Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Qatar yetakchilari strategik sheriklikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar

Doha shahriga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston – Qatar strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Qatar Amirini Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammiti tadbirlarining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.

Turli darajalarda samarali muloqot va almashinuvlar olib borilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 45 foizga oshdi. Qatarning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Parlamentlararo va madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanmoqda.

“Yashil” energetika, transport, geologiya, to‘qimachilik, turizm, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti global ijtimoiy adolatni mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni Doha shahrida o‘tayotgan Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etdi.

Anjuman ishida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, BMT Bosh Assambleyasi Raisi Annalena Berbok, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi raisi Lok Bahodir Txapa, davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar vakillari ham qatnashdi.

Prezidentimiz so‘zining avvalida forumga yuksak darajada tayyorgarlik ko‘rilgani uchun tashkilotchilarga minnatdorlik bildirib, global ijtimoiy taraqqiyot uchun muhim maydon bo‘lgan sammit aynan Doha shahrida o‘tkazilayotgani katta ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari keyingi yillarda Qatar ijtimoiy inklyuzivlik va jadal taraqqiyot markaziga aylanib borayotganini ta’kidlab, ushbu mamlakat xalqini erishilgan muvaffaqiyatlar bilan samimiy tabrikladi.

Prezidentimiz bugungi kunda jahon hamjamiyati va milliy hukumatlar ijtimoiy farovonlikni ta’minlash hamda aholi turmush darajasini oshirish yo‘lida birgalikda harakat qilayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston, o‘z navbatida, barqaror taraqqiyotga erishishga qaratilgan xalqaro hamkorlikning barcha formatlari va tashabbuslarini doim qo‘llab-quvvatlaydi.

Keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” degan tamoyil ustuvor bo‘lgan, ijtimoiy adolat ta’minlangan, aholining ehtiyojmand qatlamlari samarali himoya qilingan ijtimoiy davlat barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

– Oxirgi yillarda kambag‘allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishdik. Biz bu yo‘ldagi islohotlarni bundan keyin ham davom ettiramiz, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari global ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashga qaratilgan qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Kambag‘allikka qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhimligi ta’kidlandi.

– Rivojlanayotgan davlatlarning ijtimoiy dasturlariga resurslarni keng jalb etish maqsadida kambag‘allikka qarshi kurashishning yangi moliyaviy arxitekturasini yaratish vaqti keldi deb hisoblaymiz, – dedi Prezidentimiz.

Shu munosabat bilan kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy tengsizlikni kamaytirishga amaliy ko‘mak beradigan Global ijtimoiy adolat fondini ta’sis etish taklif qilindi.

Davlatimiz rahbari bandlik masalalarini samarali hal qilish uchun zamonaviy mexanizmlarni joriy etish muhimligini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, yuqori texnologiyalar va sun’iy intellektning jadal rivojlanishi dunyo bo‘ylab millionlab ish o‘rinlarining qisqarishiga olib kelmoqda. Bunday sharoitda xodimlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy sheriklik tamoyillarini mustahkamlash uchun davlat, biznes va jamiyatning faol hamkorligi alohida ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz “Ijtimoiy mas’uliyat va munosib mehnat bo‘yicha global tashabbus”ni ishlab chiqish taklifi qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirdi.

Barcha uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish ijtimoiy muammolarni hal qilishning eng samarali yo‘llaridan biri ekani ta’kidlandi.

Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, savodsizlikning yillik iqtisodiy zarari 1,4 trillion AQSH dollarini tashkil etadi.

Bu Prezidentimiz ta’kidlaganidek, yoshlarning jamiyatda va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishini qiyinlashtiradi, ijtimoiy tengsizlikni esa kuchaytiradi.

Davlatimiz rahbari kuni kecha bo‘lib o‘tgan Ochlik va qashshoqlikka qarshi kurashish bo‘yicha global alyansning birinchi yig‘ilishida qabul qilingan qarorlarni O‘zbekiston to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Alyansning bo‘lajak sammitlaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazish va ta’lim masalalarini kun tartibining asosiy mavzusi etib belgilash taklif qilindi.

Mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini tizimli himoya qilish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan birgalikda Toshkent shahrida migrantlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazishga hamda bu borada Global dastur qabul qilishga tayyor.

Prezidentimiz iqlim o‘zgarishining ijtimoiy hayotga ta’siri tobora kuchayib borayotganini ta’kidladi. Ekstremal ob-havo hodisalari, cho‘llanish va biologik xilma-xillikning yo‘qolishi, avvalo, aholining zaif qatlamlari – fermerlar, mavsumiy ishchilar, ekologik vaziyati murakkab bo‘lgan hududlarda istiqomat qiluvchi odamlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishni bandlik dasturlari bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston BMT tomonidan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilingan Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi modelini ishga tushirish niyatida ekanini ma’lum qilib, mazkur tajribani jahon hamjamiyati bilan bo‘lishishga tayyorligini bildirdi.

Sammitda qabul qilingan qarorlar butun dunyodagi millionlab odamlarga umid bag‘ishlashi, barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga katta hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.

– Xalqaro taraqqiyot yo‘lida ijtimoiy kelishuvni yangilash, har bir inson uchun munosib hayot tarzini yaratish bizning asosiy burchimizdir, – dedi davlatimiz rahbari.

Yakunda O‘zbekiston Prezidenti sammitda qabul qilingan Doha siyosiy deklaratsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va uning barcha tamoyillarini hayotga tatbiq etishga tayyorligini tasdiqladi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Qatarga keldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Doha shahriga keldi.

Davlatimiz rahbarini Qatar Bosh vaziri o‘rinbosari, mudofaa ishlari bo‘yicha davlat vaziri Shayx Saud bin Abdurahmon Ol Soniy va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Shayx Hamad nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, ikki mamlakatning davlat bayroqlari ko‘tarildi.

Tashrif dasturiga muvofiq, O‘zbekiston Prezidenti ertaga, 4-noyabr kuni, Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etadi.

Davlatimiz rahbari kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, jamiyatlarning barqarorligi, ijtimoiy adolatli va inklyuzivligini oshirish, ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish hamda boshqa yo‘nalishlarda qator tashabbuslarni ilgari surishi kutilmoqda.

Sammit doirasida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Qatarga jo‘nab ketdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan 3-noyabr kuni amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi. 

Tashrif dasturiga muvofiq, davlatimiz rahbari Doha shahrida Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etadi. 

Shuningdek, oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan 3-4-noyabr kunlari Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Tadbir davomida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi mavjud tafovutlarni bartaraf etish, Ijtimoiy rivojlanish to‘g‘risidagi Kopengagen deklaratsiyasining maqsad va tamoyillariga sodiqlik, shuningdek, 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, milliy strategiyalarni takomillashtirish va jamiyatlarning barqarorligi, ijtimoiy adolatli va inklyuzivligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha Jahon sammiti davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, BMT tizimidagi tuzilmalar, fuqarolik jamiyati institutlari, ekspertlar hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi konstruktiv muloqot uchun muhim platforma bo‘lishga qaratilgan.

Forumning asosiy maqsadi qashshoqlikka barham berish bo‘yicha global sa’y-harakatlarni faollashtirish, to‘liq va samarali bandlikka ko‘maklashish, munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash hamda zamonaviy tahdidlar va o‘zaro bog‘liqlik sharoitida ijtimoiy integratsiyani kengaytirishdan iborat.

Sammit yakunida barqaror va inklyuziv ijtimoiy taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirish borasida xalqaro sheriklikni yanada mustahkamlash hamda o‘zaro kelishilgan yondashuvlarni rivojlantirishga qaratilgan Doha deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Finlyandiya Prezidentlari birgalikda daraxt ekdilar

O‘zbekiston – Finlyandiya sammiti yakunida Ko‘ksaroy qarorgohida daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Stubb Faxriy mehmonlar xiyobonida birgalikda daraxt ekdilar.

Marosim O‘zbekiston va Finlyandiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga intilishning, ikki mamlakat va xalq o‘rtasidagi do‘stlik hamda o‘zaro anglashuv mustahkamlanib borayotganining ramzi bo‘ldi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Finlyandiya o‘rtasida ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami imzolandi

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb Qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Yetakchilar huzurida turli yo‘nalishlarda, shu jumladan:

– savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish;

– foydali qazilmalarni qazib olish sohasidagi hamkorlik;

– geologiya fanlari, geologik qidiruv, foydali qazilmalar va yer osti suvlarini izlash hamda konchilik sohalaridagi hamkorlik;

– raqamli transformatsiya, innovatsiyalar va raqamli o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga ko‘maklashish;

– ijtimoiy himoya sohasidagi hamkorlik;

– maktabgacha va maktab ta’limi tizimiga raqamli ta’lim platformasini joriy etish bo‘yicha hamkorlik;

– ta’lim, fan va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlik;

– raqamlashtirish va suv resurslarini boshqarish sohasidagi fan-ta’lim salohiyatini oshirish;

– iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit muhofazasi borasidagi hamkorlikka oid ikki tomonlama hujjatlar to‘plamini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston va Finlyandiya Prezidentlari ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.

O‘zbekiston bilan Finlyandiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda yanada mustahkamlash istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Turli darajalardagi siyosiy muloqot va almashinuvlar jadal rivojlanib borayotgani, biznesga oid sheriklik faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro savdo hajmi izchil ortib, iqtisodiy va ishbilarmonlik aloqalari mustahkamlanmoqda. Mamlakatimizda Finlyandiya bilan hamkorlikda Xalqaro Nordik universiteti muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, maktab ta’limi sohasidagi dasturlar amalga oshirilmoqda.

Bugun o‘tgan O‘zbekiston – Finlyandiya biznes forumining yakunida umumiy qiymati 1 milliard yevrodan ziyod istiqbolli qo‘shma loyihalar portfeli shakllantirildi.

Muzokaralarda tovar ayirboshlashni karrasiga oshirish, shu jumladan, o‘zaro mahsulot yetkazib berishni rag‘batlantirish uchun Savdoni moliyalashtirish qo‘shma jamg‘armasini tashkil etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi bozorlariga olib chiqish uchun sertifikatlash laboratoriyalarini ochish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.

Geologiya va muhim materiallar, energetika, agrosanoat, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, ekologiya, turizm va boshqa muhim tarmoqlarda kooperatsiyani kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratildi.

2026-yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish va Ishbilarmonlar kengashini ta’sis etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Hududlararo hamkorlikni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Ta’lim, tibbiyot hamda mehnat migratsiyasi sohalaridagi hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Kelgusi yilda birinchi Rektorlar va innovatsiyalar forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Posted on Leave a comment

Finlyandiya Prezidentini tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi

31-oktabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrif bilan kelgan Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubbni tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi.

Qarorgoh oldidagi maydonda ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, shohsupaga taklif etdi.

O‘zbekiston va Finlyandiya davlat madhiyalari yangradi. Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-biriga tanishtirdilar.

Tantanali marosim yakunlangach, birgalikda suratga tushildi va delegatsiyalar ishtirokida oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.

Posted on Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti UNESCO doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-oktabr kuni Samarqand shahrida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari anjuman ishtirokchilarini madaniyatlar va sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan mehmondo‘st O‘zbekiston zaminida samimiy qutladi. Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich, Slovakiya Prezidenti Peter Pellegrini, UNESCO Bosh direktori Odri Azule, xorijiy mamlakatlar hukumatlari rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillariga, barcha delegatsiyalarga konferensiyada ishtirok etayotgani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Prezidentimiz so‘zining avvalida bu galgi sessiya so‘nggi 40 yilda birinchi marta UNESCOning Parij shahridagi bosh qarorgohidan tashqarida o‘tkazilayotganini ta’kidladi.

– Bunday nufuzli forumning mamlakatimizda o‘tkazilayotganini Tashkilotga a’zo davlatlarning Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, jadal islohotlarga bo‘lgan yuksak ishonchining yorqin ifodasi deb qabul qilamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbekiston yetakchisi tashkilot o‘zining 80 yillik faoliyati davomida ta’lim, fan, madaniyat va axborot sohalarida global hamkorlikni, ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashga ko‘maklashadigan nufuzli xalqaro institutga aylanganini qayd etdi.

Shu ma’noda, xalqlarning milliy o‘ziga xosligi, ularning madaniy merosini saqlab qolish, turli dinlar o‘rtasida yaqin muloqotni mustahkamlashda UNESCOning roli ortib borayotgani ta’kidlandi.

– Anjumanimiz insoniyatning tarix solnomasiga gumanistik g‘oyalar, nodir bilimlar, sivilizatsiyalararo muloqot markazi sifatida kirgan Samarqand shahrida o‘tkazilayotganida chuqur ramziy ma’no bor, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Davlatimiz rahbari ilm-fan, adabiyot va madaniyat beshigi bo‘lgan Samarqandning buyuk merosini yodga oldi. Xususan, Kopernik va Kepler kashfiyotlariga asos bo‘lgan mashhur yulduzlar jadvali yaratilgan Mirzo Ulug‘bek rasadxonasini eslatib o‘tdi. Prezidentimiz mehmonlarni Buyuk ipak yo‘li durdonasi, tinchlik va xalqlar do‘stligi diyori bo‘lgan Samarqand ruhidan bahramand bo‘lishga chorladi.

Geosiyosiy keskinlik va harbiy nizolar noyob yodgorliklar va madaniy merosga ziyon yetkazayotgani, bilim va raqamli texnologiyalardan foydalanishdagi tafovut global tengsizlikni kuchaytirayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston rahbari bunday murakkab sharoitda UNESСOning asosiy vazifalarini bajarish uchun birdamlikni mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. O‘zbekiston tashkilotning ezgu maqsadlariga sodiqligini, konstruktiv hamkorlik uchun ochiq maydon sifatida Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida ko‘prik bo‘lib xizmat qilishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi.

Bugungi kunda mamlakatimiz UNESCO bilan 2027-yilgacha mo‘ljallangan besh yillik hamkorlik dasturini amalga oshirmoqda. Uning doirasida buyuk mutafakkir va arboblar – Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Amir Temur, Ali Qushchi, Kamoliddin Behzod yubileylariga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi, shuningdek, Xorazm Ma’mun akademiyasi kabi ilmiy muassasalar va adabiy yodgorliklar, jumladan, “Alpomish” dostonining tarixiy sanalari keng nishonlandi.

Butunjahon merosi shaharlari – Xiva, Buxoro, Shahrisabz va Samarqandga Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi bo‘yidagi yodgorliklar qo‘shildi. G‘arbiy Tyan-shan va Turon cho‘llarining tabiiy hududlari mintaqaning o‘ziga xos bioxilma-xilligini aks ettiradi.

Prezidentimiz O‘zbekistonning yigirmaga yaqin nomoddiy merosi – “Shashmaqom”, Katta ashula, “Lazgi” raqsi, askiya san’ati, miniatyura, Navro‘z bayrami, atlas va adras to‘qish an’analari UNESCO e’tirofiga sazovor bo‘lganini eslatdi. Tashkilot shafeligida «Sharq taronalari», maqom san’ati, baxshichilik, hunarmandchilik va etnosport festivallari o‘tkazib kelinmoqda.

O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan “Xiva jarayoni: Markaziy Osiyoda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish” rezolyutsiyasi, “Kichik yoshdagi bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va ta’lim berish bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi” hamda “Axborotdan erkin foydalanish xalqaro kuni munosabati bilan Toshkent deklaratsiyasi” kabi hujjatlarga alohida e’tibor qaratildi.

Mamlakatimizda UNESCOning kafedralari va hamkor maktablari faoliyat yuritmoqda, Toshkent va Farg‘ona shaharlari Ta’lim shaharlari global tarmog‘iga kiritilgan. Shuningdek, yuzlab madaniy meros obyektlari zamonaviy texnologiyalar va xalqaro standartlar asosida restavratsiya qilindi.

Prezidentimiz Samarqand konferensiyasi doirasida qo‘shimcha tadbirlar – Buxoroda zamonaviy san’at biyennalesi, Toshkentda Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazi ochilishi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi UNESCO – O‘zbekiston xalqaro mukofotini topshirish marosimi, muzeylar sohasida sun’iy intellektni qo‘llash masalalari bo‘yicha konferensiya o‘tkazilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, O‘zbekiston oliy ta’lim sohasidagi kvalifikatsiyalarni tan olishga oid Global konvensiyaga qo‘shiladi.

Davlatimiz rahbari UNESCO faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.

Inklyuziv ta’limni rivojlantirish va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish ustuvor yo‘nalish ekani ta’kidlandi. Prezidentimiz UNESCOning alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’limni rivojlantirish platformasini yaratish va Jahon professional ta’lim sammitini o‘tkazishni taklif qildi. O‘zbekiston UNESCO shafeligida “Sun’iy intellekt – maktab” pilot loyihasini amalga oshirish va Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar forumini tashkil etishga tayyor.

O‘zbekiston yetakchisi nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash zarurligini ta’kidladi. Xalq og‘zaki ijodi, qo‘lyozmalar, arxivlar va qimmatli tarixiy hujjatlar, madaniy ma’lumotlar kabi noyob meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish imkoniyatini ta’minlash maqsadida ta’sis etilgan UNESCOning “Jahon xotirasi” dasturini rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirildi.

19-noyabr sanasini Xalqaro hujjatli meros kuni deb e’lon qilish, shuningdek, UNESCO tuzilmasida Raqamli meros xalqaro institutini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Davlatimiz rahbari 2027-yilda Buxoroda UNESCOning ijodiy shaharlar tarmog‘i doirasida Hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati bo‘yicha xalqaro kongress o‘tkazishni taklif etdi.

Prezidentimiz gender tenglikni ilgari surish va xotin-qizlarning yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish maqsadida UNESCOning Xotin-qizlar yetakchiligi akademiyasini tashkil etish hamda Samarqandda dunyoning barcha qit’alaridan taniqli tadqiqotchilar, san’at namoyandalari, pedagoglar va novatorlar ishtirokida Ta’lim, madaniyat va ilm-fan sohalaridagi xotin-qizlarning global forumini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Iqlim inqiroziga qarshi birgalikda samarali kurashish ham dolzarb masala sifatida qayd etildi.

Davlatimiz rahbari iqlim o‘zgarishi madaniy merosga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlab, “UNESCOning ekologik poytaxti” global tashabbusini ta’sis etish, shuningdek, UNESCO Ijroiya kengashining globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni asrash to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini ishlab chiqishni taklif etdi. O‘zbekiston Xiva shahrida shu mavzuda xalqaro simpozium o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

Virtual makonda noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalishiga qarshi kurashish, jamoatchilik fikrini himoya qilish va kamsitishlarga qarshi kurashish ham ustuvor yo‘nalishlar qatorida. Prezidentimiz Bolalar madaniy kontenti xalqaro festivalini o‘tkazish va UNESCOning mediasavodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha kompleks strategiyasini ishlab chiqishni taklif etdi.

Davlatimiz rahbari dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, radikalizm va islomofobiyaga qarshi kurashish, islom madaniyati va ma’rifatini butun dunyoda tarannum etish kerakligini ta’kidladi: “Bag‘rikenglik, o‘zaro tushunish va totuvlik kabi umuminsoniy g‘oyalarni keng targ‘ib etish har qachongidan ham muhim”.

O‘zbekistondagi noyob loyihalar – Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari salohiyatidan faol foydalanish taklif etildi.

O‘zbekiston Prezidenti forum hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash, o‘zaro ishonch va global sheriklikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyotni ilgari surishda muhim qadam bo‘lishiga ishonch bildirdi.

– UNESCOning boqiy an’ana va qadriyatlaridan kuch olayotgan “Samarqand ruhi” umumiy taraqqiyot sari yanada birlashishga undaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari anjuman ishtirokchilariga muvaffaqiyat va samarali faoliyat tilab, tadbirning tinchlik, do‘stlik va o‘zaro anglashuv timsoli bo‘lgan Samarqand shahrida o‘tayotgani ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi.

Bu O‘zbekistonning yuksak xalqaro nufuzi va sivilizatsiyalar muloqotini rivojlantirish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash hamda insoniyat madaniy merosini asrab-avaylashga qo‘shayotgan hissasini tasdiqlaydi.

Ochilish marosimi yakunida O‘zbekiston va xorij san’at ustalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi. Unda simfonik orkestr, xor jamoasi va milliy ansambl ijrosida o‘zbek mumtoz kuy-qo‘shiqlari va jahon musiqasining sara asarlari zamonaviy talqinda yangradi.