Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti Qozogʻistondagi xalqaro tadbirlarda ishtirok etadi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan Mintaqaviy ekologik sammit va Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining yigʻilishida ishtirok etish uchun 21-22-aprel kunlari amaliy tashrif bilan Ostona shahrida boʻladi.

Boʻlajak tadbirlar davomida Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyoti yoʻlida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaning dolzarb ekologik, iqlim va suv muammolarini hal etish masalalari muhokama qilinadi.

Prezidentimiz ushbu masalalar boʻyicha oʻz fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashadi, milliy pavilyonlardan iborat maxsus ekologik koʻrgazmaga tashrif buyuradi.

Sammitlar yakunida qator muhim hujjatlar qabul qilinishi kutilmoqda.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti Rossiya delegatsiyasini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-aprel kuni shu kunlarda Toshkent shahrida oʻtayotgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat koʻrgazmasida Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining birinchi oʻrinbosari Denis Manturovni qabul qildi.

Uchrashuvda Tatariston, Boshqirdiston Respublikalari, Leningrad, Kirov, Irkutsk va Omsk viloyatlari, shuningdek, Rossiyaning bir qator yetakchi kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Suhbat avvalida yuqori martabali mehmon mamlakatimiz yetakchisiga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekiston Prezidenti 35 mamlakatdan 10 mingdan ziyod biznes vakillari ishtirokida oltinchi “INNOPROM” koʻrgazmasi muvaffaqiyatli tashkil etilgani va oʻtkazilayotganini olqishladi.

Oliy darajada, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

Savdo hajmi barqaror oʻsib borayotgani, sanoat, tinch atom, energetika, transport, metallurgiya, kimyo va boshqa tarmoqlardagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tovar ayirboshlash surʼatini saqlab qolish va ustuvor tarmoqlarda, shu jumladan, sanoat zonalari doirasida kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish boʻyicha oʻzaro muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish, hududlar va tadbirkorlar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.

Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, energiya samaradorligi, suv xoʻjaligi, kiberxavfsizlik va sunʼiy intellekt kabi istiqbolli yoʻnalishlardagi rejalar qoʻllab-quvvatlandi.

Texnika yoʻnalishidagi qoʻshma oliygohlar negizida iqtisodiyotning muhim tarmoqlari uchun muhandis kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, uchrashuvda Rossiya hududlari va kompaniyalari rahbarlari mamlakatimiz yetakchisiga turli tarmoqlarda yangi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha aniq rejalarini taqdimot qildi.

Posted on Leave a comment

Migratsiya agentligi samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashqi mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish, fuqarolarni yuqori daromadli ish oʻrinlariga tayyorlash va ularni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda yurtdoshlarimiz 40 ga yaqin davlatda mehnat qilmoqda, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarning soni 1,2 million nafarni tashkil etmoqda. Yevropa va Sharqiy Osiyoning rivojlangan davlatlarida malakali ishchi kuchiga ehtiyoj yildan yilga ortib bormoqda. Qolaversa, Yevropa komissiyasining 2030-yilgacha boʻlgan yangi migratsiya strategiyasida Markaziy Osiyo bilan migratsiya dasturlari, kadrlar tayyorlash va noqonuniy migratsiyaning oldini olishga alohida urgʻu berilgan.

Shu bois, tashqi mehnat migratsiyasi bozori geografiyasini kengaytirish, ayniqsa, yuqori daromadli mehnat bozorlariga chiqish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Bugungi kunda xorijdan til va kasb talablariga javob beradigan 100 mingdan ortiq malakali mutaxassisga buyurtmalar kelib tushgan. Jumladan, Germaniyaga 40 ming hamshira, Yaponiyaga 15 ming qurilish, logistika va servis sohalari mutaxassislari zarur.

Mazkur ehtiyojni qoplashda Germaniya, Koreya va Yaponiya kompaniyalari bilan texnikumlar negizida tashkil etilgan qoʻshma taʼlim loyihalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xorijiy kompaniyalar bilan tashkil etilgan 12 ta “Kasb plyus til” tamoyili asosida qoʻshma taʼlim loyihalarida 8,5 ming fuqaro oʻqimoqda. Ularning 3 ming bitiruvchisi allaqachon ishga joylashdi.

Endilikda bunday loyihalar sonini 20 taga yetkazish, talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasb va xorijiy tillarga oʻqitish koʻlamini 50 foizga kengaytirib, qamrovni 10 ming nafardan oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, Toshkent shahrida 12 ta talab yuqori kasb, 7 ta chet tiliga oʻqitish, 6 ta sertifikat imtihonini oʻtkazish uchun sharoitlar hamda 600 oʻrinli oʻquv kampusini oʻz ichiga olgan maqsadli tayyorlash markazini tashkil etish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Andijon, Samarqand, Fargʻona va Toshkent shahridagi tibbiyot texnikumlarida hamshiralarni til va kasbiy koʻnikmalar boʻyicha xalqaro imtihonlarga tayyorlaydigan maxsus oʻquv kurslari tashkil etiladi. Shu bilan birga, qurilish sohasida betonchi, qolipchi, armatura toʻquvchi va payvandlovchilarni tayyorlash hamda malakasini baholash markazlarini kengaytirish choralari koʻriladi.

Hududlarda infratuzilmani yaxshilash maqsadida joylarda yagona migratsiya markazlari va haydovchilikka oʻqitish xablarini tashkil etish taklif etildi.

Mavsumiy ish yoʻnalishlarini ham kengaytirish zarurligi qayd etilib, bu borada agrar va turizm sektorlarida imzolangan 12 ta yangi xalqaro bitim asosida AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Turkiya va Koreya kabi davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish topshirildi.

Taqdimotda migratsiyani tartibli tashkil etishning yangi moliyaviy mexanizmlari ham muhokama qilindi. Xususan, chet tilini oʻrganish xarajatlarining 50 foizini, kasbiy malaka imtihoni xarajatlarini esa toʻliq qoplab berish tartibini joriy etish, bunda mablagʻlarni oʻquv markazlariga emas, fuqarolarning oʻziga berish taklif qilindi. Shuningdek, chet elda ishga joylashgan har bir ishchi uchun xorijiy ish beruvchi va rekruting kompaniyalarni ragʻbatlantirishning yangi tartibi koʻrib chiqildi.

“Xorijda ish” migratsiya platformasini yanada takomillashtirish, unga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali ish beruvchilar va aholi uchun yengillik hamda qulaylik yaratish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari Migratsiya agentligi faoliyati faqat tashqi mehnat migratsiyasi bilan cheklanib qolmasdan, ichki mehnat bozorini sifatli kadrlar bilan taʼminlashga ham xizmat qilishi lozimligini taʼkidladi.

Fuqarolarni xorijda qonuniy va xavfsiz mehnat faoliyatiga jalb qilish bilan birga ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasi ham muhokama qilindi. Ularning sogʻligʻi, yashash va mehnat sharoitlarini doimiy monitoring qilib borish zarurligi taʼkidlandi. Shu maqsadda 37 ta davlatda qoʻllab-quvvatlash ishlari yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, 48 ming nafar fuqaroga ijtimoiy, 17 ming nafariga huquqiy, 6 ming nafariga moddiy yordam koʻrsatilgani maʼlum qilindi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda vaqtincha roʻyxatda turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning ruxsatnomasiz ishlash holatlarini tartibga solish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Bu borada idoralararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, noqonuniy migratsiyani tahlil va prognoz qilish, norasmiy mehnatni legallashtirish, milliy qadriyatlar hamda mamlakatimizda boʻlish qoidalarini tushuntirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Prezidentimiz takliflarni maʼqullab, tashqi mehnat migratsiyasini zamon talablariga mos ravishda tashkil etish, sohada raqamli yechimlardan keng foydalanish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

“Yangi Oʻzbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi amalga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi Oʻzbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi loyihasi yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Bu mamlakatimizda yoshlarga oid qabul qilinayotgan birinchi yaxlit strategiya boʻlib, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda yoshlarning oʻrni va salohiyatini yanada toʻliq roʻyobga chiqarishga qaratilgan.

Bugungi kunda yurtimiz aholisi 38 million nafarni tashkil etayotgan boʻlsa, shundan 9,5 millioni yoki qariyb 25 foizi 14-30 yoshdagi yigit-qizlardir. Har yili 270 mingta yosh oila shakllanmoqda. Ana shu demografik omil yoshlar siyosatiga uzoq muddatli va tizimli yondashuvni talab etmoqda.

Strategiyada yoshlar bandligini taʼminlash va tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, sifatli va inklyuziv taʼlimni rivojlantirish, xorijiy tillarni ommalashtirish va kasbiy taʼlimni kengaytirish, mehnat bozorini ragʻbatlantirish hamda yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash, madaniy, jismoniy va maʼrifiy rivojlanishni kuchaytirish, volontyorlik harakatini keng yoyish, yoshlar salomatligini mustahkamlash, shuningdek, ochiqlik va ishtirok mexanizmlarini kengaytirish kabi ustuvor yoʻnalishlar belgilangan.

Taqdimotda 2030-yilga qadar erishilishi lozim boʻlgan asosiy maqsadli koʻrsatkichlar koʻrib chiqildi. Xususan, har yili 600 ming nafar yoshning bandligini taʼminlash, 2030-yilga qadar 900 ming yoshni volontyorlikka jalb etish, oʻquv markazlari sonini 90 mingtaga yetkazish, 450 ming nafar yoshning xorijiy tillar boʻyicha bilimini B2 darajasiga olib chiqish, yoshlar jinoyatchiligini kamaytirish, har yili kamida 10 mingta yosh oilani ipoteka orqali qoʻllab-quvvatlash kabi vazifalar nazarda tutilgan. Taʼlim sohasida yoshlarning sifatli bilim olishi, nodavlat taʼlim xizmatlarini qoʻllab-quvvatlash, chekka hududlarda oʻquv markazlari imkoniyatlarini kengaytirish, xorijiy tillarni oʻrganishni ragʻbatlantirish boʻyicha yangi imtiyozlar nazarda tutilgan.

Jumladan, olis va chekka hududlarda oʻquv markazlarini tashkil etishga 300 million soʻmgacha ssuda ajratish, ular uchun ijtimoiy soliqni va oʻqituvchilarining daromad soligʻini 1 foiz etib belgilash taklif etildi. Shuningdek, B2 darajaga erishgan yoshlar uchun xorijiy pasport rasmiylashtirish uchun bojni, C1 daraja va tadbirkorlik tashabbuslari uchun ayrim davlat xizmatlari toʻlovlarini 50 foizgacha kamaytirish taklif qilinmoqda.

Strategiyada yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Ipoteka dasturi orqali kreditning Markaziy bank stavkasi yuqori qismi qoplab berilishi, shu tariqa uy-joy masalasida yosh oilalarga qoʻshimcha yengillik yaratilishi belgilanmoqda.

Ijtimoiy faollikni oshirish maqsadida volontyorlik jamgʻarmasidan 100 million soʻmgacha grantlar ajratish, faol yoshlarni davlat tashkilotlarida pullik amaliyotga jalb qilish, ilgʻor ijodkorlar uchun Prezident mukofotini joriy etish, shuningdek, kitob va Book-kafelar joylashgan “Yoshlar koʻchalari”ni tashkil qilish rejalashtirilgan. Yoshlar infratuzilmasining minimal standartlari belgilanadi, har bir hududdan “yoshlar tuman-shaharlari” tanlab olinib, ushbu standartlarni joriy etish boʻyicha namuna yaratiladi.

Yoshlar salomatligini mustahkamlash, ruhiy xavf omillarini qisqartirish, psixologik koʻmak tizimini kuchaytirish masalalari ham strategiyada oʻz aksini topgan. Xususan, ruhiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar ulushini 40 foizga kamaytirish, tun-u kun ishlaydigan psixologik aloqa markazini tashkil etish, sport bilan shugʻullanuvchi yoshlar ulushini 25 foizga oshirish nazarda tutilmoqda.

Yoshlar siyosatida ochiq muloqot va obyektiv tahlil tizimini kuchaytirish maqsadida Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan yoshlarning ehtiyojlari va kutilmalari yuzasidan ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazilib, Milliy yoshlar indeksi tuziladi. Yigit-qizlarning murojaatlari bilan ishlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Har payshanba yoshlar bilan muloqotlar oʻtkazib boriladi.

Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ham strategiyaning muhim yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan.

Shu maqsadda xalqaro forumlar, global tashabbuslar, avlodlar muloqoti, Xalqaro yoshlar kongressi kabi formatlar yoʻlga qoʻyilishi, 12-avgust – Xalqaro yoshlar kuni doirasida yirik tadbirlar oʻtkazilishi, 100 ming nafar oʻzbekistonlik yoshlarning xalqaro dasturlarda ishtirokini taʼminlash rejalashtirilgan. Shuningdek, BMT, Jahon banki, YTTB kabi tuzilmalar bilan “Junior Professional Officer” dasturi doirasida xalqaro tashkilotlarda amaliyotni tashkil etish koʻzda tutilgan.

Strategiyani 2026-2027-yillarda amalga oshirish doirasida 7 ta yoʻnalish boʻyicha 56 ta loyiha amalga oshiriladi. Jumladan, “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturida Garvard, Stenford, MIT, London biznes maktabi kabi nufuzli taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda 20 ming yoshni oʻqitish, 1 mingta biznes loyihasini saralab olish va ularga 3 yilgacha muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha ssuda berish rejalashtirilgan. Yosh tadbirkorlarga muhandislik tarmoqlariga ulanish xarajatlarini qisman qoplash tartibi ham joriy etiladi.

Respublika boʻyicha “Oʻzbekiston yoshlarni sevadi!” loyihasi, “Hayot fest” yoshlar festivali, “Talaba Fest” va “Talaba Expo 2026” kabi tadbirlar oʻtkaziladi, Robototexnika assotsiatsiyasining faoliyati qoʻllab-quvvatlanadi.

Davlatimiz rahbari yoshlar masalasiga doir barcha tashabbus va choralar, eng avvalo, yosh avlodning bilimli, sogʻlom, tashabbuskor va vatanparvar boʻlib kamol topishiga, ularning hayotda munosib oʻrin egallashiga xizmat qilishi zarurligini taʼkidladi. Strategiyani samarali amalga oshirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Posted on Leave a comment

Davlat va jamoat arbobi Rim Abdulovich Giniyatullin vafoti munosabati bilan hamdardlik

Davlat va jamoat arbobi, mehnat faxriysi Rim Abdulovich Giniyatullin shu yilning 19-aprel kuni 83 yoshida vafot etdi.

Rim Giniyatullin 1943-yil 18-sentyabrda Jizzax viloyatining Zomin tumanida tug‘ildi. 1963-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash institutini (hozirgi “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti) muhandis-gidrotexnik yo‘nalishi bo‘yicha tugatdi. Mehnat faoliyatini O‘zbekiston qurilish vazirligida oddiy ishchi sifatida boshlab, keyinchalik ushbu vazirlikda usta, bosh muhandis vazifalarida xizmat qildi. U O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirligida boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, bosh boshqarma boshlig‘i, suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, Davlat reja qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Davlat agrosanoat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimlarida ishlab, katta bilim va tajriba orttirdi.

Mohir tashkilotchi rahbar 1989–1996-yillarda melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri, 1996–1997-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari kabi mas’ul lavozimlarda fidokorona mehnat qilib, mamlakatimizda suv va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirish orqali yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shdi.

R.A.Giniyatullin Orolni qutqarish Xalqaro jamg‘armasida turli rahbarlik vazifalarida ishlab, dengizning qurishi bilan bog‘liq salbiy oqibatlarni yumshatish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishda jonbozlik ko‘rsatdi.

Umrining so‘nggi yillarida u Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonlarida, xususan, ko‘pmillatli jamiyatimizda tinchlik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, keksalar va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda faol ishtirok etdi.

Rim Giniyatullinning mamlakatimizni taraqqiy ettirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonlari, “Mehnat shuhrati” va “Do‘stlik” ordenlari bilan mukofotlandi.

El-yurtimiz o‘rtasida obro‘-e’tibor topgan tajribali rahbar, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Rim Abdulovich Giniyatullinning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,

A.Aripov, S.Turdiyev

Posted on Leave a comment

“Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi xalqaro forum ishtirokchilariga

Assalomu alaykum, hurmatli forum ishtirokchilari!

Muhtaram mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Sizlarni Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish forumida samimiy qutlashdan mamnunman.

Ko‘hna va navqiron Samarqand shahriga xush kelibsiz!

Fursatdan foydalanib, bugungi anjumanda ishtirok etayotgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori o‘rinbosari Bo Matiasen janoblariga, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus janoblariga, Xalqaro narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi Bosh kotibi Stefano Berterame janoblariga, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlariga, xorijiy hukumatlar a’zolariga, xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, shuningdek, barcha mehmonlarimizga o‘zimning minnatdorligimni bildiraman.

Qadrli tadbir ishtirokchilari!

Bugungi tahlikali zamonda dunyo hamjamiyatining yanada qat’iyat bilan birgalikda harakat qilishi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib bormoqda.

Kun sayin uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalarni ishlab chiqarish va tarqatishning yangi shakllari paydo bo‘layotgani insoniyat uchun transmilliy tahdidlar ko‘lamini kengaytirmoqda.

Bu jarayonlar nafaqat mamlakatlar xavfsizligiga, balki, eng qimmatli bo‘lgan inson hayoti va salomatligi, odamlarning kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.

Bugun narkotiklar savdosi transchegaraviy va virtual xarakterga ega bo‘lib borayotgani xavf-xatarlarni yanada kuchaytirmoqda. Ayniqsa, jinoiy guruhlarning shifrlangan aloqa kanallari, kontaktsiz muloqot va murakkab moliyaviy vositalardan foydalanayotgani narkotiklarga qarshi kurashishda bizdan zamonaviy yechim va yondashuvlarni talab qilmoqda.

Bugun aholi, ayniqsa, yoshlar orasida yangi sintetik narkotiklar, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar keng tarqalayotgani ham barchamizni chuqur tashvishga solishi tabiiy.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda 300 milliondan ortiq odam giyohvand moddalar ta’siriga tushib qolgan. Har yili 600 mingga yaqin inson ushbu illatning qurboniga aylanmoqda.

Bugungi globallashuv sharoitida bunday xavf-xatar barcha davlatlar qatorida O‘zbekistonni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q.

Shu bois, O‘zbekistonda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish masalasini umummilliy harakatga aylantirib, barcha kuch va vositalarni safarbar qilyapmiz.

So‘nggi yillarda sohada idoralararo hamkorlikni mustahkamlash, profilaktika mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan 20 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi. Ayniqsa, 2024 yilda narkotiklarga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiya qabul qilingani bu boradagi eng katta qadam bo‘ldi.

Bunday sa’y-harakatlarimiz hisobiga so‘nggi yillarda narkotiklarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash ko‘rsatkichi 2,5 barobar oshdi, musodara qilingan giyohvandlik vositalari 2 barobar, yo‘q qilingan sintetik narkotiklar 7 barobar ko‘paydi.

Birgina o‘tgan yilning o‘zida huquq-tartibot idoralari tomonidan 15 mingdan ziyod narkojinoyat fosh etildi, qariyb 3,5 tonna giyohvandlik vositalari, jumladan, 120 kilogramm sintetik narkotiklar yo‘q qilindi, 14 ta yashirin narkolaboratoriya va 72 ta yirik internet do‘koni faoliyatiga chek qo‘yildi.

Ayni paytda shuni aytish kerakki, bunday jinoyatlarning uchdan biri yoshlar tomonidan sodir etilayotgani, asosiy xavf guruhini 15 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qilayotgani bu illatning aholi genofondiga naqadar katta tahdid ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Xalqimizda “Bir bola yo‘ldan chiqsa – jamiyat izdan chiqadi”, degan hikmatli gap bor. Shu ma’noda, bir farzandning giyohvandlik tuzog‘iga tushib qolishi, bu nafaqat uning oilasi, yaqinlari, balki butun bir mahalla uchun fojia.

Shuning uchun, O‘zbekistonda buning oqibatlari bilan kurashibgina qolmay, yoshlarimizning giyohvandlik changaliga tushib qolishining oldini olish bo‘yicha katta targ‘ibot kampaniyasini boshlaganmiz.

Bu ishlarda faxriylarimiz, nuroniy otaxon va onaxonlarimiz, mahallada obro‘-e’tibor qozongan faollar, jamoatchilik vakillari bosh-qosh bo‘layotgani o‘zining natijasini bermoqda.

Biz buni izchil davom ettirib, oila, mahalla, maktab, texnikum, oliygohlarning o‘rni va rolini yanada kuchaytirish bo‘yicha alohida dasturlarni amalga oshiryapmiz.

Asosiy niyatimiz – yoshlarimizni bunday xatarlardan asrash, ularni ilm, bilim va ezgu maqsad sari yo‘naltirishdir.

Yaqinda tashkil etilgan “Anti-Narko” volontyorlik harakati qisqa vaqt ichida 17 mingdan ortiq yoshlarni birlashtirdi. Barcha hududlarda sun’iy intellekt yordamida narkotiklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan “AI Hackathon” milliy loyihasini boshladik.

Hech shubhasiz, bu ishlarimiz yoshlarda giyohvand moddalar iste’moliga qarshi mustahkam immunitet, narkojinoyatlarga nisbatan murosasiz muhit yaratishga xizmat qiladi.

O‘tgan yili mamlakatimiz Osiyo davlatlari orasida birinchilar qatorida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining «CHAMPS» tashabbusiga qo‘shildi. Ushbu dastur voyaga yetmaganlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish va narkotiklarga qarshi yanada samarali kurashishda katta yordam bermoqda.

Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

Giyohvandlikka qarshi kurash – bu faqat bir davlatning emas, balki butun insoniyatning umumiy mas’uliyati va majburiyatidir.

O‘zbekiston narkotiklarga qarshi kurashish borasida 50 dan ortiq davlat va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.

Biz bu aloqalarni mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni ta’minlash hamda xalqlar o‘rtasidagi ishonchni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim ko‘prik deb bilamiz.

Hozirgi kunda narkotiklar savdosi zamonaviy texnologiyalar, noqonuniy moliyaviy oqimlar, transmilliy uyushgan jinoyatchilik tarmoqlari bilan chuqur bog‘lanib ketganini yana bir bor ta’kidlamoqchiman.

Bu xavflarga qarshi kurashish, narkojinoyatlarning oldini olish bo‘yicha quyidagi tashabbuslarni ilgari suramiz.

Birinchidan, transmilliy narkojinoyatlarga qarshi kurashishda tezkor axborot almashinuvi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Shu bois, barcha ishtirokchi davlatlar huquq-tartibot idoralari ma’lumotlar bazasini birlashtiradigan, sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan yagona raqamli platformani ishga tushirishni taklif etamiz.

Bu platforma narkotrafik yo‘nalishlarini barvaqt aniqlash, xavfli yuklar harakatini erta bosqichda fosh etish, transmilliy jinoiy guruhlar faoliyatini real vaqt rejimida kuzatib borishga xizmat qilishi kerak.

Ikkinchidan, narkobiznes bu faqat giyohvand moddalar aylanmasi emas, bu – milliardlab dollarlik yashirin iqtisodiyot, uyushgan jinoyatchilik va terrorizmni moliyalashtiradigan manba hamdir.

Jinoiy mablag‘larni yuvishning eng katta qismi bugun aynan raqamli aktivlar va offshor hududlar orqali amalga oshirilmoqda.

Narkobiznesni qurol bilan emas, pulsiz qoldirish orqali yengish mumkin. Agar biz uning “moliyaviy arteriya”larini bo‘g‘ib qo‘ysak, bu illat o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.

Shuning uchun kripto-birjalar uchun majburiy identifikatsiya standartlarini global darajada birxillashtirish, offshor yurisdiksiyalar bilan ma’lumot almashinuvi bo‘yicha majburiy kelishuvlar, “noma’lum manba” mablag‘larini avtomatik bloklash mexanizmlarini joriy etish zarur.

Shuningdek, noqonuniy mablag‘lar harakatini dunyo bo‘ylab avtomatik aniqlaydigan, uni qabul qilgan bank yoki moliyaviy tashkilotni darhol xavf toifasiga kiritadigan “xalqaro raqamli qora kod” tizimini joriy qilishni taklif etaman.

Uchinchidan, ko‘rib turibsizlar, kundan kunga sintetik narkotiklarning yangi-yangi turlari paydo bo‘lmoqda.

Shu bois, doimiy muloqot maydonini ishga tushirib, sintetik narkotiklarga ruju qo‘ygan bemorlarni samarali davolash bo‘yicha zamonaviy metodika va standartlarni birgalikda yaratib borishni taklif qilamiz.

To‘rtinchidan, giyohvandlikka chalinganlarning tibbiy reabilitatsiyasi bo‘yicha tajriba almashish maqsadida Markaziy Osiyo Narkologlar assotsiasiyasini tashkil qilsak, o‘ylaymanki, qo‘llab-quvvatlaysiz.

Ushbu tashkilotning Bosh ofisini Samarqand shahrida joylashtirishga tayyormiz.

Beshinchidan, bugun ayrim hududlarda narkotik yetishtirish va tarqatish iqtisodiy imkoniyatlar cheklangani, ish o‘rinlari yetishmasligi va ijtimoiy tengsizlik oqibatida saqlanib qolmoqda.

Shu bois, narkotrafik xavfi yuqori bo‘lgan hududlar uchun “maxsus rivojlanish dasturi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz.

Bunda giyohvand moddalar yetishtirishga moyil hududlardagi rasmiy iqtisodiyotga faol investitsiyalar kiritish orqali aholi uchun barqaror daromad manbalarini yaratish, infratuzilmani yaxshilash, ta’lim va tibbiyotni rivojlantirish orqali aholining jinoiy iqtisodiyotga qaramligini kamaytirish bo‘yicha kompleks choralar ishlab chiqish maqsadga muvofiq.

Bunday dastur faqat grant yoki yordam emas, balki xalqaro hamjamiyatning umumiy mas’uliyati sifatida ko‘rilishi kerak.

Hurmatli do‘stlar!

Bugungi tadbirimizda hamkor davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlardan 500 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashmoqda.

Mazkur anjumanda ilgari suriladigan taklif va tashabbuslar insoniyatga, millatlar genofondiga tahdid solayotgan narkotiklar muammosiga qarshi birlashish yo‘lida yangi qadam bo‘ladi.

Bu borada O‘zbekistonning pozitsiyasi qat’iy: biz ushbu tahdidlarga qarshi kurashishda hech qachon ikkilanmaymiz, chekinmaymiz, ortga qaytmaymiz!

Biz barcha sheriklarimizni ushbu global tahdidga qarshi amaliy harakatga chaqiramiz!

Ishonchim komil, forumda qabul qilinadigan Samarqand deklaratsiyasi xalqlarimiz xavfsizligi, salomatligi va farovonligini mustahkamlashga xizmat qiladi hamda ushbu muhim yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytiradi.

Barchangizga mustahkam sog‘liq, mas’uliyatli faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar, forum ishiga muvaffaqiyatlar tilayman.

Posted on Leave a comment

Javohir Sindorov sharafiga tantanali marosim boʻlib oʻtdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida shaxmatchimiz, Xalqaro shaxmat federatsiyasining Nomzodlar turniri gʻolibi Javohir Sindorovni sharaflashga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Shaxmatimiz tarixida birinchi marotaba Javohir Sindorov Nomzodlar turnirida gʻalaba qozonib, tom maʼnoda tarixiy natijaga erishdi.

Musobaqa davomida u dunyoning eng kuchli grossmeysterlariga qarshi yuksak mahorat va katta jasorat bilan kurash olib bordi, har bir bahsda qatʼiyat, kuchli iroda va intellektual ustunligini namoyon etdi. Ayniqsa, bir marta ham magʻlubiyatga uchramay, 14 ta partiyada 10 ochko toʻplagani, natijada ochkolar va gʻalabalar soni boʻyicha rekordlar oʻrnatgani shaxmat olamida kamdan-kam uchraydigan noyob hodisadir.

Prezidentimiz marosimda so‘zga chiqib, Javohir Sindorovni mazkur tarixiy zafar bilan yana bir bor samimiy qutladi. Bu butun xalqimizning, Yangi O‘zbekistonning g‘alabasi ekanini ta’kidladi.

Albatta, hech bir natija o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Buning zamirida uzoq yillik tinimsiz mehnat, bolalikdan orttirilgan tajriba,  qat’iy iroda, temir intizom, va, albatta, ustoz va murabbiylarning sabog‘i,  ota-ona, bobo va buvijonlarning duosi mujassam. Fursatdan foydalanib, mana shunday o‘zbek o‘g‘lonini tarbiyalab, voyaga yetkazgan bobong va buvingga, ota-onanga, ustoz va murabbiylaringga yana bir bor o‘zimning minnatdorchiligimni bildiraman, – dedi davlatimiz rahbari.

Qayd etilganidek, Javohir Sindorov turnir davomida shaxmat taxtasi ustida o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan mustahkam iroda, o‘ziga ishonch, chuqur tafakkur va sabr-bardoshni namoyon etdi. Ayniqsa, Hindiston, AQSh, Xitoy, Niderlandiya, Germaniya va Rossiya vakillari bo‘lgan super grossmeysterlarga qarshi bosiqlik va mardonavorlik bilan kurash olib borgani alohida e’tirof etildi.

Davlatimiz rahbari Javohir Sindorovning bu yuksak yutug‘i mamlakatimizda sportga, jumladan, shaxmatni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy samarasi ekanini ta’kidladi. Bugun Yangi O‘zbekistonda ana shunday g‘olib, mard va matonatli yoshlar kamol topayotgani barchamizga cheksiz faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Shu ma’noda, bugun FIDE reytingidagi eng kuchli besh shaxmatchidan ikki nafari o‘zbek o‘g‘loni ekani milliy shaxmat maktabimizning salohiyati va nufuzi tobora yuksalayotganidan dalolat beradi. Bularning barchasi minglab iste’dodli yoshlarimiz, umidli shaxmatchilarimiz uchun katta motiavsiya bo‘lishi ta’kidlandi.

Marosimda Javohir Sindorov oldida turgan navbatdagi yuksak marralar haqida ham so‘z yuritildi. Uning jahon shaxmat toji uchun bo‘ladigan hal qiluvchi bellashuvda munosib ishtirok etishiga, o‘zbek shaxmat maktabining salohiyati va shon-shuhratini yana bir bor butun dunyoga namoyon etishiga ishonch bildirildi. Shuningdek, bu yil sentyabr oyida Samarqand shahrida o‘tadigan 46-butunjahon shaxmat olimpiadasida ham xalqimiz g‘alaba kutayotgani ta’kidlandi.Tadbirda mamlakatimizda shaxmatni keng ommalashtirish, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida ushbu sport turini targʻib etish, navqiron avlod qalbida milliy gʻurur, Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻularini kamol toptirish borasidagi katta xizmatlari, shuningdek, Kiprda oʻtkazilgan FIDE Nomzodlar turnirida rekord natijalar koʻrsatib, muddatidan oldin gʻoliblikni qoʻlga kiritgani uchun Javohir Sindorov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangani toʻgʻrisidagi Prezident farmoni oʻqib eshittirildi.

Davlatimiz rahbari ushbu yuksak mukofotni tantanali ravishda topshirdi.

Grossmeysterimiz yoshlarga, sport rivojiga qaratilayotgan doimiy eʼtibor va yaratilayotgan keng sharoitlar, koʻrsatilgan yuksak ishonch hamda eʼtirof uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirdi. 

Posted on Leave a comment

Ijtimoiy himoya tizimida yangi mexanizmlar joriy etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholini, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish, shuningdek, bu sohadagi qonunchilik bazasini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy himoya sohasini yangi bosqichga olib chiqish, ehtiyojmand fuqarolarga davlat koʻmagini manzilli va shaffof tarzda yetkazish, xizmatlarni raqamlashtirish hamda ularni proaktiv shaklda taqdim etish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda nogironligi boʻlgan shaxslar, oʻzgalar parvarishiga muhtoj fuqarolar, nogironligi boʻlgan bolalarni tarbiyalayotgan oilalar, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan ayollar hamda ijtimoiy xizmatlar koʻrsatayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Taqdimotda ruhiy holatida buzilishlari mavjud nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmat koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish masalasi koʻrib chiqildi. Qayd etilganidek, bu borada asosiy maqsad – ularning jamiyat hayotida toʻlaqonli ishtirokini taʼminlash, oila muhitiga yaqin sharoitda kompleks xizmatlar koʻrsatish, shuningdek, parvarish bilan band boʻlgan oilalarni qoʻllab-quvvatlashdan iborat.

Xususan, 2026-yil 1-iyunga qadar 0-3 yoshda rivojlanishida nuqsonlar aniqlangan bolalar uchun ilk bor “Erta aralashuv” xizmati bosqichma-bosqich joriy etiladi. Ushbu xizmat orqali maxsus pedagoglar va davolovchi jismoniy tarbiya yoʻriqchilari ishtirokida bolalarga korreksion-pedagogik yordam, nutq va jismoniy rivojlantirish mashgʻulotlari koʻrsatiladi. Xizmat nodavlat tashkilotlar tomonidan maxsus elektron reyestr asosida yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, anatomik nuqsonlar bilan tugʻilgan bolalarning qoʻshimcha tibbiy tekshiruv va jarrohlik xarajatlari Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi.

Ruhiy holatida buzilishlari mavjud I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ham 2026-yil davomida bosqichma-bosqich yangi ijtimoiy xizmatlar joriy etiladi. Jumladan, “Yangi kun” kunduzgi qarab turish xizmati, uy sharoitida qarab turish xizmati, kichik hajmli “Madad” uyi xizmati va “Ijtimoiy taʼtil” qisqa muddatli joylashtirish xizmati yoʻlga qoʻyiladi. Bu xizmatlar qarab turish va parvarish qilish, kundalik hayot koʻnikmalarini shakllantirish, maishiy ishlarga oʻrgatish, kasb va moliyaviy hisob-kitob koʻnikmalarini rivojlantirish orqali oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan boʻladi.

Mazkur yangi xizmatlar davlat-xususiy sheriklik asosida malakaga ega bo‘lgan va zarur talablarga javob beradigan nodavlat tashkilotlar tomonidan koʻrsatiladi. Bu orqali 2026-yilda 8300 nafar ruhiy holatida buzilishlari mavjud shaxsni yangi xizmatlar bilan qamrab olish, 600 tagacha nodavlat tashkilot va yakka tartibdagi tadbirkorlarni ijtimoiy xizmat koʻrsatishga jalb etish rejalashtirilgan. Yangi xizmatlardan foydalanish bilan bogʻliq xarajatlar Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi hisobidan subsidiya shaklida qoplab beriladi.

Shu bilan birga, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab 18 yoshdan katta chuqur darajadagi aqliy zaiflik tashxisi qoʻyilgan shaxslarning parvarishi bilan band boʻlgan qonuniy vakillar uchun har oylik yangi parvarishlash nafaqasi joriy etiladi.

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari vakolatlari ham kengaytiriladi. 2026-yil 1-iyundan boshlab ularning xodimlari tuman va shahar hokimliklari huzuridagi vasiylik va homiylik komissiyalari tarkibiga kiritiladi. Shuningdek, ruhiy holatida buzilishlari mavjud shaxslarga tayinlangan vasiy va homiylar tomonidan majburiyatlarning bajarilishi, ushbu shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlari, mol-mulkining muhofazasi, ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlari muntazam monitoring qilib boriladi.

Internat muassasalarini transformatsiya qilishga ham alohida eʼtibor qaratildi. Takliflarga koʻra, “Muruvvat” internat uylari bosqichma-bosqich “Gʻamxoʻrlik” markazlariga aylantiriladi. Endi mazkur muassasalar asosan tibbiy-ijtimoiy emas, balki ijtimoiy yondashuv asosida ishlaydigan, shaxsni jamiyatga moslashtirishga qaratilgan markazlar sifatida faoliyat yuritadi. U yerda yashovchilarni sport, ijodiy, ergoterapiya, mehnat va ijtimoiy-maʼnaviy terapiyaga jalb qilish, “murabbiy kuzatuvida” mustaqil yashash xizmati orqali hayotiy koʻnikmalarni shakllantirish, oilaviy muhitga yaqin kichik hajmli uylar tashkil etish koʻzda tutilgan.

Taqdimotda ijtimoiy himoya sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan yangi tashabbuslar ham muhokama qilindi. Xususan, shaxsni nogironlik belgisi boʻyicha kamsitish uchun javobgarlikni kuchaytirish, sud qarorlarini nogironligi boʻlgan shaxslar uchun maqbul shaklda taqdim etish, ijtimoiy xizmat va kafolatlarni yagona Ijtimoiy reyestr asosida manzilli yoʻnaltirish nazarda tutilmoqda.

Kunduzgi parvarish xizmatlarini rivojlantirish ham muhim yoʻnalish sifatida qayd etildi. 3-18 yoshgacha nogiron farzandini kunduzgi parvarish xizmatiga bergan ota-onalar uchun ushbu xizmatga har oyda toʻlanadigan 3 million soʻmgacha boʻlgan mablagʻni daromad soligʻidan, davlat-xususiy sheriklik asosida nogiron bolalarga kunduzgi parvarish xizmatini koʻrsatayotgan tadbirkorlarni esa 2030-yilgacha soliqlardan ozod qilish koʻzda tutilmoqda. Bugungi kunda bunday xizmatlar 396 ta tadbirkor tomonidan yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ular 4,4 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan bolaga xizmat koʻrsatmoqda.

Shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanish huquqiga ega toifalarni kengaytirish masalasi ham koʻrib chiqildi. Jumladan, I guruh nogironi boʻlgan shaxslar va ularga hamrohlik qiluvchi bir nafar shaxsga, shuningdek, 1941-1945-yillardagi urush nogironlariga tenglashtirilgan shaxslarga mazkur huquqni tatbiq etish taklif qilinmoqda.

Taqdimotda tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan ayollarning iqtisodiy mustaqilligini taʼminlashga qaratilgan yangi mexanizmlar ham muhokama qilindi. Xususan, ularni alohida murojaatsiz, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asosida ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatga olish, ishga joylashtirish xizmatlarini koʻrsatish va natijalar boʻyicha tezkor axborot almashish tartibini joriy etish rejalashtirilgan.

Bolalar huquqlarini himoya qilish va voyaga yetmaganlarga nisbatan zoʻravonlikning ayrim shakllariga qarshi kurashish sohasida ham qonunchilikni kuchaytirish masalasi koʻrib chiqildi. Ularga koʻra, voyaga yetmaganlar tasvirlangan pornografik materiallarni tarqatish maqsadida saqlaganlik uchun alohida maʼmuriy javobgarlikni belgilash, shu kabi huquqbuzarlik takroran sodir etilganda jinoiy javobgarlikni qoʻllash, internet va telekommunikatsiya tarmoqlari orqali 16 yoshga toʻlmagan shaxslarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etganlik uchun jazoni kuchaytirish nazarda tutilgan. Voyaga yetmaganlar tasvirlangan pornografik mahsulotlarni tarqatish maqsadida respublikaga olib kirganlik, bunday mahsulotni tayyorlaganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik yoki voyaga yetmaganni pornografik harakat ijrochisi sifatida jalb etganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, voyaga yetmagan guvoh va jabrlanuvchilarning huquqlarini ishonchli himoya qilish maqsadida ularning qonuniy vakili instituti joriy etilmoqda va soʻroq qilishning aniq vaqt meʼyorlari belgilanmoqda.

Taqdimotda Jizzax viloyatida “islohotlar shtabi” tomonidan mahallalarning solishtirma ustunliklaridan kelib chiqqan holda shakllantirilgan loyihalar toʻgʻrisida ham axborot berildi.

Davlatimiz rahbari ijtimoiy himoya sohasidagi yangi mexanizm va takliflarni maʼqullab, tegishli qonun hujjatlarini imzoladi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirov sharaflandi

Koʻksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida milliy estrada sanʼatining yorqin namoyandasi, Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirovning 80 yillik tavallud ayyomi munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda davlat va jamoat arboblari, madaniyat va sanʼat namoyandalari, ijodkor ziyolilar, “Yalla” ansambli aʼzolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari soʻzga chiqib, Farrux Zokirovni ushbu qutlugʻ sana bilan samimiy qutladi, unga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik va yangi-yangi ijodiy yutuqlar tiladi.

Taʼkidlanganidek, Zokirovlar sulolasi koʻp yillardan buyon milliy musiqa va qoʻshiqchilik sanʼatimizning rivojiga beqiyos hissa qoʻshib kelmoqda. Oʻzbekiston xalq artisti Karim Zokirov asos solgan sanʼat maktabi, milliy oʻzbek estradasi asoschilaridan biri Botir Zokirovning boy ijodiy merosi xalqimizning ulkan maʼnaviy boyligi sifatida yuksak qadrlanadi.

Butun bir oila va avlodning oʻz umrini sanʼat va madaniyat ravnaqiga bagʻishlashi dunyoda kam uchraydigan noyob hodisa ekani alohida qayd etildi. Farrux Zokirov ana shu ulugʻ anʼanalarni munosib davom ettirib, milliy estrada sanʼatini yangi bosqichga olib chiqqan sanʼatkor sifatida eʼtirof qilindi.

Tadbirda Farrux Zokirov nafaqat xalqimiz, balki butun Markaziy Osiyo, Hamdoʻstlik mamlakatlari va turkiy ellarning sevimli sanʼatkori ekani taʼkidlandi. Uning Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti degan faxriy unvonlar bilan bir qatorda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Tatariston, Boshqirdiston va Ingushetiya xalq artisti degan yuksak unvonlarga sazovor boʻlgani uning ijodiga berilgan katta baho sifatida qayd etildi.

Bugun Farrux Zokirov deganda “Yalla” ansambli, “Yalla” deganda esa Farrux Zokirov siymosi koʻz oldimizda gavdalanadi. Mana 55 yildirki, ushbu mashhur jamoa nafaqat mamlakatimizda, balki dunyoning nufuzli sahnalarida ham goʻzal qoʻshiqlar kuylab, millionlab muxlislar mehrini qozonib kelmoqda. “Yalla” ansambli jamoaviy estrada ijrochiligini yoʻlga qoʻyib, yurtimiz sanʼati va madaniyati tarixida butunlay yangi sahifa ochdi. Bugun xalqimizning bayramlari, muhim tadbirlari va qutlugʻ ayyomlarini ushbu ansambl ijrosidagi qoʻshiqlarsiz tasavvur etib boʻlmaydi.

Tadbirda “Yalla” ansambli aʼzolari Javlon Toʻxtayev, Abbos Aliyev, Temur Xalikov va Igor Xalikovning ham koʻp yillik samarali faoliyati eʼtirof etildi.

Qayd etilganidek, “Yalla” ansambli ijrosidagi 400 dan ortiq qoʻshiqlardagi milliy ruh va ohang chinakam xalq sanʼati namunasiga, milliy madaniyatimizning “oltin fondi”ga aylangan. “Yallama yorim”, “Yoʻl boʻlsin”, “Handalak”, “Majnuntol”, “Kelibdi” singari qoʻshiqlar, “Choyxona”, “Sumalak” kabi asarlar milliy qadriyatlarimizni tarannum etsa, “Toshkentim onam”, “Uchquduq”, “Shahrisabz” kabi qoʻshiqlar yurtimizning betakror goʻshalarini dunyoga keng tanitdi.

Davlatimiz rahbari Farrux Zokirovning yurtimiz ijtimoiy-madaniy hayotidagi faol ishtirokiga ham alohida toʻxtalib, uning yuzlab yoshlarga ustozlik qilib, ularni katta sahnalarga olib chiqayotgani, “Ovoz” kabi yirik loyihalar orqali yangi isteʼdodlarga sanʼat sirlari va sahna madaniyatini oʻrgatayotgani barcha uchun haqiqiy ibrat ekanini taʼkidladi.

Mintaqa ijodkorlari bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik xalqlar oʻrtasida maʼnaviy koʻprik vazifasini oʻtayotgani qayd etildi. Shuningdek, davlatimiz Farrux Zokirov kabi sanʼat dargʻalarining xalqaro ijodiy loyihalari va yangi asarlarini hamisha qoʻllab-quvvatlashi taʼkidlandi.

Tantanada Farrux Zokirovning koʻp yillik samarali mehnati, milliy madaniyatimiz va sanʼatimizni rivojlantirish yoʻlidagi fidokorona xizmatlarini munosib taqdirlash maqsadida Prezident tomonidan alohida farmon va qaror imzolangani eʼlon qilindi.

Xususan, Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabiga Farrux Zokirov nomi beriladi.

Ushbu maktabda “Yalla” nomidagi bolalar ansambli, yoshlar ijodiy laboratoriyasi, zamonaviy ovoz va video yozish studiyasi tashkil etiladi. “Ustoz-shogird” anʼanalari asosida estrada yoʻnalishi boʻyicha ijrochilik mahorati sinflari yoʻlga qoʻyiladi, ustoz ijodkorlarning oyligiga qoʻshimcha ustama toʻlanadi. Maktabda aʼlo baholarga oʻqiyotgan oʻquvchilar uchun ixtisoslashgan sanʼat va madaniyat taʼlim muassasalariga qabul boʻyicha alohida imkoniyatlar yaratiladi. Har yili respublika hududlaridan iqtidorli oʻquvchilar mazkur maktabda oʻz mahoratini oshirib boradi. Budjet hisobidan iqtidorli oʻquvchilar ustozlari bilan birga nufuzli xalqaro koʻrik-tanlovlarga yuboriladi va munosib ragʻbatlantiriladi.

Tadbirda ushbu taʼlim dargohi yurtimizdagi eng namunaviy maskanlardan biriga aylanib, Zokirovlar sulolasi yaratgan bebaho ijodiy merosni kelajak avlodga yetkazishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Tantanali marosimda Prezidentimiz milliy sanʼatimiz va madaniyatimizni rivojlantirish yoʻlidagi koʻp yillik beqiyos xizmatlari uchun Farrux Zokirovga “Buyuk xizmatlari uchun” ordenini topshirdi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston va Butunjahon taekvondo federatsiyasi hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionati doirasida mamlakatimizda boʻlib turgan Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti Cho Chung Vonni qabul qildi.

Taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda yurtimizda taekvondo bilan muntazam shugʻullanuvchilar soni deyarli ikki baravarga oshib, 35 ming nafarga yetdi. Vakillarimiz Parijdagi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida ushbu sport turi boʻyicha umumjamoa hisobida faxrli uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritishdi.

Uchrashuv davomida Cho Chung Von Oʻzbekistonda sportni jadal rivojlantirish, yoshlar orasida jismoniy tarbiyani targʻib etish, zamonaviy infratuzilmani yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, professional sportchilar va hakamlarni tayyorlash, yuqori texnologiyalar, sunʼiy intellekt, sport tibbiyoti borasida ilgʻor tajribalarni almashish va nufuzli xalqaro musobaqalarni Oʻzbekistonda muntazam oʻtkazish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatimizda taekvondoni ommalashtirishga qoʻshgan shaxsiy hissasi, sport orqali jahon xalqlarining oʻzaro doʻstlik va hamjihatlik aloqalarini kuchaytirish borasidagi katta xizmatlari uchun Cho Chung Vonni davlatimizning yuksak mukofoti – “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirladi.

Cho Chung Von, oʻz navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyevga sportni rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun Butunjahon taekvondo federatsiyasi tomonidan taʼsis etilgan oliy shaxsiy mukofot – Shon-sharaf ordenini topshirdi.

Ushbu orden ilk bor aynan davlatimiz rahbariga taqdim etilgani, bu yurtimizda sportni, xususan, taekvondoni rivojlantirish, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning xalqaro miqyosda eʼtirof etilganidan dalolat berishi taʼkidlandi.