MCHJ

Temir yo‘l mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi

Yagona telefon

78 150 13 69

Bizga yozing

info@ccrp.uz

MCHJ

Temir yo‘l mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga

26.06.2024


Qadrli do‘stlar!

Avvalambor, o‘z iste’dodi va mahorati, fidokorona mehnati bilan el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan siz, milliy jurnalistikamiz jonkuyarlarini, soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan muhtaram faxriylarimizni 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Ma’lumki, axborot sohasini erkinlashtirish va rivojlantirish Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida biz uchun doimo ustuvor vazifa bo‘lib kelmoqda. Mamlakatimizning yangilangan Konstitutsiyasida ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat yuritishini ta’minlash bo‘yicha muhim qoida va tamoyillar mustahkamlab qo‘yilgani, sohaga doir huquqiy asoslar takomillashtirib borilayotgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Ayniqsa, keyingi yillarda yurtimizda so‘z erkinligi va fikrlar xilma-xilligiga erishish yo‘lida keng imkoniyatlar ochilayotgani media vositalari vakillarining ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtiroki, o‘rni va nufuzini yanada kuchaytirmoqda.

Bugungi kunda jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralikni rivojlantirish, davlat idoralari va ularning mansabdor shaxslari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, fuqarolarimizning qonuniy murojaatlarini o‘rganish va hal qilish borasida sizlarning o‘rningiz va ta’siringiz tobora ortib borayotganini barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.

Shu o‘rinda gazeta va jurnallarimiz, tele va radio kanallar, ijtimoiy tarmoqlarda turli mavzulardagi dolzarb chiqishlar, muammoli masalalar yuzasidan mutaxassis va ekspertlar ishtirokidagi ko‘rsatuv va eshittirishlar, tahliliy sharhlar, bahs-munozaralar sezilarli ravishda ko‘payganini ta’kidlash lozim.

Xususan, qurilish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi kamchiliklar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi muammolar bo‘yicha berib borilayotgan tanqidiy va tahliliy materiallar joylarda mudrab o‘tirgan ayrim rahbar va mutasaddilarni uyqudan uyg‘otib, yangicha ishlab, odamlarning tashvishi bilan yashashga majbur qilmoqda.

Muxtasar aytganda, kuyunchak va olijanob jurnalistlarimiz, faol blogerlarimiz o‘zlarining qat’iy pozitsiyasi, haqqoniy so‘zi bilan hayotimizdagi o‘tkir muammolarni hal etish, islohotlarimizning samarasini oshirish, yurtdoshlarimizning fikrini, dunyoqarashini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shmoqdalar.

Hech shubhasiz, bularning barchasi milliy media vositalarimiz “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga yaqinlashib borayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, bunday yuksak marraga yetish oson emasligi, bu yo‘lda to‘siq va qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiydir.

Lekin, qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu boradagi ishlarimizni qat’iyat bilan davom ettiramiz.

Muhtaram do‘stlar!

Bugungi kunda matbuot ishi, jurnalistlar faoliyati nafaqat “to‘rtinchi hokimiyat”, balki mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohaga aylanib bormoqda.

Bu esa mazkur yo‘nalishda aynan sizlardek jasur va dovyurak, Vatanni chin dildan sevadigan, o‘z kasbiga sodiq va fidoyi insonlar tobora ko‘proq bo‘lishini taqozo etmoqda.

Ana shu talabdan kelib chiqqan holda, ko‘p qirrali professional bilim va malakaga, yuksak ma’naviy-intellektual fazilatlarga ega bo‘lgan zamonaviy jurnalist kadrlar tayyorlash bundan buyon ham ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.

Shu bilan birga, axborot maydonini sifatli va raqobatdosh milliy kontent bilan to‘ldirish masalasi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib borayotgani barchamiz uchun ayon haqiqatdir.

Shu bois, dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalarni milliy manfaatlarimizni hisobga olgan holda, tezkor va chuqur tahlillar asosida yoritib borish o‘ta muhim, deb o‘ylayman.

Shuningdek, bugungi kunda yolg‘on va asossiz ma’lumotlarni tarqatish orqali odamlarni aldash, to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itish holatlari ko‘payib borayotgani aholining media savodxonligini oshirishni oldimizga kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa qilib qo‘ymoqda. Axborot maydonida yuzaga kelayotgan bahsli tortishuv va muammolar faqat va faqat qonun doirasida, huquqiy me’yorlar negizida hal etilishi shart.

Siz, hurmatli media tarmoqlari vakillari ana shunday masalalarni hal etishda faol ishtirok etasiz, deb ishonaman.

Albatta, sohada xizmat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish masalalari bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Ushbu quvonchli ayyomda sizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar, xonadonlaringizga tinchlik va fayzu baraka tilayman.

Fursatdan foydalanib, bugungi bayram munosabati bilan yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan ommaviy axborot vositalari xodimlarini chin dildan qutlayman.

Izlanish va ilhom zavqi, yangi ijodiy yutuqlar sizlarga hamisha yor bo‘lsin, azizlar!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


MCHJ

Temir yo‘l mahsulotlarni sertifikatlashtirish markazi

  • Kontaktlar

    Qabul xona

    +998 78 150 13 69

    E-mail

    E-mail:info@ccrp.uz
    O‘zbekiston Respublikasi, 100105, Toshkent shahri, Mirobod tumani, Mehrjon ko‘chasi, 61 uy