Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida Tojikiston yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog‘lik, farovonlik va katta muvaffaqiyatlar, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish, eng avvalo, oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro savdo hajmi ortib borayotgani, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, shu jumladan qo‘shma investitsiya kompaniyasi orqali kooperatsiya loyihalari ilgari surilayotgani ta’kidlandi. Chegara oldi savdo markazlarini ochish ustida ish olib borilmoqda. Samarqand va Dushanbe shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar tiklandi. Muhim madaniy dasturlar amalga oshirilmoqda.

Yetakchilar mintaqaviy kun tartibidagi masalalarni, shu jumladan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rishni ham muhokama qildilar.

Posted on Leave a comment

Turkman xalqining milliy yetakchisi davlatimiz rahbarini samimiy tabrikladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Turkmaniston milliy yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash jadal ortib, korxonalar va ishbilarmonlar darajasida kooperatsiya aloqalari chuqurlashib borayotgani, faol madaniy-gumanitar almashinuv davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan fikr almashildi.

Posted on Leave a comment

Byudjet va ijro intizomini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-iyul kuni Hisob palatasining faoliyati hamda ijro tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi “Byudjet mablag‘laridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Hisob palatasining ish uslubi o‘zgardi, uning vakolatlari kengaytirildi. Eskicha tekshiruvlardan voz kechilib, moliyaviy, muvofiqlik, samaradorlik va strategik audit tizimi joriy qilindi.

Endilikda bu palata faqat nazorat qiluvchi emas, balki byudjet intizomiga ko‘maklashuvchi hamkor idoradir. Shu bois asosiy e’tibor moliyaviy intizom buzilishining oldini olish, buning omillarini tahlil qilishga qaratilmoqda.

Masalan, bu yil 6 oyda o‘tkazilgan audit tadbirlari natijasida 5 trillion 600 milliard so‘m samarasiz byudjet xarajatlari qisqartirilgan, byudjetga 5 trillion so‘m qo‘shimcha tushum imkoniyati aniqlangan.

Mamlakatimiz iqtisodiyoti izchil o‘sib bormoqda. Bu, o‘z navbatida, moliyaviy nazorat ko‘lami va ish hajmini ham oshiradi. Buni qamrab olishning samarali yo‘li – raqamlashtirish. Shu maqsadda “Masofaviy audit” axborot tizimi ishga tushirilgan. Hozirgacha u orqali 4 trillion so‘mlik kamchiliklar bartaraf etilgan.

Taqdimotda endi tizimga sun’iy intellektni joriy qilib, kamchiliklarni keltirib chiqarayotgan omillarni bartaraf etish vazifasi qo‘yildi.

O‘tgan yili 12 ta vazirlikda moliyaviy nazorat bo‘yicha tashkil qilingan situatsion markazlarning ko‘rsatkichlari qayd etilib, bu tizim joriy yilda yana 10 ta vazirlik va idoraga kengaytirilishi belgilandi. Shu bilan birga, byudjet tashkilotlarida ichki audit va ichki nazorat tizimlarini takomillashtirib, Hisob palatasi bilan axborot almashuvini kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Prezident farmoniga asosan, davlat auditi xalqaro standartlar darajasiga chiqarilmoqda. Hisob palatasi xodimlari bir yil davomida xalqaro auditorlar bilan birgalikda ishlab, tajriba to‘pladi. Natijada tashqi qarz hisobidan bo‘layotgan loyihalar xalqaro mezonlar asosida auditdan o‘tkazilmoqda. Bunday tartibni loyihalarning ilk bosqichlaridan boshlash muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu yil 16-iyun kuni islohotlar natijadorligi tahlili bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Hisob palatasiga “Xalq nazorati” platformasini barcha hududlarda yo‘lga qo‘yish topshirilgan edi. Taqdimotda mutasaddilar bu borada boshlangan ishlar va zarur chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berdi.

Bu tizim orqali qurilish, infratuzilma, kommunal xizmatlar, energiya ta’minoti, transport, yo‘l, ekologiya kabi sohalardagi muammolar bo‘yicha xabar beriladi. Ularni hal qilish uchun portalga barcha vazirlik, idora va hokimliklar ulanadi.

Hozirgi kunda bu dasturni sun’iy intellekt asosida takomillashtirish, vertikal nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish, koll-markazlar tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga ijro intizomini mustahkamlash, byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish va tejamkorlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Posted on Leave a comment

Jizzax viloyatidagi qo‘shimcha imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi



Mamlakatimizning barcha hududlarida imkoniyatlarni to‘la ishga solish choralari ko‘rilmoqda. O‘tgan yil 31-dekabrda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilinib, zarur masalalar hal etib berilgan edi. Xususan, unda 2025-yilda 2 milliard dollar investitsiya jalb etish, eksportni 285 million dollarga yetkazish, 168 ming odamni ishli qilish chora-tadbirlari belgilangandi.

Bu vazifalar birin-ketin bajarilmoqda. O‘tgan olti oyda Jizzaxda sanoat, servis va qishloq xo‘jaligida 200 ta loyiha ishga tushdi. Viloyatga 662 million dollar investitsiya kirib keldi.

Natijadorlikni yanada oshirish maqsadida Jizzax viloyati Zomin tumanida ham “Islohotlar shtabi” tuzilgan.

Davlatimiz rahbari tashrifi davomida viloyatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Xususan, “yagona darcha” tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi xizmatlarini bitta joyga jamlagan  “Agromarkaz” tashkil etildi. Hosildorlikni oshirishga qaratilgan yangicha yondashuvlar viloyatda oziq-ovqat mahsulotlari sifatiga ijobiy ta’sir etib, aholini ko‘proq daromad topishiga imkon yaratmoqda.

Jizzax viloyati kartoshkachilikni rivojlantirishga zamin qilib olinmoqda. Bugungi kunda Zomin ilmiy tajriba stansiyasida xorijiy va mahalliy seleksiyaga mansub 12 ta nav birlamchi urug‘chiligi yo‘lga qo‘yildi.

Odatda urug‘lik kartoshka yetishtirish 6-7-yilni va 8 ta bosqichni talab qilsa, yangi taklifga ko‘ra, jarayon 4 bosqichga kamaytirilib,  2-yilda tayyorlanadi. Bunda kartoshkaning yangi seleksiya navlaridan 12 tonna yuqori avlod super elita urug‘lik aholi xonadonlariga bepul tarqatiladi.  Natijada 120 tonna elita kartoshka urug‘ligi yetishtiriladi.

Shuningdek, dukkakli ekinlar ekish, Zarbdor tumanidagi kanalda nasos stansiyalari va magistral quvurlar qurish rejalari belgilangan.

Jizzaxning turfa tabiati, tog‘li va cho‘l hududlari yilning to‘rt faslida ham sayohat qilish imkonini beradi. “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi, Zomin aeroporti va yangi yo‘llar bu imkoniyatlarni kengaytirdi. Yirik 6 ta kanal bo‘yida sayilgohlar tashkil qilindi. Endi “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimi qirg‘oq bo‘yida ham zamonaviy turizm markazi barpo etiladi.

– Tumanlarga sanoatni olib kirib, odamlarni ishli qilishga harakat qilyapmiz. Ilgari dasht bo‘lgan joylarda zamonaviy korxonalar paydo bo‘lyapti. Odamlarimiz hunaridan, tomorqasidan ham daromad topayapti. Lekin bu bugungi natija. Yangi avlod yetishib kelyapti, yoshlarimizning bilimi, talabi oshib boryapti. Ularning ishlashi, yaxshi yashashi uchun hozirdan zamin yaratishimiz kerak. Agar imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanilsa, Zomin tumani ishsizlikdan xoli hudud bo‘la oladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumki, Ko‘kdala tumanining yangi markazida san’at saroyi, san’at maktabi, umumta’lim maktabi va sport majmuasi yonma-yon barpo etilmoqda. Davlatimiz rahbari bu bolalarga qulay bo‘lishini ta’kidlab, kelgusi loyihalarda shuni qo‘llash zarurligini aytgan edi. Endi shu tajriba asosida Zomin tumanida ham madaniyat saroyi va san’at maktabi qurilishi rejalashtirilgan. Madaniyat saroyi 300 o‘rinli bo‘lib, tuman markazidagi 45 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatadi. Bu yerda “Zomin sayqali” folklor-etnografik jamoasi, 13 ta to‘garak faoliyat yuritadi.

Mutasaddilarga ushbu rejalar ijrosi, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivoji bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Posted on Leave a comment

Zominning sanoat salohiyati oshmoqda



Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati Zomin tumanida qurilayotgan maishiy texnika zavodini ko‘zdan kechirdi.

Bu yo‘nalish bo‘yicha yurtimizda katta salohiyat bor. Davlatimiz rahbari bu sur’atni davom ettirib, milliy brendlar ostida yangi mahsulotlar ishlab chiqarish, O‘zbekistonni mintaqaviy “elektrotexnika xabi”ga aylantirish vazifasini qo‘ygan.

Zomindagi zavod buning  bir qismi bo‘ladi.

“Navoiy” maxsus sanoat parkining filiali sifatida tashkil etilgan majmua 80 gektarda joylashgan. Loyihaning umumiy qiymati 150 million dollar. Bu yerda kir yuvish  mashinasi, sovutkich, televizor, elektr suv isitkich kabi yiliga 1 million dona maishiy texnika hamda butlovchi qismlar ishlab  chiqariladi. 100 turdagi mahsulotlar natijasida mahalliylashtirish darajasi 70 foizga  yetadi.

Muhimi, yillik ishlab chiqarish hajmi 320 million dollar bo‘ladi. Shundan 140 million dollarlik mahsulot eksportga yo‘naltiriladi. 7 mingdan ziyod aholi ish bilan ta’minlanadi.

Sanoat parkida tayyorlangan mahsulotlar Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston singari 15 dan ortiq mamlakatga eksport qilinadi.

Hozirgi o‘zgaruvchan bozor talablariga tez moslashish uchun zavodning o‘zida qolipxona ham tashkil etiladi. Zamonaviy logistika markazi orqali mahsulotlar xaridorga izchil yetkazib beriladi.

Bundan tashqari, sanoat parkida “Avtosanoat” AJ tarkibidagi korxonalar uchun plastmassa mahsulotlari tayyorlash rejalashtirilgan.

Posted on Leave a comment

Zominda yuqori qiymatli mahsulotlar ko‘payadi



Davlatimiz rahbari Zomin texnoparkida rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Ushbu texnopark 400 gektar maydonda barpo etilmoqda. Birinchi bosqichda 9 loyiha bo‘yicha ishlar boshlangan. Endi ikkinchi bosqich doirasida yana 5 ta loyiha shakllantirilgan.

Jumladan, “Longze Investment Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda xavfsizlik va tibbiyot texnikalari, “Foxit” kompaniyasi bilan noutbuk, planshet, server, router kabi zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, charm va sport poyabzallari, qurilish materiallari, chinni idishlar, kimyo mahsulotlari bo‘yicha loyihalar ko‘zda tutilgan.

Ularning umumiy qiymati 250 million dollar atrofida bo‘lib, yuqori qiymatli tovarlar ishlab chiqariladi. Tayyor mahsulotlarning qariyb 70 foizi tashqi bozorga  yo‘naltiriladi.

Jizzax viloyatida xorijiy investitsiyalar miqdori yil sayin o‘sib bormoqda. 2018-yilda viloyatda bor-yo‘g‘i 18 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu raqam 1 milliard dollardan oshgan. Oxirgi sakkiz yilda viloyatga 3,7 milliard dollar investitsiya kiritilgan,

4 mingdan ziyod sanoat korxonalari ishga tushgan. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 260 tadan oshgan.

Posted on Leave a comment

Zomin texnoparkida ilk korxona ishga tushdi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, Zomin texnoparki maxsus sanoat zonasini borib ko‘rdi.

Bu majmua qurilishini o‘tgan yili 27-iyunda davlatimiz rahbari boshlab bergan edi. 400 gektarda barpo etilayotgan texnoparkda xitoylik investorlar bilan birgalikda 1 milliard 200 million dollarlik 31 ta loyiha amalga oshiriladi.

O‘tgan davrda zarur infratuzilma va inshootlar barpo etildi. Yaqinda ilk korxona – “Xinjiang Honglin Tiandi” kompaniyasi tomonidan qiymati 10 million dollarlik beton mahsulotlari tayyorlash loyihasi ishga tushirildi. 60 kishining bandligi ta’minlandi.

Ayni kunlarda 42 million dollarlik ikkinchi loyiha bo‘yicha ishlar yakuniy bosqichda. Unda “Midea” brendi ostida yiliga 300 ming dona maishiy elektr texnikalari ishlab chiqariladi. 150 ta ish o‘rni ochiladi.

Davlatimiz rahbariga shu va navbatdagi loyihalar haqida axborot berildi.

Birinchi bosqichda maxsus sanoat zonasiga 9 ta loyiha joylashtirilgan. Bugungi kunda qariyb 300 million dollarlik yana 7 ta loyiha bo‘yicha qurilish ishlari davom etmoqda. Ularda qurilish materiallari, konstruksiyalar, elektr texnikasi va kimyo mahsulotlari ishlab chiqariladi, logistika va trening markazi tashkil etiladi.

Umuman, sanoat zonasidagi barcha loyihalar natijasida qariyb 5 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi, 15 turdagi yangi mahsulot o‘zlashtirilib, 70 million dollarlik eksport salohiyati yaratiladi. Eng muhimi, 5 mingdan ortiq fuqaro ishli bo‘ladi.

Prezident investorlarga ko‘maklashib, loyihalarni tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Sanoat sohalariga mos mutaxassislar tayyorlash, yoshlar bandligini ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Posted on Leave a comment

Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi majlisi doirasida erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

2025-yil 11-iyun kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisi doirasida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida qaror qilaman:

I. Ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni tizimli amalga oshirish

1. Quyidagilar:

(a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;

(b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi O‘zbekiston tomonining yangilangan tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

(i) Bunda Xorijiy investorlar kengashi (keyingi o‘rinlarda – Kengash)ga uning huzurida yo‘nalishlar bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil qilish hamda ularning tarkibiga vazirlik va idoralar rahbarlari (xodimlari)ni jalb qilish huquqi berilsin.

II. Kengash kotibiyati va ishchi guruhlar faoliyatini takomillashtirish

2. Kengash a’zolari va xalqaro moliya institutlarining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

(a) Kengash kotibiyatini nodavlat notijorat tashkilot sifatida tashkil etish hamda uning a’zoligiga xalqaro moliya institutlarini ham jalb qilish;

(b) Kengash kotibiyati tomonidan xorijiy investorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlash orqali mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiya mablag‘larini jalb qilishga ko‘maklashish;

(v) Kengashning davlat organlari va tashkilotlari bilan bog‘liq faoliyatini Kengash kotibiyati tomonidan muvofiqlashtirish, shuningdek, Kengash majlislarida muhokama qilinadigan masalalar bo‘yicha mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari bilan maslahatlashuvlarni tashkil etish;

(g) Kengash kotibiyati hamda ishchi guruhlarning faoliyati natijalari haqida har chorak yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borish.

3. Quyidagilar Ishchi guruhlarning vazifalari etib belgilansin:

(a) har oyda Kengash kotibiyati bilan hamkorlikda mazkur qarorga 1-ilovada keltirilgan harakatlar rejasi doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan muhokamalar o‘tkazib borish;

(b) investitsiya muhitini yaxshilash yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish.

III. “Yagona investitsiya platformasi” axborot tizimini joriy qilish

4. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ustav fondi (ustav kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlar rahbarlari:

(a) “Yagona investitsiya platformasi” axborot tizimi bilan integratsiya qilinadigan axborot tizimlari ro‘yxatiga asosan integratsiya qilish ishlarini grafikka muvofiq yakunlashga;

(b) “Yagona investitsiya platformasi” axborot tizimiga manzilli va istiqbolli loyihalarni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tasdiqlangan shaklga muvofiq kiritishga shaxsan mas’ul va javobgar etib belgilansin.

5. Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Xodjayev bir hafta muddatda aniq muddat va mas’ullarni belgilagan holda davlat xizmatlari ko‘rsatiladigan axborot tizimlarini “Yagona investitsiya platformasi” axborot tizimi bilan integratsiya qilish mexanizmlari va grafigini tasdiqlasin.

IV. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat

6. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari mazkur qarorga 1-ilovadagi harakatlar rejasida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning belgilangan muddatlarda samarali, so‘zsiz, sifatli va to‘liq hajmda amalga oshirilishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vakili A.Yu. Magrupov, Bosh vazir o‘rinbosarlari J.A. Xodjayev, J.A. Qo‘chqorov hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi:

(a) Kengashning uchinchi yalpi majlisi davomida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan muntazam va tizimli monitoring hamda qat’iy nazorat olib borsin;

(b) ushbu qarorga 1-ilovada keltirilgan harakatlar rejacining so‘zsiz ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirsin, har chorak yakunida hisobotlarini tanqidiy muhokama qilib borsin, shuningdek, chora-tadbirlarning ijrosiga to‘sqinlik qiluvchi salbiy omillarni bartaraf etish choralarini ko‘rsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

Mo‘g‘ulistonga oliy darajadagi tashrif davomida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 24–25-iyun kunlari Mo‘g‘ulistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar doirasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida 2025–2026-yillarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning asosiy ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilansin:

(a) Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga 100 ming bosh mayda shoxli mollarni olib kelish va ularni mahalliy sharoitda naslchilik-seleksiya ishlari yordamida ko‘paytirish orqali ularning sonini 2029-yil yakuniga qadar 1 mln boshga yetkazish;

(b) bosqichma-bosqich jun va kashemirni qayta ishlash hamda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;

(v) meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarining Mo‘g‘ulistonga eksport hajmini har yili oshirib borib, 10 barobarga ko‘paytirish choralarini ko‘rish;

(g) O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida tajriba almashish va mutaxassislar malakasini oshirishni yo‘lga qo‘yish.

II. Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni import qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash

2. Belgilansinki, 2025-yil 1 avgustdan 2027-yil 31-dekabrga qadar Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga import qilishda tadbirkorlik subyektlariga:

(a) havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizi Davlat budjeti hisobidan kompensatsiya qilinadi. Bunda ushbu kichik bandda nazarda tutilgan xarajatlar uchun talab etiladigan mablag‘lar Davlat budjeti parametrlarida Qishloq xo‘jaligi vazirligiga chorvachilik xo‘jaliklari tomonidan xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echki, ona baliq va jo‘jalarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplab berish uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi;

(b) qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash muddatini foizlar hisoblanmagan holda to‘lov ta’minotisiz kechiktirib to‘lash imkoniyati beriladi.

3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqa xarajatlarni qayta ko‘rib chiqish hisobidan 2027-yil uchun Davlat budjeti parametrlarida ushbu qarorning 2-bandi “b” kichik bandida ko‘rsatilgan to‘lovlarni qoplab berish bo‘yicha xarajatlarni nazarda tutsin.

4. Markaziy bank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga import qilishda quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

(a) chorvachilik yo‘nalishida jalb qilingan xalqaro moliya institutlarining kredit mablag‘larini tadbirkorlik subyektlariga yillik 10 foiz stavkada (shundan 3 foiz bank marjasi) 5 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan ajratish. Bunda tijorat banklarining mazkur kichik bandda nazarda tutilgan kreditlarni imtiyozli shartlarda ajratish bilan bog‘liq xarajatlari Davlat budjetiga to‘lanadigan dividendlarini mos ravishda kamaytirish hisobiga qoplanadi;

(b) tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan kredit mablag‘lari uchun sug‘urta mexanizmidan foydalangan holda mol-mulk garov ta’minotini 50 foizgacha etib belgilash.

5. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga (keyingi o‘rinlarda – Veterinariya qo‘mitasi) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimlarining kafilligi asosida bir oy muddatda qaytarish sharti bilan Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tadbirkorlik subyektlariga Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni yetkazib berishda moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish huquqi berilsin.

6. Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga import qilinadigan mayda shoxli mollarning hududlar kesimidagi taqsimoti 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. Buxoro, Jizzax, Namangan, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari hokimlari bir hafta muddatda mayda shoxli mollarni parvarishlash uchun ozuqa yeri, chorvachilik majmuasi va mutaxassisi (veterinar) mavjud bo‘lgan tadbirkorlar ro‘yxatini shakllantirib, Veterinariya qo‘mitasiga taqdim etsin.

8. Belgilab qo‘yilsinki, Yaylov yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish va ularni muhofaza qilish, qorako‘lchilik, teri va jun sanoati sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasi qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo yaylov xo‘jaliklari balansidagi yerlar Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga kamida 1 000 bosh import qilgan tadbirkorlik subyektlariga quyidagi shartlar asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga beriladi:

(a) naslchilik va seleksiya ishlarini rivojlantirish orqali import qilingan mayda shoxli mollarning bosh sonini ko‘paytirib borish;

(b) yaylovlarda ozuqabop o‘simlik turlaridan bo‘lgan izen, teresken, quyrovuq, kamforosma, cho‘g‘on, erkak o‘t, oq (qora) saksovul ekilishini tashkil qilish.

III. Mo‘g‘ulistonga meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish ishlarini tashkillashtirish

9. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda 2025–2026-yillarda:

(a) Mo‘g‘ulistonning yirik savdo markazlarida “O‘zbekiston mahsulotlari” yarmarkasini tashkil etsin hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini O‘zbekistondan eksport qilib, kelgusida boshqa davlatlarga reeksportni amalga oshirsin;

(b) Ulan-Bator shahridagi yirik savdo maydonlarida O‘zbekiston mahsulotlari stendini tashkil etib borsin;

(v) O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston savdo uyini tashkil etsin;

(g) Mo‘g‘ulistonning importchi korxonalari vakillaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etgan holda biznes uchrashuvlar o‘tkazsin.

IV. Mayin jundan aralash ip va mato ishlab chiqarishni tashkil etish

10. Savdo-sanoat palatasi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va Qishloq xo‘jaligi vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

(a) 2025-yil yakuniga qadar O‘zbekiston to‘qimachilik fabrikalarida dastlabki bosqichda sinov tariqasida aralash ip va mato ishlab chiqarish uchun Mo‘g‘ulistondan “O‘zsanoateksport” AJ orqali markazlashgan holda mayin jun va kashemir olib kelish. Bunda “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ ushbu maqsadlar uchun “O‘zsanoateksport” AJga uning buyurtmanomasiga asosan belgilangan tartibda mablag‘ ajratadi;

(b) 2026-yil yakuniga qadar Mo‘g‘ulistondan import qilingan mayda shoxli mollardan olinadigan junni qayta ishlash bo‘yicha mahalliy mutaxassislarning Mo‘g‘ulistonning kashemir ishlab chiqarish va to‘qimachilik korxonalarida malakasini oshirgan holda junni qayta ishlash korxonasini tashkil etish.

V. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida tajriba almashish va mutaxassislar malakasini oshirishni yo‘lga qo‘yish

11. Agrosanoatni rivojlantirish agentligi 2026-yil yakuniga qadar Mo‘g‘ulistonga sovuqqa chidamli va serhosil 10 ming dona meva ko‘chatlarini tomchilatib sug‘orish texnologiyalari bilan birga yetkazsin hamda 15 gektar yer maydonida zamonaviy sanoatlashgan intensiv bog‘ tashkil etishga ko‘maklashsin. Bunda meva ko‘chatlari va tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini sotib olib, uni Mo‘g‘ulistonga yetkazish xarajatlarini qoplash Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Agrosanoatni rivojlantirish agentligi huzuridagi “Agrosanoat innovatorlari” MCHJ tomonidan amalga oshiriladi.

12. Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universiteti va Mo‘g‘uliston tabiiy fanlar universiteti o‘rtasida magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etilishini ta’minlasin.

VI. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat

13. Bosh vazir o‘rinbosarlari J. Qo‘chqorov va J. Xodjayev ikki oy muddatda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida erishilgan kelishuvlar va loyihalarni moliyalashtirish hamda tadbirkorlik subyektlarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash maqsadida Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasiga 50 mln AQSH dollari hamda Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasiga 50 mln AQSH dollari ekvivalentida 2030-yil 31-dekabrga qadar qaytarish sharti bilan past foizli mablag‘ jalb qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin.

14. Vazirlar Mahkamasi (Xodjayev) ikki hafta muddatda mazkur qarorning 2 va 4-bandlariga muvofiq quyidagilarni tasdiqlasin:

(a) havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizini Davlat budjeti hisobidan kompensatsiya qilish bo‘yicha vaqtinchalik tartibni;

(b) Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tadbirkorlik subyektlariga Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni olib kelish uchun moliyaviy ko‘mak berish bo‘yicha vaqtinchalik tartibni.

15. Transport vazirligi o‘n kun muddatda:

(a) Veterinariya qo‘mitasi bilan birgalikda mayda shoxli mollarni Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga havo transporti orqali olib kelish;

(b) O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini O‘zbekistondan Mo‘g‘ulistonga havo transporti orqali eksport qilishni tashkil etish choralarini ko‘rsin.

16. Veterinariya qo‘mitasi bir hafta muddatda Mo‘g‘ulistondan import qilinadigan mayda shoxli mollar nasli, vazni va yoshi bo‘yicha talablarni ishlab chiqib, hududlar va tadbirkorlarga yetkazsin.

17. 2025–2026-yillarda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

18. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib quyidagilar belgilansin:

(a) qishloq xo‘jaligi vaziri I. Abdurahmonov – Mo‘g‘ulistonda sabzavot va poliz ekinlarini yetishtirish hamda agrar sohada ilmiy hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yishga;

(b) qishloq xo‘jaligi vaziri I. Abdurahmonov va Veterinariya qo‘mitasi raisi B. Norqobilov – Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga import qilinadigan mayda shoxli mollarni olib kelish havo transporti xarajatining bir qismini qoplab berishga;

(v) Veterinariya qo‘mitasi raisi B. Norqobilov:

(i) Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga import qilish hamda naslchilik va seleksiya ishlarini rivojlantirish orqali ularning sonini mahalliy sharoitga moslashtirgan holda 2029-yil yakuniga qadar 1 mln boshga yetkazish;

(ii) Mo‘g‘ulistondan olib kelinadigan mayda shoxli mollarni mahalliy sharoitga moslashtirish, ularni ko‘paytirish bo‘yicha choralarning natijadorligi, taqdim etilgan imtiyozlarning samaradorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har oy yakuni bilan hisobot kiritib borishga;

(g) O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori I. Ergashev – Mo‘g‘ulistonga meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini keskin oshirishga;

(d) Savdo-sanoat palatasi raisi D. Vaxobov – Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga import qilinadigan mayda shoxli mollarning junini qayta ishlashga.

19. Qaror ijrosi uchun mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 

Sh. Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

Mebelsozlik korxonasi ko‘zdan kechirildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Chilonzor tumanidagi industrial hududda joylashgan “Eman materials” korxonasida bo‘ldi.

Bugun dunyodagi iqtisodiy tebranishlar sharoitida, avvalo, ichki imkoniyatlardan foydalanish, eng ko‘p ish o‘rni yaratadigan sohalarni himoyalash zarurati tug‘ilmoqda. Mamlakatimizda to‘qimachilik, qurilish materiallari, mebelsozlik ana shunday sohalar sirasiga kiradi. Ularda bir million nafarga yaqin aholi ishlamoqda.

Jumladan, mebelsozlikka ixtisoslashgan 7 ming 500 ta korxona faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yilning o‘zida 920 ta yangi korxona ochilgan. Sohada 6 trillion 700 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlanib, 20 million dollarlik mebel eksport qilingan.

Xorazm viloyatining Xonqa tumani tajribasi asosida boshqa joylarda ham mebelchilik markazlari tashkil etilmoqda. Sohadagi tadbirkorlarning chet eldan xomashyo, furnitura va aksessuar olib kelishi, eksport bozorlariga chiqishi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Chilonzor tumanidagi industrial hududda mebelsozlikka ixtisoslashgan o‘nga yaqin shirkat bor. “Eman materials” korxonasi tashabbuskorning 10 million dollar mablag‘i evaziga tashkil topgan. Bu yerda yiliga 10 ming tonna furnitura va mebelsozlik buyumlari ishlab chiqarilmoqda. Ular kooperatsiya asosida yurtimizdagi minglab korxonalarga yetkazib berilyapti. Endi eksportga chiqarish ham rejalashtirilgan.

Korxonada 200 kishi ish bilan ta’minlangan. Ahamiyatlisi, shu yerning o‘zida mebelsozlik o‘quv markazi ham tashkil etilgan. Buning uchun Italiya va Turkiya kabi davlatlardan mutaxassislar jalb qilingan.

Shuningdek, korxona tomonidan buyurtma asosida mebel ishlab chiqarish, loyihalashtirish, kesish, uskunalarni ta’mirlash kabi qo‘shimcha xizmatlar ham ko‘rsatiladi.

Majmuada ko‘rgazma zali ham tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda poytaxtdagi nomdor – brend mahsulotlar bir joyga jamlangan. Bu tizim sotuvchi, xizmat ko‘rsatuvchi va oluvchiga qulaylik yaratmoqda.

Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirib, mutaxassislar bilan suhbatlashdi. Mebelsozlik tarmog‘ida mahalliylashtirish va qo‘shilgan qiymat yaratish bo‘yicha hali foydalanilmagan juda ko‘p imkoniyat borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu yerda Chilonzor tumanida tashkil etilgan “Islohotlar shtabi” faoliyati haqida axborot berildi. Aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan yangi takliflar va kutilayotgan natijalar ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, tumanda joriy yil boshida kambag‘allik darajasi 7 foizdan yuqoriroq bo‘lgan bo‘lsa, birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha bu raqam 2,2 foizga tushgan. Manzilli rejaga ko‘ra, tumanni yil yakuniga qadar kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilingan. Buning uchun oilalar imkoniyatini yuzaga chiqarish, mikroloyihalarni amalga oshirish, yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil qilish, norasmiy ish o‘rinlarini qonuniylashtirish choralari ko‘riladi.

Prezident aholi bandligiga qaratilgan tashabbuslarni hamisha qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Investitsiyalarni jalb etib, imkoniyatlarni loyihaga aylantirish, kichik korxonalar faoliyatini kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Iqtisodiyot va investitsiya sohalari mas’ullariga tadbirkorlar bilan doimiy uchrashib, muammolarini hal etish, takliflarini yuzaga chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.