Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti BAA bilan sun’iy intellekt sohasidagi sheriklikni rivojlantirishni taklif etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-yanvar kuni Abu-Dabi shahriga tashrifning ishbilarmonlik tadbirlari doirasida Birlashgan Arab Amirliklari sun’iy intellekt vaziri Umar bin Sulton al-Olama bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda “Presight” kompaniyasi rahbari Tomas Pramotedam, “AIQ” kompaniyasi rahbari Magjan Kenesbay va “Khazna” kompaniyasi rahbari Hasan al-Naqbi, Muhammad bin Zoid nomidagi Sun’iy intellekt universiteti prezidenti Erik Sing ham ishtirok etdi.

“Presight”, “AIQ” va “Khazna” kompaniyalari katta ma’lumotlar tahlili va sun’iy intellekt sohasida yetakchi kompaniyalar qatoriga kiradi. Muhammad bin Zoid universiteti sun’iy intellekt sohasidagi tadqiqotlarga ixtisoslashgan dunyodagi birinchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Uchrashuvda Amirlik kompaniyalari bilan ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish va ularni turli sohalarga muvaffaqiyatli joriy etishga qaratilgan strategik sheriklikni kengaytirish yo‘llari ko‘rib chiqildi.

Generativ sun’iy intellektni ishlab chiqish, shu jumladan energetika sohasida «katta til modellari»ni qo‘llash, Toshkentda yirik ma’lumotlarni qayta ishlash markazini tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Muhammad bin Zoid nomidagi Sun’iy intellekt universiteti bilan almashinuvlarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Prezidentimiz talabalarni o‘qitish dasturini ishga tushirib, bu sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishni taklif etdi.

Ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini birgalikda ishga tushirish, texnologik klasterlar tashkil etish va kontaktsiz to‘lov operatsiyalari uchun innovatsion yechimlarni joriy etish rejalari muhokama qilindi.

Posted on Leave a comment

Yangi O‘zbekiston barqaror rivojlanish va “yashil” taraqqiyot yo‘lida keng amaliy hamkorlik uchun ochiq



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-yanvar kuni Birlashgan Arab Amirliklari poytaxtida o‘tayotgan “Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi” sammitida nutq so‘zladi.

Sammitda Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim, Finlyandiya Respublikasi Bosh vaziri Petteri Orpo hamda qator boshqa mamlakatlarning davlat va hukumatlari, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlari rahbarlari ishtirok etmoqda.

Forumning kun tartibiga muvofiq, barqaror taraqqiyotni ta’minlash, innovatsiyalar, “yashil” iqtisodiyot va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida bugungi kunda energetika manbalarini diversifikatsiya qilish, ulardagi uglevodorod ulushini keskin kamaytirish – iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, barqaror rivojlanish va global xavfsizlikni ta’minlashning asosiy sharti ekanini ta’kidladi.

Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadi – ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy o‘sishning resurslar tejamkorligiga asoslangan “yashil” rivojlanish modeliga o‘tishdir.

– Shu bois 2025-yilni O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qildik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Prezidenti yurtimizda Kam uglerodli rivojlanish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya va “yashil” moliyalashtirish milliy dasturi ishlab chiqilgani, investitsiya loyihalarida “yashil” komponentlar kelgusi besh yilda 50 foizgacha ko‘paytirilishini qayd etdi.

Issiqxona gazlarini monitoring qilish va emissiya uchun kvotalar savdosi bo‘yicha milliy tizimlarni joriy etish ishlari davom etmoqda. 2030-yilga kelib issiqxona gazlari chiqarilishini 35 foizga qisqartirish va bu majburiyatni bosqichma-bosqich oshirib borish reja qilingan.

“Yashil makon” dasturi doirasida shaharlar hududlarining kamida 30 foizi ko‘kalamzor maydonlarga aylantiriladi. Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni 100 foiz tatbiq etish tizimli choralari ko‘rilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev tez sur’atlarda o‘sib borayotgan iqtisodiyotimizning energetikaga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish uchun “yashil” quvvatlar jadal rivojlantirilayotganiga e’tibor qaratdi.

– O‘tgan 5 yilda energetika sohasiga qariyb 20 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilindi va 9,6 gigavatt zamonaviy energiya quvvatlari ishga tushirildi. Jumladan, 3,5 givattli 14 ta quyosh, shamol elektr stansiyalari va 300 megavattli 2 ta saqlash tizimlari ishga tushirildi, – dedi davlatimiz rahbari.

Hozirda xorijiy hamkorlar bilan qiymati 26 milliard dollardan ziyod va umumiy quvvati 24 gigavatt bo‘lgan 50 dan ortiq yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. 2030-yilga qadar mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

– Bugungi kunda “yashil” taraqqiyot O‘zbekistonda umummilliy harakat darajasiga ko‘tarildi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari mazkur yo‘nalishda mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirib, Markaziy Osiyoni “yashil” iqtisodiy rivojlanish va “toza energiya” markazlaridan biriga aylantirish muhimligini qayd etdi.

Qadimgi Buyuk ipak yo‘lini o‘zaro energetik bog‘liqlik orqali tiklash yo‘lida ham ilk qadamlar tashlandi. Yaqinda COP-29 sammiti doirasida Qozog‘iston va Ozarbayjon bilan imzolangan ko‘p tomonlama bitim Yevropaga “yashil” energiyani eksport qilish imkoniyatini beradi.

– Shuni alohida qayd etmoqchimanki, “yashil” energiya sohasida Birlashgan Arab Amirliklari bizning ishonchli va strategik hamkorimizdir, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

So‘nggi yillarda Amirliklar bilan investitsiyalar portfeli 26 milliard dollardan oshdi. Ular orasida qayta tiklanuvchi energetika loyihalari asosiy lokomotiv bo‘lmoqda.

“Masdar” kompaniyasi bilan umumiy quvvati 1,5 gigavatt bo‘lgan 5 ta elektr energiya obyekti ishga tushirildi. Yana 1,6 gigavattga teng 3 ta generatsiya loyihasi va qariyb 520 megavatt soat energiya saqlash tizimlari barpo etiladi.

Bu kabi loyihalar Amirliklarning boshqa yetakchi kompaniyalari hamda Saudiya Arabistoni, Qatar, Turkiya, Xitoylik sheriklar bilan ham amalga oshirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz Markaziy Osiyoning quyosh, suv, shamol energiyasi hamda “yashil” vodorodni ishlab chiqarish bo‘yicha ulkan salohiyatini birgalikda rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, faqat O‘zbekistonning o‘zida 500 gigavatt quyosh, 100 gigavatt shamol va 10 gigavatt gidroenergetika ishlab chiqarish salohiyati mavjud.

Mintaqamiz ulkan uran va o‘ta muhim strategik xomashyo zaxiralariga boy.

– Bu yo‘nalishda har bir xorijiy hamkorimizga barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Prezidentimiz anjumanda ishtirok etayotgan nufuzli ilmiy markazlar, ekspert va olimlarni Toshkentda ochilgan “Yashil” universitet bilan tadqiqotlar va innovatsiya dasturlarini amalga oshirishda faol hamkorlikka chaqirdi.

Mazkur universitet negizida Yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro ilmiy tadqiqot tarmog‘ini yaratish taklif etildi.

Dubay va Bokuda bo‘lib o‘tgan “COP-28” va “COP-29” sammitlari hamda boshqa xalqaro forumlarda O‘zbekiston global iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini bartaraf etish uchun qator tashabbuslarni ilgari surgan edi.

Iqlim tufayli yo‘qotish va zararlarni baholash bo‘yicha xalqaro markazni ta’sis etish, daryo ekotizimlari xavfsizligini ta’minlash, Suv tejovchi texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil qilish, O‘simliklar genetik resurslari bankini yaratish shular jumlasidan.

– Bu borada barcha hamkorlarimiz bilan amaliy ishlarni boshlashga tayyormiz, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Davlatimiz rahbari joriy yil O‘zbekistonda o‘tishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyoning global iqlim muammolariga bag‘ishlangan konferensiyada umummintaqaviy Yashil taraqqiyot konsepsiyasi taqdim etilishini aytdi.

Shuningdek, sammitda ishtirok etayotgan mamlakatlar vakillari 15-may – Xalqaro iqlim kunida Orolbo‘yi mintaqasida bo‘ladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar global yoshlar festivaliga taklif etildi.

So‘zining yakunida mamlakatimiz yetakchisi Yangi O‘zbekiston barqaror rivojlanish va “yashil” taraqqiyot yo‘lidagi keng hamkorlikka butun dunyoga ochiqligini qayd etdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Abu-Dabi Barqaror rivojlanish haftaligi” sammitidagi nutqi


Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Avvalambor, ushbu sammitga taklif qilganlari uchun aziz birodarim, Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon A’lo Hazratlariga samimiy minnatdorlik izhor etaman.

Nufuzi yil sayin oshib borayotgan “Abu-Dabi Barqaror rivojlanish haftaligi” Amirliklarning jadal taraqqiyot, innovatsiyalar, “yashil” iqtisodiyot va mintaqaviy bog‘liqlikni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro muloqot markazlaridan biriga aylanib borayotganining o‘ziga xos ifodasidir.

Bu go‘zal diyorda “COP-28” – Jahon iqlim sammiti g‘oyat sermahsul va muvaffaqiyatli o‘tgani ham buning yana bir yaqqol tasdig‘idir.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Bugungi kunda energetika manbalarini diversifikatsiya qilish, ularning balansida uglevodorod ulushini keskin kamaytirish – iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, barqaror rivojlanish va global xavfsizlikni ta’minlashning asosiy shartidir.

Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadi – ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy o‘sishning resurslar tejamkorligiga asoslangan “yashil” rivojlanish modeliga o‘tishdir.

Shu bois 2025-yilni O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qildik.

Kam uglerodli rivojlanish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya va “yashil” moliyalashtirish milliy dasturini ishlab chiqdik. Investitsiya loyihalarida “yashil” komponentlarni kelgusi besh yilda 50 foizgacha ko‘paytiramiz.

Shuningdek, Zararli gazlarni monitoring qilish va Milliy emissiya savdo tizimlarini joriy etamiz. 2030-yilgacha zararli chiqindilarni 35 foizga qisqartirish va bu majburiyatni doimiy oshirib borishni reja qilganmiz.

“Yashil makon” dasturi doirasida shaharlar hududlarining kamida 30 foizi ko‘kalamzor maydonlarga aylantiriladi. Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni 100 foiz tatbiq etish bo‘yicha tizimli ishlar qilyapmiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Tez sur’atlarda o‘sib borayotgan iqtisodiyotimizning energetikaga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish uchun biz “yashil” quvvatlarni jadal rivojlantiryapmiz.

O‘tgan 5 yilda energetika sohasiga qariyb 20 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilindi va 9,6 gigavatt zamonaviy energiya quvvatlari ishga tushirildi. Jumladan, 3,5 givattli 14 ta quyosh, shamol elektr stansiyalari va 300 megavattli 2 ta saqlash tizimlari ishga tushirildi.

Hozirda xorijiy hamkorlar bilan qiymati 26 milliard dollardan ziyod va umumiy quvvati 24 gigavatt bo‘lgan 50 dan ortiq yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. 2030-yilga qadar mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazishni reja qilganmiz.

Bugungi kunda “yashil” taraqqiyot O‘zbekistonda umummilliy harakat darajasiga ko‘tarildi.

Mazkur yo‘nalishda mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirib, Markaziy Osiyoni “yashil” iqtisodiy rivojlanish va “toza energiya” markazlaridan biriga aylantirish niyatidamiz.

Qadimgi Buyuk ipak yo‘lini o‘zaro energetik bog‘liqlik orqali tiklash yo‘lida ham ilk qadamlarni tashladik. Yaqinda “COP-29” doirasida qozog‘istonlik va ozarbayjonlik hamkorlarimiz bilan imzolangan ko‘p tomonlama bitim Yevropaga “yashil” energiyani eksport qilish imkoniyatini beradi.

Shuni alohida qayd etmoqchimanki, “yashil” energiya sohasida Birlashgan Arab Amirliklari bizning ishonchli va strategik hamkorimizdir. So‘nggi yillarda Amirliklar bilan investitsiyalar portfeli 26 milliard dollardan oshdi. Ular orasida qayta tiklanuvchi energetika loyihalari asosiy lokomotiv bo‘lmoqda.

Bugungi global sammit tashkilotchisi – “Masdar” kompaniyasi bilan umumiy quvvati 1,5 gigavatt bo‘lgan 5 ta elektr energiya obyektini ishga tushirdik. Yana 1,6 gigavattga teng 3 ta generatsiya loyihasi va qariyb 520 megavatt soat energiya saqlash tizimlari barpo etiladi.

Bu kabi loyihalarni Amirliklarning boshqa yetakchi kompaniyalari hamda Saudiya Arabistoni, Qatar, Turkiya, Xitoylik sheriklarimiz bilan ham amalga oshiryapmiz.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Biz Markaziy Osiyoning quyosh, suv, shamol energiyasi hamda “yashil” vodorodni ishlab chiqarish bo‘yicha ulkan salohiyatini birgalikda rivojlantirishdan manfaatdormiz.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, faqat O‘zbekistonning o‘zida 500 gigavatt quyosh, 100 gigavatt shamol va 10 gigavatt gidroenergetika ishlab chiqarish salohiyati mavjud.

Mintaqamiz ulkan uran va o‘ta muhim strategik xomashyo zaxiralariga boy. Bu yo‘nalishda har bir xorijiy hamkorimizga barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz.

Anjumanimizda ishtirok etayotgan nufuzli ilmiy markazlar, ekspert va olimlarni Toshkentda ochilgan “Yashil” universitet bilan tadqiqotlar va innovatsiya dasturlarini amalga oshirishda faol hamkorlikka chaqiramiz.

Mazkur Universitet negizida Yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro ilmiy tadqiqot tarmog‘ini yaratishni taklif etmoqchiman.

Shu bilan birga, biz Dubay va Bokuda bo‘lib o‘tgan “COP-28” va “COP-29” sammitlari va xalqaro forumlarda global iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini bartaraf etish uchun Iqlim tufayli yo‘qotish va zararlarni baholash bo‘yicha xalqaro markazni ta’sis etish, daryo ekotizimlari xavfsizligini ta’minlash, Suv tejovchi texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil qilish, O‘simliklar genetik resurslari bankini yaratish tashabbuslarini ilgari surdik va barcha hamkorlarimiz bilan amaliy ishlarni boshlashga tayyormiz.

Joriy yil O‘zbekistonda o‘tishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyoning global iqlim muammolariga bag‘ishlangan konferensiyada umummintaqaviy Yashil taraqqiyot konsepsiyasini taqdim etamiz.

Shuningdek, 15-may – Xalqaro iqlim kunida Orolbo‘yi mintaqasida bo‘ladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar global yoshlar festivaliga vakillaringizni taklif etamiz.

Hurmatli do‘stlar!

Yangi O‘zbekiston barqaror rivojlanish va “yashil” taraqqiyot yo‘lida butun dunyoga ochiqdir va barchangizni keng ko‘lamli amaliy hamkorlikka chaqiramiz.

So‘zimning yakunida anjuman ishiga katta muvaffaqiyatlar tilab qolaman.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti «Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi» sammitining ochilish marosimida ishtirok etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayonning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Abu-Dabi shahrida bo‘lib turibdi.

Bugun, 14-yanvar kuni davlatimiz rahbari «Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi» xalqaro sammitining ochilish marosimida hamda barqaror rivojlanish sohasida Shayx Zoid nomidagi mukofotni topshirish marosimida ishtirok etdi.

Tadbirda Amirliklar Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim, Nigeriya Prezidenti Bola Tinubu, Ruanda Prezidenti Pol Kagame, Seyshel orollari Prezidenti Uovel Ramkalavan, Uganda Prezidenti Yoveri Museveni hamda boshqa xorijiy davlat va hukumatlar rahbarlari ham qatnashdilar.

Oliy martabali mehmonlarni BAA rahbari kutib olgach, birgalikda suratga tushildi.

Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi – bu 2008-yilda BAA hukumati va «Masdar» kompaniyasi tomonidan barqaror rivojlanish sohasidagi global muammolarni hal etish uchun tashkil etilgan xalqaro platformadir. Forumning maqsadi jahonda barqaror taraqqiyotni jadallashtirish, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik rivojlanishga ko‘maklashish, oziq-ovqat va suv xavfsizligini ta’minlash, energiya tejamkorligi va karbonsizlantirishni ilgari surishdan iborat.

Bu galgi sammit kun tartibiga «yashil» iqtisodiyot sohasida barqaror taraqqiyotni ta’minlash, innovatsiyalar va yangi texnologiyalarni joriy etish, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari kiritilgan.

Forum doirasida Amirliklar asoschisi – marhum Shayx Zoid Ol Nahayon nomi bilan ataluvchi barqaror rivojlanish sohasidagi yutuqlar uchun mukofot bilan taqdirlash marosimi ham o‘tkaziladi. Bu galgi mukofotning «Global o‘rta maktablar» nominatsiyasida Toshkent shahridagi Prezident maktabi g‘olib deb topildi.

Mukofotni Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon topshirdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev maktab vakillari bilan uchrashib, ularni g‘alaba bilan qizg‘in tabrikladi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Abu-Dabiga keldi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayonning taklifiga binoan 13-yanvar kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga keldi.

Abu-Dabi xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarildi.

Tashrif dasturiga muvofiq ertaga, 14-yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti «Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi» xalqaro sammitida ishtirok etadi.

BAAning yetakchi tashkilotlari, kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuvlar ham rejalashtirilgan.

15-yanvar kuni oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatimiz mudofaa qudratini oshirish, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini yuksaltirish, professional milliy armiyani shakllantirish, davlat xavfsizligi va chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlashdagi katta xizmatlari, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni, xalqimiz osoyishtaligini saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ibratli faoliyati, sharafli va muqaddas burchini bajarishda mardlik va jasorat ko‘rsatgani, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qo‘shgan munosib hissasi uchun quyidagilar mukofotlansin:  

«Mardlik» ordeni bilan

Dedaxonov Musoxon Alyorovich – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisi

Ismoilov Baxtiyor Axmadjonovich – Farg‘ona viloyati prokurori

Rasulov Farrux Sadulloyevich – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy qism komandiri

Sayipov Bektosh Raximovich – Qashqadaryo viloyati prokurori

Toshqorayev Olim Eshmo‘minovich – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy qism bosh serjanti

Umurzakov Sharof Kuchiyevich – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xizmat boshlig‘ining o‘rinbosari

Egamberdiyev Muzaffar Eminovich – O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori

Egamyorov Farxodbek Abdumalikovich – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy qism komandirining o‘rinbosari – bo‘lim boshlig‘i

«Do‘stlik» ordeni bilan

Pirmatov Alisher Ashurmatovich – O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi markaziy devoni boshqarma boshlig‘i

«Jasorat» medali bilan

Akramov Abbosjon Axtam o‘g‘li – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisi

Irgashov Baxtiyor Erkinovich – O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi muhim ishlar bo‘yicha katta tezkor vakili

Isakov Alisher Raxmatullayevich – Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruv otryadi guruh qutqaruvchi-yo‘riqchisi

Muxitdinov Islombek Zafarbek o‘g‘li – O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy qism otryad komandiri

Suyarqulov Ravshanbek Suyarqul o‘g‘li – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy qism vzvod komandirining o‘rinbosari

Toshmatov Zafarbek Anvarovich – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy qism eskadrilya komandirining o‘rinbosari

Utegenov Dauran Aymuratovich – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tezkor vakili

Sharipov Javlonbek Hakimjon o‘g‘li – Toshkent shahri Bektemir tumani bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi patrul-post xizmati inspektori

«Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan

Abdullayev Nodirjon Abditolib o‘g‘li – Toshkent viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i

Axmedov Bahriddin Hoshimovich – Samarqand harbiy sudining raisi

Bakirov Shokir Kuchkarovich – O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Respublika qutqaruv markazi otryad katta haydovchi-qutqaruvchisi

Dadaxonov Xamidullo Vaxobovich – Andijon viloyati Izboskan tumani ichki ishlar bo‘limi profilaktika katta inspektori

Djumabayev Baxrom Kurbanaliyevich – Toshkent viloyati Nurafshon shahar ichki ishlar bo‘limi profilaktika katta inspektori

Jumabayev Sherzod Avazovich – O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy qism seksiya komandiri

Kamalov Abdurasul Anvarovich – O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Respublika qutqaruv markazi otryad katta yo‘riqchi-qutqaruvchisi

Minajov Reymbay Oteuliyevich – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish koloniyasi boshlig‘ining o‘rinbosari

Mirzaalimov Nishanmurod Muxtarovich – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi

Parmanov Abdumalik Pattoyevich – O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy qism guruh mutaxassisi

Pozilov Odil Samadovich – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlari harbiy qism qorovul boshlig‘i

Rejepov Bekpolat Mamitovich – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy qism guruh mutaxassisi

Soatov Fazliddin Sunnatillayevich – O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i

Sultonov Oybek Sultonboyevich – O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi kadrlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari

Tilabov Bahodir Samandarovich – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bo‘limi bosh serjant yordamchisi

O‘sarov Obidjon Komiljon o‘g‘li (marhum) – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy qism guruh mutaxassisi

Xudjaqulov Dilmurot Panjiyevich – Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari – ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig‘i

Xo‘jamqulov Abdivaxid Musayevich – Surxondaryo viloyati Bojxona boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i

Shafiyev Renat Rustamovich – O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi markaz boshlig‘i

«Sog‘lom turmush» medali bilan

Karimova Saida Mo‘xtar qizi – O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy qism bo‘lim katta ofitseri

Xolbekov Xaytbek Oybek o‘g‘li – O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi boshqarmasi bo‘lim inspektor-psixologi

«Shuhrat» medali bilan

Artikov Sherzod Baxtiyarovich – Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani prokurorining o‘rinbosari

Jumayev Sharof Norchayevich – O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi surishtiruvchisi

Zaripov Maratjon Rizayevich – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy qism guruh komandiri

Qambarov Botirjon Shermaxammatovich – Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani ichki ishlar bo‘limi profilaktika katta inspektori

Maxkambayev Abdulla Abdisamatovich – Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi texnik ta’mirlash qismi boshlig‘i

Po‘latova Azizaxon Murot qizi – O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy qism guruh katta ofitseri

Saidov Sardor Saydullayevich – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy qism seksiya komandiri

Sanayev Begzot Yusubovich – Sirdaryo viloyati Shirin shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i

Sultanova Jamila Masharipovna – Xorazm viloyati ma’muriy sudining raisi

Toshpulatov Sulton Eshniyozovich – O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash boshqarmasi qo‘riqlash bo‘limi haydovchisi

Usmonov Shuxriddin Xoliqovich – Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Qarshi shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi katta usta-qutqaruvchisi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Birlashgan Arab Amirliklariga jo‘nab ketdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayonning taklifiga binoan 13-yanvar kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Amirliklar poytaxti Abu-Dabi shahrida oliy darajadagi muzokaralar, shuningdek, BAAning yetakchi tashkilotlari, kompaniya va banklari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Prezidenti «Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi» xalqaro sammitida ham ishtirok etadi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari Dubay shahriga tashrif buyurib, Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amiri Shayx Muhammad Ol Maktum bilan uchrashuv o‘tkazadi.

Posted on Leave a comment

Elektrotexnika sanoatidagi rejalar taqdimot qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-yanvar kuni elektrotexnika sohasidagi natijalar va galdagi vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Bu sohaning sanoatdagi ulushi 3,5 foiz, tovarlar eksportida 10 foizni tashkil etadi. O‘tgan yili 31 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan, 1 milliard 300 million dollar eksport qilingan. 516 million dollar investitsiya o‘zlashtirilib, 85 ta yangi korxona ishga tushgan. Bu sohada 27 mingdan ziyod yurtdoshimiz ishlamoqda.

O‘tgan yili 5-sentyabrda bo‘lgan videoselektor yig‘ilishida sohada natijadorlikni oshirish imkoniyatlari ko‘rsatib berilgan edi. Shunga asoslanib, joriy yilda qator vazifalar belgilab olingan.

Taqdimotda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi bu yil hududlarda 4 milliard dollarlik 290 ta yangi loyihani boshlab, 600 million dollar investitsiya o‘zlashtirish, misni qayta ishlash darajasini 75 foizga yetkazish rejalarini aytdi.

Bunda mahalliylashtirish dasturlaridan foydalanish muhim. Masalan, bu yil mamlakatimizda 75 milliard dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Shuning 28 milliard dollarini mahalliy mahsulotlar hisobidan qoplash mumkin.

Elektrotexnika klasterini kengaytirish uchun Ohangaronda qo‘shimcha 200 gektar, Farg‘onada 10 gektar, Urganchda 4 gektar yer ajratildi. 181 milliard so‘m evaziga infratuzilma qurildi.

Endi tadbirkorlarga texnoparklar hududida tayyor bino qurib, elektrotexnika va turdosh soha korxonalariga sotishga ruxsat berish mo‘ljallanmoqda. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarni uch yil muddatga foyda va mol-mulk solig‘idan ozod qilish taklif etilmoqda.

Bu, jumladan, Ohangaron mis klasterida 68 million dollarlik, Qashqadaryo, Farg‘ona va Urganchda 30 million dollarlik yangi loyihalarga imkoniyat ochadi.

Mahsulotlar sotilishi uchun vazirlik va sanoat tarmoqlari kesimida 15 trillion so‘mlik kafolatli bozor ham tashkil qilinmoqda. Ijtimoiy obyektlar uchun qayta tiklanuvchi energiya qurilmalarini mahalliy korxonalardan xarid qilish tartibi ishlab chiqilmoqda.

Davlatimiz rahbari bu soha yashil iqtisodiyot uchun, barqaror rivojlanish uchun juda muhim ekanini ta’kidladi. Shu bois joylardagi barcha imkoniyatlarni ishga solish, tadbirkorlarga infratuzilma, moliya va xomashyo jihatidan qo‘shimcha sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Mutasaddilar bularning evaziga eksportni yiliga 3 milliard dollarga, ishlab chiqarish hajmini 50 trillion so‘mga yetkazish imkoniyati borligini qayd etdi.

Innovatsiyalarni o‘rganib, bozorbop mahsulotlar yaratish, malakali muhandis, texnolog va o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘ladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning taklifiga binoan 13-16-yanvar kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Tashrif doirasida Abu-Dabi va Dubay shaharlarida uchrashuv va tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari Amirliklar poytaxtida Prezident Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi, mamlakatning yetakchi davlat tashkilotlari, kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashadi, shuningdek, «Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi» xalqaro sammitida ishtirok etadi.

Dubay shahrida Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Tashrif kun tartibidan O‘zbekiston-BAA do‘stlik va ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, investitsiyalar, «yashil» energetika, infratuzilma, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, innovatsion rivojlanish, turizm va boshqa ko‘plab ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan. Madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari ham ko‘rib chiqiladi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ikki davlat o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan salmoqli kelishuvlar to‘plami qabul qilinishi kutilmoqda.