Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Haydar Aliyev xotirasiga hurmat bajo keltirdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifining ikkinchi kunida Boku shahrida Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev mangu qo‘nim topgan Faxr xiyoboniga tashrif buyurdi.

Prezidentimiz Haydar Aliyev qabriga gul qo‘yib, Ozarbayjonning buyuk davlat va siyosat arbobi xotirasiga ehtirom ko‘rsatdi.

Haydar Aliyev haqli ravishda mustaqil Ozarbayjonning asoschisi hisoblanadi. Uning rahbarligida mamlakatning jadal rivojlanishi va xalqaro maydondagi nufuzi yuksalishi uchun mustahkam poydevor yaratildi.

Uning davlat qurilishi va milliy suverenitetni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi Ozarbayjon tarixida alohida o‘rin tutadi.

O‘zbekistonda Haydar Aliyevni qardosh davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlashga katta ahamiyat bergan davlat arbobi sifatida chuqur hurmat qilishadi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti «Sea Breeze» kurort majmuasi faoliyati bilan tanishdilar



O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifining birinchi kuni yakunida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev hamrohligida «Sea Breeze» dam olish majmuasi faoliyati bilan tanishdi.

Tashrif chog‘ida Kaspiy dengizining g‘arbiy sohilidagi ushbu yirik xalqaro sayyohlik markazi faoliyati haqida taqdimot o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbariga bu yerda yaratilgan sharoitlar, dam olish zonalari, plyajlar, sport maydonchalari, mehmonxonalar, kottejlar va turar-joy majmualari haqida ma’lumot berildi.

Loyiha zamonaviy «Kaspiy riverasi»ga aylangan. Kurort qariyb 500 gektar maydonni egallagan. Bu yerda 6,5 kilometrlik plyaj zonasi, 150 gektar maydonda yashil hududlar va dam olish obyektlari mavjud bo‘lib, 700 mingga yaqin daraxt va butalar ekilgan.

Posted on Leave a comment

Prezidentlar O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi yangi binosini ochdilar



O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi doirasida mamlakatimizning Boku shahridagi elchixonasi yangi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ishtirok etdilar.

Yetakchilar ramziy tasmani kesib, diplomatik vakolatxonaning yangi binosini tantanali ravishda ochdilar.

Davlat rahbarlari diplomatlarning ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan samarali faoliyati uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Elchixona zallari O‘zbekiston hududlari nomi bilan atalgan. Prezidentimiz xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik ramzi sifatida zallardan biriga Qorabog‘ nomini berishni taklif etdi.

Yakunda Prezidentlar elchixonaning Faxriy mehmonlar kitobiga tilaklarini yozib qoldirdilar.

Posted on Leave a comment

Prezidentlar «O‘zbekiston» bog‘iga tamal toshi qo‘ydilar



O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi doirasida Boku shahrida «O‘zbekiston» bog‘iga tamal toshi qo‘yishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Yangi bog‘ poytaxtning nufuzli va jadal rivojlanayotgan «Oq shahar» mavzesidan o‘rin oldi.

Loyihaga ko‘ra, 4,5 gektar maydonda O‘zbekistonning boy madaniyati va an’analarini namoyish etadigan ulkan majmua barpo etiladi.

Bog‘ hududida yurtimiz me’moriy obidalari nusxalari, sayilgohlar, yashil hududlar, mehmonxona, turli xil savdo va ko‘ngilochar maskanlar tashkil etiladi. Binolar qurilishi va bezagida o‘zbek milliy me’morchiligi an’analari hamda naqshlaridan foydalaniladi.

Marosimda ikki davlat rahbarlari birgalikda bog‘ poydevoriga ramziy kapsula qo‘yib, ushbu muhim loyiha qurilishini boshlab berdilar.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari muzokaralar yakunlarini sarhisob qildilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda muzokaralar yakunlari yuzasidan fikr bildirdilar.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida O‘zbekiston Prezident Ilhom Aliyev rahbarligida Ozarbayjonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar va mamlakat erishayotgan yuksak natijalardan chin dildan xursand ekanini ta’kidladi.

– Siz otangiz va har bir ozarbayjonlikning azaliy orzusini ro‘yobga chiqardingiz – mamlakat hududiy yaxlitligini tikladingiz. Qaytarib olingan hududlarning iqtisodiyoti va infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha faol ish olib boryapsiz, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Ozarbayjon O‘zbekistonning ishonchli ittifoqchisi va strategik sherigi ekani ta’kidlandi. Bizning maqsadlarimiz, qarashlarimiz va intilishlarimiz o‘xshash. Xalqlarimizni azaldan qardoshligimiz va o‘zaro ishonchimiz asosini tashkil etayotgan tarix, qadriyatlar, til va madaniyat bog‘lab turibdi.

Davlatimiz rahbari bugun bo‘lib o‘tgan Oliy davlatlararo kengash ikkinchi yig‘ilishining samarali natijalarini, uning yakunida muhim qaror va kelishuvlar qabul qilinganini yuksak baholadi.

Bu galgi sammitga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgani ta’kidlandi. Birinchi Parlamentlararo forum, Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, hududlar va rektorlar forumlari, siyosiy maslahatlashuvlar, qator madaniy tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani keng ko‘lamda amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro maydonda yaqin aloqalarni mustahkamlash va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga qat’iy intilish tasdiqlandi. Ko‘plab dolzarb global va mintaqaviy muammolar bo‘yicha pozitsiyalar mos kelishi qayd etildi. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari O‘zbekiston barcha o‘tkir muammo va ziddiyatlarni faqat tinch yo‘l bilan, diplomatik sa’y-harakatlar orqali hal etish tarafdori ekanini ta’kidladi.

Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama savdo va investitsiyalar hajmini yaqin yillarda 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha qo‘shma amaliy choralar ko‘rishga kelishib olindi. Savdo va kooperatsiyani rag‘batlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilindi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish maqsadida hamkorlikning amaldagi formatlari kengaytiriladi va yangi formatlari yo‘lga qo‘yiladi. Gap Tadbirkorlar kengashini tuzish hamda Sanoat va iqtisodiy zonalar forumini o‘tkazish haqida bormoqda.

Yetakchilar transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga alohida ahamiyat qaratdilar. Bugungi kunda mamlakatlarimizni bog‘laydigan va boshqa strategik yo‘nalishlarga chiqish imkonini beradigan O‘rta yo‘lak faol rivojlanayotgani ta’kidlandi. Xususan, bahordan boshlab ushbu yo‘lakda elektron ruxsatnomalar ishga tushirildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston yuklarini tashish hajmi 25 foizga oshdi. Ularning yillik hajmi bir million tonnadan ortdi.

Yevropaga «yashil» energiya eksporti bo‘yicha qo‘shma loyihani ilgari surishda erishilgan yutuqlar qayd etildi.

Bundan tashqari, bugun Bok-u shahrida «O‘zbekiston» bog‘i qurilishiga start beriladi va mamlakatimizning Ozarbayjondagi elchixonasining yangi binosi ochiladi.

Shular bilan bir vaqtda O‘zbekistonda bo‘lajak «Ozarbayjon» bog‘i va noyob «Sea Breeze» sayyohlik majmuasi loyihalari faol tayyorlanayotgani ta’kidlandi.

Joriy yilda ikki qardosh mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30-yilligi nishonlanishi munosabati bilan ushbu muhim sanaga bag‘ishlangan yirik tadbirlar, konsertlar va yoshlar forumlarini birgalikda o‘tkazishga kelishib olindi.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari hamkorlikka oid qo‘shma loyiha va dasturlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun ozarbayjonlik hamkasbiga minnatdorlik bildirdi. Ozarbayjonga bu galgi davlat tashrifi natijalari ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga, qardosh mamlakatlar va xalqlarning barqaror taraqqiyoti va farovonligiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazdilar



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev «Zagulba» qarorgohida tor doirada uchrashuv va Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazdilar.

O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida kooperatsiya va almashinuvlarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari bu galgi davlat tashrifi va Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30-yilligi nishonlanayotgan yilda o‘tayotganini alohida ta’kidladi.

– Munosabatlarimiz tarixda hech qachon bugungidek yuksak darajada bo‘lmagan, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Prezidentlar ko‘p qirrali hamkorlik barcha darajalarda jadal rivojlanib borayotganini qayd etdilar. Kecha Xiva shahrida birinchi Parlamentlararo forum bo‘lib o‘tdi. Bokuda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va Hududlar forumi samarali o‘tdi. Yaqinda Andijonda ilk bor rektorlar forumi tashkil etilib, 60 dan ortiq shartnoma imzolandi. Ozarbayjonning «Shirvon» ansambli Xiva baxshichilik festivali gran-prisini qo‘lga kiritdi.

Iqtisodiy kooperatsiya yilida tovar ayirboshlash hajmi 25 foizga oshdi. Loyihalar portfeli 4 milliard dollarga yetgan. 300 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

Tashrif davomida Bok-u shahrida «O‘zbekiston» bog‘i qurilishiga start beriladi va mamlakatimizning Ozarbayjondagi elchixonasi yangi binosi ochiladi.

Parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar va hududlar darajasidagi amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi. Xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.

Tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmini yiliga 1 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Sanoat, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, turizm, bank va boshqa sohalardagi loyihalarni o‘z ichiga olgan alohida Kooperatsiya dasturi qabul qilinayotgani ta’kidlandi.

Qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyatini kengaytirish muhimligi qayd etildi. Tadbirkorlar kengashi hamda Sanoat va iqtisodiy zonalar forumi kabi hamkorlikning yangi formatlari qo‘llab-quvvatlandi.

Transport-kommunikatsiya sohasidagi sheriklikka alohida e’tibor qaratildi. O‘rta yo‘lakni rivojlantirishda ishtirok etish loyihalari muhokama qilindi.

Ushbu yo‘lak orqali tashilayotgan O‘zbekiston yuklari hajmi 25 foizga – 1 million tonnadan ziyodga oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bundan tashqari, joriy yil mart oyidan boshlab yuk tashishda elektron ruxsatnomalarga o‘tish ta’minlandi.

Shuningdek, Yevropaga elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha qo‘shma loyihani tayyorlashni jadallashtirishga kelishib olindi.

Diplomatik munosabatlar yubileyini munosib nishonlash maqsadida tomonlar joriy yilning kuzida qator qo‘shma madaniy va yoshlar tadbirlarini o‘tkazishga kelishib oldilar.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Majlisda Hukumatlararo komissiya hamraislari, transport, energetika va madaniyat vazirlarining muzokaralar kun tartibi yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidentini tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi



«Zagulba» qarorgohida Ozarbayjonga davlat tashrifi bilan kelgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Qarorgoh oldidagi maydonda ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.

Oliy martabali mehmonni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev samimiy kutib oldi.

Davlat madhiyalari yangradi. Harbiy orkestr sadolari ostida faxriy qorovul davlat rahbarlari oldidan saf tortib o‘tdi.

Birgalikda suratga tushishdan so‘ng O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarining tor doiradagi uchrashuvi boshlandi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Bokuga keldi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Bok-u shahriga keldi.

Poytaxtdagi Haydar Aliyev nomidagi aeroportda davlatimiz rahbarini Ozarbayjon Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yaqub Ayubov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.

Dasturga muvofiq, bugun Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi va boshqa tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjonga jo‘nab ketdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 2-iyul kuni davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Boku shahrida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi majlisi va boshqa oliy darajadagi tadbirlar bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqiladi.

Mamlakatimiz yetakchisi Xonkendi shahrida o‘tkaziladigan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida ham ishtirok etadi.

Posted on Leave a comment

Olimpiya harakatini rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-iyul kuni Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Ma’lumki, 2024-yilda Parijda o‘tgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida yurtimiz sportchilari muvaffaqiyatli ishtirok etib, umumjamoa hisobida har ikki yo‘nalishda 13-o‘rinni egallagan edi. Joriy yil 13-fevralda bo‘lgan videoselektor yig‘ilishida yurtimizda olimpiya harakatini yanada rivojlantirish, kelgusidagi musobaqalarga puxta hozirlik ko‘rish vazifasi qo‘yilgandi. Shunga muvofiq, 2028-yilda AQSHning Los-Andjeles shahrida bo‘ladigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqildi.

Qaror bilan 10 ta ustuvor vazifa belgilanmoqda. Bular – sport turlarini ustuvor, istiqbolli va rivojlanayotgan toifalarga ajratgan holda kuchaytirish, natijador sport turlari geografiyasini kengaytirish, iqtidorli yoshlarni quyi bo‘g‘indan boshlab shaffof usulda saralab olish, xorijiy mamlakatlar tajribasiga asoslangan milliy metodika yaratish, terma jamoalar uchun aniq maqsad va natijadorlikka yo‘naltirilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish, ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, xalqaro sport tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash kabilardir.

Shuningdek, O‘zbekiston sportchilarini 2028 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash dasturi va maqsadli ko‘rsatkichlar belgilanmoqda.

Bu sohadagi ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida Milliy olimpiya qo‘mitasining 14 ta hududiy bo‘limi tashkil etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Olimpiya harakatini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus vakili bo‘ladi. Har bir hududga Sport vazirligi va Olimpiya qo‘mitasidan mas’ullar biriktiriladi.

Asosiy maqsad faqat bitta Olimpiada emas, doimiy va mustahkam zamin yaratishdir. Iqtidorli sportchilarni eng quyi bo‘g‘indan boshlab saralash va professional etib tayyorlash uchun uch bosqichli “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqasi yo‘lga qo‘yiladi. Uning final bosqichi har yili Olimpiya shaharchasida “Prezident Olimpiadasi” sifatida o‘tkaziladi. G‘olib va sovrindor sportchilar Olimpiya markazlariga jalb etilib, professional tayyorlanadi.

Respublika olimpiya va paralimpiya markazining faoliyati milliy terma jamoalar zaxirasini yaratishga qaratiladi. Uning ta’minoti 2026-yildan boshlab respublika byudjetiga o‘tkaziladi. Markaz 8-11-sinflar uchun maktab, 1-2-kurslar uchun kollej sifatida faoliyat ko‘rsatadi hamda qabul kvotasi oshiriladi. 1-2-kurs o‘quvchilariga Sport vazirligi stipendiyasi beriladi. O‘quv-mashg‘ulotlar o‘tkazib borish uchun Olimpiya shaharchasi inshootlari markazga beg‘araz asosda biriktiriladi.

Shuningdek, atletlar zaxirasini kengaytirish maqsadida xususiy sport klublari faoliyati takomillashtirilib, rasmiy musobaqalardagi ishtiroki ta’minlanadi. Yuqori natija ko‘rsatgan sportchilar milliy terma jamoalarga qabul qilinishi mumkin bo‘ladi.

Sportchi va murabbiylar uchun ko‘plab rag‘batlar ham nazarda tutilmoqda. Jumladan, nufuzli musobaqalar g‘olib va sovrindorlari oliy harbiy ta’lim muassasalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilinadi. Mahoratli sportchilarni boshlang‘ich bo‘g‘inda yetishtirgan murabbiylar uchun ham ustamaning muayyan qismi to‘lab boriladi.

Davlatimiz rahbari sport federatsiyalari faoliyatini samarali tashkil etish, hududlarda soha infratuzilmasini yaxshilash, sportchi va murabbiylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.