Posted on Leave a comment

Intensiv sanoatlashgan bogʻlarni koʻpaytirish choralari belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda intensiv sanoatlashgan bogʻlarni koʻpaytirish chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Mamlakatimizda meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish va qishloq aholisini daromadli qilish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda yurtimizda 572,6 ming gektar bogʻ va tokzor mavjud boʻlib, ular yiliga 1 milliard dollarlik eksportni taʼminlamoqda, 882 ming nafar aholining daromad manbaiga aylangan.

Shu bilan birga, yer va suv resurslari cheklangan hozirgi sharoitda sohadagi oʻsishni faqat maydonlarni kengaytirish hisobidan emas, balki har bir gektardan olinadigan hosildorlik va daromadni oshirish orqali taʼminlash zarurligi taʼkidlandi. Oʻzbekiston 2030-yilga qadar oziq-ovqat mahsulotlari eksportini 10 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Bunda intensiv, sanoatlashgan bogʻdorchilikni kengaytirish muhim omil boʻladi.

Yigʻilishda mavjud bogʻ va tokzorlar holati tahlil qilindi. Hozirda 61 ming gektar eskirgan va 18 ming gektar yaroqsiz bogʻlarni yangilash zarur. Ayrim hududlarda bunday maydonlardan gektariga bor-yoʻgʻi 5 tonna hosil olinmoqda, yillik daromad esa 10 million soʻmga ham yetmayapti.

Misol uchun, Pop tumanida 1 ming 200 gektar eski va yaroqsiz bogʻlar mavjud. Agar ular oʻrnida eksportbop navlar ekilib, quritish, saralash va qadoqlash boʻyicha agrologistika markazlari tashkil etilsa, hosildorlik va daromadni bir necha barobar oshirish mumkin. Mazkur tumanda 84 gektarda barpo etilgan eksportbop gilos bogʻi tajribasi ham intensiv bogʻdorchilikning amaliy natijasini koʻrsatmoqda. Hali toʻliq hosilga kirmagan yosh koʻchatlardan ham gektariga 7 tonnadan hosil olinib, bir kilogramm mahsulot 8 dollardan eksport qilinmoqda.

Shu bois, eski va yaroqsiz bogʻlar bilan ishlash boʻyicha yangi tartib joriy etish taklif qilindi. Bu jarayonda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish, sanoatlashgan bogʻlar barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish boʻyicha xulosa beradi. 12 oy davomida sanoatlashgan bogʻ barpo etilmagan maydonlar uchun yer va suv soligʻi stavkasini oshirish, bu holat yana 12 oy davom etsa, suvdan foydalanishni cheklash taklif etildi.

Prezidentimiz yerdan samarali foydalanish ustidan nazoratni raqamlashtirish zarurligini taʼkidladi. Eskirgan va yangi sanoatlashgan bogʻlar holatini kosmik tasvirlar orqali monitoring qilish boʻyicha axborot tizimini ishga tushirish topshirildi.

Tomorqa va dehqon xoʻjaliklaridagi eski bogʻlarni yangilash ham eʼtibordan chetda qolmasligi kerakligi koʻrsatib oʻtildi. Buning uchun mahalla bankiri orqali aholiga 50 donagacha koʻchat yoki 2 million soʻmgacha qarz berish, dehqon xoʻjaliklariga esa eskirgan bogʻlarni yangilash uchun 150 million soʻmgacha kredit ajratish taklif qilindi.

2026-2028-yillarda 168 ming gektar sanoatlashgan bogʻ va tokzorlar tashkil etish rejalashtirilgan. Buning hisobiga 2 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, 258 mingta ish oʻrni yaratilishi kutilmoqda.

Bunday loyihalarni moliyalashtirish va amaliy qoʻllab-quvvatlash uchun 9 ta tijorat banki hududlarga biriktiriladi. Ular sanoatlashgan bogʻlarni tadbirkorlarga tayyor holda topshirish bilan birga ikki yil davomida agrotexnik, moliyaviy va tashkiliy jihatdan kuzatib boradi.

Yigʻilishda intensiv bogʻ tashkil qilmoqchi boʻlgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha alohida tizim joriy etilishi belgilandi. Joylardagi “Agrostar” kompaniyalari tadbirkorlar bilan ulushdorlik asosida hamkorlik qiladi. Bunda “Agrostar” kompaniyalari ustav kapitalining 50 foizigacha qismida pul mablagʻi bilan, tadbirkor esa yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi bilan ishtirok etadi.

Tadbirkorlarga “Agrostar” kompaniyasi ulushini qayta baholamasdan 7 yil ichida boʻlib-boʻlib sotib olish huquqi beriladi. Bu tizim eski bogʻ egalarini ham manfaatdor qiladi: ular yangilangan bogʻlardan orttirgan daromadi hisobidan ulushni bosqichma-bosqich sotib olib, keyinchalik intensiv bogʻga toʻliq egalik qilishi mumkin boʻladi.

Bunday loyihalarga banklar tomonidan har bir gektar uchun 120 million so‘mgacha kredit ajratiladi. Kredit vaqtida qaytarilsa, foiz stavkasining yarmi kompensatsiya qilinadi. Shuningdek, sanoatlashgan bogʻlarning parvarishlash xarajatlari uchun 3 yil davomida har gektarga 5 million soʻmdan subsidiya beriladi.

Suv tejovchi texnologiyalar, mevali koʻchat va qishloq xoʻjaligi texnikasini xarid qilish uchun tadbirkorlar islom moliyasi xizmatlaridan foydalanishi mumkin boʻladi.

Prezidentimiz yigʻilishda soʻzga chiqqan tadbirkorlarning fikr-mulohazalarini tingladi. Ularning yetishtirilgan yoki import qilingan mevali koʻchatlar va payvandtaglar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini nol stavkada qoʻllash, suv tejovchi texnologiyalar oʻrnatilgan sanoatlashgan bogʻlarda quduqlardan olinadigan suv uchun soliqni 5 yil muddatga 1 soʻm etib belgilash haqidagi takliflarini maʼqulladi.

Mutasaddilarga eski va samarasiz bogʻlarni yangilash, sanoatlashgan bogʻlar boʻyicha aniq loyihalarni shakllantirish, banklar, hokimliklar va tadbirkorlar hamkorligini tizimli yoʻlga qoʻyish, har bir hududda eksportbop navlar, agrologistika va qayta ishlash quvvatlarini rivojlantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Posted on Leave a comment

Djabbarov Raxmatulla Mamatovichga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvonini berish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Davlat organlari va jamoat tashkilotidagi ko‘p yillik samarali mehnati, yurtimizda millatlararo do‘stlik va totuvlikni, turli millat va elat vakillari o‘rtasida mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlash, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib etish, milliy madaniyatlar, urf-odat va an’analarni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgani, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ibratli ishlari, ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki hamda tavalludining 75-yilligi munosabati bilan O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi Djabbarov Raxmatulla Mamatovichga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

Rossiyaga amaliy tashrif yakunlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Moskva shahriga amaliy tashrifi yakunlandi.

Davlatimiz rahbari Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 81 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Tadbirlar yakunlangach, Prezidentimiz Toshkentga joʻnab ketdi. “Vnukovo” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Rossiya rasmiylari kuzatib qoʻydi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti G‘alabaning 81 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-may kuni Moskva shahrida Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 81 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi.

Qizil maydonda G‘alaba paradi bo‘lib o‘tdi. Unda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Laos Prezidenti Txonglun Sisulit, Malayziya Podshohi Sulton Ibrohim va boshqa xorijiy delegatsiyalar rahbarlari ham qatnashdi.

Ikkinchi jahon urushidagi G‘alaba millionlab insonlarning mislsiz jasorati, matonati va fidoyiligi evaziga qo‘lga kiritilgan buyuk tarixiy voqeadir. Bu umumiy G‘alabaga janggohlarda va front ortida chinakam qahramonlik ko‘rsatgan O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqining ham munosib hissasi bor.

Urush arafasida respublikamiz aholisi 6 million nafardan ziyod edi. Sinovli yillarda qariyb 2 million nafar o‘zbekistonlik frontga safarbar etildi. Qonli janglarda 538 mingdan ortiq yurtdoshimiz halok bo‘ldi, 158 mingdan ziyodi bedarak yo‘qoldi.

Jasorati, mardligi va harbiy mahorati uchun O‘zbekistonning 214 mingdan ortiq askar va ofitserlari jangovar orden va medallar bilan taqdirlandi. 301 nafar yurtdoshimizga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berildi, yana 70 nafari “Shon-sharaf” ordenining to‘liq kavaleri bo‘ldi.

O‘zbekiston xalqining front ortidagi fidokorona mehnati ham G‘alabaga ulkan hissa bo‘lib qo‘shildi. Respublikamiz frontning ishonchli tayanchiga aylanib, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon, qurol-yarog‘ va boshqa zarur mahsulotlarni yetkazib berdi. Qisqa muddatda O‘zbekiston hududida 170 dan ortiq evakuatsiya qilingan korxona joylashtirilib, mudofaa sanoatining barqaror ishlashi ta’minlandi.

Urushning og‘ir yillarida xalqimiz insonparvarlik va bag‘rikenglikning yuksak namunasini ko‘rsatdi. Frontga yaqin hududlardan evakuatsiya qilingan 1,5 milliondan ortiq inson, jumladan, 250 mingdan ziyod yetim bolalar O‘zbekistonda boshpana topdi. Mehr-oqibat, g‘amxo‘rlik, nochorlarga yordam qo‘lini cho‘zishga hamisha tayyorlik xalqimizning ma’naviy kuch-qudrati va olijanobligining yorqin ifodasi bo‘ldi.

Bugun mamlakatimizda urush qahramonlari va front orti mehnatkashlarining xotirasini abadiylashtirish, faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahrida barpo etilgan muhtasham “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi ajdodlar ko‘rsatgan qahramonlik va matonatga chuqur ehtirom ramziga aylangan.

Parad yakunlanganidan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va boshqa yetakchilar bilan birga Moskvadagi Aleksandr bog‘ida joylashgan Noma’lum askar qabriga gul qo‘ydi.

Ushbu yodgorlik G‘alaba yo‘lida jon fido qilgan millionlab askarlar, shu jumladan, O‘zbekiston farzandlari xotirasiga ehtirom ifodasi bo‘lib, Vatan himoyachilarining matonati, qahramonligi va fidoyiligi ramzi hisoblanadi.

Marosim bir daqiqalik sukut, faxriy qorovul va harbiy orkestrning tantanali yurishi bilan yakunlandi.