Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Budapeshtga tashrifini yakunladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi yakuniga yetdi.

Davlatimiz rahbari 20-may kuni Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan tor va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazdi, Milliy majlis spikeri Laslo Kyover, Vengriyaning yetakchi bank va kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Bugun O‘zbekiston yetakchisi Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etib, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Tadbirlar yakunlangach, Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Sloveniyaga jo‘nab ketdi. Ferens List nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmonni Vengriya rasmiylari kuzatib qo‘ydi.

Posted on Leave a comment

Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot topshirildi



Budapeshtdagi Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti doirasida «Turkiy dunyo birligiga qo‘shgan hissasi uchun» Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bu yil mukofotga taniqli turk biokimyogari, Nobel mukofoti sovrindori, O‘zbekiston Milliy universiteti faxriy doktori Aziz Sanjar sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Aziz Sanjarni samimiy tabriklab, nufuzli mukofotning ilm-fan arbobiga topshirilishi turkiy dunyo olimlari, jumladan, yoshlarni yangi marralarni zabt etishga ilhomlantirishini alohida ta’kidladi.

Turkiy davlatlar tashkilotining buyuk mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy nomidagi mukofoti davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021-yilda ta’sis etilgan. U turkiy madaniyatni targ‘ib qilish, tinchlikni saqlash, xavfsizlikni ta’minlash va ishonchni mustahkamlash, shuningdek, turkiy xalqlar o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga qo‘shilgan alohida hissa uchun har ikki yilda bir marta topshiriladi.

Mukofot ilk bor 2022-yilda qirg‘iz yozuvchisi va jamoat arbobi marhum Chingiz Aytmatovga berilgan edi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti turkiy davlatlar hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etdi.

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban raisligida o‘tgan tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an hamda Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida jahonda geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim o‘zgarishi oqibatlari kuchayib borayotgan bugungi murakkab vaziyat shiddat bilan o‘zgarib borayotganini qayd etdi.

Prezidentimiz dolzarb xalqaro muammolarni hal etishda, birinchi navbatda, xalqaro huquq normalari va BMT Nizomiga tayangan holda tashkilot davlatlarining umumiy yondashuv va pozitsiyalarini mustahkamlash muhimligini qayd etdi.

Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston yetakchisi bu borada ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini ko‘rsatib o‘tdi va qator yangi takliflar bildirdi.

Siyosiy jihatdan O‘zbekiston tashabbusi bilan Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi dolzarb ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Ushbu hujjat xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish va ko‘p qirrali hamkorlikning uzoq muddatli huquqiy bazasini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Prezidentimiz savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-kommunikatsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, Tashkilot mamlakatlarining umumiy tashqi savdo aylanmasida o‘zaro savdo ulushini oshirish maqsadida «Turk-treyd» onlayn platformasini yaratish va Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish bo‘yicha amaliy dastur qabul qilish taklif etildi.

Transkaspiy xalqaro yo‘lagi orqali yuk tashish hajmining o‘sishini ta’minlash va bojxona-chegara tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida davlatimiz rahbari ushbu yo‘nalish bo‘ylab «yagona darcha» va «yashil yo‘laklar» tizimini tez fursatda joriy etishga chaqirdi. Bu boradagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida Turkiy davlatlarning multimodal transport va logistika xalqaro forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari Turkiy investitsiya jamg‘armasi ta’sis etilganini olqishlab, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Qo‘shma venchur kompaniyasi va Tashkilotga a’zo mamlakatlarning investitsiyaviy imkoniyatlarini taqdim etadigan yagona portal tashkil etish muhim ekanini ta’kidladi.

Sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida kimyo, energetika, tog‘-kon, yengil sanoat, farmatsevtika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va qurilish tarmoqlarida yirik ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari iqlim kun tartibiga to‘xtalar ekan, yaqinda Samarqand shahrida o‘tgan Xalqaro iqlim forumi davomida «yashil» taraqqiyot sohasida global va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qator muhim tashabbuslar ilgari surilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning Budapesht shahrida Qurg‘oqchilikning oldini olish institutini ishga tushirish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Uning faoliyatiga ko‘maklashish va maqsadli loyihalarga kengroq jalb qilish uchun qurg‘oqchilik va ekologik muammolarning oldini olish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish taklif qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti fan, madaniyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Toshkent shahrida Turkiy davlatlar xalqaro universitetining ochilishi tashkilotga a’zo mamlakatlarning ta’lim dasturlarini amalga oshirish va iqtidorli yoshlarni tayyorlashga munosib hissa bo‘lishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston yetakchisi Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY faoliyati va tuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda Turkiy madaniyat jamg‘armasi kengashining navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etdi.

So‘zining yakunida O‘zbekiston Prezidenti turkiyalik atoqli olim, biokimyogar, Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjarni Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotga sazovor bo‘lgani bilan tabrikladi.

Sammit yakunida Budapesht deklaratsiyasi, shuningdek, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha boshqa qator hujjatlar qabul qilindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammitidagi nutqi



Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Siz, azizlar bilan asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasida mustahkam ko‘prik bo‘lib kelayotgan go‘zal Budapesht shahrida uchrashib turganimizdan behad mamnunman.

Bugungi yig‘ilishimizga yuksak darajada mezbonlik qilayotgan hurmatli Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Janobi Oliylari sha’niga aytilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.

Tashkilotimizda muvaffaqiyatli raislik qilayotgan hurmatli Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Nurgojoyevich Japarov Janobi Oliylariga yangi yutuqlar tilayman.

Muhtaram hamkasblar!

Bugungi sammitimiz shiddat bilan o‘zgarayotgan global vaziyat va oldindan aytib bo‘lmaydigan murakkab jarayonlar sharoitida o‘tmoqda. Geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim o‘zgarishi oqibatlarining kuchayishi barchamiz uchun katta sinov bo‘lmoqda.

Shu sababli dolzarb muammolar yechimi bo‘yicha davlatlarimizning umumiy yondashuv va pozitsiyalarini kuchaytirish har qachongidan ham muhimdir.

Ta’kidlash lozimki, biz eng og‘riqli muammolarga xalqaro huquq me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi asosida yechim topish zarur, deb hisoblaymiz.

Ukraina atrofidagi vaziyatni diplomatiya va muzokaralar yo‘li bilan hal etishga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Hurmatli Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Janobi Oliylarining bu boradagi munosib hissasini alohida e’tirof etmoqchiman.

G‘azoda sulh bitimining buzilishi va harbiy harakatlarning qaytadan boshlanishi barchamizni chuqur tashvishga solmoqda. Toki “Ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyili ro‘yobga chiqmas ekan, Falastin-Isroil nizosining adolatli yechimini topish mumkin emas.

Global va mintaqaviy xavfsizlik haqida so‘z yuritar ekanmiz, Afg‘onistondagi murakkab vaziyatni inobatga olishimiz va unga birgalikda yechim topishimiz lozim. Afg‘oniston bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilinayotgani tuzilmamizning bu masalaga jiddiy e’tibor qaratib kelayotganidan dalolat beradi.

Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

Biz qisqa vaqt mobaynida Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida amaliy hamkorlik bo‘yicha samarali natijalarga erishmoqdamiz. Yaqinda iqtisodiy tahlil markazlarimizning Toshkentda bo‘lib o‘tgan anjumanida aloqalarimizni kengaytirish uchun ulkan salohiyat borligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.

Kun tartibidan kelib chiqib, o‘z takliflarimni bildirmoqchiman.

Xabaringiz bor, o‘tgan yili “Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik hamda qardoshlik to‘g‘risida”gi bitimni ishlab chiqish taklifini ilgari surgan edik.

Bugungi kunda ushbu hujjatning ahamiyati va dolzarbligi yanada ortib bormoqda. Hech shubhasiz, mazkur bitim xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish va ko‘p qirrali hamkorligimizning uzoq muddatli huquqiy asosini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu hujjatni Boku sammitida imzolashni taklif qilaman.

Oldimizda aniq vazifa turibdi – yaqin yillarda o‘zaro savdo ulushini keskin ko‘paytirish lozim. Shu maqsadda “Turk-treyd” onlayn platformasini yaratish va Savdoni oshirish amaliy dasturini qabul qilish tashabbuslarini ilgari suramiz.

Transkaspiy xalqaro yo‘lagi orqali yuk tashish hajmini oshirish va bojxona-chegara tartiblarini soddalashtirish uchun “yagona darcha” hamda “yashil koridorlar” tizimlarini tezroq yo‘lga qo‘yishga chaqiraman. Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida noyabr oyida Toshkentda Turkiy davlatlarning Xalqaro multimodal transport va logistika forumini o‘tkazishni rejalashtirganmiz.

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, Turkiy investitsiya jamg‘armasining faoliyati sarmoyalar oqimining faollashuviga turtki berishi shubhasiz.

Biz innovatsion loyihalarni rag‘batlantirish uchun qo‘shma venchur kompaniyasini tashkil etish zarur, deb hisoblaymiz. Bu borada mamlakatlarimizning investitsiya imkoniyatlarini to‘liq aks ettirgan “Yagona investitsiya portali”ni joriy etish maqsadga muvofiqdir.

Yana bir masala. Sanoat kooperatsiyasi sohasida amaliy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish vaqti keldi. Bu borada kimyo, energetika, tog‘-kon, yengil sanoat, farmatsevtika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va qurilish sohalarida salmoqli ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bo‘yicha Sanoat kooperatsiyasi dasturini ishlab chiqishni taklif etaman.

Yaqinda Samarqand shahrida o‘tkazilgan Xalqaro iqlim forumida “yashil” taraqqiyot sohasidagi mintaqaviy va global hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha muhim takliflar bildirildi.

Hurmatli Viktor Orban Janobi Oliylarining tashabbusi bilan Budapeshtda Tashkilotimizning Qurg‘oqchilikning oldini olish instituti o‘z ishini boshlaganini ham mamnuniyat bilan e’tirof etamiz. Mazkur institut faoliyatiga ko‘maklashish va maqsadli loyihalarga kengroq jalb etish uchun “Qurg‘oqchilik va ekologik muammolarning oldini olish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etaman.

Shu o‘rinda yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Jahon ilm-fani va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan, barchamizning faxr-iftixorimiz bo‘lgan buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish va dunyoga tarannum etish biz uchun sharafli va mas’uliyatli vazifadir. Shu bois ilm-fanni rivojlantirish va yosh avlod uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish niyatida “Turkiy dunyo xartiyasi”da “Ilmdan o‘zga najot yo‘q” degan yuksak axloqiy g‘oyani muhrlab qo‘ydik.

Ushbu ezgu maqsad yo‘lida Toshkentda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti ochilmoqda. Mazkur o‘quv dargohida turkiy davlatlarning yetuk professor va olimlari faoliyat olib borishi ko‘zda tutilmoqda. Bu esa yosh avlodning intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirishga, ularning zamonaviy bilimlarni egallashiga munosib hissa qo‘shadi, deb ishonaman.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

O‘tgan yili O‘zbekistonning Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasiga rasman a’zo bo‘lib kirish haqidagi qarorini e’lon qilgan edik. Ushbu tuzilma doirasida umumturkiy madaniy merosimizni asrab-avaylash va uni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish oldimizda turgan muhim vazifadir. Bu sohadagi muloqotni kengaytirish maqsadida Jamg‘arma Kengashining navbatdagi yig‘ilishini mamlakatimizda o‘tkazishni taklif qilaman.

Davlatlarimiz o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni rivojlantirishda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY alohida o‘ringa ega. Bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarimizni yangi bosqichga olib chiqish va TURKSOYning nufuzini yanada oshirish uchun uning faoliyati va tuzilmasini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish zarur, deb hisoblayman. Shu maqsadda tashqi ishlar va madaniyat vazirlarimizga Boku sammitiga qadar tegishli takliflar ishlab chiqish vazifasini topshirsak, to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Muhtaram hamkasblar!

Bundan uch yil oldin turkiy dunyo birligiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun buyuk mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etgan edik.

Bugun ushbu nufuzli mukofot bilan atoqli turk olimi, bioximik, Nobel mukofoti sovrindori, janob Aziz Sanjar taqdirlanayotganidan behad mamnunmiz. Bu mashhur olim O‘zbekiston Milliy universitetining faxriy doktori ekanidan biz albatta g‘ururlanamiz.

Aminmanki, bugungi taqdirlash marosimi turkiy dunyo olimlarini, jumladan, ilm-fan yo‘liga dadil qadam qo‘yayotgan yoshlarimizni yangi-yangi marralar sari rag‘batlantiradi.

Aziz do‘stlar!

Bugungi Budapesht sammitida qabul qilingan muhim qaror va hujjatlar qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi tinchlik, hamjihatlik va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash yo‘lida yangi sahifa ochishiga ishonaman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida kengaytirilgan strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatildi



Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Kengaytirilgan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.

Shuningdek, yetakchilar huzurida qabul qilingan qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar, jumladan, Ekstraditsiya to‘g‘risidagi shartnoma, Iqlim o‘zgarishi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, tabiiy ofatlarni boshqarish, ilm-fan va innovatsiyalar, tinch atom sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi idoralararo kelishuvlar almashildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Vengriya yetakchilari ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirilgan strategik sheriklik darajasiga olib chiqdilar



«Karmelita» saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston-Vengriya strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Vengriya yetakchisiga Budapesht shahrida O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.

Amaliy hamkorlik barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Parlamentlar, hukumatlar, idora va hududlar darajasida samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. BMT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlik qilinmoqda.

O‘zaro savdo hajmi ortmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yetakchi korxonalarning kooperatsiyasi kuchaymoqda.

Tovar ayirboshlash hajmini, shu jumladan import o‘rnini bosish va «GSP+» maqomi hisobiga birinchi bosqichda 500 million yevroga yetkazish muhimligi qayd etildi.

Shu maqsadda laboratoriyalar Yevropa Ittifoqi talablariga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tkaziladi, tovarlarni oldindan sertifikatlash dasturi va eksport qiluvchi kompaniyalarga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shma platforma ishga tushiriladi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli 500 million dollarni tashkil etadi. Bu galgi tashrif uchun yana 1,5 milliard yevrolik yangi loyihalar tayyorlangan.

Vengriyaning “OTP” banki O‘zbekiston moliya bozoriga chiqqani Vengriya va Yevropa biznesi uchun kuchli rag‘bat bo‘lgani ta’kidlandi. Bank bilan moliyalashtirish vositalarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Avtokreditlashni rivojlantirish uchun qo‘shma kompaniya tashkil etish va biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturini ishga tushirish shular jumlasidan. Sirdaryo viloyatida parrandachilik klasterini tashkil etish ham faol bosqichda.

Ertalab ishbilarmon doiralar vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, avtomobil yo‘llari va logistika markazlarini qurish, kommunal tarmoqlarni rivojlantirish, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, kimyoviy tovarlar, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, raqamli texnologiyalar, baliqchilik kabi sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Bunday ishlab chiqarishlarni O‘zbekistonda joylashtirish uchun Vengriyaning «Inpark» operatori boshqaruvida Yevropa kompaniyalari uchun maxsus sanoat zonasi tashkil etilayotgani ta’kidlandi.

Umuman, joriy yil iyul oyida Budapesht shahrida bo‘lib o‘tadigan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida Investitsiyaviy sheriklik dasturini tayyorlash va qabul qilishga kelishib olindi.

Shuningdek, O‘zbekiston-Vengriya Ishbilarmonlar kengashi faoliyatini qayta tiklash va yaqin fursatda uning navbatdagi yig‘ilishini biznes vakillarining keng ishtirokida o‘tkazish taklif qilindi.

O‘tgan yil oktyabr oyida Qo‘qon shahrida o‘tgan birinchi Hududlar forumining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi. Hududlararo aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida Vengriyada ikkinchi forumga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Ishbilarmonlik, turizm va madaniy almashinuvlarni faollashtirish maqsadida ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Madaniy-gumanitar sohadagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘tgan yilning oktyabr oyida Lakitelek shahrida buyuk shoir Alisher Navoiy byusti ochildi. Joriy yilning yanvar oyida Budapeshtda O‘zbek kinosi kunlari o‘tkazildi.

Kelgusi yilni O‘zbekiston va Vengriya madaniyati yili deb e’lon qilish taklifi bildirildi. Vengriya davlat opera teatri sahnasida «Lazgi» baletini sahnalashtirish va Budapeshtdagi Etnografiya muzeyida o‘zbek madaniyati ko‘rgazmasini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Ta’lim almashinuvi bo‘yicha «Stipendium Hungaricum» dasturi doirasidagi hamkorlik davom ettiriladi. Shuningdek, ikki mamlakatda tan olinadigan diplomlar berish tizimini joriy etish va mamlakatimizda Vengriya oliy ta’lim muassasalarining filiallarini tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Shu ma’noda, joriy yilda Toshkent shahrida O‘zbekiston va Vengriya rektorlarining uchinchin forumini o‘tkazish taklif qilindi.

Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasi, odam savdosi va xavfsizlikka tahdid solayotgan boshqa zamonaviy xatarlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.

Erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan nazorat o‘rnatish maqsadida mutasaddi vazirliklarga qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash topshirildi.

Uchrashuv yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir Viktor Orbanni javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishni taklif etdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Vengriya Milliy majlisi spikeri bilan uchrashdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-may kuni Budapesht shahriga rasmiy tashrif doirasida Vengriya Milliy majlisi spikeri Laslo Kyover bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston-Vengriya strategik sheriklik munosabatlarini, shu jumladan parlamentlararo yo‘nalishda yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ikki mamlakat parlamentlari delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari va uchrashuvlari faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasida Milliy majlis spikeri o‘rinbosari Yanosh Latorsai ishtirok etdi. Yil yakuniga qadar Vengriya parlamenti spikeri o‘rinbosari va Iqtisodiyot qo‘mitasi rahbarining O‘zbekistonga, mamlakatimiz parlament delegatsiyasining Budapesht shahriga tashrifi amalga oshiriladi.

Imzolangan bitimlarni amalga oshirishga ko‘maklashish, do‘stlik guruhlari ishini faollashtirish, eng avvalo, hududlarni rivojlantirish, ijtimoiy himoya, soliq va raqamlashtirish sohalarida qonun ijodkorligi bo‘yicha tajriba almashish uchun tegishli qo‘mitalar o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.

Posted on Leave a comment

Prezidentimiz «OTP Bank Group»ning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish borasidagi rejalarini olqishladi



Rasmiy tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «OTP Bank Group» direktorlar kengashi raisi Shandor Chani bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Bankning mamlakatimiz bank-moliya bozoridagi faoliyati 2023-yildan buyon jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Davlatimiz rahbari avtokreditlashni rivojlantirish va biznes loyihalarini moliyalashtirishga doir qo‘shma dasturlarni olqishladi.

Parrandachilik klasterini tashkil etish bo‘yicha yirik loyihani tez fursatda amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Toshkent viloyatidagi sanoat parkida Vengriya kompaniyalari loyihalarini ilgari surish va qo‘llab-quvvatlash ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidentining Vengriyaga rasmiy tashrifi boshlandi



Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga rasmiy tashrif bilan Budapesht shahriga keldi.

Samolet oldida O‘zbekiston yetakchisini Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Ferens List nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, 20-may kuni oliy darajadagi O‘zbekiston-Vengriya muzokaralari bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz rahbari Vengriyaning rasmiylari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazadi.

O‘zbekiston Prezidenti 21-may kuni Vengriya poytaxtida Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etadi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Budapeshtga jo‘nab ketdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan 19-may kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi.

Tashrif doirasida Budapesht shahrida oliy darajadagi muzokaralar, Vengriyaning rasmiylari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Kun tartibidan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi amaliy hamkorlik va strategik sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan.

O‘zbekiston yetakchisi Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammitida ham ishtirok etadi.