Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi majlisidagi nutqi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi majlisidagi nutqi

Muhtaram hamkasblar!

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Avvalambor, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti lavozimiga kirishgani munosabati bilan hurmatli Vladimir Vladimirovich Putin nomiga yo‘llangan samimiy qutlovlar va ezgu tilaklarga qo‘shilaman.

Saylovchilar yuqori faollik bilan ishtirok etgan mazkur saylovlarda erishgan ishonchli g‘alabangiz ko‘pmillatli Rossiya xalqining Sizga bo‘lgan yuksak ishonchini, Siz olib borayotgan siyosat va mamlakatni modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli dasturlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor namoyon etdi.

Sizga kelgusida yanada ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Ushbu majlisda ishtirok etayotgan barcha hamkasblarimizni muhim sana – fashizm ustidan qozonilgan Buyuk G‘alabaning 79 yilligi hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tashkil etilganining o‘n yilligi bilan qutlayman.

Bugun tongda Moskvaga uchishdan oldin men Ikkinchi jahon urushida qatnashgan faxriylarimiz bilan uchrashdim. Ming afsuski, ularning soni yildan-yilga kamayib bormoqda. Ular sizlar orqali urush va front ortida mehnat qilgan barcha faxriylarga samimiy tabriklarini, birodar xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq so‘rab, bildirgan tilaklarini yetkazishni iltimos qilishdi.

Sizlarga ulkan mamnuniyat bilan faxriylarimizning iltimosini yetkazaman.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Hozirgina hamkasblarimning nutqlarida dunyodagi bugungi murakkab vaziyatga baho berildi, zamonaviy tahdidlarni bartaraf etish uchun hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Yuzaga kelgan hozirgi sharoitda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, kooperatsiya loyihalarini ilgari surish hamda o‘zaro investitsiyalarning o‘sishi uchun sharoit yaratish birinchi darajadagi vazifa, deb hisoblayman.

O‘tgan oyda Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tgan an’anaviy “Innoprom” xalqaro ko‘rgazmasi bunday hamkorlikka yorqin misoldir. Ko‘rgazmada mamlakatlarimizning ikki mingdan ortiq yetakchi korxonalari qatnashdi, yangi kooperatsiya loyihalari bo‘yicha yuzlab kelishuvlarga erishildi.

Bugungi kunda ushbu xalqaro forum O‘zbekistonning Rossiya va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo boshqa davlatlar bilan biznes sohasidagi muloqotlarini rivojlantirishda samarali platformaga aylandi. Biz ushbu muloqot maydonini yanada kengaytirish, ishtirokchilar sonini oshirish, jumladan, Kuba, Eron, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Mo‘g‘uliston, Vetnam va Indoneziya kabi hamkor mamlakatlar kompaniyalarini bu jarayonga jalb etish niyatidamiz.

Umuman, O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomidagi uch yillik hamkorligi davrida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 60 foizga oshdi. Bunga, avvalambor, sanoat mahsulotlarini yetkazib berishni ko‘paytirish hisobidan erishildi. Ayni vaqtda milliy valyutalardagi hisob-kitoblar ulushi ortib bormoqda.

Mingdan ziyod qo‘shma korxona va loyihalar ishga tushirildi. Yuk tashish hajmi o‘smoqda, muntazam aviaqatnovlar soni ikki barobar ko‘paydi.

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan birgalikda yuqori darajadagi Ishchi guruhning uchta yig‘ilishi o‘tkazildi, Qo‘shma hamkorlik rejasidagi tadbirlar to‘liq amalga oshirildi.

Biz, shuningdek, savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijorat, iqlim o‘zgarishi sohalaridagi tarmoqlarga oid loyiha va dasturlarga ham qo‘shildik.

Muhtaram hamkasblar!

Mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tishga ruxsat bergaysiz.

Birinchidan, O‘zbekiston YOIIni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari doirasida amaliy sheriklikni kengaytirish va tarmoqlarda ko‘p tomonlama hamkorlik loyihalarini amalga oshirishda yanada faol ishtirok etishdan manfaatdor.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi o‘rtasida o‘rta muddatdagi istiqbolga mo‘ljallangan Qo‘shma tadbirlarning yangi kompleks rejasini tayyorlashni taklif etamiz.

Ishonchim komilki, kuzatuvchi davlatlarning loyihalarda to‘laqonli ishtirok etishini tartibga soladigan mexanizmning tezroq qabul qilinishi ushbu hujjatni samarali amalga oshirishga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo mamlakatlar bilan o‘zaro savdo-sotiqdagi to‘siq va cheklovlarni birgalikda bartaraf etishga tayyor ekanimizni tasdiqlaymiz.

2009-yilda qabul qilingan Tovarlar ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlash qoidalariga O‘zbekistonning qo‘shilish jarayoni boshlandi.

Bojxona chegaralarimiz orqali olib o‘tiladigan tovar va transport vositalari haqidagi ma’lumotlarning elektron almashinuvini yo‘lga qo‘yish, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya nazorati borasidagi axborot tizimlarini integratsiya qilish, texnik jihatdan tartibga solish choralarini o‘zaro moslashtirish va elektron sertifikatlashni qo‘llash rejasini qabul qilish ushbu yo‘nalishdagi aniq amaliy qadamlar bo‘lishi mumkin.

Uchinchidan, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlari bozorlari bilan bog‘lovchi “Shimol – Janub» transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha yaqin muloqotni davom ettirish muhimdir.

Shu borada transport idoralari rahbarlarining Termiz shahrida aprel oyida bo‘lib o‘tgan Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston multimodal marshrutini rivojlantirish bo‘yicha birinchi uchrashuvi samarali bo‘lganini mamnuniyat bilan ta’kidlaymiz.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida tranzitga doir tartib-taomillarni soddalashtirish maqsadida joriy etilayotgan YOII bojxona tranzitining yagona tizimi bilan Raqamli hamkorlik bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish tarafdorimiz.

To‘rtinchidan, sanoat kooperatsiyasi sohasidagi loyihalar va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini kelgusida ham faol qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilganmiz.

Bu yo‘nalishda, mamlakatlarimiz hududlarida birgalikda yaratilayotgan sanoat zonalari va texnoparklarda yangi quvvatlarni joylashtirishni nazarda tutgan holda, alohida “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif qilaman. Bunday loyihalarga biznesni keng jalb etish masalalarini joriy yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi va YOII Ishbilarmonlik kengashining birinchi uchrashuvida ko‘rib chiqish mumkin.

Bundan tashqari, Birlashma doirasida sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus mexanizm imkoniyatlaridan foydalanishdan ham manfaatdormiz.

Beshinchidan, quyidagi muhim yo‘nalishlarda ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi organlari bilan hamkorlikni kengaytirish zarurligini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.

– Yevroosiyo Agroekspressini rivojlantirish, “yashil” va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, qo‘shma agrosanoat klasterlari va logistika markazlarini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash;

– Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini bartaraf etish masalalarida umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish va yaqin hamkorlik qilish. Bunda tegishli Ishchi guruhining navbatdagi majlislaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etamiz;

– Mamlakatlarimizda mehnat migrantlari faoliyati uchun raqamli platformalarga ulangan holda, qulay sharoit va ijtimoiy kafolatlarni shakllantirish;

– Sayyohlar almashinuvini keskin oshirishga qaratilgan qo‘shma turistik dastur va mahsulotlarni ishlab chiqish.

Ushbu yo‘nalishlarning barchasi hamkorlikning o‘rta muddatdagi istiqbolga mo‘ljallangan yangi Rejasida o‘z aksini topishi mumkin, deb hisoblayman.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

So‘zimning yakunida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti hurmatli Vladimir Vladimirovich Putinga an’anaviy do‘stona va iliq qabul uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.

Ishonchim komilki, ushbu uchrashuvimiz natijalari o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklikni mustahkamlash yo‘lida yana bir amaliy qadam bo‘ladi.

E’tiboringiz uchun rahmat.


Posted on Leave a comment

2024 йил 8 май куни “Temir yo‘l mahsulotini sertifikatlashtirish markazi” МЧЖ раҳбарияти томонидан “9 МАЙ – Хотира ва қадрлаш куни” муносабати билан табриклаш тадбирлари ўтказилди.


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


 Раҳбарият томонидан ушбу тадбирда Жамият фахрий ходими, Афғон уруши қатнашчиси – Аминжон Зокирович Темиргалиев жамоавий тарзда табрикланди. Бундан ташқари, Тошкент шаҳрининг Миробод туманида жойлашган “Истиқлолобод” маҳалласидаги бир нечта ёши улуғ, уруш даври қийинчиликларини бошидан  кечирган, ижтимоий кўмакка муҳтож ёлғиз онахонлар, шунингдек ногиронлар, байрам муносабати билан Жамият номидан моддий жиҳатдан қўллаб-қувватланиб, маҳалла йиғини вакиллари билан биргаликда муносиб равишда қутланди.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni Toshkent investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida vazir Mikoyil Jabborov davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, shuningdek, ilgari erishilgan kelishuvlar ijrosi doirasida amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘tgan yilda o‘zaro tovar ayirboshlash 27 foizga, joriy yil boshidan esa yana 15 foizga oshdi.

Avtomobilsozlik, energetika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, to‘qimachilik, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Loyihalar portfelini, shu jumladan Qo‘shma investitsiya kompaniyasi mablag‘larini jalb qilgan holda yanada kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi.

Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarning iqtisodiy kun tartibini puxta tayyorlash maqsadida yaqin fursatda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi hamda ikki mamlakat hududlarining ikkinchi forumi o‘tkaziladi.

Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston energetika vazirlarining bugun bo‘lib o‘tgan uch tomonlama uchrashuvining asosiy yakunlari yuqori baholandi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti OPEK Xalqaro jamg‘armasi rahbarini qabul qildi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi dasturi doirasida OPЕK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi prezidenti Abdulhamid Al-Xalifani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari OPЕK jamg‘armasining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi muhim o‘rnini qayd etib, O‘zbekistonda sanoat, infratuzilma, suv ta’minoti va boshqa sohalarda moliyalashtirilayotgan tadbirkorlik loyihalarini yuqori baholadi.

Forum davomida imzolangan qiymati 500 million dollarlik bitim doirasidagi loyihalarni tez fursatda tayyorlash va amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi. Hujjatda turizm, logistika, farmatsevtika, ekologiya, xotin-qizlar tadbirkorligi va yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash kabi yangi yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni rivojlantirish nazarda tutilgan.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va YETTB rahbari sheriklikning yuksak darajasidan mamnunligini bildirdilar


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni, Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi majlisi arafasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida sheriklikning yuksak darajasiga erishilgani, yaqin va samarali hamkorlik qilinayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda bankning mamlakatimizdagi loyihalari portfeli 4,4 milliard yevrodan oshgan. Ularda xususiy sektor ulushi 70 foizga yaqinlashdi.

Hamkorlik yo‘nalishlari va ko‘lamini, eng avvalo, kichik va o‘rta biznes, xotin-qizlar tadbirkorligi, muqobil energetika, raqamli texnologiyalar kabi sohalarda kengaytirish maqsadida O‘zbekiston va YETTB o‘rtasida yangi Sheriklik strategiyasi qabul qilindi.

Bankning faol ko‘magi va bevosita ishtirokida davlat korxonalarini xususiylashtirishga tayyorlash tadbirlari olib borilmoqda, bank-moliya sohasida yirik bitimlar amalga oshirildi, “yashil” energetika, transport infratuzilmasi, ekologiya, va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda me’yoriy-huquqiy baza takomillashtirilmoqda.

Davlatimiz rahbari suv ta’minoti, energetika, yo‘l infratuzilmasi, “yashil” shaharlarni rivojlantirish borasida yangi loyihalarni tez fursatda tayyorlash va amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.

Bo‘lajak Xorijiy investorlar kengashi majlisining kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.


Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Turkiya bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni  uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Javdat Yilmaz boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Suhbat avvalida Javdat Yilmaz davlatimiz rahbariga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Faol muloqotlar barcha darajalarda davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma loyiha va korxonalar soni, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar ko‘paymoqda.

Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida energetika, konchilik, oziq-ovqat, to‘qimachilik va boshqa ustuvor tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining bo‘lajak navbatdagi yig‘ilishi kun tartibini tayyorlash, eng avvalo, kooperatsiya loyihalarining yangi portfeli va madaniy-gumanitar almashinuv dasturini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.


Posted on Leave a comment

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasiga



Aziz farzandlarim!

Shu kunlarda Qatar davlatida futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etib, biryo‘la final yo‘llanmasi hamda shu yil yozda Parijda o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Jonajon O‘zbekistonimizning futbol tarixida birinchi marta erishilgan bunday yorqin g‘alabani, hech shubhasiz, mamlakatimizdagi barcha sport muxlislari, ko‘pmillatli butun xalqimiz cheksiz quvonch va g‘urur bilan kutib oldi.

Zero, bu el-yurtimizning necha yillik buyuk orzusi edi.
Bu orzuni amalga oshirish aynan sizlarga – Yangi O‘zbekistonning navqiron farzandlariga nasib etgani bilan har qancha faxrlansangiz, arziydi.

Albatta, sizlar erishgan bu tarixiy g‘alaba zamirida keyingi yillarda mamlakatimizda sport sohasini, jumladan, futbolni rivojlantirishga berilayotgan ulkan e’tibor va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli amaliy ishlar mujassam, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Shu bilan birga, sizdek azmu shijoatli yoshlarimizning tajribali murabbiy va mutaxassislar rahbarligida mazkur musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rib, har bir o‘yinda chinakam mahorat, jasorat va matonat namunasini ko‘rsatganingiz albatta yuksak tahsinga munosibdir.

Osiyo qit’asidagi eng kuchli jamoalar bilan qizg‘in kurashlar ostida bo‘lib o‘tgan 5 ta o‘yinda ham jamoamiz darvozasini daxlsiz saqlab, raqiblar darvozasiga 14 ta javobsiz to‘p kiritganingiz ham futbolimiz tarixida misli ko‘rilmagan natijadir.

Ishonchim komilki, sizlar bu yutuqdan yanada ruhlanib, final bellashuvida “Osiyo chempioni” degan sharafli nom uchun munosib kurash olib borasiz.

Fursatdan foydalanib, barchangizga, sizlarning mehribon ota-onalaringiz, ustoz-murabbiylaringizga ham chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman.

Butun O‘zbekiston xalqi sizlarga hamisha baxt va omadlar, porloq g‘alabalar tilaydi, aziz bolalarim!

Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

Geologiya va kon-metallurgiya sohalaridagi rejalar ko‘rib chiqildi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-aprel kuni geologiya va kon-metallurgiya sohalaridagi vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Mamlakatimizda geologiya sohasiga har yili 1 trillion so‘mdan mablag‘ ajratilib, manzilli dasturlar amalga oshirilmoqda. Natijada o‘tgan yili tog‘-kon sanoatida ishlab chiqarish hajmi qariyb 11 milliard dollarga yetdi.

Lekin bu, asosan, qimmatbaho va rangli metallar yo‘nalishida bo‘lib, sanoat uchun muhim minerallar bo‘yicha foydalanilmagan juda katta zaxira mavjud. Xususan, yurtimizda 32 turdagi shunday qazilma boyliklari bor.

Shu bois 15-yanvar kuni o‘tgan taqdimotda davlatimiz rahbari bu yo‘nalishdagi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Bugungi yig‘ilishda shu borada boshlangan ishlar, reja va takliflar ko‘rib chiqildi.

Bugun jahonda texnologik vaziyat tez o‘zgarayapti. Elektromobil, “yashil” energetika, elektrotexnika sanoatida kamyob metallarga talab tobora ortib bormoqda. Shuning uchun so‘nggi yillarda jahon bozorida molibden, tellur, selen, grafit narxlari keskin oshgan.

Prezidentimiz bu sohadagi ulkan imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi. Sanoat uchun muhim minerallar xomashyosi hamda ularning turini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Hozirda yurtimizda 6 turdagi shunday mahsulot ishlab chiqariladi. Bunga qo‘shimcha platina, indiy, vanadiy metallari hamda volfram, molibden, rux, marganes kabi minerallardan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar olish imkoniyati bor. Masalan, avvallari o‘zimizda bo‘lmagan kukun metallurgiyasida yiliga 300 million dollarlik, uskunalar va butlovchi qismlar yo‘nalishida 100 million dollarlik qiymat yaratish mumkin.

Yaqinda Yevropa Ittifoqi bilan muhim minerallar bo‘yicha erishilgan kelishuv bu borada katta bozor ochadi.

Shulardan kelib chiqib, mutasaddilarga xorijiy ekspert va investorlar ishtirokida kamyob metallar bo‘yicha 500 million dollarlik istiqbolli loyihalar dasturini shakllantirish topshirildi. Bu yo‘nalishni ilm bilan rivojlantirish, shu maqsadda loyiha ofisi tashkil etib, yetakchi institut va ilmiy markazlarni jalb qilish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida qimmatbaho metallar zaxirasini ko‘paytirish rejalari ham ko‘rib chiqildi.

Mutasaddilar oltin zaxirasini va ishlab chiqarish hajmini oshirish imkoniyatlari haqida axborot berdi.

Prezidentimiz kombinatda ishlab chiqarish tannarxini 10-15 foizga pasaytirish, sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish qamrovini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Qimmatbaho metallar sohasida Ilg‘or texnologiyalar ilmiy markazini tashkil qilish vazifasi qo‘yildi.


Posted on Leave a comment

Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik bo‘yicha axborot berildi


No Images.
Please upload images in images manager section. Click on Manage Images button on the right side of the gallery settings.


Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-aprel kuni III Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Ushbu anjumanning nufuzi va ko‘lami tobora oshib bormoqda. 2022-yilda o‘tgan ilk forumga 56 mamlakatdan mingdan ziyod xorijiy mehmonlar kelgan bo‘lsa, bu yil 84 ta davlatdan qariyb 2 ming 500 kishi qatnashishi kutilmoqda. Ular orasida hukumat vakillari, yirik kompaniyalar rahbarlari, BMT, YETTB, OPЕK, SHHT kabi xalqaro tashkilotlardan yuqori martabali mehmonlar bor.

Shu bois forumga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda barcha tashkiliy chora-tadbirlar ko‘rildi.

Forum mamlakatimizning iqtisodiy imkoniyatlarini ko‘rsatish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni kelishish uchun qulay maydondir. Shu bois uning doirasidagi tadbirlar, muhokama qilinadigan masalalar ko‘p. Jumladan, sho‘ba majlislari, davra suhbatlari, taqdimotlar, hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari kabi 40 dan ortiq tadbirlar rejalashtirilgan. Shuningdek, yurtimizdagi qator loyihalarni ishga tushirish marosimi ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari forumni yuqori darajada tashkillashtirish, har bir tarmoq va hududning investitsiyaviy salohiyatini to‘la namoyon etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

3 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisi ham o‘tkaziladi.

Ma’lumki, ushbu kengash jahon tajribasi va amaliyotlariga tayangan holda, O‘zbekiston hukumatiga mamlakatni investitsiyaviy, sanoat-texnologik va innovatsion rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha maslahatlar beradi. Bu galgi majlisda ham mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash va istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga doir dolzarb masalalar ko‘rib chiqiladi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari amaliy hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-aprel kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari qardosh Qozog‘iston yetakchisi va xalqiga ushbu mamlakat hududidagi keng miqyosli toshqinlar natijasida insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik izhor etdi.

Bunday tabiiy ofatlar keyingi paytlarda mintaqamizda kuzatilayotgan iqlimning salbiy o‘zgarishlari oqibati ekani qayd etildi.

Bu borada yaqin amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Prezidentlar yaqinda Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar va bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.