Posted on Leave a comment

Zakirov Farrux Karimovichni «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida

​​​​​​​O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

O‘zining noyob iste’dodi, samarali ijodiy faoliyati bilan zamonaviy o‘zbek qo‘shiqchilik san’atini rivojlantirish, xususan, milliy estrada ijrochiligini yangi bosqichga olib chiqishga qo‘shgan beqiyos hissasi, madaniyatimiz shuhratini dunyo xalqlari o‘rtasida keng targ‘ib etish, boy ma’naviy merosimizni asrab-avaylash borasidagi ulkan xizmatlari, shuningdek, «Yalla» ansambliga asos solib, uni xalqaro miqyosda tan olingan nufuzli ijodiy jamoaga aylantirgani, yosh iqtidor egalarining qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish, navqiron avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli ishlari hamda tavalludining 80 yilligi munosabati bilan «Yalla» ansambli badiiy rahbari Zakirov Farrux Karimovich «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targ‘ib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Butun umrini san’atga baxshida etib kelayotgan, o‘zbek milliy estradasini dunyoga tarannum qilib, yurtimizning madaniyati va san’ati nufuzini yuksaltirishga beqiyos hissa qo‘shayotgan, serqirra faoliyati xalqlar o‘rtasida ma’naviy ko‘prik bo‘lib xizmat qilayotgan ustoz san’atkor – O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targ‘ib qilish va yosh avlodga munosib yetkazish maqsadida qaror qilaman:

1. Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga (keyingi o‘rinlarda – Maktab) Farrux Zokirov nomi berilsin.

2. Farrux Zokirov nomidagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quv-tarbiya jarayonini muvofiqlashtirib borish va yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha badiiy-pedagogik kengash tashkil etilsin hamda uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Quyidagilar:

(a) Maktabda:

(i) “Yalla” nomidagi bolalar ansambli faoliyati tashkil etilsin;

(ii) Yoshlar ijodiy laboratoriyasi hamda “ustoz-shogird” an’analari asosida estrada yo‘nalishi bo‘yicha ijrochilik mahorat maktablari tashkil etilsin;

(iii) Maktab badiiy-pedagogik kengashi qarori bilan tashkil etilgan mahorat maktabining ustoz-ijodkorlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan har oyda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida rag‘batlantirib borilsin;

(b) Yoshlar ijodiy laboratoriyasi doirasida:

(i) 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 3 nafardan bolalar musiqa va san’at maktabining iqtidorli o‘quvchilaridan iborat guruh shakllantirilib borilsin hamda ta’til davrida yozgi to‘garakka jalb etilib, estrada xonandaligi bo‘yicha maxsus bepul kurslarda o‘qitilsin;

(ii) 2026/2027-o‘quv yiliga qadar zamonaviy ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi tashkil etilsin hamda u sahna jihoz va liboslari bilan ta’minlansin;

(iii) Maktab va yozgi to‘garakka jalb qilingan o‘quvchilarning ijod namunalari televideniye va xalqaro onlayn platformalarda namoyish etib borilsin;

(v) Yoshlar ijodiy laboratoriyasini tashkil etish, uni jihozlash va hududlardan o‘quvchilarni yozgi to‘garakka jalb etish, shu jumladan, ularning yashash, ovqatlanish va transport xarajatlari to‘liq Davlat budjetidan qoplansin;

(g) har yili Maktab va yozgi to‘garakning iqtidorli 5 nafar o‘quvchilari hamda ularning o‘qituvchi va konsertmeysterlarining nufuzli xalqaro tanlovlarda ishtirok etishi bilan bog‘liq xarajatlar Davlat budjetidan qoplansin. Bunda ushbu tanlovlar ro‘yxati Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;

(d) 2026–2027-yillarda tajriba-sinov tariqasida xalqaro nufuzli tanlovlarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan Maktab va yozgi to‘garak o‘quvchilari (jamoalari) hamda ularni tayyorlagan o‘qituvchi (konsertmeyster) quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirilsin:

(I) “Gran-pri” va 1-o‘rin sohibi 30 million so‘m, o‘qituvchi (konsertmeyster) 20 million so‘m miqdorida;

(ii) 2-o‘rin sohibi 20 million so‘m, o‘qituvchi (konsertmeyster) 10 million so‘m miqdorida;

(iii) 3-o‘rin sohibi 10 million so‘m, o‘qituvchi (konsertmeyster) 5 million so‘m miqdorida;

(j) ushbu bandda nazarda tutilgan xalqaro nufuzli tanlovlarning g‘olib va sovrindorlari hamda ularning o‘qituvchi (konsertmeyster)larini rag‘batlantirish tartibi Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlansin, shuningdek, 2027-yil yakunida mazkur amaliyotni respublika bo‘yicha keng joriy etish yuzasidan taklif kiritilsin;

(z) umumxalq bayram dasturlari va yuqori darajadagi anjumanlarning badiiy qismida Maktab va yozgi to‘garakning iqtidorli o‘quvchilari hamda ijodiy jamoalarining ishtirok etishiga shart-sharoitlar yaratilib, qo‘llab-quvvatlansin;

(i) Maktabda a’lo baholarga o‘qiyotgan o‘quvchilarning 10 nafarini Maktab badiiy-pedagogik kengashi qarori bilan Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktabi hamda maktab-internatlariga imtihonlarsiz qo‘shimcha kvota asosida qabul qilish tartibi joriy etilsin.

4. Madaniyat vazirligi:

(a) Maktabda “ustoz-shogird” ijrochilik mahorat maktablarini tashkil etishda milliy estradamizning yorqin namoyandalarini jalb etsin hamda ularning samarali faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratsin;

(b) Maktabni zarur musiqa cholg‘u asboblari, zamonaviy jihoz va texnikalar, shuningdek, musiqa darsliklari va notalar to‘plamlari bilan ta’minlasin;

(v) Farrux Zokirov ijro dasturi to‘liq notalashtirilishi va ularning to‘plamlari chop etilishi hamda respublika miqyosida ta’lim jarayonlariga keng tatbiq etilishini ta’minlasin;

(g) Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda Maktab binosini kapital ta’mirlash va hududini obodonlashtirish uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqsin hamda 2026-yil yakuniga qadar qurilish-ta’mirlash ishlarini yakuniga yetkazsin.

5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi qarorda belgilangan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun Madaniyat vazirligiga 2026-yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan 10 milliard so‘m ajratsin, 2027-yildan boshlab zarur mablag‘larni Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsan javobgar etib madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov belgilansin.

7. Qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 

Sh. Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti Rossiya delegatsiyasini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi oʻrinbosari Sergey Kiriyenko boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish doirasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

Barcha yoʻnalishlarda faol muloqotlar olib borilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda, sanoat kooperatsiyasi boʻyicha muhim loyihalar amalga oshirilib, madaniy-gumanitar almashinuv kengaymoqda.

Mamlakatimizda birinchi integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirishga, shuningdek, tinch atom sohasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi.

Raqamli texnologiyalar, yoshlar va axborot siyosati, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolarning tashabbuslarini rivojlantirish borasidagi oʻzaro hamkorlikni faollashtirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Posted on Leave a comment

Prezident Shavkat Mirziyoyev Javohir Sindorov bilan telefon orqali muloqot qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro shaxmat federatsiyasining Nomzodlar turniri g‘olibi Javohir Sindorov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari yosh grossmeysterimizni O‘zbekiston shaxmat tarixida birinchi marta mazkur nufuzli musobaqada zafar qozonib, tom ma’nodagi tarixiy g‘alabaga erishgani bilan samimiy tabrikladi.

Suhbatda Javohir Sindorov ushbu turnirda ilgari hech kim yeta olmagan yuksak marrani zabt etgani, 13 ta o‘yinda 6 marotaba g‘alaba qozongani sport olamida kamdan kam uchraydigan noyob hodisa ekani alohida ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari yosh grossmeyster dunyoning eng dongdor shaxmatchilariga qarshi har bir bahsda katta jasorat va mahorat bilan dona surib, kuchli iroda, yuksak intellektual salohiyat va qat’iyat fazilatlarini namoyon etganini qayd etdi. 

Prezidentimiz endi Javohir Sindorov oldida jahon toji uchun hal qiluvchi va sharafli bellashuv turganini qayd etib, bo‘lajak o‘yinlarda unga yanada ulkan omad, kuch-g‘ayrat va yangi zafarlar tiladi.

Suhbatda joriy yil Samarqand shahrida o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida Javohir Sindorovning ishtiroki, shubhasiz, jamoamizga katta ruh va ishonch bag‘ishlashi qayd etildi.

Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari Javohir Sindorovning ota-onasi, yaqinlari, ustoz va murabbiylarini ham ushbu tarixiy g‘alaba bilan chin yurakdan tabrikladi.

Javohir Sindorov yuksak e’tibor, samimiy qutlov va bildirilgan ishonch uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Posted on Leave a comment

Prezidentlar “Nigora” toʻqimachilik korxonasiga tashrif buyurdilar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Buxorodagi qoʻshma dastur doirasida mamlakatimizdagi yetakchi toʻqimachilik korxonalaridan birining faoliyati bilan tanishdilar.

Davlat rahbarlari Buxoro shahrida raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishning toʻliq zanjirini yoʻlga qoʻygan “Nigora” kompaniyasining ishlab chiqarish quvvatlariga tashrif buyurdilar.

Ushbu loyihaning qiymati 35 million dollarni tashkil etib, 2024-yil avgust oyida muvaffaqiyatli ishga tushirilgan. Bu yerda 840 nafar xodim ish bilan taʼminlangan, ularning aksariyatini ayollar tashkil etadi.

Yaponiya, Italiya, Belgiya va Germaniyadan keltirilgan yuqori texnologik uskunalar xalqaro bozorlarda dadil raqobatlashish hamda har yili 20 million pogon metr tayyor mato va 1 million dona toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish imkonini beradi.

Prezidentlarga tayyor kiyim-kechak va matolar namunalari namoyish etildi. “Shoyigul” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar asosan Yevropa mamlakatlariga, xususan, Italiya, Avstriya, Buyuk Britaniya va Germaniyaga eksport qilinmoqda.

Davlat rahbarlari kompaniyaning yillik eksportni 10 million dollarga olib chiqish, ishlab chiqarishni kengaytirish hamda kelgusida sintetik tola va aralash matodan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalarini yuksak baholadilar.

Posted on Leave a comment

Buxorodagi sammiti yakunlandi

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning O‘zbekistonga amaliy tashrifi yakunlandi.

Tashrif doirasida Buxoroda oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Oliy martabali mehmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Bahouddin Naqshband maqbarasi va qadimiy Buxoroning tarixiy yodgorliklarini ziyorat qildi.

Yetakchilar viloyat hokimligining situatsion markazi, sun’iy intellekt bo‘yicha loyihalar va sanoat korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi.

Tadbirlar yakunlangach, oliy martabali mehmonni Buxoro xalqaro aeroportida davlatimiz rahbari kuzatib qo‘ydi.

Shu bilan Prezidentimiz Buxoroga safarini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari Buxoroning tarixiy merosi bilan tanishdilar

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda qadimiy Buxoroning dunyoga mashhur yodgorliklari – Ark qoʻrgʻoni, Poi Kalon va Labi Hovuz ansambllarini ziyorat qildi.

Oliy martabali mehmonga ushbu noyob yodgorliklarning tarixi, meʼmorchiligi hamda Sharq ilm-fani, madaniyati va shaharsozligi taraqqiyotida tutgan oʻrni haqida batafsil maʼlumot berildi.

Tashrifning birinchi manzili – koʻp asrlar davomida Buxoroning siyosiy va maʼmuriy markazi boʻlib xizmat qilgan Ark qalʼasi boʻldi. Arxeologik va tarixiy maʼlumotlarga koʻra, qalʼa uzoq vaqt davomida shakllanib kelgan va yaqin tarixdagi davrdan boshlab Buxoro hukmdorlarining qarorgohi boʻlgan. Bugungi kunda Ark UNESCO Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Buxoro tarixiy markazining asosiy ramzlaridan biri va muhim qismi hisoblanadi.

Shundan soʻng yetakchilar Markaziy Osiyoning eng ulugʻvor meʼmoriy majmualaridan biri Poi Kalon ansambliga tashrif buyurdilar. 1127-yilda bunyod etilgan mashhur Kalon minorasi majmuaning eng diqqatga sazovor obidasi boʻlib, u asrlar davomida nafaqat Buxoro meʼmorchiligi namunasi, balki shaharning haqiqiy “tashrif qogʻozi” boʻlib xizmat qilgan.

Ansambl tarkibiga XVI asr boshlariga oid Kalon masjidi va Mir Arab madrasasi ham kiradi. Ushbu majmua haqli ravishda shayboniylar davridagi Buxoroning durdonalaridan biri hisoblanadi.

Qadimiy hovuz atrofida qurilgan Labi Hovuz majmuasi oliy martabali mehmonda katta taassurot uygʻotdi. Majmua tarkibiga Koʻkaldosh madrasasi, Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqohi kiradi. Bu joy asrlar davomida mahalliy aholi, sayohatchilar va olimlarni oʻziga jalb qiluvchi maskan boʻlib kelgan hamda oʻrta asrlardagi Buxoroning oʻziga xos muhitini bugungi kungacha saqlab qolgan.

Shuningdek, tashrif davomida xalq hunarmandchiligi va anʼanaviy bezak sanʼati namunalari, meʼmoriy obidalardagi naqshlarning oʻziga xosligi namoyish etildi.

Oliy martabali mehmonga Buxoroning Buyuk ipak yoʻlidagi islom sivilizatsiyasining eng yirik ilm-fan, taʼlim va savdo markazlaridan biri sifatidagi koʻp asrlik tarixi haqida soʻzlab berildi.

Taʼkidlash joizki, Buxoro butun mintaqa uchun muhim maʼnaviy-maʼrifiy makon ham edi. Bu yerda oʻz vaqtida qozoq ziyolilari va maʼrifatparvarlarining koʻplab taniqli namoyandalari tahsil olgan, bu esa xalqlarimiz umumiy tarixiy-madaniy merosining alohida sahifasini tashkil etadi. Xususan, qozoq adabiyoti, maʼnaviyati va ijtimoiy tafakkuri rivojiga sezilarli hissa qoʻshgan Mashhur Jusup Koʻpeyev, Nurjon Naushabayev, Shortanbay Qanay oʻgʻli, Sultonmahmut Toʻraygʻirov va boshqalarning nomlari Buxoro madrasalari bilan bogʻliq.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari sunʼiy intellekt boʻyicha xakatonga tashrif buyurdilar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Buxoro shahrining universal sport majmuasida oʻtkazilayotgan “National AI Hackathon” – sunʼiy intellekt boʻyicha umummilliy xakatonga tashrif buyurdilar.

Ushbu tadbir davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt ekotizimini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan izchil siyosat doirasida tashkil etildi.

Yetakchilarga raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish borasidagi ishlar natijalari taqdimot qilindi. Xususan, “Raqamli hukumat” tizimi, transport, bojxona, soliq, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya, energetika, geologiya, qurilish va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi yechimlarni oʻz ichiga olgan raqamli transformatsiya jarayonlari haqida axborot berildi.

Mazkur sohalarni raqamlashtirish davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va aholining hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Shuningdek, Oʻzbekiston va Qozogʻiston startaplarini qoʻllab-quvvatlash va ilgari surish ekotizimi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Davlat rahbarlari “KPI-COM”, “OSON”, “DATOX” va boshqa istiqbolli startap loyihalari faoliyati bilan tanishdilar hamda ularning tashabbuskorlari bilan muloqot qildilar.

Milliy va xorijiy akseleratorlar, jumladan, “UZUM”, “TBC Bank”, “Aloqabank”, “HUMO”, “UZCARD” faoliyati toʻgʻrisida maʼlumotlar tinglandi.

Venchur infratuzilmasini yanada rivojlantirish va yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash muhimligi taʼkidlandi.

Bank sohasining yutuqlari, xususan, raqamli bank xizmatlari va zamonaviy toʻlov yechimlarining rivojiga alohida eʼtibor qaratildi.

Davlat rahbarlariga xakaton oʻtkazish konsepsiyasi va ishtirokchilarning turli sohalardagi dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan loyihalari taqdim etildi.

Ochiq muloqot davomida yoshlarda mazkur sohaga qiziqishi yuqoriligi, yigit-qizlarning ijodiy salohiyati va sunʼiy intellekt texnologiyalarini amaliy qoʻllashga boʻlgan ishtiyoqi yuqori baholandi.

Tashrif yakunida Prezidentlar xakaton ishtirokchilari va startap hamjamiyati vakillari bilan esdalik uchun suratga tushdilar.

Posted on Leave a comment

Oliy martabali mehmonga hududlarni rivojlantirish va boshqarishning zamonaviy yondashuvlari taqdimot qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Buxoro viloyati hokimligi situatsion markazi faoliyati bilan tanishdilar.

Mamlakatimizda joylardagi ijro etuvchi hokimiyat organlari ishini ularni yagona manzilda jamlagan holda tashkil etishga qaratilgan mahalliy davlat boshqaruvining yangi modeli izchil joriy etilmoqda. Bunday yondashuv idoralar faoliyatining oʻzaro muvofiqlashuvini oshirish, qarorlar qabul qilishni tezlashtirish va aholini oʻylantirayotgan muammolarni yanada samaraliroq hal qilishga xizmat qiladi.

Viloyat boshqaruvining intellektual oʻzagiga aylangan zamonaviy situatsion markaz Buxoroning yangi maʼmuriy markazida tashkil etildi. Bu yerda dastlabki bosqichda viloyat va shahar hokimliklari, viloyat prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi hamda boshqa tuzilmalar joylashgan.

Markazda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan tortib, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, kommunal va transport infratuzilmasi, jamoat xavfsizligi holati, fuqarolar murojaatlari bilan ishlashgacha, umuman, viloyat hayotining barcha jabhalari boʻyicha maʼlumotlar real vaqt rejimida shakllanadi, qayta ishlanadi va tizimli ravishda tahlil qilinadi.

Oliy martabali mehmonga markazning hududlar kesimida vaziyatni kompleks monitoring qilish, muammoli nuqtalarni barvaqt aniqlash, joylardagi ish samaradorligini xolis baholash va belgilangan vazifalarning bajarilishini qatʼiy nazorat qilish boʻyicha imkoniyatlari aniq misollar asosida koʻrsatib berildi.

Shundan soʻng yetakchilar hokimlik xodimlari uchun yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdilar. Yangi bino zamonaviy ish joylari, majlislar zallari, raqamli infratuzilma bilan jihozlanib, davlat idoralarining samarali va uygʻun boʻlib ishlashi uchun barcha zarur qulayliklar taʼminlangan.

Tashrif davomida Qozog‘iston Prezidentiga noyob arxiv materiallarining nusxalari ham ko‘rsatildi. Bu O‘zbekistonda aniqlangan, Turkistondagi Xoja Ahmad Yassaviy va Mirzo Ulug‘bekning qizi Robiya Sultonbegim maqbaralariga aloqador 1920–1950-yillarga oid qimmatli hujjatlar, chizmalar va fotomateriallardir.

Qardosh qozoq xalqiga va ikki mamlakatning umumiy tarixiga hurmat belgisi sifatida ushbu arxiv hujjatlarining nusxalari Qozog‘iston tomoniga hadya qilindi.

Hozirgi kunga qadar aksariyati ilmiy muomalaga kiritilmagan bu materiallar katta tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Noyob me’morchilik yodgorliklari bo‘lgan Ahmad Yassaviy va Robiya Sultonbegim maqbaralari Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy tarixiy-madaniy merosida alohida o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada rivojlantirish muhimligini taʼkidladilar

Buxoro shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston – Qozogʻiston doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Muzokaralar avvalida davlatimiz rahbari Qozogʻiston Prezidentini yangi Konstitutsiya boʻyicha referendum muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan tabrikladi.

Hududlarda muntazam ravishda norasmiy uchrashuvlar oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylanib, ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni ochiq va konstruktiv muhokama qilishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Oʻtgan yil noyabr oyida Qozogʻiston Prezidentining Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Barcha darajalardagi aloqalar, jumladan, hukumatlararo va parlamentlararo hamkorlik faollashdi.

Tovar ayirboshlash barqaror oʻsib, oʻtgan yili 5 milliard dollarga yetdi. Avtomobilsozlik, infratuzilmani rivojlantirish, logistika, elektrotexnika, qurilish materiallari va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Kimyo, geologiya, energetika, avtomobillar uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqarish va boshqa sohalardagi bir qator yangi tashabbuslar koʻrib chiqildi.

Transport va logistika sohasida oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Chegaraoldi infratuzilmani modernizatsiya qilish, toʻsiqlarni bartaraf etish va tashqi bozorlarga chiqishni taʼminlaydigan samarali transport yoʻlaklarini yaratish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, tomonlar “Qambarota” gidroelektr stansiyasi qurilishi kabi yirik mintaqaviy loyihalarni jadallashtirish va “yashil” energiya eksporti boʻyicha tashabbuslarni ilgari surish masalalarini ham muhokama qildilar.

Suv resurslaridan oqilona foydalanish va mintaqaviy ekologik tashabbuslarni ilgari surish, shu jumladan chegaradosh hududlarda “Toza havo” loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ishlash muhimligi qayd etildi.

Yetakchilar innovatsion va yuqori texnologik sohalarda, jumladan, kosmik texnologiyalar, raqamlashtirish, elektron tijorat va startaplarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi hamkorlikni rivojlantirishga intilish qatʼiyligini bildirdilar.

Madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish, jumladan, madaniyat kunlari, yoshlar forumlarini oʻtkazish, kreativ iqtisodiyot va turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olindi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.

Uchrashuv davomida bosh vazirlar o‘rinbosarlarining savdo-iqtisodiy kun tartibining dolzarb jihatlari, jumladan, yaqin istiqbolda o‘zaro savdoni 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar bo‘yicha hisobotlari eshitildi.

Muzokara yakunida hukumatlarga erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish topshirildi.