info@ccrp.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev mehnat migratsiyasi hamda xorijda ishlash istagidagi aholini til va kasblarga maqsadli o‘qitish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
Jahon mehnat bozoridagi talab oʻzgarib bormoqda. Bugun dunyoda 168 million kishi xorijiy mehnat migratsiyasida. Bir tomondan, mamlakatimizda chet elda ishlash istagidagi fuqarolar bor, ikkinchi tomondan, qator davlatlarda malakali ishchi kuchiga ehtiyoj ortib bormoqda. Davlatimiz rahbari ushbu imkoniyatlarni oʻzaro bogʻlash, fuqarolarni aniq ish oʻrinlariga tayyorlash zarurligini taʼkidladi.
Soʻnggi yillarda tartibli mehnat migratsiyasi boʻyicha hamkorlik koʻlami kengaydi. Ilgari mazkur yoʻnalishda uchta davlat bilan ish olib borilgan boʻlsa, hozir ularning soni 27 taga yetdi. Hamkorlik qilayotgan yirik xorijlik ish beruvchilar soni qariyb 400 taga koʻpaydi. Chet elda ishlayotgan yurtdoshlarimiz soni oʻn yilda ikki baravar kamaygan boʻlsa-da, ularning oilalariga yuborayotgan mablagʻlari toʻrt karra oshdi. Bu fuqarolarning yuqori malakali va daromadli ishlarga joylashishi naqadar muhimligini koʻrsatadi.
Biroq hududlar natijalari oʻrtasida katta tafovut saqlanmoqda. Xorijda ishlayotgan bir kishiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik pul oʻtkazmasi Fargʻonada 1 ming 850 dollar boʻlsa, ayrim hududlarda 400 dollarga ham yetmaydi. Hokimlar, elchilar va texnikum rahbarlari fuqarolarni yuqori daromadli ishlarga tayyorlash boʻyicha faoliyatini qayta koʻrib chiqishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Germaniya, Turkiya, Slovakiya va Qatarda ish beruvchilarni texnikumlar bilan bogʻlash boʻyicha ijobiy misollar bor. Boshqa mamlakatlardagi elchilar ham mehnat bozori imkoniyatlarini aniq ish oʻrinlari va kadrlar tayyorlash dasturlariga aylantirishi lozimligi qayd etildi.
Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyodan mutaxassislarni jalb etish masalasini ilk bor migratsiya strategiyasiga kiritgan. Buyuk Britaniyada ham 33 ming ishchiga ehtiyoj bor. Shunga qaramay, bu mamlakatga yurtdoshlarimiz asosan qishloq xoʻjaligidagi mavsumiy ishlarga bormoqda. Tibbiyot, logistika va sanoat sohalarida ish beruvchilar bilan aniq kelishuvlarga erishish, Italiya bilan mavjud imkoniyatlardan foydalanish, shuningdek, “Yoshlar mobilligi” dasturida ishtirok etish masalasini hal qilish vazifasi qoʻyildi.
Prezidentimiz chet tillarini bilish yuqori daromadli ish topishning asosiy shartlaridan biri ekaniga eʼtibor qaratdi. Mamlakatimizda ingliz tilini puxta oʻrganib, sertifikat olgan 200 mingga yaqin yosh bor. Ularning AQSh, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va boshqa davlatlarda ishlashi uchun imkoniyatlarni kengaytirish zarur.
Germaniyadan joriy yilning oʻzida 45 ming mutaxassisga buyurtma kelib tushgan, ammo atigi 2 ming kishi ishga joylashgan. Bunga nemis tilini biladigan kadrlar yetishmasligi sabab boʻlmoqda. Shu bois, kasbiy taʼlim bilan til tayyorgarligini birga olib borish, xorijlik ish beruvchilar buyurtmasini texnikumlardagi oʻquv dasturlari bilan bogʻlash muhimligi taʼkidlandi.
Har bir viloyatdagi ikki-uchta texnikumda kasb bilan birga nemis tilini oʻqitishni yoʻlga qoʻyish vazifasi qoʻyildi. “Intil” xalqaro oʻquv markazida “Telc” kompaniyasi ishtirokida 100 nafar nemis tili oʻqituvchisini tayyorlash boshlangan. Kelasi yil ular hududlardagi texnikumlarga jalb qilinadi. Maktab va texnikumlar uchun yana 500 nafar nemis tili egasini olib kelish, oliy taʼlim muassasalarida nemis tili oʻqituvchilarini tayyorlash boʻyicha davlat buyurtmasini ikki karra oshirish belgilandi.
Viloyat hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari “Intil” markazi tajribasini oʻrganib, kelasi yili har bir hududda yagona migratsiya markazini ochadi. Buning uchun har bir viloyatga 8 milliard soʻmdan ajratiladi. Kelasi yil 10 ming kishini kasb va nemis tiliga oʻrgatib, Germaniyada ishga joylashtirish vazifasi qoʻyildi.
Yirik xorijiy kompaniyalar oʻzlariga zarur mutaxassislarni Oʻzbekiston texnikumlarida tayyorlashga qiziqish bildirmoqda. Shu asosda bir oy ichida 20 ta texnikum tanlanib, ularning dasturlari xorijlik ish beruvchilar talabiga moslashtiriladi. Har bir viloyatdagi yana ikki-uchta texnikumni yirik tadbirkorlar boshqaruviga berish, ular orqali yiliga kamida 30 ming nafar ishga tayyor mutaxassis yetishtirish rejalashtirilmoqda.
Bunday texnikumlar 15 yilga boshqaruvga beriladi, bitiruvchilar davlat namunasidagi malaka sertifikatini oladi. Kadr tayyorlash va jihozlarga sarflangan mablagʻlarni soliqlardan chegirish, xorijda yaxshi ishga joylashgan bitiruvchilar uchun grant ajratish koʻzda tutilmoqda.
Yigʻilishda xususiy bandlik agentliklari faoliyati ham tahlil qilindi. Litsenziya berish tartibi soddalashtirilgach, ikki yilda ularning soni uch baravar, agentliklar orqali xorijda ishga joylashganlar soni besh karra ortdi.
Kelasi yil fuqarolarni xorijga ishga yuborish vazifasi xususiy sektordagi ishonchli bandlik agentliklariga oʻtkaziladi. Yuqori daromadli ishga joylashtirilgan har bir fuqaro uchun ularga 1,5 million soʻmdan ragʻbat puli toʻlanadi. Agentliklarning ochiq reytingi yuritilib, ishga joylashish natijasi, fuqarolar huquqlarining himoyasi va ijtimoiy kafolatlar asosiy mezon boʻladi.
Joriy yilning oʻzida 34 ta davlatda 287 ming kishini ishga joylashtirish imkoniyati mavjud, biroq bu haqda fuqarolarga yetarli maʼlumot yetkazilmayapti.
Endi xorijdagi har bir ish oʻrni boʻyicha mutaxassisga qoʻyiladigan talab, zarur til va oʻqish imkoniyatlari haqidagi maʼlumot mahallagacha yetkaziladi. “Mahalla yettiligi” chet elda ishlash istagidagi fuqarolarni “Onlayn mahalla” platformasiga kiritadi. Hokimlar va masʼul tashkilotlar ularning kasb va tilga tayyorlanishi hamda ishga joylashishiga javob beradi. Viloyat hokimlari bu boradagi natijalarni har oy, tuman hokimlari esa oyiga ikki marta koʻrib chiqadi.
Elchilardan ish beruvchilar bilan kelishuv tuzish bilan cheklanmasdan, kvotalar, ishchi vizalari va malakani tan olish masalalarini iqtisodiy diplomatiya orqali hal etish talab qilindi. Ular hokimlar bilan birga fuqarolarning ishga joylashishi va yangi muhitga koʻnikishigacha boʻlgan jarayon uchun masʼul boʻladi.
Xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning huquqlarini himoya qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Endi qiyin vaziyatga tushgan fuqaro “Onlayn mahalla” platformasida xabar qoldirishi mumkin. Zarur hollarda elchining oʻzi uning muammosi bilan shugʻullanadi. Hokimlarga esa xorijda ishlayotganlarning oilalari, ota-onalari va farzandlarini qoʻllab-quvvatlash vazifasi qoʻyildi.
– Chet elda mehnat qilayotgan birorta yurtdoshimiz oʻz muammosi bilan yolgʻiz qolmasligi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Yigʻilishda mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarning bandligi masalasi ham koʻrib chiqildi. Yil boshidan buyon 1 million 116 ming kishi qaytgan. Ularning orasida xorijda sanoat, qurilish, logistika va xizmat koʻrsatish sohalarida tajriba orttirgan mutaxassislar bor. Hokimlar va tarmoq rahbarlari ularning salohiyatidan foydalanib, munosib ish taklif etishi zarurligi qayd etildi.
Buning uchun qaytgan fuqarolarning ishlagan joyi, kasbi va staji aks etadigan platforma yaratiladi. Yil yakunigacha ularning 250 ming nafariga mos ish topish, tadbirkorlik qilishni istaganlarga koʻmaklashish vazifasi belgilandi.
Xorijda orttirilgan ish staji va pensiya huquqini tan olish masalasiga ham toʻxtalindi. Bugun yurtdoshlarimiz 40 dan ziyod davlatda qonuniy ishlab, pensiya badallarini toʻlayapti. Joriy yil Qirgʻiziston, Ozarbayjon va Turkiya bilan bu borada ikki tomonlama bitimlar imzolangan. Fuqarolarimiz koʻp mehnat qilayotgan boshqa davlatlar bilan ham shunday kelishuvlarga erishish topshirildi.
Mamlakatimizga kelayotgan xorijiy ishchi kuchini tartibga solish ham muhokama qilindi. Oʻzbekistonda uzoq muddat yashayotgan chet elliklar soni 250 mingga yaqinlashgan. Ulardan 36 ming nafari ishlashga ruxsatnoma olgan, 24 ming nafari talaba. Qolganlarning bandligi va daromad manbalari haqida aniq maʼlumot boʻlishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Shuningdek, yangi ish oʻrinlariga birinchi navbatda oʻzimizning fuqarolarni joylashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Yigʻilish davomida sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqot qilindi, hududlar rahbarlarining axboroti tinglandi.