Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida tarixiy bitim imzolandi

24-oktabr kuni Bryussel shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. 

Hujjat 1996-yilgi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga asoslangan O‘zbekiston – Yevropa hamkorligining huquqiy bazasini yangilaydi hamda sezilarli darajada kengaytiradi. 

Yangi bitim loyihasi bo‘yicha muzokaralar 2019-yil fevral oyida boshlanib, 2022-yil iyul oyida yakunlangan. Hujjat 2022-yil 6-iyul kuni Bryussel shahrida parafirlangan edi. 

Bitim 9 ta bo‘lim, 356 ta modda va 14 ta ilovadan iborat. U ikki tomonlama munosabatlarning deyarli barcha sohalarini qamrab oladi hamda siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo va investitsiyalar, barqaror rivojlanish, fan va ta’lim, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishiga alohida e’tibor qaratgan holda barcha o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish uchun keng qamrovli huquqiy asosni shakllantiradi. 

Bitimning imzolanishi O‘zbekiston va YI munosabatlarida yangi bosqichni boshlab beradi hamda ko‘p qirrali sheriklikni misli ko‘rilmagan yuksak darajaga olib chiqadi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Yevropa ishbilarmonlarini o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga chaqirdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belgiyaga rasmiy tashrifi doirasida Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi. 

Uchrashuvda Yevropa Ittifoqining kengayish bo‘yicha komissari Marta Kos, “Vandewiele”, “Linde”, “Rhenus Logistics”, “Ahlers Logistics”, “Lasselsberger Group”, “Pietro Fiorentini”, “NextChem”, “Meridiam”, “SUEZ”, “FMO”, “European Investment Bank”, “Commerzbank”, “KfW”, “Textima”, “Chimcomplex”, “Metso” hamda boshqa kompaniya va korporatsiyalarning rahbariyati ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari tadbirda Yevropaning yetakchi kompaniyalari ishtirok etayotgani yuksak o‘zaro ishonch va uzoq muddatli sheriklikka intilishning ifodasi ekanini alohida ta’kidladi.

Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi O‘zbekiston va YEI o‘rtasidagi munosabatlarda yangi davrni boshlab berishi qayd etildi.

Keyingi yetti yilda tovar ayirboshlash ikki barobar ko‘paydi, Yevropa sarmoyasi ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni mingdan oshdi. Bu ko‘rsatkichlar investorlarning O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarga ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Yevropalik hamkorlar O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va tubdan isloh qilish, ilg‘or texnologiyalar, korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish hamda innovatsion ishlab chiqarishni rivojlantirishga ko‘maklashayotgani qayd etildi. 

Prezidentimiz inson kapitalini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Yoshlarning oliy ta’lim olish imkoniyatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Yangi oliy o‘quv yurtlari tashkil etildi, xorijiy universitetlarning filiallari ochildi, yevropalik hamkorlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning to‘rtta muhim yo‘nalishini ko‘rsatib o‘tdi. 

O‘zbekiston strategik xomashyo va minerallarni o‘zlashtirish va chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdor. 

“Yashil iqtisodiyot” va kimyo sanoati ham hamkorlik uchun istiqbolli yo‘nalishlardir. Mamlakatimiz qayta tiklanadigan energetikani faol joriy etmoqda, energetika tizimini modernizatsiya qilmoqda. Yevropalik hamkorlarga “yashil” energetika, energiya tejash va ekologik kimyo loyihalarida ishtirok etish taklif qilindi. 

Infratuzilma va logistikani rivojlantirish ham ustuvor ahamiyatga ega ekani ko‘rsatib o‘tildi. O‘zbekiston avtomobil yo‘llari, temir yo‘llar va aeroportlarni o‘z ichiga olgan transport tarmog‘ini modernizatsiya qilmoqda. Mamlakatimiz tranzit yo‘nalishlarini rivojlantirish, Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan zamonaviy logistika markazlarini barpo etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor. 

Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari sohasiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston IT-parklar va startap inkubatorlarini rivojlantirmoqda hamda Yevropa kompaniyalari bilan sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohalarida hamkorlik qilishga tayyor.

Davra suhbati ishtirokchilari, o‘z navbatida, mamlakatimizda investitsiyalar uchun yaratilgan shaffof va barqaror sharoitlarni yuqori baholadilar hamda yurtimizda yangi qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti rasmiy tashrif bilan Belgiyaga keldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Bryussel shahriga keldi.

Belgiya poytaxtining xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprays va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

24-oktabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan muzokaralar hamda Belgiyaliklar Qiroli Filipp bilan uchrashuv o‘tkazadi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimida ishtirok etadi.

Tashrif doirasida Yevropaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalarining vakillari bilan davra suhbati o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Bryusselga jo‘nab ketdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayenning taklifiga binoan 23-oktabr kuni rasmiy tashrif bilan Bryussel shahriga jo‘nab ketdi.

Davlatimiz rahbari Belgiya poytaxtida Yevropa Ittifoqi yetakchilari bilan muzokaralar o‘tkazadi. Ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekiston va YI o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Belgiyaliklar Qiroli Filipp hamda Yevropaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlarining vakillari bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashrif bilan Bryusselda bo‘ladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayenning taklifiga binoan 23-24-oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan Bryussel shahrida bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Yevropa Ittifoqi poytaxtida ushbu birlashmaning asosiy institutlari rahbarlari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ko‘p qirrali munosabatlarni joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish va kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi.

Savdo-iqtisodiyot, investitsiya-moliya, innovatsiya, energetika, transport-kommunikatsiya, fan-ta’lim va boshqa ustuvor sohalarda amaliy hamkorlik bo‘yicha aniq loyiha hamda dasturlarni ilgari surish e’tibor markazida bo‘ladi.

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Tashrif doirasida O‘zbekiston yetakchisi Belgiya rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazadi, texnologik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma rejalarni jadallashtirish maqsadida Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlarini qabul qiladi.

Posted on Leave a comment

Sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish yangi bosqichga olib chiqiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 21-oktabr kuni davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Sun’iy intellekt texnologiyalari iqtisodiyotdan tortib, ta’lim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqaruv tizimigacha chuqur kirib bormoqda. Yil boshida 2030-yilga borib, dunyo iqtisodiyotida sun’iy intellekt hajmi 15 trillion dollarga yetishi prognoz qilingan bo‘lsa, hozirgi tahlillar mazkur raqam 20 trillion dollardan ortishini ko‘rsatmoqda.

– Bugun insoniyat yangi sivilizatsiya bosqichiga – sun’iy intellekt davriga dadil qadam qo‘ymoqda. Qaysi soha bo‘lmasin, kim bu jarayonda qattiq izlanib, aniq natija qilsa, bir qadam oldinda yursa, marra shuniki bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbekistonda ham sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilinib, sohaning huquqiy asoslari yaratildi. Qisqa davrda davlat xizmatlari, bank-moliya, jamoat xavfsizligi, transport kabi yo‘nalishlarda 30 dan ortiq pilot loyihalar ishga tushdi.

O‘tgan yili Sun’iy intellektni 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Raqamlashtirish vazirligida ushbu soha bilan ishlaydigan alohida markaz tashkil etildi.

Natijada bir yil ichida mamlakatimiz sun’iy intellektga tayyorgarlik bo‘yicha xalqaro indeksda 17 pog‘ona yuqoriladi, Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi.

Endilikda vazirlar va tarmoq rahbarlarining raqamlashtirishga mas’ul o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida sohada sun’iy intellektni rivojlantirishga ham javobgar bo‘lishi belgilandi. Shahar va tumanlarda ham hokimlarning raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchisi lavozimi kiritiladi. Kelgusi yildan vazirlik va hududlarda sun’iy intellektni joriy etish holatini baholaydigan reyting tizimi ishga tushiriladi.

Xorijiy ekspertlar O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda. Buni imkoniyatga aylantirish va dunyoda sun’iy intellektga talab ortib borayotgan hozirgi davrda raqobatdosh bo‘lish uchun 3 ta eng asosiy masala – infratuzilma, ochiq ma’lumotlar va kadrlar tayyorlashga e’tiborni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Sog‘liqni saqlash, energetika, bank-moliya, bojxona-soliq, transport, tog‘-kon va qishloq xo‘jaligi sohalarida sun’iy intellekt bo‘yicha 100 ta loyiha rejalashtirilgan. Ularni amalga oshirish uchun shunga mos quvvatlar, zamonaviy super kompyuterlar kerak. Lekin hozirgi mavjud quvvatlar faqat kichik loyihalarni ishga tushirish uchun yetadi.

Shu bois, zamonaviy super kompyuter klasterlari va “Data-markaz”larni ko‘paytirish zarurligi qayd etildi. Bu yil 16 ta super kompyuter sotib olish uchun 50 million dollar ajratildi. Keyingi yil bu mablag‘ 2 karra oshiriladi.

Sohaga investitsiyalarni rag‘batlantirish uchun Qoraqalpog‘istonda imtiyozli rejim joriy qilinishi belgilandi. Sun’iy intellekt infratuzilmasiga 100 million dollardan ko‘p sarmoya kiritgan investorlarga elektr energiyasining narxi 5 sent etib belgilanadi, IT-park imtiyozlari tatbiq etiladi, import uskunalari bojxona to‘lovidan ozod etiladi.

Shu bilan birga, olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash uchun keyingi yildan “sputnik internet” operatorlarining faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ular besh yilga yer, mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.

Vazirlik va idoralardagi ma’lumotlar har xil serverlarda tarqoq saqlanayotgani, ularning formatlari turlicha bo‘lgani sun’iy intellektni jadal rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, vazirlik va idoralardagi 55 ta, kelasi yil qolgan barcha ma’lumotlar bazalarini yagona “Data-markaz”ga o‘tkazish topshirildi.

– Sun’iy intellekt dasturlari samarali ishlashi uchun ular, avvalo, o‘zbek tilini mukammal darajada tushunishi zarur, – dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbek tilidagi adabiyotlar, ma’lumotlar, maqolalar, hisobotlar, ilmiy ishlarni raqamlashtirish, sun’iy intellekt milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizni o‘zida ifodalay olishi uchun “O‘zbek tili korpusi”ni yaratish zarurligi qayd etildi.

Prezident sun’iy intellekt sohasida kadrlar tayyorlashni, eng avvalo, maktablardan boshlash kerakligini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan keyingi o‘quv yilidan “Informatika” fani o‘quv dasturlariga sun’iy intellektga oid mavzular kiritiladi. Buning uchun Massachusets texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda maxsus darslik ishlab chiqiladi.

Yoshlarning sun’iy intellektdan foydalanishga doir g‘oyalarini aniqlash va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Bir million sun’iy intellekt yetakchisi” loyihasi kengaytiriladi, bu bo‘yicha milliy tanlov o‘tkazilib, eng yuqori natija ko‘rsatgan yoshlar, ularning ustozlari va ta’lim tashkilotlari munosib rag‘batlantiriladi.

Yig‘ilishda oliygohlarda sun’iy intellekt laboratoriyalarini tashkil etish choralari ham belgilab olindi. “Yangi O‘zbekiston” universitetida “tarmoq – oliygoh – hamkor” tamoyilida ishlaydigan “sun’iy intellekt klasteri” ishga tushiriladi. Oliy ta’lim muassasalarida sun’iy intellekt, fintex, kiberxavfsizlik, IT-muhandislik, aerokosmik va bulutli texnologiyalar kabi yo‘nalishlar uchun davlat granti kvotalari 35 foizga oshiriladi.

Talabalarning sun’iy intellektga qiziqishini oshirish maqsadida har bir hududda oliygoh jamoalari o‘rtasida sun’iy intellekt bo‘yicha umummilliy tanlov o‘tkaziladi. Mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘lgan “Sun’iy intellekt sohasidagi eng yaxshi startap” tanlovi tashkil etiladi.

Umuman, sohani rivojlantirish borasida yetakchi kompaniyalar, xorijiy ekspertlar va vatandoshlarimiz, yirik davlat korxonalari, banklar va oliygohlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish maqsadida “Sun’iy intellekt alyansi”ni tuzish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi

Qadrli vatandoshlar!

Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotidan mustahkam o‘rin olgan qutlug‘ sana – O‘zbek tili bayrami kuni bilan siz, azizlarni, butun xalqimizni, chet ellardagi barcha yurtdoshlarimizni chin dildan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu shukuhli ayyomda bir fikrni alohida ta’kidlab aytmoqchiman: bundan sakkiz yil oldin mamlakatimizda boshlagan tom ma’nodagi tarixiy islohotlarimiz tufayli o‘zbek tili rivojida ham yangi davr boshlandi. Bu borada qabul qilingan farmon, qaror va dasturlar asosida uning davlat tili sifatidagi o‘rni va maqomini mustahkamlash, zamonaviy ilm-fan, axborot texnologiyalari va xalqaro munosabatlar tiliga aylantirish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirdik.

Xususan, yurtimizda geografik obyektlar nomlarini davlat tili me’yorlariga muvofiqlashtirish izchil davom ettirilmoqda. Bugungi kunga qadar 250 mingga yaqin geografik obyekt, jumladan, 200 mingdan ortiq ko‘cha nomlari davlat tiliga muvofiqlashtirilib, reyestrga kiritilgani, faqat keyingi ikki yilda tog‘ va cho‘qqilar, daryo, ko‘l, suv omborlari, foydali qazilma konlari, metro bekatlari, temiryo‘l vokzali va stansiyalari, aeroport va avtostansiyalar singari 2 600 ta obyekt davlat tili talablari asosida qayta nomlanganini qayd etish zarur.

Hozirgi shiddatli globallashuv jarayonlari, ilm-fan yutuqlari orqali hayotimizga keng miqyosda kirib kelayotgan yangi tushuncha va atamalarni tilimizga aniq qoida va tamoyillarga binoan qabul qilish, til siyosatini ilmiy asosda, markazlashgan holda yuritish maqsadida Atamalar komissiyasi faoliyati kuchaytirildi.

Xorijiy so‘z va iboralarni keng jamoatchilik, olim va mutaxassislar ishtirokida o‘zbekchalashtirish bo‘yicha samarali mexanizm joriy etilib, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish uchun maxsus dasturiy ta’minot ishlab chiqilgani, elektron manbalar yaratilgani e’tiborga sazovordir.

Shu o‘rinda bir fikrni yana ta’kidlashni o‘rinli, deb bilaman: kelajagimiz egasi bo‘lgan yosh avlodimiz zamonaviy bilimlar, innovatsiya va taraqqiyot cho‘qqilarini egallashi uchun albatta chet tillarini o‘rganishi lozim. Lekin ular milliy ruh, milliy tafakkur egasi, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishlari uchun, avvalo, o‘zbek tili va adabiyotini bolalikdan boshlab puxta bilishlari shart.

Shu maqsadda ta’lim tizimida o‘zbek tilini o‘qitishni takomillashtirishga jiddiy ahamiyat qaratmoqdamiz. Joriy yildan e’tiboran tegishli milliy sertifikatga ega bo‘lgan o‘zbek tili fani o‘qituvchilarining oylik maoshiga 50 foiz qo‘shimcha ustama berilayotgani, ta’lim boshqa tilda olib boriladigan maktablarning 11-sinf bitiruvchilari uchun davlat tili fanidan yakuniy imtihon topshirish belgilangani shu yo‘ldagi muhim qadamdir.

O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish talabi rasman belgilangani ham tilimizning mavqeini oshirishga xizmat qilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan o‘tgan davrda 72 nomda qomus, lug‘at va qo‘llanmalar ko‘pming nusxalarda chop etilib, davlat idoralari va ta’lim muassasalariga taqdim etildi.

Ayniqsa, olti jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, to‘rt jildli “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”, besh jildli “Navoiy tili lug‘ati” va boshqa nashrlar yetakchi xorijiy universitetlarning kutubxonalari, jahondagi o‘zbek tili markazlari va klublariga yetkazib berilayotgani saflari tobora kengayib borayotgan o‘zbek tili do‘stlarini mamnun etmoqda.

Biz inklyuziv jamiyat barpo etish tamoyillarini til sohasidagi davlat siyosatimizda ham muvaffaqiyatli joriy etib, mamlakatimizda yashayotgan turli millat vakillarining ona tillarini rivojlantirishga muhim ahamiyat bermoqdamiz. Ayni vaqtda  ularning davlat tilini o‘rganishlari uchun ham zarur sharoitlar yaratyapmiz. Bugungi kunda o‘zbek tili davlat tili sifatida mamlakatimizdagi barcha millat va elat vakillarini jipslashtirishga xizmat qilayotgani birgalikda olib borayotgan sa’y-harakatlarimiz natijasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Aziz do‘stlar!

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, o‘zbek tilining jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini mustahkamlash, uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish borasida oldimizda turgan muhim vazifalarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Bu borada, avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu bayram arafasida qabul qilingan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan asosiy maqsad va vazifalarni o‘z vaqtida, samarali amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, ushbu qaror bilan tasdiqlangan “2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2025-2026-yillarda amalga oshirish dasturi”ni hayotga joriy etishda nafaqat mas’ul va mutasaddi tashkilotlar, balki barchamiz faol ishtirok etishimiz zarur.

Bu haqda so‘z yuritganda, raqamli olamda o‘zbek tilida sifatli, ilmiy asoslangan, qiziqarli axborot va ma’lumotlarni ko‘paytirish, xususan, global elektron ensiklopediya va platformalarni davlat tilidagi ilmiy-ommabop maqolalar bilan boyitish, onlayn lug‘atlarni takomillashtirish ham diqqatimiz markazida bo‘lishi lozimligini aytib o‘tmoqchiman. Hayotimizda sun’iy intellekt ta’siri ortib borayotgan bir paytda bu qudratli vosita yordamida ona tilimizni rivojlantirish va targ‘ib etish – davr talabidir.

O‘zbek tilining boy imkoniyatlari asosida xalqimiz tafakkuriga mos va jozibador milliy brendlar yaratish, mahsulotlarimizni tashqi bozorga olib chiqish marketing sohasida asosiy yo‘nalishga aylanishi zarur. Bu borada vatanparvar tadbirkorlarimiz alohida jonbozlik ko‘rsatadilar, deb ishonaman.

Bundan o‘ttiz yil oldin qabul qilingan O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini qayta ko‘rib chiqish ham kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarimiz qatoriga kiradi. Shuningdek, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz o‘rtasida til madaniyati va savodxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan zamonaviy va ta’sirchan media mahsulotlarni ko‘paytirish lozim. Ayniqsa, farzandlarimizni ona tilimizga mehr qo‘yib, uning beqiyos boyligi va imkoniyatlaridan bahramand bo‘lishga o‘rgatish ma’naviy-ma’rifiy tarbiyaning ajralmas bir qismidir. Bu dolzarb masala ijodkor ziyolilarimiz, ta’lim-tarbiya, madaniyat, yoshlar, mahalla, xotin-qizlar tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari faoliyatida doimo markaziy o‘rinda turishi, butun jamiyatimizda umummilliy harakatga aylanishi kerak.

Bir so‘z bilan aytganda, barcha sohalarda bo‘lgani kabi ona tilimizni rivojlantirishda ham biz keng jamoatchiligimizning amaliy fikr va takliflariga, faol ishtirokiga tayanamiz.

Muhtaram vatandoshlar!

Siz, azizlarni bugungi quvonchli bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘lik, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, baxt-saodat va fayzu baraka tilayman.

Milliy o‘zligimiz timsoli bo‘lgan jonajon o‘zbek tilimiz yanada ravnaq topsin!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

IT-park loyihasining ikkinchi bosqichiga start berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan IT-parkka tashrif buyurib, loyihaning ikkinchi bosqichiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi.

Ikki yil oldin 200 million dollar investitsiya hisobiga ushbu loyihaning birinchi bosqichi amalga oshirilgan edi. Qariyb 4 gektar maydonda 20-25 qavatli 6 ta ofis binosi va zamonaviy kongress-xoll barpo etildi.

Bu yerda mutaxassislar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan, istiqbolli startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari tashkil etilgan. Axborot texnologiyalari, fintex, logistika, elektron tijorat, elektron ta’lim, biotexnologiya va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunda IT-park rezidentlari soni 3 ming 200 ta kompaniyaga yetdi, ularda 14 mingdan ortiq mutaxassis faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili rezidentlar tomonidan 1 milliard 600 million dollarlik xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, joriy yil yakuni bilan mazkur ko‘rsatkich 2,5 milliard dollardan ortishi kutilmoqda.

Eksport hajmi esa ilk bor 1 milliard dollarlik marradan oshishi rejalashtirilgan.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, 300 mingdan ziyod yoshlarni axborot texnologiyalari sohasida yuqori daromadli ish bilan ta’minlash maqsad qilingan. Xorijiy ekspertlar faqatgina sun’iy intellekt yo‘nalishining o‘zida O‘zbekistonning salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda.

 – Ishonchim komilki, bugun tamal toshi qo‘yilayotgan ushbu yirik majmua oldimizga qo‘ygan ulkan marralarni zabt etishda, shuningdek, investorlar bilan O‘zbekiston o‘rtasida manfaatli hamkorlikni yanada kuchaytirishda muhim o‘rin tutadi, – dedi davlatimiz rahbari.

Loyihaga ko‘ra, IT-park hududi 1,5 barobar kengaytiriladi. Bu yerda Saudiya Arabistonining “DataVolt” kompaniyasi bilan hamkorlikda quvvati 12 megavatt bo‘lgan, 150 million dollarlik data-markaz barpo etiladi. Keyingi bosqichlarda yana 3 milliard dollar investitsiya kiritilib, quvvat 500 megavattga yetkaziladi.

Bundan tashqari, ushbu hududda jami 6 ta bino – Sun’iy intellekt markazi, Kosmos va kelajak texnologiyalari markazlari, 2 ta 20 qavatli ofis binosi, shuningdek, servis va savdo markazlari quriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur majmua eng zamonaviy texnologiyalar, innovatsiyalar va bilimlarga asoslangan “Sun’iy intellekt xabi”ga aylanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev kapsula qo‘yib, “IT-Park” loyihasining ikkinchi bosqichi qurilishiga rasman start berdi.

Posted on Leave a comment

Prezident Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-oktyabr kuni Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, bu yerdagi ekspozitsiyalar orqali xalqimizning boy tarixiy va ma’naviy merosini keng namoyish etishga qaratilgan ishlar bilan tanishdi.

Mazkur ulkan va noyob loyiha davlat rahbarining 2017-yil 23-iyundagi qaroriga asosan boshlangan. Ko‘p o‘tmay, 2018-yilgi Ramazon hayiti kuni uning poydevoriga tamal toshi qo‘yilgan edi. O‘tgan davrda bu yerda katta hajmdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. 

Markaz qadimiy me’moriy an’analarimiz va milliy bezaklar uyg‘unligida barpo etildi. Inshootning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada esa 65 metrli milliy uslubdagi gumbaz qad rostlagan.

Inshootning markaziy qismida Qur’oni karim zali joylashgan. Bu yerda musulmon olamining noyob ma’naviy durdonasi sanalgan qadimiy Usmon Mus’hafi namoyish etiladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, temuriylar va boshqa sulolalar davriga oid muqaddas kitob nusxalari, ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari, shu bilan birga, jahondagi eng nodir qo‘lyozma Qur’onlardan namunalar ham joy oladi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan chet ellarda saqlanayotgan tariximiz va ulug‘ allomalarimiz merosi bilan bog‘liq qimmatli manbalar va ashyolar Vatanimizga qaytarildi. 

Markaz tarkibida 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazilgan bo‘lib, xalqaro miqyosdagi uchrashuv va ilmiy anjumanlarni o‘tkazish uchun barcha zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan.
Majmuada “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans”, “O‘zbekiston XX asrda” hamda “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” bo‘limlari tashkil etilgan. Bu yerda buyuk allomalarimiz faoliyati haqida ma’lumotlar, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband va boshqa ulamolar merosi ham keng yoritilgan.

Shuningdek, tariximizda ilmu ma’rifat va ma’naviyat homiysi bo‘lgan Bibixonim, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar Otin kabi mo‘tabar zotlar faoliyati ham alohida ekspozitsiya sifatida namoyish etilgan.

Davlatimiz rahbari doimo markazning ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishini samarali tashkil etish, uning mazmun-mohiyatini boyitib borish zarurligini alohida ta’kidlaydi. Bu borada O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy nomidagi ilmiy markazlar bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi.

Tashrif chog‘ida Prezidentimiz zallarda amalga oshirilayotgan pardozlash va jihozlash ishlarini ko‘zdan kechirdi, bo‘limlar va ko‘rgazmalarning mazmun-mohiyati, qo‘llanilayotgan interfaol texnologiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Davlatimiz rahbari eksponatlarni mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilarga har tomonlama qiziqarli hamda tushunarli qilib taqdim etish muhimligini ta’kidladi. Shu maqsadda markazda faoliyat yuritadigan mutaxassis va gidlarning sonini ko‘paytirish, ularni maxsus dasturlar asosida tayyorlash zarurligiga e’tibor qaratildi.

Markaz faoliyatini mazmunan yanada boyitish, ekspozitsiyalar orqali xalqimiz ma’naviy va ilmiy merosini to‘liq namoyon etish bo‘yicha qator tavsiyalar berildi.

Posted on Leave a comment

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvdagi nutqi

Assalomu alaykum, qadrli do‘stlar, muhtaram mehmonlar!

Hurmatli kasaba uyushmalari faxriylari va faollari!

Sizlar bilan mana shunday samimiy, ko‘tarinki kayfiyatda ko‘rishib turganimdan xursandman.

Barchangizga, kasaba uyushmalarining ko‘p millionli a’zolariga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Biz bugungi kunda o‘z oldimizga ulkan marralar qo‘yib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidan oldinga qarab dadil qadam tashlayapmiz.

Dunyoda geosiyosiy va iqtisodiy keskinlik avj olib borayotgan hozirgi murakkab davrda yurtimizda tinchlik va xotirjamlikni mustahkamlab, ko‘p millatli xalqimiz hayotini yanada yaxshilashga mahkam bel bog‘laganmiz.

Bular, albatta, o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q.

Qanchalik qiyin bo‘lmasin, birgalikda qattiq mehnat qilib, turli sinov va mashaqqatlardan munosib tarzda o‘tib bormoqdamiz. Bu borada mehnatkash va bag‘rikeng xalqimiz, har bir yurtdoshimizning o‘rni, qo‘shayotgan hissasi beqiyos, albatta.

Bugungi davramizda o‘z hayotini inson mehnatini, uning qonuniy manfaatlarini himoya qilishdek ezgu ishga bag‘ishlagan, sohada uzoq yillar samarali xizmat qilib, hurmat va e’tibor topgan ko‘plab odamlarni ko‘rib turibman.

Inson mehnati, uning qadr-qimmati qanday bebaho boylik ekanini sizlar hammadan ko‘ra yaxshi bilasiz.

Yurtimizda xalqparvar, ijtimoiy davlat qurish, inson qadrini ulug‘lash barcha islohotlarimizning bosh maqsadiga aylangan  hozirgi kunda siz, azizlarning boy bilim va tajribangiz biz uchun juda muhim.

Fursatdan foydalanib, har bir korxona va tashkilotga – ishchanlik muhitini, mehnat jamoalariga – rag‘bat va adolat ruhini olib kirayotgan kasaba uyushmalari faollariga chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Aziz do‘stlar!

Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy: “Biz o‘z hayotimizni o‘zgartirmoqchi bo‘lsak, avvalo, odamlarning haq-huquqini tan olishni o‘rganishimiz kerak”, – degan edi.

Bu – haq gap. Chindan ham, huquq va erkinliklar ta’minlangan, odamlari emin-erkin yashab, mehnat qilib, daromad topadigan mamlakatda davlat ham, jamiyat ham albatta rivojlanadi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan ilk kunlardan “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyani amalga oshirish uchun, avvalo, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida belgilab oldik.

Bu yo‘ldagi sa’y-harakatlarimiz tufayli sakkiz yilda iqtisodiyotimizga 130 milliard dollar investitsiya kirib keldi, minglab yangi quvvatlar ishga tushirildi, millionlab doimiy ish o‘rinlari yaratildi.

Xususiy sektorga keng yo‘l ochib, chin yurakdan ishlayman degan odamlarga munosib mehnat sharoitini yaratib berganimiz uchun jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetdi.

Har bir insonning huquq va erkinligini ta’minlash, mehnatini muhofaza qilish, kafolatlangan ijtimoiy himoyadan foydalanishi uchun mustahkam qonuniy asoslar yaratdik. Ayniqsa, yangilangan Konstitutsiyamiz, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi, “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilingani bu yo‘nalishdagi muhim qadamlar bo‘ldi.

Parlamentimiz huzuridagi Jamoatchilik ekspert kengashlari tarkibiga kasaba uyushmalari vakillari ham kiritildi. Bu esa qonunlarni qabul qilishda xodimlar manfaati yanada ishonchli himoya qilinishiga xizmat qilmoqda.

Yangi O‘zbekistonda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish ham biz uchun yetakchi yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Ijtimoiy institutlarni qo‘llab-quvvatlash hajmi 2017-yilga nisbatan 100 karra oshib, bu yil 1 trillion 200 milliard so‘mga yetdi.

Ayni vaqtda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga aralashgani, jamoatchilik nazorati natijalarini ko‘rib chiqmagani uchun javobgarlik belgilandi.

Bir so‘z bilan aytganda, milliy huquq tizimimiz xalqaro standartlarga moslashib, inson huquqlari, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining barqaror kafolatiga aylandi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti standartlarini qabul qilayotgan eng faol davlatlar safidan joy olayotgani dunyo hamjamiyati tomonidan ham e’tirof etilmoqda. E’tibor bering, sakkiz yil oldin ushbu tashkilotning O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan hujjatlari soni 12 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda 25 taga yetdi.

Har bir ratifikatsiya orqali O‘zbekiston o‘z zimmasiga katta majburiyat olmoqda.

Nima uchun hech ikkilanmasdan o‘zimizga bunday ulkan mas’uliyatni olyapmiz?

Chunki, barcha islohotlarimiz zamirida inson qadrini ulug‘lash mujassamdir. Va bu – mamlakatimiz qo‘shilayotgan xalqaro hujjatlar mazmuni bilan to‘la hamohangdir.

Aynan inson qadriga e’tibor – barcha yutuqlarimiz asosi, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz!

Qadrli do‘stlar!

Bir eslab ko‘ring, bolalar mehnati va majburiy mehnatga to‘liq barham berish uzoq yillar biz uchun eng og‘riqli masala bo‘lib kelgan edi. Faqat kuchli iroda, qat’iy pozitsiyamiz orqali biz bu murakkab muammoni ijobiy hal qildik.

Yangi O‘zbekistonning insonparvarlik tamoyillariga sodiq ekanini ko‘rsatadigan bu o‘zgarish ijtimoiy hayotimizda mutlaqo yangi sahifa ochmoqda. Mamlakatimizning bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha ilg‘or tajribasi Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan namuna sifatida boshqa davlatlarga tavsiya etilgani ham shundan dalolat beradi.

O‘zbek paxtasi dunyodagi ko‘plab nufuzli brend kompaniyalarning “qora ro‘yxati”dan chiqarildi. Cotton campaign tashkiloti O‘zbekistonga qo‘yilgan taqiqni butunlay bekor qildi. Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga ushbu siyosiy tuzilma davlatlari bozoriga imtiyozli kirib borish imkonini beradigan GSP+ tizimini taqdim etdi. Milliy mahsulotlarimiz uchun 26 ta yangi bozor ochildi, Yevropaga eksportimiz 5 karra oshib, 1,5 milliard dollarga yetdi.

Ilgari bunday raqamlarni orzu ham qilolmas edik. Bugun bu ishlar davom etmoqda. Masalan, keyingi haftada Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitimga imzo chekamiz. Bu – tashqi siyosat, xavfsizlik, korrupsiya, terrorizmga qarshi kurashish va boshqa sohalarda hamkorlikni mustahkamlash bilan birga, Yevropa davlatlari hamda mamlakatimiz o‘rtasida investitsiya va savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Biz erishayotgan yutuqlar xalqaro miqyosda munosib e’tirof etilayotgani barchamizga mamnuniyat bag‘ishlaydi. 

O‘zbekiston sanoqli davlatlar qatorida Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Adolatli o‘tish jarayonlari uchun ish o‘rinlari yaratish va ijtimoiy himoya bo‘yicha global akselerator” tashabbusida ishtirok etmoqda; Xalqaro mehnat tashkilotining “Ijtimoiy adolat bo‘yicha global koalitsiyasi”da qatnashmoqda; mamlakatimiz o‘tgan yili ushbu tashkilotning Ma’muriy kengashi a’zoligiga saylandi.

Xalqaro maydonda Vatanimizga bo‘lgan hurmat va ishonch tobora ortib, dunyoning barcha mintaqalarida do‘stlarimiz, hamkorlarimiz ko‘paymoqda.

Bularning barchasi islohotlarimizga katta ishonch va e’tirof ifodasi emasmi?

Fursatdan foydalanib, ana shu masalalar bo‘yicha biz bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa nufuzli tuzilmalarga minnatdorlik bildiraman.

Hech shubhasiz, biz erishayotgan natijalarda 8 millionga yaqin a’zoga ega, eng xalqchil va katta nodavlat tashkiloti bo‘lgan kasaba uyushmalarining munosib hissasi bor.

Biz O‘zbekistonda kasaba uyushmalarining erkin va mustaqil faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berdik va mana shu prinsiplarga hamisha sodiqmiz. Kasaba uyushmalariga birlashish huquqini ta’minlash, ularning faoliyatiga aralashmaslik bo‘yicha siyosatni bundan buyon ham qat’iy davom ettiramiz.

Shu o‘rinda kasaba uyushmalarining korxona va tashkilotlarda mehnatga oid huquqlarni himoya qilishdagi jonbozligi alohida e’tirofga sazovor. Buni keyingi yillarda 500 mingga yaqin xodimning qonuniy huquqlari himoya qilinib, ularning foydasiga 267 milliard so‘m undirib berilgani ham tasdiqlaydi. Shuningdek, ishdagi baxtsiz hodisalar tufayli jabrlangan 1 ming nafar xodimga 35 milliard so‘m tovon puli to‘lab berilgan. Bundan tashqari, nohaq bo‘shatilgan 13 ming xodim ishga tiklangan.

To‘rt yil oldin sizlarning tashabbusingiz bilan ilk bor Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasini tashkil etdik. Bu kasaba uyushmalari faoliyatida yangi yo‘nalish bo‘ldi.

Ishonchim komil, oliygoh bitiruvchilari korxona va tashkilotlarda mehnat huquqlari himoyachisiga aylanib, bu sohada qonuniylikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi.

Umuman, kasaba uyushmalari faoliyatining yangi qirralari nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham ularning o‘rni va nufuzi ortib borishiga xizmat qilmoqda. Federatsiya tashabbusi bilan 2021-yilda Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari kasaba uyushmalari kengashi tuzildi. 2023-yilda Samarqand shahrida Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkilotiga asos solindi. 

Federatsiyamiz o‘tgan yili Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga a’zo bo‘lgani uning dunyodagi mavqeini yangi bosqichga olib chiqadigan tarixiy voqea bo‘ldi. Federatsiyaning ijtimoiy himoya, gender tenglikni ta’minlash, xodimlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish, madaniyat va sportni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini ham to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.

Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

Yangi O‘zbekistonda har bir insonga munosib mehnat, kasb sohasida o‘sish, dam olish va salomatligini tiklashi uchun zarur sharoit yaratish – g‘oyat muhim masala.

Biz shu maqsadda ijtimoiy davlatning yangi modelini yaratyapmiz. “Kuchli kasaba uyushmalari – kuchli jamiyat asosi” degan tashabbus asosida sizlar bu jarayonda oldingi safda bo‘lishingiz kerak.

Endi, sizlar bilan kasaba uyushmalari faoliyatini yanada rivojlantirish va mehnat munosabatlarini yaxshilash bo‘yicha kelgusi vazifalarni belgilab olsak, nima deysizlar?

Birinchidan, odamlarning o‘z mehnatidan manfaatdorligi qancha oshsa, islohotlar samaradorligi ham shuncha yuqori bo‘ladi.

Yaxshi bilasiz, 2023-yildan birinchi marta minimal iste’mol xarajatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etdik. Yangilangan Konstitutsiyamizda pensiya, nafaqa va ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lmasligi qat’iy belgilab qo‘yildi.

Iqtisodiyotimiz barqaror o‘sib bormoqda. Aholimizning turmush farovonligini shunga mos ravishda oshirish uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini ham har yili ko‘paytirib boryapmiz.

Lekin, ochiq aytish kerak, bu masalalar ko‘pincha bir tomonlama, ya’ni, davlat idoralarining hisob-kitobi va taklifi bilan hal qilinmoqda. Shu bois, kelgusi yildan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga oid qonunchilik hujjatlari loyihasini ishlab chiqishga Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama respublika komissiyasini ham (Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Bandlik vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi) jalb qilsak, o‘ylaymanki, bu juda to‘g‘ri bo‘ladi.

Bu – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilashda xodimlar manfaatini kafolatli himoya qilish bo‘yicha yangicha yondashuv bo‘ladi.

Shu o‘rinda bir haqiqatni yaxshi tushunib olishimiz kerak: inson qadri, uning hayot sifati faqat ish haqi bilan emas, balki ijtimoiy muhit bilan ham belgilanadi. Buning uchun xodimlarni uy-joy, sifatli ta’lim, tibbiyot va transport xizmatlari bilan kafolatli ta’minlab, eng muhim hayotiy ehtiyojlariga yetadigan daromad topishiga sharoit yaratib berishimiz zarur.

Bir so‘z bilan aytganda, har bir ishchi, har bir oila o‘z hayotida sifat darajasini his etishi, davlat va jamiyat esa buni kafolatlashi lozim.

Kasaba uyushmalari bu ishlarda faol ishtirok etadi, deb ishonaman.

Ikkinchidan, globallashuv va raqamli taraqqiyot sharoitida mehnat munosabatlari sohasida yangi shakllar ham keng ommalashmoqda.

Imkoniyat va sharoit yaratib berganimiz tufayli bugungi kunda 6 millionga yaqin aholi o‘zini o‘zi band qilib, ro‘zg‘or tebratmoqda. Masalan, hozirgi vaqtda odamlarimiz IT dasturchisi, veb-dizayner, hunarmand, taksi haydovchisi, kuryer kabi o‘nlab kasblarda platformali bandlik asosida ishlamoqda. Ko‘plab fuqarolarimiz, ayniqsa, xotin-qizlar masofadan turib mehnat qilishni o‘rgandi.

Bundan tashqari, biz mahalla institutini tubdan isloh qilib, barcha darajadagi rahbarlar eng quyi bo‘g‘inga tushib ishlaydigan xalqchil tizim yaratdik.

Mahallalarni drayver sohalarga ixtisoslashtirish hisobidan 1,5 million oila o‘z xonadonida ishlab, daromad olmoqda.

Bugun ushbu yo‘nalishlar iqtisodiy taraqqiyotimizning bir qismiga, ularda faoliyat yuritayotgan odamlar esa mehnat munosabatlarining teng huquqli subyektiga aylanmoqda.

Endi, Kasaba uyushmalari ham mahallalar bilan yaqindan ishlaydigan samarali tizimni yo‘lga qo‘ysa, o‘ylaymanki, to‘g‘ri bo‘ladi.

Bandlik vazirligi (B. Zohidov) ham kasaba uyushmalari bilan birga platformalarda faoliyat yuritayotgan odamlarimizning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat muhofazasini ta’minlash; ularning hayoti, xavfsizligini sug‘urtalash bo‘yicha asoslangan takliflarni Hukumatga kiritsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Uchinchidan, kasaba uyushmalari o‘tgan davrda xotin-qizlar mehnatini muhofaza qilish bo‘yicha katta tajriba to‘pladi.

Xususan, ular “Ayollar daftari” orqali 4,5 million nafar ehtiyojmand, kam ta’minlangan opa-singillarimizga yordam ko‘rsatishda bosh-qosh bo‘ldi.

Xotin-qizlarning faol ijtimoiy qatlam bo‘lib shakllanishida kasaba uyushmalarini yetakchi kuchga aylantirish uchun bugun barcha imkoniyatlar mavjud. Bu borada “Kasaba uyushmalari – ayollar manfaati yo‘lida” degan shior asosida yangi tizimni yo‘lga qo‘yishni taklif etaman.

Ushbu tizim doirasida Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha komissiya va Federatsiya mehnat bozorida xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga va ijtimoiy faolligini oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha yangi yondashuvlarni joriy etsa; uy-joy va yashash sharoitini yaxshilashga, tibbiy, psixologik, huquqiy yordamga muhtoj, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarni ham “Ayollar daftari” orqali qo‘llab-quvvatlashni yo‘lga qo‘ysa; qishloq joylarda ayollar bandligi va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturlarini yanada kengaytirsa; har yili mehnat jamoalaridagi gender audit natijalarini muhokama qilib, ish beruvchilar bilan birgalikda xotin-qizlarga yanada qulay mehnat sharoitlarini yaratsa; 14 ta tarmoq kasaba uyushmalari bo‘yicha gender tenglikni ta’minlash uchun manzilli strategiyalar ishlab chiqish choralarini ko‘rib borsa, o‘ylaymanki, hurmatli ayollarimiz mamnun bo‘ladi.

To‘rtinchidan, kasaba uyushmalari – mehnat muhofazasi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini olib boradigan eng katta tashkilot.

So‘nggi besh yilda ular tomonidan korxona va tashkilotlarda 152 mingta qonun buzilishi aniqlangan. Aslida bunday holatlar ancha ko‘p.

Misol uchun, sudlar tomonidan uch yilda 48 mingdan ziyod mehnat nizolari ko‘rib chiqilgan. Kasaba uyushmalari yarashtiruvchi, murosaga keltiruvchi bo‘g‘in sifatida ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilishda faollik ko‘rsatsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Shu bilan birga, ish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi ma’lumotlarning yaxlit tizimi yo‘q. Masalan, baxtsiz hodisalar hisobi va ularning sababini o‘rganish o‘ttiz yil oldin qabul qilingan hukumat qaroridagi eskirgan normalar asosida qog‘ozda yuritilmoqda.

Bugun, barcha sohalar raqamlashayotgan bir paytda sun’iy intellektni joriy etib, bunday holatlarni tezkorlik bilan aniqlash kerakligini sizlar, albatta, yaxshi tushunasiz.

Bandlik vaziri B. Zohidov, sog‘liqni saqlash vaziri A. Xudayarov, raqamli texnologiyalar vaziri Sh. Shermatov Kasaba uyushmalari bilan birga ikki oy muddatda baxtsiz hodisa va kasbga oid kasalliklarga chalinish holatlari haqidagi ma’lumotlarni olishning yagona tizimini ishga tushirsin; bunday hodisalar hisobotini yuritish, sabablarini tahlil qilish va ularga yechim topish bo‘yicha qaror loyihasini kiritsin.

Beshinchidan, hozirgi vaqtda Federatsiya tarkibida 14 ta tarmoq kasaba uyushmasi faoliyat yuritmoqda.

Afsuski, tegishli tarmoqlarda mehnat qilayotgan xodimlar huquqlarini ishonchli ta’minlaydigan tashabbuslarni ilgari surishda ularning ovozi eshitilmayapti.

Ko‘ryapsizlar, iqtisodiyotimizga yangi-yangi soha va yo‘nalishlar, shunga mos tarzda yangi kasblar, zamonaviy texnologiyalar jadal kirib kelmoqda. Ana shunday sharoitda tarmoq kasaba uyushmalari vazirlik va idoralar bilan hamkorlik qilib, ularning oldiga aniq vazifalar qo‘yib borishi kerak emasmi?

Shuning uchun, vazirlik va idoralar hamda tarmoq kasaba uyushmalari kollegial organlarining qo‘shma yig‘ilishini doimiy ravishda o‘tkazib boradigan tizimni yo‘lga qo‘yishni taklif etaman.

Ishonchim komil, bunday muloqot shakli “davlat – ish beruvchilar – mehnat jamoalari” o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlab, samarali mexanizmga aylanadi.

Oltinchidan, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilmoqda.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – mehnat sohasida inson qadrini oshirish, barcha fuqarolar uchun adolatli va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishdan iborat.

Shu bois, Kasaba uyushmalari, Bandlik vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi dasturda munosib bandlik, mehnat muhofazasi, ijtimoiy sug‘urta, gender tenglik, yoshlar va inklyuzivlik masalalariga alohida e’tibor qaratishi zarur, deb hisoblayman.

Bundan tashqari, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va “yashil” iqtisodiyot jadal rivojlanayotgan sharoitda mehnat munosabatlari ham shunga mos ravishda yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Ishlab chiqilayotgan “Munosib mehnat” dasturi jadal o‘sib borayotgan iqtisodiyotimizni ijtimoiy adolat bilan uyg‘unlashtiradigan strategik “yo‘l xaritasi” bo‘ladi.

Yettinchidan, turli sabablar bilan ishsiz qolgan, mehnat jarayonida kasallik yoki nogironlikka chalingan odamlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kafolatlarini kuchaytirish ham dolzarb vazifadir.

Shu bois, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishini tezlashtirib, unda ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasini shakllantirishda ish beruvchi va xodimlar ishtirokini aniq belgilab bersak, o‘ylaymanki, adolatdan bo‘ladi.

Yana bir masala – axborot kommunikatsiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda odamlarga ishonchli ma’lumotlarni o‘z vaqtida, to‘g‘ri yetkazish juda muhim.

Kasaba uyushmalarida buning uchun imkoniyat ham, sharoit ham, salohiyat ham yetarli.

Eng katta auditoriyaga ega bo‘lgan kasaba uyushmalari halol va fidoyi mehnatni targ‘ib qilish hamda mehnat munosabatlarida qonuniylikni ta’minlashga oid axborotlarni jamoatchilikka birinchilardan bo‘lib yetkazib borishi kerak.

Qadrli mehmonlar!

Kasaba uyushmalari tizimidagi 30 dan ortiq sanatoriy va 100 dan ziyod bolalar oromgohlari xodimlar va ularning farzandlari salomatligini tiklab, hordiq chiqarishlari uchun xizmat qilmoqda.

So‘nggi besh yilda sanatoriylarda 900 mingga yaqin aholi o‘z salomatligini tikladi, oromgohlarda esa 800 ming bola dam oldi.

Yaqinda Issiqko‘lda “Bo‘ston-Rezort” pansionati ishga tushirilgani yurtdoshlarimiz uchun yana bir qulaylik bo‘ldi. Shu bilan birga, bu O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari mustahkamlanib borayotgani ramziga aylandi.

Ayni vaqtda kasaba uyushmalari infratuzilmasi aholimiz ehtiyojlarini to‘liq qamrab olmayapti, desak, buyam haqiqat bo‘ladi.

Bu masalada hokimlar ham chetda turmasligi kerak. Ular har yili o‘z hududida kasaba uyushmalari bilan birgalikda yoki davlat-xususiy sheriklik yordamida zamonaviy loyihalar asosida bittadan sanatoriy va oromgoh qurish bo‘yicha alohida dastur tasdiqlasa, o‘ylaymanki, to‘g‘ri bo‘ladi.

Aziz do‘stlar!

Hayot bir haqiqatni doimo ta’kidlab keladi: tarixni puxta bilmasdan turib, kelajakni barpo etib bo‘lmaydi. Shu bois, har bir tashkilot va muassasa tarixini o‘rganish, ularda mehnat qilgan insonlarni yodga olish, ezgu ishlarini kelajak avlodlarga yetkazish barchamizning burchimiz.

Shu maqsadda olimlarimiz, soha faxriylari va faollari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar yurtimizda kasaba uyushmalari harakatiga 1905-yilda asos solinganini isbotladi.

Bundan to‘rt yil oldin Toshkent shahrida tashkil etilgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tarixi muzeyi sohaga oid ma’lumot va eksponatlar bilan xalqimizni tanishtirishda muhim rol o‘ynamoqda.

Shu bois, bu yil butun mamlakatimiz bo‘ylab kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda. Mana shu qutlug‘ sana munosabati bilan mehnatkash xalqimizga chuqur hurmat va ehtirom ifodasi sifatida har bir hududda “Kasaba uyushmalari bog‘lari”ni tashkil etishni taklif qilaman.

Hozir topshiriq beraman, viloyat hokimlari sizlar bilan maslahatlashib, ikki hafta ichida joyini ajratib beradi. Kasaba uyushmalari federatsiyasi – Toshkent shahrida, 14 ta tarmoq kasaba uyushmalari – viloyat markazlarida ushbu bog‘larni tashkil qilishga o‘zlari bosh-qosh bo‘lib, ularni so‘lim go‘shaga aylantirsa, bu ham mehnatsevarlikning ramziy ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.

Korxona va tashkilotlardagi kasaba uyushmalari ham ishxonasida, xodimlari yashaydigan mahallalarda daraxt ektirib, yashil hududlarni kengaytirsa, tozalik va obodonchilik ishlarini tashkil qilsa, o‘ylaymanki, mehnat jamoalaridagi muhit mutlaqo boshqacha bo‘ladi.

Hurmatli vatandoshlar, qadrli do‘stlar!

Bugungi muloqotimizda aytilgan taklif va tashabbuslar soha rivoji uchun foydali bo‘ldi, deb o‘ylayman.

Birgalikda boshlagan ishlarimiz har bir mehnat jamoasi, har bir xodim va uning oilasi uchun manfaatli bo‘layotganiga yana bir bor amin bo‘ldim.

“Inson qadri uchun”, degan ezgu g‘oya bundan buyon ham Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

Fursatdan foydalanib, siz, azizlarni O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yillik yubileyi va yaqinlashib kelayotgan Kasaba uyushmalari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Barchangizga sihat-salomatlik, mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda yutuq va omadlar, oilalaringizga baxt-saodat, fayzu baraka tilayman.

El-yurtimiz doimo tinch va obod bo‘lsin!