MCHJ

Temir yo‘l mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi

Yagona telefon

78 150 13 69

Bizga yozing

info@ccrp.uz

MCHJ

Temir yo‘l mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi

Namanganda uchta elektr stansiyasi qurilishi boshlandi

25.03.2024


25-mart kuni Namangan viloyatida yangi elektr stansiyalari qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘ldi.

Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryoda 1,6 gigavattli 9 ta quyosh va shamol elektr stansiyalari tarmoqqa ulandi. Andijon, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 183 megavattli 6 ta gidro elektr stansiyasi ishga tushirildi.

Bugungi kunda Namanganda jami 913 megavatt generatsiya quvvati mavjud. So‘nggi uch yilda elektr iste’moli 24 foizga o‘sgan va bu, tabiiyki, davom etadi.

Shu bois viloyatda jami qiymati 1,1 milliard dollar, quvvati 1 ming 228 megavatt bo‘lgan uchta majmua loyihalashtirildi. Bular gidroelektr stansiyalar kaskadi hamda ikkita quyosh elektr stansiyasidir.

Jumladan, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati 434 million dollar evaziga Uychi tumani, Norin daryosida 228 megavattli 6 ta “GES kaskadi”ni barpo qiladi. Buning natijasida yiliga 1 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, 310 million metr kub gaz iqtisod qilinadi, 430 ming xonadonga elektr uzatiladi.

Yana bir e’tiborli tomoni, ushbu GES to‘liq yurtimizda ishlab chiqarilayotgan uskuna va texnologiyalar hisobiga quriladi. Ya’ni u mamlakatimizda “birinchi milliy GES” bo‘ladi. 

Bu stansiyalarda 133 kishi, qurilish davrida 4 ming odam ishlaydi.

Pop tumanida Germaniyaning “Hyper Partners GmbH” kompaniyasi tomonidan 500 megavatt quvvatli quyosh elektr stansiyasi quriladi.  Mazkur loyihaning qiymati 350 million dollar bo‘lib, yillik ishlab chiqarish hajmi 1 milliard 95 million kilovatt-soatni tashkil etdi. 

Birlashgan Arab Amirliklarining “Tepelen Group Holding Limited” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi quyosh elektr stansiyasi ham Popda quriladi. Uning ham qiymati 350 million dollar, quvvati 500 megavatt bo‘ladi.

Ushbu stansiyalarni shu yil yakuniga qadar tarmoqqa ulash ko‘zda tutilgan. Ularda 120 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.

Mazkur loyihalar natijasida Namangan viloyatining generatsiya quvvatlari 2 141 megavattga yetadi. Yillik 7,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu esa viloyatning elektr energiyasiga bo‘lgan 5,5 milliard kVt soatlik talabini to‘liq qoplaydi. Ortgan 30 foiz elektr Andijon va Farg‘ona viloyatlariga yo‘naltiriladi.

Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, mazkur yirik energetika loyihalari qurilishini boshlab berdi.

– Odamlarimiz farovon yashashiga sharoit yaratish yangi O‘zbekiston siyosatining asosiy poydevorlaridan biridir. Buning katta-kichik loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish, ularning barqaror faoliyati uchun uzluksiz energiya ta’minoti nihoyatda zarur. Shu ma’noda, bugungi marosim ham tarixiy voqea. Barchangizni shunday yangi loyiha va tashabbuslar bilan tabriklayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ta’kidlash joizki, 2025-yilda Pop va Uychi tumanlarida umumiy quvvati 200 megavatt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimlari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu loyihalar iste’mol ortgan davrda yagona energetika tizimini rostlash va elektr energiyasini iste’molchilarga barqaror yetkazib berishga xizmat qiladi.

Shu yilning o‘zida respublikamizda 14 ta quyosh va shamol stansiyasini qurish doirasida 2,6 gigavatt quvvat tarmoqqa ulanadi.


MCHJ

Temir yo‘l mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi

  • Kontaktlar

    Qabul xona

    +998 78 150 13 69

    E-mail

    E-mail:info@ccrp.uz
    O‘zbekiston Respublikasi, 100105, Toshkent shahri, Mirobod tumani, Mehrjon ko‘chasi, 61 uy