Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Hindiston yetakchilari strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-avgust kuni Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Bosh vazir va do‘st Hindiston xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram – mamlakat Mustaqilligi kuni bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

O‘zbekiston-Hindiston strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Erishilgan kelishuvlarga muvofiq amaliy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani, turli darajalarda faol va sermahsul muloqotlar davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 60 foizga oshdi, 40 ga yaqin yangi qo‘shma korxona va kooperatsiya loyihalari ishga tushirildi. Hindistonning yetakchi kompaniyalari bilan amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalarning joriy portfeli ikki milliard dollarga yetdi. O‘zbekistonda Hindiston universitetlarining to‘rtta filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Yetakchilar farmatsevtika va kimyo sanoati, raqamli iqtisodiyot, energetika, konchilik, qishloq xo‘jaligi, qurilish, turizm va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish va amalga oshirishga alohida e’tibor qaratdilar.

«Shimol-Janub» yo‘lagi doirasida samarali transport-tranzit yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini Toshkent shahrida samarali o‘tkazish muhimligi qayd etildi. Madaniyat va kino kunlarini o‘zaro tashkil etish, hududlar darajasida almashinuvlarni faollashtirish taklif qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti va Hindiston Bosh vaziri mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar hamda bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.

Posted on Leave a comment

Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-avgust kuni yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Avvallari biznesga yuqori ma’muriy bosim va aralashuv bo‘lgani uchun ko‘pchilik oshkora ishlashdan xavfsirar edi. So‘nggi yillarda soliq yukini kamaytirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘p ish qilindi. Soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaydi, 100 dan ortiq turdagi litsenziya va ruxsatnoma bekor bo‘ldi.

Bularning natijasida, kuzatilmayotgan iqtisodiyot ulushi 2019-yildagi 45-50 foizdan hozirda 35 foizga tushdi. Lekin hali buni yanada kamaytirish zarur.

Taqdimotda shu boradagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Mutasaddilar yashirin iqtisodiyotga sabab bo‘layotgan omillar va ularni bartaraf etish choralari bo‘yicha axborot berdi.

Bunda eng samarali yo‘l ilg‘or texnologiyalar asosida yangicha yondashuvlarni joriy qilish ekani ta’kidlandi. Masalan, Toshkent shahrida jamoat transporti to‘liq avtomatlashgan to‘lovga o‘tkazilgani natijasida, aslida, yo‘lovchilar soni 30 foizga ko‘p ekani ko‘ringan. Yoki raqamlashtirilgan dehqon va buyum bozorlarida tushum 2-3 karra oshayapti.

Shunday tizimni qishloq xo‘jaligi, qurilish, transport, savdo va xizmatlar kabi yashirin iqtisodiyot ulushi yuqori bo‘lgan sohalarda ham joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Litsenziya va ruxsatnoma berish jarayonlari hamda muddatlarini qayta ko‘rib chiqib, inson omilini keskin qisqartirish va barcha qadamlarni to‘liq raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi. Tadbirkorlar ko‘p duch keladigan soliq, bank, bojxona, kommunal, sertifikatlash kabi sohalarda korrupsiyaga yo‘l ochayotgan omillarga chek qo‘yish zarurligi aytildi.

Elektron to‘lovlar rivojlangani odamlarga keng qulaylik yaratmoqda. Bu yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda ham maqbul vosita. Buning uchun naqdsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish, to‘lov tashkilotlarini ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari faqat nazoratni kuchaytirish bilan yashirin iqtisodiyotni jilovlab bo‘lmasligini, aholi va tadbirkorlarning soliq madaniyatini oshirib, to‘g‘ri ishlaganlarni rag‘batlantirish yo‘lidan borish kerakligini ta’kidladi.

Har bir soha bo‘yicha alohida yondashuv qilib, tadbirkorlarga ochiq va qonuniy ishlashni manfaatli qilish vazifasi qo‘yildi. Shundan kelib chiqib, soliq ma’murchiligini takomillashtirish va raqamlashtirish, biznesga qo‘shimcha yengilliklar berish, mehnat munosabatlarini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

O‘z navbatida, soliq madaniyati butun jamiyat ishiga aylanishi zarur. Xalqimiz hamisha qadrlagan halollik fazilati pirovard natijada barcha sohalarda fayz-u baraka va farovonlik olib keladi. Bu g‘oyalarni aholi orasida targ‘ib qilib, keng qaror topdirish muhimligi qayd etildi.

Posted on Leave a comment

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun maxsus huquqiy rejim joriy etiladi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-avgust kuni yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish mamlakatimizda strategik vazifaga aylangan. Iqtisodiyot ravnaqi, aholi bandligi va turmush farovonligida bu sohaning o‘rni juda katta. Shu bois biznes yuritish qoidalari soddalashtirilib, qulayliklar oshirib borilmoqda. Raqamli texnologiyalar ommalashayotgani bunda qo‘l kelayotir.

Endi buni davom ettirgan holda, shaffof tadbirkorlik muhitini shakllantirish, naqdsiz to‘lovlar uchun qulayliklarni kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Unga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 2030-yil 31-dekabrga qadar maxsus huquqiy rejim joriy etiladi. Ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan tortib hisobotni topshirishgacha bo‘lgan barcha asosiy xizmatlarni birlashtiruvchi integratsiyalashgan raqamli platformalar yaratiladi. Jumladan, faoliyatni rasmiylashtirish, bank hisobvaraqlari ochish va boshqarish, soliqlarni hisoblash va to‘lash, hisob-kitoblar qilish va fiskal cheklarni shakllantirish ushbu raqamli platformalar orqali yuritiladi.

Bu tizimda elektron hamyon ochilishi tadbirkorlarga daromadlarni qabul qilish, xodimlar, kontragentlar va tashkilotlar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash imkoniyatini beradi. Elektron hamyonga ega bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun bank hisobvaraqlarini ochish ixtiyoriy bo‘ladi.

2025-yil 1-noyabrdan boshlab, bu jarayonlarda “QR-kod” va “tap to pay” texnologiyasidan foydalaniladi. Hujjatlarni masofaviy biometriya va “SMS xabarnoma” orqali elektron kalitsiz imzolash mumkin bo‘ladi. Bu ma’lumotlar qog‘oz nusxadagi hujjatlar bilan tenglashtiriladi. “Kunlik to‘lov” tartibi tajriba tariqasida joriy etilib, xodimlarga to‘lovlarni elektron hamyon orqali to‘lash imkoniyati yaratiladi.

2026-yil 1-yanvardan boshlab, yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarda elektron to‘lovlarni qabul qiluvchi maxsus QR-kod mavjud bo‘lishi chakana savdo qoidalarining majburiy talabi etib belgilanadi. Raqamli platformadagi pul aylanmalari to‘g‘risidagi ma’lumot kredit ajratishda inobatga olinadi.

Prezidentimiz bu takliflarni ma’qullab, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-avgust kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari qardosh Ozarbayjon yetakchisi va xalqini tarixiy voqea – kuni kecha Vashington shahrida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik deklaratsiyasi imzolangani bilan samimiy qutladi.

Tez fursatda tinchlik bitimi rasman imzolanishi Janubiy Kavkazda tinchlik, barqarorlik va ravnaqni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining joriy yil iyul oyida Ozarbayjonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ikki tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Barcha darajalarda samarali muloqot va almashinuvlar davom etmoqda. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 30 foizga oshdi. «Yo‘l xaritasi» asosida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli kooperatsiya loyihalari shakllantirilmoqda. Neft-gaz sohasidagi strategik loyiha bo‘yicha imzolangan Mahsulot taqsimotiga oid bitim doirasida amaliy ishlar olib borilmoqda.

Yetakchilar bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuv va tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston quruvchilariga bayram tabrigi



Hurmatli quruvchilar, muhandis va mutaxassislar, soha faxriylari!

Avvalo, siz, azizlarni bugungi qutlug‘ kasb bayramingiz bilan samimiy tabriklab, barchangizga yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Sizlar kabi ming-minglab mohir quruvchi va muhandislar, usta va me’morlar, loyihachi va mutaxassislarning mashaqqatli mehnati bilan Yangi O‘zbekistonning yangi, obod va ko‘rkam qiyofasi shakllanmoqda, xalqimizning hayoti tobora farovon bo‘lib bormoqda. Buning uchun barchangizga chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Keyingi yillarda qurilish industriyasi rivoji yangi bosqichga ko‘tarilib, ushbu soha milliy iqtisodiyotimizning drayverlaridan biriga aylandi. So‘nggi sakkiz yil davomida qurilish ishlari hajmi bir necha barobar ortib, 2016-yildagi 30 trillion so‘mdan 2024-yilda qariyb 234 trillion so‘mga yetgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

O‘tgan yili yurtimizda jami 40 million 500 ming kvadrat metr bino va inshoot qurilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu raqam 45 million kvadrat metrdan oshishi kutilmoqda.

Xalqimizning o‘sib borayotgan talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, 2024-yili 100 mingdan ziyod xonadonga ega bo‘lgan 2 ming 44 ta ko‘p qavatli uy barpo etildi. Bugungi kunda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan uy-joy hajmi 2020-yildagi 16 kvadrat metrdan 19 kvadrat metrga yetganini alohida ta’kidlash lozim.

E’tiborlisi, bu boradagi ishlar izchil davom ettirilib, 56 ta hududdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarida qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Joriy yilda xalqimiz ixtiyoriga 135 mingta xonadon topshiriladi. 2030-yilgacha “Yangi O‘zbekiston” massivlari sonini 100 taga yetkazish maqsad qilingan, bu esa 250 mingta xonadon degani.

Dunyoning ilg‘or kompaniyalari bilan hamkorlikda “Yangi Toshkent” loyihasi doirasida 20 ming gektar maydonda 2 million aholi uchun qulay infratuzilma yaratilmoqda.

Ayni vaqtda Yangi Toshkent shahri qurilishining birinchi bosqichida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Yangi O‘zbekiston universiteti, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, muzeyi, ixtisoslashtirilgan maktab va maqom markazi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti kabi yirik bino va inshootlar qad rostlamoqda.

Bularning barchasi qo‘ligul bunyodkorlarimiz qanday ulkan marralarga erishayotganini yaqqol namoyon etadi.

Qadrli do‘stlar!

Boshqa sohalar qatori qurilish tarmog‘ida ham davr talabi asosida raqamlashtirish jarayoni jadal rivojlanmoqda. Sohada 30 dan ortiq axborot tizimi joriy qilindi. “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida 22 ta davlat xizmati raqamlashtirilgani natijasida ortiqcha qog‘ozbozlik va ovoragarchiliklarga chek qo‘yildi. Tender platformasi joriy etilishi tufayli inson omilining aralashuviga barham berildi, shaffoflik, ochiq raqobat muhiti shakllantirildi.

Uy-joy qurilishida ulushdor sifatida ishtirok etadigan fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish maqsadida “Eskrou” tizimi tatbiq etilmoqda. Shu asosda ishonchli developerlar bozori shakllantiriladi.

Bugungi kunda shaharsozlik sohasida ham yangi davr boshlandi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Endilikda bosh rejalar mutlaqo yangi mazmun va ko‘rinishda ishlab chiqilib, geoaxborot tizimiga joylashtirish uchun raqamlashtirilmoqda. Xususan, 2024-yilda 146 ta shaharsozlik hujjatlari raqamlashtirildi. 2025-yilda ushbu ko‘rsatkich 180 taga yetkaziladi.

Qurilish resurslari milliy klassifikatori yaratilib, narxlarni shakllantirish va obyektlar smeta qiymatini aniqlash ham elektron tizimga o‘tkazilmoqda.

Qurilish jarayonlarining barcha bosqichlarida jamoatchilik fikrini inobatga olish, nazorat jarayonida ishtirokini ta’minlash hamda qurilish sifatini yaxshilash maqsadida nazorat mexanizmlari samaradorligini oshirish muhim ahamiyatga ega.

Shu borada nazorat faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, obyektlarda ishlarning borishini kunlik nazorat qilib borish hamda real vaqt rejimida kuzatish imkonini yaratgan holda kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish soha vakillari oldida turgan muhim vazifalardan biridir.

Aminmanki, sizlar bugungi zamonning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan ana shunday muhim talablarni chuqur anglab, yuksak natijadorlik bilan mehnat qilasizlar. Zahmatkash quruvchilarimizning mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularni munosib rag‘batlantirish masalalari bundan buyon ham doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib qoladi.

Har bir qurilgan bino – bu bizning kelajak avlodlarga qoldiradigan buyuk merosimiz, har bir ko‘cha va shaharchaning ko‘rinishida sizlarning qo‘l izingiz borligini, insonlar baxti va quvonchi aynan sizlarning mehnatingiz bilan bog‘liqligini hech qachon unutmang.

Yangi O‘zbekistonni bunyod etishda oldimizda zamonaviy shaharlar, qulay turar-joy massivlari, insonlarga shodlik baxsh etuvchi betakror imoratlar qurish kabi ulkan vazifalar turibdi va buni amalga oshirishda biz sizdek – mo‘jizakor, mohir va zahmatkash quruvchilarimizga ishonamiz hamda suyanamiz!

Hurmatli quruvchilar!

Sizlarni – mamlakatimizni har tomonlama go‘zal va betakror diyorga aylantirishdek sharafli ishga sidqidildan hissa qo‘shib kelayotgan barcha yurtdoshlarimizni bugungi bayram bilan yana bir bor chin yurakdan muborakbod etaman.

El-yurtimiz ravnaqi va farovonligi yo‘lida siz, azizlarga yangi yutuq va omadlar yor bo‘lsin!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

Energiya ta’minotini yaxshilash rejalari bo‘yicha axborot berildi



Davlatimiz rahbariga Toshkent shahrida energetika tizimining barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha axborot berildi.

Poytaxtimizda aholi soni ham, bunyodkorlik ko‘lami ham oshib bormoqda. Bir yil ichida 12 mingta yangi quvvat, savdo va servis majmualari ishga tushdi. Odamlarning turmush tarzi yaxshilanib, maishiy texnikalardan foydalanish ko‘payyapti.

Bularning barchasi energiyaga talabni oshiradi. Shuni hisobga olib, oxirgi ikki yilda Toshkentda elektr ta’minotini yaxshilash uchun 2 trillion 800 milliard so‘m yo‘naltirilgan. 36 ta podstansiya, 665 ta transformator, 2 ming kilometrdan ziyod tarmoq yangilangan.

Lekin hali qilinadigan ishlar ko‘p. 46 ta podstansiya va 207 ta transformator ortiqcha yuklama bilan ishlayapti. Yil boshidan beri poytaxtimizda elektr iste’molchilari yana 40 mingtaga ko‘paygan, talab 6 foiz o‘sgan.

Shu bilan birga, ilgari yozdagi jazirama kunlar davomiyligi bir haftadan oshmagan bo‘lsa, bu yil 20 kungacha cho‘zilgan. Oqibatda iyul oyida Toshkent shahrida iste’mol miqdori 900 million kilovatt-soatdan oshgan.

Bu omillar modernizatsiya jarayonlarini izchil davom ettirishni talab qiladi. Taqdimotda energetika vaziri poytaxtimizdagi har bir tuman va mahallalar kesimida rejalarni bayon qildi.

Unga ko‘ra, bu yil birinchi bosqichda 374 kilometr tarmoq, 11 ta podstansiya, 62 ta transformatorni yangilash ko‘zda tutilgan. Kelasi yil yana 788 kilometr tarmoq, 35 ta podstansiya va 145 ta transformator modernizatsiya qilinadi. Jumladan, mahallalardagi transformator va tarmoqlar ta’mirlanib, yangilari o‘rnatiladi.

Prezidentimiz kuz-qish mavsumiga oz fursat qolganiga e’tibor qaratib, bu yilgi rejani 1-noyabrgacha yakunlash zarurligini ta’kidladi.

So‘nggi yillarda barcha hududlarda generatsiya ko‘paytirib borilmoqda. Shu bilan birga, sanoat korxonalarini muqobil energiya tizimiga o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, 2027-yilgacha yirik korxonalar va turizm maskanlarida 752 megavattli quyosh stansiyasi hamda 812 megavattli saqlash quvvatlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Mutasaddilar atom energetikasi yo‘nalishidagi ishlar haqida ham axborot berdi.

Ma’lumki, yurtimizda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Bo‘lajak stansiyaning har bir bosqichi – loyihalashtirishdan to bitgunga qadar Xalqaro atom energiyasi agentligining qat’iy nazorati ostida bo‘ladi, eng ilg‘or xavfsizlik talablari tatbiq etiladi.

Prezidentimiz rejadagi inshootlarni sifat va muddatga amal qilgan holda ishga tushirib, barqaror energiya quvvatlarini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Vazirlar Mahkamasiga energiya samaradorlikni oshirish masalasini har hafta muhokama qilib borish topshirildi.

Posted on Leave a comment

Bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi yondashuvlar belgilandi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-avgust kuni oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Oxirgi yetti yilda qabul 4,5 barobar oshib, yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi 42 foizga yetgan bo‘lsa-da, kadrlar tayyorlash tizimi real ehtiyojga mos emas.

Misol uchun, Jizzaxdagi “BYD” zavodida 100 ta vakant bor. Shuning to‘rtdan biri – robototexnika va bo‘yoqlash, robotlarni dasturlash muhandislari. Zavod to‘liq quvvatga o‘tsa, malakali kadrlarga talab yanada ortadi.

Oliy ta’limda o‘qitilayotgan kadrlar bilan ish beruvchilar talabi o‘rtasida farq katta. Oqibatda korxonalar chetdan tayyor mutaxassis jalb qilishga majbur bo‘layapti. Har bir talabani oliygohda o‘qitib, mutaxassis qilib tayyorlash uchun davlat yiliga 25-30 million so‘m sarflayapti. Lekin, to‘rt yil umrini sarflab, diplom olgan yoshlarning yarmidan ko‘pi oddiy-oddiy ishlarda band.

So‘nggi yillarda 40 ta oliy o‘quv yurtiga moliyaviy mustaqillik berilgani samarasida iqtisodiyot, huquqshunoslik, tibbiyot, xorijiy tillar va pedagogika yo‘nalishidagi muassasalarning o‘z mablag‘i paydo bo‘ldi. Lekin qishloq xo‘jaligi, veterinariya, muhandislik, aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishlari yoshlar uchun jozibador emas.

Tarmoqlar bilan bog‘liqlikni oshirish maqsadida 25 ta muhandislik bilim yurti hamkor korxonalarda 438 ta kafedra ochdi. Masalan, neft-gaz tarmog‘i ta’lim-ishlab chiqarish klasterlarini tashkil qilgan. Shunday amaliyot natijasida Buxoro texnika universitetining 2 mingdan ziyod bitiruvchisi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashgan. Ilmiy tadqiqotni tijoratlashtirish 10 karra oshgan.

Yaqin yillarda mamlakatimizda 83 milliard dollarlik yirik loyihalar ishga tushishi rejalashtirilgan. Ularning hisobiga sanoatning o‘zida 500 mingga yaqin mutaxassisga ehtiyoj paydo bo‘ladi.

Masalan, Buxoro viloyatida yirik gaz-kimyo majmuasi qurilmoqda. Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda Ustyurtda katta loyihalar boshlanmoqda.

Bularning barchasi oliy ta’limni sohalar talabi darajasiga ko‘tarish, kadrlar tayyorlash sifati va yoshlar bandligi qamrovini jadal oshirishni talab etadi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari bu boradagi yangi tashabbuslarni ma’lum qildi.

Endi qiymati 1 million dollardan, ishchilar soni 50 tadan ko‘p bo‘lgan loyihalarning texnik-iqtisodiy asosida sohalar va yo‘nalishlar kesimida mutaxassislarga ehtiyoj ko‘rsatiladi. Bu orqali mas’ul vazir va tarmoq rahbari oliy o‘quv yurtiga buyurtma joylashtirib, kadrlarni maqsadli tayyorlashni yo‘lga qo‘yadi.

Bunda rektorlar buyurtma asosida o‘qiyotgan talabalar uchun, asosiy fanlardan tashqari, qo‘shimcha ta’lim modullarini joriy qiladi. Ularni o‘qigan talabalarga kredit ballari beriladi.

Talabalarning bilimi ikkinchi kursdan keyin ularni ishga olmoqchi bo‘lgan investorlar ishtirokida yillik baholanadi. Bitiruvchi diplom ishini loyihada qo‘yilgan masalalardan kelib chiqib, himoya qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, investor talabiga mos bitiruvchilar kafolatli ishga olinadigan bo‘ladi.

 Mehnat munosabatlarida xususiy sektor uchun manfaatli tizim yaratilmoqda. Endi bitiruvchini ishga olganlik uchun tadbirkorlik reytingida qo‘shimcha ball beriladi. Oliy ta’lim muassasasi ularni bo‘sh o‘rin bor korxonaga yo‘naltiradi.

Yig‘ilishda rektorlar vakolati va mas’uliyatini oshirish masalasi ko‘rib chiqildi. Shu maqsadda Yangi O‘zbekiston universitetining baholash tizimi boshqa muassasalarda ham yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Bunda oliy o‘quv yurtiga  bitiruvchilar bandligiga qarab 40 ball, ilmiy tadqiqotlar uchun tarmoq buyurtmasi va mahsulotini sotishiga qarab 30 ball, ilmiy salohiyati va tan olingan xalqaro jurnallardagi maqolalari uchun 20 ball, jalb qilingan mahalliy va xorijiy grant uchun 10 ballgacha beriladi. Ushbu ballarga qarab, moliyalashtirish tizimi joriy qilinadi.

Yangi O‘zbekiston universitetida “Rektorlar maktabi” dasturi orqali rektor va prorektorlikka nomzodlar maqsadli tayyorlanadi.

Endi barcha oliy o‘quv yurtlari tashkiliy va akademik mustaqil bo‘ladi. Jumladan, rektorlar o‘rinbosarlarini o‘zi tayinlaydi, belgilangan miqdor doirasida professor-o‘qituvchilar va boshqaruv xodimlarini taqsimlaydi. Shuningdek, rektorlarga “super kontrakt” miqdorini tabaqalashgan holda belgilash vakolati beriladi.

Mutasaddilarga ushbu yangiliklarni adolatli va tizimli yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Davlatimiz rahbari yana bir muhim tashabbusni ilgari surdi.

Ma’lumki, hujjat topshirishda abituriyentlar 5 tagacha oliy o‘quv yurtini tanlayapti. Bu yoshlar uchun juda katta imkoniyat bo‘ldi.

Endi bu yanada kengaytiriladi. Abituriyentlar tanlovidan birortasiga kirolmagan bo‘lsa, lekin bali boshqa oliygohdagi to‘lmagan yo‘nalishga to‘g‘ri kelsa, ularni shartnoma asosida qabul qilishi mumkin bo‘ladi.

Yig‘ilishda yoshlar bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, bu yilgi 92 ming bitiruvchining keyingi faoliyatida ko‘maklashish chora-tadbirlari belgilandi.

Qayd etilganidek, ulardan 20 ming nafari magistratura va ikkinchi mutaxassislik bilan qamrab olinadi. Yana 20 mingi Bandlik vazirligi orqali staj talab qilmaydigan ishlarga joylashtiriladi.

Har bir viloyatda “biznes inkubatorlar” tashkil qilib, tadbirkorlik, marketing, dizayn, axborot texnologiyalari sohalarida 10 ming bitiruvchini band qilish mumkinligi aytildi.

Shuningdek, kimyo, energetika, geologiya, avtosanoat, metallurgiya, to‘qimachilik, elektrotexnika, qurilish, transport, logistika kabi iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda yoshlarni ishli qilish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.

Tijorat banklari orqali 20 ming bitiruvchining biznes boshlashiga ko‘maklashish rejalashtirilgan. Xususan, yoshlar bandligini ta’minlash uchun Milliy bank va Aloqa bangga bu yil 300 million dollar ajratilgan.

Banklar mazkur imtiyozli kredit resursining bir qismini bitiruvchilarni ishga olgan korxonalarga ham berish tashabbusini bildirdi. Endi bunday tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli kredit beriladi. Ushbu yangi tizim nafaqat bu yilgi, balki o‘qishni tugatganiga 3-yil bo‘lmagan bitiruvchilar uchun ham tatbiq qilinadi.

Uyushmagan yoshlarni alohida mehr-e’tiborga olib, foydali mashg‘ulotlarga yo‘naltirish muhimligi ta’kidlandi. Ularni kasb va til to‘garaklari, sport musobaqalari, harbiy-vatanparvarlik tadbirlariga jalb qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha mutasaddilari, rektorlar va tadbirkorlarning fikrlari eshitildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari telefon orqali ikki tomonlama va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Ikki tomonlama va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

Rossiya Prezidenti 6-avgust kuni Moskva shahrida AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan o‘tkazilgan muzokaralarning asosiy natijalari haqida ma’lum qildi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning amaliy jihatlari ham muhokama qilindi.

O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiya ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’atini ta’minlash, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, hududlar darajasida sermahsul aloqalar, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari bo‘lajak uchrashuv va tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.

Posted on Leave a comment

Navoiy viloyatidagi ulkan imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-avgust kuni Navoiy viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Navoiy viloyati yerosti boyliklari, sanoati va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ulkan salohiyatli hudud. Bularning negizida so‘nggi sakkiz yilda 8 milliard dollarlik 7 mingdan ziyod loyiha amalga oshirilib, 73 mingta ish o‘rni yaratilgan. Tadbirkorlar soni 10 mingtadan 30 mingtaga ko‘paygan.

O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 12-dekabrdagi “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imkoniyatlarni yanada oshirdi.

Bu yil 6 oyda investitsiya hajmi 643 million dollarga yetdi, eksport 635 million dollardan oshdi. 550 million dollarlik yangi quvvatlar, 1 ming 140 ta savdo va servis majmualari ishga tushirildi.

Lekin hali foydalanilmagan manbalar juda ko‘p. Davlatimiz rahbari Navoiy viloyatida yirik sanoat tarmoqlaridan tashqari yaylovlarni o‘zlashtirish, chorvachilikni rivojlantirish, xizmat turlarini ko‘paytirish bo‘yicha imkoniyatlar bepoyon ekanini ta’kidladi.

Xususan, mamlakatimizdagi qazilma boyliklarining 20 foizi, yaylovlarning 43 foizi shu hududda joylashgan. Yirik korxonalar va qulay infratuzilma ko‘plab yondosh tarmoqlarda talab yaratgan.

Joylardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarish uchun Navoiy viloyatida ham “Islohotlar shtabi” tuzildi. Yig‘ilishda tadbirkorlarning takliflari asosida ishlab chiqilgan yangi loyihalar taqdimot qilindi.

Jumladan, G‘ozg‘on shahri, Nurota, Xatirchi, Navbahor va Uchquduq tumanlaridagi 8 ta konga investorlar 566 million dollar sarmoya kiritishga tayyorligini bildirgan. Buning natijasida sanoat hajmi 2,5 trillion so‘mga, eksport 100 million dollarga ko‘payadi.

Masalan, Nurota tumanida 750 million kub metr granit toshlari zaxirasi bor. Uni qayta ishlash uchun 50 gektar maydonda sanoat zonasi tashkil etish taklif qilindi.

Shu tumandagi 10 ta mahallada 5 mingdan ziyod xotin-qiz kashtachilik bilan shug‘ullanib, daromad topmoqda. Endi buni kengaytirib, 28 ta mahallada Kashtachilik markazlari ochish rejalashtirilgan.

Ehtiyojmand oilalarni quyosh panellari va ko‘chma do‘konlar bilan ta’minlab, kambag‘allikdan chiqarish ko‘zda tutilgan.

Viloyatdagi 3 million gektar yaylov qishloq xo‘jaligi uchun katta imkoniyat. Masalan, qiziltepalik tadbirkor ming gektar yaylovda yomg‘irlatib va tomchilab sug‘orish texnologiyasini qo‘llab, eksportbop ekinlar yetishtirmoqda. Endi chorvachilikni yo‘lga qo‘yib, sutni qayta ishlash tashabbusini bildirgan.

Umuman, viloyatda 1 milliard 600 million dollarlik qo‘shimcha loyihalar shakllantirilgan. Ularning natijasida yana 10 ming ish o‘rni, byudjetga 1 trillion so‘m tushum va 238 million dollarlik eksport imkoniyati paydo bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari loyihalarning iqtisodiy samaradorligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Yirik va kichik korxonalar o‘rtasida kooperatsiya yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Tadbirkorlarni korxonalarga bog‘lab, kafolatli buyurtmani yo‘lga qo‘yib, kichik biznesning viloyatdagi ulushini oshirish vazifasi qo‘yildi.

Yaylovlarga suv chiqarishga ko‘maklashib, ulardan samarali foydalanish, oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.

Navoiy viloyatida o‘rtacha ish haqi boshqa hududlardan 1,5 barobar yuqoriligi savdo va servisga talabni ham, taklifni ham rag‘batlantiradi. Shunga munosib, istirohat bog‘lari va dam olish maskanlari tashkil etish, turistlarni ko‘paytirish, xizmatlar hajmini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Posted on Leave a comment

Davlat rahbarlari Avazadagi milliy pavilonlarni borib ko‘rdilar



BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha konferensiyasi doirasida davlat rahbarlari Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon milliy kunlariga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etdilar.

Milliy kunlar mintaqa mamlakatlari xalqlarining boy madaniy merosini, mustahkamlanayotgan qo‘shnichilik aloqalarini va kengayib borayotgan madaniy-gumanitar hamkorligini namoyish etish maqsadida uyushtirildi.

Bu yerda an’analar va hunarmandchilikka bag‘ishlangan, madaniyat, san’at va turizm sohalaridagi zamonaviy yutuqlar aks etgan milliy pavilonlar ochilgan. Shuningdek, milliy taomlar ko‘rgazmasi va pazandachilik bo‘yicha mahorat darslari tashkil etilgan.

An’anaviy o‘zbek hovlisi asosida qurilgan O‘zbekiston paviloni tashrif buyuruvchilarda yorqin taassurot qoldirdi.

Tadbir mintaqaviy o‘ziga xoslik va madaniy rang-baranglikning navbatdagi namunasi sifatida o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga hamda Markaziy Osiyoni tinchlik, barqarorlik va farovonlik makoni sifatida namoyon etishga xizmat qildi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga amaliy tashrifi doirasidagi tadbirlar yakunlandi.

Turkmanboshi shahri aeroportida oliy martabali mehmonni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov kuzatib qo‘ydi. Davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.