Posted on Leave a comment

Tabiatni muhofaza qilish sohasidagi chora-tadbirlar koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni tabiatni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni taʼminlash, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish va ekologik madaniyatni yuksaltirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, sanoat, qurilish, transport va kommunal sohalardagi jadal rivojlanish tabiatga taʼsir etuvchi omillarni qatʼiy nazorat qilishni, ekologik talablarga rioya etishni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Taqdimotda ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar holati tahlil qilindi. Qayd etilganidek, 2024-yilda 47 mingdan ziyod maʼmuriy huquqbuzarlik aniqlangan boʻlsa, 2025-yilda ular soni 59 mingdan oshgan. Amaldagi tartibda jarimalar miqdori yetkazilgan ekologik zararga mutanosib emasligi sababli baʼzi korxonalar uchun huquqbuzarlikni bartaraf etishdan koʻra, jarima toʻlab, faoliyatni davom ettirish qulayroq boʻlib qolmoqda.

Shu bois, yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qayta koʻrib chiqish, ularni tabiatga yetkazilgan zarar miqdoriga bogʻlash va xalqaro amaliyotga yaqinlashtirish taklif etildi. Jumladan, daryo oʻzanlaridan noruda materiallarni noqonuniy qazib olish, suv resurslarini ifloslantirish, daraxt va butalarni gʻayriqonuniy kesish, atmosfera havosiga belgilangan meʼyordan ortiq tashlamalar chiqarish, qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga koʻtarilishiga yoʻl qoʻyish, chiqindilarni belgilanmagan joylarda yoqish kabi holatlar uchun taʼsirchan moliyaviy choralar joriy etish koʻzda tutilgan.

Bu jarayonda maʼmuriy jarima va tabiatga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya toʻlovini yagona moliyaviy sanksiyaga birlashtirib, korxona aybini tan olgan holatlarda uni Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan qoʻllash, nizoli holatlarda esa masalani sud tartibida koʻrib chiqish va hal etish tartibini joriy qilish taklif qilindi.

Taqdimotda Ugom daryosining tabiiy muvozanatini tiklash va uning noyob tabiiy merosini saqlash boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Ugom daryosi va uning havzasi Ugom-Chotqol milliy tabiat bogʻi tarkibidagi muhim ekologik hududlardan biri hisoblanadi. Bu yerda oʻnlab noyob oʻsimlik va hayvonot turlari, shu jumladan, Qizil kitobga kiritilgan turlar mavjud. Daryo Chirchiq havzasining suv taʼminotida ham muhim oʻrin tutadi.

Tahlillarga koʻra, keyingi yillarda Ugom daryosida suv sarfi kamayib, suv sifatiga taʼsir etuvchi omillar koʻpaygan. Bu holat qirgʻoqlarning yemirilishi, fauna va oʻsimlik dunyosiga salbiy taʼsir koʻrsatishi, bioxilma-xillik qisqarishi xavfini oshirmoqda.

Shu bois, Ugom daryosi va unga tutash hududlarni davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb eʼlon qilish, sohilboʻyi va suvni muhofaza qilish zonalarida tabiiy gidrologik tizimga taʼsir koʻrsatuvchi qurilish va yer ishlarini cheklash taklif etildi. Shuningdek, suv muhofaza zonalaridagi obyektlarni xatlovdan oʻtkazish, ularning suv sifati va biofaunaga taʼsirini baholash vazifalari belgilandi. Ekologik talablarga javob bermaydigan faoliyatlarni toʻxtatish yoki boshqa joyga koʻchirish masalasi koʻrib chiqiladi.

Qolaversa, daryoning gidrologik va ekologik holatini barqaror rivojlantirish boʻyicha “Ugom daryosi ekotizimini yaxshilash” master rejasini ishlab chiqish, sohilboʻyi va muhofaza zonalarida yer degradatsiyasining oldini olish uchun daraxt va butalar ekish koʻzda tutilgan.

Chiqindilarni boshqarish sohasidagi ishlar ham atroflicha tahlil qilindi. 2025-yilda sanitar tozalash xizmati qamrovi mahallalar kesimida 88 foizga yetdi, sohaga maxsus texnikalar, motorollerlar va konteynerlar yetkazib berildi, 132 ta poligon atrofi koʻkalamzorlashtirildi, 47 ta poligon faoliyati toʻxtatildi.

Joriy yilda sanitar tozalash korxonalariga qoʻshimcha maxsus texnika va konteynerlar yetkazib berib, qamrovni 90 foizga yetkazish, 18 ta poligonni rekultivatsiya qilish, 2030-yilga borib, poligonlar sonini 50 foizga qisqartirish rejalashtirilgan.

Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarini qurish orqali logistika xarajatlarini kamaytirish, saralash va qayta ishlash hajmini oshirish, poligonlarga tushadigan yuklamani qisqartirish muhimligi taʼkidlandi. 2026-yilda 28 ta, 2030-yilgacha esa 70 ta qayta yuklash stansiyasini qurish koʻzda tutilgan.

Maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha yirik investitsiya loyihalarining borishi toʻgʻrisida ham axborot berildi. Umumiy qiymati 933 million dollar boʻlgan 6 ta zavodni qurish ishlari Andijon, Namangan, Fargʻona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida amalga oshirilmoqda. Bu zavodlar ishga tushgach, yiliga 3,6 million tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanib, 1,6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Keyingi bosqichda 633 million dollarlik yana 5 ta zavod qurish bilan bogʻliq ishlarni boshlashga koʻrsatma berildi.

Xavfli chiqindilarni boshqarish boʻyicha MDH hududida ilk integratsiyalashgan platforma yaratish taklif qilindi. Navoiy viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilgan mazkur investitsiya loyihasi doirasida xavfli chiqindilarni laboratoriyada tavsiflash, maxsus poligon tashkil etish, chiqindilardan RDF yoqilgʻi ishlab chiqarish, fizik-kimyoviy va termik qayta ishlash tizimini yoʻlga qoʻyish nazarda tutilgan.

Loyiha qiymati 260 million dollar boʻlib, yiliga 330 ming tonna xavfli chiqindini qayta ishlash quvvati yaratiladi. Uning amalga oshirilishi ekologik barqarorlikni taʼminlash, yangi standartlar va ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, mahalliy kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.

Qayd etilganidek, 2017-yilda qurilish chiqindilari hajmi 1,2 million tonnani tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilda 1,9 million tonnaga yetgan.

Shu munosabat bilan qurilish chiqindilarini “hosil boʻlishdan utilizatsiyagacha” bo‘lgan jarayonini toʻliq nazorat qiladigan raqamli platforma yaratish, chiqindilar harakatini GPS orqali real vaqt rejimida kuzatish, poligonlarda saralash va qayta ishlash komplekslarini tashkil etish taklif etildi.

Shuningdek, qurilish obyektlarini qabul qilishda chiqindilarni utilizatsiya qilish boʻyicha shartnoma shartlari bajarilganini majburiy talab sifatida belgilash, noqonuniy tashlash holatlarini foto va video qayd etish orqali aniqlash hamda javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.

Taqdimotda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish, noyob oʻsimlik va hayvonot dunyosini saqlash boʻyicha loyihalar ham koʻrib chiqildi. Xususan, “Fargʻona” milliy tabiat bogʻi tarkibidagi “Yozyovon” tabiat yodgorligi hududini muhofaza qilish, dendrologik bogʻ tashkil etish, kuzatuv minoralari, maxsus dronlar va raqamli monitoring tizimlari orqali nazoratni kuchaytirish rejalashtirilgan.

Ushbu hududda tashrif markazi tashkil etish, piyoda sayr marshrutlari, qushlarni kuzatish maydonlari, foto va panorama nuqtalari, ilmiy-maʼrifiy ekskursiyalar yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, “Ovjazsoy – Moviy togʻlar” milliy tabiat bogʻi hududida ham ekologik turizmni rivojlantirishga qaratilgan obyektlar barpo etish takliflari koʻrib chiqildi. Bunda tabiiy manzaralar va togʻ ekotizimlarini asrab-avaylagan holda sayyohlar uchun qulay infratuzilma yaratishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Taqdimotda joriy yilda Samarqand shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan “ECO EXPO Central Asia 2026” xalqaro koʻrgazmasi va Global ekologik jamgʻarmaning 8-Assambleyasiga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi.

Global ekologik jamgʻarma 186 ta ishtirokchi davlatni birlashtirgan yirik xalqaro moliya instituti boʻlib, Oʻzbekiston unga 1995-yilda qoʻshilgan. Assambleyaning Samarqandda oʻtkazilishi Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor tashkil etilayotgan yirik ekologik anjuman boʻladi. Tadbirda 186 davlatdan 2,5 ming nafar ishtirokchi, 40 ta donor davlat, 50 dan ziyod nufuzli tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari va xalqaro ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.

“ECO EXPO Central Asia 2026” koʻrgazmasi esa mahalliy sanoat, hokimliklar, xalqaro moliya institutlari, innovatsion “yashil” texnologiyalar provayderlari va investorlar oʻrtasida hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni maʼqullab, tabiatni muhofaza qilish sohasida nazorat va javobgarlikni kuchaytirish, chiqindilarni boshqarishda zamonaviy tizimlarni joriy etish, suv resurslari va bioxilma-xillikni asrash, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni ilmiy asosda rivojlantirish boʻyicha aniq topshiriqlar berdi.

Posted on Leave a comment

Oʻzbekiston Prezidenti va Chexiya Bosh vaziri birgalikda daraxt ekdilar

Oʻzbekiston – Chexiya oliy darajadagi muzokaralarining yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish Faxriy mehmonlar xiyobonida birgalikda daraxt ekdilar.

Marosim ikki mamlakat xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro anglashuv mustahkamlanib borayotgani, Oʻzbekiston – Chexiya koʻp qirrali munosabatlarini rivojlantirishda yangi bosqich boshlanganining ramzi boʻldi.

Posted on Leave a comment

Chexiya Bosh vazirini kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi

30-aprel kuni Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babishni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qarorgoh oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, uni shohsupaga taklif qildi.

Harbiy orkestr ijrosida O‘zbekiston va Chexiya davlat madhiyalari yangradi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.

Marosim yakunida birgalikda suratga tushilgandan so‘ng oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.

Posted on Leave a comment

Gidroenergetika sohasida olib borilayotgan ishlar va istiqbolli rejalar koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Oʻzbekistonda 150 ming kilometrdan ortiq daryolar, soylar va kanallar mavjud. Bu manbalar nafaqat ichimlik suvi va sugʻorish, balki energetika, iqtisodiyot hamda ekologiya nuqtayi nazaridan ham strategik ahamiyatga ega.

Bugungi kunda elektr energiyasi ishlab chiqarishning katta qismi tabiiy gaz va koʻmirga bogʻliq. Gidroenergiya ulushi esa 10-12 foiz atrofida. Shu bois, gidroenergetikani rivojlantirish energiya tizimini barqarorlashtirish, yoqilgʻi resurslariga bogʻliqlikni kamaytirish va suv resurslaridan samarali foydalanishda muhim oʻrin tutadi.

Soʻnggi yillarda sohada salmoqli natijalarga erishildi. 2017-yilda 36 ta boʻlgan gidroelektr stansiyalar soni 2025-yilda 100 taga yetkazildi. Ularning umumiy quvvati 1,6 gigavattdan 2,4 gigavattgacha oshdi.

Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan gidroagregat va texnologik uskunalar ishlab chiqaruvchi “UzHydroPower” zavodi tashkil etildi. Oʻtgan yili ishga tushirilgan Norin GESlar kaskadining birinchi bosqichi ilk marotaba “milliy loyiha” modeliga asosan amalga oshirilib, barcha jarayonlar toʻliq mahalliy korxonalar tomonidan bajarildi.

Shu bilan birga, mamlakatimiz gidroenergetika salohiyatining katta qismi hali ishga solinmagani qayd etildi. Aholi va iqtisodiyot oʻsishi bilan elektr energiyasiga talab oshib borayotganini hisobga olib, bu salohiyatdan toʻliq, har bir daryo, soy va kanallarda foydalanish hamda yangi quvvatlarni jadal ishga tushirish zarurligi taʼkidlandi.

Taqdimotda 2026-2032-yillarda umumiy qiymati 5,8 milliard dollar boʻlgan 73 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalari koʻrib chiqildi. Buning natijasida qoʻshimcha 3,6 gigavatt quvvat yaratilishi kutilmoqda.

Joriy yilda 13 ta GESni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Ularning umumiy quvvati 114 megavatt, yillik ishlab chiqarish hajmi esa 537 million kilovatt-soatni tashkil etadi. Mazkur loyihalar doirasida 254 ta ish oʻrni yaratiladi. Bunga qoʻshimcha Boʻstonliq tumanida 28 million dollarlik grantlar hisobidan 20 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilmoqda.

Yirik loyihalar qatorida Boʻstonliq tumanidagi Yuqori Pskom GES qurilishi alohida ahamiyatga ega. Qiymati 365 million dollar boʻlgan mazkur loyihaning quvvati 160 megavatt, yillik ishlab chiqarish hajmi 484 million kilovatt-soat boʻladi. Bu 161 ming xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlash imkonini beradi. Loyihada mahalliy komponentlar ulushi 82 foizni tashkil etadi.

Fargʻona viloyati Soʻx tumanida “milliy loyiha” tamoyili asosida Soʻx GES qurilishi rejalashtirilgan. Quvvati 15 megavatt boʻladigan ushbu stansiya yiliga 50 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, tumandagi elektr ehtiyojining 71 foizini barqaror taʼminlashga xizmat qiladi.

Yuqori Toʻpalang hududining gidroenergetika salohiyati ham koʻrib chiqildi. “Toʻpalang” suv omboriga quyiladigan daryo va soylarda 42 ta kichik GES qurish orqali 541 megavatt quvvat yaratish, yiliga qariyb 1,9 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.

Dunyo amaliyotida gidro toʻplash elektr stansiyalarini qurish orqali energiyani saqlash va qayta taqsimlash tizimlari keng joriy etilayotgani ta’kidlandi. Mamlakatimizda ham ilk bor umumiy quvvati 1,4 gigavatt boʻlgan 3 ta shunday stansiyani barpo etish imkoniyatlari koʻrib chiqilmoqda.

Shuningdek, umumiy quvvati 164 megavatt boʻlgan 2983 ta kichik va mikro GES qurish rejalari muhokama qilindi.

Raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish ham soha samaradorligini oshirishning muhim yoʻnalishi sifatida belgilandi. Suv omborlari va gidroinshootlarda suv sathi, suv hajmi, bosim, meteomaʼlumotlar va ishlab chiqarish jarayonlarini onlayn kuzatish imkonini beruvchi raqamli monitoring tizimlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Hozirda suv omborlarining xavfsizligini taʼminlash uchun 3,5 mingta nazorat-oʻlchov apparatlari oʻrnatilgan.

Davlatimiz rahbari gidroenergetika sohasidagi loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish boʻyicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Taqdimotda poytaxt hududidagi daryo va kanallar boʻylarini obodonlashtirish, shaharda salqin mikroiqlim yaratish maqsadida sunʼiy koʻl va havzalar barpo etish boʻyicha ishlar toʻgʻrisida ham axborot berildi.

Jumladan, Chirchiq daryosining poytaxt hududidan oʻtuvchi 16 kilometr qismini obodonlashtirish hisobiga 306 gektar yer maydonida “Daryo boʻyi” loyihasini amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Loyiha doirasida daryo qirgʻoqlarini mustahkamlash, yashil hududlar barpo etish, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini joylashtirish ishlari amalga oshiriladi. Bektemir kanali boʻyida 187,3 gektar maydonda “yashil belbogʻ” yaratiladi, sayilgohlar barpo etiladi. Piyodalar va veloyoʻlaklar, ichki yoʻllar, yoritish tizimlari hamda koʻpriklar quriladi.

Poytaxtda 4 ta sunʼiy koʻl va suv havzalarini tashkil etish loyihasi ham taqdimot qilindi. Prezidentimiz aholi uchun qulay sharoitlar, shaharda salqin mikroiqlim yaratishga bu kamlik qilishini qayd etib, koʻllar sonini 12 taga yetkazishni topshirdi.

Posted on Leave a comment

Chexiya Bosh vaziri rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi

Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish 29-30-aprel kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi, ko‘p qirrali O‘zbekiston-Chexiya hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqiladi.

O‘zaro savdoni ko‘paytirish, mashinasozlik, «yashil» energetika, kimyo, farmatsevtika va transport sohalarida kooperatsiyani kengaytirish diqqat markazida bo‘ladi. Madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilinadi.

Xalqaro kun tartibidagi masalalar, shu jumladan ko‘p tomonlama maydonlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ham fikr almashiladi.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Tashrif doirasida Bosh vazir Andrey Babish O‘zbekiston-Chexiya biznes forumida ham ishtirok etadi.

Posted on Leave a comment

Farg‘ona xalqaro aeroporti imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida Farg‘ona xalqaro aeroportini rivojlantirish konsepsiyasi taqdimoti bilan tanishdi.

Bugungi kunda Farg‘ona aeroportidagi terminal o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritib kelmoqda. Uning o‘tkazuvchanlik quvvati, yo‘lovchilarga qulaylik darajasi, shuningdek aviatsiya va noaviatsiya xizmatlarini rivojlantirish imkoniyatlari zamonaviy talablarga to‘liq javob bermay qolgan.

Shu bois parvozlar geografiyasini kengaytirish, hududning o‘sib borayotgan iqtisodiy faolligi va sayyohlar oqimiga mos ravishda xizmat ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida aeroport infratuzilmasini kompleks rivojlantirish rejalashtirilgan.

Taqdimotda uchish-qo‘nish yo‘lagini uzaytirish va kengaytirish, aerodrom infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yangi yo‘lovchi va yuk terminallarini barpo etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Maydoni 20 ming kvadrat metr bo‘lishi kutilayotgan yangi yo‘lovchi terminali hozirgi imkoniyatlarga nisbatan ikki barobar ko‘p — 1,2 ming nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, qo‘shimcha samolyot turargohlari barpo etilib, havo kemalarini saqlash imkoniyati 10 tagacha yetkaziladi.

Yangi terminalda keng kutish zallari, zamonaviy servis nuqtalari, qulay ro‘yxatdan o‘tish va nazorat tizimlari, shuningdek, yuqori martabali mehmonlar uchun alohida xizmat ko‘rsatish sharoitlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari aeroport har qanday hududning “darvozasi” ekanini ta’kidlab, bu yerda zamonaviy servisni yo‘lga qo‘yish, transport va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq yondosh tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Loyihalash, qurilish va yangi terminalni keyinchalik boshqarishni xalqaro standartlar asosida, tegishli tajribaga ega xorijiy operatorlarni jalb qilgan holda amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, ushbu loyihaning amalga oshirilishi Farg‘ona vodiysida transport bog‘liqligini kuchaytirish, sayyohlar oqimini oshirish va hududning logistik markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shu bilan Prezidentimizning Farg‘ona viloyatiga tashrifi yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.

Posted on Leave a comment

Prezidentimiz “Neftchi” bolalar futbol akademiyasiga tashrif buyurdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyati futbol assotsiatsiyasiga qarashli futbol markazi va “Neftchi” bolalar futbol akademiyasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Fargʻona viloyati oʻzining boy futbol anʼanalari va isteʼdodli charm toʻp ustalari bilan mashhur.

Jumladan, 1962-yilda tashkil etilgan “Neftchi” futbol klubi Oʻzbekiston Superligasining 6 karra chempioni, mamlakat kubogining 2 karra va superkubokning 1 karra sohibi hisoblanadi. Shuningdek, klub 1994-yilda MDH kubogi finalchisi boʻlgan, 1994-1995-yillarda esa Osiyo chempionlar ligasida bronza medallarini qoʻlga kiritgan.

Bugun ham hududda iqtidorli yosh futbolchilarni saralab olish va tayyorlash, malakali murabbiylar zaxirasini shakllantirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, professional futbol klublari akademiyalarini rivojlantirishga qaratilgan choralar natijasida 2025-yilda “Neftchi” bolalar futbol akademiyasi tashkil etildi.

4,5 gektardan ortiq maydonni egallagan akademiya 150 nafardan ziyod oʻquvchi-yoshlar uchun moʻljallangan. Bu yerda 6 ta katta va kichik futbol maydoni, zamonaviy tibbiy va reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlangan fizioterapiya boʻlimi faoliyat yuritadi.

Akademiyada 1,1 million dollarlik sunʼiy qoplamali, havo gumbaz bilan yopilgan yopiq futbol maneji barpo etilgan.

Viloyatda futbol muhitini jahon standartlari darajasiga olib chiqish, iqtidorli yoshlarni saralash maqsadida UEFA instruktorlari va boshqa xalqaro mutaxassislar jalb qilingan.

Prezidentimiz akademiyada futbolchilar uchun yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Yoshlar bilan muloqot qilib, ularning mashgʻulotlarini kuzatdi.

Posted on Leave a comment

Davlatimiz rahbari Fargʻonadagi IT-park bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona shahridagi IT-park majmuasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Mazkur majmua davlatimiz rahbarining 2024-yil avgust oyidagi tashrifi davomida berilgan topshiriqlari asosida barpo etilgan. 150 milliard soʻm budjet mablagʻlari hisobiga qurilgan obyekt bir vaqtning oʻzida 200 nafargacha foydalanuvchini qamrab oladi. Yiliga 3 mingdan ortiq yoshlarni oʻqitish, ularni amaliy loyihalarga jalb etish va AT xizmatlari koʻrsatish imkoniyati yaratilgan.

Markazda frilanserlar va dasturchilar uchun zamonaviy kovorking muhiti, rezident kompaniyalar uchun toʻliq jihozlangan ofislar tashkil etilgan. Bu yerda taʼlim, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish jarayonlari oʻzaro bogʻlangan holda yoʻlga qoʻyilgan. Yaratilgan infratuzilma yoshlarning oʻzini oʻzi band qilish imkoniyatlarini kengaytirib, barqaror daromad topishiga xizmat qiladi.

Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda Fargʻona viloyatida AT xizmatlari hajmi 4 barobarga oʻsib, eksport 23 million dollardan oshgan. Hozirgi kunda viloyatda “IT-Park” rezidentlari soni 139 taga yetgan. 2025-yilda 22,7 million dollarlik axborot texnologiyalari xizmatlari eksport qilingan.

Yangi park doirasida rezidentlar sonini 200 nafarga yetkazish, 700 ta yangi ish oʻrni yaratish, xizmatlar hajmini oshirish hamda 30 million dollarlik eksportga erishish maqsad qilingan.

Kelgusida mazkur majmuada sunʼiy intellekt texnologiyalari xabini tashkil etish, boshqaruv tizimlarini raqamlashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan. Shuningdek, sunʼiy intellekt, dasturlash, grafik dizayn, kompyuter savodxonligi va ingliz tili boʻyicha zamonaviy oʻquv kurslari yoʻlga qoʻyiladi. Startaplar uchun venchur moliyalashtirish, grantlar va akseleratsiya dasturlari joriy etiladi.

Prezidentimiz park rezidentlari va axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan muloqot qildi. Ular tomonidan ilgari surilgan tashabbus va gʻoyalar qoʻllab-quvvatlandi.

Posted on Leave a comment

Fargʻona viloyatini rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-aprel kuni Fargʻona shahrida Fargʻona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbari avvalo keyingi yillarda hudud iqtisodiyotida roʻy bergan oʻzgarishlarga toʻxtalib oʻtdi.

Soʻnggi yillarda viloyatda 8 milliard 200 million dollar investitsiya hisobiga 8 mingta zamonaviy quvvat ishga tushirildi. Tadbirkorlik uchun 100 trillion soʻm resurs yoʻnaltirildi, tijorat maydonlari 10 million kvadrat metrga koʻpaydi. 13,5 ming kichik va oʻrta korxona tashkil etilib, ularning soni qariyb 2 karra oshdi.

Natijada yalpi hududiy mahsulot 1,7 barobarga, sanoat 1,5 barobarga, xizmatlar 3 barobarga oʻsdi. Asosiysi, soʻnggi toʻrt yilda ishsizlik 9,2 foizdan 4,6 foizga, kambagʻallik darajasi esa 11,6 foizdan 5,2 foizga tushdi.

Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash boʻyicha ham katta ishlar amalga oshirilmoqda. Margʻilondagi Ipakchi va Qirguli mahallalarida 241 ta eski hovli oʻrnida 2,5 ming xonadonli koʻp qavatli uylar barpo etildi. Navroʻz mahallasida qurilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massiviga bu yil yana 6,5 ming oila koʻchib kiradi. Bunday ishlar Yozyovon, Quva tumanlari, Qoʻqon va Fargʻona shaharlarida ham davom etmoqda.

Soʻnggi oʻn yilda viloyatda 74 ming oʻrinli maktab, 145 ming oʻrinli bogʻcha va 3 ming koykali shifoxonalar ishga tushirildi. 167 ta xususiy maktab tashkil etilib, ularda 40 mingdan ortiq oʻquvchi taʼlim olmoqda. Taʼlim sifati oshgani natijasida yoshlarning oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichi boʻyicha Fargʻona respublikada 3-oʻringa koʻtarildi.

Qishloq xoʻjaligida 15 ming gektar sanoatlashgan bogʻ va tokzor yaratildi, yana 6 ming gektari yangilandi. Meva-sabzavot eksporti 3 karra koʻpayib, 400 million dollarga yetdi. Fargʻona, Soʻx, Quva tumanlari, Margʻilon va Qoʻqon shahrida turizm jadal rivojlanmoqda. Oʻtgan yili xorijiy turistlar soni ilk bor 500 mingdan, mahalliy sayyohlar 3 milliondan oshdi, turizm eksporti esa 185 million dollarga yetdi.

– Fargʻona ahli bizdan yanada katta natija kutyapti, – dedi Prezident.

Shu bois, joriy yil viloyatda iqtisodiyotni 9,1 foizga, sanoatni 9 foizga oʻstirish, 4,5 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish, eksportni 2 karra koʻpaytirib, 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda Fargʻona davlat idoralari, sanoat, servis va qishloq xoʻjaligida zamonaviy texnologiyalar, raqamli yechimlar va sunʼiy intellektni keng joriy etish boʻyicha namuna boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

“Besh million sunʼiy intellekt yetakchisi” dasturi boʻyicha sertifikat olgan yoshlarning eng koʻpi Fargʻona viloyatiga toʻgʻri keladi. Viloyat va tumanlar rahbarlariga iqtidorli yoshlarni jalb etgan holda davlat idoralaridagi xizmatlar va jarayonlarni raqamlashtirish, aholi va tadbirkorlar uchun qulayliklarni oshirish topshirildi.

Mahallalarning ustunliklarini sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilib, ish oʻrni, qoʻshilgan qiymat va aholi daromadini koʻpaytiradigan loyihalar ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.

Masalan, Yozyovon tumani imkoniyatlari sunʼiy intellekt yordamida oʻrganilganda tuman iqtisodiyotida asosiy eʼtiborni logistikaga qaratish zarurligi aniqlangan. A-373 magistral yoʻlining Yozyovondan oʻtgan 35 kilometr qismi orqali kuniga 30 ming transport vositasi harakatlanadi. Shu bois, tumanda logistika markazlari, yirik omborlar, yoʻl boʻyi servis obyektlarini koʻpaytirish orqali iqtisodiy aylanmani yana 1 trillion soʻmga oshirish vazifasi qoʻyildi.

Soʻnggi yillarda Fargʻonada IT xizmatlari 4 karra oʻsib, eksport 23 million dollardan oshdi. Yangi oʻquv yilidan Quva tajribasi asosida yana 16 ta tumanda texnikumlar negizida dasturlash, robototexnika, grafik dizayn va xorijiy tillar boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Fargʻona shahrida IT-Park universiteti, Margʻilonda INHA universitetining filialini ochib, sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik va dasturiy muhandislik yoʻnalishlarida yiliga 1 ming nafar talabani oʻqitish belgilandi.

Elektron tijoratni rivojlantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Bu sohada Fargʻona ulushi hali past ekani qayd etilib, viloyatda kamida 100 ming kvadrat metrli omborxona tashkil qilish, shundan 30 ming kvadrat metrini joriy yilda ishga tushirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Sanoat va hunarmandchilikka ixtisoslashgan 126 ta mahalladagi tadbirkorlarni elektron tijorat platformalaridan foydalanishga oʻrgatish vazifasi qoʻyildi.

Qishloq xoʻjaligida mavjud zaxiralarni ishga solish ham muhokama qilindi. Viloyatda 370 ming gektar sugʻoriladigan yer, shundan 55 ming gektar bogʻ va tokzor bor. Qolaversa, 5,5 ming gektar bogʻ va tokzor eskirgan, 6 ming gektar dasht va adir yerlaridan samarali foydalanilmayapti. Bu qoʻshimcha 300 ming tonna meva-sabzavot va iqtisodiyotga 2 trillion soʻmlik qoʻshilgan qiymat yaratish imkoni ekani taʼkidlandi.

“Quva Agrostar” agromajmuasi tajribasi alohida qayd etildi. Bu yerda kooperatsiya asosida tomorqa va dehqon xoʻjaliklariga kichik sexlar qurish, dehqonlarni oʻqitish, in-vitro laboratoriyada yetishtirilgan koʻchatlar bilan taʼminlash va tayyor mahsulot eksportiga koʻmaklashish yoʻlga qoʻyilmoqda. Mana shunday yondashuvlarni barcha tumanlarda joriy qilish, 5,5 ming gektar eskirgan bogʻlarni toʻliq yangilash topshirildi.

Viloyatda 50 ming gektar kam hosilli paxta va gʻalla yerlari hamda samarasi past bogʻlar oʻrnida super intensiv bogʻlar yaratish boʻyicha katta dastur ishlab chiqiladi. Bu yil 611 ming tonna meva, 252 ming tonna uzum, 1,8 million tonna sabzavot, 119 ming tonna sholi yetishtirib, meva-sabzavot eksportini 25 foizga oshirish va 500 million dollarga yetkazish muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari investitsiya masalalariga ham toʻxtaldi. Viloyatda sanoat zonalari uchun ajratilgan 1 ming 77 gektar yerdan samarali foydalanish, har bir gektarda yiliga kamida 50 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish asosiy mezon boʻlishi belgilandi. Sanoat zonalarida 5 milliard dollarlik loyihalarni boshlash topshirildi.

Beshariqdagi Andarxon mahallasida erkin savdo zonasi tashkil etish, Qoʻqondagi mexanika zavodi hududida 70 million dollarlik yirik savdo kompleksini barpo etish takliflari qoʻllab-quvvatlandi.

Turizm sohasida ham katta imkoniyatlar borligi qayd etildi.

– Tarixiy obidalar va betakror tabiatni oʻzida jamlagan Fargʻonada xorijiy turistlar oqimini yana 2-3 karra oshirsa boʻladi, – dedi Prezident.

Buning uchun Qoʻqon va Margʻilonni ziyorat turizmiga, Soʻx, Quva, Beshariq va Fargʻona tumanlarini tibbiy va ekoturizmga ixtisoslashtirish zarurligi taʼkidlandi. Quvadagi “Karkidon” suv ombori atrofida dam oluvchilar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha favqulodda vaziyatlar markazi tashkil etilgani qayd etilib, mamlakatdagi boshqa suv omborlarini ham bosqichma-bosqich aholi va sayyohlar uchun qulay maskanlarga aylantirish vazifasi qoʻyildi.

Margʻilonda “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasining ochilishi milliy qadriyatlar va tariximizni dunyoga namoyon etadigan muhim qadam sifatida baholandi. Fargʻona tumanida “Shohimardon – Yordon” xalqaro kurort zonasi, “Vodil” malina-agroturizm klasteri, “Avval” koʻngilochar turizm majmuasi va “Chimyon” sanatoriy-kurort zonasi kabi loyihalar amalga oshirilmoqda. Kelasi yil yakunigacha 300 million dollarlik 50 ta turizm loyihasini ishga tushirish zarurligi belgilandi.

Qoʻqonda 64 ta madaniy meros obyektini qamrab olgan 3 ta piyoda turizm marshruti ishlab chiqilgan. Shahardagi madaniy meros obyektlarida joylashgan davlat idoralarini boshqa binolarga koʻchirish, tarixiy obyektlarni turizm va madaniyat maskanlariga aylantirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Soʻx tumanida ekoturizm, agro va tibbiy turizmni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Soʻx daryosining Sarikanda, Istiqlol va Rovon mahallalaridan oʻtgan qismida 130 gektar maydonda yirik turizm kompleksini barpo etish, xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda tumanni rivojlantirish boʻyicha master-reja ishlab chiqish topshirildi. Umuman, tumanga yangicha qiyofa olib kirish boʻyicha uch yillik dastur qabul qilinishi eʼlon qilindi.

Yigʻilishda Fargʻonaning boy madaniy merosini oʻrganish va targʻib qilish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Qoʻqon adabiy muhiti antologiyasi va elektron platformasini yaratish, Adabiyot va ijod maktabini tashkil etish taklif qilindi. Yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni ommalashtirish maqsadida viloyatdagi 100 ta mahallada namunaviy mahalla kutubxonalari tashkil etiladi, buk-kafe ochgan tadbirkorlarga soliq va ijara toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar beriladi. “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasida har ikki yilda Xalqaro kitobxonlik festivalini oʻtkazish, unga dunyoning mashhur yozuvchi va shoirlarini taklif qilish tashabbusi ilgari surildi.

Fargʻona madaniyatining ajralmas qismi boʻlgan askiya sanʼatini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Margʻilonda Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi Respublika askiya va qiziqchilik sanʼati markazi tashkil etilgani qayd etilib, yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash, tuman madaniyat markazlari va musiqa-sanʼat maktablarida askiya va qiziqchilik mahorati yoʻnalishlarini ochish topshirildi.

Yigʻilish davomida viloyat va tumanlar rahbarlarining hisobotlari, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillarining fikrlari tinglandi.

Posted on Leave a comment

Prezidentimiz Farg‘onaning sanoat va investitsiya salohiyati bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrifining ikkinchi kuni Farg‘ona shahridagi Investorlarga xizmat ko‘rsatish markazi faoliyati bilan tanishdi.

Farg‘ona shahrida tashkil etilgan “Farg‘ona ekspo” xalqaro ko‘rgazmalar markazi faoliyati viloyatning iqtisodiy salohiyatini keng namoyish etish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, eksportni rag‘batlantirish va investorlar uchun qulay servis muhitini yaratishga qaratilgan.

Markaz nafaqat ko‘rgazma maydoni, balki tadbirkorlar va investorlar uchun yaxlit muloqot maydonchasi vazifasini o‘tamoqda.Besh gektar maydonni egallagan majmuada 200 dan ortiq ishlab chiqaruvchi korxonalar mahsulotlarini namoyish etish imkoniyati yaratilgan.

Yangi barpo etilgan 8 qavatli binoning dastlabki ikki qavati savdo, investitsiya va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlar uchun ajratilgan. Yuqori qavatlar esa investorlar va biznes vakillari uchun ofis sifatida taqdim etiladi.

Markazda yil davomida 15 ta tarmoq yo‘nalishi bo‘yicha doimiy ko‘rgazma-yarmarka faoliyat yuritadi. Bu yerda davlat idoralari, ishlab chiqaruvchilar, eksportchilar va investorlar bir maydonda uchrashib, amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniga ega bo‘ladi.

Farg‘ona tajribasining samaradorligini inobatga olgan holda, bunday zamonaviy ko‘rgazma zallarini Toshkent shahri, Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida ham barpo etish rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga Farg‘ona shahrida investor va tadbirkorlar uchun joriy etilgan “Yagona milliy loyiha boshqaruvi axborot tizimi” platformalari haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, invest.gov.uz va pmi.miit.uz platformalari mahalliy va xorijiy tadbirkorlarni yagona raqamli maydonda birlashtirib, investitsiya loyihalarini shakllantirish, amalga oshirish va monitoring qilish jarayonlarini ochiq va shaffof tashkil etishga xizmat qilmoqda.

Yagona investitsiya platformasi “yagona darcha” tamoyili asosida ishlaydi. U orqali investor hududlarning salohiyatidan kelib chiqib, tayyor investitsiya loyihalari bilan tanishadi, o‘ziga maqbul yo‘nalishni tanlaydi va shaxsiy kabinet orqali zarur jarayonlarni kuzatib boradi.

Investor loyiha bo‘yicha ishlarni mustaqil yuritishi yoki vakolatli konsultant xizmatidan foydalanishi mumkin. Yuborilgan so‘rovlar Investitsiya vazirligi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan integratsiyalashgan platformada aks etadi. Har bir bosqich bo‘yicha muddatlar avtomatik belgilanadi, ijro mas’ul menejer tomonidan nazorat qilinadi.

Kechikish yoki muammoli holatlar yuzaga kelganda, masala Hukumat komissiyasi muhokamasiga kiritilib, tezkor qaror qabul qilinadi. Bunday raqamli yechimlar tadbirkorlar uchun qulaylik yaratib, investitsiya muhitiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlamoqda.

Farg‘ona viloyatida investorlar va konsalting tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik ham samarali yo‘lga qo‘yilgan. Bu yangi loyihalarni shakllantirish, ularni moliyaviy va tashkiliy jihatdan puxta tayyorlashda muhim o‘rin tutmoqda.

Prezidentga viloyat uchun taklif etilayotgan qator yirik investitsiya loyihalari taqdim qilindi. Jumladan, Xitoy bilan hamkorlikda “Yevrosiyo xalqaro savdo markazi”ni barpo etish, Janubiy Koreya bilan biopellet ishlab chiqarish va issiqlik energiyasi stansiyasini tashkil etish, Turkiya bilan zamonaviy tibbiyot klasterini shakllantirish rejalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Fransiya, Ispaniya, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar bilan hamkorlikda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashga qaratilgan yirik infratuzilmaviy loyiha taqdim etildi.

Viloyatda 5 yulduzli mehmonxona va zamonaviy kongress-xoll qurish, Quvasoy shahrida yangi formatdagi istirohat bog‘ini tashkil etish, elektromobillar uchun akkumulyator ishlab chiqarish kabi istiqbolli tashabbuslar ham ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari markazda Farg‘ona viloyatining sanoat va xizmat ko‘rsatish salohiyatiga oid ko‘rgazmalar bilan tanishdi. Hunarmandchilik, qurilish materiallari, elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik, charm-poyafzal va zargarlik sohalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etildi.

Ikkinchi yirik zalda oziq-ovqat sanoati, ekologik transport, neft-gaz tarmog‘i, mebelsozlik, farmatsevtika va kimyo sanoatiga oid mahsulotlar taqdimoti tashkil etildi. Bu ko‘rgazmalar hududda ishlab chiqarish tarmoqlari keng qamrovda rivojlanayotganini namoyon qildi.

Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbari xorijiy tadbirkorlar bilan muloqot qildi. Investitsiya loyihalarini jadallashtirish, mavjud muammolarni bartaraf etish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, oltinni qayta ishlash fabrikasi faoliyatini kengaytirish, zamonaviy kabel ishlab chiqarish korxonasini barpo etish bilan bog‘liq tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi.

Prezident tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarni tinglab, ularni hal etish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi. Barcha loyihalarni amalga oshirishda tezkorlik, samaradorlik va ochiqlikni ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.