Posted on Leave a comment

Bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi yondashuvlar belgilandi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-avgust kuni oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Oxirgi yetti yilda qabul 4,5 barobar oshib, yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi 42 foizga yetgan bo‘lsa-da, kadrlar tayyorlash tizimi real ehtiyojga mos emas.

Misol uchun, Jizzaxdagi “BYD” zavodida 100 ta vakant bor. Shuning to‘rtdan biri – robototexnika va bo‘yoqlash, robotlarni dasturlash muhandislari. Zavod to‘liq quvvatga o‘tsa, malakali kadrlarga talab yanada ortadi.

Oliy ta’limda o‘qitilayotgan kadrlar bilan ish beruvchilar talabi o‘rtasida farq katta. Oqibatda korxonalar chetdan tayyor mutaxassis jalb qilishga majbur bo‘layapti. Har bir talabani oliygohda o‘qitib, mutaxassis qilib tayyorlash uchun davlat yiliga 25-30 million so‘m sarflayapti. Lekin, to‘rt yil umrini sarflab, diplom olgan yoshlarning yarmidan ko‘pi oddiy-oddiy ishlarda band.

So‘nggi yillarda 40 ta oliy o‘quv yurtiga moliyaviy mustaqillik berilgani samarasida iqtisodiyot, huquqshunoslik, tibbiyot, xorijiy tillar va pedagogika yo‘nalishidagi muassasalarning o‘z mablag‘i paydo bo‘ldi. Lekin qishloq xo‘jaligi, veterinariya, muhandislik, aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishlari yoshlar uchun jozibador emas.

Tarmoqlar bilan bog‘liqlikni oshirish maqsadida 25 ta muhandislik bilim yurti hamkor korxonalarda 438 ta kafedra ochdi. Masalan, neft-gaz tarmog‘i ta’lim-ishlab chiqarish klasterlarini tashkil qilgan. Shunday amaliyot natijasida Buxoro texnika universitetining 2 mingdan ziyod bitiruvchisi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashgan. Ilmiy tadqiqotni tijoratlashtirish 10 karra oshgan.

Yaqin yillarda mamlakatimizda 83 milliard dollarlik yirik loyihalar ishga tushishi rejalashtirilgan. Ularning hisobiga sanoatning o‘zida 500 mingga yaqin mutaxassisga ehtiyoj paydo bo‘ladi.

Masalan, Buxoro viloyatida yirik gaz-kimyo majmuasi qurilmoqda. Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda Ustyurtda katta loyihalar boshlanmoqda.

Bularning barchasi oliy ta’limni sohalar talabi darajasiga ko‘tarish, kadrlar tayyorlash sifati va yoshlar bandligi qamrovini jadal oshirishni talab etadi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari bu boradagi yangi tashabbuslarni ma’lum qildi.

Endi qiymati 1 million dollardan, ishchilar soni 50 tadan ko‘p bo‘lgan loyihalarning texnik-iqtisodiy asosida sohalar va yo‘nalishlar kesimida mutaxassislarga ehtiyoj ko‘rsatiladi. Bu orqali mas’ul vazir va tarmoq rahbari oliy o‘quv yurtiga buyurtma joylashtirib, kadrlarni maqsadli tayyorlashni yo‘lga qo‘yadi.

Bunda rektorlar buyurtma asosida o‘qiyotgan talabalar uchun, asosiy fanlardan tashqari, qo‘shimcha ta’lim modullarini joriy qiladi. Ularni o‘qigan talabalarga kredit ballari beriladi.

Talabalarning bilimi ikkinchi kursdan keyin ularni ishga olmoqchi bo‘lgan investorlar ishtirokida yillik baholanadi. Bitiruvchi diplom ishini loyihada qo‘yilgan masalalardan kelib chiqib, himoya qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, investor talabiga mos bitiruvchilar kafolatli ishga olinadigan bo‘ladi.

 Mehnat munosabatlarida xususiy sektor uchun manfaatli tizim yaratilmoqda. Endi bitiruvchini ishga olganlik uchun tadbirkorlik reytingida qo‘shimcha ball beriladi. Oliy ta’lim muassasasi ularni bo‘sh o‘rin bor korxonaga yo‘naltiradi.

Yig‘ilishda rektorlar vakolati va mas’uliyatini oshirish masalasi ko‘rib chiqildi. Shu maqsadda Yangi O‘zbekiston universitetining baholash tizimi boshqa muassasalarda ham yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Bunda oliy o‘quv yurtiga  bitiruvchilar bandligiga qarab 40 ball, ilmiy tadqiqotlar uchun tarmoq buyurtmasi va mahsulotini sotishiga qarab 30 ball, ilmiy salohiyati va tan olingan xalqaro jurnallardagi maqolalari uchun 20 ball, jalb qilingan mahalliy va xorijiy grant uchun 10 ballgacha beriladi. Ushbu ballarga qarab, moliyalashtirish tizimi joriy qilinadi.

Yangi O‘zbekiston universitetida “Rektorlar maktabi” dasturi orqali rektor va prorektorlikka nomzodlar maqsadli tayyorlanadi.

Endi barcha oliy o‘quv yurtlari tashkiliy va akademik mustaqil bo‘ladi. Jumladan, rektorlar o‘rinbosarlarini o‘zi tayinlaydi, belgilangan miqdor doirasida professor-o‘qituvchilar va boshqaruv xodimlarini taqsimlaydi. Shuningdek, rektorlarga “super kontrakt” miqdorini tabaqalashgan holda belgilash vakolati beriladi.

Mutasaddilarga ushbu yangiliklarni adolatli va tizimli yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Davlatimiz rahbari yana bir muhim tashabbusni ilgari surdi.

Ma’lumki, hujjat topshirishda abituriyentlar 5 tagacha oliy o‘quv yurtini tanlayapti. Bu yoshlar uchun juda katta imkoniyat bo‘ldi.

Endi bu yanada kengaytiriladi. Abituriyentlar tanlovidan birortasiga kirolmagan bo‘lsa, lekin bali boshqa oliygohdagi to‘lmagan yo‘nalishga to‘g‘ri kelsa, ularni shartnoma asosida qabul qilishi mumkin bo‘ladi.

Yig‘ilishda yoshlar bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, bu yilgi 92 ming bitiruvchining keyingi faoliyatida ko‘maklashish chora-tadbirlari belgilandi.

Qayd etilganidek, ulardan 20 ming nafari magistratura va ikkinchi mutaxassislik bilan qamrab olinadi. Yana 20 mingi Bandlik vazirligi orqali staj talab qilmaydigan ishlarga joylashtiriladi.

Har bir viloyatda “biznes inkubatorlar” tashkil qilib, tadbirkorlik, marketing, dizayn, axborot texnologiyalari sohalarida 10 ming bitiruvchini band qilish mumkinligi aytildi.

Shuningdek, kimyo, energetika, geologiya, avtosanoat, metallurgiya, to‘qimachilik, elektrotexnika, qurilish, transport, logistika kabi iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda yoshlarni ishli qilish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.

Tijorat banklari orqali 20 ming bitiruvchining biznes boshlashiga ko‘maklashish rejalashtirilgan. Xususan, yoshlar bandligini ta’minlash uchun Milliy bank va Aloqa bangga bu yil 300 million dollar ajratilgan.

Banklar mazkur imtiyozli kredit resursining bir qismini bitiruvchilarni ishga olgan korxonalarga ham berish tashabbusini bildirdi. Endi bunday tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli kredit beriladi. Ushbu yangi tizim nafaqat bu yilgi, balki o‘qishni tugatganiga 3-yil bo‘lmagan bitiruvchilar uchun ham tatbiq qilinadi.

Uyushmagan yoshlarni alohida mehr-e’tiborga olib, foydali mashg‘ulotlarga yo‘naltirish muhimligi ta’kidlandi. Ularni kasb va til to‘garaklari, sport musobaqalari, harbiy-vatanparvarlik tadbirlariga jalb qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha mutasaddilari, rektorlar va tadbirkorlarning fikrlari eshitildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari telefon orqali ikki tomonlama va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Ikki tomonlama va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

Rossiya Prezidenti 6-avgust kuni Moskva shahrida AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan o‘tkazilgan muzokaralarning asosiy natijalari haqida ma’lum qildi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning amaliy jihatlari ham muhokama qilindi.

O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiya ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’atini ta’minlash, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, hududlar darajasida sermahsul aloqalar, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari bo‘lajak uchrashuv va tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.

Posted on Leave a comment

Navoiy viloyatidagi ulkan imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-avgust kuni Navoiy viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Navoiy viloyati yerosti boyliklari, sanoati va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ulkan salohiyatli hudud. Bularning negizida so‘nggi sakkiz yilda 8 milliard dollarlik 7 mingdan ziyod loyiha amalga oshirilib, 73 mingta ish o‘rni yaratilgan. Tadbirkorlar soni 10 mingtadan 30 mingtaga ko‘paygan.

O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 12-dekabrdagi “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imkoniyatlarni yanada oshirdi.

Bu yil 6 oyda investitsiya hajmi 643 million dollarga yetdi, eksport 635 million dollardan oshdi. 550 million dollarlik yangi quvvatlar, 1 ming 140 ta savdo va servis majmualari ishga tushirildi.

Lekin hali foydalanilmagan manbalar juda ko‘p. Davlatimiz rahbari Navoiy viloyatida yirik sanoat tarmoqlaridan tashqari yaylovlarni o‘zlashtirish, chorvachilikni rivojlantirish, xizmat turlarini ko‘paytirish bo‘yicha imkoniyatlar bepoyon ekanini ta’kidladi.

Xususan, mamlakatimizdagi qazilma boyliklarining 20 foizi, yaylovlarning 43 foizi shu hududda joylashgan. Yirik korxonalar va qulay infratuzilma ko‘plab yondosh tarmoqlarda talab yaratgan.

Joylardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarish uchun Navoiy viloyatida ham “Islohotlar shtabi” tuzildi. Yig‘ilishda tadbirkorlarning takliflari asosida ishlab chiqilgan yangi loyihalar taqdimot qilindi.

Jumladan, G‘ozg‘on shahri, Nurota, Xatirchi, Navbahor va Uchquduq tumanlaridagi 8 ta konga investorlar 566 million dollar sarmoya kiritishga tayyorligini bildirgan. Buning natijasida sanoat hajmi 2,5 trillion so‘mga, eksport 100 million dollarga ko‘payadi.

Masalan, Nurota tumanida 750 million kub metr granit toshlari zaxirasi bor. Uni qayta ishlash uchun 50 gektar maydonda sanoat zonasi tashkil etish taklif qilindi.

Shu tumandagi 10 ta mahallada 5 mingdan ziyod xotin-qiz kashtachilik bilan shug‘ullanib, daromad topmoqda. Endi buni kengaytirib, 28 ta mahallada Kashtachilik markazlari ochish rejalashtirilgan.

Ehtiyojmand oilalarni quyosh panellari va ko‘chma do‘konlar bilan ta’minlab, kambag‘allikdan chiqarish ko‘zda tutilgan.

Viloyatdagi 3 million gektar yaylov qishloq xo‘jaligi uchun katta imkoniyat. Masalan, qiziltepalik tadbirkor ming gektar yaylovda yomg‘irlatib va tomchilab sug‘orish texnologiyasini qo‘llab, eksportbop ekinlar yetishtirmoqda. Endi chorvachilikni yo‘lga qo‘yib, sutni qayta ishlash tashabbusini bildirgan.

Umuman, viloyatda 1 milliard 600 million dollarlik qo‘shimcha loyihalar shakllantirilgan. Ularning natijasida yana 10 ming ish o‘rni, byudjetga 1 trillion so‘m tushum va 238 million dollarlik eksport imkoniyati paydo bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari loyihalarning iqtisodiy samaradorligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Yirik va kichik korxonalar o‘rtasida kooperatsiya yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Tadbirkorlarni korxonalarga bog‘lab, kafolatli buyurtmani yo‘lga qo‘yib, kichik biznesning viloyatdagi ulushini oshirish vazifasi qo‘yildi.

Yaylovlarga suv chiqarishga ko‘maklashib, ulardan samarali foydalanish, oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.

Navoiy viloyatida o‘rtacha ish haqi boshqa hududlardan 1,5 barobar yuqoriligi savdo va servisga talabni ham, taklifni ham rag‘batlantiradi. Shunga munosib, istirohat bog‘lari va dam olish maskanlari tashkil etish, turistlarni ko‘paytirish, xizmatlar hajmini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Posted on Leave a comment

Davlat rahbarlari Avazadagi milliy pavilonlarni borib ko‘rdilar



BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha konferensiyasi doirasida davlat rahbarlari Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon milliy kunlariga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etdilar.

Milliy kunlar mintaqa mamlakatlari xalqlarining boy madaniy merosini, mustahkamlanayotgan qo‘shnichilik aloqalarini va kengayib borayotgan madaniy-gumanitar hamkorligini namoyish etish maqsadida uyushtirildi.

Bu yerda an’analar va hunarmandchilikka bag‘ishlangan, madaniyat, san’at va turizm sohalaridagi zamonaviy yutuqlar aks etgan milliy pavilonlar ochilgan. Shuningdek, milliy taomlar ko‘rgazmasi va pazandachilik bo‘yicha mahorat darslari tashkil etilgan.

An’anaviy o‘zbek hovlisi asosida qurilgan O‘zbekiston paviloni tashrif buyuruvchilarda yorqin taassurot qoldirdi.

Tadbir mintaqaviy o‘ziga xoslik va madaniy rang-baranglikning navbatdagi namunasi sifatida o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga hamda Markaziy Osiyoni tinchlik, barqarorlik va farovonlik makoni sifatida namoyon etishga xizmat qildi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga amaliy tashrifi doirasidagi tadbirlar yakunlandi.

Turkmanboshi shahri aeroportida oliy martabali mehmonni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov kuzatib qo‘ydi. Davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari strategik sheriklikni kengaytirish muhimligini ta’kidladilar



BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari Serdar Berdimuhamedovni “Xalqaro tinchlik va ishonch yili”da BMTning global konferensiyasi yuqori saviyada o‘tkazilgani bilan samimiy qutlab, Turkmanistonning yuksak davlat mukofoti – «Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ordeni bilan taqdirlagani uchun minnatdorlik bildirdi.

Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik doirasida O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash izchil ortib borayotgani, sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Faol hududlararo va gumanitar almashinuvlar davom etmoqda.

Joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan hukumatlararo komissiyalar yig‘ilishlari, Ishbilarmonlar kengashi, Hududlar forumi va qator madaniy tadbirlar natijadorligini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi, oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqildi.

Posted on Leave a comment

«O‘zbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon» formatida uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi



Avazada o‘tayotgan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadovning uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zaro manfaatli mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi.

Eng avvalo, energetika, transport va logistika, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya uchun imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Amaliy hamkorlikning istiqbolli loyihalarini ishlab chiqish uchun mazkur formatdagi muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Gruziya bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga amaliy tashrifi doirasida Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidzeni qabul qildi.

Savdo-iqtisodiyot, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Gruziya Bosh vazirining joriy yil mart oyida O‘zbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Faol idoralararo aloqalar davom etmoqda, tashqi ishlar va iqtisodiyot vazirlarining uchrashuvlari o‘tkazildi. Tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi, qo‘shma loyiha va korxonalar soni oshmoqda.

O‘zaro tovar yetkazib berishni ko‘paytirish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika, oziq-ovqat tarmoqlarida, shuningdek, logistika sohasida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish muhimligi qayd etildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va BMT o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantiradi



BMTning dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Global va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb masalalari, shu jumladan BMT Bosh Assambleyasining bo‘lajak 80-yubiley sessiyasini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston yetakchisi Bosh kotibning xalqaro tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, BMT va uning asosiy institutlarini zamonaviy voqelikka moslashtirish maqsadida isloh qilish borasidagi tashabbuslarini qat’iy qo‘llab-quvvatladi.

O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, Antoniu Guterrishning o‘tgan yil iyul oyidagi mamlakatimizga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Bugungi kunda 160 ta qo‘shma dastur va loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

So‘nggi bir necha yilda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Joriy yilda Tashkilotning asosiy tuzilmalari va institutlari, jumladan, BMT-Xabitat va YUNISEF rahbarlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi, Toshkentda «BMT-Ayollar» tuzilmasining vakolatxonasi ochildi.

Davlat xizmati masalalari bo‘yicha forum birgalikda o‘tkazildi. Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Mamlakatimiz Global barqaror rivojlanish maqsadlari indeksi bo‘yicha eng ilg‘or beshta davlat qatoriga kirdi. BRMga erishish nuqtayi nazaridan BMT bilan hamkorlik bo‘yicha yangi besh yillik dastur imzolanishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyoda integratsiyani chuqurlashtirish, Afg‘onistonni mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma dastur va loyihalarni kengaytirishga tayyor ekanini ta’kidladilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning umumiy tahdid va muammolarini bartaraf etish bo‘yicha qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni Turkmanboshi shahridagi «Avaza» milliy turizm hududida o‘tayotgan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etdi.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, shuningdek, boshqa qator davlat va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, iqtisodiyotni transformatsiya qilish, iqlim o‘zgarishi va ekologik tahdidlarga bardoshlilikni oshirish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida Turkmanistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, global va mintaqaviy barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuksak baholadi.

Konferensiyada muhokama qilinayotgan masalalar hayotiy muhim ahamiyatga ega ekanini, chunki dengiz portlaridan jo‘g‘rofiy uzoqlik va bir necha mamlakat hududlarini kesib o‘tish zarurati bir qator obyektiv muammolarni keltirib chiqarayotganini ta’kidladi.

Tariflarning yuqoriligi, transport yo‘laklari va infratuzilmasining cheklanganligi, boshqa mamlakatlarning bojxona-tranzit siyosatiga qaramlik shular jumlasidan.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, katta transport xarajatlari va tranzitning beqarorligi tufayli Markaziy Osiyo mintaqasi har yili yalpi ichki mahsulotning 2 foizigacha yo‘qotmoqda.

Logistika xarajatlari tovarlar qiymatining 60 foizigacha qismini tashkil etadi, bu esa jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan bir necha barobar yuqoridir.

Shu munosabat bilan yangi ishonchli tranzit yo‘laklari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotning muhim shartiga aylanmoqda.

 Bugun bizni birlashtirgan kun tartibi fundamental masala – adolat masalasiga daxldordir. Bu – dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan davlatlarga jahon iqtisodiyotida teng sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlashdir, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Shu bilan birga, ushbu dolzarb muammoni hal qilish uchun uchta prinsipial shartni bajarish lozim.

Bular barqaror rivojlanish asosi sifatida infratuzilmani modernizatsiya qilish, tranzit muammolarining oldini olish maqsadida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va global teng huquqlilikning asosiy elementi bo‘lgan rivojlanish huquqini ta’minlashdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xususiy sektorni faol jalb qilgan holda zamonaviy transport-logistika tarmog‘ini shakllantirish bo‘yicha tizimli qadamlar qo‘yildi. Savdo-transport jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Amalga oshirilayotgan tarkibiy iqtisodiy islohotlar, savdo tizimini liberallashtirish va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash sezilarli natijalar bermoqda: raqobatbardoshlik oshdi, innovatsion rivojlanish jadallashdi.

– Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va sheriklik yangi darajaga ko‘tarilgani esa jadal o‘zgarishlarga kuchli turtki bermoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Bugun mintaqada yagona transport-logistika makoni shakllanmoqda. Markaziy Osiyoni Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi to‘laqonli tranzit xabiga aylantirishga qaratilgan dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi 4,5 barobar ko‘paydi. Investitsiyalar ikki barobar, qo‘shma korxonalar soni besh barobar ko‘paydi.

Joriy yilda hamkorlar bilan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi boshlandi, “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” transport yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshdi.

Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlarning umumiy tahdid va muammolarini bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti qator aniq taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Avvalo, xalqaro transport yo‘laklari va infratuzilmasini jadal rivojlantirish uchun o‘zaro muvofiqlashgan harakatlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Shu ma’noda, «O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston» temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish va uni qurilayotgan «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘l magistrali bilan tutashtirish muhimligi ta’kidlandi.

– Bu keng mintaqamizda yangi savdo-iqtisodiy makon va barqaror transport infratuzilmasini shakllantirish uchun katta imkoniyatlar ochadi, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Davlatimiz rahbari O‘rta yo‘lak salohiyatini, eng avvalo, o‘zaro kelishilgan tranzit siyosatini yuritish, qoidalarni unifikatsiya qilish va konteyner tashuvlari uchun maqbul tariflarni joriy etish orqali to‘liq ishga solishga chaqirdi.

O‘zbekiston Prezidenti, shuningdek, BMT shafeligida dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitimni ishlab chiqishni taklif qildi.

Hujjat portlar va kommunikatsiyalardan adolatli foydalanish shartlarini ta’minlash, yuk tashishda xavf-xatarlarni pasaytirish, global logistikada tengsizlikni kamaytirishga qaratilgan.

Yirik infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirish uchun moslashuvchan investitsiya vositalariga talab ortib borayotganini hisobga olib, davlatimiz rahbari BMT shafeligida Dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning logistika integratsiyasiga ko‘maklashish jamg‘armasini tuzish tashabbusini ilgari surdi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining transport infratuzilmasiga investitsiyalarga bo‘lgan ehtiyoji yiliga qariyb 40 milliard dollarga baholanmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston rahbari tranzit imkoniyatlarining cheklanishini xolisona aniqlash, xalqaro moliyaviy-texnik dasturlarni kengaytirish va resurslarni real sharoitlarni hisobga olgan holda samarali taqsimlash maqsadida Dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning Zaiflik global indeksini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

O‘zbekistonda agrar sohani rivojlantirish bo‘yicha Innovatsion xabni tashkil etish taklifini amalga oshirish muhimligiga e’tibor qaratildi. Bu moslashuvchan agrotexnologiyalarni joriy etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha innovatsion loyihalarni ilgari surish, bilim va tajriba almashishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Prezidenti yetakchi ekspertlar va «aql markazlari»ni umumiy tahdidlarni yengib o‘tish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga faol jalb qilish, shu jumladan xalqaro anjuman va davra suhbatlari o‘tkazish muhimligini qayd etdi.

– Bunday tadbirlar kun tartibiga global ishlab chiqarish zanjirlariga mamlakatlarimizning chuqur integratsiyasini ta’minlash, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni jadal rivojlantirish, transchegaraviy investitsiyalarni kengaytirish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini kiritish mumkin, – dedi Prezident.

Shuningdek, O‘zbekiston dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Xalqaro tahlil markazi faoliyatiga qo‘shilish niyatida ekani ma’lum qilindi.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari mamlakatimiz global taraqqiyotning yanada adolatli arxitekturasini shakllantirish bo‘yicha konstruktiv va uzoq muddatli sheriklikka tayyor ekanini tasdiqladi.

Konferensiya yakunida Avaza siyosiy deklaratsiyasi qabul qilindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkilotining dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasidagi nutqi



Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Avvalambor, Turkmaniston Prezidenti hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga va Turkmaniston xalqining Milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedovga samimiy qabul va bugungi konferensiyani yuksak darajada tashkil etganlari uchun chin qalbimdan minnatdorlik izhor etaman.

Ushbu forumning Turkmaniston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan e’lon qilingan Xalqaro tinchlik va ishonch yilida, Kaspiy mo‘jizasi – go‘zal Avazada o‘tkazilayotgani ramziy ma’noga ega.

O‘zbekiston qardosh Turkmanistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, global va mintaqaviy barqarorlik hamda farovonlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi va qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish janoblariga dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning muammolarini ustuvor xalqaro masala sifatida ilgari surishga shaxsan e’tibor ko‘rsatib kelayotgani uchun alohida tashakkur bildiraman.

Biz Avaza siyosiy deklaratsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va o‘n yillik Harakatlar dasturini amalga oshirishda faol ishtirok etamiz.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Bugungi konferensiyada muhokama qilinayotgan masalalar barchamiz uchun hayotiy muhim ahamiyatga egadir.

Ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz dengiz kommunikatsiyalariga faqat bir necha davlatlar hududi orqali chiqishi mumkin. Biz uchun deyarli uch ming kilometr masofada joylashgan portlardan geografik olislik bir qator obyektiv muammolarni vujudga keltirmoqda. Bular – yuqori tariflar, transport yo‘laklari va infratuzilmalarning o‘tkazish imkoniyati cheklangani, shuningdek, boshqa davlatlarning bojxona-tranzit siyosatiga bog‘liqlikda namoyon bo‘lmoqda.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, transport xarajatlarining kattaligi va tranzit tizimining beqarorligi tufayli Markaziy Osiyo mintaqasi har yili yalpi ichki mahsulotning ikki foizigacha yo‘qotmoqda. Logistika xarajatlari mahsulotlar umumiy narxida 60 foizgacha yetmoqda. Bu raqam jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan bir necha barobar yuqoridir.

Shu bois ishonchli yangi tranzit yo‘laklari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotning muhim omiliga aylanmoqda.

Bugun bizni birlashtirgan kun tartibi fundamental masala – adolat masalasiga daxldordir. Bu – dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan davlatlarga jahon iqtisodiyotida teng sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlashdir.

Bu o‘ta dolzarb vazifani hal etish uchun uchta prinsipial shartni bajarish lozim. Bular – barqaror rivojlanish asosi sifatida infratuzilmani modernizatsiya qilish, tranzit muammolarini bartaraf etish maqsadida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, global teng huquqlilikning muhim elementi bo‘lgan rivojlanish huquqini ta’minlashdir.

Shu maqsadda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda, xususiy sektorni faol jalb etgan holda, zamonaviy transport-logistika tarmoqlarini barpo etish bo‘yicha tizimli qadamlar tashlanganini alohida ta’kidlamoqchiman.

Mamlakatimiz logistika ochiqligi va shaffofligi masalalarida yuqori dinamika ko‘rsatmoqda. Savdo-transport jarayonlarini raqamlashtirish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Iqtisodiyotda tuzilmaviy islohotlar, savdo tizimi liberallashgani va investitsiya muhiti tubdan yaxshilangani salmoqli natijalar bermoqda. Raqobatdoshlik oshdi, innovatsion taraqqiyot tezlashdi.

Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va sheriklik yangi darajaga ko‘tarilgani esa jadal o‘zgarishlarga kuchli turtki bermoqda.

Hozirgi kunda mintaqamizda yagona transport-logistika makoni shakllanmoqda. Markaziy Osiyoni Sharq va G‘arb, Shimol va Janubi o‘rtasidagi to‘laqonli tranzit xabiga aylantirish uchun dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi 4,5 marta, sarmoyalar esa ikki barobar o‘sdi. Qo‘shma korxonalar soni besh karra ko‘paydi.

Joriy yilda hamkorlarimiz bilan birga Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga kirishdik. O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya transport yo‘lagida yuk tashish hajmi sezilarli darajada o‘sdi.

Hurmatli konferensiya qatnashchilari!

Bugun umumiy tahdid va muammolarni yengib o‘tish bo‘yicha aniq, amaliy va institutsional jihatdan ta’minlangan qarorlar o‘ta muhimdir.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston quyidagilarni taklif etadi.

Birinchidan, xalqaro transport yo‘laklari va infratuzilmasini jadal rivojlantirish uchun muvofiqlashtirilgan harakatlar zarur.

Biz O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir yo‘lini qurish loyihasini tayyorlash va amalga oshirishni tezlashtirish tarafdorimiz. Ushbu istiqbolli yo‘lakni qurilayotgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘l magistrali bilan bog‘lash keng mintaqamizda yangi savdo-iqtisodiy makon va barqaror transport infratuzilmasini shakllantirish uchun katta imkoniyatlar ochadi.

Biz, shuningdek, O‘rta yo‘lakni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz. Uni to‘liq ishga tushirish uchun, birinchi navbatda, kelishilgan tranzit siyosati, tartibotlarni soddalashtirish va konteynerlarda yuk tashish uchun maqbul tariflarni joriy etish muhimdir.

Ikkinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitimni ishlab chiqishni taklif etamiz.

Bunday mexanizm portlar va kommunikatsiyalardan adolatli foydalanish shartlarini ta’minlaydi, yuk tashishda xavf-xatarlarni pasaytiradi, global logistikada tengsizlikni kamaytirishga xizmat qiladi.

Uchinchidan, yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun moslashuvchan investitsiya vositalariga talab tobora o‘sib bormoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining transport infratuzilmasini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan sarmoyalar yiliga qariyb 40 milliard dollar, deb baholanmoqda.

Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning logistika integratsiyasiga ko‘maklashish jamg‘armasini ta’sis etishni taklif etamiz. Ushbu jamg‘armaga donor mamlakatlar, xalqaro rivojlanish institutlari va global dasturlar resurslarini keng jalb etish maqsadga muvofiq.

To‘rtinchidan, dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning Zaiflik global indeksini ishlab chiqish tashabbusini ilgari suramiz.

Bu mamlakatlarimizning tranzit borasida cheklangan imkoniyatlarini xolis ko‘rib chiqish va mavjud sharoitlardan kelib chiqib, xalqaro moliyaviy-texnik dasturlarni kengaytirish va resurslarni samarali taqsimlashning ta’sirchan vositasiga aylanadi.

Eng asosiysi – ushbu indeks mamlakatlarimizning raqobatbardoshligi va ishbilarmonlik muhitini adolatli baholashda hisobga olinishi kerak.

Beshinchidan, O‘zbekistonda agrotarmoqni rivojlantirish uchun Innovatsion xabni yaratish bo‘yicha taklifimizni amalga oshirish prinsipial ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz.

Mazkur xab moslashuvchan agrotexnologiyalarni tatbiq etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga oid innovatsion loyihalarni ilgari surish, o‘zaro bilim va tajriba almashishga xizmat qiladi.

Oltinchidan, umumiy tahdidlarni birgalikda bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqishga mamlakatlarimiz yetakchi ekspertlari va “aql markazlari”ni faol jalb etish muhim.

Bu borada xalqaro anjuman va davra suhbatlari o‘tkazishni taklif qilamiz. Bunday tadbirlar kun tartibiga global ishlab chiqarish zanjirlariga mamlakatlarimizning chuqur integratsiyasini ta’minlash, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni jadal rivojlantirish, transchegaraviy investitsiyalarni kengaytirish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini kiritish mumkin.

O‘zbekiston, shuningdek, dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Xalqaro tahlil markazi faoliyatiga qo‘shilish niyatida.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Global bozorlarga chiqish barcha uchun teng bo‘lishi kerak. Bu – nafaqat iqtisodiy zarurat, balki birinchi galda, barqaror rivojlanishning muhim omili, xalqaro munosabatlarda ishonch va hamkorlik shartidir.

O‘zbekiston global taraqqiyotning yanada adolatli arxitekturasini shakllantirish borasida konstruktiv va uzoq muddatli sheriklikka doim ochiq va tayyor ekanini sizlarga yana bir bor bildirmoqchiman.