshirish, O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida qayd etdi.

Turkman xalqining milliy yetakchisi O‘zbekiston Prezidentiga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomini yetkazdi.

Keyingi yillarda, eng avvalo, mamlakatlarimiz yetakchilarining muntazam uchrashuvlari tufayli ikki tomonlama hamkorlikda misli ko‘rilmagan yuksak darajaga erishilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

Idoralar o‘rtasida yaqin va sermahsul aloqalar yo‘lga qo‘yilgan, tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi ortmoqda. Muhim kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, jumladan, «Shovot – Toshovuz» chegaraoldi savdo zonasi qurilishi yakunlanmoqda. Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar amalga oshirilmoqda. Qo‘shma Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlari, Hududlararo forumni o‘tkazish rejalashtirilgan.

Mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari, shu jumladan joriy yil sentyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Posted on Leave a comment

«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida



O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarda alohida faollik ko‘rsatib, o‘zining bilim va qobiliyati, intiluvchanligi, tashabbuskorligi va samarali mehnati bilan Vatanimiz taraqqiyotini yuksaltirish, Yangi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirishga katta hissa qo‘shib kelayotgan, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, keng dunyoqarash va yuqori salohiyatga ega, xalq manfaati va yurt istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan fidoyi va mard o‘g‘lonlarimizni munosib rag‘batlantirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtidorli yigitlarini fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, san’at, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalari va huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi takliflari ilovadagi ro‘yxatga muvofiq ma’qullansin.

2. «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlanganlarga sovrindorlik diplomlari va ko‘krak nishonlari tantanali vaziyatda topshirilsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sovrindorlarining har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida pul mukofoti berilishini ta’minlasin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sohiblarining ibratli faoliyati, ularning noyob iste’dodi va erishgan yutuqlarini keng yoritib borish tavsiya etilsin.

5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi G‘.G‘.Mirzayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

***
«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlanganlar

RO‘YXATI

Xojabekov Batirbek Jolmurzayevich – O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi harbiy qismi sport guruhi yo‘riqchisi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi)

Eshniyazov Islam Saparbayevich – Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri sahna ustasi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi)

No‘monjonov Muhiddin G‘ulomjon o‘g‘li – Andijon davlat tibbiyot institutining biologik kimyo kafedrasi assistenti (Andijon viloyati)

Sattarov Akmaljon To‘ravoy o‘g‘li – Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktabining damli va zarbli cholg‘u ijrochiligi yo‘nalishi o‘qituvchisi (Andijon viloyati)

Yoriyev Shoxijahon O‘tkir o‘g‘li – Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutining 4-bosqich talabasi (Buxoro viloyati)

Rashidov Ulug‘bek Uktamovich – Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining 10-sinf o‘quvchisi (Buxoro viloyati)

Mamatkarimov Davron Abdurashid o‘g‘li – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy qismi guruh mutaxassisi (Jizzax viloyati)

Sunnatov Qudratulla Sundorqul o‘g‘li – O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali 4-bosqich talabasi (Jizzax viloyati)

Karimov Davron Kamoliddin o‘g‘li – O‘zbekiston davlat filarmoniyasining xor jamoasi artisti (Qashqadaryo viloyati)

Muhitdinov Bobur Anvarovich – O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus vazifalar bo‘yicha respublika qutqaruv markazi yo‘riqchi-qutqaruvchisi (Qashqadaryo viloyati)

Baxtiyorov Faxriyor Akromjon o‘g‘li – O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining 1-bosqich magistranti (Navoiy viloyati)

Yerejepbayev Quanishbek Tursunovich – Toshkent davlat tibbiyot universitetining 1-bosqich magistranti (Navoiy viloyati)

Raximov Fayzullo Xusanboy o‘g‘li – Namangan davlat texnika universitetining doktoranti (Namangan viloyati)

Sotvoldiyev Jamshidbek Farxodjon o‘g‘li – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisi (Namangan viloyati)

Toshbekov Sanjar Isomiddin o‘g‘li – «Ma’naviy hayot» jurnali musahhihi (Samarqand viloyati)

Hakimov Feruz Xurshid o‘g‘li – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining 1-bosqich magistranti (Samarqand viloyati)

Kleshko Mixail Sergeyevich – O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining 2-bosqich talabasi (Sirdaryo viloyati)

Usmonov Azizbek Abdumurod o‘g‘li – O‘zbekiston davlat konservatoriyasining 4-bosqich talabasi (Sirdaryo viloyati)

Jandreyev Shermuhammad Mamarajab o‘g‘li – Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi katta mutaxassisi (Surxondaryo viloyati)

Qudratillayev Parvez Kamol o‘g‘li – O‘zbekiston Milliy universitetining 2-bosqich talabasi (Surxondaryo viloyati)

Aliyev Murodjon Anvar o‘g‘li – Parkent tumanidagi 29-bolalar musiqa va san’at maktabining baxshichilik sinfi o‘qituvchisi (Toshkent viloyati)

Egamberdiyev Muhammadibrohim Baqojon o‘g‘li – Toshkent davlat tibbiyot universitetining 2-bosqich talabasi (Toshkent viloyati)

Shermatov Qobiljon Otaqo‘zi o‘g‘li – «Yangi Farg‘ona» gazetasi muxbiri (Farg‘ona viloyati)

Xudoberdiyev Shavkatjon Nurmat o‘g‘li – Toshkent davlat texnika universitetining tayanch doktoranti (Farg‘ona viloyati)

Umirboyev Alibek Javlonbek o‘g‘li – «Yangi O‘zbekiston» universitetining 1-bosqich talabasi (Xorazm viloyati)

Egamberdiyev Maqsadbek Baxtiyor o‘g‘li – Bog‘ot tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf o‘quvchisi (Xorazm viloyati)

Muxammadov Mirjaxon Muxammadjon o‘g‘li – Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf o‘quvchisi (Toshkent shahri)

Nosirov Jahongir Mansur o‘g‘li – O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, jurnalist (Toshkent shahri)

Posted on Leave a comment

Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimizning faol va tashabbuskor  yosh avlod vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida



O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish maqsadida o‘zining yuksak azmu shijoati, ijodiy va intellektual salohiyati, iste’dod va qobiliyatini namoyon etib, halol va samarali mehnati, turli sohalarda erishgan yutuqlari bilan yurtimiz taraqqiyotiga, uning xalqaro obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan, ona Vatanimizga mehri va sadoqati, namunali xulqi va odobi hamda vatanparvarlik fazilatlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan quyidagi tashabbuskor va yetakchi yoshlar «Kelajak bunyodkori» medali bilan mukofotlansin:  

Abdiganiyeva Nadira Abdinazar qizi – Qoraqalpoq davlat universitetining 1-bosqich magistranti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Ismoilov Jamshidbek Rashid o‘g‘li – To‘rtko‘l tumanidagi «Navoiy» mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Ibroximova Rayyona Nodirbek qizi – Andijon shahridagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi, Andijon viloyati

Rejavaliyev Jamshidbek Jasurbek o‘g‘li – Andijon shahridagi «Wester Group RJ» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Andijon viloyati

Dehqonova Ruxshona Shuxrat qizi – Buxoro davlat pedagogika institutining 1-bosqich talabasi, Buxoro viloyati

Tuksanov Parviz Abduraximovich – Buxoro shahridagi «Phoenix Academy» o‘quv markazining SAT imtihoni bo‘yicha tayyorlovchi-mutaxassisi, Buxoro viloyati

Adilova Farzona Alisher qizi – Jizzax shahri yoshlar ishlari bo‘limi boshlig‘i, Jizzax viloyati

Turdiboyev Akbar Ikrom o‘g‘li – Do‘stlik tumanidagi «Wegroww Tech» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Jizzax viloyati

Jalilov Abdikarimbek Abdixalil o‘g‘li – «Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» mas’uliyati cheklangan jamiyatining loyihalar ofisi guruhi mutaxassisi, Qashqadaryo viloyati

Xodiyeva Sitora Shoxabbos qizi – Qarshi davlat texnika universitetining tayanch doktoranti, Qashqadaryo viloyati

Aslonov Abror Burxonovich – «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatining ammiak ishlab chiqarish sexi smena katta ustasi, Navoiy viloyati

Maksyutova Alina Xurshidovna – Navoiy shahridagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi, Navoiy viloyati

Axmadaliyeva Niholaxon Foziljon qizi – Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining xalqaro moliya kafedrasi katta o‘qituvchisi, Namangan viloyati

Mamadaliyev Zaxiriddin Sayfiddin o‘g‘li – Namangan shahridagi «Nightmare Labs» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Namangan viloyati

Qudratov Shoxrux Odil o‘g‘li – Samarqand shahridagi «Polyglot school» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Samarqand viloyati

Salimova Maxbuba Xidirbay qizi – Samarqand davlat universitetining 1-bosqich magistranti, Samarqand viloyati

Abdualimov Alisher Samandar o‘g‘li – Sirdaryo tumanidagi «Sir uni xizmati» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Sirdaryo viloyati

Jo‘raboyeva Ziyoda Olimjon qizi – Guliston tumanidagi «Ozodbek tuhfasi» fermer xo‘jaligi mexanizatori, Sirdaryo viloyati

Ismatov Shahzod Baxtiyor o‘g‘li – Termiz shahridagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi, Surxondaryo viloyati

Xakimjonova Sitoraxon Abduqaxor qizi – Sariosiyo tumanidagi «Sitora Profession» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Surxondaryo viloyati

Mamatqulov Qahramon O‘ktam o‘g‘li – Bekobod shahridagi «Ibrat xos obod» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Toshkent viloyati

Sadikova Feruza Ravshanbek qizi – Toshkent viloyati yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabining taekvondo bo‘yicha murabbiysi

Maxmudov Saidaxmadxon Saidaxrorxon o‘g‘li – Marg‘ilon shahridagi «Textile Group and Gold» xususiy korxonasi rahbari, Farg‘ona viloyati

Nabiyeva Sabina Sherzod qizi – Amerika Qo‘shma Shtatlarining Arizona universiteti 3-bosqich talabasi, Farg‘ona viloyati

Ochilova Maftuna Omonjon qizi – Urganch shahridagi «Nurli hayot» mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi, Xorazm viloyati

Yusupov Dilshodbek Ulug‘bekovich – Urganch shahridagi «Diip logistech» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Xorazm viloyati

Quryozova Shohsanam Ozodboy qizi – Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining 2-bosqich talabasi, Toshkent shahri

Xalikov Sherzod Yakubjanovich – Yashnobod tumanidagi 30-Mehribonlik uyi tarbiyachisi, Toshkent shahri

Abdixolikov Bobir Alisher o‘g‘li – Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi

Bo‘tayeva Gulasal Toshqul qizi – Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetining 2-bosqich talabasi

G‘oyibova Orzugul Umarovna – «Ibrat farzandlari» nodavlat notijorat tashkiloti eksperti, «TOP-100 Uni» loyihasi rahbari

Isroilova Aziza Ilhom qizi – «EPAM Systems» kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ma’lumot tahlilchisi, dasturchi

Kambarov Asror Avazovich – «Uzbekistan airways» aksiyadorlik jamiyatining Parvoz xizmati departamenti «A-320» havo kemasi uchuvchisi

Muxtorov Sardorbek Nuroli o‘g‘li – «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining «O‘zbekiston» lokomotiv deposi «Afrosiyob» yuqori tezyurar elektropoyezdi mashinisti

Sabirov Nariman Ruslanovich – Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining endoskopiya bo‘limi shifokor-endoskopisti

Saipova Fotima Dilshod qizi – Velosport bo‘yicha O‘zbekiston milliy paralimpiya terma jamoasi a’zosi

Toxirjonova Gulruxbegim Alisher qizi – Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi a’zosi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari YOII sammiti doirasida uchrashuv o‘tkazdilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 27-iyun kuni Minsk shahridagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi sammiti doirasida uchrashuv o‘tkazdilar.

Ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’atini ta’minlash, ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, hududlarning samarali aloqalari va faol madaniy-gumanitar almashinuvni qo‘llab-quvvatlash borasida birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar mamnuniyat bilan qayd etildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidentining Belarusga amaliy tashrifi yakunlandi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Minsk shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari YOII bilan sheriklikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z nuqtayi nazarini bayon qildi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan ham ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Shu bilan davlatimiz rahbarining amaliy tashrifi yakuniga yetib, Prezidentimiz Toshkentga jo‘nab ketdi.