Posted on Leave a comment

Prezidentimizga Turkiya bilan harbiy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ishlar haqida axborot berildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhamedovning Turkiya bilan harbiy hamkorlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobotini tingladi.

Uchrashuvda Turkiya Respublikasi Qurolli Kuchlarining yuqori martabali vakili ham ishtirok etdi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ikki mamlakat mudofaa idoralari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Harbiy-texnik hamkorlik izchil rivojlanib, jumladan, idoralararo aloqalar kengayib borayotgani, qoʻshma tadbirlar tashkil etilib, harbiy mutaxassislar tayyorlanayotgani alohida taʼkidlandi.

Harbiy sohadagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish borasidagi intilish qatʼiy ekani taʼkidlandi.

Posted on Leave a comment

Prezidentimiz Bogʻimaydon mahallasidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Bogʻimaydon mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Yurtimizda mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish, ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish va aholi uchun munosib yashash muhitini yaratish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.

Bu borada 2026-yil 16-fevralda qabul qilingan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili Davlat dasturi mahallalarni zamonaviy asosda rivojlantirish, ularning ijtimoiy va iqtisodiy salohiyatini oshirishda muhim dasturilamal boʻlmoqda.

Poytaxtning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Bogʻimaydon mahallasi bugun ana shunday yangilanishlar natijasida mutlaqo yangicha qiyofa kasb etgan. 1987-yilda tashkil etilgan ushbu mahallada hozir 41 ta koʻp qavatli uy, 1 ming 990 ta xonadon mavjud boʻlib, qariyb 5,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi.

Hududda aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratilgan. Xususan, bu yerda 20 ta bolalar oʻyingohi, 11 ta vorkaut maydonchasi, 3 ta mini-futbol maydoni va tennis korti tashkil etilgan. 2 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti qariyb 500 nafar bolani qamrab olgan.

Mahallada iqtisodiy faollikni oshirish va aholi bandligini taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Bugun bu yerda 70 dan ziyod tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Bu esa ishsizlikni qisqartirish va oilalar daromadini oshirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, mahalladagi 1 ming 48 nafar yoshdan 949 nafarining bandligi taʼminlangan.

Hududda yashillikni asrash va koʻpaytirishga ham eʼtibor kuchaytirilgan. Shu maqsadda 2022-yilda ekobogʻ tashkil etilgan. Qariyb 4,5 ming tup daraxtga ega ushbu bogʻ bugun keksa-yu yosh uchun sevimli dam olish maskaniga aylangan. Shuningdek, mahallada ijtimoiy muhitni mustahkamlashga xizmat qilayotgan “Nuroniylar maskani” ham faoliyat koʻrsatmoqda.

Davlatimiz rahbari mahallada xavfsiz muhitni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Bugun turar joylar kirish qismlari kuzatuv kameralari va qo‘riqlash pultlari bilan jihozlangan. Hududga kirib-chiquvchi shaxslar va avtotransport vositalari zamonaviy texnologiyalar asosida nazorat qilib borilmoqda.

Prezidentimiz aholi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, mahalla oqsoqollari va faollari bilan muloqot qildi. Obod va fayzli mahalla jamiyat tayanchi ekanini ta’kidlab, tinchlik, hamjihatlik va ijtimoiy birdamlikni mustahkamlash doimo ustuvor vazifa bo‘lib qolishini qayd etdi.

Davlatimiz rahbari mahallada tashkil etilgan sumalak saylida ishtirok etib, mahalla ahli va bolajonlar bilan suhbatlashdi. Shuningdek, sport maydonchasida mashg‘ulot olib borayotgan yoshlar bilan uchrashib, jismoniy tarbiya va sog‘lom turmush tarzining barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishdagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.

Posted on Leave a comment

Aholiga tun-u kun xizmat koʻrsatadigan koʻchalar koʻpaymoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Oʻzbekiston ovozi koʻchasida tashkil etilgan gastronomik turizm koʻchasi faoliyati bilan tanishdi.

Turizm kam mablagʻ evaziga koʻp ish oʻrni yaratadigan, aholi daromadlarini oshirib, hududlar qiyofasini yaxshilaydigan muhim sohadir. Toshkent shahrida bu borada imkoniyatlar katta.

Xususan, Mirzo Ulugʻbek tumanida mazkur salohiyatdan toʻliq foydalanish maqsadida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston ovozi koʻchasida olib borilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari mamlakatimizda turizm va servis sohalarini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida eʼtiborning amaliy ifodasi boʻldi.

Mazkur loyiha davlatimiz rahbarining 2022-yil 30-aprelda qabul qilingan “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida amalga oshirilgan.

Obyekt 2025-yil sentabr oyida ishga tushirilgan boʻlib, loyihasi Rossiyaning “City Makers” va “Lyudi Arxitekts” byurolari tomonidan ishlab chiqilgan.

Koʻchaning umumiy uzunligi 2,1 kilometrni tashkil etadi. Bu yerda zamonaviy infratuzilma yaratilgan. Jumladan, keng piyodalar va velosiped yoʻlaklari barpo etilgan, aholi va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratilgan.

Hududda selfi-zonalar, ochiq havodagi sport maydonchalari, biohojatxonalar tashkil etilgan. Shuningdek, oilaviy dam olish maskanlari, bolalar uchun ekomaydonchalar va arqonli bogʻ faoliyat koʻrsatmoqda.

Davlatimiz rahbari koʻcha boʻylab yurar ekan, zamonaviy uslubda taʼmirlangan xonadonlar, obod koʻchalar va aholi uchun yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Shu yerda istiqomat qilayotgan oilalar bilan samimiy suhbatlashdi.

Loyihaning umumiy qiymati 40 milliard soʻmni tashkil etadi. Koʻchada jami 165 ta savdo obyekti faoliyat yuritmoqda. 89 ta tadbirkorlik subyekti uzluksiz ishlash tartibiga oʻtgan. Shuningdek, 2 ming 221 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.

Prezidentimizga shu yerning oʻzida Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi turizm va gastronomik koʻchalarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

Qayd etilganidek, 2025-yilda poytaxtda jami 26 ta koʻcha tun-u kun faoliyat yuritishga oʻtdi. Bu yoʻnalishga 540 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Natijada 1 ming 103 ta yangi savdo va servis obyekti tashkil etilib, 315 ta tadbirkorlik subyekti 24/7 rejimida ishlashni boshladi, 26 ta xorijiy brend faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Amalga oshirilgan ishlar iqtisodiy koʻrsatkichlarga ham ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Koʻchalarda turli xizmatlardan foydalanuvchilar sutkasiga 80 mingdan 200 mingga yetgan, 6 ming nafar aholi bandligi taʼminlangan.

Joriy yilda yana 18 ta yangi turizm koʻchasini tashkil etish, 500 ta yangi obyektni ishga tushirish va 7 ming nafargacha yangi ish oʻrni yaratish rejalari haqida maʼlumot berildi.

Prezidentimiz Mirzo Ulugʻbek tumanida gastronomik turizm koʻchalari sonini yanada koʻpaytirish, mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solish, xizmatlar sifatini oshirish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha masʼullarga aniq topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Toshkentda qurilish materiallari savdosi uchun zamonaviy majmua barpo etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanida yangi bunyod etilgan “Pavilion” savdo majmuasini borib koʻrdi.

Soʻnggi yillarda yurtimizda qurilish materiallari sanoati jadal rivojlanib, tarmoqda ishlab chiqarish bilan birga savdo va servis infratuzilmasini zamonaviy asosda tashkil etishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Mazkur majmua ana shunday yondashuvning amaliy ifodasi boʻldi. Tashabbuskor investor tomonidan loyihaga 25 million dollar sarmoya yoʻnaltirilgan. Majmua 4,6 gektar hududda barpo etilgan boʻlib, 42 ming kvadrat metr qurilish ishlari bajarilgan. Hududda 1 ming oʻrinli avtoturargoh ham tashkil etilgan.

Uch qavatli majmuada savdo doʻkonlari bilan birga keng yoʻlaklar, ochiq va qulay jamoat maydonlari, xaridorlar uchun zamonaviy sharoit yaratilgan. Eng muhimi, bu yerda qurilish materiallari savdosini tarqoq va tirband shakldan chiqarib, tartibli, shaffof va xaridorbop tizim asosida yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.

Loyihaning yana bir muhim jihati shundaki, 2 ming nafar aholi ish bilan taʼminlandi.

Davlatimiz rahbariga majmua faoliyati va imkoniyatlari haqida axborot berildi. Prezidentimiz qurilish mahsulotlari doʻkonlarini koʻzdan kechirdi.

Bu yerda 500 ta doʻkondagi qurilish va taʼmirlash uchun zarur mahsulotlarni bir joyda taklif etish imkoniyati yaratiladi. Barcha mahsulotlar va ularning narxi yagona elektron platforma orqali shaffof koʻrinib turadi. Bu esa ham tadbirkorlar, ham xaridorlar uchun vaqt, mablagʻ va tanlov imkoniyati nuqtayi nazaridan katta qulaylik yaratadi.

Majmua yiliga 3 milliongacha xaridorga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega boʻladi.

Hududda xavfsizlik masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Butun savdo kompleksi 500 ta zamonaviy kuzatuv kamerasi bilan qamrab olingan.

Prezidentimiz ushbu majmua shunchaki savdo nuqtalari jamlanmasi emas, balki qurilish materiallari bozorida yangi madaniyat, yangi sifat va yangi xizmat standartlarini shakllantiradigan maskan boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

Toshkentning tarixiy o‘n ikkita darvozasi bo‘lganini eslatib, bugun poytaxt atrofida ham shunday, turli yo‘nalishlarga ixtisoslashgan zamonaviy savdo markazlarini ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.

– Xalqimizning turmush tarzi yaxshilanib, istaklari ortayapti. Bu kabi savdo majmualarida milliy mahsulotlarimizga ko‘proq o‘rin berish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni jalb qilish va logistikani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish lozim, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Posted on Leave a comment

Mirzo Ulugʻbek tumanida raqamli boshqaruv va xavfsizlikning yangi modeli joriy etilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-aprel kuni Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumani hokimligiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari dastlab hokimlik binosi yonidagi Salar kanali ustiga qurilgan koʻprikni borib koʻrdi, hududdagi koʻkalamzorlashtirish ishlarini koʻzdan kechirdi va shu yerda koʻchat ekdi.

Shundan soʻng tuman hokimligi binosida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Prezidentimiz 1992-1996-yillarda Mirzo Ulugʻbek tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qoʻshdi. Hokimlik binosida davlatimiz rahbari hokim boʻlib ishlagan davrdagi qiyofada qayta tiklangan xizmat kabineti va xizmat avtomobili koʻrsatildi. Davlatimiz rahbari hokimligi paytida qabul qilgan eng muhim qarorlar ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Tanishuv chog‘ida Prezidentimiz o‘sha vaqtdagi faoliyatidan xotiralari bilan bo‘lishdi.

Shu paytgacha Mirzo Ulugʻbek tumanida jamoat xavfsizligi, transport, ijtimoiy yordam, kommunal, moliya va bank kabi 30 ta tashkilot oʻz yoʻnalishi boʻyicha alohida-alohida, tarqoq holda ishlayotgan edi. Yagona tizim yoʻqligi aholi murojaatini tezkorlik bilan hal qilishga katta toʻsiq boʻlayotgan, ortiqcha vaqt va sarsongarchilikka sabab boʻlardi.

Hozir hokimlikda vaziyatlar markazi tashkil etilib, sunʼiy intellekt asosida tahlil qilish, muammolarni tezkor aniqlash va hal etish boʻyicha “Aqlli tuman” platformasi yaratildi. Muhimi, tumandagi barcha mahalla vakillari bilan onlayn muloqot qilish, vaziyatdan doimo xabardor boʻlish imkoniyati yaratilgan.

Bu yerda ijtimoiy va kommunal muammolar monitoring qilinadi, aholi murojaatlari ijrosi nazoratga olinadi, favqulodda holatlarda tegishli xizmatlar faoliyati tezkor boshqariladi va muvofiqlashtiriladi.

Platforma tarkibidagi “Xavfsiz tuman” tizimi huquqbuzarliklarni monitoring qilish va jamoat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi. Tadbirkorlik subyektlarining raqamli xaritasi sunʼiy intellekt tahlili asosida soliq tushumlarini prognoz qilish va ularning yigʻiluvchanligini taʼminlashga qaratilgan. “AI Davomat” tizimi esa maktablarda sababsiz dars qoldirish holatlarini bartaraf etish, voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bunday platformalar Chilonzor, Shayxontohur va Olmazor tumanlarida ham ishga tushirildi.

Prezidentimiz vaziyatlar markazi faoliyati bilan tanishib, ushbu yangi tizimni poytaxtning qolgan tumanlarida ham joriy etishga topshiriq berdi. Barcha viloyat hokimlari, prokurorlari, ichki ishlar, xavfsizlik va soliq idoralari rahbarlari Mirzo Ulugʻbek tumaniga kelib, ushbu yangi tizimni oʻrganishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Posted on Leave a comment

Ostonaga amaliy tashrif yakunlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozogʻistonga amaliy tashrifi yakunlandi.

Bugun kunning birinchi yarmida davlatimiz rahbari Mintaqaviy ekologik sammitning ochilish marosimida ishtirok etdi, “EXPO” xalqaro koʻrgazmalar markaziga tashrif buyurib, Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlarning milliy pavilyonlari bilan tanishdi hamda BMTning Atrof-muhit dasturi ijrochi direktori Inger Andersen bilan uchrashdi.

Shu kunning oʻzida Oʻzbekiston yetakchisi Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining yigʻilishida nutq soʻzladi.

Tadbirlar yakunlangach, Prezidentimiz Toshkentga joʻnab ketdi. Ostona xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Qozogʻiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qoʻydi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti amaliy tashrif bilan Qozogʻistonga keldi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan Ostona shahriga keldi.

Poytaxt aeroportida davlatimiz rahbarini Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Oʻzbekiston yetakchisi 22-aprel kuni Mintaqaviy ekologik sammit va Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining yigʻilishida ishtirok etadi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti Ostonaga joʻnab ketdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 21-aprel kuni amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga joʻnab ketdi.

Davlatimiz rahbari ertaga Qozogʻiston poytaxtida boʻlib oʻtadigan Mintaqaviy ekologik sammit va Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining yigʻilishida ishtirok etadi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti JSST bilan hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini belgilab berdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-aprel kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesusni qabul qildi.

Ushbu nufuzli tashkilot bilan milliy sogʻliqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish va mustahkamlash borasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Keyingi yillarda JSST bilan hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani taʼkidlandi. Sogʻliqni saqlash sohasidagi keng koʻlamli va tizimli islohotlar tashkilotning ekspert-maslahat koʻmagi hamda uning xalqaro standartlari va tavsiyalarini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda.

Hamkorlik doirasida sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirishga qaratilgan bir qator strategik hujjatlar ishlab chiqildi. Malakali tibbiyot xodimlari tayyorlanmoqda, birlamchi tibbiy-sanitar yordam, diagnostika va kasalliklar profilaktikasi tizimlari takomillashtirilmoqda, davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etilmoqda.

JSST bosh direktori mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, aholining tibbiyot xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, umr koʻrish davomiyligini uzaytirish, onalar oʻlimini kamaytirish va raqamli tibbiyotni rivojlantirish borasida erishilgan salmoqli natijalarni alohida eʼtirof etdi.

Uchrashuv yakunida farmatsevtika sohasini tartibga solish tizimini takomillashtirish, sogʻliqni saqlash sohasida raqamli yechimlar va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish kabi ustuvor sohalarda amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda qoʻshma tadbir va tadqiqotlar oʻtkazish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Posted on Leave a comment

Yer resurslaridan foydalanishda yangicha yondashuvlar koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yer resurslaridan yanada samarali foydalanishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Soʻnggi besh yilda mamlakatimizda yer munosabatlarini isloh qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, yer ajratish vakolati hokimlardan olinib, yer uchastkalarini auksion orqali realizatsiya qilish tartibi joriy etildi. Shu davrda 616,3 ming gektar yer auksion orqali ajratildi, budjetga 1,4 trillion soʻm tushum taʼminlandi.

Eng muhimi, yerning haqiqiy egasi paydo boʻlishi natijasida har bir gektardan olinayotgan daromad 3 karra oshib, 50-60 million soʻmga yetgan. Bugun ushbu yerlarda har yili 539 trillion soʻmlik mahsulot yetishtirilib, 2,1 milliard dollarlik eksport amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, sohada hal etilishi lozim boʻlgan qator masalalar ham borligi koʻrsatib oʻtildi.

Jumladan, yerlar auksion orqali ajratilayotgan boʻlsa-da, ijarachilarning undan foydalanishdagi mustaqilligi hali yetarli emas. Shu sababli 117,6 ming gektar yer hozirgacha sotilmasdan turibdi.

Shu bois, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni ijaraga berishning yangi tizimini qo‘llash, joriy yilda yana 100 ming gektar yerni yangi tartib asosida auksionga chiqarish rejalashtirilgan. Bu borada, ayniqsa, yerdan foydalanishda iqtisodiy ragʻbatlarni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Oʻtgan yili vodiy viloyatlari, Jizzax, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpogʻistonda sotilgan yerlarda ekinlarni mustaqil joylashtirish boʻyicha joriy etilgan tajriba yaxshi samara bergani taʼkidlandi. Xususan, 2025-yilda 20 ming gektar yerning 16 ming gektarida tadbirkorlar oʻzlari tanlagan yuqori daromadli va eksportbop ekinlarni ekib, 150 million dollarlik eksport uchun zamin yaratgan. Endi ushbu tajribani kengaytirish, yerdan foydalanuvchilarga yanada koʻproq iqtisodiy erkinlik berish muhimligi qayd etildi.

Sanoatlashgan plantatsiya va chorvachilik loyihalari uchun 50 gektardan 500 gektargacha yer uchastkalarini auksionga chiqarish, shu asosida joriy yilning oʻzida har bir viloyatda kamida 5 tadan yirik loyihalarni boshlash belgilandi. Ushbu loyihalar uchun suv va elektr taʼminoti xarajatlarini qoplab berish, 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha arzon kreditlar ajratish, kredit foiz stavkalarini kompensatsiya qilib berish, yetishtirilgan mahsulotni qadoqlash xarajatlarining 50 foizgacha qismini subsidiyalash kabi qator moliyaviy qoʻllab-quvvatlash joriy etilishi taʼkidlandi.

Taqdimotda yerdan yuqori daromad olishda ilgʻor xorijiy tajribani, ayniqsa, chet elning zamonaviy agrotexnologiyalarini keng qoʻllash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, bu jarayonda milliy manfaatlarni himoya qilish lozimligi qayd etildi.

Xususan, xorijiy investorlarga qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni ijaraga berishning tartibi va shartlari qayta koʻrib chiqiladi. Bundan buyon ularga faqat viloyat hokimliklari huzuridagi direksiyalar orqali, investitsiya miqdori kamida 10 million dollar boʻlgan loyihalar doirasida, yaylov, lalmi va foydalanishdan chiqqan yerlarni aylanmaga qaytarish sharti bilan ikkilamchi ijaraga berish tartibi qoʻllanadi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi yerlarini olish boʻyicha auksionda faqat mahalliy dehqon va tadbirkorlar ishtirok etishini belgilash lozimligi taʼkidlandi. Mudofaa, chegara, tarixiy-madaniy yerlar va oʻrmon fondi yerlari faqat mamlakatimiz fuqarolariga beriladi. Ayni paytda yerlarni ijaraga berish muddatini barcha turdagi yerlar uchun, shu jumladan, sanoat va qurilish loyihalarini amalga oshiradigan chet ellik investorlar uchun ham 49 yil etib belgilash taklif etildi.

Bugungi kunda qariyb 100 ming gektarga yaqin yerning ijara muddati tugagan. Shu bois, tadbirkorlar ushbu yerlarni qayta auksionga chiqarmasdan, ijara muddatini uzaytirish boʻyicha qulay va shaffof tartib joriy etish zarurligini bildirmoqda. Taqdimotda mazkur jarayonni davlat xizmatlari markazlari va elektron platformalar orqali amalga oshirish, kadastr, qishloq xoʻjaligi va adliya tizimlarini oʻzaro integratsiya qilish, eʼtirozlar boʻlmagan taqdirda qishloq xoʻjaligi yerlari uchun 30 yilgacha, noqishloq yerlar uchun 49 yilgacha uzaytirish tartibini joriy etish taklif qilindi. Soliq yoki ijara toʻlovidan qarzdorlik, sud nizosi yoki noqonuniy qurilish aniqlangan hollardagina ijara shartnomasi yangi muddatga uzaytirilmasligi belgilanmoqda.

Shuningdek, yer toifasini oʻzgartirish va nobudgarchilik toʻlovlarini hisoblash bilan bogʻliq jarayonlar haligacha qogʻoz shaklida yuritilayotgani tanqid qilindi. Bu esa kelishuv va qaror qabul qilish muddatining choʻzilishiga, investorlar noroziligiga sabab boʻlmoqda. Shu munosabat bilan barcha jarayonlarni raqamlashtirish, yerdan maqsadli foydalanish, suv samaradorligi va tuproq sifati kabi mezonlar asosida yerdan foydalanish samaradorligini baholash tizimini yoʻlga qoʻyish vazifasi qoʻyildi.

Yerga boʻlgan ijara huquqini moliyaviy vosita sifatida kengaytirish, uni nafaqat tijorat kreditlari, balki lizing, ipoteka va bank kafolatini olish uchun ham garovga qoʻyish imkoniyatini yaratish zarurligi qayd etildi. Yer uchastkasini boʻsh turgan yer sifatida hisobga olish tartibini soddalashtirish, yerlarni qayta ijaraga berishda shartnomalarni haq evaziga yoki tekinga tuzish mumkinligini aniq belgilash, shundan kelib chiqib, yer oldi-sotdisiga oid huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik choralarini qayta koʻrib chiqish taklif etildi.

Qolaversa, yer nazorati yoʻnalishida javobgarlikni kuchaytirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olish uchun javobgarlikni faqat sugʻoriladigan yerlar uchun emas, qolgan barcha turdagi yer uchastkalariga nisbatan ham tatbiq etish zarurligi taʼkidlandi.

Temir yoʻllari, avtomobil yoʻllari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obyektlari, suv inshootlari va tarmoqlarini qurish maqsadlarida yerlarning toifasi oʻzgartirilganda nobudgarchilik toʻlovidan ozod qilish, yer jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilganida toʻlanadigan kompensatsiya toʻlovlarini soliqqa tortmaslik boʻyicha takliflar bildirildi.

Kelgusida qishloq xoʻjaligi yerlari ijarachilariga hududlardagi 13 ta direksiya orqali, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga esa 14 ta investitsiya kompaniyasi orqali xizmat koʻrsatilishi, ushbu tashkilotlar oʻz yoʻnalishlarida davlat organlari va tadbirkorlar oʻrtasida “koʻprik” vazifasini bajarishi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari yer islohotlarini yangi bosqichga olib chiqish, yerdan foydalanish samaradorligini oshirish, tadbirkorlar uchun yanada ochiq va tushunarli tizim yaratish, shuningdek, sohada raqamlashtirishni jadallashtirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berdi.