Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti «Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ordeni bilan mukofotlandi



Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Turkmanistonning «Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ordenini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va qardosh turkman xalqiga yuksak davlat mukofoti uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

– Ushbu mukofotni O‘zbekiston va uning ko‘p millatli xalqiga alohida e’tibor va hurmat, Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi umumiy sa’y-harakatlarimizning e’tirofi sifatida qabul qilaman, – dedi davlatimiz rahbari.

Boy tarixiy tajriba, qardoshlik va o‘zaro hurmat an’analariga asoslangan O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Keyingi yillarda muhim iqtisodiy va gumanitar loyihalar amalga oshirildi, o‘zaro savdo hajmi va kooperatsiya ko‘lami keskin oshdi.

O‘zbekiston yetakchisi Arqadag‘ va mintaqaning barcha davlatlari rahbarlari Markaziy Osiyoda hamkorlikni ilgari surishga ulkan hissa qo‘shayotganini alohida qayd etdi. Bugun butun xalqaro hamjamiyat mintaqaviy sheriklik va o‘zlikning yangi modelini barpo etishdagi umumiy muvaffaqiyatlarimizni e’tirof etayotgani ta’kidlandi.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari yuksak mukofot uchun yana bir bor minnatdorlik bildirib, qardosh turkman xalqini shu kunlarda o‘tayotgan BMT konferensiyasi bilan tabrikladi hamda joriy yil dekabr oyida Ashxobod shahrida Xalqaro tinchlik va ishonch yili doirasidagi global sammit muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga tayyorgarlikka doir maxsus tadbirda ishtirok etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan maxsus tadbirda ishtirok etdi.

Tadbirda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Qasimaliyev,  Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov, shuningdek, rasmiy delegatsiyalar a’zolari va jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, Toshkent shahrida bo‘lajak Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning asosiy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning ushbu formatdagi raisligi doirasida birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Xususan, yil boshida Raislik konsepsiyasi va Qo‘shma tadbirlar rejasi qabul qilindi.

Xavfsizlik kengashlari kotiblari, maxsus xizmatlar rahbarlari, sanoat, energetika, suv xo‘jaligi va ekologiya vazirlarining uchrashuvlari, media va yoshlar forumlari o‘tkazildi.

Yil yakuniga qadar parlamentlararo forum, mudofaa, savdo va transport vazirlarining uchrashuvlari, madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mintaqaviy sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish va uning normativ-huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida uchrashuvning konseptual hujjatlari tayyorlanmoqda.

Toshkent sammiti doirasida O‘zbekiston tomoni siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, iqtisodiy kooperatsiyaning yangi drayverlarini ishga tushirish, chegaraoldi savdoni ko‘paytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surish niyatida ekani ta’kidlandi. Suv va energetika sohalarida, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish hamda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha amaliy hamkorlik masalalari diqqat markazida bo‘ladi.

Ozarbayjon tomonining uchrashuvlarda ishtirok etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunda mintaqa davlatlari Ozarbayjon bilan samarali hamkorlik qilmoqda. Savdo, transport, «yashil» energetika sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti so‘zining yakunida Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro muvofiqlashtirilgan va kelishilgan yondashuvlari mintaqada taraqqiyot va farovonlik maqsadlariga erishishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘ladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun 4-5-avgust kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

«Avaza» milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tadigan tadbirda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etadi.

Konferensiya kun tartibidan transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, iqtisodiy transformatsiya, iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit uchun xatarlarga bardoshlikni oshirish, Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro‘yobga chiqarishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan. Avaza siyosiy deklaratsiyasi va harakatlar dasturining qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston yetakchisi Turkmanistonga tashrif doirasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan tadbirda ham ishtirok etadi hamda qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston temir yo‘l transporti sohasi xodimlariga



Qadrli do‘stlar!

Avvalo, siz, azizlarni – ming-minglab zahmatkash yo‘lsoz, quruvchi va muhandislar, energetik va aloqachilar, mashinist va vagon kuzatuvchilarini, sohaning barcha ishchi-xizmatchilari va faxriylarini bugungi kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Sizlarning fidokorona mehnatingiz bilan barpo etilayotgan yangi temir yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari, stansiya va vokzallar, aholi va tashkilotlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar xalqimizning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilish, mamlakatimiz tranzit salohiyatini oshirish, iqtisodiyotimiz tarmoqlari va ijtimoiy obyektlarning bir maromda ishlashini ta’minlashda, hech shubhasiz, beqiyos ahamiyatga ega.

Ushbu qutlug‘ ayyomda tunu kun samarali mehnat qilib, ana shunday mas’uliyatli soha ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan ko‘pmillatli temir yo‘l jamoalariga, tizimdagi barcha xizmatchi va xodimlarga o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.

Hurmatli temiryo‘lchilar!

So‘nggi yillarda milliy taraqqiyot dasturlarini amalga oshirish jarayonida mamlakatimizning transport-kommunikatsiya va tranzit salohiyatini oshirishga ustuvor ahamiyat berayotganimiz sizlarga yaxshi ma’lum. Shu boradagi keng ko‘lamli islohotlar tufayli O‘zbekiston temir yo‘llari faoliyati tubdan takomillashtirilib, sohada muhim loyiha va dasturlar hayotga joriy etilayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlash lozim.
Qisqa muddatda 3 ming 800 kilometrdan ziyod temir yo‘l elektrlashtirilib, Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘li qurib bitkazilgani, lokomotiv parki zamonaviy texnikalar bilan to‘ldirib borilayotgani shu yo‘nalishdagi ishlarimiz ko‘lamidan dalolat beradi.

Eng muhimi, bunday sa’y-harakatlarimiz uzviy va davomli bo‘lib, buning tasdig‘ini Toshkent – Urganch – Xiva yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan elektr poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish, Miskin – Nukus temir yo‘l tarmog‘ini elektrlashtirish jarayonlari jadallik bilan olib borilayotgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, bu yil aholiga sifatli transport xizmati ko‘rsatish, turizmni rivojlantirish maqsadida Samarqand shahridan Urgutga, Toshkent viloyatidagi Baytqo‘rg‘on stansiyasidan Parkent tumaniga temir yo‘l tarmog‘ini tortib borish ishlari boshlandi. Shuningdek, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi bo‘yicha yirik xalqaro loyihaning amalga oshirilayotgani nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqamiz kelajagi uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Qadrli soha xodimlari!

Bugungi kunda temir yo‘l transportini yanada rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar turi va hajmini ko‘paytirish, ularning sifatini oshirish, muhim zamonaviy kommunikatsiya obyektlarini barpo etish bo‘yicha hali oldimizda ulkan vazifalar turganini, Yangi O‘zbekistonga hozirgi davr talablariga javob beradigan qudratli temir yo‘l sanoati, temir yo‘l tarmoqlari va xizmatlari zarurligini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi tushunamiz.

Tariximizda ilgari ko‘rilmagan bunday ulug‘vor va mas’uliyatli vazifalarni amalga oshirishda biz avvalo chuqur bilim va katta mehnat tajribasiga ega bo‘lgan, o‘z ishi va kasbini chin dildan sevadigan, butun umrini elga xizmat qilishdek olijanob ishga bag‘ishlab kelayotgan siz, jonkuyar va zahmatkash temiryo‘lchilarimizga tayanamiz.

Aminmanki, sizlar xalqimizning ana shunday yuksak ishonchidan kuch va ilhom olgan holda, yanada samarali mehnat qilib, soha taraqqiyotini albatta yangi bosqichga olib chiqasiz.

Siz, azizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik va baxtu saodat, serqirra faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

Qishloq xo‘jaligida kosmik ma’lumotlardan foydalanish kengayadi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-iyul kuni qishloq xo‘jaligida kosmik ma’lumotlardan foydalanish va raqamlashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Bu kecha bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishining mantiqiy davomi. Meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish masalasi ko‘rib chiqilar ekan, davlatimiz rahbari yerdan unumli foydalanish, samaradorlikni oshirish yo‘llarini ko‘rsatgan edi.

Buning uchun aniq hisob-kitob va tahlil juda zarur. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “O‘zbekkosmos” agentligi shunday imkoniyat bermoqda. 2024-yil 14-oktyabrdagi Prezident farmoniga muvofiq, iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalar joriy etilmoqda.

Jumladan, bu qishloq va suv xo‘jaligidagi haqiqiy holatni, kamchiliklarni ochiq-oydin ko‘rsatib berayapti. Ikki yil mobaynida sohada foydalanilayotgan 4 million gektardan ziyod yerlar kosmik monitoring qilindi. Aniqlanishicha, hisobotlarda ko‘rsatilgan ayrim maydonlarda paxta ekilmagan, ba’zan esa zaxiradagi yoki egasi noma’lum yerlarga ekilgan.

Shu bois davlat tomonidan ajratiladigan imtiyozli kreditlarning maqsadli ishlatilishini masofaviy monitoring qiladigan tizim yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Iqlim o‘zgarishi va suv taqchilligidan kelib chiqib, yurtimizda kam suv talab qiladigan yangi navlar va agrotexnologiyaga o‘tilmoqda. Lekin ekinlarni sug‘orishda suv sarfi me’yori hozirgi haqiqatdagi talabga javob bermasligi ko‘rsatib o‘tildi. Gidromodul rayonlashtirish yondashuvi ham eskirgan. Oqibatda kanallar oxirida joylashgan 3 mingdan ziyod fermerga suv yetib bormayapti.

Qishloq va suv xo‘jaligi tizimidagi ilmiy institutlarni jalb qilgan holda sug‘orish me’yori va gidromodul rayonlashtirishni to‘liq yangilash vazifasi qo‘yildi.

Fermerlar sarflayotgan suvning haligacha aniq hisobi yo‘qligi qayd etilib, buning barcha bosqichlarini raqamlashtirish, suvning konturma-kontur hisobini yuritish zarurligi ta’kidlandi.

Suv omborlari sig‘imi ham loyihaviy quvvati bo‘yicha hisoblanib kelinar edi. So‘nggi ikki yilda 60 ta yirik suv ombori ilk bor batimetrik tahlildan o‘tkazildi. Loyqa cho‘kkani sababli ayrimlarining sig‘imi kamaygani aniqlandi.

Shu bois barcha suv omborlariga “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatib, suv miqdorini onlayn kuzatish, ulardagi loyqani kamaytirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.

– Yer bilan suv qishloq xo‘jaligimiz taqdirini hal qiluvchi masala, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda sohani raqamlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Hozir fermerlar yer, kredit, subsidiya va agroxizmatlar bo‘yicha 30 dan ortiq platformadan foydalanyapti. Buni osonlashtirish uchun ular birlashtirilib, “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasi ishga tushiriladi.

Endi dalasiga nima ekishni fermerning o‘zi hal qiladi. Buni platformaga ham uning o‘zi kiritadi. Natijada asosiy, takroriy va to‘qsonbosti ekinlar miqdori oldindan ko‘rinadi. Bu oziq-ovqat xavfsizligi, narx-navo barqarorligi va dehqonlarning daromadida juda muhim.

Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov boshchiligida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha komissiya tuzilishi belgilandi. Yetishmayotgan mahsulotni ko‘paytirish uchun imtiyozli kredit va subsidiya beriladi.

Sohada uchuvchisiz apparatlardan foydalanish ham rejalashtirilmoqda. Kuzda 100 dan ziyod zamonaviy dron olib kelinadi. Mutasaddilarga xususiy sektorni jalb etib, fermerlarga dronlar yordamida xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Somonpoyalarni yoqishga chek qo‘yishning qonuniy asoslarini yaratish zarurligi aytildi.

Kosmik tadqiqotlarda qurilish, kadastr, noruda konlari, o‘rmon va yaylov yerlari bo‘yicha ham tahlillar borligi ta’kidlanib, vazirlar va hokimlarga ularni o‘rganib, rejalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Posted on Leave a comment

Samarqanddagi natijadorlik va yangi rejalar yuzasidan axborot berildi



Davlatimiz rahbariga 30-iyul kuni Samarqand viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar yuzasidan axborot berildi.

Samarqand – aholi soni va o‘sishi bo‘yicha respublikamizda eng yirik hudud hisoblanadi. Bu yangi uy-joylar, infratuzilma, ish o‘rni, ta’lim va tibbiyotga talab oshadi, degani. So‘nggi sakkiz yilda viloyatda 1 ming 132 ta ko‘p qavatli uy qurilib, 56 ming oilaning turmush sharoiti yaxshilangan. Maktabgacha ta’lim qamrovi 21 foizdan 73 foizga, oliy ta’limda 10 foizdan 45 foizga yetgan.

Iqtisodiyotda to‘qimachilik, metallurgiya, elektr texnikasi, qurilish materiallari, turizm jadal rivojlanmoqda. Bunyodkorlik, yirik loyihalar va yuqori daromadli ish o‘rinlari aholining ertangi kunga ishonchini oshirmoqda.

Viloyatda kambag‘allik darajasi yil boshidan beri 7,5 foizdan 6,4 foizga kamaygan. Yil yakunigacha 150 ming odamni ishga joylab, 90 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan.

O‘tgan sakkiz yilda hududda sanoat mahsulotlari 1,7 barobar o‘sib, hozir 45 trillion so‘mdan oshgan. Lekin bu natijalarning 37 foizi Samarqand shahriga, 23 foizi Jomboy, Samarqand va Urgut tumanlariga to‘g‘ri keladi. Qo‘shrabot, Payariq va Nurobodda sanoat nisbatan rivojlanmagan.

Davlatimiz rahbarining tashabbusiga muvofiq, Samarqand viloyatida ham “Islohotlar shtabi” tuzildi. Taqdimotda tadbirkorlarning takliflari asosida ishlab chiqilgan yangi loyihalar haqida axborot berildi.

Masalan, Nurobod tumanida 115 gektarda maxsus sanoat zonasi tashkil qilish taklif etilmoqda. U yerda 472 million dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 1 ming 200 ta ish o‘rni yaratiladi. Qo‘shrabot tumanida xitoylik investorning 40 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoyasi hisobiga granit toshini qazib olish va qayta ishlash mo‘ljallangan.

Bulung‘urlik tadbirkor “in vitro” laboratoriya tashkil etib, kartoshka urug‘i bo‘yicha brend yaratishga kirishgan. Tumanda 100 million dollarlik biofarmatsevtika korxonasini ishga tushirish ham rejalashtirilgan.

Umuman, viloyatda 1 milliard 200 million dollarlik 14 ta yangi loyiha shakllantirilgan. Ularning natijasida 12 ming ish o‘rni, 82 million dollarlik eksport imkoniyati ochilishi ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz bu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Har bir tuman-shaharning investitsion jozibadorligi va eksport imkoniyatlarini tengma-teng oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Posted on Leave a comment

Oziq-ovqat eksportini ko‘paytirish bo‘yicha yangi zaxira va imkoniyatlar belgilandi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 30-iyul kuni meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini ko‘paytirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi salohiyati yuqori. So‘nggi uch yilda 250 ming gektar paxta va g‘alla yeri qisqartirilib, oziq-ovqat mahsulotlari uchun ajratildi. 160 ming gektar yangi bog‘ va tokzor barpo etildi, eskirgan 107 ming gektari yangilandi. 1 milliard dollarlik 1 ming 500 ta oziq-ovqat loyihasi ishga tushirildi.

Qishloq xo‘jaligidagi islohotlar xalqaro miqyosda e’tirof etilayapti. Shu oyda O‘zbekiston BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAO Kengashi a’zoligiga saylandi. Bu – milliy va mintaqaviy tashabbuslarni ilgari surish, yangi loyihalarga mablag‘ jalb qilish uchun katta imkoniyat.

Mahsulotlarimiz tabiiy va shirin bo‘lgani uchun chet ellarda juda qadrlanadi. Tashqi bozorlarda “O‘zbekistonda yetishtirilgan” degan brend shakllangan. Ayniqsa, quritilgan olxo‘ri va o‘rik, shaftoli, mayiz, gilos, dukkakli mahsulotlar eksporti bo‘yicha yurtimiz dunyoda yuqori o‘rinlarda turadi.

Bu yil 6 oyda oziq-ovqat eksporti 44 foiz o‘sib, 1 milliard 326 million dollar bo‘ldi. Eksport geografiyasi 16 ta davlatga ko‘paydi.

Shu bilan birga, dunyodagi vaziyat qaltis bo‘lib borayapti. Ob-havo injiqliklari ko‘payib, odatiy holga aylanayapti. Bunday sharoitda har bir eksport bozori, har bir dollar o‘ta muhim.

Lekin hamma joyda ham imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayapti. Masalan, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston oziq-ovqat mahsulotlari eksportining sur’ati bo‘yicha boshqa hududlardan ortda qolgan. Navoiy viloyati esa o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlariga ham yetmagan. 21 ta tumanda eksport o‘tgan yilga nisbatan 70 foizga ham yetmagan.

Yoki, bu yilgi meva-sabzavot eksportining 80 foizi 5 ta davlatga bo‘lgan. Buyuk Britaniya, Italiya, Shvetsiya, Yaponiya, Hindiston, Qatar kabi talab yuqori o‘lkalarga eksportimiz kam. Xorijdagi elchixona va konsulxonalarning bu boradagi o‘rni sezilmayotgani, savdo maslahatchilarining faoliyati sust ekani qayd etildi.

Yig‘ilishda shu kabi kamchiliklar tahlil qilinib, qishloq xo‘jaligida samaradorlik va eksportni oshirish chora-tadbirlari belgilandi. Bu iqtisodiy xavfsizlikning ustuvor yo‘nalishi ekani ta’kidlandi. Shu bois ob-havo va sharoitga moslashib, issiq va sovuqqa, suvsizlikka chidamli mahsulotlar yetishtirishga o‘tish zarurligi aytildi.

Hududlar kesimidagi tahlillar asosida eksport bo‘yicha yangi zaxira va imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi.

Soha mutasaddilari haligacha eskicha ishlayotgani oqibatida o‘tgan yili meva-sabzavot eksportining 75 foizi may-oktyabrga, ya’ni jahon bozori mahsulotga to‘yingan davrga to‘g‘ri kelgan. Qimmatroq sotish va bir maromda yetkazib berish uchun esa qayta ishlashni rivojlantirish kerak.

Masalan, ilg‘or tadbirkorlar olchani “shok” usulida muzlatib, qishda sotishni boshlagan. Yurtimizda yetishmagani uchun qo‘shni davlatlardan olib kelib, reeksport ham qilgan.

Shulardan kelib chiqib, dala chetida eksportbop mahsulotlar, xususan, olchani ko‘paytirish zarurligi aytildi.

Bu yil hududlarda 16 ta zamonaviy qadoq tayyorlash korxonasi ishga tushdi. Lekin bu hali yetarli emas. Eksportga ketayotgan meva-sabzavotning 18 foizi zamonaviy qadoqlanyapti, xolos. Shuning uchun yil yakunigacha yana 15 ta korxonani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Eng katta eksport zaxiralarimizdan biri – dukkakli mahsulotlar. Har yili 450 million dollarlik loviya, mosh, tariq va no‘xat eksport qilinyapti. Lekin ishchi kuchi yetishmagani uchun hosilning 30 foizi to‘kilib, isrof bo‘layapti, katta miqdorda eksport imkoniyati boy berilayapti.

Rivojlangan mamlakatlarda fermerlar dukkakli ekinlarni maxsus kombayn bilan yig‘ishtiradi. Shu bois Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan bunday texnikalarga 15 foizgacha subsidiya beriladigan bo‘ldi. Kredit stavkasining 10 foizdan oshgan qismi ham qoplab beriladi.

Shuningdek, eksportchilar tashishga ortiqcha xarajat qilmasligi uchun bojxona rejimida qayta ishlangan mahsulotni istalgan postdan eksport qilish mumkin bo‘ladi.

Bugungi kunda yangi bog‘lar barpo qilish va eskilarini yangilash uchun 350 million dona serhosil va eksportbop meva ko‘chatlariga ehtiyoj bor. 16 ta tumanda tashkil etilgan “Agrostar” kompaniyalari shu maqsadga qaratilgan. Ular ishni, avvalo, shundan – urug‘, ko‘chat va o‘g‘itdan boshlashi kerakligi ta’kidlandi.

Shu bois “Agrostar” kompaniyalari uchun “in vitro” laboratoriyalari, mazkur tumanlarda saqlash, qadoqlash, saralash va qayta ishlashni o‘z ichiga olgan zamonaviy agromajmualar barpo etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bugungi kunda yurtimizda 5 ming 100 gektar issiqxonalar bo‘lib, so‘nggi yetti yilda ularda yetishtiriladigan mahsulot hajmi 110 ming tonnadan 546 ming tonnaga ko‘paygan.

Lekin tadbirkorlar kredit yuki og‘irligi, o‘g‘it narxi qimmatligi, uzluksiz gaz ta’minoti yo‘qligi sababli qiyinchilikka uchramoqda. Xususan, 600 gektardan ortiq maydondagi issiqxona faoliyatini to‘xtatgan, 128 gektari qarzdorlik sababli bank tasarrufiga o‘tgan.

Shu bois issiqxona xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi. Endilikda ichki bozor bilan birga eksportga ham mahsulot yetishtirish majburiyatini olgan, tabiiy gazda ishlaydigan issiqxonalarga qishki mavsumda gaz kafolatli hajmda beriladi. Ko‘mir yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga o‘tgan hamda eksport majburiyatini olgan issiqxonalarga ham tabiiy gazga qaytish imkoni beriladi.

Aylanma mablag‘ yetarli bo‘lishi uchun oldindan to‘lov oktyabr-mart oylariga 50 foiz qilib belgilanadi. Bunda issiqxonalar gaz korxonalari bilan 1 oktyabrgacha shartnoma imzolaydi.

Ko‘mir yoki boshqa muqobil isitish tizimiga o‘tgan issiqxonalarga ajratilgan kredit muddati uzaytiriladi. Issiqlik nasoslari texnologiyasi asosida issiqxona tashkil qilganlarga xarajatlarning 20 foizgacha qismi, bu ishlar kredit hisobidan bo‘lsa, kredit stavkasini 4 foizi qoplab beriladi.

Yana bir yangilik – bundan buyon issiqxonalar, toifasidan qat’i nazar, yer solig‘ini qishloq xo‘jaligi yerlari stavkasida to‘laydi. 2028 yilga qadar issiqxona ishchilari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi.

Soliq qo‘mitasiga issiqxonalardan qisqartirilgan gaz qaysi sohalarga yo‘naltirilgani va ularning samaradorligini tahlil qilish topshirildi. Agar u tarmoqda qo‘shilgan qiymat kam bo‘lsa, gaz issiqxonalarga yo‘naltiriladi.

Ekologik vaziyatni hisobga olgan holda, Toshkent viloyatidagi issiqxonalar faoliyatining havo sifatiga salbiy ta’siri bilan bog‘liq muammolarni uzil-kesil hal qilish vazifasi qo‘yildi.

Hozirgacha 224 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingani yaxshi samara berdi. Buning natijasida 420 million kubmetr suv iqtisod qilinib, qo‘shimcha 65 ming gektarda meva-sabzavot yetishtirish imkoniyati yaratildi. Buning uchun o‘tgan yili 2,6 trillion so‘m, joriy yil esa 1,2 trillion so‘m sarflandi.

Endi yil yakunigacha yana 10 ming gektarda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yish, 200 ming gektarni lazerli tekislash rejalashtirilgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga buning uchun 500 milliard so‘m mablag‘ ajratish, kelasi yil dasturi uchun 2 trillion so‘m resurs shakllantirish topshirildi.

Ma’lumki, yaqinda dala chetiga ekin ekish, kooperatsiyalar bo‘yicha qonunlar qabul qilindi. Shuningdek, Suv kodeksining qabul qilingani suv tanqisligi sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Endi buni davom ettirib, qishloq xo‘jaligida daromadni oshirish, eksportni rag‘batlantirish, ilg‘or standartlarni joriy etish bo‘yicha ham qonunchilikni mustahkamlash maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.

Hukumatga eksportchi, issiqxonachi va meva-sabzavot yetishtiruvchilar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yib, davlat idoralariga bog‘liq barcha muammolarini aniqlab, joyida hal qilib borish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda tadbirkorlarning namunali tajribalari ko‘rib chiqildi, mutasaddilarning axboroti eshitildi.

Posted on Leave a comment

Harbiy ta’lim tizimi bo‘yicha axborot berildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev harbiy ta’lim tizimini takomillashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bu haqda shu yil 21-fevral kuni bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashining yig‘ilishida topshiriq berilgan edi. Shunga muvofiq, 20 dan ortiq xorijiy davlatning sohaga oid ilg‘or tajribalari o‘rganilib, harbiy ta’limni isloh qilish bo‘yicha yangi milliy model ishlab chiqildi.

Taklifga ko‘ra, Qurolli Kuchlar akademiyasi isloh qilinib, uning negizida O‘zbekiston Respublikasi harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Mudofaa vazirligining barcha harbiy ta’lim muassasalari – 5 ta institut, Serjantlar tayyorlash oliy maktabi hamda Aviatsiya va uchuvchisiz uchish apparatlari mutaxassislarini tayyorlash markazi institut maqomida mazkur universitet tarkibiga o‘tkaziladi. Bu markazlashgan vertikal tizimni hosil qilib, qo‘shinlarning jangovar salohiyatini oshirish, dual ta’limni kengaytirish, ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.

Masalan, Serjantlar tayyorlash oliy maktabida armiyaning asosiy tayanchi bo‘lgan serjantlarni o‘qitish, ularda yetakchilik qobiliyatini shakllantirish, zamonaviy qurollar va yangi taktik usullar bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirishning yangi tizimi joriy etiladi.

Yangiliklardan yana biri – tor doiradagi ixtisosliklar bo‘yicha “2+2” tartibi yo‘lga qo‘yilishidir. Ya’ni, psixolog, aloqachi, ta’minotchi, omborchi kabi 18 xil yondosh soha mutaxassislari boshqa oliy ta’lim muassasalarining 2-bosqich talabalari orasidan saralab olinadi.

Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, yangi o‘quv yilidan boshlab, bitiruvchi bosqich kursantlari uchun tanlov asosida “Oliy Bosh Qo‘mondon” davlat stipendiyasi joriy etiladi. Mazkur stipendiya sohibi bakalavriatni tamomlaganidan so‘ng 5-yil mobaynida oliy harbiy ta’lim muassasalarining magistraturasiga imtihonlarsiz qabul qilinadi.

Yana bir e’tiborli jihati, endilikda oliy harbiy ta’lim muassasalarining 36 ta ta’lim yo‘nalishi bitiruvchilari biryo‘la ikkita diplom – fuqarolik va harbiy kasbga mo‘ljallangan mutaxassislik egasi bo‘ladi. Bu ularning harbiy xizmatdan keyin ham faol ishlashi imkonini beradi.

Ushbu islohotlarga yarasha harbiy pedagoglarni saralash va tanlashga ham talab kuchayadi. Jumladan, harbiy pedagoglarni yetakchi xorijiy davlatlarda o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Taqdimotda ushbu takliflar ma’qullandi va ularni amaliyotga samarali tatbiq etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Posted on Leave a comment

Korrupsiyaga qarshi kurashish choralari muhokama qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-iyul kuni maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Bu judayam dolzarb, ko‘pchilik aholiga daxldor masala. Chunki korrupsiyaviy holatlarning 75 foizi shahar va tumanlarda maishiy shaklda bo‘lyapti.

Shu bois 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida bu illatga barham berish vazifasi qo‘yilgan edi. Shu maqsadda, Prezidentning 21-apreldagi farmoni bilan, Bosh prokuraturada korrupsiya omillarini tahlil qilish bo‘limi tashkil qilindi. Hududlarga muntazam chiqib, bunday omillar o‘rganib borilmoqda.

Prokuratura tizimidagi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va ilmiy-tadqiqot markazida 200 dan ortiq mutaxassis ilm va tahlil bilan shug‘ullanayapti. Umuman, huquq-tartibot idoralarida 100 mingdan ziyod xodim korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlayapti.

Lekin ko‘p hollarda bu illatning sabablari chetda qolib, oqibati bilan kurashilayapti. Korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydigan preventiv choralar hali yetarli emas. Har kuni odamlarning ishi tushadigan hokimlik, kadastr, bank va soliq idoralarida byurokratiya, “korrupsiyaviy tuynuklar” to‘liq yo‘qolgani yo‘q.

Taqdimotda shu boradagi qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Yurtimizda 43 ta nazorat idorasi bor. Hamma vazirliklarda komplayens nazorat bo‘limlari tashkil etilgan. Avvalo, ularning samaradorligini oshirish vazifasi qo‘yildi. Vazirlik va idoralar huzuridagi inspeksiyalarning bu boradagi faoliyatiga ham tanqidiy munosabat bildirildi.

Prezidentimiz korrupsiyaning faqat kamaygani emas, qanchasining oldi olinganiga qarab, davlat idoralari faoliyatini baholash kerakligini ta’kidladi.

Yer ajratish bo‘yicha shaffof tizim joriy qilingan. Lekin, joylarda bu borada noqonuniy xatti-harakatlar haligacha uchrab turibdi. Shu bois kadastr, “O‘zbekkosmos”, qurilish va boshqa tegishli tashkilotlar ma’lumotlarini tahlil qilib, bunday holatlarga butunlay chek qo‘yish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Prokuratura tizimini to‘liq raqamlashtirish va barcha sohalar ustidan “raqamli nazorat” o‘rnatish zarurligi ta’kidlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida parlamentning mas’ul qo‘mitalariga mahallagacha tushib, korrupsion holatlarning kelib chiqish sabablarini o‘rganish, davlat xaridlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalarni kamaytirish, yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga murosasizlik muhitini shakllantirish kabi dolzarb masalalarda tavsiyalar berilgan edi.

Taqdimotda bunga mas’ullar bajarilgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.

Posted on Leave a comment

Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bayram tabrigi



Qadrli vatandoshlar!

Mamlakatimizda yagona va ahil oila bo‘lib yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elatlar vakillari bo‘lgan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda ko‘pmillatli butun xalqimizni 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Hech shubhasiz, yurtimiz zaminida qadimgi davrlardan buyon davom etib kelayotgan etnik xilma-xillik noyob ijtimoiy hodisa bo‘lib, bugun – Yangi O‘zbekiston sharoitida yangicha ma’no-mazmun va an’analarga ega bo‘lib borayotgani diqqatga sazovordir.

Barchamiz uchun aziz va mo‘tabar bo‘lgan Vatanimiz aynan shu asosda inson qadri va baxti ulug‘lanadigan tom ma’nodagi tinchlik, do‘stlik va mehr-oqibat diyoriga aylanib bormoqda, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.

Muhtaram do‘stlar!

Mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikning muhim omili bo‘lgan millatlararo munosabatlarni rivojlantirishni biz yurtimizda demokratik huquqiy davlat hamda erkin fuqarolik jamiyati barpo etishning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab oldik va bu borada ulkan ishlarni amalga oshirib kelmoqdamiz.

Avvalo, sohaga doir davlat siyosati tubdan takomillashtirilib, uning huquqiy va institutsional asoslari mustahkamlandi.

Eng muhimi, bu yo‘nalishda davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida samarali hamkorlik o‘rnatilib, ularning imkoniyatlari birlashtirilib, tizimli va keng miqyosda ish olib borilmoqda.

Birgina misol – mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 157 ta milliy-madaniy markaz, 42 ta do‘stlik jamiyati va xorijdagi 100 dan ortiq vatandoshlar jamoat birlashmalari davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda yurtimizda do‘stlik va bag‘rikenglik muhiti, milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligini mustahkamlash, chet ellar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalar, xalq diplomatiyasini har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab ijobiy natijalarga erishmoqda.

Biz o‘zining halol mehnati, vatanparvarlik fazilatlari bilan respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan turli millatga mansub yurtdoshlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Ular davlat va jamoat tashkilotlarida turli mas’ul lavozimlarda chin dildan mehnat qilishmoqda, fidokorona xizmatlari uchun Vatanimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lishmoqda. Ularning orasida deputat va senatorlar, taniqli ishlab chiqarish vakillari, tadbirkorlar, ta’lim, tibbiyot, ilm-fan, madaniyat, adabiyot, san’at va sport namoyandalari borligini barchamiz yaxshi bilamiz.

O‘z taqdiri va kelajagini O‘zbekiston bilan bog‘lagan bunday olijanob yurtdoshlarimiz tarixiy vatanlari bilan mamlakatimiz o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda ham alohida namuna ko‘rsatishmoqda.

Milliy-madaniy markazlarning barchamiz uchun umumxalq bayramlariga, go‘zal qadriyatlarga aylanib ketgan Navro‘z va Mustaqillik tantanalari, boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda doimo faol ishtirok etib kelishayotgani ham tahsinga loyiqdir.

Barchamiz birgalikda nishonlayotgan bugungi bayram – Xalqlar do‘stligi kuni ham xalqimizning tinchlik, do‘stlik va ezgulik g‘oyalari mujassam bo‘lgan boy madaniyati, urf-odat hamda an’analarini yaqqol namoyish etish uchun yana bir katta imkoniyat ekanini ta’kidlash lozim.

So‘nggi yillarda qat’iy siyosiy irodamiz bilan mintaqamizdagi qardosh davlatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilib, dunyo siyosatida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora va voqelik paydo bo‘lgani barchamizning umumiy yutug‘imiz, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Bu haqda gapirganda, shu yil mart oyida O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Tojikiston chegaralari o‘zaro tutashgan nuqtada “Do‘stlik” stelasi o‘rnatilgani o‘rtamizdagi yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganidan yana bir yorqin dalolatdir.

Hurmatli yurtdoshlar!

Dunyoning turli mintaqalarida milliy va diniy asosda turli nizolar davom etayotgan hozirgi o‘ta tahlikali sharoitda  yagona O‘zbekiston g‘oyasi asosida eng katta boyligimiz – yurtimizdagi osoyishtalik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, bilim-ma’rifat, kasb-hunarlar egasi etib tarbiyalash, inklyuzivlik tamoyillarini chuqurlashtirish borasidagi ishlarimizni kelgusida ham izchil davom ettiramiz.

O‘zbekiston fuqarosi ekanidan faxrlanadigan barcha millat va konfessiyalar vakillari hamda xorijdagi vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini Konstitutsiya va qonunlarimiz talablari asosida hamma joyda qat’iy himoya qilish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Siz, azizlar Vatanimizning iqtisodiy va ijtimoiy qudratini oshirish, xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish yo‘lida bundan buyon ham fidokorona mehnat qilib, butun kuch-g‘ayratingiz, bilim va tajribangiz, iste’dod hamda mahoratingizni, kasbiy va insoniy salohiyatingizni to‘la namoyon etasizlar, deb ishonaman.

Barchangizni bugungi shukuhli bayram bilan yana bir bor qizg‘in tabriklayman.

Sizlarga mustahkam sog‘liq, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lidagi olijanob faoliyatingizda yangi zafarlar, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Barchamiz uchun yagona Vatan bo‘lgan jonajon O‘zbekistonimiz doimo omon bo‘lsin, hamisha gullab-yashnasin!

Shavkat MIRZIYOЕV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti