Posted on Leave a comment

Metropolitenning yangi yo‘nalishi bo‘yicha axborot berildi



Davlatimiz rahbariga Toshkent metropolitenini rivojlantirish bo‘yicha rejadagi loyihalar yuzasidan axborot berildi.

Poytaxtimiz jamoat transportida metropolitenning o‘rni juda katta. Yo‘lovchilarga qulayliklarni oshirish maqsadida yangi yo‘nalishlar qurilmoqda. Yunusobod yo‘li Turkiston bekatigacha, Chilonzor yo‘li Sergeli tumanigacha uzaytirildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Toshkentda yerusti metrosi ham paydo bo‘ldi – Do‘stlik bekatidan Sergeligacha bo‘lgan yerusti halqasi barpo etildi. Bu yangi yo‘nalishlar poytaxtimizning Yunusobod, Yashnobod, Bektemir, Mirobod, Sergeli va Yangihayot tumanlarini bog‘lab, aholining kundalik qatnoviga katta qulaylik yaratdi.

Endi metropolitenni Toshkent traktor zavodi dahasigacha olib borish rejalashtirilgan. Bu bo‘yicha o‘tgan avvalgi muhokamalarda Prezidentimiz loyihani mablag‘ va qulaylik jihatidan maqbullashtirish vazifasini qo‘ygan edi. Shu asosida tayyorlangan yangi taklifga ko‘ra, loyihani 2 bosqichda amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Birinchi bosqichda Chilonzor yo‘lining Pushkin bekatidan Mirzo Ulug‘bek tumanining Feruza dahasigacha mavjud temir yo‘lga parallel ravishda yer yuzasi bo‘ylab metro yo‘li quriladi. Ikkinchi bosqichda u yerdan Toshkent traktor zavodi dahasi shoh bekatigacha yo‘nalish barpo etiladi.

Hozirgi kunda shu tomondan poytaxtimiz markaziga bir kunda 47 mingta avtotransport, jami 194 mingta yo‘lovchi kirib kelishi kuzatilmoqda. Rejalashtirilgan yangi yo‘nalish 85 ming yo‘lovchini qamrab olishi kutilmoqda.

Taqdimotda loyihaning texnik va amaliy jihatlari batafsil ko‘rib chiqildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘iston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabrikladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-may kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, qardosh Qozog‘iston xalqining farovonligi va ravnaqi yo‘lidagi mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Bo‘lajak ikki tomonlama uchrashuvlar va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.

Savdo, sanoat kooperatsiyasi, samarali logistika, qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim, madaniy almashinuv kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan ikki tomonlama amaliy hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish borasidagi ishlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Vengriya va Sloveniyaga tashrif buyuradi



19-22-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriya va Sloveniya Respublikasiga rasmiy tashriflari bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston yetakchisi Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan 19-may kuni Budapeshtga keladi.

Oliy darajadagi muzokaralar, Vengriya rasmiylari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.

Kun tartibidan ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari o‘rin olgan.

Davlatimiz rahbari 21-may kuni Vengriya poytaxtida Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-may kuni Lyublyana shahrida Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musar bilan uchrashadi, ushbu mamlakat parlamenti va hukumati rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazadi, qo‘shma ishbilarmonlik tadbirlarida ishtirok etadi.

O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, farmatsevtika, sanoat, oziq-ovqat va to‘qimachilik tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik qilish va gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Posted on Leave a comment

Maktab ta’limidagi islohotlarning yangi bosqichi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-may kuni maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

– Dunyoda isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: har qanday mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq, – dedi Prezident so‘zining boshida. – Shu bois yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida sog‘lom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz shart va zarur.

Ijtimoiy sohalardagi barcha sa’y-harakatlar ana shu maqsadlarga qaratilgan. Oxirgi 7 yilda maktabgacha va maktab ta’limi uchun mablag‘ 7 karra oshirilgan. Bu yil 60 trillion so‘m ajratilgan. Maktablarda 1 millionga yaqin, bog‘chalarda 1,5 million yangi o‘rin yaratildi.

Malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida o‘qituvchilarga 10 dan ortiq ustama joriy qilindi. Bundan samarali foydalangan 60 ming o‘qituvchi hozirda 8-12 million so‘m maosh olayapti.

Bog‘cha tarbiyachilari oyligi 65 foizga oshib, maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashdi. Yangi o‘quv yilidan maktab direktorlari, o‘rinbosarlari va bog‘cha mudiralarini ish haqi 7-10 million so‘mdan oshadi.

Ta’lim dasturlari eng ilg‘or mamlakatlar tajribasiga moslashtirilmoqda, darsliklar yangilanayapti, maktablarga zamonaviy jihozlar olib berilayapti. Endi muallimlar yangi metodikalarni o‘zlashtirib, bolalarga yaxshi bilim berishi kerak. Buning uchun pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim sifatini oshirish zarur.

Yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, to‘g‘ri tarbiyalash, zararli ta’sirlardan asrash ham dolzarb masalalardan.

Yig‘ilishda sohadagi har bir yo‘nalish atroflicha tahlil qilinib, ustuvor vazifalar belgilandi. Maktab ta’limini yangi bosqichga ko‘taradigan tashabbuslar ilgari surildi.    

Avvalo, pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimiga e’tibor qaratildi. Bu borada Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti va uning 13 ta hududiy markazi qayta tashkil etildi. Nizomiy nomidagi oliygoh Milliy pedagogika universitetiga aylantirilib, uning rektori bir vaqtning o‘zida kadrlar tayyorlash bo‘yicha vazir o‘rinbosari bo‘ldi. Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil qilindi.

Endi bu imkoniyatlar asosida barcha pedagogika oliygohlari faoliyati tubdan o‘zgartiriladi. Masalan, Termiz pedagogika instituti misolida aytganda, hozirgi fakultetlar o‘rnida aniq, tabiiy, ijtimoiy, filologiya, amaliy fanlar, maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha 6 ta oliy maktab tashkil qilinadi.

Fanlar soni maqbullashtirilib, 20 tadan 15 taga, ta’lim yo‘nalishlari 31 tadan 17 taga tushiriladi, o‘quv yuklamasi 20 foizga qisqaradi. Yaqin hududdagi maktablar uning amaliyot bazasiga aylantiriladi.

Institutning xorijiy til sertifikati bor 20 nafar o‘qituvchisi shu yil Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur kabi davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi. Kelgusi uch yilda barcha professor-o‘qituvchilar chet elda o‘qitiladi. “Top-100” talik universitetlarda malaka oshirish va ta’lim xizmatlarini olish to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida bo‘ladi.

Hududlardagi malaka oshirish markazlari faoliyati ham kengaytiriladi. Ulardagi professor-o‘qituvchilar AQSH, Buyuk Britaniya, Singapur, Germaniyaning ilg‘or dasturlari asosida qayta tayyorlanadi.

Shu bilan birga, o‘rta ta’limdagi 17 ta fanning har biri bo‘yicha alohida tayanch maktablari bo‘ladi. Tayanch maktab o‘qituvchisi Malaka oshirish markaziga kelib, o‘z yo‘nalishida xalqaro dasturlar asosida chuqur tayyorlanadi, ularga trener maqomi beriladi. Keyin bu trenerlar o‘ziga biriktirilgan hududda 25 nafar yetakchi o‘qituvchini o‘qitadi. Yetakchi o‘qituvchilar esa o‘z maktabidagi boshqa muallimlarni malakasini oshirib boradi.

Bundan tashqari, universitet, markaz va maktablardan muallimlar xorijga malaka oshirishga yuboriladi.

Bugungi kunda xususiy oliygohlarga keng yo‘l ochilgan. Lekin ularda pedagogika yo‘nalishidagi talabalarning 70 foizi maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim va filologiya bo‘yicha o‘qiyapti. Birortasida kimyo, biologiya va fizika bo‘yicha muallim tayyorlanmaydi. Vaholanki, maktablarimizda aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha o‘qituvchi yetishmaydi.

Shu bois, bundan buyon, xususiy oliygohlardagi pedagogik yo‘nalishlar davlat institutlari bilan bir xil bo‘ladi. Ulardagi pedagoglar va talabalar bilimi tashqi diagnostikadan o‘tkaziladi. Bu orqali nodavlat oliygohlarda pedagog tayyorlash sifati nazoratga olinadi.

Davlatimiz rahbari yoshlarni nufuzli xorijiy universitetlarda o‘qitish masalasiga alohida to‘xtaldi. Farzandlarimiz juda iqtidorli ekani, faqat ularni to‘g‘ri yo‘naltirib, maqsadli tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.

Shu maqsadda “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi boshlanadi, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab tashkil etiladi. Unga 8-sinf bitiruvchilaridan 60 nafari saralab olinib, reytingi yuqori oliygohlarga maqsadli tayyorlanadi.

Bundan tashqari, Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi umumta’lim maktablariga biriktiriladi. Bu maslahatchilar maktablardan har yili eng salohiyatli 3 ming o‘quvchini seleksiya qilib, AQSHning Garvard, Yel, Kolumbiya, Kornel kabi “Pechak ligasi” oliygohlariga tayyorlaydi.

Bilimsevarlikka poydevor qo‘yishda maktabgacha ta’lim juda muhim. Bugungi kunda yurtimizda 7 mingta davlat va 31 mingdan ziyod xususiy bog‘chalar faoliyat yuritmoqda. Olti yoshli bolalarning 96 foizi maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olingan. Keyingi yili bu raqam 100 foizga chiqadi.

Endi ilg‘or xorijiy tajriba asosida maktabga tayyorlov guruhlari va boshlang‘ich ta’lim o‘quv dasturlari o‘zaro uyg‘unlashadi. Buning uchun bog‘cha bolalarini matematika, tabiiy fanlar va texnologiya yo‘nalishlarida tanqidiy va kreativ fikrlashga o‘rgatadigan dasturlar ishlab chiqiladi.

Shuningdek, bog‘cha tarbiyachilarining malakasi, mahorati va psixologik tayyorgarligini oshirish uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etiladi.

Yig‘ilishda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish chora-tadbirlari ham belgilandi.

Shu maqsadda “Barkamol avlod” maktablari, “Yoshlik” sport jamiyati va O‘quvchi yoshlar markazi yagona tizimga birlashtiriladi. Ular ta’mirlanib, zamonaviy yo‘nalishlarga mos jihozlanadi, xorijiy tillar, sun’iy intellekt, dasturlash va animatsiya kabi yangi to‘garaklar ochiladi.

O‘quvchilar o‘rtasida turizmni rivojlantirish bo‘yicha ham yangi tizim bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Samarqand,

Buxoro va poytaxtdagi “Barkamol avlod” markazlarida kamida 100 o‘rinli “Bolalar sayyohlik bazasi” tashkil qilinadi. Har yili 1 million o‘quvchi uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlar uyushtiriladi.

Bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish – hammani o‘ylantirayotgan muammo. Shu bois, Prezident qaroriga muvofiq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzurida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilindi. U mahalliy ijodkorlarga milliy kontentlar yaratish bo‘yicha buyurtma beradi, sohada kadr tayyorlashni tashkil qiladi.

Shuningdek, yozgi ta’tilda yoshlarni oromgohlar va foydali mashg‘ulotlarga jalb etish, sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar va san’at kechalari o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Posted on Leave a comment

Yo‘l xo‘jaligi sohasidagi loyihalar bo‘yicha axborot berildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-may kuni yo‘l xo‘jaligidagi ishlar natijadorligi va rejadagi loyihalar bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil
10-oktyabrdagi qaroriga muvofiq, bu sohada boshqaruv takomillashtirilib, yo‘llar qurish, ta’mirlash va saqlash bo‘yicha ko‘p yillik vazifalar belgilangan edi. O‘tgan 2-yilda bu maqsadlarga 26 trillion so‘m ajratilib, jami 40 ming kilometr yo‘l va 540 ta ko‘prik ta’mirlandi. Sohaga chetdan jalb qilinayotgan mablag‘lar ham 3 karra oshdi.

Lekin hali qilinadigan ishlar ko‘p. Bu yil 7 ming kilometr umumiy foydalanishdagi yo‘l hamda 231 ta ko‘prikni qurish va ta’mirlash, 13 ming kilometr tuproq ko‘chalarga shag‘al yotqizish, 400 kilometr sement qoplamali yo‘llar qurish, magistrallar bo‘yida 72 ta servis majmuasi tashkil etish rejalashtirilgan.

Taqdimotda mutasaddilar shular haqda axborot berdi.

Yangi loyihalarni belgilashda yo‘llarning hozirgi holati va qatnov darajasiga e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda 1 ming 200 kilometr yo‘lni rekonstruksiya qilish bo‘yicha 6 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.

Endi yana 4 ta loyiha boshlanishi ko‘zda tutilgan. Xususan, To‘rtko‘l va Beruniy shaharlarini aylanib o‘tuvchi A-380 magistralini rekonstruksiya qilish, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 516 kilometr mahalliy yo‘llarni to‘la ta’mirlash, Termiz – Denov hamda Sirdaryo – Baxt oralig‘idagi yo‘llarni sement-beton qoplamali qilib qurish rejalashtirilgan. Bu loyihalarga Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki mablag‘lari yo‘naltiriladi.

Davlatimiz rahbari eng muhim masala yo‘llarni sifatli saqlash ekanini ta’kidladi. Yo‘l bo‘ylarida infratuzilmani rivojlantirib, aholiga qulayliklar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Qamchiq dovonida statsionar nazorat posti ishga tushirilgan. Buni yuk tashish oqimi yuqori bo‘lgan boshqa yo‘llarda ham tashkil qilish zarurligi qayd etildi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, bundan qariyb 20-yil oldin qabul qilingan “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun hozirgi zamon talablariga javob bermayapti. So‘nggi yillardagi islohotlar, bugungi dolzarb masalalar unda aks etmagan.

Shu bois mazkur qonun yangi tahrirda ishlab chiqilmoqda. Unda, jumladan, “avtomobil yo‘llarini rejalashtirish” mexanizmini joriy etib, yo‘l infratuzilmasini aholi va iqtisodiyotning o‘sib borayotgan ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirish nazarda tutilmoqda. Yo‘llarni loyihalashtirishda aholi fikri va atrof-muhitga ta’sirini inobatga olish hamda piyodalar uchun to‘siqsiz muhitni yaratish bo‘yicha qat’iy talablar o‘rnatilmoqda. Kommunikatsiya tarmog‘ini qurishda yo‘lning avvalgi holatini tiklash xarajatlarini qoplash sharti kiritilmoqda.

Pulli yo‘llarning huquqiy asoslari, ajratilgan va yo‘l bo‘yi mintaqalarida servis binolarini joylashtirishga oid talablar belgilanmoqda. Yo‘llarda katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining harakatlanishi tartibga solinmoqda.

Taqdimotda mutasaddilar muqobil yo‘llar qurish bo‘yicha xususiy sheriklik loyihalari yuzasidan ham hisobot berdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Rossiya bilan neft-gaz sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-may kuni «O‘zbekiston neft va gazi» xalqaro forumi doirasida Toshkent shahrida bo‘lib turgan Rossiyaning «Gazprom neft» kompaniyasi boshqaruvi raisi Aleksandr Dyukovni qabul qildi.

Rossiyaning yoqilg‘i-energetika sohasidagi yetakchi kompaniyasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Neft mahsulotlarini yetkazib berish, qazib olinishi qiyin bo‘lgan konlarni o‘zlashtirish va sohani raqamlashtirish borasidagi sheriklikni rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Posted on Leave a comment

Toshkent shahridagi renovatsiya va investitsiya loyihalari ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-may kuni Toshkent shahrida rejalashtirilgan renovatsiya va investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-dekabrdagi qarori bilan Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasi tasdiqlangan edi. Bosh rejaga ko‘ra, poytaxtimiz hududi 3 ta – konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya    zonalariga ajratilgan.

Jumladan, renovatsiya zonasiga eski, kam qavatli uylar, shaharsozlik va zilzilabardoshlilik talablariga javob bermaydigan binolar kiritilgan. Ular bosqichma-bosqich bartaraf etilib, bo‘shatilgan hudud zamonaviy loyihalar asosida qaytadan qurilishi ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda shu boradagi rejalar haqida axborot berildi.

Qayd etilganidek, Bosh rejada 300 dan ortiq renovatsiya manzili belgilangan. 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan birinchi bosqichda 65 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu orqali mazkur hududlar funsional jihatdan boyitiladi, aholi uchun sharoitlar yaxshilanadi, atrof obodonlashtiriladi. Natijada eski va zamonaviy mavzelar orasidagi tafovut bosqichma-bosqich qisqartirib boriladi hamda ular o‘zaro uyg‘unlashtiriladi. Binolar kam maydonda qurilib, mavjud daraxtlar saqlab qolinadi, yangi yashil hududlar barpo etiladi.

Davlatimiz rahbari bu loyihalarning shahar arxitekturasi va infratuzilmasiga mosligini chuqur o‘rganish, geologik va seysmik tahlillar asosida xavfsizlik jihatidan takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Turar joylar maktab-bog‘cha kabi ijtimoiy muassasalar, dam olish sharoitlari bilan hamohang bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

Shaharning “o‘pkasi” daraxtzorlar bo‘lsa, ariq va kanallar uning “qon tomiri”. Prezidentimiz ko‘rsatmasi bilan, yangi bosh rejada bu masalalarga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, Toshkent shahri va uning atrofidagi yashil hududlarni 3 karra ko‘paytirib, 25 ming gektarga yetkazish maqsad qilingan. Bu, o‘z navbatida, suv yo‘llarini yaxshilashni talab etadi.

Taqdimotda shahar irrigatsiya va drenaj tarmoqlarining yangi bosh reja bilan uyg‘unlashtirilgan tizimi ham ko‘rib chiqildi.

Unga ko‘ra, 2030-yilgacha 100 kilometr kanallar rekonstruksiya qilinib, atrofida sayilgohlar tashkil etiladi.

Turkiyaning “Su-yapi engineering and consulting” kompaniyasi bilan birga  drenaj tarmoqlaridagi muammolar o‘rganilgan. Aerofoto, geodeziya va yog‘ingarchilik tahlili asosida bu tarmoqlarni yangilash bo‘yicha master-reja ishlab chiqilgan. O‘tgan yili 45 ta suv toshqini hududlari bartaraf etilgan. Bu yil yana 34 ta joyda shunday ishlar bajariladi.

Prezidentimiz bu ishlarni davom ettirib, qamrovini yanada oshirish, shu yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlash zarurligini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbariga Toshkent shahrida investitsiya loyihalarining holati haqida ham axborot berildi.

Poytaxtimizda umumiy qiymati 25 milliard dollarlik 717 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. Joriy yilda shundan 7 milliard 500 million dollari o‘zlashtirilib, 265 ta loyiha ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Bularning natijasida turar joylar, savdo va ko‘ngilochar majmualar qurilib, sanoat korxonalari tashkil etiladi.

Posted on Leave a comment

Rossiyaga amaliy tashrif yakunlandi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin taklifiga binoan Moskva shahriga amaliy tashrifi yakunlandi.

Davlatimiz rahbari Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80-yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi.

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirlar yakunlangach, Prezidentimiz Toshkentga jo‘nab ketdi. “Vnukovo” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Rossiya rasmiylari kuzatib qo‘ydi.

Posted on Leave a comment

“Temir yo‘l mahsulotlarini sertifikatlashtirish markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbarligida “9-MAY – Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan tabrik tadbirlari o‘tkazildi.



2025 йил 8 май куни “Temir yo‘l mahsulotini sertifikatlashtirish markazi” МЧЖ раҳбарияти томонидан “9 МАЙ – Хотира ва қадрлаш куни” муносабати билан табриклаш тадбирлари ўтказилди.
Раҳбарият томонидан ушбу тадбирда Жамият фахрий ходими, Афғон уруши қатнашчиси – Аминжон Зокирович Темиргалиев жамоавий тарзда табрикланди. Бундан ташқари, Тошкент шаҳрининг Миробод туманида жойлашган “Истиқлолобод” маҳалласидаги бир нечта ёши улуғ, уруш даври қийинчиликларини бошидан кечирган, ижтимоий кўмакка муҳтож, ногирон инсонлар байрам муносабати билан Жамият номидан моддий жиҳатдан қўллаб-қувватланиб, маҳалла фаоллари билан биргаликда муносиб равишда табрикланди.