Posted on — Leave a comment

O‘zbekiston va Xitoy yetakchilari barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar



2-sentabr kuni Xitoyga rasmiy tashrif doirasida Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Xitoy yetakchisi va do‘st Xitoy xalqini G‘alabaning 80 yilligi hamda Shanxay hamkorlik tashkilotining Tyanszin shahridagi sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.

O‘zbekiston Prezidenti XXR Raisi Si Szinpinning global boshqaruv bo‘yicha tashabbusi o‘z vaqtida ilgari surilgani va dolzarb ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ta’kidladi.

Davlat rahbarlari o‘tgan yillar davomida ikki tomonlama munosabatlar rivojida katta yutuqlarga erishilganini ta’kidladilar. Barcha darajalardagi aloqalar sur’ati oshib borayotgani, siyosiy muloqot mustahkamlanib, muhim masalalar yuzasidan tomonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

«Yagona Xitoy» siyosatini qo‘llab-quvvatlash hamda «uch yovuz kuch» – terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish masalalarida O‘zbekistonning pozitsiyasi o‘zgarmas ekani tasdiqlandi.

Savdo-iqtisodiy, texnologik va moliyaviy-investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. O‘tgan yili tovar ayirboshlash 14 milliard dollardan oshdi, yil boshidan esa yana 23 foizga o‘sdi. Sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish orqali bu ko‘rsatkichni 20 milliardga yetkazish vazifasi turibdi.

Investitsiya loyihalari portfeli 60 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda. 2024-yilda umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq 64 ta loyiha ishga tushirilgan. Mamlakatimiz hududlarida qo‘shma texnoparklar va maxsus industrial zonalar faoliyat yuritmoqda, «BYD» elektromobillarini ishlab chiqarish kengaytirilmoqda va mahalliylashtirish darajasi oshirilmoqda.

Tashrif arafasida biznes forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. «Yashil» energetika va energiya samaradorligini oshirish, jamoat transportini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, pullik avtomobil yo‘llarini barpo etish, muhim minerallarni chuqur qayta ishlash, shuningdek, kimyo, suv va qishloq xo‘jaligi, turizm va shaharsozlik sohalarida istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan.

Eksimbank, Xitoy davlat taraqqiyot banki, «Ipak yo‘li» jamg‘armasi va boshqa institutlar bilan keng ko‘lamli sheriklik kengaymoqda. Eksimbank ko‘magida yaqinda Toshkentda Olimpiya shaharchasi qurib bitkazildi.

Hududlararo almashinuvlar faollashgani yuqori baholandi. Xitoy tajribasi asosida mamlakatimizda kambag‘allikka barham berishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni amalga oshirishda ekspertlik ko‘magi davom ettiriladi.

Innovatsion loyihalarni ilgari surish va mutaxassislar tayyorlash uchun O‘zbekiston-Xitoy sun’iy intellektni rivojlantirish markazini tashkil etish taklif qilindi.

«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» strategik temir yo‘li qurilishining amaliy bosqichi boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ilm-fan, tibbiyot, ta’lim va turizm sohalaridagi sheriklikni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Mamlakatimizda Shimoli-g‘arbiy qishloq va o‘rmon universitetining filiali hamda Xalqaro matematika markazi ochildi. Sian neft universiteti filialini ochish to‘g‘risida Bitim imzolandi. Pekin texnologiya instituti filialini ochish rejalashtirilgan.

Joriy yilda O‘zbekistonda ikkinchi Ta’lim forumi o‘tkaziladi. Xitoy tilini o‘rganishni kengaytirish va o‘zbekistonlik yoshlarini o‘qitish uchun kvotalarni ko‘paytirish, Konfutsiy institutlari faoliyatini rivojlantirish qo‘llab-quvvatlandi.

Mamlakatimiz hududlarida energetika, mashinasozlik, sun’iy intellekt, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi sohalari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan O‘zbekiston-Xitoy «Lu Ban ustaxonalari»ni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Sayyohlar almashinuvi o‘sishi uchun sharoit yaratish maqsadida aviaqatnovlar soni oshirilmoqda, ikki mamlakat o‘rtasida vizasiz tartib joriy etildi.

Shu kunlarda Xitoy Milliy muzeyidagi katta ko‘rgazmada O‘zbekiston ham qatnashmoqda. 2027-yilda Shanxay va Pekinda san’at ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Tashrif doirasida o‘zaro madaniyat markazlarini ochish to‘g‘risida tarixiy bitim qabul qilinadi.

Uchrashuvda xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, SHHT, «Markaziy Osiyo – Xitoy» formati va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi muvofiqlashuv va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston yetakchisi Xitoy rahbarini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi. Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va do‘stlik ruhida o‘tdi.

Posted on — Leave a comment

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmoniga sharh


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev eng aziz umummilliy bayramimiz – Vatanimiz mustaqilligi e’lon qilinganining 34 yilligini nishonlash arafasida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan gumanistik siyosatining amaliy tasdig‘i sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 523 nafar shaxs afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 195 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 147 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 87 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 94 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning  ​8 nafarini chet el fuqarolari, 45 nafarini ayol, 31 nafarini 60 yoshdan oshgan erkak, 220 nafarini yoshlar (shulardan 1 nafari voyaga yetmagan) hamda 15 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

Posted on — Leave a comment

Yangi aeroport qurilishi yakunlandi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni “Toshkent-Sharqiy” aerodromi negizida barpo etilgan yangi aeroportni borib ko‘rdi.

Mamlakatimiz taraqqiy etib, xalqaro nufuzi oshgani sari dunyo bilan aloqalar faollashib bormoqda. Shu bois transport infratuzilmasining barcha yo‘nalishlarini mutanosib rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda.

Ana shunday strategik loyihalardan biri – “Toshkent-Sharqiy” aerodromi negizidagi biznes aviatsiyasi majmuasidir. Uning qurilishi 2017-yilda boshlangan edi. Pandemiya va undan keyingi qiyinchiliklardan o‘tib, nihoyat ulkan inshoot qurib bitkazildi.

Aeroportning umumiy maydoni 561 gektardan iborat. 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi va 3 ta harakatlanish yo‘li yangilanib, eng og‘ir samolyotlarni ham qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi. 20 ta «havo kemasi»ga mo‘ljallangan perron barpo etildi. “Boeing 787”, “A 320” kabi samolyotlar, biznes-jetlar hamda vertolyotlar uchun angarlar qurildi. Bu ularning qishda iliq, yozda salqin saqlanishi va xavfsizligini ta’minlaydi.

Aeroportda VIP va CIP terminallar bunyod etilgan. Oliy martabali mehmonlar zalida rasmiy kutib olish, muzokaralar va brifing o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Soatiga 100 nafar yo‘lovchini qabul qilish quvvatiga ega CIP terminalida do‘kon va ovqatlanish joylari bo‘ladi.

Muhimi, aeroport ICAO III-A toifasidagi ilg‘or radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi. Bu noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish va qo‘nish imkonini beradi.

Yangi aeroport qulay joylashuvi tufayli poytaxt va Yangi Toshkent shahri uchun muhim transport xabiga aylanadi. Xalqaro tashriflar va ishbilarmonlik safarlarini amalga oshirish imkoniyatlari kengayadi, xorijiy investorlar uchun sharoitlar yaxshilanadi. Natijada iqtisodiy aloqalar va xizmat ko‘rsatish sohasi yanada rivojlanib, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Davlatimiz rahbari shu yerda jamoat faollari, nuroniylar bilan suhbatlashdi.

– Ko‘p yil tayyorgarlik qilib, mana shunday aeroport qurdik. Bu ham davlatchilikning yana bir zamini. Bu yerda yurtimizga keladigan mehmonlar va samolyotlarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatiladi. Natijada Toshkent xalqaro aeroportiga yuklama yengillashadi. Xudo xohlasa, u aeroport uchun ham boshqa joyda ulkan majmua qurishni rejalashtirganmiz. Umuman, hamma hududlarimizda katta-katta loyihalarni boshlaganmiz. Ilohim, tinchligimizga ko‘z tegmasin, yangi inshootlar, farovonlik xalqimizga buyursin, – dedi Prezident.

Posted on — Leave a comment

O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya tashqi ishlar vazirini qabul qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Yaponiya tashqi ishlar vaziri Takesi Ivaya boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isibaning samimiy salomi va O‘zbekiston Mustaqilligi kuni munosabati bilan tabriklarini yetkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Yaponiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Faol muloqotlar davom etayotgani va amaliy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugun o‘tkazilgan ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlarining Strategik muloqoti birinchi yig‘ilishining samarali natijalari yuksak baholandi.

Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. 17-avgust kuni Osaka shahrida «EXPO 2025» butunjahon ko‘rgazmasi doirasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston milliy kuni muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikning aniq loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston-Yaponiya markazi faoliyatini kengaytirish va kelgusida uning negizida Yaponiyaning yetakchi universitetlari ishtirokida qo‘shma universitet tashkil etish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan «Markaziy Osiyo + Yaponiya» formatidagi bo‘lajak sammitni o‘tkazish yuzasidan ham fikr almashildi.

Posted on — Leave a comment

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy muzeyiga asos soldi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.

Davlatimiz mustaqilligi milliy o‘zligimizni yuzaga chiqarib, ezgu sa’y-harakatlarga asos bo‘lib kelmoqda. Har yilgidek, bu galgi istiqlol bayrami ham yaxshi yangiliklarga vasila bo‘lmoqda. Shunday tarixiy voqealardan biri yangi Milliy muzeyga asos solinishidir.

Tashrif chog‘ida davlatimiz rahbariga ushbu inshoot loyihasi va xususiyatlari, qurilish bosqichlari haqida axborot berildi.

Muzey Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi shafeligida Yaponiyaning “Tadao Ando Architect & Associates” arxitektura byurosi hamda Germaniyaning “Atelier Brückner” kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan. Uning tashqi qiyofasi aylana, to‘rt burchak va uch burchak shaklida bo‘lib, Sharq va G‘arb madaniyatini o‘zida uyg‘unlashtiradi. Majmua 3 qavatli muzey, 2 qavatli yerto‘la hamda yordamchi binolardan iborat bo‘ladi. Xitoyning “CSCEC International Construction” kompaniyasi tomonidan quriladi.

Poytaxtimizda ushbu muzey qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Milliy bog‘i yaqinidagi maydonga madaniyat va san’at namoyandalari, olimlar va adiblar, nuroniylar, jamoatchilik vakillari yig‘ildi.

– Hamma sohada rivojlanish bilan birga qadriyatlarimizni tiklashga harakat qilyapmiz. Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy majmuasi, Olimpiya shaharchasi kabi ulkan inshootlar quryapmiz. Buning zamiridagi asosiy maqsad shuki, bu binolar xalqimizga mulk bo‘lib qolishi kerak. Mana endi yana bir tarixiy majmua – O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishini boshlayapmiz. Bu muzey uch ming yillik boy tariximizni odamlarga, dunyo hamjamiyatiga va kelajak avlodga yetkazadigan ilm-ma’rifat va madaniyat maskani bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 Qayd etilganidek, hozir birgina Toshkentdagi 30 ta muzeyda 1 milliondan ziyod eksponat bor. Ularning 100 mingi Davlat san’at muzeyida bo‘lib, shundan bor-yo‘g‘i 2 ming 400 tasi namoyishga qo‘yilgan. Ko‘rgazma zallari yetarli bo‘lmagani sababli 97 mingdan ziyodi omborda saqlanmoqda.

– Markaziy Osiyo, Xitoy, Yaponiya, Hindiston va Yevropa davlatlari madaniyatini o‘zida aks ettirgan bu noyob san’at asarlari nafaqat bizning, balki butun insoniyatning beqiyos boyligi. Ularni asrab-avaylab, kelgusi avlodlar uchun beshikast yetkazish, dunyo ommasiga namoyish qilish orqali mamlakatimizning boy tarixi va madaniyatini tarannum etish barchamizning muqaddas burchimiz, – deya ta’kidladi Prezident.

Bunday mahobatli muzey yurtimiz tarixida ilk bor barpo etilmoqda. Uning umumiy maydoni 40 ming kvadrat metr bo‘ladi. Ko‘rgazma zallari, kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va eksponatlarni saqlash xonalarida eng zamonaviy qulayliklar tashkil etiladi.

Bu orqali hozirda poytaxtimizning turli muzeylarida tarqoq joylashgan tarixiy ashyolar, ko‘hna va zamonaviy san’at asarlarini yaxlit ko‘rish mumkin bo‘ladi. Umuman, muzeyda bir vaqtning o‘zida 10 mingga yaqin eksponatni namoyish qilish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, 4 ming kvadrat metr maydonda konferensiya zallari, auditoriya va restoranlar, bolalar maydonchalari joylashadi.

Muzey ishga tushsa, atrofidagi Abulqosim madrasasi, Xalqlar do‘stligi saroyi va O‘zbekiston Milliy bog‘i bilan bir joyda yaxlit me’moriy kompozitsiyaga aylanadi. Yurtdoshlarimiz va xorijiy sayyohlar tashrif buyuradigan tematik turizm maskani bo‘ladi.

Kelajakda ushbu muzey dunyoga mashhur Luvr, Metropolitan va Britaniya muzeylari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatib, noyob eksponatlar olib kelinadi va ko‘rgazmalar tashkil qilinadi.

– Ishonchim komil, yangi barpo etiladigan majmua mamlakatimizning jahon tarixi va taraqqiyotida tutgan o‘rnini yanada yorqinroq ko‘rsatadi. Bir yil emas, o‘n yil emas, ko‘p yillar davomida xalqimizga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari majmua poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishni boshlab berdi.