Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Turkiya bilan parlamentlararo aloqalar jadal rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-may kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Turkiya parlamenti raisi davlatimiz rahbariga Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi yuksak bosqichi, barcha darajada faol muloqot va almashinuvlar davom etayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiya ko‘rsatkichlari o‘smoqda, qo‘shma loyihalar va korxonalar, aviaqatnovlar soni ortib bormoqda. Ikki mamlakatda qo‘shma madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston va Turkiya qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasida samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.

Parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, O‘zbekiston-Turkiya hamkorligi kun tartibini shakllantirishda va oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi ustidan nazoratni ta’minlashda do‘stlik guruhlari va tegishli qo‘mitalarning faol ishtiroki muhim ekani ta’kidlandi.

Investitsiya dasturlarini ilgari surish, turizm, ishbilarmonlik va ta’lim almashinuvlarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro tuzilmalar, xususan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi parlamentlararo hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi.


Posted on Leave a comment

Sog‘liqni saqlash sohasidagi takliflar muhokama qilindi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va yangi takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Ta’lim va tibbiyot eng muhim va keng qamrovli ijtimoiy sohalardir. Shu bois islohotlarni jadallashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida bu sohalarda Loyiha ofislari tashkil etildi.

Xususan, davlatimiz rahbarining shu yil 22-yanvardagi qaroriga muvofiq tuzilgan Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi tomonidan birlamchi bo‘g‘in va tez tibbiy yordam tizimini takomillashtirish, davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etish, dori-darmonlar xaridini tartibga solish bo‘yicha qator takliflar ishlab chiqilgan.

Taqdimotda ushbu yo‘nalishlar atroflicha tahlil qilindi.

Mamlakatimizda hayot sifatiga bevosita daxldor bu sohaga katta e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi 7 yilda sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi 5,9 trillion so‘mdan 33,5 trillion so‘mga, ya’ni 6 barobar oshirildi. Shifoxonalar zamonaviy jihozlanib, yangilari barpo etilmoqda. Tibbiyotni xalqqa yaqinlashtirish maqsadida joylarda skrining tekshiruvlari o‘tkazilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, sohada aholi murojaatlarining 30 foizigina birlamchi bo‘g‘inda hal bo‘layapti. Ayrim kasalliklar bo‘yicha davolash uslublari eskirgan. Hamshiralarning ish doirasi keng emas.

Bugungi kunda gipertoniya, yurak ishemik va surunkali o‘pka xastaliklari, bronxial astma, qandli diabet, gepatit kabi eng ko‘p uchraydigan 7 ta kasallik guruhi bo‘yicha davolash standartlari xalqaro talablar asosida yangilandi. Yil yakunigacha yana 300 ta klinik protokollar qayta ko‘rib chiqiladi. Bemorlarga odatiy tekshiruvlarni belgilash, dorisiz davolash kabi vazifalar shifokordan hamshiraga o‘tkaziladi. Poliklinikalarda bemorlar harakati tartibga solinib, shifokorlarga navbat kutish vaqti kamaytiriladi.

Ma’lumki, uch yil avval tajriba tariqasida Sirdaryo viloyatida tibbiy sug‘urta mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu sohadagi ko‘plab kamchiliklarni ko‘rsatib berdi.

Tibbiyot muassasalari yetarlicha raqamlashtirilmagani sababli sug‘urta tizimi to‘liq ishlamayapti. Shifokorlarning ko‘p vaqti hisobot to‘ldirishga ketayapti.

Shu bois Toshkent shahrida sohani raqamlashtirish bo‘yicha namunaviy tizim yaratish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun barcha muassasalar yangi kompyuter va texnika vositalari bilan jihozlanadi. Yil yakunigacha “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” tizimlari ishga tushiriladi.

Shunga asoslanib, 2024-yilda poytaxtimizda davlat tibbiy sug‘urta mexanizmlari joriy etiladi. E’tiborlisi, bu aholi tomonidan to‘lanayotgan umumiy soliqlar hisobidan bo‘ladi va aholidan qo‘shimcha badallar undirilmaydi.

Tibbiy sug‘urta doirasida:

– davlat tomonidan aholiga bepul ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalarining kafolatlangan paketi joriy etiladi;

– bemorlarni o‘zlari biriktirilgan oilaviy shifokorlar orqali tor soha mutaxassislariga yoki shifoxonalarga yo‘llash tizimi tashkil qilinadi. Bunda ushbu tartibga rioya qilingan holdagina bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi;

– aholiga kafolatlangan paket doirasida eng ko‘p uchraydigan kasalliklar bo‘yicha dori vositalari elektron retsept asosida dorixonalar orqali bepul beriladi.

Tez tibbiy yordam tizimi tahlil qilinar ekan, asosiy muammo murojaatlarni kasallikning og‘irligiga qarab saralamaslik bilan bog‘liq ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois tez yordam “koll-markaz”larida bemorlarga shifokor maslahati ham yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Bu yil Toshkent shahrida, kelasi yili boshqa hududlarda paramedik va pediatrik brigadalar tashkil qilinishi aytildi. Tizim xodimlari tibbiy maslahat shifokori, chaqiruvni saralash operatori, feldsher-paramedik yo‘nalishida qayta tayyorlanadi.

Taqdimotda dorilarga haqiqiy ehtiyojni shakllantirish, ularni xarid qilish va joylarga o‘z vaqtida yetkazib berish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. To‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida sotib olinadigan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxatini hamda xarid jarayonini takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari jamiyatda sog‘lom turmush tarzini keng yoyish orqali kasalliklarning oldini olish, odamlarda o‘z salomatligiga mas’uliyat hissini kuchaytirish hamisha muhimligini ta’kidladi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


21-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari oliy darajadagi uchrashuvlar natijasida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi hamda bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

Tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish, yetakchi korxonalarning kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini ilgari surish, shu jumladan hududlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Eronning Toshkentdagi elchixonasiga tashrif buyurdi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni Eron Islom Respublikasining elchixonasiga tashrif buyurib, mamlakat shimolida vertolyot qulashi oqibatida Prezident Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan shaxslar fojiali halok bo‘lgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.

Davlatimiz rahbari diplomatik vakolatxonada ochilgan Hamdardlik kitobiga samimiy ta’ziya va taskin so‘zlarini yozib qoldirdi.

O‘zbekiston yetakchisi elchi Muhammadali Iskandariy bilan qisqa suhbatda Prezident Ibrohim Raisiy yetuk davlat arbobi va siyosatchi bo‘lgani, Eronning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, aholi farovonligini oshirishga hamda mamlakatning xalqaro obro‘sini mustahkamlashga, shuningdek, davlatlarimiz o‘rtasida o‘zaro manfaatli ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga ulkan hissa qo‘shganini alohida ta’kidladi.

Kuni kecha O‘zbekiston Prezidenti Eronning Oliy diniy rahbari oyatulloh Ali Xomaneiyga hamdardlik maktubi yo‘llagan edi.


Posted on Leave a comment

Banklarning investitsiyaviy faoliyati va aholi bandligidagi ishtiroki ko‘rib chiqildi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-may kuni xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda banklarning ishtirokiga oid taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimizdagi qulay investitsiya muhiti natijasida banklarning moliyaviy barqarorligi va faolligi oshib bormoqda. Xususan, sohadagi islohotlar tufayli so‘nggi 5 yilda banklarning kapitali 2 barobarga, kredit portfeli 2,3 barobarga hamda yillik kredit ajratish hajmi 1,8 barobarga ko‘paydi.

To‘rtta bank ilk bor yevrobond chiqarib, chetdan 1 milliard 300 million dollar resurs jalb etdi. O‘tgan yili banklar 3,8 milliard dollarlik, shuningdek, ularning mijozlari hukumat kafolatisiz 6 milliard dollarlik xorijiy kreditlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri olib kelgan.

Zamon talabidan kelib chiqib, bu ishlarni yanada kengaytirish va loyihalarni sifatli amalga oshirish zarur. 

Taqdimotda Milliy bank hamda O‘zsanoatqurilishbankning shu boradagi faoliyati haqida axborot berildi.

Joriy yilda Milliy bank tomonidan 6 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, zargarlik tarmog‘ida 2,1 trillion so‘mlik 526 ta, xizmatlar sohasida 41,8 trillion so‘mlik kreditlar hisobidan 40 mingdan ortiq loyihalarni amalga oshirish va 2,5 million nafar aholi bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

O‘zsanoatqurilishbank bu yil xalqaro moliya bozorlaridan 3 milliard 100 million dollarlik mablag‘ jalb etishni maqsad qilgan. Bank mijozlari bilan umumiy qiymati 4 milliard 800 million dollarlik investitsiya loyihalariga kirishilgan.

Mazkur bank tomonidan qurilish materiallari sohasida 2024-2025-yillarda 529 ta loyiha doirasida 2 milliard 800 million dollarlik xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, bu orqali 25 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Milliy bank 967 ta, Sanoatqurilishbank 727 ta mahallada ishsiz aholi bandligini ta’minlashga ko‘maklashmoqda. Yana bir muhim jihati, banklar quyi bo‘g‘inga tushib ishlayotgani uchun ko‘plab biznes tuzilmalar “soya”dan chiqmoqda.

Taqdimotda mijozlarning investitsiya loyihalarini tizimli monitoring qilib, muammolarni tezkorlik bilan hal etib borish zarurligi qayd etildi.

Tadbirkorlarga tuman darajasidan respublika miqyosigacha har tomonlama yordam berish, ularning moliyaviy bilimlarini oshirish va innovatsiyalar bilan tanishtirish muhimligi ta’kidlandi.


Posted on Leave a comment

Malayziya Bosh vaziri Faxriy mehmonlar xiyobonida daraxt ekdi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


O‘zbekiston-Malayziya sammiti yakunida Ko‘ksaroy qarorgohida daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Anvar Ibrohim Faxriy mehmonlar xiyobonida archa ekdilar.

Bu xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik mustahkamlanib borayotgani, ikki mamlakat yetakchilarining O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga qat’iy intilishining ramzi bo‘ldi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti G‘alabaning 79 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan Moskva shahriga amaliy tashrifi doirasida G‘alabaning 79 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi.

Moskvaning Qizil maydonida G‘alaba paradi bo‘lib o‘tdi. Uni Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Gvineya-Bisau Prezidenti Umaru Sisoku Embalo, Laos Prezidenti Txonglun Sisulit va Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel ham kuzatdi.

Ko‘plab tarixiy dalil va misollar O‘zbekiston xalqi buyuk g‘alabaga munosib hissa qo‘shganini yaqqol tasdiqlaydi.

Dahshatli urush boshlangan birinchi kunlardanoq yurtdoshlarimiz fashizmga qarshi mardona kurashga otlandi. O‘sha paytda respublikamiz aholisi 6,5 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, shundan 1 million 950 mingdan ortig‘i yovuz dushman bilan yuzma-yuz bo‘lib qonli janglarda ishtirok etgan. Bu botir va dovyurak o‘g‘lonlarning 538 mingdan ziyodi jang maydonlarida halok bo‘lgan. 158 ming nafardan ko‘prog‘i bedarak ketgan.

O‘zbekistonlik askar va ofitserlardan 214 ming nafardan ziyodi jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan. Jumladan, 301 nafar yurtdoshimiz Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga, 70 nafari esa uchala darajadagi “Slava” ordeniga sazovor bo‘lgan.

Ikkinchi jahon urushi davrida o‘zbekistonlik ofitserlar orasidan o‘nlab generallar, mohir qo‘mondonlar yetishib chiqqan.

O‘zbekiston urush yillarida front ortidagi mustahkam ta’minot bazasiga aylandi. Yurtimizdan jang maydonlariga katta miqdorda qurol-yarog‘, oziq-ovqat, dori-darmon, kiyim-kechak, palatka, parashyut va boshqa zarur mahsulotlar yuborilgan. Urush bo‘layotgan hududlardan O‘zbekistonga 170 dan ortiq zavod va fabrika ko‘chirib keltirilib, tezlik bilan ishga tushirilgan. O‘zbekiston aholisi 1941-43 yillarda mudofaa fondiga 475 million rubldan ortiq mablag‘ni, 22 million rubllik qimmatbaho shaxsiy buyumlarini ixtiyoriy ravishda topshirgani g‘alabani yaqinlashtirishga yana bir muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.

O‘sha suronli yillarda xalqimiz gumanizm va insoniylik bobida o‘ziga xos tarixiy maktab yaratdi. Urush alangasi ichida qolgan hududlardan ko‘chirib keltirilgan, turli millatga mansub 1 million 500 mingga yaqin insonlar O‘zbekistondan panoh topdi. Ularning orasida 250 mingdan ziyod yetim bolalar ham bor edi. Xalqimiz ularga mehr berdi, so‘nggi burda nonini ham ular bilan baham ko‘rdi.

Xalqimizning yuksak jasorati va bag‘rikengligini tasdiqlovchi ushbu tarixiy dalillar xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilgan.

Yurtimizda Ikkinchi jahon urushida jang qilgan va front ortida fidokorona mehnat qilgan ajdodlarimizning jasoratini abadiylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urush qatnashchilari va nogironlari har yili rag‘batlantirilmoqda. Toshkent shahrida ulkan G‘alaba bog‘i ochildi, shu kungacha u yerga 2 million 200 ming nafardan ziyod ziyoratchilar tashrif buyurdi.

Tadbirdan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va boshqa davlatlar yetakchilari bilan birga Aleksandr bog‘idagi “Noma’lum askar” yodgorligiga gulchambar qo‘ydi.

Yodgorlik Ikkinchi jahon urushida Vatan uchun jonini fido qilgan turli millatlarga mansub millionlab askarlar, shu jumladan o‘zbek o‘g‘lonlarining qahramonligi va jasorati ramzidir.

Prezidentlar bir daqiqalik sukut bilan askarlar xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

Marosim yakunida faxriy qorovul va orkestr tantanali ravishda saf tortib o‘tdi.

Shu bilan Rossiyaga amaliy tashrif yakunlandi. Aeroportda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Denis Manturov va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi. Davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildilar



8-may kuni Moskva shahriga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, shu jumladan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti YOIIning yubiley sammitida ishtirok etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Moskva shahrida kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yubiley majlisida ishtirok etdi.

Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan raisligida o‘tgan uchrashuvda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Dias-Kanel, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi Bakitjan Sagintayev hamda mehmon sifatida MDH bosh kotibi Sergey Lebedev qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma dasturlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida Vladimir Putinni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti lavozimiga kirishgani bilan tabrikladi. Yig‘ilishning barcha ishtirokchilarini Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 79 yilligi va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi ta’sis etilganining o‘n yilligi bilan qutladi.

O‘zbekiston yetakchisi bugungi sharoitda mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy aloqalarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish va to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar o‘sishi uchun sharoit yaratish birinchi darajali ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

O‘tgan oyda Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tgan “Innoprom” an’anaviy xalqaro ko‘rgazmasi shunday hamkorlikka ijobiy misol sifatida qayd etildi.

– Bugun ushbu forum O‘zbekistonning Rossiya va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi boshqa davlatlar bilan biznes muloqotini rivojlantirish uchun samarali platformaga aylandi, – dedi Prezident.

Ushbu maydonni kengaytirish, boshqa hamkor mamlakatlar, shu jumladan Kuba, Eron, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Mo‘g‘uliston, Vetnam va Indoneziya kabi davlatlardan ham kompaniyalarni jalb qilish niyati bildirildi.

O‘zbekistonning kuzatuvchi sifatida YOII bilan hamkorligi haqida so‘z yuritar ekan, davlatimiz rahbari o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, eng avvalo, sanoat mahsulotlarini yetkazib berishni ko‘paytirish hisobidan  oshganini ta’kidladi. Shu bilan birga, o‘zaro hisob-kitoblarni milliy valyutalarda amalga oshirish ulushi ortmoqda.

Mingdan ziyod qo‘shma korxona va loyihalar ishga tushirildi. Yuk tashish hajmi o‘smoqda, muntazam aviaqatnovlar soni ikki barobarga ko‘paydi.

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan birgalikda Yuqori darajadagi ishchi guruhning uchta yig‘ilishi o‘tkazildi, Qo‘shma rejadagi barcha tadbirlar to‘liq hajmda amalga oshirildi.

O‘zbekiston savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijorat, iqlim kun tartibiga oid loyiha va dasturlarga qo‘shildi.

Davlatimiz rahbari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtaldi.

Mamlakatimiz amaliy hamkorlikni kengaytirib, YOIIni rivojlantirish bo‘yicha strategik yo‘nalishlar doirasidagi sohaviy sheriklikning ko‘p tomonlama loyihalarini amalga oshirishda yanada faol ishtirok etishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi o‘rtasida o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlarning yangi kompleks rejasini tayyorlash taklif qilindi.

– Ishonamizki, kuzatuvchi davlatlarning loyihalarda to‘laqonli ishtirok etishi masalalarini tartibga soladigan mexanizmning tez fursatda qabul qilinishi ushbu hujjatning samarali amalga oshirilishiga xizmat qiladi, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

YOII mamlakatlari bilan savdodagi to‘siq va cheklovlarni o‘zaro bartaraf etishga tayyorlik bildirildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston 2009 yildagi Tovarlarning kelib chiqish mamlakatini aniqlash qoidalariga qo‘shilish jarayonini boshladi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bojxona chegaralari orqali harakatlanayotgan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron almashish, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya nazorati axborot tizimlarini integratsiya qilish, texnik tartibga solish choralarini birxillashtirish rejasini qabul qilish va elektron sertifikatlashtirish bu borada aniq amaliy qadamlar bo‘ladi.

“Shimol-Janub” transport yo‘lagini Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlari bozorlariga chiqadigan qilib rivojlantirish bo‘yicha yaqin muloqotni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Shu ma’noda, aprel oyi oxirida Termiz shahrida o‘tgan “Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” multimodal yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha transport idoralari rahbarlarining birinchi uchrashuvi samarali yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tranzit tartibotlarini soddalashtirish maqsadida bugungi kunda joriy qilinayotgan YEOII bojxona tranziti yagona tizimi bilan raqamli hamkorlik bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari sanoat kooperatsiyasi loyihalarini va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratdi.

Bu borada alohida “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, unda mamlakatlarimiz hududlarida hamkorlikda tashkil etilayotgan sanoat zonalari va texnoparklarda yangi quvvatlarni joylashtirishni nazarda tutish taklif qilindi.

– Bunday loyihalarga tadbirkorlarni keng jalb qilish masalalari shu yili Samarqandda o‘tadigan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va YEOII Ishbilarmonlar kengashining birinchi uchrashuvida ko‘rib chiqilishi mumkin, – dedi Prezidentimiz.

Shuningdek, birlashma doirasidagi sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus mexanizm imkoniyatlaridan foydalanish niyati bildirildi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi organlari bilan quyidagi muhim yo‘nalishlardagi hamkorlikni kengaytirish zarurligini qayd etdi:

– Yevroosiyo Agroekspressini rivojlantirish, “yashil” va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, qo‘shma agrosanoat klasterlari va logistika markazlarini tashkil etish;

– iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini yengib o‘tishda umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish va yaqindan hamkorlik qilish. Tegishli Ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishlaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazish taklif qilindi;

– mamlakatlarimizda mehnat migrantlari faoliyati uchun qulay sharoitlarni shakllantirish va ijtimoiy kafolatlar yaratish, shu jumladan raqamli platformalardan foydalanish orqali;

– turizm almashinuvini tubdan oshirishga qaratilgan birgalikdagi turizm dasturlari va mahsulotlarini ishlab chiqish.