Posted on Leave a comment

Korrupsiyaga qarshi kurashish choralari muhokama qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-iyul kuni maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Bu judayam dolzarb, ko‘pchilik aholiga daxldor masala. Chunki korrupsiyaviy holatlarning 75 foizi shahar va tumanlarda maishiy shaklda bo‘lyapti.

Shu bois 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida bu illatga barham berish vazifasi qo‘yilgan edi. Shu maqsadda, Prezidentning 21-apreldagi farmoni bilan, Bosh prokuraturada korrupsiya omillarini tahlil qilish bo‘limi tashkil qilindi. Hududlarga muntazam chiqib, bunday omillar o‘rganib borilmoqda.

Prokuratura tizimidagi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va ilmiy-tadqiqot markazida 200 dan ortiq mutaxassis ilm va tahlil bilan shug‘ullanayapti. Umuman, huquq-tartibot idoralarida 100 mingdan ziyod xodim korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlayapti.

Lekin ko‘p hollarda bu illatning sabablari chetda qolib, oqibati bilan kurashilayapti. Korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydigan preventiv choralar hali yetarli emas. Har kuni odamlarning ishi tushadigan hokimlik, kadastr, bank va soliq idoralarida byurokratiya, “korrupsiyaviy tuynuklar” to‘liq yo‘qolgani yo‘q.

Taqdimotda shu boradagi qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Yurtimizda 43 ta nazorat idorasi bor. Hamma vazirliklarda komplayens nazorat bo‘limlari tashkil etilgan. Avvalo, ularning samaradorligini oshirish vazifasi qo‘yildi. Vazirlik va idoralar huzuridagi inspeksiyalarning bu boradagi faoliyatiga ham tanqidiy munosabat bildirildi.

Prezidentimiz korrupsiyaning faqat kamaygani emas, qanchasining oldi olinganiga qarab, davlat idoralari faoliyatini baholash kerakligini ta’kidladi.

Yer ajratish bo‘yicha shaffof tizim joriy qilingan. Lekin, joylarda bu borada noqonuniy xatti-harakatlar haligacha uchrab turibdi. Shu bois kadastr, “O‘zbekkosmos”, qurilish va boshqa tegishli tashkilotlar ma’lumotlarini tahlil qilib, bunday holatlarga butunlay chek qo‘yish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Prokuratura tizimini to‘liq raqamlashtirish va barcha sohalar ustidan “raqamli nazorat” o‘rnatish zarurligi ta’kidlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida parlamentning mas’ul qo‘mitalariga mahallagacha tushib, korrupsion holatlarning kelib chiqish sabablarini o‘rganish, davlat xaridlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalarni kamaytirish, yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga murosasizlik muhitini shakllantirish kabi dolzarb masalalarda tavsiyalar berilgan edi.

Taqdimotda bunga mas’ullar bajarilgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.

Posted on Leave a comment

Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bayram tabrigi



Qadrli vatandoshlar!

Mamlakatimizda yagona va ahil oila bo‘lib yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elatlar vakillari bo‘lgan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda ko‘pmillatli butun xalqimizni 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Hech shubhasiz, yurtimiz zaminida qadimgi davrlardan buyon davom etib kelayotgan etnik xilma-xillik noyob ijtimoiy hodisa bo‘lib, bugun – Yangi O‘zbekiston sharoitida yangicha ma’no-mazmun va an’analarga ega bo‘lib borayotgani diqqatga sazovordir.

Barchamiz uchun aziz va mo‘tabar bo‘lgan Vatanimiz aynan shu asosda inson qadri va baxti ulug‘lanadigan tom ma’nodagi tinchlik, do‘stlik va mehr-oqibat diyoriga aylanib bormoqda, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.

Muhtaram do‘stlar!

Mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikning muhim omili bo‘lgan millatlararo munosabatlarni rivojlantirishni biz yurtimizda demokratik huquqiy davlat hamda erkin fuqarolik jamiyati barpo etishning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab oldik va bu borada ulkan ishlarni amalga oshirib kelmoqdamiz.

Avvalo, sohaga doir davlat siyosati tubdan takomillashtirilib, uning huquqiy va institutsional asoslari mustahkamlandi.

Eng muhimi, bu yo‘nalishda davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida samarali hamkorlik o‘rnatilib, ularning imkoniyatlari birlashtirilib, tizimli va keng miqyosda ish olib borilmoqda.

Birgina misol – mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 157 ta milliy-madaniy markaz, 42 ta do‘stlik jamiyati va xorijdagi 100 dan ortiq vatandoshlar jamoat birlashmalari davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda yurtimizda do‘stlik va bag‘rikenglik muhiti, milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligini mustahkamlash, chet ellar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalar, xalq diplomatiyasini har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab ijobiy natijalarga erishmoqda.

Biz o‘zining halol mehnati, vatanparvarlik fazilatlari bilan respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan turli millatga mansub yurtdoshlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Ular davlat va jamoat tashkilotlarida turli mas’ul lavozimlarda chin dildan mehnat qilishmoqda, fidokorona xizmatlari uchun Vatanimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lishmoqda. Ularning orasida deputat va senatorlar, taniqli ishlab chiqarish vakillari, tadbirkorlar, ta’lim, tibbiyot, ilm-fan, madaniyat, adabiyot, san’at va sport namoyandalari borligini barchamiz yaxshi bilamiz.

O‘z taqdiri va kelajagini O‘zbekiston bilan bog‘lagan bunday olijanob yurtdoshlarimiz tarixiy vatanlari bilan mamlakatimiz o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda ham alohida namuna ko‘rsatishmoqda.

Milliy-madaniy markazlarning barchamiz uchun umumxalq bayramlariga, go‘zal qadriyatlarga aylanib ketgan Navro‘z va Mustaqillik tantanalari, boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda doimo faol ishtirok etib kelishayotgani ham tahsinga loyiqdir.

Barchamiz birgalikda nishonlayotgan bugungi bayram – Xalqlar do‘stligi kuni ham xalqimizning tinchlik, do‘stlik va ezgulik g‘oyalari mujassam bo‘lgan boy madaniyati, urf-odat hamda an’analarini yaqqol namoyish etish uchun yana bir katta imkoniyat ekanini ta’kidlash lozim.

So‘nggi yillarda qat’iy siyosiy irodamiz bilan mintaqamizdagi qardosh davlatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilib, dunyo siyosatida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora va voqelik paydo bo‘lgani barchamizning umumiy yutug‘imiz, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Bu haqda gapirganda, shu yil mart oyida O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Tojikiston chegaralari o‘zaro tutashgan nuqtada “Do‘stlik” stelasi o‘rnatilgani o‘rtamizdagi yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganidan yana bir yorqin dalolatdir.

Hurmatli yurtdoshlar!

Dunyoning turli mintaqalarida milliy va diniy asosda turli nizolar davom etayotgan hozirgi o‘ta tahlikali sharoitda  yagona O‘zbekiston g‘oyasi asosida eng katta boyligimiz – yurtimizdagi osoyishtalik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, bilim-ma’rifat, kasb-hunarlar egasi etib tarbiyalash, inklyuzivlik tamoyillarini chuqurlashtirish borasidagi ishlarimizni kelgusida ham izchil davom ettiramiz.

O‘zbekiston fuqarosi ekanidan faxrlanadigan barcha millat va konfessiyalar vakillari hamda xorijdagi vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini Konstitutsiya va qonunlarimiz talablari asosida hamma joyda qat’iy himoya qilish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Siz, azizlar Vatanimizning iqtisodiy va ijtimoiy qudratini oshirish, xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish yo‘lida bundan buyon ham fidokorona mehnat qilib, butun kuch-g‘ayratingiz, bilim va tajribangiz, iste’dod hamda mahoratingizni, kasbiy va insoniy salohiyatingizni to‘la namoyon etasizlar, deb ishonaman.

Barchangizni bugungi shukuhli bayram bilan yana bir bor qizg‘in tabriklayman.

Sizlarga mustahkam sog‘liq, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lidagi olijanob faoliyatingizda yangi zafarlar, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Barchamiz uchun yagona Vatan bo‘lgan jonajon O‘zbekistonimiz doimo omon bo‘lsin, hamisha gullab-yashnasin!

Shavkat MIRZIYOЕV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

Andijondagi yangi loyihalar taqdimot qilindi



Davlatimiz rahbariga 28-iyul kuni Andijon viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar yuzasidan axborot berildi.

O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 18-noyabrdagi qarori bilan Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari belgilangan edi. Jumladan, bu yil 3,1 milliard dollar investitsiya olib kelish, 1,5 milliard dollar eksport qilish, 305 ming odamning bandligini ta’minlash, 32 mingdan ziyod oilani kambag‘allikdan chiqarish ko‘zda tutilgan.

Viloyatda yil boshidan buyon 1 milliard dollarlik yangi quvvatlar, 344 ta savdo va servis majmuasi ishga tushgan. Yana 2,5 milliard dollarlik loyihalar boshlangan. O‘tgan 6 oyda 850 million dollar investitsiya jalb etilib, eksport 465 million dollarni tashkil etgan.

Davlatimiz rahbarining shu yil aprelda viloyatga tashrifi hamda unda belgilangan vazifalar hudud rivojiga qo‘shimcha turtki berdi. Yaqinda ilmiy ekspertlar, faol tadbirkorlar ishtirokida “Islohotlar shtabi” tuzildi. Ular tomonidan iqtisodiy-ijtimoiy sohalarga oid yangi takliflar ishlab chiqilgan.

Taqdimotda mutasaddilar ularning asoslari va samaradorligi bo‘yicha axborot berdi.

Masalan, 40 million dollar sarmoya evaziga Germaniya, Turkiya va Yaponiyadan robot-texnologiya olib kelib, innovatsion klinika barpo etish rejalashtirilgan. Yoki elchilar yordami bilan agroklaster tashkil qilishga Italiyadan 20 million yevro, zamonaviy agrologistika majmuasi qurishga Germaniyadan 25 million yevro jalb etilishi mo‘ljallangan. Xonobod shahri, Xo‘jaobod va Buloqboshida turistik maskanlar tashkil qilish bo‘yicha 30 dan ziyod tashabbuslar bildirilgan.

Umuman aytganda, 1 milliard 100 million dollarlik qo‘shimcha loyihalar shakllantirilgan. Ularning natijasida 22 ming ish o‘rni, qo‘shimcha 200 million dollarlik eksport imkoniyati ochiladi.

Davlatimiz rahbari viloyatdagi har bir shahar va tumanga alohida yondashib, yangicha ishlash, yangi loyihalarni investitsiyasi kam hududlarga joylashtirish zarurligini ta’kidladi. Ishsiz va ehtiyojmand oilalarni o‘qitib, ishga joylashtirish, mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Posted on Leave a comment

San’at va hunarmandchilik sohalariga oid takliflar ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at sohasida boshqaruvni takomillashtirish, hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Xalqimizning ulkan ma’naviy merosi bor. Bugungi kunda odamlarning intellektual, estetik va madaniy ehtiyojlari muttasil ortib bormoqda. Shu bois madaniyat sohasida boshqaruv va moliyalashtirishni takomillashtirish, bu borada ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Xususan, madaniyat markazlarida davlat-xususiy sheriklik yo‘lga qo‘yilib, ijodiy ishlanmalarni rag‘batlantiruvchi startap loyihalar amalga oshiriladi. Yoshlarda vatanparvarlik hissini kuchaytiruvchi, O‘zbekiston brendini yaratuvchi tarixiy, ilmiy va animatsion milliy mahsulotlar qo‘llab-quvvatlanadi.

Davlatimiz rahbari sohada ilg‘or xorijiy tajribani bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Prezidentining qarori bilan Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti tashkil etilgan edi. Endi san’atkorning memorial muzeyini tashkil etish, Botir Zokirov nomidagi stipendiya joriy qilish, xalqaro estrada tanlovini o‘tkazish rejalashtirilgan. Institutning bakalavriat bosqichini tamomlagan eng faol bitiruvchilar chet elga magistraturada o‘qishga yuboriladi hamda iqtidorli talabalarning nufuzli xalqaro tanlovlarda ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi.

Davlatimiz rahbari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida xalq artisti Sherali Jo‘rayev xotirasini abadiylashtirish tashabbusini bildirgan edi. Shunga muvofiq, Andijon shahridagi san’at maktabi negizida ijodkor nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi tashkil etiladi. Sherali Jo‘rayev nomidagi milliy qo‘shiqchilik teletanlovi har yili o‘tkaziladi.

Oliy maktabda ilmiy-ijodiy laboratoriya tuzilib, Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlarining “oltin fondi” yaratiladi. Zamonaviy ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi tashkil etilib, iqtidorli yosh ijodkorlar undan imtiyozli foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Hozir yurtimizda O‘zbekiston davlat simfonik orkestri hamda filarmoniya tarkibida 8 ta professional orkestr faoliyat olib borayapti. Lekin ular faqat Toshkent shahrida, respublika darajasidagi tadbirlarda ishtirok etadi, xolos.

Shu bois bunday orkestrlarni joylarda ham bosqichma-bosqich tashkil qilish rejalashtirilgan. Jumladan, Farg‘ona viloyatida simfonik orkestr va milliy cholg‘ular orkestri tuziladi. Ular zarur musiqa asboblari, ovoz kuchaytirish va yoritish uskunalari, sahna liboslari va boshqa anjomlar bilan ta’minlanadi.

Davlatimiz rahbari milliy va jahon san’atining sara asarlarini aholiga chuqur yetkazish, tuman va shaharlarga gastrol safarlari uyushtirish zarurligini ta’kidladi.

Madaniyati boy va rang-barang yurtimizda kreativ iqtisodiyot ravnaqi uchun juda keng imkoniyatlar bor. Bugungi kunda bu sohada 14 mingta korxona faoliyat yuritmoqda, ularda qariyb 100 ming kishi ishlayapti. Kelgusi 5-yilda kreativ iqtisodiyot hajmini 2 karra ko‘paytirish, yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 5 foizga yetkazish maqsad qilingan.

O‘tgan yili bu borada qonun qabul qilindi. Toshkentda Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha to‘rtinchi butunjahon konferensiyasi o‘tkazildi. YUNESKO, YUNKTAD, Jahon intellektual mulk tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar, Fransiya, Italiya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Qatar kabi davlatlar bilan keng hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Kreativ industriyaning eng katta sohalaridan biri – hunarmandchilik. Yilning o‘tgan davrida bunday mahsulotlar eksporti 6,5 million dollarni tashkil qildi.

Taqdimotda hunarmandchilikni yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi.

Jumladan, Buyuk Britaniya Qirollik fondi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida akademik platforma yaratish rejalashtirilgan. U orqali magistrlar tayyorlash, tadqiqotlar o‘tkazish, o‘quv qo‘llanmalarini joriy etish yo‘lga qo‘yiladi. Bu platforma bilan 3 mingdan ziyod iqtidorli hunarmandlar bosqichma-bosqich qamrab olinadi. Keyinchalik uni amaliy san’at maktabiga aylantirish ko‘zda tutilgan.

2023-yilda Buxoro “Hunarmandchilik va xalq san’ati” yo‘nalishida YUNESKOning kreativ shaharlar tarmog‘iga kiritilgan edi. U yerda 2 ming nafar hunarmand 36 ta yo‘nalishda ijod qiladi.

Sentyabr-noyabr oylarida Buxoroda birinchi zamonaviy san’at biyennalesi o‘tkaziladi. Unga 40 ta davlatdan 70 nafar mashhur rassom tashrif buyuradi.

Davlatimiz rahbari madaniy turizmni rivojlantirishga katta turtki beradigan bunday yirik tadbirlarni yuqori saviyada tashkil qilish muhimligini ta’kidladi.

Turizm bo‘yicha yana bir salohiyatli hudud – Qoraqalpog‘iston. Hozir u yerda 2 ming nafar yoshlar milliy hunarmandchilik bilan professional shug‘ullanayapti. Yana ko‘plari shu kasblarni egallamoqchi.

Shu bois Nukusdagi “Istiqlol” bog‘ini kreativ klasterga aylantirib, unda hunarmandlar va dizaynerlarga an’anaviy bilim va innovatsion g‘oyalarni birlashtirgan holda ta’lim beradigan Orol maktabini tashkil qilish mo‘ljallangan.

Mutasaddilarga loyihalarni sifatli bajarish va tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Posted on Leave a comment

Aholi bandligi va kasbiy ta’lim bo‘yicha yangi yondashuvlar taqdimot qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va kasbiy ta’lim tizimidagi yangi yondashuvlarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Joriy yilda bu sohada xorijiy tajriba asosida yangi yondashuvlar yo‘lga qo‘yildi. Banklar mahallalarga bog‘lanib, aholi bandligini ta’minlashga xam hissa qo‘shmoqda. Xususan, birinchi yarim yillikda 3 milliondan ziyod aholi daromadli mehnatga jalb qilindi.

Kambag‘allikni qisqartirish borasida yaratilgan tizim hamda sarflanayotgan mablag‘lar o‘z samarasini berib, joriy yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, kambag‘allik darajasi 6,8 foizni tashkil qildi.

Aholi bandligini oshirishda kasbiy ta’lim sifati juda muhim.  Bu borada ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish, malaka oshirishni yangi darajaga ko‘tarish hamda xususiy sektor ishtirokini ta’minlash talab etilmoqda. Kasbiy ta’limning mehnat bozori ehtiyojlariga mos kelmasligi kadrlar tayyorlashda muayyan muammolarga sabab bo‘lmoqda.

Mehnat munosabatlaridagi ayrim me’yorlar tadbirkorlik subyektlari, ayniqsa, kichik korxonalar uchun murakkablik tug‘dirmoqda. Ishga qabul qilishda axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayapti.

Shuningdek, amaldagi talablar ish beruvchilarni haqiqiy vakansiyalarni ochiq e’lon qilishga rag‘batlantirmaydi. Oqibatda bu ma’lumotlarni yashirishga olib kelib, mehnat bozorini to‘g‘ri tahlil qilish hamda kasbiy ta’lim yo‘nalishlarini aniqlash imkonini cheklamoqda.

Taqdimotda mazkur muammolarni hal etishga qaratilgan yangi reja va tashabbuslar haqida ma’lumot berildi.

Unga muvofiq, mehnat organlari ish beruvchilarga nisbatan jazo qo‘llovchi emas, balki hamkor sifatida faoliyat yurituvchi, ularga xizmat ko‘rsatuvchi tuzilmaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.

Xususan, ish beruvchilar tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi majburiy ma’lumotlarni taqdim etmaslik va jo‘natilgan nomzodlarni ishga olmaslik uchun jazo choralarini bekor qilish taklif etilmoqda. Bu orqali bandlik organlari ish beruvchilardan to‘g‘ri va haqqoniy ma’lumotlarni to‘plab, ularga ish izlayotgan fuqarolarni yo‘naltiradi. Ish beruvchi esa nomzodni qabul qilish yoki qilmaslikni o‘zi hal etadi.

Ushbu tizimni joriy etish uchun maxsus elektron platforma yaratilib, dastlab Toshkent shahrida tajriba tariqasida boshlanadi va keyinchalik butun mamlakat bo‘yicha tatbiq etiladi.

Shu bilan birga, mutaxassis topish murakkab bo‘lgan vakansiyalar kasbiy ta’limning asosiy yo‘nalishlariga aylantirilib, tayyorgarlik jarayonlarini maqsadli tashkil etishga xizmat qiladi.

Kasbiy ta’lim sifatini yanada oshirish maqsadida xususiy sektor vakillarini Kasbiy ko‘nikmalar markazlari faoliyatiga jalb etish, ayrim markazlarni esa aniq sohalar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’lim maskanlariga aylantirish rejalashtirilgan.

Mutasaddilarga kasbiy ta’limni uch bosqichli tizimga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Jumladan, internet orqali bepul videodarslarni joriy etish, ishlovchi fuqarolarga qayta tayyorgarlik yoki malaka oshirish uchun “kasb vaucheri” orqali imkoniyat yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari malakali kadrlar tayyorlash respublikada ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishga xizmat qiladigan eng muhim omillardan biri ekanini ta’kidladi.

Posted on Leave a comment

Samimiy minnatdorlik



Tug‘ilgan kunim munosabati bilan chin yurakdan muborakbod etib, o‘zlarining samimiy qutlovlari va ezgu tilaklarini bildirgan xorijiy davlatlar, hukumatlar va parlamentlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar yetakchilariga, taniqli siyosat va jamoat arboblari, ishbilarmon doiralar vakillariga, yurtimizdagi mehnat jamoalari, mahallalar, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar tashkilotlari faollariga, tadbirkorlarimizga, mamlakatimiz va chet ellardagi barcha vatandoshlarimizga chuqur minnatdorlik izhor etaman.

Mening nomimga yo‘llangan ushbu tabrik va tilaklarni, avvalo, ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi va davlatiga yuksak hurmat va ehtirom, dunyo hamjamiyati bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarimizga, yorug‘ kelajagimizga ishonch va e’tibor ifodasi sifatida qabul qilaman.

Barcha tashabbus va dasturlarimizni doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgan mard va olijanob xalqimizga yana bir bor chin dildan farzandlik mehrim va ehtiromimni bildirishdan baxtiyorman.

Ishonchim komil, el-yurtimizning ulkan yaratuvchilik mehnati, azm-u shijoati bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etish va uni jahondagi taraqqiy etgan davlatlar qatoriga olib chiqish bo‘yicha o‘z oldimizga qo‘ygan buyuk maqsadlarga albatta yetamiz.

Chuqur hurmat va eng ezgu tilaklar bilan,

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

Xorijiy yetakchilar va hamkorlarning samimiy qutlovlari



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tavallud kuni munosabati bilan xorijiy davlatlar, hukumatlar, parlamentlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar, yetakchi xorijiy kompaniyalar rahbarlari, taniqli jamoat, din va sport arboblaridan samimiy qutlovlar kelmoqda.

Maktublarda O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida aholi farovonligini oshirish, mamlakat barqarorligi va izchil taraqqiyotini ta’minlash, uning xalqaro nufuzini mustahkamlashga qaratilgan ortga qaytmas siyosiy islohotlar va ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlar dasturini samarali amalga oshirish borasida erishilgan yuksak natijalar qayd etilgan.

Prezidentimizga mustahkam sog‘lik va mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklari izhor etilgan.

Jumladan, qo‘yidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin,

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin,

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev,

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov,

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon,

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov,

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov,

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev,

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko,

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an,

Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi,

Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon,

Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux,

Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarella,

Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirs Musar,

Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich,

Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti, Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident devoni raisi Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon,

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon,

Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev,

Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko,

Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin,

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev,

Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan,

Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Nurlan Yermekbayev,

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev,

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bosh kotibi Sergey Lebedev,

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Asad Xon,

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati Raisi Bakitjan Sagintayev,

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso,

Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef,

Yevroosiyo taraqqiyot banki boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov,

Xitoy eksport-import banki boshqaruvi raisi Chen Xuayuy,

Ipak yo‘li fondi raisi Chju Szyun,

Moskva va Butun Rus patriarxi Kirill,

Kavkaz musulmonlar idorasi raisi Ollohshukur Poshshozoda,

Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer,

Yevroparlamentning Fransiyadan saylangan deputati Terri Mariani,

AQSH Kongressi a’zolari Trent Kelli va Kerol Miller,

Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov,

Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov,

Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm.

Qutlovlar kelishda davom etmoqda.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida Turkiya yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Davlatlararo hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Turli darajalarda samarali muloqotlar davom etmoqda, tovar va yuk ayirboshlash, investitsiya ko‘rsatkichlari o‘smoqda, qo‘shma korxonalar soni va aviaqatnovlar ko‘paymoqda. Madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari telefon orqali muloqotda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining bo‘lajak navbatdagi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratdilar.

Mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Prezidentlari ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish rejalarini muhokama qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myonning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Koreya Respublikasi Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va davlat rahbari sifatidagi faoliyatida yangi zafarlar, O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

O‘zbekiston Prezidenti, o‘z navbatida, Janubiy Koreya rahbarini bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan yana bir bor samimiy tabriklab, belgilangan rejalarni amalga oshirishda katta muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston-Koreya alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.

Tarixiy do‘stlik rishtalari, o‘xshash mentalitet, an’ana va qadriyatlarga asoslangan ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari va qo‘shma korxonalar soni barqaror oshib bormoqda. Koreya kompaniya va tashkilotlarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari hajmi 8 milliard dollardan oshdi.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi va Koreya Eksimbanki bilan samarali moliyaviy-texnik hamkorlik davom etmoqda.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish va oliy darajadagi faol muloqotlarni davom ettirish muhim ekanini ta’kidladilar.

Shu ma’noda, Tashqi ishlar vazirlari strategik muloqoti va Hukumatlararo komissiyaning bo‘lajak yig‘ilishlarini samarali o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi.

Mintaqaviy hamkorlik, shu jumladan «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» formati doirasidagi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Posted on Leave a comment

Qirg‘iziston Prezidenti O‘zbekiston Prezidentini tabrikladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Qirg‘iziston Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Yetakchilar O‘zbekiston-Qirg‘iziston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini batafsil muhokama qildilar.

O‘zaro savdo hajmi jadal ortmoqda, sanoat kooperatsiyasi loyihalari, shu jumladan Qo‘shma fond doirasida amalga oshirilmoqda. «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li va Qambarota GESini qurish kabi yirik mintaqaviy infratuzilmaviy loyihalar bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda.

Prezidentlar bo‘lajak oliy darajadagi ikki hamda ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi va kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar.