Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – Xitoy” ikkinchi sammitidagi nutqi



Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qosim-Jomart Kemelovich To‘qayevga samimiy qabul va “Markaziy Osiyo – Xitoy” ikkinchi sammiti yuqori darajada tashkil etilgani uchun bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi hurmatli Si Szinpin janoblariga mintaqa davlatlari bilan do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga qat’iy sodiqligi uchun tashakkur aytaman.

Sizning “Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlarini o‘zaro hurmat, o‘zaro ishonch va o‘zaro yordamga asoslangan ko‘p asrlik do‘stlik va sheriklik rishtalari hamda yaqin aloqalarni o‘rnatish va yuqori sifatli hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan intilish bog‘lab turadi”, degan so‘zlaringizni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.

Yaqinda nishonlangan tavallud ayyomingiz munosabati bilan Sizning sha’ningizga bildirilgan samimiy qutlov va tilaklarga ham qo‘shilaman.

Hurmatli hamkasblar!

Bugungi uchrashuvimiz kun tartibi va tayyorlangan hujjatlarni, jumladan, Ostona deklaratsiyasini qo‘llab-quvvatlayman.

Cho‘llanishdan ogohlantirish, ta’lim sohasida hamkorlik, kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma markazlar, shuningdek, Markaziy Osiyo va Xitoy uzluksiz savdo platformasi ishga tushirilganini olqishlayman. Hech shubhasiz, bu mexanizmlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro amaliy hamkorlikni kengaytirishga imkon beradi.  O‘zbekiston bunday tuzilmalar faoliyatini tashkil etish va rivojlantirishda faol ishtirok etish niyatida.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Xitoy donishmandlari aytganlaridek: “Kimki do‘stlari bilan birga qadam tashlasa, uzoqqa boradi”.

Biz Siandagi ilk tarixiy sammitimizdan keyin jiddiy natijalarga erishdik. Yuqorida ta’kidlanganidek, hamkorlikni ko‘p darajada muvofiqlashtirishni ta’minlaydigan Kotibiyat tuzildi.

Turli yo‘nalishlar bo‘yicha vazirlar va ekspertlarning uchrashuv va yig‘ilishlariga oid samarali mexanizmlar ishlamoqda, keng ko‘lamli hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasi shakllantirilmoqda.

Tahlillar Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoy bilan umumiy savdo aylanmasi o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda. Joriy yilda bu ko‘rsatkich deyarli 100 milliard dollarga yetadi. Qo‘shma korxonalar va loyihalar soni esa 10 mingdan oshadi.

Bizningcha, bir tomondan, ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik makoniga aylangan Markaziy Osiyoning o‘zidagi chuqur transformatsiya jarayonlari, boshqa tomondan, Xitoy rahbariyatining qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va “Belbog‘ va yo‘l” global konsepsiyasini ilgari surishga qat’iy sodiqligi ushbu formatdagi hamkorlikning rivojlanishiga imkon bermoqda.

Shu munosabat bilan ko‘ptomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi o‘z qarashlarimizni bildirmoqchiman.

Bugungi uchrashuvimiz xalqaro vaziyat sezilarli darajada yomonlashib borayotgan sharoitda bo‘lib o‘tmoqda. Yo‘qotish va talafotlarga sabab bo‘ladigan mojarolar yangidan alanga olmoqda, global va mintaqaviy darajadagi yirik davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchsizlik kuchaymoqda.

Raqobatning ortishi keskinlikning zo‘rayishiga, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga yangi xavf va tahdidlar paydo bo‘lishiga olib kelmoqda.

Nizoli xalqaro masalalar va ziddiyatli muammolarni hal qilish uchun kuch ishlatish vositalaridan foydalanish o‘zini oqlamaydi va bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz.

Muhtaram Si Szinpin janoblari, Sizning davom etayotgan mojarolar va urushlarda hech qanday g‘oliblar bo‘lmaydi, degan so‘zlaringizga to‘liq qo‘shilaman.

Barcha nizo va ziddiyatlar suverenitetni hurmat qilish, xalqaro huquq me’yorlari va Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomi asosida faqat diplomatik sa’y-harakatlar yo‘li bilan – muzokaralar stolida hal etilishi shart.

Ta’kidlash kerakki, oldindan aytib bo‘lmaydigan bunday sharoitda xalqaro munosabatlarning hozirgidan ko‘ra barqaror tizimlarini ta’minlash uchun mamlakatlarni birlashtirishga qodir bo‘lgan mintaqaviy mexanizmlarning ahamiyati va roli oshmoqda.

Shu munosabat bilan bugun mamlakatlarimiz o‘rtasidagi Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning qabul qilinishini tarixiy voqea, deb hisoblayman. Ushbu hujjat mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashga qo‘shgan umumiy hissamiz bo‘lib qoladi. Shartnomani amaliy jihatdan mustahkamlashda aniq mexanizm va loyihalarni qamrab olgan Uzoq muddatli sheriklik konsepsiyasini qabul qilish muhim ahamiyatga ega.

Savdo, investitsiya va texnologik hamkorlik Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasini amalga oshirishda kuchli lokomotiv bo‘lib xizmat qilmoqda.

Birgina misolni keltirib o‘taman.

Xitoyning ilg‘or tajribasi asosida bizning mamlakatimizda sanoat salohiyati va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, hududlarimizda yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan o‘nlab yirik loyihalar amalga oshirildi.

Ta’kidlayman: Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘sib borayotgan salohiyati va Xitoyning sanoat sohasidagi yetakchiligini birlashtirish bilimlar bilan almashish va texnologiyalar transferining samarali mexanizmlariga ega bo‘lgan umumiy keng imkoniyatlar makoni paydo bo‘lishiga olib kelishi lozim.

Ishonchim komil, yangi iqtisodiy sheriklik dasturining tezroq qabul qilinishi ushbu yo‘nalishda yana bir amaliy qadam bo‘ladi.

Ushbu dasturni aniq vazifalar bilan to‘ldirish, o‘zaro savdo va investitsiyalarni kengaytirish bo‘yicha loyihalar portfelini shakllantirish uchun mamlakatlarimiz bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida Savdo va investitsiyalar bo‘yicha mintaqalararo kengash ta’sis etishni taklif etaman. Uning birinchi uchrashuvini shu yilning oxiriga qadar O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyormiz. 

Savdo aloqalarini rag‘batlantirish maqsadida “Raqamli belbog‘ va yo‘l” doirasida “Raqamli Ipak yo‘li” ko‘ptomonlama savdo platformasini tashkil etish tarafdorimiz. 

Toshkentda reglament va standartlarni yaqinlashtirish, Xitoy talablari bo‘yicha eksport mahsulotlarini sertifikatlashtirish masalalari bilan shug‘ullanadigan Sanoat standartlashtirish va sertifikatlashtirish mintaqaviy markazini yaratishni dolzarb ahamiyatga ega, deb hisoblayman.

Biznes, yetakchi tadqiqot institutlari va muhandislik markazlarini jalb etgan holda, texnologiyalar transferi bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishni taklif etaman.

Sanoat sohasidagi va infratuzilmaviy bog‘liqlikning kuchayishi mamlakatlarimizning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish imkonini beradi. Shu maqsadda “Markaziy Osiyo – Xitoy” sanoat va infratuzilmaviy belbog‘ini yaratishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqishni taklif etaman.

Bu o‘rinda gap Xitoyning investitsiyalari, texnologik va ilmiy yechimlarini jalb etgan holda, o‘zaro bog‘liq sanoat klasterlari, texnoparklar va logistika xablari tizimini yaratish haqida bormoqda.

Bundan tashqari, energetika vazirlari Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy energetika tizimlarini bog‘lash, jumladan, yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish bo‘yicha mega-loyihalarni amalga oshirish masalalarini diqqat bilan o‘rganishlari lozim.  

Mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qodir bo‘lgan samarali moliyaviy vositalarni joriy etish masalasi alohida dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.

Qayd etmoqchimanki, bugungi kunda amalda bo‘lgan xalqaro mexanizmlar, hech shubhasiz, muhim rol o‘ynamoqda, ammo mintaqaning investitsiyaga bo‘lgan talabini to‘liq qoplay olmayapti.

Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, Markaziy Osiyoni infratuzilmaviy rivojlantirishda kapital qo‘yilmalar taqchilligi bir necha yuz milliard dollar deb baholanmoqda.

Shu munosabat bilan infratuzilmalarga oid tashabbuslarni ilgari surishda samarali platformaga aylanishi mumkin bo‘lgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” taraqqiyot jamg‘armasini ta’sis etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.

Markaziy Osiyo va Xitoyning transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish yana bir ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi boshlanganini Yevroosiyo makonida yangi transport va tranzit kommunikatsiyalari tizimining muhim elementi, deb hisoblaymiz.

Barcha mamlakatlarimiz uchun keng imkoniyatlar ochadigan va Xitoyni mintaqamiz orqali Janubiy Osiyo bilan bog‘lash imkonini beradigan Transafg‘on temir yo‘l magistrali loyihasi amalga oshirilishining qo‘llab-quvvatlanishiga umid qilamiz.

Ushbu strategik soha istiqboliga oid umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun transport idoralarimizga dala tadqiqotlarini olib borish, logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish imkoniyatlarini o‘rganish, muqobil yo‘laklar bo‘yicha yuklarni tashish borasida sinov tariqasidagi loyihalarini amalga oshirish uchun ekspertlar guruhlarini shakllantirish yuzasidan topshiriq berishimiz zarur, deb hisoblayman.

Ular faoliyatining natijalari bo‘yicha keyingi uchrashuvimizgacha transport yo‘laklari va zamonaviy tranzit infratuzilmalarining yagona xaritasini shakllantirish uchun aniq va asoslangan takliflar ishlab chiqilishi lozim. 

Mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyotiga jiddiy tahdidlardan yana biri – bu iqlim o‘zgarishlari oqibatlaridir.

Ishonchim komil, mintaqada Xitoyning ilg‘or tajribasini keng joriy etish xatarlarni kamaytirish, “yashil” kun tartibi va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi chora-tadbirlar samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.

Shu munosabat bilan 2030-yilgacha mo‘ljallangan “Yashil” rivojlanish dasturini qabul qilish va uni amalga oshirishga imkon qadar tezroq kirishish muhimdir.

Cho‘llanishga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash, qurg‘oqchil va cho‘l hududlarda bioekologik barqarorlikni oshirish sohasida muloqot va sheriklik uchun bizning formatda Ekologik alyansni tuzishni taklif etaman.

Qayd etmoqchimanki, Xitoy tajribasi va uslubidan foydalangan holda, biz mintaqada kompleks ko‘kalamzorlashtirish va pitomniklar yaratish, biomuhandislik, biomonitoring stansiyalarini rivojlantirishni, shuningdek, ijtimoiy-ta’lim dasturlarini qamrab olgan sinov tariqasidagi loyihalarni amalga oshirishimiz mumkin.

Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlik imkoniyatlariga alohida to‘xtalishni istar edim. Aynan ushbu yo‘nalishlar bugungi kunda milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini belgilab, uzoq muddatli o‘sishning drayveri bo‘lmoqda.

Xitoy intellektual tizimlar rivojlanishida yetakchilik qilib, ushbu yo‘nalishda an’anaviy ravishda yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. 

Ishonchim komilki, sun’iy intellekt va choklanmagan, transchegaraviy elektron kanallar asosida ishlaydigan katta ma’lumotlar bazalari va protsessing markazlarining O‘zaro integratsiyalashgan banklar tarmog‘ini yaratish iqtisodiy hamkorlikning barqaror raqamli infratuzilmasini shakllantirish imkonini beradi. 

Asosiy energetika va transport yo‘nalishlari bo‘ylab “Markaziy Osiyo – Xitoy” optik tolali aloqa tarmog‘ining raqamli trassasini barpo etish zarur, deb hisoblaymiz.

Bu onlayn savdo, “aqlli” logistika, bulutli texnologiyalar va sun’iy intellekt – Sian deklaratsiyasida o‘z ifodasini topgan raqamli kun tartibining barcha yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish uchun asos yaratadi.

Xalqlarimizning bir-birining madaniyatini o‘zaro boyitish va yaqinlashishga bo‘lgan umumiy intilishi – bu bizning bebaho boyligimizdir. Madaniyatlar rang-barangligini hurmat qilish tamoyiliga tayangan holda, bizning hamkorligimiz millionlab insonlar uchun madaniy almashuv yo‘lida yangi imkoniyatlarni ochmoqda.

Bugun qabul qilinayotgan O‘zaro tashriflarni yengillashtirish bo‘yicha tashabbus va Madaniy-gumanitar tadbirlar dasturi aynan shu maqsadlarga qaratilgan.

 “Ipak yo‘li madaniy merosi” yagona raqamli portalini yaratishni taklif etamiz.

U Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoyning tarixiy-madaniy resurslarini, ulardan tadqiqotchilar, talabalar, sayyohlar va kreativ sanoat vakillarining foydalanishiga imkon bergan holda, birlashtiradi.

Professional ta’lim sohasida hamkorlik dasturlarini ishlab chiqish, universitetlar rektorlari forumlarini o‘tkazish, ilmiy akademiyalar va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari uchrashuvlarini tashkil etish orqali umumiy ilmiy-ta’lim platformalarini shakllantirish maqsadga muvofiq.

Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik hal qiluvchi ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolishi kerak. Maxsus xizmatlar va xavfsizlik kengashlari yo‘nalishida terrorizm, ekstremizm, radikalizm, narkotrafik, noqonuniy migratsiya va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha axborot almashishning ko‘ptomonlama ishchi mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishni taklif etaman.  

Biz uchun nafaqat qo‘shni, balki umumiy tarixiy-madaniy va iqtisodiy makonimizning ajralmas qismi bo‘lgan Afg‘oniston muammolariga xalqaro hamjamiyat e’tiborining pasayishi jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.

Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari Afg‘onistonning hamkorlik bo‘yicha boy tajribaga ega bo‘lgan an’anaviy sheriklari sifatida uning qayta tiklanishi va mintaqaviy integratsiya jarayonlariga jalb etilishiga ko‘maklashish uchun barcha imkoniyatlarga ega, deb hisoblayman.

Shu munosabat bilan formatimiz doirasida ushbu masalalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha yuqori darajadagi guruh ta’sis etishni va uning uchrashuvini Afg‘oniston vakillari ishtirokida chegaradosh Termizda o‘tkazishni taklif etaman.

Hurmatli hamkasblar!

Fursatdan foydalanib, Xitoy Xalq Respublikasi vakili Sun Veydun janoblariga muloqotimizning doimiy faoliyat yurituvchi Kotibiyati bosh kotibi lavozimidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilayman.

So‘zimning yakunida O‘zbekiston ochiq muloqotga, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi pragmatik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga sodiq ekanini ta’kidlayman. Ishonchim komilki, bunday sheriklik mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi va ravnaqiga xizmat qiladi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Xitoy yetakchilari ko‘p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar



17-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbarlari keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari misli ko‘rilmagan yuksak darajaga ko‘tarilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil yanvar oyida Xitoyga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.

Barcha darajalarda aloqalar va almashinuvlar sezilarli faollashgani qayd etildi.

Tashqi ishlar vazirlarining strategik muloqoti yo‘lga qo‘yildi. Joriy yil iyun oyi boshida Samarqand shahrida ikkinchi Hududlar forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Savdo-iqtisodiy va moliyaviy-investitsion hamkorlik jadal rivojlanmoqda. 2024-yilda tovar ayirboshlash 14 milliard dollarga yetdi. Investitsiya loyihalari portfeli 60 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda.

Mamlakatimiz hududlarida qo‘shma texnoparklar va maxsus industrial zonalar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, «BYD» elektromobillarini ishlab chiqarish kengaymoqda.

«Yashil» energetika, neft-gaz, kimyo, farmatsevtika, metallurgiya, tog‘-kon, to‘qimachilik, oziq-ovqat va qurilish tarmoqlarida hamda logistika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, sun’iy intellekt va raqamlashtirish sohalarida istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. «Ipak yo‘li» jamg‘armasi bilan investitsiya platformasini kengaytirish rejalashtirilgan. Xitoy Eksimbanki ishtirokida poytaxtimizda Olimpiya shaharchasi qurilishi yakunlanmoqda. Toshkent shahrida ushbu bankning mintaqaviy filiali ochildi.

Kambag‘allikka qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yetakchilar «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» strategik temir yo‘li qurilishini jadallashtirish muhimligini ham qayd etdilar.

Ta’lim, fan, turizm va madaniyat, kadrlar tayyorlash va xitoy tilini o‘rganish sohalaridagi almashinuvlarni rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirildi.

O‘zbekistonda Xitoyning Shimoli-g‘arbiy qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi universitetining filiali faoliyat ko‘rsatmoqda, Urganch universiteti negizida Pekin universiteti bilan hamkorlikda Xalqaro matematika markazi tashkil etilgan.

O‘tgan yili Konfutsiy instituti faoliyatining 20-yilligi nishonlandi, Xitoyning «Lu Ban ustaxonasi» professional ta’lim tizimi joriy etilmoqda.

Kelgusi yilda ikki mamlakatda madaniyat va san’at haftaliklarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Uchrashuvda xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi. BMT, SHHT, «Markaziy Osiyo – Xitoy» formati va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi muvofiqlashuv va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Yakunda yetakchilar huzurida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani to‘g‘risida bayonnoma imzolangani e’lon qilindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘istonga keldi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan Ostona shahriga keldi.

Poytaxt aeroportida davlatimiz rahbarini Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Bugun O‘zbekiston yetakchisi «Markaziy Osiyo – Xitoy» formatidagi navbatdagi sammitda ishtirok etadi va Xitoy Raisi bilan muzokara o‘tkazadi.

Posted on Leave a comment

Prezident amaliy tashrif bilan Qozog‘istonga jo‘nab ketdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-iyun kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan «Markaziy Osiyo – Xitoy» ikkinchi sammitida ishtirok etish uchun Ostona shahriga jo‘nab ketdi.

Bo‘lajak tadbirda ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqiladi.

Davlatimiz rahbari Xitoy Raisi bilan ham muzokara o‘tkazadi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti amaliy tashrif bilan Qozog‘istonda bo‘ladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan «Markaziy Osiyo – Xitoy» formatidagi ikkinchi sammitda ishtirok etish uchun 17-iyun kuni amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘ladi.

Tadbirda mintaqa davlatlari rahbarlari va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ishtirok etadi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi. Yakunda qo‘shma hujjatlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Sammit doirasida O‘zbekiston Prezidenti Xitoy Raisi bilan ikki tomonlama uchrashuv ham o‘tkazadi.

Ta’kidlash joizki, bu formatdagi birinchi sammit Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish maqsadida 2023-yil may oyida Xitoyning Sian shahrida bo‘lib o‘tgan edi.

Posted on Leave a comment

Islohotlar natijadorligi tahlil qilinib, qo‘shimcha vazifalar belgilandi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-iyun kuni islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi va aholini qiynayotgan masalalar tahlili bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilish boshida joriy yilning besh oyidagi iqtisodiy-ijtimoiy ko‘rsatkichlar qayd etildi. Bu davrda sanoat 6,4 foiz o‘sgan, eksport miqdori 18 foiz, xorijiy investitsiyalar 46 foiz oshgan. Qiymati 3 milliard dollarlik 2 ming 500 dan ziyod yangi quvvat ishga tushgan. 2 million 400 ming odam daromadli bo‘lgan.

Shu bilan birga, dunyoda turli mojarolar avj olayapti, savdo aloqalari va logistika qiyinlashayapti. Tinchlik, adolat va inson qadrini ulug‘lashga bo‘lgan ehtiyoj har qachongidan ham oshib borayapti.

Shuning uchun hokimlar va vazirlar imkoniyatlarni to‘g‘ri baholab, tashabbus ko‘rsatib ishlashi, aholi va biznes bilan muloqotni yanada kuchaytirib, muammolarni tez-tez hal qilib berishi zarur.

Yig‘ilishda bu masala hududlar va tarmoqlar kesimida tahlil qilinib, tizimli kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, har bir tumandagi 40 dan ziyod tashkilotda o‘rtacha 500 nafar xodim ishlaydi. Lekin ayrim oddiy masalalarni hal qilish uchun ham viloyatdan, ular esa respublikadan ruxsat olishi kerak. Yoki, vakolati va mablag‘i yetarli bo‘lgan tashkilotlar o‘zini “nazoratchi” deb bilib, aholining og‘irini yengil qilish bilan shug‘ullanmayapti.

Vazirlar, hukumatdagi mas’ullar tartib-intizomga qattiq e’tibor bermagani uchun islohotlar ijrosi cho‘zilib ketayapti. Sud qarorlari vaqtida bajarilmayotgani yuzasidan ham murojaatlar ko‘p.

Yilning qolgan davrida 26,5 milliard dollar investitsiya kiritilishi, 1 sentyabrgacha 3,3 milliard dollarlik 35 ta yirik loyiha ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida 30,5 milliard dollarlik savdo va investitsiya shartnomalari imzolandi. Ular bo‘yicha ham tizimli ish olib borish kerak.

Shu bois yig‘ilishda ijro intizomini mustahkamlash, aholi muammolari bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Bundan buyon ijro intizomiga Hisob palatasi mas’ul bo‘ladi, uning vakolatlari kengaytiriladi. Berilgan mablag‘larning faqat to‘g‘ri sarflanishi emas, balki nima samara bergani, aholi bundan qanchalik rozi bo‘lgani ham o‘rganiladi. Palata bu tahlillardan kelib chiqib, davlat rahbariga takliflar kiritadi. Prezident Administratsiyasining Nazorat inspeksiyasi tugatiladi.

Toshkent shahrida o‘zini oqlagan “Xalq nazorati” elektron portali butun respublikada ishga tushiriladi. Bu tizim murojaatlarning yagona platformasi bo‘ladi va unga barcha vazirlik, idora, hokimliklar ulanadi.

Oxirgi paytlarda Xalq qabulxonalari aholi dardini eshitib, masalalarni hal qilish o‘rniga, murojaatlarni davlat tashkilotlariga taqsimlovchi vositachiga aylanib qolgan edi. Joylardagi muammolar hal bo‘lmagani uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar ko‘paygan.

Prezidentimiz aholining dardu tashvishlarini eshitib, odamlarga sharoit yaratib berish rahbarlarning asosiy vazifasi ekanini ta’kidladi.

– Har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va umidi turganini unutmasligimiz kerak. Xalqning dardi bilan yashash biz uchun majburiyat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois Xalq qabulxonalari tarkibi fidoyi mutaxassislar bilan to‘ldirilishi aytildi. Endi Xalq qabulxonalariga viloyat va tuman hokimining o‘zi rahbarlik qiladi. Ular har kuni ishini aholi dardi va tashvishini eshitishdan boshlaydi. Bugun tug‘ilgan muammoni keyinga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Murojaatni boshqa idoraga yubormasdan, shu joyning o‘zida hal qiladi. Buning uchun tuman hokimining vakolatlari kengaytiriladi.

Masalan, hokimda tuman tashkilotlari shtatini taqsimlash, yaxshi rahbarni rag‘batlantirish, sustrog‘ini vazifasidan ozod qilish bo‘yicha vakolat yo‘q. Hokim ham, o‘rinbosarlari ham ko‘p vaqtini yig‘ilish o‘tkazishga sarflayapti.

Quyi bo‘g‘indagi shtatlar hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadiga mos emas. Tarmoq tashkilotlari ko‘p yillik rejalar dasturini qilib, tashabbus ko‘rsatmayapti, kunlik topshiriqlar bilan ovora.

– Tuman bo‘g‘ini samarali ishlamasa, yuqoridan qanday topshiriq tushirilmasin, ko‘zlangan maqsadlarga erishib bo‘lmaydi, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari shunga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Endi tumanlarda yondashuv ham, boshqaruv tizimi ham o‘zgaradi. Bu yil Surxondaryo viloyatida hamda 16 ta hududda – Bektemir, Qo‘ng‘irot, Chimboy, Asaka, G‘ijduvon, G‘allaorol, Yakkabog‘, Xatirchi, Chortoq, Bulung‘ur, Sirdaryo, Quva, Shovot, Hazorasp tumanlari, Marg‘ilon va Yangiyo‘l shaharlarida yangicha boshqaruv joriy etiladi.

Ya’ni, iqtisodiyot va moliya, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, bandlik, qurilish, ekologiya, madaniyat, oila va xotin-qizlar, yoshlar masalalari bo‘yicha 9 ta davlat idorasining tuman bo‘limi hokimlik tizimiga o‘tadi. Ulardagi jami shtatlarni taqsimlash, ishga olish va bo‘shatishni hokim hal qiladi. Tumanlar ixtiyorida qoladigan mablag‘lar manbasi ko‘paytiriladi.

Endi hokimda 4 nafar o‘rinbosar bo‘ladi. Tuman yo shaharning rivojlanish rejasiga qarab, qaysi soha bo‘yicha o‘rinbosar bo‘lishini uning o‘zi belgilaydi. Hokim o‘rinbosariga aniq vazifalar yuklatilib, har bir vazifa va funksiyasi mablag‘i bilan mustahkamlanadi.

Hokim va uning o‘rinbosarlari samaradorlik ko‘rsatkichlarini to‘liq bajarsa, keyingi yil hududga beriladigan mablag‘ 10-15 foiz ko‘paytiriladi. Aks holda, mablag‘ oshirilmaydi va mas’ul rahbar ishdan ketadi.

Tumanda soha mutasaddilari va yetakchi tadbirkorlardan iborat “Islohotlar shtabi” tuziladi. U orqali mahallalar kesimida loyiha, infratuzilma, moliyaviy manba, kadrlar masalasini qamrab olgan uch yillik dastur tayyorlanadi. Kelgusi yil uchun budjet, infratuzilma, ishlab chiqarish, xizmat, investitsiya va bandlik dasturlari shu asosda tasdiqlanadi.

Bu yangi tajriba, natijalarga qarab, kelgusi yildan butun respublikamizda yo‘lga qo‘yiladi.

Yana bir muhim yangilik – ishchan va jozibador muhit yaratish uchun 1-avgustdan barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshiriladi, xodimlarga ishiga qarab oylik ustama va qo‘shimcha bonus beriladi.

Lekin, o‘ziga yuklatilgan vazifani bajara olmaganlarga chora ko‘riladi. Ana shunda, hamma intizom va reja bilan ishlashga o‘rganadi.

Yig‘ilishda hududlarda bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya va eksport hamda muhitni yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Soliq ma’murchiligini yaxshilab, aholi tadbirkorligini va ish o‘rni yaratishni qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.

Mahallalarga suv olib borib, meva-sabzavot yetishtirish, zamonaviy agrotexnologiyalar orqali eksportni ko‘paytirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi. O‘rmon va yaylovlardan chorvachilikda foydalanib, go‘sht va sut mahsulotlarini ko‘paytirish, oziq-ovqat inflyatsiyasini jilovlash chora-tadbirlari belgilandi.

Shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish, yo‘l harakatini to‘g‘ri tashkil qilib, tirbandlik va avtohalokatlarni kamaytirishning ahamiyati qayd etildi. Odamlar sayr qiladigan joylar, yashillik va bolalar maydonchalarini ko‘paytirib, xalqni rozi qilish talabi qo‘yildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir, hukumat a’zolari va hokimlar axborot berdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti «Euronews» direktorlar kengashi raisi Pedro Vargasni qabul qildi



Toshkent investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Euronews» media xoldingi direktorlar kengashi raisi Pedro Vargasni qabul qildi.

Ushbu yetakchi kompaniya bilan hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, «Euronews»ning keng auditoriyasini O‘zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosi, mamlakatda ro‘y berayotgan muhim siyosiy-iqtisodiy jarayonlar, shuningdek, uning investitsion va turizm salohiyati to‘g‘risida xabardor qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari qo‘shma axborot loyihalarini amalga oshirish va professional kadrlar tayyorlash borasidagi faol sa’y-harakatlarni, shuningdek, «Euronews» Toshkent shahrida o‘z ofisini ochishni rejalashtirayotganini olqishladi.

«Euronews Academy» dasturi doirasida o‘zbekistonlik jurnalistlarni ilg‘or professional standartlar asosida o‘qitish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Barcha istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni tayyorlashga kelishib olindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Yevropa biznesi bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi



Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashi majlisi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Standard Chartered», «International Hospitals Group», «LVMH», «Airbus» kabi Yevropaning qator yetakchi kompaniyalari rahbarlarini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari forumda Yevropa davlatlaridan ishtirokchilar sonining ko‘paygani tomonlar iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanidan dalolatligini ta’kidladi.

Yevropa mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar soni va investitsiyalar portfeli ko‘payib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Faol madaniy-gumanitar, ta’lim va turizm almashinuvlari yo‘lga qo‘yilgan.

«Standard Chartered» kompaniyasi rahbari Saif Malik bilan kichik biznes va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, shuningdek, O‘zbekiston banklari tomonidan yangi kredit liniyalarini o‘zlashtirish bo‘yicha sheriklikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

“International Hospitals Group” boshqaruvi raisi Chester King bilan klinika qurish rejalari, shuningdek, O‘zbekistondagi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarish masalalari muhokama qilindi.

Toshkent-sitida “LVMH” flagman do‘konini ochishni tezlashtirish muhimligi qayd etildi. Shuningdek, O‘zbekistondagi ipak va tabiiy xomashyo ishlab chiqaruvchilarni kompaniyaning ta’minot zanjiriga kiritish imkoniyatlari muhokama qilindi.

“Airbus” kompaniyasining Yevropadagi prezidenti Yoxan Pelise bilan suhbatda aviatsiya sohasidagi sheriklikni kengaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Uzoq muddatli Hamkorlik dasturini qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.

Yevropa kompaniyalari rahbarlari O‘zbekiston Prezidentiga samimiy qabul va mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi. Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida muhim loyiha va dasturlarni amalga oshirishda bundan buyon ham ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Rossiya yetakchisi va ko‘p millatli xalqini yaqinlashib kelayotgan davlat bayrami – Rossiya kuni bilan samimiy tabrikladi.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish va sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.

Ikki mamlakat hududlari darajasidagi faol almashinuvlar va amaliy hamkorlikni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Rossiyada madaniy tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.