Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning YUNЕSKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimidagi nutqi

Hurmatli Rais Janobi Oliylari!

Hurmatli Azule Xonim Oliyalari!

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Sizlarni asrlar davomida madaniyatlar va sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan betakror O‘zbekiston diyorida samimiy qutlashdan behad baxtiyorman.

Konferensiyamiz so‘nggi 40 yil ichida ilk bor YUNЕSKO Bosh qarorgohidan tashqarida – ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand zaminida bo‘lib o‘tmoqda. Bu bizga albatta katta iftixor bag‘ishlaydi.

Fursatdan foydalanib, anjumanimizda ishtirok etayotgan Serbiya Prezidenti, hurmatli Aleksandr Vuchich Janobi Oliylariga, Slovakiya Prezidenti, hurmatli Peter Pellegrini Janobi Oliylariga, YUNЕSKO Bosh direktori Odri Azule Xonim Oliyalariga, barcha ishtirokchi davlatlar delegatsiyalariga chuqur minnatdorlik izhor etaman.

Bunday nufuzli forumning mamlakatimizda o‘tkazilayotganini Tashkilotga a’zo davlatlarning Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, jadal islohotlarga bo‘lgan yuksak ishonchining yorqin ifodasi, deb qabul qilamiz.

Shonli sakson yillik yubileyini nishonlayotgan YUNЕSKO o‘tgan davr mobaynida ta’lim, ilm-fan, madaniyat, san’at, axborot sohasida global hamkorlik, o‘zaro ishonch va hamjihatlik borasida jahondagi nufuzli institut sifatida o‘zini namoyon etib kelmoqda.

Tashkilotimizning dunyo xalqlarining milliy o‘zligini saqlash, madaniy merosini asrab-avaylash, turli dinlar o‘rtasida yaqin muloqotni kuchaytirishdagi o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Anjumanimiz insoniyatning tarix solnomasiga gumanistik g‘oyalar, nodir bilimlar, sivilizatsiyalararo muloqot markazi sifatida kirgan Samarqand shahrida o‘tkazilayotganida chuqur ramziy ma’no bor.

Bu qadimiy kent azaldan bashariyatning buyuk kashfiyotlari beshigi, ilm-fan, adabiyot va madaniyat gullab-yashnagan maskan bo‘lgan. Birgina misol. Ulug‘ hukmdor va alloma Mirzo Ulug‘bek barpo etgan rasadxona gumbazlari ostida noyob yulduzlar jadvali yaratilgan. Bu jadval keyinchalik Kopernik va Kepler kabi mashhur olimlarning ilmiy kashfiyotlari ochilishiga xizmat qilgani tarixdan yaxshi ma’lum.

Uch ming yillik shonli o‘tmishga ega, Buyuk ipak yo‘lining durdonasi bo‘lgan, millat va elatlarning tinchlik va do‘stlik makoni – muazzam Samarqandga xush kelibsizlar!

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda gumanitar sohada global konsensus va ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlarining zaiflashayotgani, albatta, barchamizda jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.

Geosiyosiy keskinlik va harbiy mojarolar ta’sirida sayyoramizdagi noyob yodgorliklar, muqaddas qadamjolar va bebaho madaniy meros katta ziyon ko‘rmoqda.

Davlatlar o‘rtasida bilim va texnologiyalar, raqamli resurslardan foydalanish bo‘yicha tafovut ortib bormoqda. Buning natijasida imkoniyatlar tengsizligi va qashshoqlik kuchaymoqda. Bunday murakkab vaziyat YUNЕSKOning asosiy vazifalarini to‘liq amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni har qachongidan ham ko‘proq birlashtirishni taqozo etmoqda.

Biz YUNЕSKOning olijanob va ezgu maqsadlariga qat’iy sodiq ekanimizni yana bir bor ta’kidlaymiz. O‘zbekiston Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida uyg‘unlik ko‘prigi, barcha uchun ochiq va konstruktiv hamkorlik maydoni bo‘lishga hamisha tayyor.

O‘zbekiston YUNЕSKOning teng huquqli a’zosi sifatida so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlikni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish uchun izchil harakat qilmoqda. Jumladan, 2027-yilgacha bo‘lgan besh yillik hamkorlik dasturi samarali amalga oshirilmoqda. Buyuk ajdodlarimiz – Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Amir Temur, Ali Qushchi, Kamoliddin Behzodning yubileylari, Xorazm Ma’mun akademiyasi singari ilmiy dargohlar, “Alpomish” eposi kabi adabiy yodgorliklarning tarixiy sanalari xalqaro miqyosda keng nishonlandi.

Butunjahon merosi ro‘yxatiga kirgan Xiva, Buxoro, Shahrisabz va Samarqand shaharlari qatoriga Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi bo‘ylab joylashgan bebaho obidalar ham qo‘shildi. Bu ro‘yxatdan joy olgan G‘arbiy Tyanshan va Turon cho‘llarining tabiiy hududlari ham mintaqamizning noyob biologik xilma-xilligini yaqqol namoyon etadi.

Bundan tashqari, “Shashmaqom”, Katta ashula, “Lazgi” raqsi, askiya, kulolchilik va naqqoshlik san’atlari, Navro‘z ayyomi, atlas va adras ishlab chiqarish an’anasi kabi yigirmaga yaqin nomoddiy meros namunalarini dunyo xalqlari munosib e’tirof etmoqda.

YUNЕSKO shafeligida “Sharq taronalari”, “Maqom san’ati”, Baxshichilik, Hunarmandchilik, Etnosport festivallari muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

O‘zbekistonning tashabbusi bilan “Xiva jarayoni: Markaziy Osiyoda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish” rezolyutsiyasi, (2021-yil), “Kichik yoshdagi bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va ta’lim berish bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi” hamda “Axborotdan erkin foydalanish xalqaro kuni munosabati bilan Toshkent deklaratsiyasi” (2023-yil) kabi muhim hujjatlar qabul qilindi.

Respublikamizda YUNЕSKOning 8 ta kafedrasi, 24 ta hamkor maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Toshkent va Farg‘ona YUNЕSKOning ta’lim shaharlari Global tarmog‘idan joy oldi. Shuningdek, yuzlab madaniy meros obyektlari ilg‘or texnologiya va xalqaro standartlar asosida restavratsiya qilindi.

Hurmatli do‘stlar!

Samarqanddagi Bosh konferensiya doirasida yurtimizda qator qo‘shimcha tadbirlar o‘tkaziladi. Jumladan, ko‘hna Buxoroda ilk marta zamonaviy san’at biyennalesi bo‘lib o‘tmoqda, poytaxtimizda YUNЕSKO shafeligida Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazi ochiladi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNЕSKO – O‘zbekiston xalqaro mukofotining sovrindorlarini taqdirlaymiz, muzeylar faoliyatida sun’iy intellektning o‘rni va ahamiyatiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman tashkil etilmoqda, oliy ta’lim sohasidagi kvalifikatsiyalarni tan olishga oid Global konvensiyaga ham qo‘shilamiz.

Tashabbuslarimizni to‘liq qo‘llab-quvvatlab, xalqaro tadbirlarimizda faol ishtirok etib kelayotgani uchun barcha a’zo davlatlarga alohida tashakkur izhor etaman.

Aziz mehmonlar!

YUNЕSKOning global maqsadlariga erishish va ko‘p qirrali hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqishni davrning o‘zi taqozo qilmoqda.

Kun tartibidagi asosiy masalalar bo‘yicha qator takliflarni ilgari surmoqchiman.

Birinchidan, inklyuziv ta’limni rivojlantirish va sohada sun’iy intellekt texnologiyalarini keng qo‘llash bugungi kunning dolzarb vazifasiga aylanmoqda.

Jismoniy va ijtimoiy xususiyatlaridan qat’i nazar, har bir bolaga ta’lim olishi uchun teng imkoniyatlarni yaratib berish juda muhimdir. Bu borada YUNЕSKOning alohida ehtiyojli bolalar uchun Inklyuziv ta’limni rivojlantirish platformasini joriy etish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Ta’lim sohasida o‘zaro bilim va tajriba almashish uchun xalqaro muloqot formatini yaratish maqsadida Jahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish bo‘yicha rejamizni qo‘llab-quvvatlaysiz, deb ishonamiz.

Axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan va kreativ fikrlaydigan yangi avlodni tarbiyalash ustuvor vazifamizdir. Sun’iy intellektni ta’lim tizimiga keng joriy etish maqsadida yurtimizda YUNЕSKO ishtirokida “Sun’iy intellekt – maktab” namunaviy loyihasini amalga oshirishga tayyormiz.

Shuningdek, YUNЕSKO shafeligida barcha qit’alarning yetakchi oliygohlari, pedagogika va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari ishtirokida Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar anjumanini o‘tkazishni taklif etamiz.

Ikkinchidan, insoniyatning bebaho xazinasi bo‘lgan jahon nomoddiy madaniy merosini saqlab qolish uchun birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirishimiz zarur.

Bunday noyob meros obyektlari bo‘lgan xalq og‘zaki ijodiyoti, qo‘lyozmalar, arxivlar va qimmatli tarixiy hujjatlar, madaniy ma’lumotlarni saqlash, ularning barcha uchun ochiqligini ta’minlash maqsadida yaratilgan YUNЕSKOning “Jahon xotirasi” dasturini rivojlantirishdan manfaatdormiz.

Dunyo ma’naviy xazinasini jamlagan ushbu dastur yaratilgan sanani har yili nishonlash maqsadida 19-noyabrni “Hujjatli meros xalqaro kuni”, deb e’lon qilishni, shuningdek, YUNЕSKO tuzilmasiga kiradigan Raqamli meros bo‘yicha xalqaro institutni tashkil etishni taklif qilamiz.

Ma’lumki, qadimiy Buxoro hunarmandchilik bo‘yicha YUNЕSKO Ijodkor shaharlar tarmog‘ining a’zosi hisoblanadi. Biz ushbu shaharda 2027-yili mazkur yo‘nalishda xalqaro kongressni qabul qilishga tayyormiz.

Uchinchidan, xotin-qizlarning yetakchilik qobiliyati va kompetensiyasini ta’minlash uchun global dasturlarni faol ishga tushirish, ayniqsa, muhimdir.

YUNЕSKO statistika instituti ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda ilmiy va madaniy muassasalar rahbarlarining 25 foizi, ta’lim sohasi boshqaruvchilarining 30 foizi, tadqiqotchilarning 33 foizi xotin-qizlardir. Bu esa ayollar huquqlarini ta’minlashda, afsuski, tengsizlik hamon saqlanib qolayotganini tasdiqlaydi.

Vaholanki, gender tengligi YUNЕSKOning fundamental, ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib, Tashkilotning barcha tashabbuslari unga integratsiya qilinishi zarurligi belgilab qo‘yilgan. Bu borada a’zo davlatlarning eng ilg‘or tajriba va amaliyotini o‘rganish, bilimlar almashish maqsadida Xotin-qizlar yetakchiligi bo‘yicha YUNЕSKO akademiyasini tashkil etish vaqti keldi, deb hisoblaymiz. Shuningdek, Samarqandda barcha qit’alarning mashhur tadqiqotchilari, san’at namoyandalari, pedagog va ixtirochi xotin-qizlarning Ta’lim, madaniyat va fan sohasidagi global forumini o‘tkazishni taklif etamiz.

To‘rtinchidan, iqlim inqiroziga qarshi birgalikda samarali kurashish ham dolzarb masaladir.

O‘rtacha haroratning sezilarli darajada ko‘tarilishi, muzliklarning erishi, cho‘llanish, tuproq qatlamlari yemirilishi, urbanizatsiya jarayonlari madaniy meros obyektlarining holatiga jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda.

Atrof-muhitga mas’uliyat bilan yondashayotgan, “yashil” dasturlarni muvaffaqiyatli tatbiq etayotgan shaharlarni alohida e’tirof etish va rag‘batlantirish bo‘yicha “YUNЕSKOning Ekologik poytaxti” global tashabbusini ilgari suramiz. Bundan tashqari, YUNЕSKO Ijroiya Kengashining “Globallashuv va iqlim o‘zgarishlari sharoitida madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini ishlab chiqish tarafdorimiz. Mazkur masala bo‘yicha Xiva shahrida xalqaro simpozium o‘tkazishga tayyormiz.

Beshinchidan, virtual makonda noxolis axborotlarni tarqatish, jamoatchilik fikrini chalg‘itish, diskriminatsiyaga qarshi birgalikda samarali choralar ko‘rish jiddiy zaruratga aylanmoqda.

Raqamli transformatsiya muhitida dunyoqarashi shakllanayotgan yosh avlodning eng yaxshi ijodiy ishlari, multimedia g‘oyalarini o‘zaro almashish uchun Bolalar madaniy kontenti xalqaro festivalini o‘tkazish tashabbusini bildiramiz.

Ma’lumotlarni tahliliy idrok etish, yoshlarni manipulyatsiyadan himoya qilish, axborot shaffofligini ta’minlash maqsadida YUNЕSKOning Media savodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli strategiyasini ishlab chiqishni taklif etamiz.

Yana bir masala. Dunyoda dinlararo ziddiyatlar tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda bag‘rikenglik, o‘zaro tushunish va totuvlik kabi umuminsoniy g‘oyalarni keng targ‘ib etish har qachongidan ham muhim.

Islom madaniyati va ma’rifatini dunyoga tarannum etish orqali radikalizm va islomofobiyaga qarshi samarali kurashish mumkin. Bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilgan noyob loyihalar – Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband tadqiqot markazlari salohiyatidan birgalikda foydalanishga chaqiramiz.

Qadrli do‘stlar!

Bugungi anjuman hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash, o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlash, barqaror rivojlanish bo‘yicha global hamkorlik mexanizmlarini kuchaytirish borasida ulkan amaliy qadam bo‘lishiga aminman.

Hech shubhasiz, YUNЕSKOning boqiy an’ana va qadriyatlaridan kuch olayotgan “Samarqand ruhi” bizni umumiy taraqqiyot sari yanada birlashishga undaydi.

Bu ezgu yo‘lda barchangizga yangi omad va zafarlar, YUNЕSKO sessiyasi ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti UNESCO bilan hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) Bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi.

O‘zbekiston bilan BMTning ushbu nufuzli instituti o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Suhbat avvalida Odri Azule davlatimiz rahbarini tarixiy voqea – tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi so‘nggi 40 yilda ilk bor UNESCOning Parij shahridagi bosh qarorgohi tashqarisida o‘tkazilayotgani bilan samimiy tabrikladi.

O‘zbekistonning konferensiyani yuksak saviyada tashkil etish, shuningdek, uni amaliy ahamiyatga ega tadbirlar bilan boyitish borasidagi keng ko‘lamli ishlariga ijobiy baho berildi.

Xususan, UNESCOning Maktabgacha ta’lim bo‘yicha mintaqaviy markazi ishga tushiriladi, Beruniy mukofoti g‘oliblarini taqdirlash marosimi, Samarqand shahrining 3000 yilligi munosabati bilan maxsus tadbir, shuningdek, muzeylar, sun’iy intellekt, gender mavzulari bo‘yicha forumlar va boshqa ko‘plab tadbirlar o‘tkaziladi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va UNESCO o‘rtasidagi hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Birgalikda bolalar ta’limi bo‘yicha butunjahon konferensiyasi o‘tkazildi, Parijda Beruniyning 1050 yilligi nishonlandi, buyuk alloma sharafiga xalqaro mukofot ta’sis etildi.

O‘zbekistonning tashabbusi bilan UNESCOning uchta muhim rezolyutsiyasi qabul qilindi. Tashkilotning maxsus ro‘yxatlariga O‘zbekistonning bir qator yangi obyektlari va madaniy qadriyatlari kiritildi.

UNESCO bilan sheriklikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish, ustuvor yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishdagi katta xizmatlari hamda xalqimizning boy madaniy merosini keng ommalashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun Odri Azule xonimga davlatimizning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Slovakiya Prezidentlari strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar

30-oktabr kuni Samarqand shahrida UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya Respublikasi Prezidenti Peter Pellegrini muzokara o‘tkazdilar.

O‘zbekiston bilan Slovakiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb jihatlari ko‘rib chiqildi.

Barcha darajalarda ikki tomonlama almashinuvlar ijobiy sur’at bilan davom etayotgani, shuningdek, ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Joriy yilda siyosiy maslahatlashuvlar va Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ishbilarmonlik aloqalari faollashdi. Qo‘shma korxonalar soni uch barobar ko‘paydi.

Tovar ayirboshlash va investitsiyalarning hajmini oshirish, shuningdek, muhim tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasi loyihalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekistondan to‘qimachilik, charm, meva-sabzavot va boshqa xaridorgir mahsulotlar, Slovakiyadan kauchuk, avtomobillar uchun butlovchi qismlar, farmatsevtika va boshqa sanoat tovarlari yetkazib berishni ko‘paytirishga kelishib olindi. Shu maqsadda milliy mahsulotlar ko‘rgazmalarini o‘tkazish, savdo uylarini ochish rejalashtirilgan.

Raqamlashtirishni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Banklarning kiberxavfsizlik monitoringini yuritish va yuk tashishlarni kuzatishning ilg‘or tizimlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shma markaz tashkil qilish masalasini ishlab chiqish taklif qilindi.

Slovakiya biznesi bilan avtomobil butlovchi qismlar, tayyor sut mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorlik bildirildi.

Gumanitar va ta’lim almashinuvlarini faollashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. 2026-yilda Bratislava shahrida ikki mamlakat rektorlarining birinchi forumini o‘tkazish, turizm ko‘rgazmalari va o‘zaro Turizm kunlarini tashkil etish taklif qilindi. Tartibli mehnat migratsiyasini yo‘lga qo‘yish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Ko‘p tomonlama maydonlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Posted on Leave a comment

Imom Buxoriy majmuasi ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘ladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev UNESCO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etish uchun 30-oktabr kuni Samarqandga tashrif buyurdi.

Ezgu an’anaga muvofiq, avvalo, Imom Buxoriy maqbarasi ziyorat qilindi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.

Prezidentimiz majmuadagi so‘nggi pardozlash ishlari, hududda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish jarayonlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mazkur majmua buyuk muhaddis bobomizning islom olamida tutgan yuksak mavqeyi, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi.

Majmua hududi kengaytirilib, ayni paytda uning umumiy maydoni 44 gektarga yetdi. Mo‘tabar maqbara, 10 ming kishilik masjid va ma’muriyat binosi, muzey, kirish va chiqish ayvonlari qurib bitkazilgan. Ziyoratgohning 4 burchagidagi 75 metrlik minoralar unga mahobat bag‘ishlagan.

Davlatimiz rahbari yangi masjiddagi bunyodkorlikni ko‘zdan kechirdi.

Prezidentimiz har gal Samarqandga kelganida majmuaning qurilishi jarayoni bilan tanishib, bu joy faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi, Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi hamda kamoloti ziyoratchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi.

Shu maqsadda yangi majmuada innovatsion muzey ham tashkil etildi. U islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzeyda Qur’oni karimda ismlari zikr qilingan 25 ta payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi ma’lumotlar joylashtirilgan.

Ziyoratgoh atrofida mehmonxona va boshqa xizmat ko‘rsatish binolarida ham qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan. Bitta to‘rt yulduzli, ikkita uch yulduzli va 22 ta oilaviy uy mehmonxonalari tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari mamjua faoliyatini sifatli tashkil etish, odamlarga qulayliklarni kengaytirish, yashil maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Ezgu niyatlar bilan majmua hududiga daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

Posted on Leave a comment

Serbiya Prezidentini tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi

28-oktabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichni rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif etdi.

Ikki davlat madhiyalari yangradi. Harbiy orkestr sadolari ostida yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar. Rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.

Birgalikda suratga tushilgandan so‘ng davlat rahbarlarining delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari boshlandi.

Posted on Leave a comment

Geologiya sohasining salohiyati ilg‘or kompetensiyalar asosida oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev geologiya sohasiga ilg‘or xalqaro tajriba va kompetensiyalarni joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Yig‘ilishda mamlakatimiz geologiya tizimini zamonaviy ilmiy va texnologik asosda rivojlantirish, qazilma boyliklar bo‘yicha resurs bazasini kengaytirish hamda mineral xomashyoni chuqur qayta ishlashni ta’minlash dolzarb vazifa ekani ta’kidlandi.

Dunyo tajribasi geologiya-qidiruv ishlarini o‘tkazish murakkab bo‘lgan hududlarda ham sun’iy intellekt yordamida yangi konlarni aniqlash mumkinligini ko‘rsatyapti. Bu borada regional tadqiqotlarni kengaytirish va zamonaviy geofizik usullardan foydalanish qo‘l keladi.

Shu maqsadda mutasaddilar xalqaro hamkorlar, jumladan, kon-geologiya sohasida dunyoda ilg‘or bo‘lgan AQSHning Kolorado konchilik maktabi bilan birgalikda ilmiy tadqiqot va amaliy ishlanmalarni birlashtiruvchi zamonaviy Kompetensiyalar markazini tashkil etish loyihasi to‘g‘risida axborot berdi.

Markazning asosiy vazifalari qidiruv ishlariga raqamli yechimlar, sun’iy intellekt va aerogeofizik texnologiyalarni joriy etishdan iborat bo‘ladi. Ilg‘or xorijiy tajribaga asoslanib, ma’lumotlarni raqamli shaklda tahlil qilish, geokimyoviy va kosmogeologik tadqiqotlar natijalarini integratsiyalash hamda istiqbolli konlarni aniqlashni tezlashtirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari takliflarni ma’qullab, tarmoqda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish orqali istiqbolli maydonlarni aniqlash hamda o‘zlashtirishni tashkil etish yuzasidan qator topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Serbiya Prezidenti rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich 28-31-oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkaziladi, ularda O‘zbekiston – Serbiya ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirishning istiqbollari muhokama qilinadi.

Mashinasozlik, agrosanoat, farmatsevtika, axborot texnologiyalari, raqamlashtirish, turizm va boshqa muhim yo‘nalishlarda sheriklikni mustahkamlash masalalari diqqat markazida bo‘ladi.

Tartibli mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

Muzokaralar yakunida ikki tomonlama bitimlar to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.

Aleksandr Vuchich faxriy mehmon sifatida shu hafta Samarqand shahrida boshlanadigan UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida ham ishtirok etadi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti AQSH delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda AQSH Davlat kotibining o‘rinbosari Kristofer Landau va boshqa rasmiy shaxslar ham ishtirok etdi.

O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarining joriy yil 23-sentabr kuni Nyu-York shahrida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida Serjio Gor davlatimiz rahbariga AQSH Prezidenti Donald Trampning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.

Jadal siyosiy muloqot, turli darajalardagi almashinuvlar va faol ishbilarmonlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, oktabr oyi boshida AQSH Savdo palatasi delegatsiyasining tashrifi muvaffaqiyatli o‘tdi.

Qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida sanoat, moliya, muhim minerallar, energetika, raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni ilgari surish dolzarbligi ta’kidlandi.

Tomonlar xavfsizlik, terrorizm va ekstremizm, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohalarida sheriklikni mustahkamlash masalalarini ham muhokama qildilar.

Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Bo‘lajak tadbirlar rejasi, shu jumladan kelgusi hafta Vashington shahrida “C5+1” formatidagi sammitni o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Posted on Leave a comment

Kelgusi yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va davlat budjeti parametrlari muhokama qilindi

27-oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishda joriy yilda iqtisodiyotda kutilayotgan natijalar va 2026-yil uchun mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muhokama qilindi.

Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida iqtisodiyotimiz prognozdan ancha yuqori sur’atda – 7,6 foizga o‘sdi. Sanoat hajmi 6,8 foiz, qurilish – 14,2 foiz, xizmatlar – 14 foiz, qishloq xo‘jaligi – 4,1 foizga oshdi.

Oltin-valyuta zaxiralari o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga ko‘payib, 55 milliard dollarga yetdi. Nufuzli xalqaro reyting agentliklari mamlakatimiz iqtisodiy istiqbollarini yuqori baholamoqda. “Fitch Ratings” ilk bor mamlakatimiz suveren reytingini bir pog‘onaga oshirgan bo‘lsa, “Moody’s” va “S&P Global” o‘z kutilmasini “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirdi.

– Eng muhimi, erishilgan natijalar aholi farovonligini oshirishga xizmat qilyapti, – dedi davlatimiz rahbari.

Aholi daromadlari 18,4 foizga, omonatlar 35,3 foizga, o‘rtacha ish haqi esa 19,2 foizga o‘sdi. So‘rovlar aholi va biznes o‘rtasida ishonch muhiti kuchayganini, yangi ish o‘rinlari va daromad manbalari kengayayotganini ko‘rsatmoqda.

Prezident yuqori o‘sish sur’atlarini yil yakunigacha saqlab qolib, yalpi ichki mahsulot hajmini 135 milliard dollardan oshirish iqtisodiy kompleksning asosiy vazifasi bo‘lishini qayd etdi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda kelgusi yil uchun asosiy rejalar ko‘rib chiqildi.

Mutasaddilar kelgusi yilda o‘sish sur’atini 6,6 foiz darajasida ta’minlab, yalpi ichki mahsulot hajmini 150 milliard dollardan oshirish, iqtisodiyotga barcha manbalardan kamida 400 trillion so‘m yo‘naltirish, inflyatsiyani 7 foizdan ortiq bo‘lmagan darajada saqlab qolish prognoz qilingani yuzasidan axborot berdi.

Prezidentimiz bu rejalarga erishish uchun barcha imkoniyat va sharoit mavjudligini ta’kidlab, har bir vazirlik, tarmoq va hudud rahbarlari jiddiy e’tibor qaratishi zarur bo‘lgan muhim masalalarni ko‘rsatib o‘tdi.

2026-yilgi budjet loyihasida asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qolayotgan sharoitda budjet daromadlarini izchillik bilan oshirib borish, shu bilan birga, xarajatlar qismining samarali sarflanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish shartligi qayd etildi.

Prezident ta’kidlaganidek, kelgusi yilda xarajatlarni keskin qisqartirish va samaradorlikni oshirish barcha darajadagi rahbarlar uchun asosiy mezon bo‘ladi.

Bunda strategik tarmoqlarda tannarxni kamaytirish va raqobatbardoshlikni oshirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, davlat ishtirokidagi korxonalarning dividend siyosatini tartibga solish, subsidiya va imtiyozlarning natijadorligini tahlil qilib, samarasi past bo‘lganlarini bekor qilish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, tuman va shahar budjetlarining daromadlarini ko‘paytirish borasidagi ishlarning samaradorligini oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.

Xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari ishtirokidagi loyihalarni jadallashtirish, bundan buyon mavjud loyihalarni oxiriga yetkazibgina yangi loyihalarga resurs jalb qilish tizimiga o‘tish zarurligi qayd etildi.

Vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalarida to‘plangan qoldiqning yarmini alohida jamg‘armaga o‘tkazish va ushbu mablag‘larni maktablar qurilishiga va tibbiyotga yo‘naltirish topshirildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalardan kelib chiqib, 2026-yilgi Davlat budjeti loyihasining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.