Posted on Leave a comment

Miraki xalqaro turizm markazi mehmonlarni chorlaydi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Shahrisabz tumani Hisor tog‘i yon bag‘ridagi sayyohlik salohiyati bilan tanishdi.

Turizm kam mablag‘ bilan ko‘p ish o‘rni yaratadigan, aholi daromadi va hududlar qiyofasini yaxshilaydigan soha. Qashqadaryoda ham bu borada imkoniyatlar ko‘p.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-noyabrdagi qarori asosida Qashqadaryo viloyatining tog‘li-rekreatsion hududlarida zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm majmualari barpo etilmoqda. Jumladan, xorijiy davlatlarning malakali ekspertlari va yetakchi kompaniyalari ishtirokida Miraki, Amir Temur, Uloch va Polmon mahallalarida sayyohlar uchun qulayliklar yaratilmoqda. Umumiy 240 gektar maydonda 400 million dollarlik 117 ta loyiha amalga oshirilayotir. Buning natijasida esa 1 ming 700 ta doimiy ish o‘rni ochiladi.

Bugun Mirakidagi o‘zgarishlar mazkur qaror va turizm bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishlar natijasi.

Ilgari bu so‘lim joylardan har kim o‘z bilganicha foydalanar edi. Soy bo‘ylari betartib, oromgohlarda infratuzilma yetishmasdi. Bugun bu manzil yaxlit turizm klasteriga – “Miraki” xalqaro turizm markaziga aylandi.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi obodlik va qulayliklarni ko‘zdan kechirdi. Oqsuv daryosining ikki qirg‘og‘i bo‘ylab piyoda va velosipedda yurish uchun o‘n kilometrlik “eko yo‘lak” tashkil etilgan. Bolalar maydonchasi, ko‘ngilochar bog‘, nuroniylar maskani, oilaviy mehmon uylari hamda ko‘chma savdo shoxobchalari mahalla ko‘rkini oshirgan.

“Miraki and spa resort” dam olish hududi turizm markazining zamonaviy qismi. Bu yerda ikkita mehmonxona, savdo va ko‘ngilochar majmua barpo qilingan. Shuningdek, bir vaqtning o‘zida 600 nafar sayyohni qabul qiluvchi mehmonxonalar, 300 o‘rinli oilaviy xostel ochilgan. Bu yiliga 300 mingdan ortiq mehmonga xizmat ko‘rsatilishini anglatadi.

Davlatimiz rahbari yangi mehmonxona va savdo majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Sayyohlik bo‘yicha istiqboldagi muhim loyihalar haqida ma’lumot berildi.

– Shahrisabzning ustun tarafi – yil davomida sayohatga kelish mumkin. Buning uchun yo‘l, kommunikatsiya, mehmonxonalar qurayapmiz. Endi xizmat turlarini ko‘paytirishni o‘ylash kerak. Masalan, Mirakiga kelgan mehmon vaqtini qanday o‘tkazadi, nimalar xarid qiladi? Shu talablardan kelib chiqib, xizmatlar taklif qilish, bu yerning tabiati va sharoitini chet ellarda keng targ‘ib etish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi sayyohlik markaziga investorlarni jalb etish uchun muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tortilgan. Mirakiga eltuvchi va mahalla ichidagi yo‘llar mukammal ta’mirlangan. Elektr ta’minoti yaxshilangan. Sayyohlarni qiziqtirish uchun Hisorak suv omboriga tutash hududda ikki kilometrdan ortiq dor yo‘li va dengiz sathidan 2 ming 700 metr balandlikda restoran ham barpo etilgan.

Bunday keng qulayliklar Qashqadaryoga keluvchi sayyohlar sonini oshirmoqda. O‘tgan yili viloyatga ikki yarim million nafardan ortiq sayyoh tashrif buyurgan. Shundan besh yuz ming nafarga yaqini aynan Shahrisabz tumaniga kelgan. Hududdagi bu o‘zgarishlardan keyin keltirilgan raqam bir necha barobar o‘sishi tabiiy.

Posted on Leave a comment

Prezident qashqadaryolik faollar bilan muloqot qildi



Davlatimiz rahbari Qarshi shahridan Shahrisabzga ketayotib, poyezdda qashqadaryolik faollar bilan samimiy muloqotda bo‘ldi.

Suhbatda shahar-u qishloqlardagi o‘zgarishlar, aholi hayoti, bugungi tinchlik qadri haqida so‘z bordi.

“Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya davlatimizning faoliyat dasturiga aylangan. Shu asosida aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, daromadi va farovonligini oshirish, mahallalarni obod qilish ijtimoiy hayotimizda yetakchi o‘ringa chiqmoqda.

Hududlar imkoniyatini to‘liq ishga solish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlar natijasida yurtimizning o‘zida munosib mehnat sharoitlari yaratilmoqda. Yoshlar va xotin-qizlar daromadli kasblarga o‘qitilyapti.

Iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar samarasida sanoat jadal rivojlanmoqda, ilg‘or texnologiyali korxonalarda qo‘shilgan qiymat yaratilmoqda. Qishloq xo‘jaligi, turizm, transport, energetika sohalarida ulkan loyihalar ishga tushirilmoqda.

Prezidentimiz iqtisodiyot rivoji, aholi kayfiyatida yo‘llarning ahamiyati yuqori ekanini ta’kidlab, bu borada mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Oxirgi 2-yilda yurtimizda 40 ming kilometr yo‘l va 540 ta ko‘prik ta’mirlangan. Bu yil Qashqadaryoda jami 100 kilometr magistral yo‘llar ta’mirlanishi rejalashtirilgan. Bu loyihalarni tezlashtirish, yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Nuroniylar bu o‘zgarishlarni xalqimiz o‘z hayotida sezayotgani,  islohotlarga yuqori baho berayotganini aytishdi. Xotin-qizlar vakili barcha sohalarda ayollarga keng imkoniyatlar berilgani, natijada ular o‘z oilasi va mehnat jamoalarida qadr topib, hayotidan rozi bo‘lib yashayotganini so‘zlab berdi.

Posted on Leave a comment

Qarshidagi korxona global yetkazib berish zanjiridan o‘rin olgan



Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-iyun kuni Qashqadaryo viloyatiga keldi.

Mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlar soha va tarmoqlarda o‘z natijalarini bermoqda. Butun respublikada texnologik “sakrash” kuzatilmoqda. Xususan, joriy yilning besh oyida sanoat 6,4 foiz o‘sgan, bu sohada eksport 6 milliard dollardan oshgan.

Bunda Qashqadaryo sanoatining hissasi katta. Qarshi shahridagi “Alp texno servis” shunday eksportchi korxonalardan biri. Qiymati 10 million dollar bo‘lgan mazkur loyiha elektr texnikasi yo‘nalishida global yetkazib berish zanjirida o‘rin topgan. Korxona xorijiy “TSL”, “HOFFMANN” brendlari uchun buyurtmalar tayyorlab bermoqda. Shuningdek, mahalliy SMART brendiga asos solingan. Shu nomlar ostida yiliga 500 ming donagacha televizor va elektron platalar ishlab chiqarilmoqda.

Mahsulotlar yuqori texnologik, sifati va dizayni bozor talabiga mos. Shu bois 70 foiz tovarlar eksportga yo‘naltirilmoqda. O‘tgan yili 2 million dollardan ziyod eksport qilingan. Bu yilgi reja 10 million dollar.

Davlatimiz rahbari bu tarmoqni yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

– Bu sohada tajriba orttirdik, tashqi bozorga yo‘l topdik. Endi bu korxonani kengaytirish kerak. Odamzot bor ekan, bunday mahsulotlarga talab bo‘ladi. Faqat sifat bo‘yicha va nomenklatura bo‘yicha o‘sish, raqobatbardosh bo‘lish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yana bir muhim vazifa – mahalliylashtirish. Hozir korxonada bu ko‘rsatkich 50 foizdan oshgan. Kelgusida 20 million dollarlik yana 4 ta loyihani amalga oshirib, changyutgich, elektr choynak, havo sovutgich, ventilyator ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bularning natijasida yiliga 30 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.

Korxonada 200 kishi ish bilan ta’minlangan. Qarshi davlat texnika universiteti bilan dual ta’lim yo‘lga qo‘yilgan.

Posted on Leave a comment

Prezident eksportchi korxona faoliyati bilan tanishdi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Parkent tumanidagi “Batu Eksport” korxonasini borib ko‘rdi.

15 million dollarlik investitsiya hisobidan tashkil etilgan mazkur zamonaviy loyiha doirasida yiliga 5 ming tonna meva-sabzavot qayta ishlanadi. Toshkent viloyatidan tashqari Samarqand va Farg‘onadan ham mahsulotlar keltiriladi.

Korxonaga Yaponiya, Germaniya, Belgiya, Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan. Bu mahsulot sifati va raqobatbardoshligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Korxonada 180 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan, ular o‘rtacha 7 million so‘mgacha oylik maosh olyapti.

Bu yerda tayyorlangan mahsulotlar Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Yevropa va MDH mamlakatlariga eksport qilinadi.

Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirib, xodimlar bilan suhbatlashdi.

– Meva-sabzavotchilikda Parkentning imkoniyatlari katta. Texnologiya olib kelib, jahon bozoriga sarxil va qurutilgan mevalarni eksport qilish salohiyatimiz bor. Birgina Yaponiyani olsak, O‘zbekiston mahsulotlariga qiziqish yuqori. Faqat mevalarni yaxshi parvarishlab, sifatli yetkazib berish zarur. Bunday korxonalarni rivojlantirsak, shu tarmoqning o‘zidan bir necha milliard dollar daromad olish mumkin, – dedi Prezident.

Shu yerda Toshkent viloyatining eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘zdan kechirildi. O‘tgan yili viloyatdan 130 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilingan. Lekin hudud tabiati va salohiyatiga nisbatan bu kam.

Sohada eksport qiluvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 7 turdagi moliyaviy yordam va 3 xil soliq imtiyozlari hamda preferensiyalar joriy etilgan. Toshkent viloyatida meva-sabzavotni qayta ishlovchi 175 ta korxona bo‘lib, qayta ishlash darajasi yil sayin ortmoqda. Joriy yilda eksport ko‘rsatkichini jadal oshirish rejalashtirilgan.

Posted on Leave a comment

Parkentning turizm salohiyati yanada oshadi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Parkent tumaniga tashrif davomida “Oltin bel” cho‘qqisidagi dam olish maskani va yangi loyihalar bilan tanishdi.

Xushmanzara tog‘ bag‘ridagi 3 gektar joyda qurilgan ushbu mehmonxonalar ixchamligi va hamyonbopligi bilan ajralib turadi. Hozirda jami 188 o‘rinli 2 ta mehmonxona, kapsula shaklidagi uylar, restoran va xo‘jalik binolari barpo etilgan. Keyingi bosqichda yana 20 ta shunday uy qurilishi mo‘ljallangan.

Shavkat Mirziyoyev mehmonxonada yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Umuman, hududda turizmni rivojlantirish maqsadida qiymati 1 milliard 800 million dollar bo‘lgan 52 ta loyiha amalga oshiriladi. Natijada 3 ming 300 ta ish o‘rni yaratiladi va 1 million nafar sayyohga xizmat ko‘rsatiladi.

Parkentning qorli tog‘lari yana bir ulkan loyihani amalga oshirish imkonini bermoqda. Bu yerda Avstriya kompaniyasi tomonidan 1 ming 200 gektarda tog‘-chang‘i kurorti qurish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbariga ushbu loyiha haqida axborot berildi. Uning doirasida 3, 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar, chang‘i uchish va osma dor yo‘li, shalelar, piknik maydoni, restoranlar, sog‘lomlashtirish xizmatlari tashkil etiladi.

Loyiha uch bosqichda amalga oshiriladi va to‘liq quvvatda kuniga 15 ming nafar sayyohni qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi. 600 ga yaqin servis majmualari tashkil etiladi. Mavsumiy xizmatlar bilan birga 10 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Umuman, bu maskan, Bo‘stonliqdagi “Amirsoy” kurorti kabi, Toshkent viloyatining yirik turizm manzillaridan biriga aylanadi.

Mutaxassislar bilan muloqotda loyihani takomillashtirish,  xizmatlar qamrovini kengaytirish va qurilishni tezlashtirish tadbirlari yuzasidan fiikr almashildi.

Posted on Leave a comment

Parkent bog‘laridan dunyo bozorlariga



Prezidentimiz Parkent tumanidagi intensiv bog‘da sarxil mevalar hosilini ko‘zdan kechirdi.

“Meridian Tempo” korxonasiga qarashli ushbu 54 gektar bog‘da gilos, olma, nok va malinaning eksportbop navlari ekilgan. Ko‘chatlar Fransiya va Ispaniyadan keltirilgan. Daraxtlar o‘zini o‘zi changlatish xususiyatiga ega. Bu hosildorlik yuqori bo‘lishida muhim o‘rin tutadi.

Zamonaviy agrotexnologik tizimlar orqali bog‘da to‘liq tomchilatib sug‘orish joriy etilgan. Avval suv maxsus havzada to‘planadi va tabiiy nishablik orqali sug‘oriladi. Bunga energiya sarflanmay, natijada xarajat va mahsulot tannarxi kamayadi. Shuningdek, bog‘da quyosh panellari o‘rnatilgan.

Pishib yetilgan mevalar eksportga yo‘naltirilmoqda. Bu yil 256 tonna gilos, 500 tonna olma, 480 tonna nok, 30 tonna malina yetishtirishi mo‘ljallangan. Eng muhimi, bundan keladigan daromad boshqa an’anaviy o‘simliklarga nisbatan bir necha barobar yuqori.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga bu usulni ommalashtirish, mevalarni parvarishlash va qadoqlash bo‘yicha chet el tajribasini joriy etish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Posted on Leave a comment

Parkentgacha qurilayotgan temir yo‘l tuman rivojini jadal oshiradi



Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti, hududlarning iqtisodiy rivoji va yangi loyihalar bilan tanishish maqsadida 18-iyun kuni Toshkent viloyatining Parkent tumaniga tashrif buyurdi. Dastlabki manzil “Parkentsoy” turar joy massivi bo‘ldi.

Hududlarni “o‘sish nuqtalari”ga tayanib rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoitlari yaratish – davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi. Bunday o‘zgarishlar Parkent tumanida ham namoyon.

Tuman markazidan oqib o‘tuvchi Parkentsoy qirg‘og‘ida qurilayotgan ushbu massivni ekoshahar deyish mumkin. Uning umumiy maydoni olti gektar bo‘lib, jami 5 ming 200 xonadonli 125 ta ko‘p qavatli turar joy quriladi. Ular barcha zamonaviy kommunal tarmoqlar, energiya tejamkor texnologiyalar bilan ta’minlanadi. Jumladan, uylar tepasiga geokollektorlar o‘rnatilib, suv isitishda foydalaniladi.

Aholi nisbatan zich yashaydigan hududlar uchun bunday massivlar muhim ijtimoiy ahamiyatga ega. Uylarning shinamligi, tannarxi xalqimizga mos. Bu ayrim mahallalarda bir hovlida qisilishib yashayotgan oilalar uchun ayni muddao bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari mazkur yangi xonadonlardagi sharoitlarni kirib ko‘rdi.

Bu yerda, shuningdek, ikkita maktab, sakkizta bog‘cha, bolalar maydonchalari, 10 gektarlik park, sun’iy ko‘l, sayilgoh va veloyo‘laklar barpo qilinadi. 17 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanadi.

Massiv nafaqat obod turmush uchun, balki tadbirkorlik uchun ham sharoit yaratadi. Bu yerda 58 ta noturar bino qad rostlaydi. Ularda savdo va xizmat korxonalari joylashib, 700 dan ortiq ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari shu yerda tumanni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Bu boradagi muhim loyiha – “Baytqo‘rg‘on – Parkent” elektrlashtirilgan temir yo‘li. Hozirda uning qurilishi jadal ketmoqda. Qariyb 24 kilometrlik bu yo‘l foydalanishga topshirilgach, Parkentdan poytaxtimizga borish uchun katta qulaylik yaratiladi,   tumanning xushmanzara go‘shalariga sayohatga kelish osonlashadi. Unda kuniga 275 ming nafargacha yo‘lovchi tashilishi hisob-kitob qilingan. Umuman, buning natijasida qatnov va tadbirkorlik faollashib, Parkent iqtisodiyotining sur’ati jadal oshadi.

Parkentsoyni tartibga keltirish, qirg‘oqlarini mustahkamlash bo‘yicha ham ish olib borilmoqda. Birinchi bosqichda soyning 4 kilometr qismi to‘liq betonlashtirildi. Bu yangi bunyodkorliklarga yo‘l ochdi. Xususan, soy bo‘ylab qariyb besh kilometrlik yangi yo‘l qurildi. U hozir tuman markazidan o‘tgan asosiy ko‘chaga yondosh bo‘lib, bir kecha-kunduzda 10 ming avtomobilni o‘tkazish quvvatiga ega. Bu transportlar  yuklamasining bir qismini o‘ziga olib, markazda tirbandlikni kamaytiradi. Shuningdek, piyodalar yo‘lakchasi, yo‘l o‘tkazgich va ko‘prik barpo etilgan.

Endi, ikkinchi bosqichda Kumushkongacha bo‘lgan o‘zanlar tartibga keltirilib, ochiladigan 100 gektar yerda turizm obyektlari tashkil etish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz shu yerda parkentlik faollar bilan suhbatlashdi.

– Bizning eng katta boyligimiz yurtimiz tinchligi, xalqimizning osoyishtaligi. Tinchlik barqaror bo‘lsa, mana shunday bunyodkorlik bo‘ladi, rejalar amalga oshadi. Davlat tashkilotlarini safarbar qilib, imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, hamma hududlarni rivojlantirishga harakat qilayapmiz. Parkentga ham istiqlol shabadasi, islohotlar natijasi yetib kelganini ko‘rib, xursand bo‘ldim. Xalqimiz mana shunday farovon sharoitda yashashga munosib, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Nuroniylar tuman rivoji uchun yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar, aholi hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar, mehnatidan baxt topayotgan insonlar haqida so‘zladi.

Posted on Leave a comment

Yangilangan aeroportda eng zamonaviy qulayliklar bo‘ladi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-iyun kuni «Toshkent-Sharqiy» aeroporti qurilishini ko‘zdan kechirdi.

Mamlakatning barqaror rivojlanishi va uning xalqaro jozibadorligi oshishi bilan tashqi iqtisodiy aloqalar faollashib, investitsiyalar oqimi ko‘paymoqda. Bunday sharoitda O‘zbekistonda transport infratuzilmasining barcha yo‘nalishlarini modernizatsiya qilishga o‘sishning asosiy omili sifatida ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Ana shunday strategik loyihalardan biri «Toshkent-Sharqiy» aeroportini rekonstruksiya qilishdir. U yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan tez, xavfsiz va qulay qatnovlarni ta’minlash, shuningdek, poytaxtning asosiy xalqaro aeroportiga yuklamani yengillashtirishga mo‘ljallangan.

Avvalo, 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi yangilanib, eng og‘ir samolyotlarni ham qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi.

Hozirgi kunda yuqori martabali mehmonlar hamda biznes-aviatsiya uchun 2 ta terminal, perron va angarlar barpo etilmoqda.Aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qo‘nishni ta’minlovchi ICAO III-A toifasidagi ilg‘or radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi. Yopiq angarlarda samolyotlar soz va xavfsiz saqlanishi uchun zamonaviy sharoitlar ta’minlanadi.

Yangi aeroport qulay joylashuvi tufayli Toshkent va Yangi Toshkent shahri uchun muhim transport xabiga aylanadi, shuningdek, Toshkent viloyatining turizm sohasini rivojlantirish uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi. Eng muhimi, xalqaro tashriflar va ishbilarmonlik safarlarini amalga oshirish imkoniyatlari kengayadi, xorijiy investorlarni qabul qilish uchun sharoitlar yaxshilanadi. Natijada iqtisodiy faollik oshadi, xizmat ko‘rsatish sohasi faollashadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligi sezilarli darajada oshadi.

Davlatimiz rahbari loyihaning texnik xususiyatlari, terminallarning arxitekturaviy yechimi bilan tanishib, qurilish ishlarini jadallashtirish, servis darajasini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Ostonaga tashrifini yakunladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga amaliy tashrifi yakunlandi.

Davlatimiz rahbari Ostona shahrida XXR Raisi Si Szinpin bilan muzokara o‘tkazib, ikki tomonlama, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qildi.

O‘zbekiston yetakchisi «Markaziy Osiyo – Xitoy» ikkinchi sammitida ishtirok etdi Prezidentimiz o‘z nutqida mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi.

Tashrif tadbirlari yakunlangach, davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi. Aeroportda oliy martabali mehmonni Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-iyun kuni Ostona shahrida «Markaziy Osiyo – Xitoy» ikkinchi sammitida ishtirok etdi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan tadbirda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni ustuvor yo‘nalishlarda kengaytirish istiqbollari, dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Prezidenti nutqining avvalida XXR Raisi Si Szinpinning Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash, aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish orqali mintaqaning barqaror taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlashdagi o‘rnini alohida qayd etdi.

2023-yilda Sian shahrida o‘tgan birinchi sammitdan so‘ng «Markaziy Osiyo – Xitoy» formatidagi hamkorlikda katta muvaffaqiyatlarga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, kotibiyat tashkil etildi, vazirlar, ekspertlar uchrashuvlari va yig‘ilishlarini o‘tkazish mexanizmlari ishga tushirildi, keng ko‘lamli hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasi shakllantirilmoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoy bilan tovar ayirboshlash hajmi ortib bormoqda, joriy yilda bu ko‘rsatkich 100 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

– Bizningcha, bir tomondan, ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik makoniga aylangan Markaziy Osiyoning o‘zidagi chuqur transformatsiya jarayonlari, boshqa tomondan, Xitoy rahbariyatining qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va “Belbog‘ va yo‘l” global konsepsiyasini ilgari surishga qat’iy sodiqligi ushbu formatdagi hamkorlikning rivojlanishiga imkon bermoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

So‘ng O‘zbekiston yetakchisi mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z nuqtayi nazarini bayon qildi.

Avvalo, bu galgi uchrashuv xalqaro vaziyat sezilarli darajada yomonlashgan bir sharoitda o‘tayotgani ta’kidlandi.

Raqobatning ortishi keskinlikning zo‘rayishiga, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga yangi xavf va tahdidlar paydo bo‘lishiga olib kelmoqda.

– Nizoli xalqaro masalalar va ziddiyatli muammolarni hal qilish uchun kuch ishlatish vositalaridan foydalanish o‘zini oqlamaydi va bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz, – dedi Prezident. – Barcha nizo va ziddiyatlar suverenitetni hurmat qilish, xalqaro huquq me’yorlari va Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomi asosida faqat diplomatik sa’y-harakatlar yo‘li bilan – muzokaralar stolida hal etilishi shart.

Shu munosabat bilan sammit davomida mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashga umumiy hissa qo‘shadigan Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma qabul qilinishi tarixiy ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Ushbu shartnomani rivojlantirish maqsadida aniq mexanizm va loyihalarni kiritgan holda Uzoq muddatli sheriklik konsepsiyasini ishlab chiqish taklif etildi.

O‘zbekiston yetakchisi ta’kidlaganidek, Xitoy bilan savdo, investitsiyaviy va texnologik hamkorlik Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyalarini amalga oshirishda kuchli lokomotiv bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mintaqa mamlakatlarining o‘sib borayotgan salohiyati va Xitoyning sanoat sohasidagi yetakchiligini birlashtirish bilimlar bilan almashish va texnologiyalar transferining samarali mexanizmlariga ega bo‘lgan umumiy keng imkoniyatlar makoni paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi.

Yangi iqtisodiy sheriklik dasturini tez fursatda qabul qilish hamda Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida Savdo va investitsiyalar bo‘yicha hududlararo kengashni ta’sis etish bu boradagi amaliy qadam bo‘ladi. O‘zbekiston tomoni kengashning birinchi yig‘ilishini joriy yil oxirigacha o‘tkazishga tayyorligi bildirildi.

Savdo aloqalarini rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti «Raqamli makon va yo‘l» doirasida «Raqamli Ipak yo‘li» ko‘p tomonlama savdo platformasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Shuningdek, reglament va standartlarni yaqinlashtirish, eksport mahsulotlarini Xitoy talablari asosida sertifikatlash uchun Toshkent shahrida Sanoatda standartlashtirish va sertifikatlashtirish mintaqaviy markazini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

Biznes, yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari va muhandislik markazlarini jalb qilgan holda, texnologiyalar transferi bo‘yicha alohida «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish taklifi bildirildi.

O‘zbekiston yetakchisi iqtisodiy salohiyatni samarali ro‘yobga chiqarish uchun sanoat va infratuzilmaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish zarurligiga alohida to‘xtaldi. Shu maqsadda «Markaziy Osiyo – Xitoy» sanoat va infratuzilma makoni» uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish taklif etildi.

Xitoy investitsiyalari, texnologik va ilmiy yechimlarini jalb qilgan holda, o‘zaro bog‘langan sanoat klasterlari, texnoparklar va logistika xablari tizimini yaratish shular jumlasidan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy energetika tizimlarini o‘zaro bog‘lash, jumladan, yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyasini barpo etish megaloyihasini amalga oshirish masalalari ham diqqat bilan o‘rganilishi lozim.

Mintaqaviy ahamiyatga molik yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qodir bo‘lgan samarali moliyaviy vositalarni joriy etish masalasi alohida dolzarblik kasb etmoqda.

– Bugungi kunda amalda bo‘lgan xalqaro mexanizmlar, hech shubhasiz, muhim rol o‘ynamoqda, ammo mintaqaning investitsiyaga bo‘lgan talabini to‘liq qoplay olmayapti. Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, Markaziy Osiyoni infratuzilmaviy rivojlantirishda kapital qo‘yilmalar taqchilligi bir necha yuz milliard dollar deb baholanmoqda», – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Shu munosabat bilan infratuzilmaviy tashabbuslarni ilgari surish uchun samarali platforma bo‘la oladigan «Markaziy Osiyo – Xitoy» taraqqiyot fondini ta’sis etish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif qilindi.

Markaziy Osiyo va Xitoyning transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish yana bir ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.

«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi boshlangani Yevroosiyo makonidagi yangi transport va tranzit kommunikatsiyalari tizimining muhim elementi ekani ta’kidlandi. Shu bilan birga, Transafg‘on temir yo‘l magistrali loyihasini amalga oshirish yanada keng imkoniyatlar eshigini ochadi.

– Ushbu strategik soha istiqboliga oid umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun transport idoralarimizga dala tadqiqotlarini olib borish, logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish imkoniyatlarini o‘rganish, muqobil yo‘laklar bo‘yicha yuklarni tashish borasida sinov tariqasidagi loyihalarini amalga oshirish uchun ekspertlar guruhlarini shakllantirish yuzasidan topshiriq berishimiz zarur, deb hisoblayman, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Ushbu guruhlar ishining natijalari asosida kelgusi sammitga qadar transport yo‘laklari va zamonaviy tranzit infratuzilmasining yagona xaritasini shakllantirish bo‘yicha aniq va asoslangan takliflar ishlab chiqilishi kerak.

Davlatimiz rahbari iqlim o‘zgarishining barqaror rivojlanish uchun jiddiy tahdidlariga e’tibor qaratib, 2030-yilgacha mo‘ljallangan «Yashil» rivojlanish dasturini qabul qilishni jadallashtirish, shuningdek, cho‘llanishga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, qurg‘oqchil va cho‘l hududlarida bioekologik barqarorlikni oshirish bo‘yicha muloqot va sheriklik uchun Ekologik alyansni tuzishga chaqirdi.

– Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlik imkoniyatlariga alohida to‘xtalishni istar edim. Aynan ushbu yo‘nalishlar bugungi kunda milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini belgilab, uzoq muddatli o‘sishning drayveri bo‘lmoqda, – dedi Prezidentimiz.

Iqtisodiy hamkorlikning barqaror raqamli infratuzilmasini shakllantirish maqsadida katta ma’lumotlar bazalari va protsessing markazlarining O‘zaro integratsiyalashgan banklar tarmog‘ini yaratish, shuningdek, asosiy energetika va transport yo‘nalishlari bo‘ylab «Markaziy Osiyo – Xitoy» optik tolali aloqa liniyasining raqamli trassasini barpo etish taklif qilindi.

– Xalqlarimizning bir-birining madaniyatini o‘zaro boyitish va yaqinlashishga bo‘lgan umumiy intilishi – bu bizning bebaho boyligimizdir. Bugun qabul qilinayotgan O‘zaro tashriflarni yengillashtirish bo‘yicha tashabbus va Madaniy-gumanitar tadbirlar dasturi aynan shu maqsadlarga qaratilgan, – dedi Prezidentimiz.

Bu boradagi hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoyning tarixiy-madaniy resurslarini o‘zida mujassam etgan, tadqiqotchilar, talabalar, sayyohlar va kreativ industriya vakillarini qamrab olgan «Ipak yo‘li madaniy merosi» yagona raqamli portalini yaratish taklif qilindi.

Shuningdek, professional ta’lim sohasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish, universitet rektorlari forumlari, fanlar akademiyalari va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlarining uchrashuvlarini o‘tkazish orqali umumiy ilmiy-ta’lim platformasini shakllantirish maqsadga muvofiqligi ko‘rsatib o‘tildi.

Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu munosabat bilan Prezidentimiz terrorizm, ekstremizm, radikalizm, narkotrafik, noqonuniy migratsiya va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda maxsus xizmatlar va xavfsizlik kengashlari orqali ko‘p tomonlama axborot almashish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladi.

– Biz uchun nafaqat qo‘shni, balki umumiy tarixiy-madaniy va iqtisodiy makonimizning ajralmas qismi bo‘lgan Afg‘oniston muammolariga xalqaro hamjamiyat e’tiborining pasayishi jiddiy tashvish uyg‘otmoqda, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bilan hamkorligida to‘plangan boy tajribani qayd etib, O‘zbekiston Prezidenti ushbu mamlakatning tiklanishiga ko‘maklashish va uni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga jalb etish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha yuqori darajadagi guruhni ta’sis etishni taklif qildi.

Guruh uchrashuvini Termiz shahrida Afg‘oniston vakillari ishtirokida o‘tkazishga tayyorlik bildirildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida O‘zbekiston «Markaziy Osiyo – Xitoy» formatidagi ochiq muloqot, pragmatik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish tarafdori ekanini ta’kidladi.

Yig‘ilish so‘ngida davlat rahbarlari Ostona deklaratsiyasi va Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar.

Shuningdek, hukumatlararo va idoralararo hujjatlarning salmoqli to‘plami qabul qilindi.

Sammit yakunida kambag‘allikka qarshi, cho‘llanishga qarshi kurashish, ta’lim sohasidagi hamkorlik markazlari hamda to‘siqsiz savdo bo‘yicha hamkorlik platformasini ishga tushirish marosimi bo‘ldi.