Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti YOII sammitida ishtirok etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-iyun kuni Minsk shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida YOII huzuridagi kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi.

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko raisligida o‘tgan uchrashuvda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, kuzatuvchi maqomida Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Dias-Kanel, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon (videomurojaat yo‘lladi) hamda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati raisi Baqitjan Sag‘intayev ham qatnashdi. Mehmon sifatida Abu-Dabi valiahd shahzodasi Shayx Xolid Ol Nahayon, Mo‘g‘uliston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Nam-Osorin Uchral va MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.

Kun tartibidan ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari o‘rin oldi.

O‘zbekiston Prezidenti nutqining avvalida YOII mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish mamlakatimiz tashqi iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Tashkilotga a’zo mamlakatlarga ularning delegatsiyalari joriy yilda O‘zbekistonda o‘tkazilgan «Innoprom. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi va to‘rtinchi Toshkent investitsiya forumida faol ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirildi.

Ushbu tadbirlar yakunida muhim kelishuvlarga erishilgani, hamkorlikning yangi yo‘nalishlari va istiqbolli loyihalari belgilab olingani alohida ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari yig‘ilish ishtirokchilariga O‘zbekiston bilan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik qay darajada rivojlanayotgani to‘g‘risida ma’lumot berdi. Xususan, kuzatuvchi davlat maqomidagi hamkorlik davrida O‘zbekistonning Ittifoq mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 80 foizga oshib, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra 18 milliard dollarni tashkil etdi.

Joriy yil mart oyida qo‘shma Ishchi guruhning to‘rtinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazildi, uning yakunida texnik to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va ishbilarmonlik tashabbuslarini rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Qariyb 40 ta aniq tadbirni qamrab olgan yangi uch yillik Rejani amalga oshirish boshlandi. O‘zbekiston EOIIning muhim tashabbuslari, jumladan, «Yevroosiyo agroekspress», elektron savdoni rivojlantirish, yuk tashishni raqamlashtirish va iqlim kun tartibi kabi loyiha va dasturlarida ham faol ishtirok etmoqda.

Bundan tashqari, aprel oyida mamlakatimizning Yevroosiyo taraqqiyot bankini ta’sis etish to‘g‘risidagi bitimga qo‘shilish jarayonlari yakunlandi. Bank bilan birgalikda infratuzilmani modernizatsiya qilish, metallurgiya, to‘qimachilik, kimyo va boshqa strategik tarmoqlarda istiqbolli loyihalar portfeli ishlab chiqilmoqda.

Davlatimiz rahbari YOII bilan sheriklikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z nuqtayi nazarini bayon qildi.

O‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligi qayd etildi. O‘zbekiston mamlakatlarimiz o‘rtasidagi erkin savdo zonasi faoliyatini ta’minlash bilan bog‘liq barcha kelishuvlarni to‘liq bajarib kelayotgani ta’kidlandi.

Shu ma’noda, mamlakatimizning savdo operatsiyalarini texnik tartibga solish tartib-taomillarini soddalashtirish va tizimlarini yaqinlashtirishga qaratilgan qator takliflarini ekspertlar darajasida ishlab chiqishni jadallashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, O‘zbekiston savdoni qo‘llab-quvvatlash vositalari va mexanizmlarida – YOII texnik jihatdan tartibga solishning raqamli tizimi va raqamli transport yo‘laklari ekotizimi, Yevroosiyo qayta sug‘urtalash kompaniyasi kabilarda qatnashishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt jadal rivojlanayotganini hisobga olib, raqamlashtirish sohasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik istiqbollari ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada elektron savdo, tovarlarni raqamli markirovkalash, yangi avlod logistika platformalarini yaratish, muayyan tarmoqlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan alohida dastur qabul qilish taklif etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston o‘tkazish punktlarining yagona integratsiyalashgan axborot tizimida ishtirok etishi mumkinligi ta’kidlandi. Bu chegaralardan o‘tishni tezlashtirish, monitoring samaradorligi va barcha tartib-taomillarning shaffofligini ta’minlash imkonini beradi.

Kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishni rag‘batlantirish maqsadida kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan dasturlar doirasida, shu jumladan YOII Ishbilarmonlar kengashi bilan birgalikda amaliy hamkorlikni kengaytirishga tayyorlik bildirildi.

O‘zbekiston sanoat loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmi hamda Sanoat kooperatsiyasi va texnologiyalar transferi bo‘yicha Yevroosiyo tarmog‘i platformasining imkoniyatlaridan foydalanishdan manfaatdor ekanligi aytildi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari hamkorligi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekistonning YOII mamlakatlari bilan Agrokooperatsiya dasturini qabul qilish haqidagi tashabbusni amalga oshirish shular jumlasidan. Ushbu dastur ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashish qoidalarini soddalashtirish, «yashil» yo‘lakning samarali ishlashi va kengaytirilishini nazarda tutadi.

Bundan tashqari, YOII bo‘yicha hamkorlar bilan tartib-qoidalarni soddalashtirish va mehnat resurslari harakatchanligini oshirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. Shu munosabat bilan mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan sohalarda kasbiy standartlar va malaka talablarini yaqinlashtirish masalalari yuzasidan ekspertlar maslahatlashuvini o‘tkazish taklif etildi.

Shuningdek, tashkilot doirasida ishga tushirilgan «Chegarasiz mehnat» integratsiyalashgan platformasiga qo‘shilishga tayyorlik ham bildirildi.

Yakunda davlatimiz rahbari O‘zbekistonning YOII doirasidagi ko‘p tomonlama dastur va loyihalarda ishtiroki iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga hamda mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi ta’kidladi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy darajadagi Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishidagi nutqi



Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Avvalo, an’anaviy samimiy qabul va bugungi uchrashuvimizni yuqori darajada tashkil etgani uchun Belarus Respublikasi Prezidenti hurmatli Aleksandr Grigorevich Lukashenkoga bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.

Shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida Belarus tomonining samarali raisligini, bu davrda ko‘ptomonlama amaliy hamkorlik sezilarli tarzda faollashganini ta’kidlamoqchiman.

Bugun hamkasblarimning nutqlarida jahon iqtisodiyotida vujudga kelayotgan murakkab vaziyatga baho berildi. Proteksionizm va sanksiyalar siyosatining kuchayishi, savdo-logistika zanjirlarining buzilishi va xorijiy sheriklarning investitsiyaviy faolligi qisqarib borishi oqibatlarining salbiy ta’sirini biz O‘zbekistonda to‘liq his etmoqdamiz.

Bizning tabiiy va an’anaviy sheriklarimiz bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish tashqi iqtisodiy siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Fursatdan foydalanib, joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi va to‘rtinchi Toshkent investitsiya forumini qo‘llab-quvvatlagani va ularning ishida delegatsiyalaringiz faol ishtirok etgani uchun barcha hamkasblarimga minnatdorlik izhor etaman.

Ushbu tadbirlar yakunida muhim kelishuvlarga erishildi, kooperatsiya bo‘yicha yangi yo‘nalishlar va istiqbolli loyihalar belgilandi. Biz mamlakatlarimizning yanada ko‘proq yetakchi kompaniyalari va moliyaviy guruhlarini jalb etgan holda, ushbu hamkorlik maydonchalarini kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Sizlarga O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan ko‘ptomonlama hamkorligi qanday rivojlanayotgani haqida qisqacha ma’lumot bermoqchiman.

Kuzatuvchi davlat maqomidagi to‘rt yillik hamkorlik davrida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 80 foizga o‘sdi va o‘tgan yil yakuni bo‘yicha 18 milliard dollarni tashkil etdi. Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchimanki, savdo operatsiyalari nomenklaturasi, avvalambor, sanoat mahsulotlarini yetkazib berish hisobidan kengaymoqda. Qo‘shma korxonalar va loyihalar soni uch barobar o‘sdi.

Joriy yilning mart oyida Qo‘shma ishchi guruhining to‘rtinchi majlisi muvaffaqiyatli o‘tkazilib, uning yakunida texnik to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va ishbilarmonlik tashabbuslarini rag‘batlantirish bo‘yicha kelishilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Biz 40 ta aniq chora-tadbirni qamrab olgan, uch yilga mo‘ljallangan yangi rejani amalga oshirishga kirishdik.

O‘zbekiston, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining muhim tashabbuslarida, jumladan, “Yevroosiyo agro ekspress”, elektron savdoni rivojlantirish, yuklarni tashishni raqamlashtirish va iqlim masalalari kabi loyiha va dasturlarda faol ishtirok etmoqda.

Aprel oyida barcha tartib-taomillarni yakuniga yetkazdik va Yevroosiyo taraqqiyot bankini ta’sis etish haqidagi bitimga qo‘shildik. Bank bilan hamkorlikda infratuzilmani modernizatsiya qilish, metallurgiya, to‘qimachilik, kimyo sohalari va boshqa strategik tarmoqlarda istiqbolli loyihalar portfeli ishlab chiqilmoqda. 

Hurmatli hamkasblar!

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan sheriklikni yanada rivojlantirishning muhim yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tmoqchiman.

Biz o‘zaro savdo aylanmasini kengaytirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirishga muhim ahamiyat qaratamiz.

O‘zbekiston mamlakatlarimiz o‘rtasidagi erkin savdo hududi faoliyatini ta’minlash bilan bog‘liq barcha kelishuvlarni to‘liq hajmda bajarmoqda.

Savdo operatsiyalari tartib-taomillarini soddalashtirish va texnik tartibga solish tizimlarini yaqinlashtirishga qaratilgan qator takliflarimiz ekspertlar tomonidan o‘rganib chiqilishini tezlashtirish zarur, deb hisoblaymiz.

Biz, shuningdek, savdoni qo‘llab-quvvatlashda texnik tartibga solishning raqamli tizimlari va Ittifoqning raqamli transport yo‘laklari ekotizimi, Yevroosiyo qayta sug‘urtalash kompaniyasi kabi vosita va mexanizmlarga qo‘shilishdan manfaatdormiz. Bu bizning biznesimiz uchun sharoitni sezilarli darajada yengillashtiradi, mamlakatlarimizning tovar bozorlariga o‘zaro kirishida qulay imkoniyatlarni ta’minlaydi.

Zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt jadal rivojlanib borayotganini hisobga olib, raqamlashtirish sohasida ko‘ptomonlama hamkorlik qilish istiqbolga ega, deb hisoblaymiz.

Elektron savdo, mahsulotlarning raqamli markirovkasi, yangi avlod logistika platformalarini yaratish, aniq tarmoqlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha yo‘nalishlarni qamrab olgan alohida dastur qabul qilishni taklif etamiz.

Shuningdek, O‘zbekiston o‘tkazish punktlarining yagona integrallashgan axborot tizimida ishtirok etish imkoniga ega ekanini ham ta’kidlamoqchiman. Bu, eng avvalo, chegaralardan o‘tishni tezlashtirish, monitoring samaradorligi va barcha jarayonlar shaffofligini ta’minlash imkonini beradi.

Texnik jihatdan biz bunday loyihalarda faol ishtirok etishga tayyormiz.

Kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishni rag‘batlantirish uchun kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishga tushirilgan dasturlar, jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Ishbilarmonlik kengashi bilan qo‘shma chora-tadbirlar doirasida amaliy hamkorlikni kengaytirishni taklif etamiz.

Sanoat sohasidagi loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmi hamda sanoat kooperatsiyasi va texnologiyalar transferi bo‘yicha Yevroosiyo tarmog‘i platformasi imkoniyalaridan foydalanishdan manfaatdormiz.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning hamkorligi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimdir. Bu o‘rinda so‘z, avvalo, O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan agrokooperatsiya dasturini qabul qilish haqidagi tashabbusimizni amalga oshirish haqida bormoqda. Ushbu dastur ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari harakatlanishi tartiblarini soddalashtirish, “yashil” yo‘laklarning samarali faoliyati va ularni kengaytirishni nazarda tutadi.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi hamkorlarimiz bilan birgalikda mehnat resurslari tartib-taomillarini soddalashtirish va safarbar etilishini oshirish bo‘yicha faol ish olib boryapmiz. Shu munosabat bilan mehnat bozorida talab katta bo‘lgan sohalarda professional standartlar va malaka talablarini yaqinlashtirish masalalari bo‘yicha ekspertlar maslahatlashuvlarini o‘tkazishni taklif etamiz.

Agar hamkasblarimiz qo‘llab-quvvatlashsa, biz Tashkilot doirasida joriy etilgan “Chegara bilmaydigan ish” integratsiyalashgan platformasiga ham qo‘shilamiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

So‘zimning yakunida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida biz amaliy hamkorlikni kengaytirishga sodiq ekanimizni yana bir bor tasdiqlayman.

Aminmanki, O‘zbekistonning yuqorida ta’kidlab o‘tilgan ko‘ptomonlama dastur va loyihalarda ishtirok etishi iqtisodiy sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladi va bugungi sharoitda mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishiga imkon beradi.

Posted on Leave a comment

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Davlat xizmati bo‘yicha Forumi ishtirokchilariga



Hurmatli Forum qatnashchilari!

Hurmatli mehmonlar!

Avvalambor, sizlarni Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor o‘tkazilayotgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Davlat xizmati bo‘yicha Forumining ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Forumni dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida joylashgan Samarqand shahrida o‘tkazish borasidagi tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlagani uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Gutterish Janobi Oliylariga alohida minnatdorlik bildirmoqchiman.

Fursatdan foydalanib, BMT tashabbusi bilan dunyoda keng nishonlanib kelayotgan 23-iyun ­– Davlat xizmati kuni bilan barchangizni qizg‘in tabriklayman.

Barchamizga ayonki, bugungi kunda dunyo barqaror rivojlanishga to‘siq bo‘layotgan siyosiy ziddiyatlarning kuchayishi, iqlim o‘zgarishi, tabiiy va inson resurslarining tanqisligi, kibertahdidlar kabi global muammolar bilan to‘qnash kelmoqda.

“2030-yilga qadar 5-yil: Barqaror kelajak uchun xizmat ko‘rsatish jarayonlarini jadallashtirish” mavzuida o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro anjuman global taraqqiyotda muhim o‘rin tutadigan davlat boshqaruvi va davlat xizmati tizimini takomillashtirish, uni zamon bilan hamnafas holda yangi bosqichga ko‘tarish, kadrlar salohiyati va ularning faoliyat samaradorligini oshirish, bu borada xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Mazkur tadbirimizda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar, dunyoning turli qit’a va mintaqa davlatlaridan kelgan 400 ga yaqin delegatlar ishtirok etayotgani ham ushbu an’anaviy anjumanning maqomi tobora ortib borayotganini yaqqol ko‘rsatadi.

Hurmatli Forum ishtirokchilari!

Bugungi kunda davlat boshqaruvida raqamli transformatsiyani rag‘batlantirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishning innovatsion yechimlarini qo‘llash, davlat sektori institutlarida samaradorlikni keskin oshirish, liderlik boshqaruv uslubini rivojlantirish, uzluksiz ta’lim olishni kengaytirish va bo‘lajak rahbarlar uchun zarur ko‘nikmalarni belgilash bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish har qachongidan ham dolzarb ahamiyatga egadir.

Dunyoga tobora ochilayotgan, jadal islohotlar yo‘lidan borayotgan va ilg‘or xalqaro tajribani keng tatbiq etayotgan, “davlat – xalq uchun” tamoyiliga qat’iy amal qilib kelayotgan Yangi O‘zbekiston davlat xizmati sohasida global o‘zgarishlarning ajralmas bir qismiga aylanayotganini alohida ta’kidlashni istar edim.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat xizmatini chinakamiga inklyuziv xalq xizmatiga aylantirish bo‘yicha tizimli islohotlarni olib bormoqdamiz. Jumladan, xalqaro ekspertlar bilan birgalikda “Davlat fuqarolik xizmati” to‘g‘risidagi qonun tayyorlandi.

Islohotlarning har bir xonadonga qadar kirib borishi uchun “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi, manzilli ko‘mak va ijtimoiy himoya instituti kuchaytirildi, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga yetib, mamlakatimiz bu borada mintaqada yetakchi o‘rinni egalladi. 700 dan ziyod davlat xizmatlari “yagona darcha” tamoyili asosida onlayn platformalar orqali amalga oshirilmoqda.

Davlat xizmati va boshqaruvi jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish natijasida O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining elektron hukumatlar rivojlanish darajasi bo‘yicha global reytingida 24 pog‘onaga, Sun’iy intellektga tayyorlik bo‘yicha xalqaro indeksda so‘nggi bir yil ichida 17 pog‘onaga ko‘tarildi.

Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish maqsadida zamon talablariga mos iqtidorli mutaxassislarni jalb qilish va professional davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish bo‘yicha kadrlar tayyorlash klasterini tashkil etdik.

Institutsional salohiyatni oshirish va inson kapitaliga sarmoya kiritishga ko‘maklashish uchun xalqaro tajriba asosida endaument imkoniyatlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu bois, sizlarni O‘zbekistonda davlat xizmatida raqamli transformatsiya bo‘yicha Global bilim markazini ochish, xalqaro Yosh yetakchilar maktabini tashkil etish kabi global tashabbuslarimizni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz.

Bu tashabbuslar Hukumatlar, novatorlar va rivojlanish bo‘yicha sheriklar o‘rtasida almashuvlarni faollashtirish, kelajak avlod davlat xizmatchilarini tarbiyalash, boshqaruvda va kundalik hayotda raqamli vositalardan keng foydalanish, davlat sektorida innovatsiyalarni joriy etish uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Bunday muhim tashabbus va takliflar Forum doirasida qabul qilinadigan Samarqand deklaratsiyasida o‘zining to‘liq ifodasini topishiga, mazkur muhim hujjat hammamiz uchun inklyuziv, barqaror va inson manfaatlariga yo‘naltirilgan davlat xizmatiga erishish yo‘lida birgalikda harakat qilish bo‘yicha o‘ziga xos dasturilamal bo‘lishiga ishonaman.

Fursatdan foydalanib, bu ezgu yo‘lda barchangizga ulkan kuch-g‘ayrat va omadlar, Forum ishiga muvaffaqiyat tilayman.

Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Belarusga jo‘nab ketdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Minsk shahriga jo‘nab ketdi.

Mamlakatimiz yetakchisi Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etadi.m

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti amaliy tashrif bilan Belarusda bo‘ladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan 26-27-iyun kunlari amaliy tashrif bilan Minsk shahrida bo‘ladi.

Mamlakatimiz yetakchisi Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etadi.

Sammit kun tartibidan tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari o‘rin olgan. Amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqiladi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Mo‘g‘ulistonga tashrifini yakunladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘ulistonga davlat tashrifi yakuniga yetdi.

O‘zbekiston yetakchisining Mo‘g‘ulistonga ilk tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berdi va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochdi.

Davlatimiz rahbari kecha Ulan-Bator shahrida Prezident Uxnaagiyn Xurelsux bilan tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdi. Amaliy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot va sanoat sohalarida kooperatsiyani rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Yakunda Keng qamrovli sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya imzolandi.

Prezidentlar rafiqalari bilan ikki mamlakat san’at ustalarining qo‘shma konsertida ishtirok etdilar.

Bugun davlatimiz rahbari rafiqasi bilan «Ix Tenger» majmuasiga tashrif buyurdi. Prezidentlar va birinchi xonimlar birgalikda daraxt ekdilar. An’anaviy «Naadam» o‘yinlari tomosha qilindi.

Tashrif tadbirlari yakunlangach, O‘zbekiston Prezidenti Toshkentga jo‘nab ketdi. Aeroportda oliy martabali mehmonlarni Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Batseseg va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston rahbarlari daraxt ekdilar



25-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux rafiqalari bilan birga «Ix Tenger» davlat majmuasi bog‘ida daraxt ekdilar.

Marosim ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik tobora mustahkamlanib borayotgani, O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston keng qamrovli sheriklik munosabatlarining rivojlanishida yangi bosqich boshlanganining ramzi bo‘ldi.

Tashrif davomida oliy martabali mehmonlar “Naadam” an’anaviy mo‘g‘ul bellashuvlarini tomosha qildilar.

Posted on Leave a comment

Davlat rahbarlari qo‘shma konsertda ishtirok etdilar



O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux rafiqalari bilan birgalikda ikki mamlakat san’at ustalarining konsertida ishtirok etdilar.

Bugun davlat rahbarlarining irodasi va sa’y-harakatlari tufayli xalqlarimiz yanada yaqinlashdi, davlatlararo munosabatlar keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Qo‘shma konsert O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston do‘stligi hamda ikki tomonlama ko‘p qirrali munosabatlarda yangi bosqich boshlanganining navbatdagi ifodasi bo‘ldi.

Iste’dodli san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlarda madaniyatlarimizning boyligi, rang-barangligi va o‘ziga xosligi mujassam bo‘ldi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston yetakchilari muzokaralar yakunlarini sarhisob qildilar



Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux o‘tkazilgan muzokaralar natijalariga doir fikrlarini bayon qildilar.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqining boshida do‘st Mo‘g‘uliston xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram – Xalq inqilobi kuni bilan samimiy muborakbod etdi.

– Mo‘g‘ulistonlik do‘stlarimizning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi e’tiborga loyiq muvaffaqiyatlari va yutuqlaridan chin dildan xursandmiz, sizning tinchliksevar tashqi siyosatingizni to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Bugungi kunda Mo‘g‘uliston iqtisodiyoti barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ko‘rsatayotgani ta’kidlandi. Mamlakatda sanoat tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma modernizatsiya qilinmoqda. Qoraqurum shahrini keng ko‘lamli rekonstruksiya qilish ishlari boshlangan. Izchil, pragmatik va faol siyosat tufayli mamlakatning xalqaro nufuzi oshmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining Mo‘g‘ulistonga ilk tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari rivojida tarixiy voqea bo‘lgani alohida qayd etildi.

Davlatimiz rahbari tashrifning asosiy natijalaridan biri sifatida O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston hamkorligida yangi bosqichni boshlab beradigan muhim hujjat – Keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya imzolanganini ta’kidladi.

Muzokaralar davomida amaliy hamkorlikning barcha asosiy masalalari va istiqbolli yo‘nalishlari atroflicha ko‘rib chiqilgani, kelajakka mo‘ljallangan aniq vazifa va rejalar belgilab olingani aytildi.

2024-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan sammitdan so‘ng barcha yo‘nalishlarda aloqalar faollashgani qayd etildi. Joriy yil fevral oyida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi samarali o‘tkazildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib olindi.

O‘zbekiston Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda asosiy e’tibor iqtisodiy hamkorlikka qaratildi. Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini, eng avvalo, xaridorgir mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish orqali bir necha barobar oshirish vazifalari belgilandi. Ulan-Batorda ko‘rgazma zaliga ega bo‘lgan O‘zbekiston savdo uyi ochilishi bu ishlar uchun amaliy asos bo‘lishi ta’kidlandi.

Tashrif arafasida O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston tadbirkorlarining biznes forumi va uchrashuvlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, yangi shartnoma va bitimlar imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Davlat rahbarlari bundan buyon ham tadbirkorlik uchun barcha sharoitlarni yaratish va ularning ishbilarmonlik tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldilar.

Shu munosabat bilan imtiyozli savdo va investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi bitimlarni eng qisqa muddatlarda qabul qilishga kelishildi.

Bundan tashqari, muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini samarali to‘ldirishi mumkin bo‘lgan tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasining aniq yo‘nalishlari belgilab olindi.

Jumladan, mineral resurslarni qazib olish va qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, yengil sanoatda hamkorlik, jumladan, jun, terini chuqur qayta ishlash va ko‘plab boshqa yo‘nalishlarda loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar sifatida ekspertlarni keng jalb qilgan holda samarali transport yo‘nalishlarini birgalikda rivojlantirishga kelishib olindi. Joriy yilning kuzidan poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi qayd etildi.

Madaniyat, ta’lim va turizm sohalarida faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishildi. Shu kunlarda Ulan-Batorda O‘zbekiston madaniyati kunlari, ikki mamlakat sayyohlik tashkilotlarining uchrashuvlari o‘tkazilmoqda.

Tomonlar muntazam ravishda o‘zaro konsertlar, ko‘rgazmalar, kino namoyishlari uyushtirish, festivallarda ishtirok etishga kelishib oldilar.

Shuningdek, davlatimiz rahbari ajratilayotgan kvotalar doirasida mo‘g‘ulistonlik yoshlarning O‘zbekistondagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishini qayta yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi.

Erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun ikki mamlakat hukumatlari tomonidan keng qamrovli «yo‘l xaritasi» qabul qilinishi ta’kidlandi.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari Mo‘g‘uliston Prezidentini rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etganini ma’lum qildi.

Posted on Leave a comment

Muzokaralar natijasi kelishuvlarda mustahkamlandi



Ulan-Bator shahrida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Keng qamrovli sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.

Shuningdek, Prezidentlar huzurida quyidagi hujjatlar imzolandi:

– o‘simliklar karantini va himoyasi, oliy ta’lim, tog‘-kon sanoati, atrof-muhitni muhofaza qilish, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish, sog‘liqni saqlash va tibbiyot fani, jismoniy tarbiya va sport sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar;

– ikki mamlakat arxiv idoralari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;

– O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan Mo‘g‘uliston Iqtisodiyot va taraqqiyot vazirligi o‘rtasida, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan Mo‘g‘uliston Madaniyat, sport, turizm va yoshlar vazirligi o‘rtasida 2025-2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturlari;

– O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Mo‘g‘uliston Oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vazirligi o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha hamkorlik rejasi;

– O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan Mo‘g‘uliston Madaniyat, sport, turizm va yoshlar vazirligi o‘rtasida ekoturizm sohasidagi harakatlar rejasi.