Posted on Leave a comment

Imom Buxoriy majmuasi ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘ladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev UNESCO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etish uchun 30-oktabr kuni Samarqandga tashrif buyurdi.

Ezgu an’anaga muvofiq, avvalo, Imom Buxoriy maqbarasi ziyorat qilindi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.

Prezidentimiz majmuadagi so‘nggi pardozlash ishlari, hududda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish jarayonlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mazkur majmua buyuk muhaddis bobomizning islom olamida tutgan yuksak mavqeyi, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi.

Majmua hududi kengaytirilib, ayni paytda uning umumiy maydoni 44 gektarga yetdi. Mo‘tabar maqbara, 10 ming kishilik masjid va ma’muriyat binosi, muzey, kirish va chiqish ayvonlari qurib bitkazilgan. Ziyoratgohning 4 burchagidagi 75 metrlik minoralar unga mahobat bag‘ishlagan.

Davlatimiz rahbari yangi masjiddagi bunyodkorlikni ko‘zdan kechirdi.

Prezidentimiz har gal Samarqandga kelganida majmuaning qurilishi jarayoni bilan tanishib, bu joy faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi, Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi hamda kamoloti ziyoratchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi.

Shu maqsadda yangi majmuada innovatsion muzey ham tashkil etildi. U islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzeyda Qur’oni karimda ismlari zikr qilingan 25 ta payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi ma’lumotlar joylashtirilgan.

Ziyoratgoh atrofida mehmonxona va boshqa xizmat ko‘rsatish binolarida ham qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan. Bitta to‘rt yulduzli, ikkita uch yulduzli va 22 ta oilaviy uy mehmonxonalari tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari mamjua faoliyatini sifatli tashkil etish, odamlarga qulayliklarni kengaytirish, yashil maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Ezgu niyatlar bilan majmua hududiga daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

Posted on Leave a comment

Serbiya Prezidentini tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi

28-oktabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichni rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif etdi.

Ikki davlat madhiyalari yangradi. Harbiy orkestr sadolari ostida yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar. Rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.

Birgalikda suratga tushilgandan so‘ng davlat rahbarlarining delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari boshlandi.

Posted on Leave a comment

Geologiya sohasining salohiyati ilg‘or kompetensiyalar asosida oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev geologiya sohasiga ilg‘or xalqaro tajriba va kompetensiyalarni joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Yig‘ilishda mamlakatimiz geologiya tizimini zamonaviy ilmiy va texnologik asosda rivojlantirish, qazilma boyliklar bo‘yicha resurs bazasini kengaytirish hamda mineral xomashyoni chuqur qayta ishlashni ta’minlash dolzarb vazifa ekani ta’kidlandi.

Dunyo tajribasi geologiya-qidiruv ishlarini o‘tkazish murakkab bo‘lgan hududlarda ham sun’iy intellekt yordamida yangi konlarni aniqlash mumkinligini ko‘rsatyapti. Bu borada regional tadqiqotlarni kengaytirish va zamonaviy geofizik usullardan foydalanish qo‘l keladi.

Shu maqsadda mutasaddilar xalqaro hamkorlar, jumladan, kon-geologiya sohasida dunyoda ilg‘or bo‘lgan AQSHning Kolorado konchilik maktabi bilan birgalikda ilmiy tadqiqot va amaliy ishlanmalarni birlashtiruvchi zamonaviy Kompetensiyalar markazini tashkil etish loyihasi to‘g‘risida axborot berdi.

Markazning asosiy vazifalari qidiruv ishlariga raqamli yechimlar, sun’iy intellekt va aerogeofizik texnologiyalarni joriy etishdan iborat bo‘ladi. Ilg‘or xorijiy tajribaga asoslanib, ma’lumotlarni raqamli shaklda tahlil qilish, geokimyoviy va kosmogeologik tadqiqotlar natijalarini integratsiyalash hamda istiqbolli konlarni aniqlashni tezlashtirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari takliflarni ma’qullab, tarmoqda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish orqali istiqbolli maydonlarni aniqlash hamda o‘zlashtirishni tashkil etish yuzasidan qator topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Serbiya Prezidenti rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich 28-31-oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkaziladi, ularda O‘zbekiston – Serbiya ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirishning istiqbollari muhokama qilinadi.

Mashinasozlik, agrosanoat, farmatsevtika, axborot texnologiyalari, raqamlashtirish, turizm va boshqa muhim yo‘nalishlarda sheriklikni mustahkamlash masalalari diqqat markazida bo‘ladi.

Tartibli mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

Muzokaralar yakunida ikki tomonlama bitimlar to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.

Aleksandr Vuchich faxriy mehmon sifatida shu hafta Samarqand shahrida boshlanadigan UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida ham ishtirok etadi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti AQSH delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda AQSH Davlat kotibining o‘rinbosari Kristofer Landau va boshqa rasmiy shaxslar ham ishtirok etdi.

O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarining joriy yil 23-sentabr kuni Nyu-York shahrida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida Serjio Gor davlatimiz rahbariga AQSH Prezidenti Donald Trampning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.

Jadal siyosiy muloqot, turli darajalardagi almashinuvlar va faol ishbilarmonlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, oktabr oyi boshida AQSH Savdo palatasi delegatsiyasining tashrifi muvaffaqiyatli o‘tdi.

Qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida sanoat, moliya, muhim minerallar, energetika, raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni ilgari surish dolzarbligi ta’kidlandi.

Tomonlar xavfsizlik, terrorizm va ekstremizm, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohalarida sheriklikni mustahkamlash masalalarini ham muhokama qildilar.

Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Bo‘lajak tadbirlar rejasi, shu jumladan kelgusi hafta Vashington shahrida “C5+1” formatidagi sammitni o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Posted on Leave a comment

Kelgusi yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va davlat budjeti parametrlari muhokama qilindi

27-oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishda joriy yilda iqtisodiyotda kutilayotgan natijalar va 2026-yil uchun mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar muhokama qilindi.

Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida iqtisodiyotimiz prognozdan ancha yuqori sur’atda – 7,6 foizga o‘sdi. Sanoat hajmi 6,8 foiz, qurilish – 14,2 foiz, xizmatlar – 14 foiz, qishloq xo‘jaligi – 4,1 foizga oshdi.

Oltin-valyuta zaxiralari o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga ko‘payib, 55 milliard dollarga yetdi. Nufuzli xalqaro reyting agentliklari mamlakatimiz iqtisodiy istiqbollarini yuqori baholamoqda. “Fitch Ratings” ilk bor mamlakatimiz suveren reytingini bir pog‘onaga oshirgan bo‘lsa, “Moody’s” va “S&P Global” o‘z kutilmasini “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirdi.

– Eng muhimi, erishilgan natijalar aholi farovonligini oshirishga xizmat qilyapti, – dedi davlatimiz rahbari.

Aholi daromadlari 18,4 foizga, omonatlar 35,3 foizga, o‘rtacha ish haqi esa 19,2 foizga o‘sdi. So‘rovlar aholi va biznes o‘rtasida ishonch muhiti kuchayganini, yangi ish o‘rinlari va daromad manbalari kengayayotganini ko‘rsatmoqda.

Prezident yuqori o‘sish sur’atlarini yil yakunigacha saqlab qolib, yalpi ichki mahsulot hajmini 135 milliard dollardan oshirish iqtisodiy kompleksning asosiy vazifasi bo‘lishini qayd etdi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda kelgusi yil uchun asosiy rejalar ko‘rib chiqildi.

Mutasaddilar kelgusi yilda o‘sish sur’atini 6,6 foiz darajasida ta’minlab, yalpi ichki mahsulot hajmini 150 milliard dollardan oshirish, iqtisodiyotga barcha manbalardan kamida 400 trillion so‘m yo‘naltirish, inflyatsiyani 7 foizdan ortiq bo‘lmagan darajada saqlab qolish prognoz qilingani yuzasidan axborot berdi.

Prezidentimiz bu rejalarga erishish uchun barcha imkoniyat va sharoit mavjudligini ta’kidlab, har bir vazirlik, tarmoq va hudud rahbarlari jiddiy e’tibor qaratishi zarur bo‘lgan muhim masalalarni ko‘rsatib o‘tdi.

2026-yilgi budjet loyihasida asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qolayotgan sharoitda budjet daromadlarini izchillik bilan oshirib borish, shu bilan birga, xarajatlar qismining samarali sarflanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish shartligi qayd etildi.

Prezident ta’kidlaganidek, kelgusi yilda xarajatlarni keskin qisqartirish va samaradorlikni oshirish barcha darajadagi rahbarlar uchun asosiy mezon bo‘ladi.

Bunda strategik tarmoqlarda tannarxni kamaytirish va raqobatbardoshlikni oshirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, davlat ishtirokidagi korxonalarning dividend siyosatini tartibga solish, subsidiya va imtiyozlarning natijadorligini tahlil qilib, samarasi past bo‘lganlarini bekor qilish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, tuman va shahar budjetlarining daromadlarini ko‘paytirish borasidagi ishlarning samaradorligini oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.

Xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari ishtirokidagi loyihalarni jadallashtirish, bundan buyon mavjud loyihalarni oxiriga yetkazibgina yangi loyihalarga resurs jalb qilish tizimiga o‘tish zarurligi qayd etildi.

Vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalarida to‘plangan qoldiqning yarmini alohida jamg‘armaga o‘tkazish va ushbu mablag‘larni maktablar qurilishiga va tibbiyotga yo‘naltirish topshirildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalardan kelib chiqib, 2026-yilgi Davlat budjeti loyihasining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Belgiyaga tashrifini yakunladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belgiyaga rasmiy tashrifi yakunlandi.

Davlatimiz rahbari Bryussel shahrida Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen hamda Belgiyaliklar Qiroli Filipp bilan samarali muzokaralar o‘tkazdi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi tarixiy bitimni imzolash marosimida ham ishtirok etdi. Ushbu hujjat o‘zaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, savdo va investitsiya sohalarida kengaytirish va mustahkamlash uchun yangi, keng qamrovli huquqiy asos yaratadi.

Davlatimiz rahbari Yevropaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan ham uchrashuv o‘tkazib, ustuvor yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.

Tashrif davomida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Yevropa Ittifoqi bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani ham ma’lum qilindi.

Dasturdagi tadbirlar yakunlangach, Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahriga jo‘nab ketdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Belgiyaliklar Qiroli bilan uchrashdi

Bryussel shahriga rasmiy tashrif doirasida Laken saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belgiyaliklar Qiroli Filipp bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Qirol Filipp O‘zbekiston yetakchisining YI rahbariyati bilan muzokaralarining yakunlarini yuksak baholab, mamlakatimiz yetakchisini Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi tarixiy bitim imzolangani bilan samimiy tabrikladi.

O‘zbekiston – Belgiya munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Vazirlar darajasida faol muloqotlar yo‘lga qo‘yilgan, siyosiy maslahatlashuvlar muntazam o‘tkazilmoqda, ikki mamlakat parlamentlarida do‘stlik guruhlari tashkil etilgan.

Madaniy-gumanitar hamkorlik mustahkamlanmoqda. Toshkent va Kortreyk, Samarqand va Lyej shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatildi. Kortreykda buyuk alloma bobomiz Abu Ali ibn Sinoning byusti ochildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, Belgiya kompaniyalari O‘zbekistonda, xususan, to‘qimachilik, logistika va xizmat ko‘rsatish sohalarida muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. O‘tgan yili Toshkentda Benilyuks mamlakatlarining savdo palatasi ochildi.

Suhbat chog‘ida Belgiya kompaniyalari vakillarining O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etish, shuningdek, madaniy tadbirlarni o‘zaro o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Qirol Filippni tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.

Posted on Leave a comment

Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh xodimlarni mukofotlash to‘g‘risida 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatimiz ichki ishlar organlaridagi ko‘p yillik samarali xizmati, yurtimizda jamoat xavfsizligi, xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, profilaktika ishlari samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish yo‘lidagi ibratli faoliyati, o‘z burchini sharaf va mas’uliyat bilan ado etib, mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatib kelayotgani, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdagi faol ishtiroki uchun quyidagilar mukofotlansin:  

II darajali «Shon sharaf» ordeni bilan

Ashropov Ramazon Axmatxo‘jayevich – O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari

«Mardlik» ordeni bilan

Torebekov Baxtiyar Ismandiyarovich – Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri 

Xusanov Ilyos Pardayevich – Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori


«Do‘stlik» ordeni bilan

Maxmudova Mariya Stepanovna – Toshkent shahar Yunusobod tumani bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi ekspert-kriminalistika bo‘limi katta eksperti

Tashxodjayev Ulug‘bek Shuxratovich – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti boshlig‘i

Xatamov Rustam Abduganiyevich – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘i

«Jasorat» medali bilan

Abbasov Avliyo Israilxonovich – Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati inspektori

Karimkulova Sayyora Kudratovna – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish koloniyasi kichik inspektori

Xaitov Abdunayim Xayrullayevich – Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi katta tezkor vakili

Xudaynazarov Sanjar Farxodovich – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tezkor vakili


«Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan 

Abbasov Rustam Abdullajanovich – Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining maslahatchisi

Isayev Istam Qoryog‘diyevich – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlari harbiy qism guruh komandiri o‘rinbosari

Maxmudov Xurshid Xusanovich – Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani ichki ishlar boshqarmasi probatsiya guruhi inspektori

Masharipov Atabek Sultanbayevich – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i

Mirzajanov Muhammadjon Komiljanovich – Toshkent shahar Chilonzor tumani bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi profilaktika katta inspektori

Taganov Rasulbek Sobirovich – Xorazm viloyati Urganch shahar ichki ishlar boshqarmasi patrul-post xizmati otryadi bo‘linma komandiri

Uralov Jaxongir Mamatkulovich – Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati inspektori

Xolmatov Baxodir Fozilovich – Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahar ichki ishlar bo‘limi katta tezkor vakili

Choriyev Shuxrat Amirovich – Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i

Shamalov Tuychibay Dexkambayevich – Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi patrul-post xizmati otryadi inspektori

Egamova Dilfuza Rabbimkulovna – Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov boshqarmasi o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi

«Shuhrat» medali bilan

Jumanov To‘lqinboy Sattorovich – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi departament boshlig‘i o‘rinbosari

Qulturayev Utkir Quyliyevich – Surxondaryo viloyati Denov tumani ichki ishlar boshqarmasi bo‘linma boshlig‘i

Xasanov Dilshod Uktamjonovich – Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani ichki ishlar bo‘limi profilaktika katta inspektori

Xudoyberdiyev Sherzod Sayfulloyevich – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Samarqand aeroportida xavfsizlikni ta’minlash bo‘linmasi boshlig‘i

Eraxmatov Dilshodbek  Rejabovich – Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi patrul-post xizmati batalyoni bo‘linma komandiri

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va YI yetakchilari ikki tomonlama munosabatlar yangi, strategik darajaga ko‘tarilganini olqishladilar

Bryusseldagi Yevropa kengashi bosh qarorgohi – “Yevropa” binosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ko‘p qirrali O‘zbekiston – Yevropa hamkorligini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Yetakchilar bugun imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi tarixiy bitimni yuqori baholadilar. Ushbu keng qamrovli hujjat O‘zbekiston bilan YI hamkorligining nafaqat huquqiy asoslarni kengaytirishi, balki yangi kun tartibini shakllantirishi ta’kidlandi.

Shuningdek, bitim birlashmaga a’zo davlatlar bilan, eng avvalo, savdo, investitsiyalar, transport, energetika, iqlim, yuqori texnologiyalar va madaniy-gumanitar hamkorlik sohalaridagi aloqalarga kuchli sur’at bag‘ishlaydi.

Tomonlar O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligi bo‘yicha YI bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlanganini ham olqishladilar.

Barcha darajalarda faol, sermahsul muloqot va almashinuvlar amalga oshirilayotgani katta mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Tashrif arafasida O‘zbekiston delegatsiyasi Yevropa Ittifoqining “Global darvoza” ikkinchi forumida ishtirok etdi. Yaqinda Hamkorlik kengashi hamda Iqtisodiyot, savdo va investitsiyalar bo‘yicha kichik qo‘mita yig‘ilishlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Kecha yirik qo‘shma biznes forumi o‘tkazilgan bo‘lsa, bugun Yevropaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ular natijasida energetika, kimyo, muhim minerallar, logistika, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida umumiy qiymati 10 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi. Bu Yevropa kompaniyalari ishtirokidagi umumiy qiymati 40 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan hozirgi loyihalar portfeliga salmoqli qo‘shimchadir.

Sheriklikning yuqori sur’atini saqlab qolish uchun hamkorlikning institutsional mexanizmlarini yanada mustahkamlash, investitsiyalar, muhim minerallar, energetika, transport, fan va ta’lim sohalarida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. Ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni mustahkamlash uchun viza tartibotlarini soddalashtirish muhimligi qayd etildi.

Yetakchilar xalqaro kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.

Uchrashuv yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilindi.