Posted on Leave a comment

Italiya Bosh vaziri rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni 28-29-may kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

Sammit davlatimiz rahbarining 2023-yil 7-9-iyun kunlari Italiyaga rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq o‘tkaziladi.

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston-Italiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Innovatsion hamkorlik va gumanitar almashinuv loyihalarini ilgari surish diqqat markazida bo‘ladi.

Yakunda ikki tomonlama bitimlar to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Jahon triatlon ittifoqi bilan hamkorlikni kengaytirish rejalarini olqishladi


Robo Gallery: You didn’t select any Robo Gallery item in editor. Please select one from the list or create new gallery

26-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi triatlon va paratriatlon bo‘yicha jahon kubogi doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Butunjahon triatlon ittifoqi rahbari Antonio Fernandes Arimanini qabul qildi.

Ushbu nufuzli global tashkilot bilan mazkur sport turini ommalashtirish va O‘zbekistonda milliy triatlon maktabini qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda triatlon jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Milliy federatsiya faoliyat ko‘rsatmoqda, muntazam ravishda xalqaro musobaqalar o‘tkazilmoqda, o‘zbekistonlik sportchilar qit’a va jahon reytinglarida o‘z o‘rinlarini mustahkamlab bormoqda.

Sportchilar, murabbiylar, hakamlar va sport menejerlarini tayyorlash, zamonaviy infratuzilmani yaratish sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish va ekspert ko‘magi dasturlarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Posted on Leave a comment

Mahalliy sanoat rivoji uchun yangi imkoniyatlar belgilandi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-may kuni mahalliy sanoatni rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Bugun dunyodagi tebranishlar sharoitda har bir davlat, avvalo, eng ko‘p ish o‘rinlari yaratadigan sohalarni himoyalash choralarini ko‘rayapti. Mamlakatimizda to‘qimachilik, qurilish materiallari, mebelsozlik ana shunday sohalardir – ularda 1 millionga yaqin aholi ishlamoqda.

O‘tgan 4 oyda yurtimizda sanoat 6,3 foizga o‘sib, 290 trillion so‘mga yetgan. Eksport 20 foizga oshib, 6 milliard 350 million dollarni tashkil etgan.

Yig‘ilishda mahalliy sanoatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bu boradagi holat tuman va tarmoqlar kesimida tahlil qilinib, kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, to‘qimachilikda 7 mingga yaqin tadbirkor 500 dan ziyod turdagi mahsulotlar chiqarayapti. Ayrimlari nufuzli brendlarga kiyim-kechak yetkazib berayapti.

Lekin ko‘pchilik sifatga ishlayotgani bilan, buni ko‘rsatib bera olmayapti. Hozirgacha faqat 244 ta korxonamizda xalqaro sertifikat bor, xolos. Ularning ham katta qismi Toshkent va vodiy viloyatlarida bo‘lib, boshqa hududlarda barmoq bilan sanarli.

O‘zbekiston Prezidentining farmoniga ko‘ra, nafaqat xalqaro sertifikat olish, balki korxonani bunga moslashtirish xarajati ham qoplab berilishi belgilangan. Bundan foydalanib, imkoniyatlarni tadbirkorlarga yetkazib, har bir viloyatda xalqaro sertifikatga ega korxonalarni ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari bu borada muhim tashabbusni ilgari surdi. O‘zbekistonda Milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi tashkil qilinadi. Unga xorijdan brend-menejer, dizayner, marketologlar jalb etilib, milliy brendlarimizni jahon bozoriga olib chiqishga ko‘maklashiladi. Xalqaro sertifikati bor, raqobatbardosh mahsulotlarga sifat belgisi berilib, dunyoda keng targ‘ib etiladi.

Yurtimizda milliy mahsulotlar bir joyda sotiladigan savdo markazlari yo‘q. Shu bois endi hududlarda “Mall of Uzbekistan” majmualari barpo etiladi. Ulardagi savdo do‘konlari tadbirkorlarga minimal narxda ijaraga beriladi. Bunday markazlar xaridorlarga keng tanlov imkonini berib, xorijiy turistlarga ham qulay bo‘ladi.

Hozirgi murakkab sharoitda o‘zimizda bor xomashyoni chuqur qayta ishlab, qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirish – eng asosiy masala. Shu maqsadda, tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilar uchun faktoring tizimi joriy qilindi, bunga 100 million dollar ajratildi.

Shuning davomi sifatida, endi to‘qimachilik korxonalari ip-kalavani faktoring asosida soddalashgan tartibda sotib olishi mumkin bo‘ladi.

Mahalliy sanoatdagi yana bir salohiyatli yo‘nalish – mebelsozlik. Bu tarmoqda 7 ming 500 ta korxona ishlab turibdi. O‘tgan yilning o‘zida 920 ta yangi korxona ochilgan. Sohada 6 trillion 700 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlanib, 20 million dollarlik mebel eksport qilingan.

Tadbirkorlarimiz bundan ko‘piga ham qodir. Shu maqsadda uydagi hunarmandlikdan sanoatlashgan bosqichga o‘tish istagida yurganlar ancha.

Shu bois, endi 5 nafargacha ishchi olganlarga yakka tadbirkor sifatida mebel ishlab chiqarishga ruxsat beriladi. Ushbu faoliyatni boshlash, kengayish istagida yurgan yosh tadbirkorlarga 7 yilga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli kredit ajratiladi.

Mebelchilikka ixtisoslashgan Sharof Rashidov, Yangi Namangan, Pastdarg‘om, O‘rta Chirchiq, Quva, Buvayda, Yunusobod va Uchtepa tumanlarida Xonqa tajribasi asosida mebelchilik markazlari tashkil etiladi.

Sohadagi kichik biznes vakillari chet eldan materiallar olib kelishda qiynalishi mumkin. Ularga bu borada ko‘maklashish, transport xarajatlarini yengillatib, xomashyoni arzon yetkazib berish maqsadida yog‘och va yog‘och materiallarini markazlashgan holda olib kelish tashkil etiladi. Bunda monopoliyaga yo‘l qo‘yilmaydi, aksincha bozorda tanlov imkoniyati oshadi. Tadbirkorlar narxi va ehtiyojiga qarab, ushbu arzonlashtirilgan yog‘ochdan yoki boshqa ta’minotchidan sotib olishi, yoki chet eldan o‘zi keltirishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, 14 turdagi xomashyo, furnitura, aksessuar uchun 3 yil muddatga import boji 1 foiz etib belgilanadi.

Eksport faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida mebelchilarga xalqaro sertifikat olish xarajatining hamda xorijdan jalb qilgan dizayner, marketolog, muhandis-texnologlar ish haqining yarmi qoplab beriladi. Xalqaro ko‘rgazmalarda ijara puli kompensatsiya qilinadigan maydon hozirgi 20 kvadratdan 40 kvadrat metrga oshiriladi.

Yurtimizda azaldan qadrlangan zargarlik bugun iqtisodiyotda qo‘shimcha drayver bo‘lishi mumkin. O‘gan yili bu tarmoqda ishlab chiqarish 200 million dollardan oshgan, eksport 17 foizga o‘sib, 92 million dollarga yetgan.

Lekin bu yiliga 100 tonnadan ziyod oltin qazib olinadigan O‘zbekistondagi imkoniyatlarning o‘ndan biri ham emas. Shu bois bu sohada ham qo‘shimcha yengilliklar belgilandi. 

Endi zargarlar ham yakka tadbirkor sifatida tilla buyumlari savdosi bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi. Chet eldan mutaxassis olib kelish xarajatining 2,5 ming dollargacha qismi kamida 5 nafar shogird chiqarish sharti bilan qoplab beriladi.

Bu sohada ham sanoat usuliga o‘tish va milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi. Xususan, zargarlikda ishlatiladigan uskunalar va ularning butlovchi qismlari import bojidan ozod qilinadi. Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlaridan oltinni bo‘lib to‘lash asosida sotib olish tartibi yana 3 yilga uzaytiriladi. Nufuzli brendlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ularning dizayni va qolipini olib kelish xarajatining 30 ming dollargacha qismi qoplab beriladi.

Turkiya, Dubay va Misr tajribasi asosida Toshkent, Andijon va Xivada zargarlik markazlari ochildi. Endi bunday majmualar boshqa hududlarimizda ham bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

Zargarlarni xomashyo bilan barqaror ta’minlash uchun bu yil birjaga chiqariladigan oltin hajmi 6 tonnadan 8 tonnaga oshiriladi. Barcha hududlarda oltin zaxirasi yaratiladi.

Bunga javoban, tarmoqda “yashirin iqtisodiyot” ulushini qisqartirish, qonuniy faoliyatga rag‘bat choralarini qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bunyodkorlik ko‘lami keng bo‘lgan yurtimizda qurilish materiallariga talab yuqori. Hozirgi kunda bu tarmoqda 10 mingga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Endigi muhim vazifa sifat va xaridorgirlikni ta’minlash.

Shu bois bunyodkorlik ishlarida mahalliy materiallardan kengroq foydalanish, developerlarga aylanma mablag‘ uchun kredit ajratish orqali buni qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.

“Shaffof qurilish” platformasida qurilish materiallari korxonalari reyestrini tashkil qilib, u orqali sifat reytingini yuritish vazifasi qo‘yildi.

Mahsulotlar tannarxini tushirishda energiya iqtisodi juda dolzarb. Shuning uchun energiya va resurs sarfi yuqori yo‘nalishlarni tahlil qilib, tejamkor innovatsion yechimlarni qo‘llash muhimligi qayd etildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar va tadbirkorlarning takliflari eshitildi.

Posted on Leave a comment

Mamlakatimiz maktablarini bitiruvchi  o‘g‘il-qizlarimizga



Qadrli farzandlarim!

Avvalo, siz, azizlarni hayotingizdagi bugungi unutilmas quvonchli voqea – maktab ta’limini muvaffaqiyatli tugatib, yetuklik shahodatnomasini qabul qilib olayotganingiz va mustaqil hayotga qadam qo‘yayotganingiz bilan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu shukuhli ayyomda mamlakatimizdagi 10 mingdan ziyod maktabda mehribon ustozlar, hurmatli ota-onalar ishtirokida “so‘nggi qo‘ng‘iroq”lar jaranglab, 450 ming nafardan ortiq bitiruvchi yoshlarimiz sha’niga ezgu tilaklar bildirilmoqda.

Barchamiz bu fikrlarga chin dildan qo‘shilgan holda, katta orzu-umidlar bilan kelajak rejalarini tuzayotgan o‘g‘il-qizlarimizga ularni amalga oshirishda ulkan kuch-g‘ayrat, omad va zafarlar tilaymiz.

Ayniqsa, maktabni oltin medal bilan bitirayotgan 11 ming 500 nafardan ziyod farzandlarimizga, 2 mingdan ortiq kumush medal sohiblariga o‘qish va izlanishda, jamoat ishlarida o‘z tengdoshlariga doimo o‘rnak va namuna bo‘lib kelayotganlari uchun alohida tabrik va tilaklarimizni izhor etamiz.

Aziz bitiruvchi yoshlar!

Bugungi kunda biz o‘z oldimizga qo‘yayotgan buyuk maqsadlarni amalga oshirishda butun xalqimiz qatori, bilimli, hunarli, tadbirkor va vatanparvar, har tomonlama yetuk yoshlarimizga tayanamiz.

Kelajagimiz egalari bo‘lgan navqiron avlodimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda katta bunyodkor kuch sifatida ishtirok etishi uchun zarur sharoitlarni yaratib bermoqdamiz. Jumladan, sizlarning zamonaviy ilm va kasb-hunarlar, ona tili bilan birga xorijiy tillar, IT va innovatsion texnologiyalarni, ijod va tadbirkorlik sohalarini puxta egallashingiz uchun hozirgi kunda 201 ta oliy o‘quv yurti, 598 ta texnikum, ko‘plab monomarkaz va texnoparklar, kutubxonalar, madaniyat, san’at va sport muassasalari samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ta’limning barcha bo‘g‘inlarida o‘quv-tarbiya ishlarining sifati va natijadorligini oshirish, bitiruvchi yoshlarimizga tanlov imkoniyatlarini kengaytirish uchun yangi-yangi tizim va dasturlar, elektron platformalar ishga tushirilmoqda.

Sizlar ana shunday beqiyos imkoniyatlardan oqilona foydalanib, yoshlik faslining oltinga teng har bir daqiqasini qadrlab, kelgusida Vatanimiz mustaqilligini, el-yurtimiz manfaatlarini barcha sohalarda dadil himoya qiladigan yetuk kadrlar, ongli va olijanob insonlar bo‘lib, xalqimizga sidqidildan xizmat qilasiz, deb ishonaman.

Shuni aslo unutmang, odamzot hayotda munosib o‘rin topishi, el-yurtning hurmati va e’tiboriga sazovor bo‘lishi uchun milliy va umuminsoniy qadriyatlarni egallab, doimo oldinga intilib yashashi, izlanish va o‘rganishdan aslo to‘xtamasligi kerak.

Halol va mashaqqatli mehnat, ilmga, kasbga, ota-ona va oilaga sadoqat, hech shubhasiz, insonni yuksaltiradi, uning hayotini fayzli va charog‘on etadi.

Ayniqsa, sizlar kabi navqiron, azm-u shijoatli yoshlarimizga shiddatli zamondan ibrat olib, har kuni bir natijaga erishib, irodangizni sinovlarda toblab, faqat va faqat oldinga qarab borish yarashadi.

Aminman, sizlarning yangi g‘oya va tashabbuslaringiz, turli sohalardagi yutuqlaringiz Yangi O‘zbekistonni yanada qudratli etadigan moddiy va ma’naviy asoslarni barpo etishga beqiyos hissa bo‘lib qo‘shiladi.

Sizlardek o‘z kuchiga ishongan, qat’iyatli yoshlardan qadrdon maktabingiz, aziz ustozlaringiz va ota-onalaringiz, butun xalqimiz faqat ezgu ishlar va yorqin natijalar kutadi.

Ana shunday yuksak ishonchga doimo munosib bo‘ling!

Intilish, izlanish va yangilik yaratishdan aslo charchamang!

Mustaqil hayot sari ilk qadamlaringiz qutlug‘ bo‘lsin, aziz o‘g‘il-qizlarim!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Sloveniyaga tashrifini yakunladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Sloveniya Respublikasiga rasmiy tashrifi yakuniga yetdi.

So‘nggi 20 yil ichida birinchi O‘zbekiston-Sloveniya sammiti ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi bosqichni boshlab berdi.

Tashrif doirasida Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musar, Bosh vaziri Robert Golob va Milliy assambleyasi Raisi Urshka Klakochar-Zupanchich bilan sermazmun muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar siyosat, iqtisodiyot, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, ekologiya, madaniyat, turizm va ta’lim sohalarini qamrab olgan keng ko‘lamli masalalarni muhokama qildilar.

Qo‘shma bayonot, shuningdek, ustuvor yo‘nalishlarda erishilgan kelishuvlarni mustahkamlab qo‘ygan hukumatlararo va idoralararo bitimlarning salmoqli to‘plami qabul qilindi.

Tashrif yakunida davlat rahbarlari va ikki mamlakatning 100 ga yaqin yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Sloveniya biznes forumi bo‘lib o‘tdi.

Lyublyana xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni ichki ishlar vaziri Boshtyan Poklukar va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi. Davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Sloveniya Prezidentlari qo‘shma biznes forumida ishtirok etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Lyublyana shahriga tashrif doirasida Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musar bilan birgalikda qo‘shma biznes forumida ishtirok etdi.

Tadbirda ikki mamlakatning 100 dan ortiq yetakchi sanoat va savdo korxonalari rahbarlari va vakillari qatnashdi.

Sloveniya delegatsiyasi “KRKA”, “Duol”, “Emo Frite”, “Panvita”, “Medex”, “Tajfun Planina”, “Altado”, “UVC Solutions”, “Riko” va boshqa ko‘plab kompaniyalardan iborat bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida bugungi oliy darajadagi samarali muzokaralar O‘zbekiston-Sloveniya munosabatlarida, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda yangi sahifa ochganini ta’kidladi.

Jahon iqtisodiyotidagi hozirgi murakkab davrda o‘zaro savdoni ko‘paytirish, kooperatsiya ko‘lamini kengaytirish va milliy iqtisodiyotlarni diversifikatsiya qilish uchun mavjud imkoniyatlardan foydalanish muhim ekani qayd etildi.

O‘zaro tovar yetkazib berish nomenklaturasi va hajmini, shu jumladan to‘qimachilik va meva-sabzavot mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, mis, farmatsevtika mahsulotlari, texnologik uskunalar va yuqori qo‘shilgan qiymatli boshqa tovarlar hisobidan ko‘paytirish orqali yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 500 million yevroga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirishi mumkin bo‘lgan tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturini qabul qilish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti iqtisodiy sheriklikni yanada rivojlantirishning muhim yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi. Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, elektrotexnika jihozlari, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, meva-sabzavotlarni saqlash va qayta ishlash, «yashil» energetika obyektlarini qurish va modernizatsiya qilish shular jumlasidan.

Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni, shu jumladan Sloveniyaning «Koper» porti imkoniyatlaridan foydalanish va ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish orqali rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekistonda Sloveniya fuqarolari uchun joriy etilgan vizasiz tartib ishbilarmonlik, gumanitar va sayyohlik almashinuvlarini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston yetakchisi uchrashuv ishtirokchilarining e’tiborini mamlakatimizda Yevropa kompaniyalari uchun tashkil etilayotgan maxsus sanoat parkiga qaratdi. U Sloveniya kompaniyalarini ushbu maxsus zonaning birinchi rezidentlari bo‘lishga taklif qildi.

Davlatimiz rahbari Sloveniya ishbilarmon doiralari O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirishga qiziqish bildirib, aniq taklif va rejalarini ilgari surganlarini yuksak baholadi.

Yakunda Prezidentlar huzurida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy bitimlarni almashish marosimi bo‘ldi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Sloveniya texnologik va sanoat hamkorligini kengaytirishga intilmoqda



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sloveniya Respublikasiga rasmiy tashrif doirasida ushbu mamlakat Bosh vaziri Robert Golob bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston bilan Sloveniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va amaliy sheriklikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda kengaytirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.

Bugun bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralarning samarali natijalari yuksak baholandi.

Savdo, investitsiya va kooperatsiya sohalarida birgalikdagi ishlarni faollashtirish muhim ekani ta’kidlandi. Tashrif doirasida o‘tkaziladigan biznes forumi yangi aloqalarni o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun samarali maydon bo‘lishi ta’kidlandi.

Talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish orqali tovar ayirboshlash hajmini 500 million yevroga yetkazish choralari ko‘rib chiqildi. «GSP+» preferensiyalar tizimi va bugun imzolangan standartlashtirish to‘g‘risidagi bitim ham savdoning o‘sishiga turtki beradi.

Texnologik modernizatsiyaga urg‘u bergan holda Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish rejasi tayyorlanadi. Shu ma’noda, Sloveniya yetakchi kompaniyalarining O‘zbekistonda elektrotexnika, uskunasozlik, farmatsevtika, «yashil» energetika, «aqlli» qishloq xo‘jaligi sohalarida loyihalarni amalga oshirish borasidagi intilishlari qo‘llab-quvvatlandi.

Bunday ishlab chiqarishlarni mamlakatimizda «Inpark» boshqaruvida Yevropa kompaniyalari uchun tashkil etilayotgan maxsus sanoat parkida joylashtirish taklif etildi.

Mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida doimiy faoliyat yurituvchi ekspertlar guruhini tuzish va zarur normativ-huquqiy bazani tayyorlashga kelishib olindi.

Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va o‘zbek mahsulotlarining Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqishi uchun Koper porti infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganishga kelishib olindi.

Madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish masalalari muzokaralarning alohida mavzusi bo‘ldi. Ekologik turizmni, shu jumladan tog‘li va qishloq hududlarida rivojlantirish bo‘yicha Sloveniya tajribasiga alohida qiziqish bildirildi.

Qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish, shu jumladan Toshkent shahrida Yoshlar innovatsiyalar forumini tashkil etish muhimligi qayd etildi. Shuningdek, kelgusi yilda o‘zaro madaniyat kunlari va Lyublyana shahrida O‘zbek kinosi haftaligi o‘tkaziladi.

Hamkorlikning belgilangan yo‘nalishlarini ilgari surish maqsadida joriy yil iyul oyida Lyublyana shahrida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari tomonidan keng qamrovli «yo‘l xaritasi» qabul qilinadi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Sloveniya Bosh vaziri Robert Golobni o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston-Sloveniya munosabatlarida yangi bosqich



Lyublyana shahridagi Prezident saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musarning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Sloveniya yetakchisiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, so‘nggi 20-yilda ilk bor o‘tkazilayotgan oliy darajadagi tadbirlar ikki mamlakat munosabatlarida yangi bosqichning boshlanishi sifatida tarixga kirishini ta’kidladi.

O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Siyosiy muloqot, turli darajadagi aloqalar va ishbilarmonlik uchrashuvlari faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki mamlakat BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida  bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash 3 barobar ko‘paydi. Madaniyat va turizm sohalaridagi almashinuvlar kengaymoqda. O‘zbekistonda Sloveniya fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgan.

Ikki tomonlama munosabatlarga tizimli tus berish uchun oliy va yuqori darajadagi muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish va uning hajmini, eng avvalo, mahsulotlar turini kengaytirish va import o‘rnini bosish hisobiga birinchi bosqichda 500 million yevroga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekistondan to‘qimachilik, meva-sabzavotlar, mineral o‘g‘itlar, mis mahsulotlari va boshqa sanoat tovarlari, Sloveniyadan esa dori-darmonlar, ilg‘or texnologiyalar va uskunalar yetkazib berish shular jumlasidan.

Sloveniyaning «Koper» porti salohiyatidan Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish uchun logistika xabi sifatida foydalanish imkoniyatlari o‘rganiladi.

Sloveniyaning yetakchi kompaniyalari bilan Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish, shuningdek, zamonaviy asbob-uskunalar, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, farmatsevtika mahsulotlari, shu jumladan asal va shifobaxsh giyohlarga asoslangan dori ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, energetika obyektlarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlik qilish uchun til, kasbiy ko‘nikmalar va mehnat standartlari bo‘yicha o‘qitish va moslashtirish dasturlarini ishlab chiqqan holda Uyushgan mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi bitimni tayyorlashga kelishib olindi.

Turizmni, ayniqsa, qishloq va tog‘li hududlarda rivojlantirish istiqbolli yo‘nalish sifatida belgilandi. Ta’lim sohasida tomonlar diplomlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni imzolashga hamda Lyublyana va Maribor universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.

Bundan tashqari, kelgusi yilda Toshkent shahrida ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari ishtirokida Yoshlarning innovatsion loyihalari forumi o‘tkaziladi.

Gumanitar almashinuvni mustahkamlash maqsadida tomonlar o‘zaro madaniyat kunlari va Lyublyana shahrida O‘zbek kinosi haftaligini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdilar.

Belgilangan barcha vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini joriy yil iyul oyida Lyublyana shahrida tashkil etishga qaror qilindi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musarga o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishni taklif etdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi



Bugun Lyublyanadagi Kongress maydonida Sloveniya Respublikasiga rasmiy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbarini Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musar samimiy kutib oldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saflandi. Harbiy orkestr O‘zbekiston va Sloveniya davlat madhiyalarini ijro etdi.

Ikki mamlakat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolari bilan salomlashdilar.

Rasmiy marosimdan so‘ng «Zvezda» bog‘ida urush qurbonlari xotirasiga hurmat hamda tinchlik va insonparvarlik g‘oyalariga sadoqat ramzi sifatida Barcha urushlar qurbonlari yodgorligiga gul qo‘yildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti rasmiy tashrif bilan Sloveniyaga keldi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musarning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Lyublyanaga keldi.

Samolyot oldida davlatimiz rahbarini Bosh vazir o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Tanya Fayon va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Yoje Puchnik nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, O‘zbekiston yetakchisi Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musar bilan muzokaralar o‘tkazadi, mamlakat parlamenti va hukumati rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazadi, qo‘shma biznes forumida ishtirok etadi.

O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish, sanoat, farmatsevtika, elektrotexnika, «yashil» energetika, qishloq xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlik va gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.