Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya delegatsiyasini qabul qildi



Toshkent investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) boshqaruvchisi Nobumitsu Xayasi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Yaponiyaning ushbu yetakchi moliyaviy instituti ishtirokidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi.

JBIC mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilishga hissa qo‘shayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda qo‘shma loyihalar portfeli, shu jumladan neft-kimyo, to‘qimachilik sanoati, energetika, axborot texnologiyalari, infratuzilma va boshqa yo‘nalishlarda qariyb 4 milliard dollarga yetdi.

Yangi uch yillik hamkorlik dasturi doirasida Yaponiya kompaniyalari ishtirokida «yashil» energetika, IT, transport va sog‘liqni saqlash sohalarida kooperatsiya loyihalarini tez fursatda tayyorlash va ilgari surish muhim ekani ta’kidlandi.

O‘zbekistonda Yaponiya xalqaro universitetini ochish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish muhimligi qayd etildi.

Muzokaralar yakunida kompleks «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash muhimligini qayd etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlarida ishtirok etayotgan Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziyni qabul qildi.

Suhbat avvalida vazir O‘zbekiston yetakchisiga Afg‘oniston rahbariyatining samimiy salomini yetkazdi.

Savdo-iqtisodiyot, transport-logistika, energetika va agrar sohalarda, shuningdek, geologiya-qidiruv va foydali qazilmalar borasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ishbilarmonlik aloqalari faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar soni ortmoqda, ikki mamlakat kompaniyalari ishtirokida biznes tashriflari va ko‘rgazmalar muntazam o‘tkazilmoqda. Termiz shahrida Xalqaro savdo markazi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning may oyida Kobul va Mozori Sharif shaharlarida savdo uylari ochildi.

O‘zbekiston rahbari iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, «Hayraton» sanoat markazini tez fursatda barpo etish, u yerda farmatsevtika, mebelsozlik, to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash quvvatlarini joylashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Transafg‘on temir yo‘li va «Surxon – Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasini qurish kabi yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalari qo‘llab-quvvatlandi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti YXHTning amaldagi raisini qabul qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi, Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Elina Valtonenni qabul qildi.

Suhbat avvalida oliy martabali mehmon davlatimiz rahbariga Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubbning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston bilan YXHT o‘rtasida amaliy aloqalarni mustahkamlash hamda O‘zbekiston-Finlyandiya hamkorligini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Milliy saylov tizimini modernizatsiya qilish, ommaviy axborot vositalari erkinligini ta’minlash, gender va yoshlar masalalari, «yashil» kun tartibi bo‘yicha tashkilot bilan konstruktiv hamkorlik rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Iqlim xavfsizligi va barqaror rivojlanish masalalariga e’tiborni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston-Finlyandiya munosabatlarining, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi kun tartibi batafsil ko‘rib chiqildi.

Mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi, bo‘lajak tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Lombardiya bilan hamkorlik uchun katta salohiyat borligini qayd etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Lombardiya Italiyaning aholisi eng ko‘p va yirik hududlaridan biri bo‘lib, Yevropaning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan viloyatlari qatoriga kiradi.

O‘zaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Yaqinda Samarqand shahrida Bosh vazir Jorja Meloni bilan o‘tgan muzokaralarning natijalari, ular davomida hududlararo aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olingani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda Lombardiya kompaniyalari bilan hamkorlikda pomidor, za’faron yetishtirish, noto‘qima mato va trikotaj, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Tayyor tekstil, avtoelektronika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, sut va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, jamoat transportini rivojlantirish va boshqa loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Qo‘shma loyihalar portfelini kengaytirish, Italiyaning ilg‘or texnologiyalari va investitsiyalarini O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga yanada keng jalb qilish muhimligi qayd etildi.

Milan shahrida O‘zbekistonning sanoat va eksport salohiyati ko‘rgazmasini o‘tkazish, savdo uyi ochish va «Uzbek Organic» brendi ostida eksport liniyasini ishga tushirishga kelishib olindi.

Madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish maqsadida 2026-yilda Milanda O‘zbekiston muzeylarining ko‘rgazmasini tashkil etish masalasi o‘rganilmoqda.

Gubernator, o‘z navbatida, Lombardiya ishbilarmon doiralarining loyiha va tashabbuslari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston hududlari bilan keng ko‘lamli sheriklikni yo‘lga qo‘yishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Attilio Fontanaga 2026-yilda Milan shahrida bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda muvaffaqiyatlar tiladi.

Posted on Leave a comment

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorijiy investorlar kengashi doirasidagi amaliy sheriklikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi



11-iyun kuni Xalqaro kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari raisligida o‘tgan tadbirda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, “Masdar”, “Indorama”, “ACWA Power”, “Vision Invest”, “DataVolt”, “Veon”, “Boeing”, “Air Products”, “SpaceX”, “Meta”, “John Deere”, “Franklin Templeton”, “Suez”, “EDF”, “Total Energies”, “Voltalia”, “Orano”, “Linde”, “Claas”, “Sojitz”, “Bomi”, “OTP Bank”, “Goldwind”, “Çalik”, “Çengiz”, “Aksa”, “JBIS” kabi yetakchi kompaniya va banklar rahbarlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari – Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki va Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi vakillari ishtirok etdi.

Kengashning asosiy vazifalari muvaffaqiyatli tajriba va jahon amaliyotidan kelib chiqqan holda mamlakatni investitsiyaviy, sanoat-texnologik va innovatsion rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha maslahat berish hamda O‘zbekiston Hukumati bilan xorijiy investorlar o‘rtasida ochiq muloqotni ta’minlashdan iborat.

Davlatimiz rahbari majlisni ochar ekan, kuni kecha o‘tgan to‘rtinchi Toshkent investitsiya forumining samarali natijalarini qayd etdi hamda kengash a’zolariga Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi va ko‘magi uchun minnatdorlik bildirdi.

Kengashning avvalgi yig‘ilishlari natijador bo‘lgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Xususan, xalqaro moliya tashkilotlari bilan ishlashning mutlaqo yangi formatiga o‘tildi, samarali hamkorlik tizimi joriy etildi, o‘zaro manfaatli sheriklik tarmoqlari kengaydi.

Jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘tgan yili O‘zbekistonga rekord miqdorda – qariyb 1 milliard dollar investitsiya kiritdi. Mamlakatimiz bankning mintaqadagi eng yirik hamkoriga aylandi.

Shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlarining xususiy sektor bilan hamkorligi sezilarli darajada kuchaydi. Xususiy kompaniya va banklar bilan qo‘shma loyihalar hajmi 1 milliard dollardan oshdi.

Bu galgi majlisda ishtirok etayotgan kompaniyalar «yashil» energetika, chiqindilarni qayta ishlash, elektr energiyasini saqlash, «yashil» vodorod ishlab chiqarish va boshqa sohalarda yangi loyihalarni boshladi.

Xususan, «ACWA Power», «Masdar», «Linde», «Shanghai Renewable Energy» va «Total Energies» kompaniyalari 8 milliard dollardan ziyod investitsiya kiritib, «yashil» iqtisodiyot rivojiga katta hissa qo‘shmoqda.

O‘zbekistonning raqamli texnologiyalar sohasiga jahonga mashhur nufuzli kompaniyalar ham faol kirib kelmoqda. “DataVolt” kompaniyasi mintaqadagi eng yirik «yashil» ma’lumotlar markazini barpo etish, “Veon” esa sun’iy intellektga asoslangan mobil superilovani yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqda.

– Buni xorijiy investorlarning islohotlarimiz va ochiqlik siyosatimizga bo‘lgan yuksak ishonchi ifodasi, deb bilaman, – dedi Prezident.

Kengashga a’zo Xalqaro moliya korporatsiyasi, «Ernst&Young», «Dentons», «Knauf» va «TBC» kompaniyalari tomonidan milliy qonunchilikni xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish bo‘yicha qator takliflar bildirildi. Ularning yangi tashabbus va g‘oyalari 10 dan ortiq qonun, farmon va qarorlarda o‘z ifodasini topdi.

Davlatimiz rahbari biznes uchun bazaviy soliq stavkalari 2028-yilgacha o‘zgarmasligini ma’lum qildi.

Umuman, investitsiya muhiti yaxshilangani natijasida so‘nggi 2-yilda yurtimizda xorijiy kapital ishtirokida 5,5 mingta yangi korxona tashkil etilib, ularning soni 16 mingtaga yetdi.

Qayd etilganidek, bugungi uchrashuvga tayyorgarlik doirasida xorijiy hamkorlarning 40 dan ortiq tashabbuslari saralab olindi. Xususan, investorlar tomonidan soliq qonunchiligi barqarorligini ta’minlash, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlar sonini ko‘paytirish, infratuzilma loyihalarida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Joriy yilda yo‘l qurilishi, transport, energetika, suv ta’minoti, irrigatsiya va boshqa sohalarda qariyb 4,5 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalari boshlangan. Moliyaviy hisobotning, shuningdek, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruvning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.

Kelib tushgan takliflar asosida garov to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish, xorijiy kompaniyalar uchun professional kadrlar tayyorlash, mahalliy kompaniyalarda korporativ boshqaruvni yaxshilash, soliq ma’murchiligi bo‘yicha qo‘shimcha ishchi guruhlar tashkil etiladi.

Kengash Kotibiyatining mustaqilligini oshirish va uni alohida yuridik shaxs sifatida qayta tashkil etish taklif etildi.

So‘zga chiqqan kengash a’zolari Yangi O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar dasturi natijalarini yuqori baholadi. Davlatimiz rahbariga investitsiyaviy faoliyatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani va o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga qat’iy intilishi uchun minnatdorlik bildirildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti YTTB bilan sheriklikning ustuvor masalalarini muhokama qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-iyun kuni Xorijiy investorlar kengashining uchinchi majlisi arafasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

O‘zbekiston bilan ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Qo‘shma loyihalar portfeli kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi: YTTBning O‘zbekistonga investitsiyalari 5,5 milliard yevrodan oshdi. Joriy yilda yana 1,1 milliard yevro jalb qilish rejalashtirilgan bo‘lib, uning katta qismi xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Sheriklik strategiyasi samarali amalga oshirilmoqda. YTTBning faol ko‘magi bilan bank sohasini transformatsiya qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari hamkorlik natijadorligini oshirish muhimligini ta’kidlab, uning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.

Suv ta’minoti tizimini texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish dasturini ilgari surish, ipoteka bozorini, erkin iqtisodiy zonalar infratuzilmasini rivojlantirish, kichik va o‘rta biznes imkoniyatlarini kengaytirish, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlar shular jumlasidan.

Ta’lim va tibbiyot sohalarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ilgari surish, sun’iy intellektni joriy qilish va raqamli transformatsiyaga qaratilgan startaplarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.

Xorijiy investorlar kengashining bo‘lajak uchinchi majlisi kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.

Posted on Leave a comment

Xalqimizni yanada birlashtirgan tarixiy yutuq



Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni “Bunyodkor” stadioniga tashrif buyurib, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinini tomosha qildi.

Bu oddiy o‘yin emas, o‘zbek futbolining katta bayrami. Jahon chempionati saralash bosqichining so‘nggi uchrashuvi. Lekin mohir sportchilarimiz mundial yo‘llanmasini muddatidan oldin naqd qilib qo‘ygan – O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etadi!

Buni futbolsevar xalqimiz ko‘p yillar orziqib kutgan edi. Terma jamoamiz bundan oldin yetti marta saralashlarda qatnashib, mundialga chiqa olmagandi. Har doim yo taqvim, yo gollar nisbati, yo mahorat yetishmasligi sabab bo‘lib qolaverardi.

Hech qanday sabab-bahonaga o‘rin qolmasligi uchun esa futbolchilar kuchli bo‘lishi kerak, poydevor mustahkam bo‘lishi kerak. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-martdagi qarori bilan, 2018-2022-yillarda futbolni yanada rivojlantirish dasturi qabul qilingan edi. Iste’dodli yoshlarni tanlash, keyinchalik professional etib tayyorlash hamda milliy terma jamoalar zaxirasini yaratish maqsadida 14 ta hududda bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalari tashkil etildi. Mashg‘ulot va musobaqalarda sifat oshdi. Murabbiylar, hakamlar va boshqa mutaxassislarga e’tibor kuchaydi.

2019-yil 4-dekabrda Prezidentimiz “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmon imzoladi. Unda klublar faoliyatini rivojlantirish, xalqaro darajadagi mutaxassislar tayyorlash, terma jamoalarning o‘quv-mashg‘ulot jarayonini zamonaviy tashkil etish, mamlakatimizda nufuzli musobaqalar o‘tkazish maqsadlari belgilangan edi. 2023-yil 8-aprelda qabul qilingan ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishga oid Prezident qarori ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Bunday e’tibor va tizim tufayli birin-ketin natijalar kela boshladi. 2018-yilda U-23 jamoamiz Xitoyda, 2023-yilda U-20 futbolchilarimiz O‘zbekistonda o‘tgan musobaqalarda Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi. Yurtimizda FIFA va OFK dasturidagi turnirlarni o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.

2024-yilda o‘zbek futboli rivojida yangi sahifa ochildi – 23 yoshgacha bo‘lgan terma jamoamiz birinchi marta Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etdi.

Yutuq va xursandchiliklar bu yil ham davom etmoqda. Yaqindagina, aprel oyida Caudiya Arabistonida o‘tgan musobaqada 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarimiz Osiyo kubogini qo‘lga kiritib, jahon chempionatiga yo‘llanma olgan edi. Mana endi asosiy terma jamoamiz ham yangi tarix yaratdi.

O‘zbekiston ushbu 3-saralash bosqichining “A” guruhidan o‘rin olgan edi. Qariyb bir yil mobaynida Eron, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Qirg‘iziston, Shimoliy Koreya futbolchilari bilan bahs olib borildi. 5-iyun kuni o‘tgan BAA – O‘zbekiston o‘yinida durang qayd etildi. Natijada 9-tur yakunlariga ko‘ra, terma jamoamiz ochkolari soni 18 taga yetdi va jahon chempionatiga chiqish kafolatlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan yo‘llagan tabrigida futbolchilarimiz chinakam jasorat va matonat namunasini ko‘rsatib, xalqimiz orzusini ro‘yobga chiqarganini ta’kidladi.

Aminman, bu tarixiy yutuq xalqimizni ezgu maqsadlar yo‘lida yanada birlashtiradi, ming-minglab yoshlarimiz uchun ilhom manbaiga, ibrat timsoliga aylanadi, Yangi O‘zbekistonning xalqaro obro‘-e’tiborini yanada oshirishga xizmat qiladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Chindan ham, bu tarixiy voqea butun xalqimizni birlashtirdi, quvontirdi. Shu bois ham so‘nggi turdagi O‘zbekiston – Qatar o‘yini bayramga aylanib ketdi.

Uchrashuv o‘z jonkuyarlari oldida o‘ynagan hamyurtlarimizning to‘liq ustunligida o‘tdi. Yakunda O‘zbekiston 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 6-iyundagi farmoniga muvofiq, Vatanimiz tarixida birinchi marta jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani, yosh avlodni sportga mehr va milliy g‘urur ruhida tarbiyalashga qo‘shgan hissasi uchun futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari va murabbiylaridan bir guruhi mukofotlangan edi. O‘yindan keyin ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi. Davlatimiz rahbari qahramon sportchilarimizga faxriy unvon, orden va medallarni topshirdi. Shuningdek, terma jamoamiz a’zolari va mutaxassislariga BYD avtomobillari sovg‘a qilindi.

Futbol bayrami dronlar va mushaklar shousi bilan yakunlandi.

2026-yilgi jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. 48 ta jamoa 12 ta guruhga bo‘linib bahs olib boradi. Guruhlarda birinchi-ikkinchi o‘rinni egallaganlar hamda natijalari eng yaxshi 8 ta uchinchi o‘rin sohiblari keyingi bosqichga yo‘l oladi. O‘zbekiston iftixori bo‘lgan futbolchilarimizdan bu musobaqada ham yaxshi natijalar kutib qolamiz.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosarini qabul qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Nokerguli Ataguliyevni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, energetika, suv xo‘jaligi sohalarida keng ko‘lamli hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiyani kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bo‘lajak Hududlar forumi hamda qator qo‘shma ishbilarmonlik va madaniy tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhim ekani ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Rossiya bilan energetika sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni to‘rtinchi Toshkent investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining o‘rinbosari Aleksandr Novakni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Aleksandr Novak davlatimiz rahbariga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda forum muvaffaqiyatli o‘tayotgani bilan tabrikladi.

O‘tgan yil may oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi va oliy darajadagi boshqa muloqotlar davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Energetika sohasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish, neft-gaz tarmog‘idagi qo‘shma loyihalarni jadallashtirish, tinch atom sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Tojikiston Bosh vazirini qabul qildi



Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Qohir Rasulzoda davlatimiz rahbariga Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston-Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi doirasida yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Ko‘p qirrali hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi ortmoqda, sanoat, energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Samarali hududlararo aloqalar va faol madaniy-gumanitar almashinuv yo‘lga qo‘yilgan.

Sheriklikning yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish, tovar ayirboshlashni ko‘paytirish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ishlab chiqish, kooperatsiya va chegaraoldi hamkorlik loyihalarini faol ilgari surish muhim ekani ta’kidlandi.